Soft skills

Aytichilardagi firibgar sindromi: nega hammamiz buni boshdan kechiramiz?

Muvaffaqiyat sari har bir qadamingiz hisobga olinadigan va baholanadigan AyTida mutaxassislar koʻpincha firibgar sindromiga duch keladi. Texnologiya sohasidagi mutaxassislarning qariyb 58% i firibgar sindromini boshdan kechirgani uchun bu muammo dolzarbligicha qolmoqda.

Nafaqat firibgar sindromi nazariyasiga aniqlik kiritish, balki lavozimga loyiq emasligingiz va mutaxassis sifatida kelajagingizni koʻrmayotganingiz hissini chuqurroq oʻrganish uchun Eych loyihasi va mutaxassis Varvara Lansova bilan birgalikda ushbu intervyuni tayyorladik.

Varvara Lantsova

Mijozlar bilan ishlashda 600 soatdan ortiq tajribaga, ICF sertifikatiga ega ekspert va konsultant. Hamma narsani bilmasa ham, koʻp narsani biladi.

Varvara “Karyeram shakllandi” podkasti va karyera haqidagi shaxsiy blogida oʻz bilim hamda shaxsiy tajribalari bilan oʻrtoqlashadi. Mutaxassislarga oʻzlari va kuchiga boʻlgan ishonchni topishda yordam beradi.

Intervyuda tajribali va yangi boshlayotgan ishchilarda firibgar sindromini qanday aniqlash va yengish haqida soʻz yuritiladi. Shuningdek, bunda qanday usul va amaliyotlar yordam berishi mumkinligi toʻgʻrisida fikrlar bildirilgan. Ichki shubhalarga qaramay, muvaffaqiyatlaringizni qadrlay olish qanchalik muhimligi toʻgʻrisida bilib olasiz.

Varvara, yetakchi sifatida oʻzingiz va ishingiz borasida shubhaga borganmisiz?

Afsuski, yoki yaxshilikkadir, men hali hayotida bunday bosqichlar boʻlmagan odamlarni uchratmadim. Ish faoliyatim mobaynida bu holat kamida uch marta sodir boʻlgan.

Firibgar sindromi ilk bor universitetda dars berishni boshlagan paytlarimda yoqalagan edi. Sobiq oʻqituvchilarim hamkasblarimga aylangan, ularning yonida, yumshoq qilib aytganda, jamoaning eng tajribasiz aʼzosi edim. Har kuni talabalar, hamkasblarim va oʻzimga bu yerga tasodifan kelib qolmaganimni isbotlashim kerak edi.

Ikkinchi safar shunga oʻxshash holat kasbimni oʻzgartirib, HR menejer boʻlib ishlay boshlaganimda sodir boʻldi. Boʻsh ish oʻrniga qisqa vaqt ichida xodim topolmaganimda oʻzimni “tanlov xatosi” kabi his qilganimni eslayman.

Uchinchi marta kouch kasbini oʻzlashtirib, amaliyotga oʻtganimda sodir boʻldi. Ana shunda “firibgar” odatdagidan koʻra ancha avjiga chiqdi. Chunki muvaffaqiyatli va tajribali hamkasblarim juda ham koʻp boʻlgani uchun ularning amaliyotini tahlil qilib, adashib boshqa eshikka kirib qoldim, notoʻgʻri kasbni tanladim deb oʻylardim.

Karyera boʻyicha maslahatchi va kouch sifatidagi amaliyotimdan kelib chiqqan holda firibgar sindromi koʻpincha oʻzimda sodir boʻlgani kabi oʻtish davrida uchrashini aytishim mumkin. Bu holat oʻzgarishlar va ularga moslashish bilan chambarchas bogʻliq.

Shaxsan menga har safar uchta omil yordam bergan:

  • Vaqt: amaliyot davringiz oshgani sari oʻzingizga boʻlgan ishonchingiz ham shunchalik ortadi.

  • Ustoz: xuddi shunday yoʻlni bosib oʻtgan va qiyinchiliklar vaqtinchalik ekanini biladigan kishi.

  • Taʼlim: baʼzida oʻzingizga “Bu haqiqatan ham firibgar sindromimi yoki shunchaki koʻnikma yetishmasligimi?” degan savolni berib, unga roʻyirost javob berishingiz lozim.

Rivojlanish sohalaringizga eʼtibor berishingiz va ularni tan olishga jurʼat etishingiz kerak. Aks holda, “notoʻgʻri davolanish” vaziyatiga tushib qolishingiz mumkin. Masalan, kasbingiz boʻyicha kurslarda oʻqish oʻrniga oʻzingizni ovuntiradigan kundalik yuritayotgan boʻlasiz. 

Sizga murojaat qiladigan AyTi mutaxassislari oʻz muammolarini qanday taʼriflaydi?

Firibgar sindromi koʻpincha moslashish davrida uchraydi va bu oʻzgarishlar bilan bogʻliq boʻladi.

Bir kuni AyTi maktab oʻquvchilari uchun maʼruza qilayotganimda zaldan: “Shunchaki kurslarni tugatganim, haqiqiy AyTichi boʻlmaganim uchun ish qidirishdan qoʻrqsam, nima qilishim kerak?” degan savol keldi.

Yoshi ancha ulgʻayganida kasbini oʻzgartirishga qaror qilgan svitcherlar uchun bu birinchi raqamli muammodir. Ichki qoʻrquvdan tashqari, ularning “firibgarligi” bozor statistikasi bilan kuchayadi. Kurslardan keyin ish topish uchun yuzdan ortiq joyga yozishingiz va intervyulardagi noqulay savollarga tayyor boʻlishingiz kerak boʻladi. O‘z kuchingizga shubha qilish u yoqda tursin, bozor ham bunga ishonmaydi.

Tajribaliroq mutaxassislarda firibgar sindromi oʻzini ish qidirish, moslashish yoki ichki koʻtarilish jarayonida namoyon qiladi.

Bu sizga ham taʼsir qilganini quyidagi savollar oshkor qiladi:

“Toʻsatdan lavozimimni koʻtarishdi. Endi unga munosib boʻlishim kerakmi?”

“Agar intervyuda men bilmagan narsani soʻrab qolishsa-chi? Unda vakansiyaga munosib emasligim ayon boʻlishi aniq”

“Agar buni jamoa sifatida bajargan boʻlsak, oʻz yutuq va natijalarimni qanday koʻrsataman?”

“Ishimda bir oʻzgacha narsa yoʻq, hech narsa aytib berolmayman”

“Boʻsh ish oʻrni uchun eʼlonda katta maosh koʻrsatilgan, men bunga loyiq emasman”

Nega firibgar sindromiga bunchalik koʻp duch kelamiz?

Firibgar sindromi paydo boʻlishiga dastlabki tajribamiz taʼsir qiladi. Bu nafaqat oiladagi tarbiya haqida. Agar bolaga yoshligidan boshlab boshqalarga nisbatan koʻproq talablar qoʻyilsa, u yuqori darajadagi oʻz-oʻzini tanqid qilish bilan oʻsadi. Shuningdek, oʻzidan koʻproq narsani hatto ortiqchasi bilan talab qiladi.

“Nega 5 emas, 4?” — agar bolaligingizda bunday narsalarni hech boʻlmaganda bir marta eshitgan boʻlsangiz, ulgʻayganingizda ham ishdagi yaxshi natijalaringizni yutuq deb hisoblamaysiz. Bu ajablanarli emas, chunki “4 olishni hamma ham uddalaydi, lekin 5 ni...”

Bu triggerlar bolalik davrida shakllangan boʻlishi shart emas, faoliyat boshlaganimizdagi dastlabki tajribamiz ham katta taʼsir koʻrsatadi. Misol uchun, agar birinchi ish joyingizda abyuziv va talabchan rahbarga duch kelgan boʻlsangiz, katta yoshga yetganingizda ham ichingizda uning ovozini eshitishni davom ettirasiz. Yaʼni qilgan ishlaringiz, erishgan yutuqlaringiz uchun mukofotlanmaganingizda, har bir xato uchun tanbeh berishganida bu holat sodir boʻlaveradi.

Afsuski, oʻtmishga borib, adolatsiz tanqidlarga duch kelgan barcha vaziyatlarni orqaga qaytara olmaymiz. Ammo kelajakda boshqa odamlarning bunday aralashuviga qarshi turish uchun oʻzimiz bilan ishlash imkoniyatiga egamiz.

Eng muhimi, shaxsiy chegaralarni mustahkamlash bilan shugʻullanish lozim. Chunki aynan ulardagi boʻshliqlar biz taʼsiriga tushadigan shafqatsiz sharhlarni oʻtkazib yuboradi.

Ikkinchi tavsiya esa — “maslahatchilar”ning vajlariga shubha bilan qarang.

Ish qanchalik bu sindromni ogʻirlashtirishi yoki, aksincha, yengishga yordam berishi mumkin?

Agar kompaniyada xatolarni tan olish va fikr-mulohazalar madaniyati qabul qilingan boʻlsa, bu asta-sekin soxtalik sindromidan chiqib ketishga yordam beradi. Aksincha, kompaniyada qadriyatlar “kuli koʻkka sovurilsa” va rahbar imkonsiz narsalarni talab qilsa, sindromingiz kuchayishda davom etadi.

Ish joyida firibgar sindromini yengishga yordam beradigan narsalar:

  • rahbar bilan ahvolingizni ochiq bayon etishingiz mumkin boʻlgan muntazam yakkama-yakka uchrashuvlar;

  • motivatsiyangiz va tajribangiz borasida ichki kouch, psixolog yoki HR menejeri bilan bogʻlanish imkoniyati;

  • kompaniyadagi hamkasblar va rahbaringiz bilan qiyin masalalarni ochiq muhokama qilishingiz mumkin boʻlgan ishonch madaniyati;

  • kompaniya va rahbar xodimning qoʻshgan hissasini ragʻbatlantiradigan, taʼkidlaydigan tan olish qadriyati;

  • fikr-mulohazalar madaniyati — umumiy vazifalar boʻyicha hamkasblardan fidbek olish.

Muammoni esa quyidagilar oziqlantiradi:

  • kompaniyaning “hammani sindiramiz” va “imkoni yoʻq narsalarga erishamiz” darajasidagi qadriyatlari;

  • kompaniyadagi hamma narsa 200% ga bajarilishi kerak boʻlgan perfeksionizm madaniyati;

  • ishning yuqori surʼati va meʼyordan ortiq ishlashning norma sifatida qabul qilingani;

  • doimiy noaniqlik, transformatsiyalar, yoʻnalish va rahbariyatning oʻzgarishi;

  • kompaniya ichida fidbek va ochiq muloqotning yoʻqligi;

  • boshqalarning xizmatlarini baholay olmaydigan oʻziga bino qoʻygan rahbar;

  • kompaniya tomonidan tashabbuslarning kam qoʻllab-quvvatlanishi.

Bu omillarning barchasi “nimanidir notoʻgʻri qilyapman, men talablarga javob bermayman” deb oʻylashni boshlash uchun trigger boʻlishi mumkin. Aslida esa talablar sizga mos kelmayotgan boʻlishi mumkin.

Kompaniya moliyaviy kutilmalarimizni qanoatlantirmagan paytda ishdan boʻshashimiz odatiy holga aylangan. Ammo kompaniya psixologik qulaylik borasidagi umidlarni oqlamaganida ishdan boʻshash holatlari kam uchraydi.

Oʻzingiz haqingizdagi axborotlarni kompaniya toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga biriktirib koʻrish juda muhimdir. Agar qabul qilingan boshqaruv uslubi va ish surʼati sizga mos kelmasligi hamda ahvolingizni faqat yomonlashtirayotganini tushunsangiz, kompaniyada ishni davom ettirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishingiz kerak.

Firibgar sindromi ishdan bezish bilan qanday bogʻliq?

AyTi sohasidagi kishilarda ikkala muammo ham tez-tez uchraydi. Ular oʻrtasida majburiy bogʻliqlik yoʻq (masalan, ishdan beziganlarning hammasi ham firibgar sindromidan aziyat chekmagan), ammo baʼzi hollarda firibgar sindromi ishdan bezishni “boshlashi” mumkin.

Oʻzingizdan yuqori natijalarni kutish, nimadadir kuchli ekaningizni tan olmaslik va natijalaringizni qadrsizlantirish sizni charchatadi. Bunday vaziyatda men hamma narsani notoʻgʻri qilyapman va ishga moslashmaganman degan his uygʻonishi xavfi mavjud. Bunday holatda umumiy norozilik kuchayadi va kishi ishdan bezishi mumkin.

"Karyera barcha muammolarimizning lakmus qogʻozidir. Agar hayotingizda qiyinchiliklar boʻlsa, (masalan, yaqinlaringiz bilan sogʻlom munosabatlarni oʻrnatolmasangiz) ular albatta ishda ham koʻrinadi."

Shu joyda muvozanat gʻildiragini chizib, har bir sohani 10 balli shkala boʻyicha belgilashimiz mumkin edi. Lekin ish, xobbi va shaxsiy hayot oʻrtasida devor qurishdan koʻra, butun boshli hayot sifati ustida ishlash mantiqan toʻgʻri deb hisoblayman.

Muntazam ravishda nima ish qilish muhim:

  • Oʻzingiz haqingizdagi fikringiz va xatolarga nisbatan sogʻlom munosabatingizni mustahkamlash zarur. Axir ular sizni shaxs sifatida belgilamaydi, faqat oʻsish sohalaringizni aniqlab beradi.

  • Boshqalarning nooʻrin savollari yoki maslahatlari oʻzingizga boʻlgan ishonchni yoʻqotmasligi uchun shaxsiy chegaralarni mustahkamlash kerak.

  • Ekspertlikni oshirish va tajribani toʻplash lozim, shunda hech kimda, hatto oʻzingizda ham natijaga tasodifan erishganingizga shubha boʻlmaydi.

  • Natijalaringiz va kuchli tomonlaringizni muntazam ravishda aytib turadigan qoʻllab-quvvatlovchi muhitni kengaytirish kerak.

  • Yaqinlaringizni eʼtiborsiz qoldirmang — ular ham sizning “xavfsizlik orolingiz” boʻlishi mumkin. Ulardan dalda boʻlishlarini soʻrang, xavotirlaringiz bilan boʻlishing.

  • Psixolog yoki kouch bilan ishlang, shunda fikr va xavotirlaringiz chigilini yozib, ularni strukturalashingiz mumkin.

Varvara, firibgar sindromiga duchor boʻlgan har bir mijozingiz uchun kouching usullarini qay tarzda moslashtirasiz? Mijozning jinsiga koʻra yondashuvlarda farq boʻladimi?

Kouching har bir kishi maqsadlarini amalga oshirishi hamda shaxsiy va kasbiy salohiyatini ochishi uchun oʻzida resurslarni topishiga yordam beradi.

Usul mijozga koʻra moslashtirilishi muqarrar, chunki hammaning yakuniy maqsadi va boshlangʻich nuqtasi turlicha, natijaga erishish usullari ham har xil boʻladi.

Ammo umumiy narsa mavjud — muammoni yaxshilab oʻrganish, uni mijozga taqdim etish va nima qilishni xohlayotganini bilish. Ajablanishingiz mumkin, lekin baʼzi odamlar muammoni hal qilmaslikni tanlaydi, chunki u shaxsiyati bilan shu qadar uygʻunlashganki, agar undan xalos boʻlsa, butun konstruksiyaga putur yetadi.

Mijozlarimdan biri oʻzining firibgar sindromi bilan tanishganidan soʻng unda resursni koʻrdi: “Oʻzimga boʻlgan ishonchsizlik va ʻfosh boʻlishʼ qoʻrquvi tufayli yaxshi ishlayapman, balki bu haligacha ishdan boʻshatilmaganimning yagona sababidir”.

Kouching va psixolog bilan ishlash shunchaki dialogdir. Uni ishlaydigan vositaga aylantiradigan narsalar esa quyidagilar:

  • mutaxassis siz tomonda va hayotingiz sifatini yaxshilash uchun vosita boʻlib xizmat qiladi;

  • mutaxassis sizni koyimaydi (oila aʼzolari qilgani kabi), oʻz manfaatlari yoʻlida foydalanmaydi (ayrim doʻstlar kabi);

  • mutaxassis buyruq ohangida oʻz qarorlari va “eng yaxshi amaliyotlarini” oʻtkazishga harakat qilmaydi, lekin siz uchun eng maqbul ravishda oʻzingizni oʻrganishingizga yordam beradi.

Muloqot orqali kishini nima cheklayotgani va qoʻrquvi nimada ekanini eshitish, shundan soʻng individual harakat yoʻnalishini ishlab chiqish mumkin. Kimdir uchun muammoni hal qilish usuli qattiq koʻnikmalarini oshirish, boshqasi uchun esa oʻz-oʻzini refleksiya qilish va hokazolar boʻladi.

AyTi sohasida karyerasini endigina boshlayotgan va firibgar sindromiga duch kelayotgan yangi dasturchilarga nima maslahat berasiz?

Faktlar! Bu eng yaxshi qurol. Ular bilan qurollaning, tez-tez oʻzingizga yutuqlaringizni eslatib turing. Agar oʻzingizda haqiqatan ham rivojlantirishingiz kerak boʻlgan narsani topsangiz, yordam soʻrashdan qoʻrqmang.

Aniq yordam beradigan narsalar:

  • Natijalaringizni, hatto ahamiyatsizlarini ham qayd eting. Har hafta bu qaydga oʻtgan kunlarda qilgan barcha ishlaringizni yozib boring. Bu qoʻshgan hissangizni baholashda yordam beribgina qolmay, balki rahbar bilan lavozimingizni oshirish borasida suhbatingizda yordamchi ham boʻladi.

  • Rezyumengizni yangilang (uni faqat ish beruvchilar uchun yozish shart emas), shunchaki barcha muhim loyihalarni kiriting va professionalligingizga ishonch hosil qilish uchun vaqti-vaqti bilan oʻqib turing.

  • Baʼzan hamma narsa yaxshi ekani va barchasining uddasidan chiqayotganimizni boshqa odamdan eshitish biz uchun juda muhimdir.

  • Oʻz koʻnikmalaringizni oshiring, taʼlim oling, mentorlikka qatnashing.

Xatolaringizni xotirjamroq qabul qilishni oʻrganing, ular sizni shaxs sifatida belgilamaydi, shunchaki oʻsishingiz kerak boʻlgan jihatlarni koʻrsatadi.

Qanday oddiy kundalik odat yoki amaliyotlar dasturchilarga firibgar sindromining hayotga taʼsirini kamaytirishda yordam beradi?

  • Doʻst va hamkasblaringiz bilan firibgar sindromi haqida suhbatlashing. Katta ehtimol bilan siz yolgʻiz emassiz va ularga nima yordam berganini bilsangiz, muammoni hal qilish osonroq kechadi. Shuningdek, yechim borligini bilish ishonchingizni kuchaytiradi.

  • Psixolog yoki kouch bilan ishlang, mutaxassislar chalkashib ketgan joylaringizda yechim topishga yordam beradi.

  • Xatolarga yoʻl qoʻyishga oʻzingizga izn bering, perfeksionizmni kamaytiring. Agar har bir vazifani “aʼlo” olishingiz kerak boʻlgan imtihon sifatida emas, balki oʻtishingiz uchun yetarli boʻlgan “qoniqarli” sifatida qabul qila boshlasangiz, bunga odatlanishingiz mumkin.

  • Rolli modelni moʻljal qiling. Atrofingizda yoki sohangizda oʻzingiz oʻxshashni istagan odamingizni toping. Oʻylab koʻring, agar u firibgar sindromi ovozini tinglaganida bunday natijalarga erisha olarmidi? Bu sizni sindrom bilan kurashishga undasin.

  • Eʼtiboringizni ishdan boshqa sohalar: sport, oila, doʻstlar, xobbiga qarating. Bu ish borasidagi xavotirlaringizni biroz kamaytirishga yordam beradi.

“Fake it till you make it”. Soxtalik sindromi boʻlmagan kishi qanday koʻrinishini tasavvur qiling. U nima qiladi? Nima uni muvaffaqiyatli qiladi? U oʻzini qanday tutadi? Firibgar sindromidan xalos boʻlgandek bu xatti-harakatlarga taqlid qilishni boshlang. Vaqt oʻtishi bilan bu odat tusiga kiradi va firibgar sindromidan butkul qutulasiz.

AyTi sohasidagi qanday oʻzgarishlar mutaxassislar orasida firibgar sindromining tarqalish darajasiga taʼsir qilishi mumkin?

Yangi tendensiyalar shunchaki “yaxshi amaliyotlar”ning kompaniyalar darajasida tarqalishidir. Yaʼni:

  • muntazam revyular — olti oy yoki bir yil ichida qoʻshgan hissangizni baholash imkoniyatiga ega boʻlish uchun;

  • fikr-mulohaza va 360 baholash — hamkasblar va rahbardan fidbek olish uchun;

  • ichki HR menejerlarning xodimlar bilan oʻz tajribalarini bozor uchun foydali tarzda koʻrish va qadoqlashda yordam berish maqsadida muayyan muammolar, devrel boʻyicha ishlashi;

  • mentor sifatida ishlashingiz kerak — boshqalarga yordam berganingizda biron bir narsani bilishingiz namoyon boʻladi;

  • foydali maʼlumotlarni qulay variantda olish — podkastlar, kitoblar, audiokitoblar, konferensiyalardagi maʼruzalar;

  • kompaniyalar ichida eʼtirof etish tizimini takomillashtirish.


Manba: Синдром самозванца у айтишников: почему мы все через это проходим?

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
https://mohirdevbucket.s3.eu-central-1.amazonaws.com/practicum/images/b46496e5-6e39-4fc8-93a9-f48abf80313e.original.png

Tproger