Sun'iy Intellekt

ChatGPTʼga toʻgʻri prompt yozish

Sunʼiy intellektdan samarali foydalanish uchun toʻgʻri prompt yozish muhim bosqichdir. Quyida toʻgʻri prompt qanday boʻlishini namunalari bilan koʻrib chiqamiz.

1-qism: maqsad belgilash

❌ Noto‘g‘ri: "Python o‘rgatadigan saytlarni ayt."

✅ Toʻgʻri: "Python dasturlash tilini yangi oʻrganayotganlarga eng tushunarli boʻlgan va bepul resurslarni koʻrsat."

Bu yerda maqsad aniq – yangi oʻrganayotganlar uchun eng tushunarli va bepul resurslarni topish. Sunʼiy intellekt javob berishda shu chegaradan chiqib ketmaydi.

Yetarlicha aniq yoʻnalish berilmagan.Shuning uchun turli darajadagilarga mos va har xil narxdagi saytlarni chiqarishi mumkin.

2-qism: natija formati

❌ Notoʻgʻri: "saytlarga havola ham ber."

✅ Toʻgʻri: "har bir resurs uchun quyidagilarni keltir:

  • resurs nomi;

  • ularning havolasi;

  • qaysi mavzular yoritilishi;

  • qanday qulayliklar borligi;

  • nima uchun aynan shu resursni tavsiya qilayotganing."

Natija ortiqcha maʼlumotlarsiz chiqishi va keraklilari qolib ketmasligi uchun talablar belgilangan.

Bu yerda natijani nazorat qilolmaysiz. Siz xohlagan maʼlumotlar oʻrniga kerak boʻlmagan axborotlar chiqib kelishi mumkin.

3-qism: ogohlantirishlar

❌ Notoʻgʻri: "eng yaxshilarini tavsiya qil."

✅ Toʻgʻri: "top 3 ta tavsiya ber. Resurslar hozir ishlayotgan, havolasi toʻgʻri va Pythonʼni endi boshlayotganlarga mos boʻlsin."

Bunday ogohlantiruvchi prompt yozish eski yoki ishdan chiqqan resurslarning javob sifatida kelishining oldini oladi.

Umumiylashib ketgan. Siz uchun yaxshi tavsiya qanday boʻlishi aniqlashtirilmagan.

4-qism: kontekst

❌ Notoʻgʻri: "saytlar oʻrganishga oson boʻlsin."

✅ Toʻgʻri: "oʻquvchilarim Python dasturlash tilini endi oʻrganishni boshlagan. Ular sohaga juda qiziqadi, lekin baʼzida qayerdan boshlashni bilmay, chalkashib ketadi. Ayrim oʻquvchilarim kitob oʻqishni yaxshi koʻradi. Boshqalari videodars va amaliy topshiriqlar orqali yaxshiroq tushunadi. Darajalari ham har xil. Ular uchun soddaroq tushuntirilgan, ishonchli manbalarni topib ber."

Vaziyatni aniqroq tushuntirib, ayni ehtiyojlaringizga mos natija olishingiz mumkin. Masalan, shu qism qoʻshilgandan keyin SI aynan bolalar uchun manbalar qidira boshlaydi.

Aynan kim uchun mos boʻlishi kerakligi kiritilmagan. Kattalar uchun oson-u, lekin bolalarga qiyin boʻlgan manbalar chiqarib berishi mumkin.

Xulosa

Yaxshi promptda bu elementlar boʻlishi kerak:

  • Aniq maqsad – promptdan qanday natija kutyapsiz?

  • Natija formati – natija qanday shaklda bo‘lsin?

  • Ogohlantirish – nimalarni hisobga olish kerak?

  • Kontekst – qaysi vaziyatga mos tushsin?

Yaxshi prompt:

Python dasturlash tilini yangi oʻrganayotganlarga eng tushunarli boʻlgan va bepul resurslarni koʻrsat.

Har bir resurs uchun quyidagilarni keltir:

  • resurs nomi;

  • ularning havolasi;

  • qaysi mavzular yoritilishi;

  • qanday qulayliklar borligi;

  • nima uchun aynan shu resursni tavsiya qilayotganing.

Top 3 ta tavsiya ber. Resurslar hozir ishlayotgan, havolasi toʻgʻri va Pythonʼni endi boshlayotganlarga mos boʻlsin.

Oʻquvchilarim Python dasturlash tilini endi oʻrganishni boshlagan. Ular sohaga juda qiziqadi, lekin baʼzida qayerdan boshlashni bilmay, chalkashib ketadi. Ayrim oʻquvchilarim kitob oʻqishni yaxshi koʻradi. Boshqalari videodars va amaliy topshiriqlar orqali yaxshiroq tushunadi. Darajalari ham har xil. Ular uchun sodda tushuntirilgan ishonchli manbalarni topib ber.

Yomon prompt:

Pythonʼni oʻrgatadigan saytlarni ayt. Ularga havola ham ber. Eng yaxshilarini tavsiya qil. Ular oʻrganishga oson boʻlsin.

Agar yaxshi prompt yozish tamoyillariga amal qilsangiz, SIdan aniq va foydali javob olasiz.

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
https://assets.mohirdev.uz/article-authors/64cbafea09c6b16bc7fdb730/328574fb-8603-4f59-a4be-21c242d9747b.original.png

Mohirdev