Asosiy kontentga o'tish
Sun'iy Intellekt

Avtomatlashtir yoki ishdan bo‘sha: mehnat bozorining yangi voqeligi

Sunʼiy intellekt ishingizni olib qoʻyadi — agar undan foydalanmasangiz. Maqolada shu haqida oʻqing

3 ta yoqimsiz fakt nimadan darak beradi?

1) Bir yildan ortiq vaqtdan beri sun’iy intellekt mavzusida, aniqrog‘i uni amalda qanday qo‘llash haqida yozib kelaman.

2) Bu davrda 1 000 dan oshiq post va 4 000 dan ortiq izoh qoldirdim.

3) Profilim va sahifamdagi obunachilarning umumiy soni 140 ming kishi, oylik auditoriya qamrovi esa o‘rtacha 3 million kishiga yetadi.

Bu shuni anglatadiki, men Runetʼda siz SIdan qanday foydalanayotganingizni hammadan koʻra yaxshiroq tushunaman. 40 mingga yaqin savol va izohlar asosida bunaqa xulosa qilyapman. Mening fikrim MIT, McKinsey va boshqa nufuzli tadqiqotlar natijalari bilan to‘liq mos keladi. Faqat men biroz kamtarroqman va buni ko‘z-ko‘z qilmayman. 🤣

Sizda SI bilan bog‘liq bo‘lgan deyarli 99% muammolarning (ya’ni “SI ahmoq ekan, uydirma gaplar qilyapti, aldayapti, adashtiryapti, esidan chiqaryapti”) YAGONA sababi bor, bu — siz.

Siz eng boshlangʻich vosita – chatdan nariga oʻtmadingiz (ChatGPT, Claude, Gemini, Perplexity, Grok va hokazo). Faqat savol-javob va qisqa muloqot uchun moʻljallangan vosita bilan cheklanib qoldingiz.

Siz hali ham SI bilan ishlashni oʻrganmagansiz.

Foydalanuvchilarning 90% i haligacha bepul tarifdan foydalanadi. Buning sababini umuman tushunolmayman — bir finjon kofe va bir bo‘lak shakarli biskvitga 20 dollarni o‘ylamay sarflaysiz-u, ammo insoniyat tarixidagi eng qudratli vosita (albatta, hojatxona qog‘ozi va dehqonchilik asboblarini hisobga olmaganda) uchun 20 dollar to‘lashga ko‘zingiz qiymaydi.

Hatto chatdan foydalanadiganlarning bor-yo‘g‘i 4–5% i loyihalar, artefaktlar va internet qidiruvi kabi funksiyalarni ishlatadi. Deep researchʼdan foydalanadiganlar esa, chamasi, 0,1% dan ham oshmaydi. 😟

Shu bilan birga, siz SI vositalari oxirgi bir yil ichida qanchalik ilgarilab ketganini tasavvur ham qilolmayapsiz. Nafaqat imkoniyatlari, balki mustaqil ishlash qobiliyati ham shiddat bilan o‘sib borayotgan kod yozuvchi agentlar paydo bo‘ldi. Claude kabi dasturlarning kompyuter uchun mo‘ljallangan versiyalari chiqdi — ularda chat, birgalikda ishlash (CoWork) va kod yozish funksiyalari “bir flakonda” jamlangan. Perplexity’da esa computer funksiyasi (CoWork’dan biroz kichikroq bo‘lsa-da, unga o‘xshash) paydo bo‘ldi. Xavfsizlik darajasi, agentlik va avtonomlik — xullas, barcha imkoniyatlar keskin darajada oshdi.

Bundan bir yil oldingi vayb-koding (vibe-coding) deb atalgan tushuncha bugungi kundagi imkoniyatlardan butunlay farq qiladi. Dasturchilar boshida buning ustidan kulishgan edi. Biroq bu kulgi tinganiga ancha boʻlgan va oʻrnini sukunat egallagan.

Ishonch bilan ayta olaman, kod agentlaridan foydalanishni noldan boshlaganlarning 30–40% i professional dasturchilarning 90% idan o‘zib ketishga qodir. Har qanday vazifada, hatto boshlang‘ich tajribasi umuman bo‘lmasa ham.

Bularning hammasi nima uchun kerakligini soʻrarsiz? Javob oddiy: kamroq vaqt sarflab, ko‘proq va murakkabroq ishlarni bajarish qobiliyatiga ega bo‘lish uchun.

Bir yil oldin oddiy HTML ilovani chat ichida yozganimda (maʼlumotlar bazasi yoʻq, avtorizatsiyasiz) kichkina funksionallik va chiroyli interfeys qilish uchun bir necha soat davomida 100% o‘zim aralashishga majbur bo‘lardim. Bu xuddi intensiv “birga dasturlash”ga o‘xshardi — doimiy yozishma, uzluksiz suhbat bor edi.

Hozir esa bir vaqtning o‘zida butun bir “agentlar to‘dasi”ni boshqaraman. Ular 90–95% mustaqil ishlaydi va murakkab, katta loyihalarni o‘zlari bajaradi. Bu loyihalarning ichida har nima bor: murakkab biznes logika, o‘rnatilgan sun’iy intellekt, avtorizatsiya, ma’lumotlar bazasi, real vaqt rejimi, to‘liq xavfsizlik tizimi va hatto tayyor holda ishga tushirish ham.

Bu hali bir necha million belgidan iborat o‘nlab matnli kontent loyihalar va juda katta hajmdagi ma’lumotlar bilan ishlashni hisobga olmaganda shunday. Eng qizig‘i, bularning hammasini bir vaqtning o‘zida qilaman va menda kino ko‘rishga, o‘yin o‘ynashga, sayr qilishga ham bemalol vaqt qoladi.

Bu faqat menda emas. Shu sohaga jiddiy kirganlarning hammasida ish uslubi ham, ish jarayoni ham butunlay o‘zgargan. Odamlar hozir dasturchilarsiz, investorlarsiz, umuman moliyalashtirishsiz ham juda zo‘r loyihalar qilyapti. Hatto SaaS’dan ham voz kechishyapti. Ortiqcha “vositachi”ning keragi ham boʻlmay qoldi.

Siz endi veb-saytlar, mobil platformalar, tizimlar, robotlar kabi tobora kattaroq, jiddiyroq va tijoriy istiqbolga ega loyihalarni yaratyapsiz. Bularning barchasini noldan, texnik ma’lumotsiz amalga oshiryapsiz. Chunki jinsingiz, yoshingiz va kasbingizdan qat’i nazar 10 000 baravar tezroq o‘rganishni o‘zlashtirdingiz.

Bu jarayonning 70% i o‘zingizni va atrofingizdagilarni to‘xtovsiz, shiddat bilan o‘qitib borishdan iborat. SI o‘rganish jarayonida sizning asosiy vositachingizga aylanadi: u minglab kurslarni ko‘zdan kechiradi va sizga FAQAT ayni paytda loyiha uchun kerak bo‘lganini beradi, qolganini kesib tashlaydi. O‘zi ham shu jarayonda o‘rganib boradi. Ya’ni 80% holatda endi siz oʻqimaysiz, balki SI loyihani bajarish uchun siz bergan ko‘rsatmalar asosida bilim oladi. Jarayonning qanchalik chuqurligi esa — bu haqiqatan ham hayratlanarli.

Men endi professional ta’limning ma’nosini tushunmay qoldim. Faqat o‘ta noyob holatlar va yuqori darajadagi ekspertiza (bu 1%) bundan mustasno bo‘lishi mumkin. Biz o‘rgangan shakldagi universitetlarning keragi yo‘q. Bularning hammasi o‘tmishda qoldi.

Shunga qaramay, 99% odamlar hamon “g‘orda yashayapti”. Bu endi shunchaki ishdan ayrilish masalasi emas. Bu borada allaqachon yakdil to‘xtamga kelingan — endi trendning o‘zini emas, balki uning tezligini va oqibatlarini qanday yumshatishni muhokama qilishmoqda.

Vaqtingizni nimaga sarflashni ham, uni qanchalik samarali ishlatishni ham oʻzingiz hal qilasiz. Qizigʻi, ko‘p odamlar sun’iy intellektdan o‘z ishini avtomatlashtirish uchun foydalanyapti. Ya’ni ular o‘z qo‘llari bilan o‘zlarini ishdan bo‘shatishga zamin yaratyapti.

SI — eng yaxshi ustoz, eng yaxshi sherik va eng yaxshi ijrochi. Hozirda menda bir vaqtning o‘zida 100 dan ortiq loyiha bor va biror marta ham boshqa bir insonni yordamga chaqirish ehtiyojini sezmadim.

Men o‘zimni boshqalardan ustun qo‘ymoqchi emasman va sizni ranjitmoqchi ham emasman. Shunchaki ko‘plab aqlli va ijodkor insonlar o‘z vaqtlarini qanchalik samarasiz sarflayotganini ko‘rib, biroz afsuslanyapman.

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
Aleks Krol

Aleks Krol

O'xshash maqolalar