DevOps muhandis kim: dasturchi, tizim adminstratori yoki ikkalasi hammi?
Bu kasb kimlarga mos kelishini, ular nimalarni bilishi kerakligini va yana qanday qilib bunday mutaxassis boʻlish mumkinligini koʻrib chiqamiz.
Musiqada orkestr dirijyori bor. U har bitta musiqa asbobini mohirona chala olmasa ham, ulardan birgalikda qanday uygʻunlik chiqishini tushunadi. Dasturiy taʼminot ishlab chiqishda esa bu vazifani DevOps muhandis bajaradi. U jamoalarga bir butun boʻlib ishlashga yordam beradi, boʻlimlar orasidagi toʻsiqlarni olib tashlaydi. Yana mahsulotlarni tez-tez va ortiqcha qiyinchiliklarsiz chiqarishga imkon yaratadi.
Keling, DevOps muhandis aniq nimalar qilishini koʻrib chiqamiz. DevOpsʼchilar kimga kerak, unga qancha haq toʻlashga tayyorlar va kasbdagi istiqbollar – barchasi haqida.
DevOps muhandis kim
DevOps muhandis hamma narsani oz-mozdan biladigan, lekin hech narsani uddalay olmaydigan universal mutaxassis emas. Bu koʻproq dasturchi va tizim adminstratori qobiliyatlarining uygʻunlashib ketishiga oʻxshaydi. Yaʼni bir vaqtning oʻzida har ikkala kasbning rivojlanishi va ulardan biroz chetga chiqish.
DevOps mutaxassisi alohida dasturlash yoki tizim boshqaruvi vazifalarini bajarmaydi. Balki AyTi kompaniyalarda dasturiy ta’minot, mobil ilovalar va veb-saytlar ishlab chiqishning butun jarayonini tezlashtirib beradi. U dasturchilar, testlovchilar va tizim administratori vazifalarini tushunadi, ularning birgalikda samarali ishlashiga va jarayonlarni avtomatlashtirishga yordam beradi. Shunda yangi mahsulotlar tezroq chiqariladi va mavjudlari tez yangilanadi.
Tasavvur qiling, bir kompaniya oziq-ovqat yetkazib berish ilovasini ishlab chiqyapti va unga karta bilan toʻlov qilish funksiyasini qoʻshmoqchi. Bunday vaziyatda aynan DevOps muhandis bu kodni xavfsiz tarzda testdan oʻtkazishi va ishchi serverlarga uzluksiz koʻchirishi mumkin boʻlgan avtomatik jarayonni sozlaydi. Relizdan keyin ilovada xatolik yuz bersa, u jamoaga zarur tuzatishlarni tezda kiritish va yangilangan versiyani chiqarishda yordam beradi.
DevOps muhandis nimalar bilan shugʻullanadi
Dasturiy taʼminot va saytlarni ishlab chiqish jarayoni hech qachon tezda amalga oshmagan. Bunga sabablardan biri: dasturchilar, testlovchilar va tizim adminstratori oʻrtasida doimo devor boʻlgan va vaqti-vaqti bilan kod boʻlaklarini bir-biriga oshirib yurishgan.
Devorning narigi tomonida nima boʻlayotganini hech kim tushunmasdi. Dasturchilar testlovchi va tizim adminstratori qanday muammolarga duch kelayotganini bilmasdi. Testlovchilar kodlarni testdan oʻtkazish qiyin boʻlgani uchun dasturchilardan norozi boʻlardi. Tizim adminstratori esa hammani tanqid qilardi: chunki xatolarni tuzatish vaqt olardi, yangilanishni esa kechayoq chiqarish kerak edi.
Bularning barchasi dasturiy taʼminotni yaratish uchta alohida jarayonga boʻlingani sabab yuzaga kelardi:
Dasturchilar kod yozib, vaqti-vaqti bilan tayyor katta qismlarni testlovchilarga topshirardi.
Testlovchilar dasturchilar topshirgan narsalarni testdan oʻtkazardi. Agar biror narsa notoʻgʻri ishlasa, xatoliklar haqida hisobot qilib, ularni bitta toʻplamda dasturchilarga qaytarib yuborardi.
Tizim adminstratorlari testdan oʻtgan ishchi kodni olib, uni foydalanuvchilar ishlatadigan holga keltirardi. Yaʼni kompaniya serverlariga joylashtirib, yangi ilova yoki yangilanishni ishga tushirardi.
Vaziyatni maʼlum darajada yaxshilash uchun AyTi sanoatining aqlli mutaxassislari ishlab chiqishni yagona jarayonga birlashtirish gʻoyasini ilgari surdi. Ular jarayonlarni qayta ko‘rib chiqib, yangi ishlab chiqish standartlarini yaratdi va natijada bu avval metodologiyaga, keyin esa butun bir madaniyatga — DevOps’ga aylandi.
Atama ikkita inglizcha soʻzdan tashkil topgan: development (ishlab chiqish) va operations (boshqaruv). Mohiyatan DevOps dastur ishlab chiqishni uzluksiz jarayonga aylantiradi. Hatto dasturlarning kichik qismlari ham avtomatik tarzda testdan oʻtkaziladi. Dasturchilar esa ularni qo‘lda test qilish va foydalanuvchilarga ishga tushirish uchun qulay shaklga keltiradi. Tizim adminstratori esa xatoliklar va foydalanuvchilarning takliflari boʻyicha toʻgʻridan toʻgʻri dasturchilarga murojaat qilishi mumkin. Shunda ular tezda yangi kod yozib, muammoni hal qiladi.
Bularning barchasini hal qilish uchun DevOps muhandisi kasbi vujudga keldi. Uning asosiy vazifasi kompaniyadagi ishlab chiqish jarayonini DevOps metodologiyasiga muvofiq amalga oshirishdan iborat. Buning uchun u quyidagilarni bajarishi lozim:
dasturchilar, testlovchilar va tizim adminstratorlari oʻrtasida muloqotni yoʻlga qoʻyish. Ular bilan bir tilda gaplashish, muammolarini tushunish, hech boʻlmaganda ularning vositalari bilan ishlashni bilish;
jarayon vositalarini sozlash (kod repozitoriysi, CI/CD tizimlari, avtomatlashtirilgan test vositalari, ilovalarni konteynerlash vositalari);
ishlab chiqish jarayonini doimiy ravishda kuzatib borish. Barcha xodimlarning yangi vositalarni oʻzlashtirishiga koʻmaklashish, avtomatik tizimlarni yangilab turish va yana nimalarni soddalashtirish hamda avtomatlashtirish mumkinligini oʻylab topish.
DevOps muhandislarni kimlar ishga oladi
Bugungi kunda DevOps ishlab chiqish jarayonining standartiga aylangan. Usiz AyTi mahsulotlarni tezda chiqarish imkonsiz – raqobatchilar ancha ilgarilab ketishi va kompaniya daromadsiz qolishi xavfi bor. Shuning uchun DevOps metodologiyasining ahamiyatini tushungan va ishlab chiqish bilan bogʻliq boʻlgan har qanday tashkilot DevOps muhandislarni ishga olishga intiladi.
Bunday kompaniyalarni uch guruhga boʻlish mumkin:
AyTi kompaniyalar. Ular asosan dastur, ilova va veb-saytlar bilan daromad topadi. Yaʼni dasturiy taʼminot ishlab chiqish ularning asosiy faoliyat yoʻnalishidir. Google, VK, Uber, Booking, 1C, o‘yin ishlab chiqaruvchilar – bularning barchasi AyTi kompaniyalardir. Ular uchun DevOps juda zarur, chunki usiz asosiy mahsulotni samarali chiqarib bo‘lmaydi.
AyTi boʻlimiga ega oddiy kompaniyalar. Bu kompaniyalar asosan boshqa ishlar bilan shug‘ullanadi: kiyim sotadi, kredit beradi, uylar quradi. Lekin ularda sayt yoki mobil ilovalarni ishlab chiqadigan AyTi bo‘lim mavjud. Ozon, Sberbank, Lenta — bular ham sayt va ilovalari ustida ishlaydigan AyTi bo‘limiga ega oddiy kompaniyalar. Nazariy jihatdan ular DevOps’siz ham ishlashi mumkin, lekin bunday holda raqobatchilar ularni ortda qoldiradi, chunki ular ilovalarni tezroq chiqaradi va ko‘proq mijozlar e’tiborini qozonadi.
AyTi agentliklar. Bu boshqa kompaniyalar uchun buyurtma asosida ishlab chiqish bilan shugʻullanadigan korxonalardir. Masalan, kichikroq doʻkonlarga veb-sayt yoki ilova kerak boʻladi. Ammo bu ish uchun butun bir AyTi boʻlimni taʼminlay olmaydi va buni qilib beradigan AyTi agentlikka murojaat qiladi. Bunday kompaniyalarga DevOps mijozlar uchun ishni tezroq va sifatliroq bajarishga kerak bo‘ladi.
Yirik kompaniyalarda odatda dasturchilar, testlovchilar va tizim adminstratorlari jamoalari boʻladi. Shuning uchun DevOps dasturchini aynan metodologiyani joriy etish, barcha jarayonlarni sozlash va avtomatlashtirish uchun taklif qilishadi. Kichik kompaniyalarda esa bunday katta jamoa uchun mablagʻ yetishmaydi.
Shuning uchun koʻpincha tizim adminstratoridan DevOps muhandisi vazifalarini ham bajarishi — dasturchilarni qo‘llab-quvvatlashi va testlovchilarga yordam berishi kutiladi. Bu kichik kompaniyalarda odatiy holat hisoblanadi. Chunki ularda alohida DevOps va alohida tizim adminstratoriga yetadigan darajada vazifalar bo‘lmaydi.
Kasb istiqbollari
2025-yil yanvar oyida Research and Markets analitiklari DevOps bozori holati haqidagi hisobotni eʼlon qildi. Agar 2024-yilda bozor hajmi 12,54 milliard AQSh dollariga baholangan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2025-yilga kelib 15,06 milliardga yetishi kutiladi. Bu faqat boshlanishi, prognozlarga ko‘ra, 2029-yilga borib koʻrsatkich 38,11 milliardga yetadi, o‘sishning o‘rtacha yillik sur’ati esa 26% darajasida saqlanib qoladi.
DevOps bozorining oʻsishi koʻp jihatdan kompaniyalarning AyTi mutaxassislari va operatsion boʻlimlari oʻrtasidagi hamkorlikni yaxshilashga intilishi bilan izohlanadi. Masalan, Moskvadagi dasturchilar Qozondagi tizim adminstratorlari nima uchun ilovaning yangi versiyasini tezda ishga tushira olmasligini tushunmasligi mumkin. DevOps muhandislar bunday muammolarni hal qilishga va biznesning tez, jiddiy uzilishlarsiz ishlashini taʼminlashga yordam beradi.
Shu bilan birga, analitiklarning fikricha, eng yuqori maosh oladiganlar bulut texnologiyalarini boshqa zamonaviy vositalar bilan birga qo‘llay oladigan DevOps mutaxassislari bo‘ladi. Masalan, kundalik vazifalarni avtomatlashtirish uchun mashina oʻrganishi (ML) asosidagi tizimlar, ishlab chiqishni tezlashtirish uchun No-Code platformalari, shuningdek, moslashuvchan va masshtablanadigan yechimlar yaratish uchun voqealar asosidagi arxitekturalar.
Masalan, sunʼiy intellekt algoritmlari yordamida yuqori yuklamalarda resurslarni avtomatik masshtablashni sozlay oladigan DevOps muhandisi tizimni qo‘lda masshtablaydigan va muammolarni oldindan oldini ololmaydigan mutaxassisga qaraganda yuqoriroq baholanadi.
DevOps jahon bozorining o‘sish prognozi: 2025-yildagi 15,06 milliard dollardan 2029-yilda 38,11 milliard dollargacha, o‘rtacha yillik o‘sish sur’ati 26,1%
DevOps muhandisi nimalarni bilishi va qila olishi kerak
Kasb ikkita kompetensiya toʻplamini oʻz ichiga olgani uchun murakkab: ishlab chiqish va tizim boshqaruvi boʻyicha bilimlar talab qilinadi. Bir vaqtning oʻzida ikkisini oʻrganish oson emas. Shuning uchun agar siz oʻzi tizim adminstratori yoki dasturchi bo‘lsangiz, DevOps muhandisi bo‘lish ancha oson. Bu holda faqat ikkinchi yo‘nalishning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganish qoladi va ishni boshlash mumkin bo‘ladi.
Agar kasbni noldan boshlab oʻrganmoqchi boʻlsangiz, oldin tizim boshqaruvi yoki dasturlashni oʻrganib, biroz tajriba orttiring. Keyin esa aynan DevOps uchun zarur boʻlgan maxsus vositalarni oʻzlashtiring.
Har bitta DevOps mutaxassisi quyidagilarni bajara olishi kerak:
GitLab bilan ishlash, jamoaviy ish uchun maydon yaratish, versiyalar o‘rtasidagi ichki ziddiyatlarni hal qilish, CI/CD’ni sozlash, ya’ni kodga kichik o‘zgarishlarni uzluksiz kiritish va ilovalarni tezda ishchi serverlarda ishga tushirish imkonini beradigan konveyerni yo‘lga qo‘yish;
Pythonʼda dasturlash – bu avtomatlashtirish dasturlarini yozish va, umuman, dasturchilar ishining oʻziga xos xususiyatlarini tushunish uchun zarur;
Docker konteynerlari bilan ishlash. Bu konteynerlashni qoʻllab-quvvatlaydigan muhitlarda ilovalarni avtomatik joylashtirish va boshqarish uchun dasturiy taʼminot.
ishlab chiqarishning butun infratuzilmasini sozlash;
xizmatlar, serverlar va tarmoq uskunalari holatini Zabbix kabi vositalar yordamida kuzatish;
testdan oʻtkazishni avtomatlashtirish uchun vositalarni sozlash.
Boshqa kompetensiyalar DevOps mutaxassisi ishlaydigan kompaniyaga bogʻliq. DevOps mutaxassisidan Linuxʼni boshqarish, bulutli texnologiyalar bilan ishlash va virtualizatsiyani sozlash talab qilinishi mumkin. Ammo ish boshlash uchun asosiy koʻnikmalarning oʻzi yetarli boʻladi.
Bundan tashqari, yaxshi rivojlangan soft skillar ham kerak: analitik fikrlash, jarayonlarni tashkillash va avtomatlashtirishga xohish, mantiqiy fikrlash, barcha narsani tizimli koʻra olish qobiliyati. Bu skillar boʻlmasa, DevOpsʼni oʻzlashtirishning oʻzi qiyin boʻladi. Shuningdek, muloqotga kirishuvchanlik qobiliyati ham muhim. DevOps muhandisi dasturchilar, testlovchilar va tizim adminstratorlari bilan koʻp gaplashishiga toʻgʻri keladi. Ularga DevOps metodologiyasini oʻrgatishi, yechimlarini rahbariyatga taqdim etishi kerak. Shuning uchun bu muhim.
Ingliz tilini bilish foydadan holi emas. Koʻplab dasturlar uchun hujjatlar ingliz tilida yozilgan. Baʼzi muammolarga yechimni koʻpincha xorijiy saytlar va forumlardan topish osonroq boʻladi. Chunki u yerlarda DevOps madaniyati kuchliroq rivojlangan.
DevOps muhandisi uchun qanday oʻsish imkoniyatlari bor
Hatto ishni endi boshlagandayoq DevOps muhandislari yaxshi daromad topadi. Bu asosan DevOpsʼning dasturchi va tizim adminstratori karyerasidagi keyingi qadam hisoblanishi sababidan boʻladi. Garchi bu qadam biroz chetga tashlangan boʻlsa-da.
Kelgusida rivojlanish imkoniyatlari ham bor. Birinchi navbatda, o‘sish tajriba hisobiga bo‘ladi: DevOpsʼchi 3–5 yil ishlagach, unga yanada yuqori maoshli ish taklif qilinadi. Bu kasbda tajriba juda ham muhim. Chunki tajribali DevOps mutaxassisi ko‘p muammolarga duch kelgan bo‘ladi va hatto juda aqlli yangi boshlovchi ham o‘zini yo‘qotib qo‘yadigan noodatiy vaziyatlarda nima qilishni biladi.
Ko‘proq daromad olish uchun qo‘shimcha kompetensiyalarni rivojlantirish mumkin: bulutli infratuzilma qurishni o‘rganish, ma’lumotlar bazalari bilan ishlash, konteynerlarni orkestrlash tizimlari va yangi avtomatlashtirish vositalarini o‘zlashtirish. Keyinchalik o‘sish uchun aniq ko‘nikma yoki bilimlarni emas, balki noodatiy muammolarni hal qilish qobiliyatini va tajribani oshirish kerak bo‘ladi. Shunda DevOps mutaxassisini bu bilimlar foydali bo‘ladigan yirik kompaniyaga ishga olish ehtimoli yuqori bo‘ladi.
Ayniqsa, yirik kompaniyalarda butun boshli DevOps bo‘limlari bo‘ladi. Bunday joylarda oxirigacha borib boʻlim rahbari darajasiga koʻtarilishingiz mumkin — ya’ni butun kompaniya bo‘yicha ishlab chiqish yo‘nalishini belgilash vazifasini olasiz. Albatta, buning uchun boshqaruv ko‘nikmalari kerak bo‘ladi: jamoaga rahbarlik qilish, vazifalarni taqsimlash, ishlarni rejalashtirish va yechimlarni yuqori rahbariyatga taqdim eta olish.
Bularning barchasini qayerdan oʻrganish mumkin
Agar siz oʻzi dasturchi yoki tizim adminstratori boʻlsangiz, kasbni mustaqil oʻrganishga harakat qilishingiz mumkin. Buning uchun qoʻshni sohaning oʻziga xos xususiyatlarini oʻrganish, DevOps uchun zarur vositalarni oʻzlashtirish, avtomatlashtirish va konteynerlashni tushunish kerak boʻladi. Bu odatda tizim adminstratoriga osonroq boʻladi. Chunki DevOpsʼchidan dasturlash tillarini chuqur bilish talab qilinmaydi, ammo u AyTi infratuzilmasini yaxshigina tushunishi zarur.
Rivojlanishingizni kuzatish uchun roadmap.sh saytidan foydalanishingiz mumkin. Bu – DevOps muhandisi uchun kompetensiyalar xaritasi bo‘lgan manba. Unda o‘rganishga arziydigan barcha asosiy ko‘nikmalar jamlangan — operatsion tizimlar va tarmoqlar bilan ishlashdan tortib CI/CD, konteynerlashtirish, monitoring va bulut xizmatlarigacha. Siz nimalarni bilishingizni va nimani yaxshilash kerakligini ko‘rib chiqishingiz mumkin. Bundan tashqari, saytda har bir mavzu bo‘yicha bepul materiallarga havolalar ham bor.
Agar kasbni noldan o‘rganmoqchi bo‘lsangiz, asosiy qiyinchilik — juda ko‘p yangi material bo‘lishida. Shu sababli kurs tanlashni yoki sizga asosiy narsalarga e’tibor qaratishga yordam beradigan mentor topishni tavsiya qilamiz. O‘quv dasturini tanlayotganda unda amaliy topshiriqlar borligiga ahamiyat bering. Siz serverlarni sozlashni, Docker va Kubernetes bilan ishlashni, bulutli yechimlarni ishga tushirishni va boshqa ko‘p narsalarni o‘rganishingiz kerak bo‘ladi. Qancha ko‘p ko‘nikmaga ega boʻlsangiz, vakansiyalarga javob berish shuncha osonlashadi.
Qanday qilib DevOps muhandisi boʻlish mumkin
Yashirmaymiz – kasbga kirish yo‘li oson bo‘lmaydi. Ham serverlar, ham kod, ham avtomatlashtirish tizimlarini o‘rganishingizga to‘g‘ri keladi. Bu yerda bir xil vazifalar yoʻq: bugun ilovani avtomatik ishga tushirishni sozlasangiz, ertasiga yuklama oshgani sabab sekinlashgan ma’lumotlar bazasini optimallashtirish yo‘lini izlaysiz. Ammo aynan shu murakkablik DevOps muhandisi ishini shunchalik qimmatli qiladi.
Keling, fikrlarimizni bir joyga yigʻib, qanday qilib DevOpsʼchi boʻlish mumkinligini bosqichma-bosqich izohlaymiz:
Vakansiyalarni o‘rganing. hh.uz va boshqa platformalardagi e’lonlarni ko‘rib chiqing, ish beruvchilar ayni paytda qaysi ko‘nikmalarni talab qilayotganini tushunib oling. Bu sizga ustuvorliklarni to‘g‘ri belgilashga va ortiqcha mavzularga vaqt sarflamaslikka yordam beradi.
Ta’lim turini aniqlang. O‘zingiz mustaqil o‘rganasizmi, onlayn kursda o‘qiysizmi yoki ustoz bilan shug‘ullanasizmi, o‘ylab ko‘ring. Buni vaqtingiz, mablag‘ingiz va motivatsiyangiz darajasiga qarab tanlaganingiz maqsadga muvofiq.
Minimal ko‘nikmalar to‘plamini shakllantiring. Linux, tarmoqlar va serverlar bilan ishlash asoslarini o‘rganing, keyin Git, CI/CD, konteynerlar (Docker, Kubernetes) va bulutli platformalarga (AWS, GCP, Azure) o‘ting. Bu – sizning kasbda rivojlanishingiz uchun zarur bo‘lgan poydevordir.
Amaliy vazifalar ustida ishlang. Hozircha buyurtmalar yo‘q ekan, shaxsiy loyihalar yordamida ko‘nikmalaringizni mustahkamlang: saytning avtomatik joylashtirilishini sozlang, sinov ilovasini bulutga joylashtiring, monitoringni ulang. Bunday tajribani rezyume va suhbatlarda ko‘rsatish mumkin bo‘ladi. Bu bosqichda iloji boricha ko‘proq tipik vazifalarni qamrab olishga harakat qiling.
Noodatiy vaziyatlarda yechim topishni o‘rganing. Hodisalar tahlillarini o‘qing, hakatonlarda qatnashing yoki GitHub va boshqa o‘quv platformalaridagi real keyslarda o‘zingizni sinang. Sunʼiy intellekt va boshqa zamonaviy vositalarni ham unutmang — ularni loyihalaringizda qo‘llab ko‘ring, shunda doim talabgir mutaxassis bo‘lib qolasiz.
Yoki biroz kutsangiz, Mohirdev’dan yangilik ham chiqadi 😉
Manba: Кто такой DevOps-инженер: программист, сисадмин или всё сразу

