Ochiq dars

Darsni toʻgʻri tashkillashtirish

Darsning asosiy qismlari va ularni qanday tashkillashtirish haqida

Har bir dars bu – bilim dunyosiga olib kiruvchi eshik. Shu eshikni samarali ochish esa o‘qituvchilik sanʼatidir.

Darsni samarali tashkil qilish oʻquvchilarning taʼlim jarayonida faol ishtirok etishini taʼminlaydi. Shu orqali oʻquvchilar mavzuni chuqurroq oʻzlashtiradi, mustahkam bilimlar egallaydi va keyingi darsni orziqib kuta boshlaydi. Har bir dars rejasini ishlab chiqishda aniq maqsadlarni belgilash lozim. Qiziqarli, izchil mashgʻulotlarni rejalashtirish kerak. Oʻquvchilar fikrini ifoda eta olishi va mavzuni hayot bilan bogʻlay olishiga imkon yaratish orqali darsni yanada samarali (oʻquvchilar nazdida foydali va qiziq) qilishingiz mumkin. Samarali darslar nafaqat mavzuni oʻrgatadi, balki oʻquvchilarni oʻziga qiziqtiradi ham. Ularni fikrlashga undaydi va mavzuga doir muammolarga yechim topishga jalb qiladi.

Darslaringizni qanday qilib yanada samarali qilishingiz mumkin? Bu galgi maqolamizda darsni toʻgʻri tashkil qilishning eng muhim bosqichlari haqida soʻz yuritamiz.

Dars natijasini belgilab olish

Har bir dars oʻzining kutilmalariga ega. Dars ana shu kutilmalar ustiga quriladi. Unda dars davomida nimalarga erishish kerakligi koʻrsatilgan boʻladi. Dars natijasini toʻgʻri belgilab olish samarali dars tashkil qilishdagi birinchi qadamdir. Yaxshi dars natijasi quyidagi talablarga javob berishi lozim:

  • oʻquv dasturiga moslik;

  • aniqlik va oʻlchash imkoniyati;

  • oʻquvchilar darajasi va imkoniyatiga moslik;

  • kutilmalarning yuqori kognitiv darajada boʻlishi;

  • oʻquvchilarning qiziqishi va motivatsiyasini hisobga olish.

Dars natijasini toʻgʻri va samarali ishlab chiqish haqidagi tavsiyalar bilan ushbu maqolamizda toʻliq tanishishingiz mumkin.

Dars tuzilmasini ishlab chiqish

Dars tuzilmasi deganda uning qanday qismlardan iborat boʻlishi nazarda tutiladi. Oʻzbekiston taʼlim tizimida darsning bosqichlari turlicha talqin qilinadi va uqtiriladi. Ammo har qanday dars umumiy 3 bosqichga boʻlinadi: kirish, asosiy qism va yakuniy qism.

Kirish

Koʻpchilik bu bosqichni unchalik muhim deb hisoblamaydi va xato qiladi. Bu qism eʼtiborni jalb qilish va darsdan kutilayotgan natijalarni oʻquvchiga yetkazish vazifasini bajaradi. Bu bosqichda oʻqituvchi dars mavzusini ochib beradi. Oʻquvchilarni qiziqtiradigan tarzda kirish qiladi. Dars davomida qanday bilim va koʻnikmalarni egallashi boʻyicha tasavvur hosil qiladi. Bu qismda oʻqituvchi oʻquvchilar eʼtiborini mavzuga qaratadi, uning muhimligini, hayotda qanday ahamiyatga ega ekanini tushuntiradi. Buni mavzuga nisbatan qiziqish uygʻotadigan savol, vaziyat, muammoni oʻrtaga tashlash va qiziqarli, hayratlanarli faktni aytish yoʻli bilan amalga oshirish mumkin.

Qiziqish uygʻotadigan savollar darsni boshlashda o‘quvchilarning eʼtiborini jalb qilish uchun kuchli usul hisoblanadi:

Tarix: qadimgi misrliklar piramidalarni qanday qurganini tasavvur qilib koʻrganmisiz? Ular 1 tonnalik toshlarni qanday koʻtargan?

Kimyo: sizningcha, kimyo fani qancha odamning hayotini saqlab qolishi mumkin?

Ona tili: aholining yarmi doim adashtirib qoʻyadigan qoidani oʻrganib olishni istaysizmi?

Hayratlanarli faktlar mavzuni yanada qiziqarli va dolzarb ko‘rsatishga yordam beradi. Odamning oʻzini hayratga solgan narsani oʻrganishga ishtiyoqi yuqori boʻladi:

Geografiya: Yer yuzining 3 dan 2 qismi suv bilan qoplangan, ammo oʻsha suvning 2 foizigina ichish uchun yaroqli.

Biologiya: birgina inson tanasida 37 million hujayra yashaydi.

Darsni vaziyat yoki muammoni oʻrtaga tashlash bilan boshlash o‘quvchilarni dars davomida faol boʻlishga undaydi. Bu usul oʻquvchilarga oʻzini maksimal darajada mavzuga yaqin his qilishiga yordam beradi:

Geografiya: tasavvur qiling, darada yurganingizda yoʻlni yoʻqotdingiz, nima qilasiz?

Biologiya: agar hamma daraxtlarni kesib tashlasak, hayotimizda qanday oʻzgarishlar boʻladi?

Adabiyot: sizdan kimdir osmonning oxiri qayerda deb soʻrasa, nima deb javob berasiz?

Darsning kirish qismida oʻquvchilarga bugun nimani oʻrganishi va dars oxirida qanday bilim, koʻnikmalarni egallashi kerakligi haqida qisqacha tushuntirish muhimdir. Bu oʻquvchilarga dars ahamiyatini anglashga yordam beradi. Masalan, “Bugungi darsimizda Pifagor teoremasini amalda qoʻllashni oʻrganamiz va bu qanday masalalarni yechishga yordam berishini bilib olamiz”, deyish mumkin.

Kirish bosqichida oʻqituvchi oʻquvchilarning mavjud bilim va tajribalarini eslatishi ham lozim. Yaʼni avvalgi mavzularga oid savollar berishi, oʻquvchilar nimani eslab qolganini soʻrashi mumkin. Yoki raqamli texnologiyalar orqali qisqa oʻyin tashkillasa ham boʻladi.

Asosiy qism

Bu qism darsning mazmuni va maqsadlariga yetaklovchi eng muhim bosqich hisoblanadi. Bosqichda oʻquvchilar yangi bilimlarni oʻzlashtiradi. Mavzuni chuqurroq oʻrganadi va oʻzlashtirgan bilimlarini amaliyotda qoʻllash imkoniga ega boʻladi. Darsning asosiy qismi rejalashtirilganda

– oʻquvchilarning faol ishtirokini taʼminlash,

– mavjud bilimlarini kengaytirish,

– maʼlumotlarni ularning ongida mustahkam joylashishini nazarda tutishga eʼtibor qaratiladi. 

Asosiy qismni samarali tashkil qilishda quyidagi elementlarga diqqat qaratish lozim:

Yangi bilim va maʼlumotlarni taqdim qilish. Asosiy qismni oʻqituvchi yangi mavzuni tushuntirish, asosiy tushunchalarni ochib berish bilan boshlaydi. Yangi bilimlarni berishda qisqa, lekin tushunarli, mantiqiy izohlardan foydalanish kerak boʻlsa, vizual materiallar (slayd, grafik, jadval, video)dan foydalanish tavsiya etiladi.

Oʻquvchilarning faolligini taʼminlash. Darsning asosiy qismida oʻquvchilar faqat tinglovchi boʻlib qolmasligi kerak. Balki ular mavzuni oʻzlashtirish jarayonida faol ishtirok etishi muhim. Buning uchun turli interfaol usullardan foydalanish mumkin:

Guruh boʻlib ishlash. Oʻquvchilarni kichik guruhlarga ajratib, ularga mavzuga oid topshiriqlar yoki muammolar berish samarali usullardan biridir. Masalan, tarix darsida “Jahon urushi davridagi yirik shaharlarning ahvoli” mavzusida har bir guruh alohida shaharni o‘rganib, boshqalarga taqdimot qilishi mumkin. Mana bu maqoladan guruhlarga boʻlib, dars oʻtish haqida batafsil bilib olsangiz boʻladi.

Savol-javob, muhokama. Har bir tushuncha yoki yangi maʼlumot taqdim etilganidan soʻng oʻquvchilarga savollar berish va muhokamaga tortish kerak. Bu orqali ularning mavzuni qanchalik tushunayotganini nazorat qilish, vaziyatga qarab chora koʻrish mumkin.

Qisqa qilib aytganda, siz yangi mavzuni tushuntirayotgan vaqtda oʻquvchilar uzoq vaqt boʻsh qolmasligi lozim. Ular jarayonda ishtirok etishi shart.

Mavzuga oid amaliy mashgʻulotlar. Amaliy mashgʻulotlar oʻquvchilarga nazariy bilimlarni qoʻllash imkoniyatini yaratadi. Bu ularning mavzuni chuqurroq anglashi va qiziqish bilan ishtirok etishiga yordam beradi. Amaliy mashgʻulot deganda bilimni qoʻllash mumkin boʻlgan vaziyat, topshiriq yoki oʻyin nazarda tutiladi. Masalan, hujayra tuzilishi tushuntirilganda oʻquvchi hujayra qismlari roliga kirib, ularning faoliyatini yanada ochib berishi mumkin.

Yakuniy qism

Darsning yakuniy qismini hosilni yigʻish bosqichiga oʻxshatish mumkin. Bunda oʻquvchilarning oʻzlashtirishi sarhisob qilinadi, baholanadi, mavzuning muhim nuqtalari qayta takrorlanadi, umumlashtiriladi. Eng oxirida oʻqituvchi oʻziga dars uchun belgilagan natijalarga erishgani haqidagi savolni beradi. Yakuniy qism oʻquvchilarning diqqatini toʻplash va oʻz bilimlarini mustahkamlashga yordamlashadi.

Yakuniy qismda dars davomida oʻrganilgan asosiy tushunchalarni qisqacha xulosa qilish darsning mazmunini mustahkamlash uchun muhim. Bu o‘quvchilarga darsdan chiqarilgan asosiy xulosalarni eslash va tushunchalarni yanada yaxshiroq anglash imkonini beradi. Masalan, Ikkinchi jahon urushi haqidagi mavzuda oʻqituvchi urushni keltirib chiqargan sabablarni qayta takrorlab, oʻquvchilarning munosabatini soʻrashi mumkin. Yoki fotosintez mavzusi o‘tilgan bo‘lsa, jarayonning asosiy bosqichlarini qayta eslatib, o‘quvchilarga qaysi bosqichda nima sodir bo‘lishini tushuntirishni topshirsa ham boʻladi.

Dars yakunida o‘quvchilar o‘zlashtirgan bilimlarini ko‘rsatishi uchun kichik test yoki qisqa savol-javob oʻtkazish orqali tushunish darajasini baholash muhim. Buni qiziqarli tarzda amalga oshirish haqida mana bu maqolamizda batafsil yozganmiz. Guruh boʻlib bajarilgan ishlarni baholash haqida esa bu yerda oʻqishingiz mumkin.

Yakuniy qismda oʻqituvchi darsning boshida qoʻyilgan maqsadlarga erishildimi, yoʻqmi, shuni baholaydi. Bu oʻquvchilar bilan birgalikda yoki oʻqituvchining oʻzini savolga tutishi tarzida kechishi mumkin. Oʻquvchilar bilan bogʻliq holda dars boshidagi kutilmalar ularda paydo boʻlgani yoki yoʻqligini oʻzlaridan soʻrash, isbotlab berish bilan bilib olsa boʻladi.

Yakuniy qismda oʻqituvchi mavzuni mustahkamlash va bilimlarni kengaytirish uchun uyga vazifa beradi. Vazifa oʻquvchilar uchun yangi bilimlarni amalda qoʻllash yoki mavzuni yanada chuqurroq oʻrganish imkonini yaratishi lozim. Yaʼni darsda x+1=7 tenglamasini yechish usullari oʻrganilgan boʻlsa, vazifaga shunga oʻxshash 10 ta misol berishdan foyda yoʻq. Masalan, fizikada gravitatsiya mavzusi oʻtilgan boʻlsa, oʻquvchilarga hodisaning hayotimizdagi oʻrni haqida kichik maqola, taqdimot yoki rolik tayyorlashni topshirish mumkin. Yoki biror filmda gravitatsiya qonuni buzilgan holat boʻlsa, topib kelishni soʻrasa ham boʻladi. Bundan tashqari, gravitatsiya haqida turli manbalardan maʼlumot yigʻib kelishni soʻrash ham yaxshi usul. Demak, uyga vazifa sinfda bajarilgan ishni takrorlamasligi, qiziqarli boʻlishi muhim omil.

O‘quvchilardan dars haqida mulohaza va fikrlarini so‘rash orqali ham dars samaradorligini baholash mumkin. Bu usul orqali o‘qituvchi o‘z faoliyatini tahlil qiladi va keyingi darslar uchun zaruriy takomillashtirish choralarini o‘ylaydi. Masalan, oʻquvchilarga “Bugungi dars nimasi bilan qiziq boʻldi? Qaysi topshiriqlar yoqdi?” kabi savollar bilan yuzlanish mumkin.

Qoʻshimcha resurslardan foydalanish

Darsda qoʻshimcha resurslardan foydalanish o‘quv jarayonini boyitadi, o‘quvchilarning e’tiborini jalb qiladi va mavzuni tushunishni osonlashtiradi. Bunday resurslar darsga qizgʻinlik va interaktivlik qo‘shadi. Murakkab tushunchalarni ko‘rgazmali qilib tushuntirishga yordam beradi va o‘quvchilarning oʻrganishga boʻlgan ishtiyoqini oshiradi. Quyida shunday resurslarning ayrimlari haqida maʼlumot beramiz:

Vizual resurslar: slaydlar, grafikalar, diagrammalar va jadvallar. Geografiya darslarida sunʼiy yoʻldosh tasvirlaridan foydalanish, tarixda virtual muzeylarga sayohat uyushtirish mumkin.

Audiovizual resurslar: videolar, animatsiyalar, audioyozuvlar. Masalan, Nyuton qonunini tushuntirib, amalda koʻrsatib beradigan video yoki animatsiyani qoʻyib berish bunday resurslardan foydalanishga misol boʻla oladi.

Interfaol usullar: oʻyinlar, onlayn testlar, simulyatsiyalar. Kimyo darslarida onlayn kimyo laboratoriyasi orqali turli vaziyatlarning simulyatsiyasini amalga oshirish mumkin. Informatika darslari uchun ham simulyatorlarni topsa boʻladi.

Bosma materiallar: qoʻllanma, tarqatma material, qogʻozga chiqarilgan grafik. Tarix darsida asosiy tarixiy voqealar, sana va xaritalarni o‘z ichiga olgan grafik tarqatma materiallarni berish, qahramonlarning xarakteristikasi ochib berilgan jadval yoki tasvirni oʻquvchilar qoʻliga tutqazish ana shunday bosma materiallarga misol boʻladi.

Yakuniy xulosa sifatida aytganda, samarali dars bu – o‘quvchilarni bilim olish jarayoniga faol jalb qilish va ularda qiziqish uyg‘otish sanʼatidir. O‘qituvchilar mavzuga mos usullar va resurslardan foydalangan holda darslarni nafaqat samarali, balki o‘quvchilar uchun qiziqarli va esda qolarli oʻtkazishi mumkin.

Bular barchasi umumiy tavsiyalar ekanini unutmang. Tavsiyalarni har doim oʻz sinfingizga moslashtirishga harakat qiling. Chunki har bir sinf oʻziga xos yondashuvni talab qiladi. Moslashtirish uchun har bir darsingizni 5–10 daqiqa sarflab tahlil qilishga harakat qiling. Qaysi metodlar ish berdi-yu, qaysilari sinf uchun mos boʻlmadi? Nimalarni yanada yaxshilash mumkin ekan? Qanday xatolarga yoʻl qoʻydingiz? Bu xatoni nima keltirib chiqardi? Ushbu savollarga javob berish orqali darsingizni yanada samarali tashkillay olasiz.

Maqola haqidagi fikrlaringizni oʻzimizga yoki muhokama guruhiga yozishingiz mumkin.

#Ochiq dars
Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
https://assets.mohirdev.uz/others/1e790de6-3323-4fe0-8f06-5c9f6b1256a6.original.jpeg

Shokir Tursun | Ochiq dars