Boshqalar

Telegram’dagi akkauntlarni o‘g‘irlashning yangi sxemasi

Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish texnologiyalarini ishlab chiqaruvchi F.A.C.C.T. kompaniyasi firibgarlar Telegramʼda akkauntlarni oʻgʻirlash uchun yangi sxemadan foydalanishni boshlagani haqida xabar qildi.

Sxema qanday ishlaydi?

  1.  Foydalanuvchiga Telegramʼning yordam xizmati nomidan akkauntni oʻchirib tashlash uchun ariza tushgani haqida xabar keladi. Akkauntni saqlab qolish uchun esa havola orqali oʻtish soʻraladi.
  2.  Havola orqali oʻtgan foydalanuvchiga Telegram rasmiy sahifasiga juda oʻxshash sahifada maxsus formani toʻldirish soʻraladi.
  3.  Formada foydalanuvchi telefon raqami va raqamga yuborilgan kodni kiritish soʻraladi. Foydalanuvchi xato kod kiritganida, kodni qayta kiritish talab qilinadi. 
  4.  Kod toʻgʻri kiritilgan taqdirda esa foydalanuvchi akkaunti (va unga admin sifatida bogʻlangan barcha kanal va guruhlar) firibgarlar boshqaruviga oʻtadi.

Xakerlar Telegram akkauntlarni oʻgʻirlash manbalariga eltuvchi havolalarni shaxsiy xabarlarda tarqatgani sababli bunday fishing sahifalarning soni koʻp boʻlishi talab etilmaydi. Bitta faol resurs va avvalgisi bloklangan taqdirda zarur boʻladigan zaxira domen yetarli.


Bunday hujum qurboni boʻlmaslik uchun oʻzimizni qanday himoyalaymiz?

  • Yodingizda tuting, Telegram akkauntni oʻchirish faqatgina Telegram sozlamalari orqali, akkaunt egasi tomonidan amalga oshiriladi. Uchinchi shaxslar sizning akkauntingizni oʻchirib yuborish uchun xabarnoma (zapros) yubora olmaydi. 
  • Telegram akkauntingizni ikki qadamli himoya yordamida ehtiyotlang, bu Telegram akkauntni uchinchi shaxslar qoʻlga kiritishining oldini oladi. 
  • Yuborilgan xabarlarni doim tekshiring, Telegram orqali yuborilgan dasturlarni oʻrnatmang, telefon raqamingiz, SMS yoki sizning shaxsiy maʼlumotlaringiz soʻralgan har qanday xabarlarni rad eting, ochmang!
Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
MohirDev

MohirDev