Ochiq dars

Chigalyozdi va muzyorar nima?

Oʻquvchilar diqqatini darsga qaratish, ularni akademik muhitga moslashtirish uchun maxsus texnikalar mavjud. Ular chigalyozdi va muzyorarlar deb ataladi.

Baʼzi ustozlar darsni boshlashdan oldin oʻquvchilarning diqqatini oshirish yoki mavzuga qiziqtirib olish uchun turli texnikalarni qoʻllaydi. Ayrim oʻqituvchilar buni muzyorar deb atasa, ayrimlari chigalyozdi (warm-up) deydi. Xoʻsh, oʻzi chigalyozdi va muzyorar nima? Ular nima maqsadda qoʻllanadi? Ularni tanlashda nimalarga eʼtibor berish kerak? Maqolamizda mana shu savollarga javob berishga harakat qildik.

CHIGALYOZDI VA MUZYORAR NIMA?

Chigalyozdi bu — 

  • dars boshida oʻquvchilarni faollashtirish, 

  • eʼtiborini jalb qilish,

  • diqqatlarini jamlab olishini taʼminlash,

  • dars mavzusiga olib kirish,

  • dars jarayoniga tayyorlash uchun bajariladigan qisqa mashgʻulot

Ushbu mashgʻulotlar dars boshida oʻtkaziladi va oʻquvchilarning aqliy, ruhiy va jismoniy holatini darsga tayyorlashga yordam beradi. Chigalyozdi boʻyicha oʻtkazilgan tadqiqotlar mashgʻulotning oʻquvchilar faolligi va eʼtiborini oshirishini isbotlagan. Bundan tashqari, dars boshida chigalyozdilardan foydalanish oʻquvchilar natijasi yaxshilanishiga sabab boʻlishi ham aniqlangan. Bunday mashgʻulotlar dars boshida stressni kamaytirishga, oʻquvchilarning ijodkorligini oshirishga yordam berishini qayd etishgan. Chigalyozdi texnikasini barcha oʻqituvchilar oʻz darsi uchun qoʻllashi mumkin. Masalan, matematika darsida oʻquvchilarga raqamlarni tana harakatlari orqali ifodalab berishlarini topshiriq qilib bering. Bu dars jarayoni samarali boʻlishiga yordam beradi. Yana bir qancha misollarimiz bor, ular bilan maqola soʻngida tanishasiz."

Muzyorar – yangi sinf yoki guruhning bir-biri bilan tanishib olishiga sharoit yaratish maqsadida bajariladigan mashgʻulotlar. Agar sinfdagi oʻquvchilar bir-birini yaxshi tanimasa, dars jarayoni ham samarali kechmaydi. Muzyorar usuli bilan oʻrtadagi sovuq munosabatlarni eritish va oʻquvchilar bilan oʻzaro aloqa oʻrnatish mumkin. Usul odatda dars yoki oʻquv yili boshida amalga oshiriladi. Muzyorarning asosiy maqsadi sinfdagi noqulaylikni yoʻqotishga koʻmaklashishdan iborat. Tadqiqotlar ham muzyorar usulining psixologik noqulaylikni yengishga, oʻzaro muloqot oʻrnatishga yordam berishini isbotlagan. Bu texnikaga misol tariqasida ingliz tili darsini olaylik. Oʻquvchilarga ismi va undagi birinchi harf bilan boshlanadigan oʻziga tegishli biror xususiyatni aytishni soʻrash mumkin. Bu oʻquvchilarning bir-biri haqida bilib olishiga koʻmaklashadi.

QAYSI BIRI MAʼQUL?

Dars davomida qaysi birini tanlash maqsadga bogʻliq. Agar endi tuzilgan guruh yoki sinfga mashgʻulot oʻtishingiz kerak boʻlsa, muzyorar usulini tanlang. Avvaldan bor boʻlgan guruhni mashgʻulotga tayyorlamoqchi boʻlsangiz, chigalyozdi usulidan foydalanganingiz maʼqul. Yaʼni ikkisining ham oʻz foydalanish oʻrni bor.


Muzyorar

Chigalyozdi

Oʻquvchilarni oʻzaro tanishishlariga yordam beradi, ularni yaqinlashtiradi

Oʻquvchilarni mavzuga tayyorlashga xizmat qiladi

Oʻquvchilar bir-biri bilan tanish boʻlmagan holatda samara beradi

Oʻquvchilar bir-birini tanigan holatda samara beradi

Diqqat tashqi muhitga qaratilgan

Oʻquvchini sinf muhitiga qaytarishga qaratilgan

Xato javoblar yoʻq, hamma oʻzi toʻgʻri deb bilganini aytadi

Muammoni hal etish boʻyicha topshiriqlarni qamrab olishi mumkin, ayrim savollar aniq toʻgʻri javobga ega boʻladi

FOYDALI VA ZARARLI TOMONLARI NIMADA?

Chigalyozdining bir qator foydalarini yuqorida sanab oʻtdik. Biroq u zararga ishlashi ham mumkin. Masalan, chigalyozdi usulida vaqtni nazorat qilish qiyin kechishi natijasida dars uzoq vaqt davom etishi, asosiy mavzu uchun ajratilgan vaqtni oʻgʻirlashi kuzatiladi. Mashgʻulot notoʻgʻri tanlab qoʻyilsa, oʻquvchilar chalkashishi yoki hafsalasi pir boʻlishi mumkin.

Muzyorar ham bunday zararlardan holi emas. Baʼzi savollar shaxsiy chegaralarni buzishi natijasida sinfdagi ayrim oʻquvchilar oʻzini yanada noqulay his qilishi mumkin. Muzyorar usulida ham vaqtni nazorat qilish juda muhim. Vaqt rejasini oldindan belgilab olgan maʼqul.

USUL TANLASHDA NIMALARGA EʼTIBOR QARATISH KERAK?

Chigalyozdi mashgʻulotini tanlashda quyidagilarga diqqat qiling:

Oʻquvchilarning yoshiga moslik. Chigalyozdi mashqlari oʻquvchilarning yoshi va salohiyatiga mos boʻlishi kerak. Kichik yoshdagi bolalar uchun koʻproq oʻyin shaklida oʻtkaziladigan mashqlarni tanlagan maʼqul. Muammoli savol va tanqidiy tahlil borasidagi mashqlar ularni zeriktirishi mumkin. Bunday topshiriqlarni katta sinflarda qoʻllagan maʼqul, odatda kattalar oʻyin tarzidagi mashgʻulotlarni bajarishni oʻziga ep koʻrmaydi.

Mavzuga moslik. Chigalyozdi dars mavzusiga mos kelishi va oʻquvchilarni ayni shu mavzuga yoʻnaltirishi lozim. Masalan, tarix darsida Ikkinchi jahon urushi mavzusini oʻtishdan oldin davlatlarning poytaxti haqida chigalyozdi mashq oʻtish samarasiz. Buning oʻrniga urushga oid voqealar yozilgan kartochkalarni tarqatib, ularni toʻgʻri ketma-ketlikda tartiblashni bersangiz boʻladi. Yoki urush bilan bogʻliq voqealar aks etgan rasmlarni koʻrsatib, uni tavsiflashni soʻrash yoki urushga nisbatan shaxsiy munosabatlarini aniqlash mavzuga ancha mos boʻlar edi.

Vaqtni nazoratga olish. Chigalyozdi mashgʻulotini tayyorlayotganda ssenariyni imkon qadar aniq taxmin qilish va koʻp vaqt olmaydigan mashgʻulot tanlash lozim. Kichik savolning ham javobi kengayib ketishi, sinfda nazarda tutilmagan muhokama boshlanishi mumkinligini unutmang. Bu esa darsning asosiy mashgʻulotlari uchun vaqt yetmay qolishiga sabab boʻladi.

Oʻquvchilarning holati. Sinfga kirganingizda oʻquvchilar charchaganroq koʻrinsa, energiya beruvchi mashqlarni qoʻllaganingiz yaxshi. Yoki, aksincha, haddan tashqari energiyaga boy koʻrinsa, sokinlashtiruvchi mashqlarni qoʻllagan maʼqul.

Muzyorar mashgʻulotini tanlashda ham eʼtibor qilinishi lozim boʻlgan jihatlar mavjud:

Oʻquvchilarning yoshiga moslik. Muzyorarda tanishishga qaratilgan savollar oʻquvchining yoshiga mos boʻlishi kerak. Katta yoshdagi oʻquvchilardan yoqtirgan oʻyinchogʻi, multqahramoni haqida soʻrash biroz nooʻrin boʻlishi mumkin. Buning oʻrniga undan yoqtirgan kitobi, taomi, filmi yoki kelajakdagi maqsadlari haqida savollar berish qiziqarliroq boʻladi.

Oʻquvchilar shaxsiyati. Oʻquvchilarning shaxsiyatiga haddan tashqari chuqur kirib boradigan savollar ularni noqulay vaziyatga solishi mumkin. Masalan, diniy eʼtiqodi, oilaviy ahvoli, sevgan kishisi bor-yoʻqligi haqidagi savollar koʻpchilik ichida javob berish uchun oʻta noqulaydir.

Vaqtni hisobga olish. Odatda muzyorar mashqlari oʻquv yili boshida oʻtkaziladi. Shuning uchun uning davomiyligi uzunroq boʻlishi mumkin (birinchi darsdayoq mavzu oʻtishni boshlashdan koʻra tanishib olish muhim ekanini avvalroq aytgan edik). Ammo muzyorar mashgʻuloti juda uzoq davom etishi oʻquvchilarni zeriktirib qoʻyadi. Shuning uchun 10 daqiqadan oshmaydigan mashgʻulot tanlagan maʼqul.

CHIGALYOZDI UCHUN NAMUNALAR

Chigalyozdilarni maqsad va mazmuniga koʻra aqliy, jismoniy, emotsional va lugʻaviy tayyorgarlik mashqlari kategoriyalariga ajratish mumkin. Quyida bir necha fandan har bir kategoriya uchun namunalar taqdim etamiz.

Matematikaga oid namunalar:

Aqliy tayyorgarlik: sonlar ketma-ketligini davom ettirish. Masalan, 1, 4, 9, 16, 25 ..., ... (bu sonlarning kvadratlari ketma-ketligidir 12=1, 22=4, 32=9 kabi)

Jismoniy tayyorgarlik: tanani ishlatgan holda raqamlarni yasash (bu misolni yuqorida keltirib oʻtgandik). Har bir oʻquvchi oʻziga berilgan sonni tana harakatlari orqali hosil qilishga urinadi.

Emotsional tayyorgarlik: matematik kayfiyat. Har bir oʻquvchi oʻz kayfiyatini 10 ballik tizimda baholaydi va yechimi oʻsha son boʻlgan tenglama tuzadi.

Lugʻaviy tayyorgarlik: shifrlash. Har bir oʻquvchi biror matematik atamani raqam, harf, belgilar yordamida shifrlaydi. Boshqalar ushbu shifrni yechib, atamani aniqlashi kerak boʻladi.

Xorijiy tillar doirasida namunalar:

Aqliy tayyorgarlik: bogʻliq soʻzlar. Oʻquvchilarga maʼlum mavzu beriladi. Ular shu mavzuga oid boʻlgan 10 ta soʻz topishi kerak. Masalan (ingliz tili uchun), “Food” mavzusiga: healthy, delicious va hokazo.

Jismoniy tayyorgarlik: harakatli soʻzlar. Aytilgan feʼlni harakatlar orqali ifodalab berishi kerak boʻladi.

Emotsional tayyorgarlik: kayfiyatni ifodalash. Har bir oʻquvchi oʻz kayfiyatini bir yoki bir nechta soʻz bilan ifodalashga harakat qiladi.

Lugʻaviy tayyorgarlik: soʻz yasash. Aralash berilgan harflardan soʻz yasash. Masalan, “owrd” harflaridan or, do, word...

Geografiyaga oid:

Aqliy tayyorgarlik: xaritani tasavvur qil. Oʻquvchilarga davlat/shahar/viloyatlarning joylashuvi haqida savol beriladi. Ular esa xaritani tasavvur qilgan holda javob berishi kerak. Masalan, X davlati qayerda joylashgan? X davlati Y davlatining shimolida, Z ning janubida, G dan 1320 km uzoqlikda kabi.

Jismoniy tayyorgarlik: xarita boʻylab yugurish. Xona poli Yer xaritasi deb tasavvur qilinadi. Oʻquvchiga biror davlatga borish aytiladi. U esa xaritani tasavvur qilgan holda oʻsha yerga borishi kerak. Buni yugurish bilan qilish shart emas. Masalan, oʻtirgan holda yurish, sakrash kabilarga almashtirsa ham boʻladi.

Emotsional tayyorgarlik: tabiatga aloqador hislar. Har bir oʻquvchi oʻziga koʻrsatilgan rasmdagi joy yoki oʻzi istagan joyda tuyishi mumkin boʻlgan his-tuygʻularni aytib beradi. Masalan, axlatga toʻlib ketgan koʻcha rasmini koʻrsatish va nimalarni his qilganini soʻrash mumkin.

Lugʻaviy tayyorgarlik: krossvord. Geografik atama va tushunchalarni qoʻllab tuzilgan krossvordni yechishni soʻrash ham mumkin.

MUZYORAR UCHUN NAMUNALAR

Matematika fanida qoʻllash uchun:

Matematik biografiya. Oʻquvchilar matematik amallar orqali oʻzi haqida bitta maʼlumot aytishi kerak boʻladi. Masalan, mening tugʻilgan oyim yigʻindisi 5 boʻlgan ikki sonning koʻpaytmasiga teng; oilamizdagi kishilar soni shu tenglamadagi x soni qiymatiga teng: 3*3+X=23.

Xorijiy tillar doirasida qoʻllash uchun:

Ism va sifat. Oʻquvchilar oʻz ismini aytadi. Ismining birinchi harfiga mos sifat, xususiyat ham sanaydi. Masalan (ingliz tili uchun), My name is Samira, Samira is smart.

Biologiya fanida qoʻllash uchun:

Oʻsimliklar va men. Har bir oʻquvchi oʻzini tanishtirgandan soʻng oʻzi yaxshi koʻradigan oʻsimlik haqida qisqacha gapirib beradi.

Tana aʼzosiman. Oʻquvchilar oʻzlarini biror tana aʼzosiga oʻxshatib, buni tushuntirib berishi kerak. Masalan, mening ismim Jahongir. Men ichakka oʻxshayman, tunda buralib, eshilib uxlayman.

Yuqoridagi maslahat va tavsiyalarga amal qilish orqali darslaringizni yanada samarali va qiziqarli qilishingizga ishonamiz. Asosiysi maqsadingizni aniq belgilab olish hamda chigalyozdi yoki muzyorardan birini tanlash. Ulardan toʻgʻri foydalanganingizda oʻquvchilarning motivatsiyasi ham oshishi aniq.

Maqola haqidagi fikrlaringizni oʻzimizga yoki muhokama guruhiga yozishingiz mumkin.

#ochiq dars
Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
https://assets.mohirdev.uz/others/1e790de6-3323-4fe0-8f06-5c9f6b1256a6.original.jpeg

Shokir Tursun | Ochiq dars