Ochiq dars
Darsda o‘yinlardan foydalanish qoidalari
Dars maqsadi va oʻyinni parallel olib keta olishingiz uchun maqola
Aksar odamlar dars deganda har doim tund va charchagan yuzlar, daftar-u kitoblar, qoida-yu misollarga toʻla xattaxtani tasavvur qilishi bor gap. Dars jarayonini oʻyinlar bilan boyitish mana shu tasavvurlarni parchalab tashlashga qodir. Tasavvur qiling, tarix darsida oʻquvchilar voqealarni jonlashtirsa, fizikada simlar ichida elektr tokidek harakatlansa – haqiqiy sarguzashtning oʻzginasi, toʻgʻrimi? Darhaqiqat, turli oʻyin usullarini qoʻllash darsni chinakam sarguzashtga aylantiradi. Har bir savol oʻsha sarguzashtning boʻlagi, har bir javob – yangi marra, yangi topilma. Ha, darsni ana shunday qiziqarli oʻtkazish mumkin. Buning uchun turli oʻyin strategiyalarini oʻrganib chiqish kifoya. O‘yinlar darsni jonlantiradi, o‘quvchilarning kayfiyatini ko‘taradi va ularning faolligini oshiradi. Ammo baʼzan oʻyinlar faqat oʻyin uchun – zerikmaslik, quvnoqlik va kayfiyat ulashishgagina tashkil etiladi. Oʻyinlarning asosiy kuchi ularning akademik maqsadlarga yoʻnaltirilganidadir. Ushbu maqolada qanday qilib oʻyinlarni akademik maqsadlarga eltuvchi yoʻlga aylantirish hamda samarali va samarasiz oʻyinlarning farqi haqida soʻz yuritamiz. Bonus sifatida 2 ta qiziq oʻyinni oʻrganib olishingiz mumkin.
Oʻyinlar rostdan ham samaralimi?
5 yil davomida 60 dan ortiq tadqiqotlarni oʻrganish va ularning natijalarini qiyoslash orqali kelingan xulosa shuki, darsda oʻyinlardan foydalanish oʻquvchilarning natijasini oʻrtacha 18–20 foizga oʻstirishi mumkin. Ammo bunda oʻyinlar oʻquv dasturida belgilangan akademik maqsadlarga yoʻnaltirilgan boʻlishi lozim.
Oʻyinlar yoki oʻyinlashtirishdan foydalanishning samarali ekanini isbotlovchi tadqiqotlar juda ham koʻp (1, 2, 3, 4). Bir necha tadqiqotlar bilan isbotlangan ekan, demak, samarasi haqida ham soʻz boʻlishi mumkin emas. Xoʻsh, nimasi bilan samarali? Dars davomida oʻyinlardan foydalanish oʻquvchilarning motivatsiyasi, faolligi va bilim darajasini oshiradi. Bunday oʻyinlar oʻquvchilarni darsga jalb etadi, ularning diqqatini ushlab turadi va mavzuni yaxshiroq tushunishiga yordam beradi. Shuningdek, ijtimoiy koʻnikmalarni ham (hamkorlikda ishlash va muloqot qilish) rivojlantiradi.
Dars davomida oʻyinlarni qoʻllashdan maqsad nima boʻlishi kerak?
Oʻquv jarayonida oʻyinlardan foydalanishning asosiy maqsadi oʻquvchilarning qiziqishini oshirish/uygʻotish, ularni faollashtirish va darsga chuqurroq jalb qilish boʻlmogʻi lozim. Oʻquvchilarning faolligini oshirish asosiy mezon boʻlishi darkor. Oʻyinlardan koʻzlanadigan asosiy maqsadlar quyidagilar:
Motivatsiyani oshirish. Oʻyinlar orqali oʻquvchilarni dars jarayonida faolroq ishtirok etishga undash mumkin. Oʻyinlar oʻquvchilarning darsga boʻlgan munosabatini ijobiy tomonga oʻzgartiradi.
Xotirani rivojlantirish va bilimni mustahkamlash. Tadqiqotlar oʻyinlar orqali berilgan ma’lumotning uzoq muddatli xotirada saqlanish ehtimolini oshirishini tasdiqlaydi. Masalan, soʻz boyligini oshirish uchun interaktiv oʻyinlardan foydalanish yaxshiroq natijalar beradi.
Akademik maqsadlarni qoʻllab-quvvatlash. Agar oʻyinlar darsning maqsadlariga mos ravishda tanlansa, mavzuni mustahkamlash yoki murakkab tushunchalarni tushuntirishda juda samarali boʻlishi mumkin.
Jamoaviylik va muloqot koʻnikmalarini oshirish. Har qanday oʻyin muloqot qilishni oʻz ichiga oladi. Bundan tashqari, koʻplab oʻyinlar jamoaviy oʻynalgani uchun oʻquvchilarda hamkorlikda ishlash va bu jarayonda muloqot qilish koʻnikmalari rivojlanib boradi. Ammo bu darsda qoʻllanadigan oʻyinning yagona maqsadi boʻlmasligi lozim, ushbu koʻnikma akademik maqsaddan tashqari hisoblanadi.
Tanqidiy fikrlash va muammoni hal etish. Akademik muammolarni hal qilishga yordam beruvchi oʻyinlar oʻquvchilarda tanqidiy fikrlashni ragʻbatlantiradi. Shu orqali oʻquvchilarda tanqidiy fikrlash va muammoni hal etish koʻnikmalari rivojlana boradi. Yuqoridagi kabi bu ham oʻyindan asosiy maqsad boʻlmasligi kerak.
Stressni kamaytirish. Oʻyinlarda quvnoqlik ustun boʻlgani uchun oʻrganish jarayonidagi stresslarni kamaytirishi mumkin. Bu oʻquv jarayonini zavqli mashgʻulotga aylantirishga yordam beradi.
Hamma oʻyinlarni hamma darsda qoʻllasa boʻladimi?
Bunga istalgan odam yoʻq deb javob beradi. Ammo nima uchun? Darsda qoʻllab boʻlmaydigan oʻyinlar qanday? Xato oʻyin tanlab qoʻymaslik uchun nima qilish kerak?
Masalan, bitta geografiya oʻqituvchisi oʻquvchilarga quyidagi rasmda berilgan qogʻozni tarqatdi va birinchi boʻlib bajargan guruhni baholashini aytdi:
Bu soʻz topish oʻyini boʻlib, unda geografik nomlar yashiringan. Endi oʻylab koʻring-chi, bu oʻyinning geografiya faniga qanday aloqasi bor?
Toʻgʻri, hech qanday. Chunki bu yerda geografiya fani rivojlantirishi kerak boʻlgan birorta koʻnikma mavjud emas. Geografik nomlar esa shunchaki soʻz sifatida qabul qilinadi. Aralash berilgan harflar orasidan maʼlum soʻzni qidirib topish geografiya fanining oʻqitish obyekti emas. Oʻyin oʻquvchilarga mana shu geografik obyektlarning xususiyatlari haqida maʼlumot yetkazishga qaratilgan boʻlsa, qoʻllash mumkin boʻlardi. Hamma oʻyinlarni hamma darsda qoʻllab boʻlmasligi haqida gapirganimizda aynan shunday holatlarni nazarda tutamiz. Bir qarashda oʻyin qiziq, geografik nomlarni topish kerak, ammo akademik jihatdan butkul samarasiz.
Dars uchun oʻyin tanlashda yoki tayyorlashda quyidagilarni hisobga olish zarur:
Vaqt. Oʻyinni tashkillash va baholash uchun vaqt yetarli boʻlishi lozim. Masalan, tarix darsida rolli oʻyin oʻynamoqchisiz. Oʻquvchilar Klavixo hamda Amir Temur uchrashuvi sahnasini namoyish etishi kerak. Buning uchun ularga xonani tayyorlashni, davr kayfiyatini berishni, kiyimlarni moslashtirishni aytgansiz. Bularni olib kelib joylashtirish va kiyimlarni almashtirish uchun juda koʻp vaqt ketadi. Ushbu sahna koʻrinishidan olinadigan foyda – oʻquvchilarga beriladigan bilim. Ularda shakllanadigan koʻnikma hamda unga ketgan vaqt va energiya bir-biriga proporsional emas. Bundan tashqari, vaqt masalasi haqida soʻz ketganda oʻyin vaqti juda ham choʻzilib ketmasligi tavsiya etiladi. Chunki bir oʻyinni uzoq vaqt oʻynash ham zerikishga, toliqishga olib kelishi mumkin.
Maqsadga yoʻnaltirilganlik. Oʻyin faqatgina dars vaqtini oʻtkazish uchun emas, oʻquv dasturi hamda darsdan kutiladigan natijaga mos aniq maqsadni koʻzlashi lozim. Masalan, dars oxirida oʻquvchilar kishi xarakterini ifodalovchi soʻzlarni nutqda qoʻllay olishi kerak boʻlsa, oʻyin ham shu maqsadga yoʻnaltirilgan boʻlishi shart. Blooket nomli oʻyin platformasi bor, unga savollarni joylashtirdingiz va oʻyinni boshladingiz. Masalan, “Cafe” oʻyinini. Bunda oʻquvchilar savolga toʻgʻri javob berish orqali yeguliklarni qoʻlga kiritadi va uni sotish orqali mablagʻ toʻplaydi. Belgilangan vaqt tugaganda kimda koʻp mablagʻ boʻlsa, shu gʻolib boʻladi. Bunda gʻoliblik bilimga emas, koʻproq strategiya va tezlikka bogʻliq boʻlib chiqyapti. Maqsadsiz oʻyinlar yoki maqsadi xato qoʻyilgan oʻyinga bu juda yaxshi misol boʻla oladi. Gʻolibni aniqlash uchun qoʻshimcha parametrlarni kiritish lozim – nechta savolga javob bergani, toʻgʻri javoblar foizi qandayligi kabi (bunday parametrlarni platformaning hisobot boʻlimidan olish mumkin). Ana shunday gʻolib uchta parametr asosida aniqlanadi va bunda faqat tezlik emas, bilim ham muhim koʻrsatkichga aylanadi.
Faollikni oshirish. Oʻyinlar oʻquvchilarni darsda faol qatnashishga undashi lozim. Masalan, guruhli topshiriqlar yoki raqobatli, musobaqa tipidagi o‘yinlar. Faollikni oshirmaydigan oʻyinlar deganda koʻproq sinfdagi ayrim oʻquvchilar qatnashadigan oʻyinlar nazarda tutiladi. Yaʼni siz tanlagan oʻyinni barcha oʻynay olishi kerak.
Oʻyin tugagach, uni muhokama qilish. Aksar oʻqituvchilar oʻyin natijasini eʼlon qiladi va darsning keyingi qismiga oʻtib ketadi. Oʻquvchilarni qiynagan, koʻpchilik bajara olmagan topshiriq yoki koʻp notoʻgʻri javob berilgan savol(lar)ni muhokama qilish va qoʻshimcha tushuntirishlar berish oʻyin samarasini yanada oshiradi.
Bonus
“Minalangan hudud”. Bu oʻyinni sinfxonada oʻynash qulay. Bitta qogʻozga faningizga oid savol, topshiriq yoki muammoni yozib, uni dumaloqlab (xuddi shar koʻrinishiga keltirib) doska oldidagi boʻsh hududga tartibsiz joylashtirib chiqasiz. Oʻquvchilardan bir kishini taklif qilasiz. Ular koʻzlarini yumgan holda siz tashlab qoʻygan savollar – minalar oralab yuradi. Oyoqlari tegib ketgan qogʻozdagi savolga javob berishi kerak boʻladi.
“Ortida nima bor?” Oʻquvchilar bir necha guruhga boʻlinadi. Ekrandagi raqamlar ortida savol boʻladi. Guruhlar navbati bilan raqam tanlaydi va uning ortidagi savolga javob beradi. Har bir toʻgʻri javob uchun maʼlum ball beriladi. Oxirida kimda ballar koʻp boʻlsa, shu jamoa gʻolib hisoblanadi. Oʻyinni yakka holda oʻynaydigan koʻrinishda ham tashkillash mumkin. Bunda har bir oʻquvchi oʻzi bitta raqam tanlaydi va savolga javob beradi. Ushbu oʻyinni oʻynash uchun proyektor yoki TV boʻlishi samarani oshiradi. Ular boʻlmasa, monitori kattaroq boshqa qurilmadan ham foydalansa boʻladi.
Oʻyinning PPT nusxasini ushbu havola orqali yuklab olishingiz mumkin. Savollar va toʻgʻri javoblarni oʻzingizga moslab oʻzgartirish kifoya. Sozlamalar va birinchi varaqqa tegmaganingiz maʼqul.
Maqola haqidagi fikrlaringizni oʻzimizga yoki muhokama guruhiga yozishingiz mumkin.