AWSʼdagi nosozlik: ilovalar nega ishlamay qoldi?
Internetning maʼlum bir qismini qo‘llab-quvvatlaydigan bulutli platforma – Amazon Web Services (AWS) 20-oktyabr kuni katta texnik nosozlikka uchradi.
Dushanba kuni AWS tizimida yuz bergan yirik nosozlik internetning katta qismini ishdan chiqardi. Dunyo bo‘ylab millionlab odamlar foydalanadigan ilovalar, saytlar va onlayn xizmatlar vaqtincha ishlamay qoldi. Xizmatlar keyinroq qayta tiklandi.
Bir necha soat davom etgan bu uzilish qanchalik ko‘p narsalar internetning katta qismini qo‘llab-quvvatlaydigan bulut tizimiga bog‘liqligini ko‘rsatdi. Bank ilovalaridan tortib aviakompaniyalar, aqlli uy qurilmalari va o‘yin platformalarigacha – hammasi shu infratuzilmaga tayanadi.
Nima yuz berdi?
Taxminan Grinvich meridiani vaqti (GMT) bilan soat 07:11 atrofida Amazon’ning bulutli xizmatida yirik uzilish yuz berdi. Buning natijasida tizimning ayrim qismlari ishlamay qoldi. Bu esa banklar, o‘yin platformalari, ko‘ngilochar xizmatlar kabi koʻplab mashhur ilovalar va saytlarni ishdan chiqardi.
Muammo AWS’ning Virjiniyadagi asosiy, yaʼni eng eski va eng yirik ma’lumotlar markazlaridan birida boshlangan. Bu holat DynamoDB bulutli ma’lumotlar bazasi xizmatining APIʼiga texnik yangilanish kiritilgandan so‘ng yuz berdi. DynamoDB ko‘plab onlayn platformalar uchun foydalanuvchi ma’lumotlari va boshqa muhim ma’lumotlarni saqlaydigan asosiy xizmat hisoblanadi.
Asosiy sabab yangilanishdagi xatolik domen nomlari sistemasi (DNS)ga taʼsir qilganida boʻlgan. DNS bu – ilovalarga to‘g‘ri server manzillarini topishga yordam beradigan tizimdir. Uni internetning “telefon raqamlari yozilgan kitobi”ga oʻxshatish mumkin. Yaʼni DNS kompyuterlar serverlarga ulanishi uchun veb-sayt nomlarini raqamli IP manzillarga aylantiradi.
DNSdagi nosozlik sababli ilovalar DynamoDB’ning API manzilini topa olmadi va unga ulanib bo‘lmadi.
DynamoDB ishdan chiqqach, boshqa AWS xizmatlarida ham nosozliklar paydo bo‘la boshladi. Umuman olganda, 113 ta xizmat uzilishdan zarar ko‘rdi. GM vaqti bilan soat 10:11 da Amazon barcha AWS xizmatlari odatiy ish rejimiga qaytganini bildirdi. Biroq “keyingi bir necha soat ichida qayta ishlanishi kerak bo‘lgan xabarlar” hali ham bor edi.
Maqola e’lon qilingan paytda foydalanuvchilar xabarlariga asoslanib internet uzilishlarini kuzatib boruvchi Downdetector sayti hali ham OpenAI, ESPN va Apple Music kabi platformalarda muammolar borligini ko‘rsatib turgandi.

Bulut oʻzi nima? AWSʼchi?
Bulut bu – ma’lumotlar yoki dasturlarni kompyuter va boshqa jismoniy qurilmalarda emas, balki internet orqali saqlash hamda ulardan foydalanish usulidir.
Odamlar nimanidir “bulutda” deb aytishsa, bu – fayl, ilova yoki tizimlar ularning shaxsiy qurilmasida emas, balki Amazon (AWS), Google, Microsoft kabi kompaniyalarga tegishli ma’lumot markazlaridagi kuchli kompyuterlarda (serverlarda) ishlayotganini nazarda tutishadi.
Bu holatda AWS kompaniyalarga hisoblash quvvati va saqlash joyini ijaraga olish imkonini beradi. U veb-saytlar, ilovalar va ko‘plab onlayn xizmatlarning orqa fonda ishlashi uchun zarur texnologiyani ta’minlaydi.
AWS’ning asosiy xizmatlaridan biri bu — DynamoDB. U kompaniyalar uchun muhim ma’lumotlarni, masalan, mijozlar yozuvlarini saqlaydigan ma’lumotlar bazasidir. Dushanba kuni Amazon mijozlar o‘zlarining DynamoDB ma’lumotlariga kira olmagani haqida xabar berdi.
AWS dunyo bo‘yicha eng yirik bulutli xizmat provayderi hisoblanadi.
Bu kamdan kam uchraydigan hodisa emas. Lekin kundan-kunga koʻproq kompaniyalar bu xizmatdan foydalanayotgani sabab bunday uzilishlar yanada koʻzga tashlanib boryapti.
“Bu uzilish turli sohalardagi koʻplab odamlarga ta’sir ko‘rsatdi”, deya fikr bildirdi Scope Markets kompaniyasi bosh analitigi Joshua Mahony Al Jazeera nashriga. “Albatta, bunday muammolar texnologiya kompaniyalari faoliyatida uchrab turadi. Muhimi, buni tez hal qila olish va bu ulardan katta xarajat talab qilmasligi kerak”.
Uning aytishicha, Amazon bu voqeani katta yo‘qotishlarsiz yengib o‘tadi.
“Siz nisbatan cheklangan hodisani koʻryapsiz”, dedi u. “Amazon Web Services bozorning 30 foizini egallab turibdi. Uning foydalanuvchilari birdan boshqa xizmatga oʻtib ketmaydi. Ularning biznesi juda chuqur ildiz otgan”.

Qaysi xizmatlar va ilovalar ishdan chiqdi?
Downdetector ma’lumotlariga ko‘ra, uzilish Snapchat, Pinterest va Apple TV kabi o‘nlab veb-saytlarga ta’sir ko‘rsatdi.
WhatsApp, Signal, Zoom va Slack kabi boshqa aloqa ilovalari ham ta’sirga uchradi. Shuningdek, Roblox, Fortnite va Xbox singari o‘yin xizmatlari hamda Starbucks kabi joylarda ham muammolar kuzatildi. Etsyʼda ham nosozliklar yuzaga keldi.
Qoʻshma Shtatlarda ham odamlar Venmo kabi moliyaviy ilovalarda muammolarga duch keldi.
Baʼzi foydalanuvchilar Ring eshik qo‘ng‘iroqlari va Alexa karnaylari ishlamay qolganini bildirdi. Boshqalar esa Amazon saytiga kira olmagan yoki Kindle qurilmalariga kitob yuklashning iloji boʻlmagan.
Duolingo til ilovasi va Canva ijodiy vositasi o‘z veb-saytlarida xatoliklar yuz berganini xabar qilgan dasturlar orasida bo‘ldi. Shuningdek, Associated Press axborot agentligi, The New York Times va The Wall Street Journal kabi bir qator ommaviy axborot vositalari ham bu muammoga duch keldi.
Banklar, Coinbase kriptovalyuta birjasi va Perplexity sun’iy intellekt kompaniyasi, shuningdek, AQShning Delta va United aviakompaniyalari ham muammolar haqida ma’lum qildi.

Nega koʻplab ilovalar bir vaqtning oʻzida ishlamay qoldi?
AWS ishdan chiqqanda faqatgina Amazon qurilmalarimas, balki xotira, ma’lumotlar bazasi yoki veb hosting uchun AWS xizmatidan foydalanadigan minglab boshqa kompaniyalar ham zarar ko‘rdi. Bu kompaniyalar orasida tizimning asosiy qismlarini boshqarish uchun AWSʼga tayanadigan ko‘plab yirik ilovalar ham bor edi.
“Har safar shunday xabarlarni koʻrganimizda koʻpchilikning miyasiga keladigan va yurakni oʻynatib yuboradigan birinchi fikr – kiberhujum bo‘ldimi, buning orqasida harbiy xizmatlar yoki razvedka turibdimi; mana shu boʻladi. Lekin bu safar unday emas”, deydi Scythe kiberxavfsizlik kompaniyasi rahbari Brayson Bort Al Jazeera’ga bergan intervyusida.
“Aslida koʻpincha bunday emas. Odatda bunday holatlar oddiy inson xatosi boʻladi”.
Amazon bunga qanday munosabat bildirdi?
Kompaniya AWS xizmatidagi nosozlikni tan oldi va muhandislar muammoni bartaraf etish uchun “darhol ishga kirishgani”ni ma’lum qildi.
AWS vakillari “tiklash jarayonini tezlashtirish uchun bir vaqtning o‘zida bir nechta yo‘nalishda ish olib borilganini” aytdi. Shuningdek, ular asosiy muammo to‘liq hal qilinganini, biroq ayrim foydalanuvchilar tizimlar to‘liq tiklanayotgan paytda hali ham kichik kechikishlarga duch kelayotganini bildirdi.
Kompaniya, shuningdek, sodir bo‘lgan voqeani batafsil tushuntirib beradigan hisobotni e’lon qilishini ma’lum qildi.
Manba: What caused Amazon’s AWS outage, and why did so many major apps go offline?

