Asosiy kontentga o'tish
Boshqalar

Dasturlash uchun qanday kompyuter tanlagan maʼqul?

Kompyuterni mustaqil ravishda yigʻmoqchi boʻlsangiz, nimalarga eʼtibor berishingiz kerak?

Kompyuter tanlash masalasi oʻqish paytidayoq paydo boʻladi. Yangi boshlayotgan dasturchi eski noutbuki yangi yuklamalarga dosh berolmasligi va “sekinlashayotganiga” duch keladi. Bu oʻqishni qiyinlashtiradi va natijalariga taʼsir qiladi. Biz esa buning yoʻlini topdik. Dasturlash uchun qanday kompyuter kerakligi toʻgʻrisida maʼlumot toʻpladik, mutaxassislardan soʻrab bildik va natijalarni siz bilan boʻlishmoqchimiz.

Dasturlash uchun qanday kompyuter kerak boʻladi?

Noutbuk va kompyuterning xususiyatlariga qoʻyiladigan talablar bir xil, shuning uchun tanlov xohishingizga bogʻliq. Noutbuk harakatda boʻlishni yoqtiradigan dasturchilarga mos keladi: Balida masofadan turib ishlashni orzu qilsangiz, uni oling. Agar sevimli oʻrindigʻingizni, qahva xoʻplab oʻtirish mumkin boʻlgan doimiy ish joyini afzal koʻrsangiz, unda tanlovingiz statsionar kompyuterda dasturlashdir.

Stol usti kompyuterining asosiy afzalliklaridan biri shuki, tizim blokini oʻz ehtiyojlaringizga koʻra mustaqil ravishda yigʻish imkoniyati mavjud. Bunday kompyuterni yangilash osonroq: agar operativ xotira yetarli boʻlmay qolsa, uni osongina “kaput ostiga” qoʻshish mumkin. Bundan tashqari, ishdan chiqqan qismlarni ham qiyinchiliksiz almashtirish mumkin. Ammo qoʻyiladigan “temir-tersak”ning qolgan qismlarga mosligini yodda tutish muhim: baʼzida zamonaviy elementlar eskilari bilan yaxshi kelishmaydi. Bu esa kompyuter ishini sekinlashtiradi.

Noutbuk konstruksiyasi esa loyihalash va yigʻishda ishlab chiqaruvchi komponentlarning bir-biriga mosligini tekshiradi. Apple kompaniyasi optimal konfiguratsiyani tanlab, oʻz kompyuterlari uchun “temir-tersak”ni maxsus buyurtma beradi.

Dasturlash uchun kompyuter kuchli, ishlatish uchun qulay va kamida 16 Gb operativ xotiraga ega boʻlishi kerak. Men tanlash uchun koʻp vaqt sarflamadim, boshqa variantlarni deyarli koʻrib chiqmasdan darhol Mac oldim. Huaweiʼning yaxshi modellari borligidan xabarim bor, lekin ularni oʻzim ishlatib koʻrmaganman. Dasturlashni boshlaganimda eski kompyuterimni deyarli darhol MacBookʼga oʻzgartirdim va boshqalarga ham shuni tavsiya qilaman.

Ammo oʻqish va ish boshida MacBook sotib olish uchun pulingiz yetarli boʻlmasa, xafa boʻlmang. Zamonaviy noutbuklarning aksariyati dasturlashni oʻrganish va karyeraning dastlabki bosqichlari uchun yetarli boʻladi. Ular yetarli quvvat va operativ xotiraga ega. Maʼlumotlarni saqlashga ham eʼtibor bering: SSD-diskka ega modelni oling, shunda ish vaqtida kechikishlar qattiq diskka qaraganda kamroq boʻladi. Qattiq disk kompyuterni yuklash va maʼlumotlarni uzatishni tezlashtiradi. Dasturlashni qoʻlingizda mavjud oddiy noutbukdan boshlang yoki imkoniyatingiz yetadigan eng kuchli variantni sotib oling.

Dasturchi uchun kompyuter: shaxsiy tajriba

Denis Krilov

Yandex kompamiyasida dasturchi 

Men ish uchun ikki marta kompyuter sotib olganman:

  • 2019-yilda ham ishlash, ham oʻynash uchun;

  • 2022-yilda faqat ish uchun.

“Ish uchun” videokartasi uncha kuchli boʻlmagan kompyuter, faqat eski oʻyinlarnigina koʻtara oladi. Biroq bu ultrabook — chiroyli, yengil, batareyasi uzoq vaqt ishlashga yetadi. Talabim ikkita edi: yangi yaxshi protsessor va kamida 16 Gb operativ xotira. Bu ikkalasi dasturlash uchun asosiy parametrlar, qolganlari esa bonuslar.

Dastur yigʻilishini kamroq kutish uchun dasturlashga moʻljallangan protsessor yaxshi boʻlishi kerak. Frontenddan tashqari deyarli hamma joyda tezkor yigʻilishlar unchalik rivojlanmagan. Taqqoslash uchun, dasturni Mac M1ʼda yigʻish uch soniya, eski avlod Intel Core i5ʼda esa 20–30 soniya davom etishi mumkin. Bu orqali kuniga oʻn martalab qayta yigʻganingizda vaqtni tejaysiz, shuningdek, yarim daqiqa kutmaslik psixologik jihatdan osondir. Ayrim joylarga oʻzgarishlar kiritish mumkin boʻladi va yoʻl qoʻyilgan xato unchalik qimmatga tushmaydi.

Operativ xotira boʻlishi shart. Zamonaviy ilovalarga u juda ham kerak: dasturlash muhiti va brauzerda 20–30 ta sahifa ochilganda 8 Gb yetmasligi aniq. Albatta, bu operatsion tizimga ham bogʻliq, ammo menda hozir tejamkor hisoblangan Ubuntuʼda oddiy ish muhiti ochiq, bu esa 19 Gb operativ xotira degani.

Qolganlari ish uchun ikkinchi darajali masala. Masalan, ish masalasida koʻp gaplashish kerak boʻlsa, uzoq vaqtga yetadigan batareya va yengil qurilma ajoyib variant. Rozetkaga bogʻlanib qolmasdan boshqa joyga koʻchib oʻtish mumkin, kompyuterni olib yurish ham qiyinchilik tugʻdirmaydi. Videokartaga ega “universal” noutbukni ham olish mumkin — bu ham arzon, ham qoʻpol. Ammo iloji boʻlsa, bunday qilmagan maʼqul:

  • qurilmalar ogʻir boʻladi. Avvaliga bu qiyinchilik tugʻdirmasligi mumkin, ammo bir necha yil ichida sezilarli darajada charchatadi;

  • bir mashinada ishlash, qolganlarini esa boshqasida bajarish foydalidir. Bu biroz chalgʻishga va ish muhitiga virus tushirmaslikka yordam beradi.

Bularning barchasi mening ishim, yaʼni biznes-ilovalarni dasturlash uchun muhim. Data Science uchun ham, oʻyinlarni ishlab chiqish uchun ham boshqa talablar mavjud.

Platforma uchun moʻljallangan loyihalar ham uchrashi mumkin. Masalan, iOS ilovasi uchun Apple kompyuteri kerak, u boʻlmasa hatto React Native yoki Flutterʼda yozishning ham foydasi yoʻq.

Dasturlash uchun qaysi operatsion tizim yaxshiroq ekanini aytish qiyin. Bu borada tavsiyam yoʻq: Windowsʼdan ham, Ubuntuʼdan foydalanganman. Ikkala operatsion tizim ham ish uchun mos keladi. Windows bilan hech bir muammo boʻlmagan. Ubuntuʼning salbiy tomoni bor — unchalik barqaror boʻlmagan OT, bagi koʻp. Ammo, boshqa tomondan, juda koʻp serverlar ishlaydigan tizimdan foydalanasiz, foydadan holi boʻlmaydigan Linuxʼning bazaviy tizim administratorligi koʻnikmalariga ega boʻlasiz.

Dasturchi mustaqil ravishda shaxsiy kompyuterni qanday yigʻishi mumkin?

Nazariy jihatdan AyTi mutaxassis uchun bazaviy konfiguratsiyadagi qurilma yetarli, chunki isteʼmol qilinadigan quvvat jihatidan kod yozish matn yozishga tengdir. Ish unumdorligi yuqori tizim bloki yozilgan dasturlarni tez va toʻgʻri sozlash uchun kerak.

Protsessor

Eng muhim komponent: xususiyatlari kodni kompilyatsiya qilish tezligi va sifatiga, dasturlash muhitining ishlashiga taʼsir qiladi. Bozordagi kompyuter, noutbuk va serverlar uchun protsessorlarning ikkita asosiy ishlab chiqaruvchisi Intel va AMD hisoblanadi. Birinchisi ishdagi vazifalarni bajarishga koʻproq mos keladi, ikkinchisining esa narx va xususiyatlar nisbatan yaxshiroq. Agar mutaxassis faqat kod bilan ishlasa, unchalik katta farq sezilmaydi.

Protsessorni tanlashda xususiyatlariga eʼtibor berish lozim:

  • yadrolar soni qanchalik koʻp boʻlsa, shuncha yaxshi. Arzon narxga 6 va 8 yadroli protsessorlarga ega modellarni topish mumkin. Ular dasturchi talablarining aksariyatiga juda mos keladi. 4 yadrodan kam tizim bloklarini sotib olishning hojati yoʻq;

  • axborot oʻtadigan tarmoqlar (potok) soni yadrolar qanchalik samarali ishlashini koʻrsatadi. Bitta yadro uchun ikkita tarmoq boʻlgani maqsadga muvofiqdir. Masalan, 6 yadroli protsessorda 12 ta tarmoq boʻlishi kerak (ular mantiqiy yadrolar deb ham ataladi);

  • protsessor chastotasi qanchalik katta boʻlsa, shunchalik samarali boʻladi. Koʻpgina dasturchilar uchun 3–4 GHz li qurilmalar yetarli boʻladi;

  • agar oʻrnatilgan videoyadro mavjud boʻlsa, protsessor videokarta rolini bajaradi. Ammo bu imkoniyat faqat bazaviy vazifalar uchun yetarli boʻladi. Agar murakkab grafikalar bilan ishlaydigan boʻlsangiz, alohida videokarta sotib olishingiz kerak;

  • issiqlik ajratishi (TDP) qanchalik yuqori boʻlsa, sovutish tizimi shunchalik murakkab boʻlishi kerak. TPDʼsi 100 W gacha boʻlgan variantlarni tanlang.

Kuler

Butun tizimni, lekin, birinchi navbatda, protsessorni sovutadi. Baʼzi kompyuter modellarida kuler oʻzida boʻladi. Issiqlikni tarqatuvchi quvvati yetarli, ammo zoʻrma-zoʻraki.

Alohida qoʻyiladigan kulerlarning har xil turlari: oddiy ventilyatorlar, issiqlikni qoʻshimcha ravishda chiqarishga moʻljallangan naychalar va metall plastinkalarga ega murakkab tizimlar bor. Shuningdek, oʻziga xos korpus dizayni va yoritmalarga ega kulerlar ham bor, ammo bu sovutish sifatiga taʼsir qilmaydi.

Protsessorning issiqlik tarqatishiga eʼtibor berish kerak. Tarqatish quvvati protsessorning TDPʼsidan kamida 30% koʻproq boʻlishi kerak. “Qancha yuqori boʻlsa, shuncha yaxshi” qoidasi amal qiladi.

Oʻlchamlarni hisobga oling. Katta hajmli kulerlar kichik korpusga sigʻmasligi mumkin, parragi juda yuqori tezlikda aylanadigan modellar esa shovqin chiqaradi va ish paytida halaqit beradi.

Operativ xotira

Xotiraning umumiy miqdori va ishlash chastotasiga eʼtibor berish kerak. Koʻrsatkichlar qanchalik yuqori boʻlsa, shuncha yaxshi. Dasturchi kompyuteri uchun DDR3 yoki DDR4 belgilariga ega qurilmalarni tanlash tavsiya etiladi. Xotira hajmini modullarga boʻlish mumkin. Masalan, bitta 16 Gb modul yoki ikkita 8 Gb modulni oʻrnatish mumkin.

Birgalikda ishlaydigan bir nechta modul bittaga qaraganda yaxshiroq ish unumdorligini taʼminlaydi. Ammo ular ish chastotalari, hajmi va taymingi boʻyicha bir xil boʻlishi kerak. Aks holda salohiyati toʻliq namoyon boʻlmaydi.

Ona plata (materinka)

Yigʻish paytida ona plataga kompyuterning asosiy elementlari: operativ xotira, sovutish tizimi, protsessor, videokarta, baʼzan disklar uchun ham sovutish tizimi oʻrnatiladi. Ona plataning kattaligi unga ulanishi mumkin boʻlgan komponentlar soniga taʼsir qiladi.

Soketi protsessor soketiga mos kelishi kerak. Aks holda uni ona plataga ulab boʻlmaydi. Shuningdek, operativ xotira, PCI-E uchun moʻljallangan ulagichlar soniga eʼtibor bering. Nechta videokarta va operativ xotira oʻrnata olishingiz shu koʻrsatkichga bogʻliq.

Qoʻshimcha xususiyatlari: bluetooth, oʻrnatilgan Wi-Fi modullari, M.2 formatidagi SSD-disk uchun slotlar mavjudligiga qarang.

Quvvat manbai

Bu yerda faqat yetkazib beriladigan quvvatga eʼtibor berish kerak. U komponentlar quvvat sarfining umumiy miqdoridan koʻproq boʻlishi kerak. Oʻrtacha ish unumdorligiga ega tizimlar uchun 500-700 W li quvvat manbai yetarli.

Korpus

Korpusga boʻlgan asosiy talab kuler va ona plata xususiyatlarida tavsiya etilgan oʻlchamlarga mos kelishidir. Modellarning aksariyati standart oʻlchamlarga ega, shuning uchun tanlov bilan bogʻliq muammolar boʻlmasligi kerak.

Oʻrnatilgan quvvat manbaiga ega korpuslar bor, ammo oʻz ehtiyojlaringiz uchun mosini sotib olganingiz yaxshi.

Planshetda dasturlash: bunga hojat bormi?

Planshetdan baʼzan foydalanish mumkin. Ammo hatto kuchli va zamonaviy boʻlgan mobil qurilma ham cheklovlar qoʻyadi:

  • planshetning ekran oʻlchami oʻrtacha noutbuknikidan kichikroq boʻladi. Hatto bunday qurilmalar orasida eng kattasi hisoblangan Samsung Galaxy Tab S8 ham atigi 14,6 dyuym diagonalga ega;

  • klaviatura ekranning bir qismini yopgani sababli tez yozishga imkon bermaydi. Shu sababdan dasturlash uchun qoʻshimcha ravishda tashqi klaviatura sotib olish kerak boʻladi;

  • mobil qurilmalarda barcha dasturlash tillari uchun IDE mavjud emas;

  • fayl tizimi, Githubʼdagi repozitoriylarga kirish bilan bogʻliq muammolar yuzaga kelishi mumkin.

Agar sayohatga ketayotgan boʻlsangiz va u yerda kichik vazifalarni bajarishni rejalashtirayotgan boʻlsangiz, oʻzingiz bilan planshetingizni oling. Jiddiy ish uchun noutbuk yoki statsionar kompyuterni tanlagan maʼqul.

Xulosa oʻrnida

Eʼtibor qaratish kerak boʻlgan asosiy parametrlar:

  • zamonaviy kuchli protsessor;

  • kamida 16 Gb operativ xotira;

  • qattiq disk oʻrniga qattiq tanali SSD.

Qolgan xususiyatlar koʻproq shaxsiy istaklar va ish turiga bogʻliq:

  • agar tez-tez joyingizni oʻzgartirishga toʻgʻri keladigan boʻlsa, masalan, uy va ofis oʻrtasida — sifatli batareyaga ega yengil va ixcham noutbuk oling;

  • agar kodni katta ekranda koʻrish qulayroq boʻlsa, yetarlicha diagonalga ega noutbuk, yaxshi monitorga ega statsionar kompyuterni tanlang yoki noutbukka tashqi monitor ulang;

  • agar iOS uchun xizmatlarni dasturlasangiz, sizga MacBook kerak;

  • agar kompyuter oʻyinlarni dasturlash uchun zarur boʻlsa, ish unumdorligi yuqori, zamonaviy videokartaga ega modellarga eʼtibor qarating;

  • istalgan vaqt kompyuterni ehtiyojlaringizni hisobga olgan holda mustaqil yigʻishingiz mumkin.

Boshlanishida zamonaviy “ofis” noutbuki yetarli boʻladi: “doda” (“krutoy”) mashinaning yoʻqligi AyTidagi karyera uchun toʻsiq boʻla olmaydi.

Toza kod doimo hamrohingiz boʻlsin!

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
Skillfactory Media

Skillfactory Media

O'xshash maqolalar