Bu nima?
AyTi hamjamiyati: ipidan ignasigacha
Hamjamiyat — bu shunchaki odamlar guruhi emas, balki maqsad va qadriyatlarga ega tuzilma. AyTi mutaxassislari uchun ortiqcha narsa bo‘lib tuyulsa-da, aslida u ishdagi muammolarni hal qilish, vaqtni tejash va karyerada o‘sishga yordam beradi.
Ismim Varvara, men hamjamiyat boshqaruvchisi (community manager)man. Ilgari Sberdagi hamjamiyatlar bilan ishlaganman, hozir esa faoliyatim Yandex Practicumʼda davom etyapti. Hozir sizga yirik kompaniyalarda hamjamiyat tushunchasi nimani anglatishi, ular qanday paydo boʻlishi va nega AyTi mutaxassislariga kerakligi haqida batafsil maʼlumot beraman.
Hamjamiyat nima?
Bu haqda gap ketganda biror qiziqishiga koʻra 2 kishidan ortiq aʼzosi bor har qanday guruhni hamjamiyat deyish mumkin. Yoki soha ichidagi Stack Overflow, DEV kabi millionlab odami bor hamjamiyatlarni ham aytsa boʻladi. Uni boshqarishda oʻziga xos yondashuv qabul qilingan. Jamoaning uchta asosiy belgisi mavjud boʻladi: umumiy maqsad, hamjamiyat ichidagi oʻzaro aloqalar va tuzilma.
Hamjamiyat ishtirokchilari yagona maqsadni koʻzlaydi va faoliyatini ham shunga erishishga qaratadi. Hamjamiyatlar turli xususiyatlar, masalan, maʼlumotlar analitigi, Java dasturchilar va hokazo yoʻnalishlar boʻyicha birlashishi mumkin. Yoki ish joyi boʻyicha birlashishi ham mumkin, masalan, kompaniyada barcha AyTi mutaxassislari boʻlgan shunday guruh ochiladi. Biroq maqsad bitta boʻlishi lozim.
Ishtirokchilar muntazam ravishda bir-biri bilan muloqot qilib turadi. Ular o‘zaro tanish bo‘lib, hamjamiyat maqsadlaridan tashqari ham aloqalari va umumiy faoliyatlari bor. Shu sabab jamoada odatda 50 tagacha odam boʻladi, kamdan kam hollarda 300 ta boʻlishi mumkin. Aytgancha, men minglab odamlar mavjud boʻlgan chatlarni ham ko‘rganman. Lekin ulardagi aʼzolarning aksariyati muhokamalarda faol ishtirok etmaydi.
Hamjamiyat maʼlum bir tuzilmaga ega. Unda qarorlar qabul qiluvchi shaxs boʻladi. Masalan, bu shaxs kompaniya ichidagi hamjamiyatda komyuniti menejer boʻladi. Undan keyin oʻzak – hamjamiyat uchun muhim rollarga ega eng faol 10% ishtirokchi keladi. Bu tarkibga influensr va ekspertlar, ivent menejerlar, kontent marketologlar kiradi. Shuningdek, oʻzak hamjamiyat va hamjamiyat boshqaruvchisi oʻrtasida koʻprik vazifasini ham bajaradi.
Bundan tashqari, hamjamiyat oʻzagi amaliy masalalarda ham yordam beradi. Masalan, men menejer sifatida tadbirlarimiz nafaqat Moskva va Sankt Peterburgda, balki boshqa mintaqalarda ham oʻtishini xohlayman. Buning uchun turli shaharlardagi odamlarni izlab topib, masʼuliyatning bu qismini ularga topshiraman.
Odatda faol ishtirokchilarning oʻzi tashabbus koʻrsatadi. Ammo hamjamiyat boshqaruvchisi buni ragʻbatlantirishi, muntazam ravishda alohida uchrashuvlar oʻtkazishi, mukofotlash tizimini oʻylab topishi va uni yuritishi kerak.
Qolganlari — ishtirokchilarning asosiy qismi. Ularning ayrimlari umumiy faollikka qo‘shiladi. Boshqalari esa chatni o‘qiydi va hatto javob bermasligi ham mumkin. Bu normal holat.
Hamjamiyatlar qanday paydo bo‘ladi?
Hamjamiyat 2 xil boʻladi: tabiiy va sun’iy.
Tabiiy hamjamiyatlar oʻz-oʻzidan paydo boʻladi. Aksariyat hollarda bu biror kishi qiyinchilikka duch kelgan paytda boshlanadi. U mavzuga oid barcha kitoblarni oʻqib, videolarni koʻrib chiqadi. Lekin baribir unga ikkinchi bir fikr yetishmayotgan boʻladi. Keyin esa unga oʻxshaganlar koʻpligi aniqlanadi. Asta-sekin bu odamlar sovun pufakchalari kabi bir-biriga qoʻshilib, katta shar hosil qiladi.
Bunday hamjamiyatlar AyTidan boshqa sohalarda ham keng tarqalgan. Ular o‘ziga xos samimiy muhitga ega boʻladi.
Tabiiy hamjamiyatlardagi kishilarni yo g‘am-g‘ussa, yo quvonch birlashtiradi. Masalan, ma’lumotlar analitigi uzoq vaqt davomida kerakli kodni yoza olmaydi yoki kerakli hisob-kitob natijasini qo‘lga kirita olmaydi. U maslahat so‘rab Xabr yoki GitHub’ga boradi. Boshqalar ham xuddi shu muammoga duch kelayotganini ko‘radi va ular bilan birgalikda yechim izlashni boshlaydi. Bir vazifa ortidan ikkinchisi keladi va vaqt o‘tishi bilan o‘z-o‘zidan shakllangan guruh asta-sekin hamjamiyatga aylanadi.
Boshqa bir misol: kishilarni sun’iy intellektga bo‘lgan qiziqish va barcha vazifalarni neyrotarmoqlarga topshirsa bo‘ladigan xayoliy kelajakka bo‘lgan ishonch birlashtirgan hamjamiyat. Unda turli xil dasturchilar, analitiklar va testirovshiklar ishtirok etib, o‘zaro muloqot qilishi, tajriba almashishi mumkin.
Sunʼiy hamjamiyat kompaniyalar ichida paydo boʻladi. Ularning yuzaga kelish uslubi direktiv. Xodimlar toʻgʻridan toʻgʻri hamjamiyat boshqaruvchisi bilan tanishtiriladi va hamjamiyatga qoʻshilgani eʼlon qilinadi. Yoki hamjamiyat boshqaruvchisi kompaniya ichidagi tabiiy guruhlarni payqab, ular bilan ishlashni boshlaydi.
Bunday hamjamiyatlarning maqsadi biznes maqsadlari bilan hamohang bo‘ladi. Ularning faoliyati bevosita yoki bilvosita foyda olishga qaratilgan.
Sun’iy hamjamiyatlarning maqsadlari quyidagicha bo‘lishi mumkin:
ijtimoiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish va faol xodimlarni birlashtirish;
xodimlarni ushlab turish (buning uchun endi shunchaki pul, cheksiz kofe va ofisdagi massajli oʻrindiq yetarli emas);
qimmatli kadrlarni kompaniyaga ogʻdirib olish;
ishtirokchilar o‘rtasidagi tezkor fikr-mulohazalar almashish hisobiga mahsulot yoki xizmatlar sifatini yaxshilash;
mutaxassislarni odatdagi standart va mezonlar bilan cheklamagan holda kompaniyaning asosiy faoliyatidan tashqari yangi mahsulotlar yaratish;
sohadagi nufuzni saqlab qolish va marketing xarajatlarini kamaytirish uchun.
Sun’iy hamjamiyatlarning maqsadi birinchi oʻrinda biznes uchun boʻladi. Shunday boʻlsa-da, bunday hamjamiyatlar ham ishtirokchilar uchun tabiiylari kabi foydalidir.
Nima uchun AyTi mutaxassislarga hamjamiyatlar zarur?
Har qanday hamjamiyatning asosiy mohiyati bilim va tajriba almashishdir. Barcha netvorking, aloqalar va muhokamalar ish amaliyotidagi aniq masalalarni hal qilish ustiga quriladi. Hamjamiyatdagi kishi yolg‘iz odamga nisbatan tezroq bilim to‘playdi va javob topadi.
Yuqori malakali mutaxassislar hamjamiyat yordamida o‘z imkoniyatlarini namoyon qilish ehtiyojini qondiradi. Ularning yaxshi ishi, munosib maoshi, oilasi va sayohat qilish imkoniyati bor. Barcha asosiy ehtiyojlar qondirilgandan soʻng inson yana nimanidir xohlaydi. Masalan, boshqalarga yordam berish va shu bilan o‘zining ajoyib mutaxassis ekaniga ishonch hosil qilish istagi.
Bundan tashqari, hamjamiyatlar yumshoq ko‘nikmalarni rivojlantirish va shaxsiy brendni shakllantirishga ham yordam beradi. Sohada tanilsangiz, korporatsiyalar sizni mitaplarga chaqiradi va offerlar beradi. Startaplar esa yuqori maoshli auditlarga taklif qiladi.
Yuqori darajadagi yumshoq ko‘nikmalarga ega mutaxassis hamma ehtiyoj sezadigan mega zo‘r pokemondir.
Shu tariqa hamjamiyatning mutaxassislar uchun asosiy jihatlaridan biri karyerada ko‘tarilish masalasiga kelamiz. Og‘izdan og‘izga o‘tadigan xabarlarni hali hech kim inkor qilmagan. Baʼzida yaxshi taklif olish uchun birgina tavsiya yoki tanish-bilishning o‘zi kifoya qilishi mumkin.
Hamjamiyatdagi ishtirokingiz ish beruvchining yashil bayroq koʻtarishiga sababchi bo‘lishi mumkin. Masalan, Moskva va Sankt-Peterburgda HighLoad++ konferensiyasi o‘tkaziladi. Undagi ma’ruzalar juda murakkab, tanlov qat’iy, kompaniyalar uchun stendlar va tashrif buyuruvchilar uchun chiptalar qimmat. Bunday tadbirda ma’ruzachi sifatida ishtirok etishning o‘zi soha mutaxassisi sifatida e’tirof etilishga tengdir.
Hamjamiyat ishtirokchilari nima bilan shug‘ullanadi?
Har bir ishtirokchi hamjamiyatga qancha vaqt ajratishi kerakligi haqida munozaralar mavjud. Ammo bu menejerlarga tegishli metrika. Qolganlar uchun majburiy emas, ular istagancha vaqt ajratishi mumkin.
Hamjamiyat uchun an’analar muhimdir. Bu chorshanba kunlari oldindan tuzilgan ro‘yxatdagi biror yangi mavzuni muhokama qilish boʻlishi mumkin. Yoki oyning har ikkinchi jumasida Zoom’da hafta qanday o‘tganini muhokama qilish uchun uchrashuv oʻtkazish ham yaxshi variant.
Uchrashuvlarning quyidagi odatiy shakllari ham mavjud:
Ma’ruzalarni birgalikda tinglash va tadbirlarda ishtirok etish mumkin bo‘lgan AyTi konferensiya, piknik va mitaplar;
Maʼruzachilar uddasidan chiqa olmagan ishlari haqida hikoya qiladigan fakap-naytslar;
Spikerlar ish mavzusida hazillashadigan AyTi stendaplar;
Birgalikda yangi mahsulot yoki yechim ishlab chiqish maqsad qilingan hakatonlar;
Quiz va viktorinalar.
Bularning qatoriga vazifalarni hal qilish va maqsadlarga erishish bilan bog‘liq bo‘lmagan bardagi yoki boshqa norasmiy uchrashuvlarni ham kiritish mumkin.
Hamjamiyatdagi introvertlar
Munosabatlar — hamjamiyatning asosi. Ammo AyTi hamjamiyatlar ularga introvert va uyatchan kishilar ham kirishi mumkinligini nazarda tutadi. Masalan, ishtirokchilar jamoa bo‘lib yig‘ilmasdan masalani yakka tartibda hal qiladigan hakatonlar mavjud. Hatto taxallus ostida ham ishlash mumkin va hech kim sizning haqiqiy ismingizni bilmaydi.
Sun’iy hamjamiyatlardagi menejerning vazifalaridan biri ishtirokchilarning introvertligini yengib, har bir kishi uchun qulay muloqot imkoniyatini yaratishdir.
Agar kimdir haddan tashqari faollik ko‘rsatayotganini payqasam, uning shijoatini biroz “so‘ndirishim” kerak boʻladi. Introvertlarni esa ular uchun maroqli bo‘lgan o‘yin yoki boshqa faoliyat bilan harakatlantirish mumkin.
AyTi mutaxassislarining introvertligi haqidagi tasavvur bo‘rttirilgan. Hamma mutaxassislar ertami-kechmi yolg‘izlikdan charchab, o‘zlari qoʻshilishini ko‘rib turibman. Ayniqsa, bu ishga bogʻliq mavzuda javob qidirishni boshlaganda namoyon boʻladi. Axir mustaqil ravishda yuzlab maqolani oʻqib chiqqandan koʻra bir necha marta boshqalarga murojaat qilish samarali. Ehtimol, introvertlar sukut saqlaydiganlar toifasida koʻproqdir. Ammo ular baribir hamjamiyatdagi muloqotga aralashadi va oʻzi uchun keraklisini oladi.
Juniorlar qanday qilib hamjamiyatga qoʻshilishi mumkin?
Bir tomondan, hamjamiyat juniorlar masalasi emas. Yangi boshlayotganlarning hamjamiyatga foydasi tegmasligi ravshan va bu ko‘pincha ularning o‘zlari uchun ham qiziqarli boʻlmaydi. Odatda junior “tajriba to‘plash” uchun ishlaydi. Kompyuter oldida o‘tirib, o‘zini hozircha butun hamjamiyatda emas, balki o‘z jamoasi ichida namoyon etishga intiladi.
Juniorlar “juniorlik” alomatiga koʻra birlashib, o‘zlarini midl va seniorlarga qarshi qo‘yganini ko‘rganman, ammo bunday guruhlarni jiddiy hamjamiyat deb atab boʻlmaydi.
Manba: Комьюнити в IT: как появляются, зачем нужны и что в них делать джунам и интровертам