Karyera

Frilans: mohiyati va asosiy xususiyatlari

Frilanser boʻlib ishlashning afzalliklari juda koʻp, ammo bu yoʻnalish oʻzini tanitish, ish jarayonini tashkil etish va moliyani boshqarishda kuch sarflashni talab qiladi. Bu oʻz ishida erkinlik va moslashuvchanlikni qadrlaydiganlar uchun unumli hamda qoniqarli yoʻl boʻlishi mumkin.

Frilanserlik daromad qilishning qiziqarli yoʻllari, ish vaqtingizni nazorat qilish va xohishingizga koʻra loyihalarni tanlash imkonini beradigan moslashuvchan usuldir. Frilanser boʻlishning bir nechta afzalliklari mavjud:

  1. Moslashuvchan ish vaqti: uni oʻzingiz boshqarishingiz va qulay vaqtda mehnat qilishingiz mumkin.

  2. Loyihalarni tanlash: oʻzingizga qiziqarli boʻlganlari bilan ishlaysiz.

  3. Vazifalar xilma-xilligi: frilanser sifatida turli loyihalarda har xil topshiriqlarni bajarishingiz mumkin. Bu esa koʻplab koʻnikmalarni rivojlantirishga yordam beradi.

  4. Daromad olish imkoniyati: frilanserlar doimiy ishdan koʻra yuqori qiymatli loyihalarda koʻproq pul ishlash imkoniyatiga ega.

  5. Shaxsiy erkinlik: bitta ish beruvchiga bogʻliq emassiz va karyerangizni oʻz ritmingizda rivojlantirishingiz mumkin.

Frilansning mohiyati

Frilanserning ishi nimadan iborat? U oʻz vazifalarini rasmiy ravishda ishga joylashmagan holda bajaradi. Kishi erkin ish jadvaliga ega, ofisga bogʻlanmagan, boshliqlari yoʻq. Ammo belgilangan ish haqi, maosh toʻlanadigan yoki kasallik taʼtillari ham boʻlmaydi.

Vazifani bajarish orqali pul topish uchun ijrochining oʻzi mustaqil ravishda mijozlarni izlashi kerak. Mijozlarni maxsus birjalar yoki doʻstlar orqali topish mumkin.

Koʻpchilik frilanserlikni plyajda noutbuk bilan dam olish deb tasavvur qiladi. Biroq aslida bu ham ishning ofisga bogʻlanmagan maʼlum bir turidir

Daromad faoliyat sohasi, bajarilgan ish hajmi va murakkablik darajasiga bogʻliq boʻlib, oyiga bir necha oʻn mingdan yuz minglab rublgacha topish mumkin. Frilansdagi kishi ofis xodimiga qaraganda ancha erkinlikka ega. Ammo biror muvaffaqiyatga erishish uchun baribir anchagina ter toʻkishga toʻgʻri keladi. Oʻzingiz ham ijrochi, ham menejer, ham rahbar oʻrnida ish jadvalini tuzishingiz, mijozlar bilan muloqot qilishingiz va ziddiyatli vaziyatlardan chiqish yoʻlini topishingiz kerak boʻladi.

Frilanser boʻlishning afzalliklari va kamchiliklari

Frilanser boʻlishning ijobiy tomonlari:

Ish kuni yoki haftasini mustaqil ravishda rejalashtirishingizga imkon beradigan erkinlik.

Vaqt va kuch tejamkorligi (ishni boshlash uchun ofisga borish, tirbandlikda turish va odamlar bilan ortiqcha muloqot qilishning hojati yoʻq).

Samarali ishlash uchun eng qulay sharoitlar (yoningizda boshqa xodimlar yoʻq va hech kim ish joyingizga qaramaydi, boshqa odamlarga moslashishingiz shart emas).

Barqarorlik (bitta mijoz bilan aloqani tugatganingiz ishdan boʻshatilish yoki bankrotlikda boʻlgani kabi jiddiy moddiy va maʼnaviy zarar yetkazmaydi).

Geografik erkinlik. Dunyoning internetga kirish imkoniyati boʻlgan istalgan nuqtasidan ishlashingiz mumkin.

Kasbiy, shaxsiy va moliyaviy oʻsish ehtimoli koʻproq (lekin bu shijoatni talab qiladi va ancha kuch sarflash kerak).

Shaxsiy individuallikni saqlash, oʻsish uchun imkoniyat.

Kiyim-bosh va tashqi koʻrinishga boʻlgan talablarning yoʻqligi (istasangiz ichki kiyimda, soch turmagisiz va yuzingizda tatuirovka bilan ishlashingiz mumkin).

Rasmiyatchilikka rioya qilish va hamkasblar bilan munosabatlar oʻrnatishning hojati yoʻq, boringizcha bemalol ishlashingiz mumkin.

Frilanserning masofadan ishlashining salbiy tomonlari:

  • Internet va kompyuter yoki boshqa qurilmalarga qaramlik.

  • Sogʻliq bilan bogʻliq muammolar yoki koʻp vaqt va kuch talab etiladigan boshqa vaziyatlarda pul ishlay olmaslik.

  • Raqobat. Bu, ayniqsa, frilans birjalarida yuqori. Chunki u yerda mijozni topishingiz va “bogʻlanishingiz” kerak. Shu bilan birga, uni doimiy mijozingizga aylantirishingiz va buning uchun sizni tanlab xato qilmaganini isbotlashingiz lozim.

  • Qarindosh va tanishlar faoliyatingizni shubhali deb oʻylaydi (atrofingizdagi odamlar siz shunchaki uyda oʻtirmay, balki toʻliq ishlayotganingizni tushunishi uchun biroz vaqt kerak boʻlishi mumkin).

  • Oʻzingiz hal qilishingiz kerak boʻlgan soliqlar.

  • Firibgar yoki noinsof mijoz qurboni boʻlish ehtimoli katta.

Frilanser uchun zarur fazilatlar

Frilanser qanday qilib ish topishi mumkin, buni nimadan boshlash kerak? Kasbiy bilimlardan tashqari shaxsning individual xususiyatlari ham juda katta ahamiyatga ega. Frilanser quyidagi fazilatlarga ega boʻlishi kerak:

  • oʻz-oʻzini nazorat qilish;

  • oʻzini intizomga boʻysundirish;

  • halollik;

  • tashkillashtirish qobiliyati;

  • diqqatni jamlay olish;

  • tahliliy va ustuvorliklarni belgilash qobiliyati;

  • moslashuvchan fikrlash;

  • mijozlarga xayrixohlik;

  • keng dunyoqarash;

  • oʻz-oʻzini hurmat qilish;

  • ishchanlik va mehnatsevarlik;

  • oʻz-oʻzini rivojlantirish istagi.

Bundan tashqari, har kim ish oʻz vaqtida, kechiktirilmasdan va ortiqcha bahsli vaziyatlarsiz bajarilishini xohlaydi.

Frilans kimga mos keladi?

Frilans bozorining oʻsishi va pandemiya “gig iqtisodiyoti” (masofadan ishlashni tanlaganlar sonining doimiy ravishda oshishi) paydo boʻlishiga sabab boʻldi. Bu iqtisodiy model frilans, autstaffing va autsorsingning rivojlanishini nazarda tutadi. Frinlanserlikka kimlar oʻtishi mumkin?

Qoʻshimcha daromad manbayiga ega boʻlish va koʻproq pul topishni istaganlar. Masalan, tugʻruq taʼtilidagi onalar, talabalar.

Bilimlari kompaniyalarda arzon baholanadigan yoki shahrida sohasi boʻyicha ish oʻrinlari yetarli boʻlmagan baʼzi bir mutaxassislar.

Erkin ish jadvaliga ega boʻlib, qayerda, qachon va qancha ishlashni mustaqil ravishda hal qilishni istaganlar.

Frilanser boʻlish uchun kishi oʻzini intizomga boʻysundira olishi kerak. Loyihalarni dedlayn arafasida shosha-pisha topshirishi emas, balki sekin-asta oʻz vaqtida amalga oshira olishi lozim

  • Oʻzligini topishga intilgan ijodiy qobiliyatga ega kishilar. Koʻpincha ofisdagi faoliyat bir xil va zerikarli boʻlgani uchun baʼzilar yangi yoʻnalishlarni oʻzlashtirishni xohlaydi. Shuning uchun ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirib, oʻzligini topish imkoniyatini taqdim etadigan frilansga oʻtishga qaror qiladi.

  • Boshliqlari boʻlishini istamaydigan va oʻziga oʻzi rahbar boʻlishni afzal koʻrgan shaxslar. Oʻz biznesingizni ochishga harakat qilib koʻrishingiz mumkin.

Agar karyera pillapoyalari boshida boʻlsangiz, u holda frilanser sifatida ishlashga tezda moslasha olasiz. Birinchi navbatda, ofisda ishlamaganingiz uchun kafolatlangan toʻlovlar, nafaqa badallari tizimi va tibbiy sugʻurtani yoʻqotishdan qoʻrqmaysiz. Bundan tashqari, yosh mutaxassis tahsil olishni tugatgandan keyin frilanser karyerasini tezroq egallashi mumkin.

Shu bilan birga, qo‘shimcha kasblarni egallashingiz va masofadan turib pul ishlashingiz mumkin (masalan, tarjimon grafik dizayner ham bo‘lishi mumkin). Yaʼni o‘qish bilan bir vaqtda ishlash imkoniyatingiz mavjud.

Bugungi kunda talab yuqori boʻlgan frilans kasblar

Frilansdagi eng koʻp daromadni AyTi mutaxassis, marketolog va dizaynerlar oladi. Munosib daromadga ega boʻlish uchun masofadan ishlashning qaysi turini tanlash va mijozlarni qayerdan qidirish masalalarini qisqacha koʻrib chiqamiz.

AyTi sohasi

Dasturchi. U Java, C++ yoki PHP kabi turli xil dasturlash tillaridan foydalangan holda veb-sayt va mobil ilovalarni ishlab chiqish bilan shugʻullanadi.

Dasturlarni testdan oʻtkazuvchi. Mutaxassis dasturiy taminotni tahlil qilish va muammolarni bartaraf etish bilan shugʻullanadi, tekshirish ssenariylarini yaratadi.

Maʼlumotlar analitigi. U mahsulot gipotezalarini tekshirish, hisobotlar yozish va katta hajmdagi maʼlumotlarni oʻrganish bilan shugʻullanadi. Buning uchun dasturlash tillarini bilish, maʼlumotlar bazasi soʻrovlarini oʻrganish, vizualizatsiya qilish uchun vositalardan foydalana olish kerak.

Data sayentist. U maʼlumotlar qatoridagi qonuniyatlarni qidirish va bashoratlarni yaratish uchun masʼul. Ishda turli xil dasturlash tillari va mashinani oʻqitish kutubxonalaridan foydalanadi.

Marketing

Internet marketolog/SMM menejer. Kompaniyani internetda targʻib qilish bilan shugʻullanadi: savdo voronkasini yaratadi va ishga tushiradi, reklama bilan bogʻliq masalalarni hal qiladi.

Targetolog. Marketing kampaniyalarini optimallashtiradi, ishga tushiradi, oʻrganadi va ularning eng samaralisini tanlaydi. Bu kasbdagi daromad ish tajribasi va mijozlar soniga bogʻliq.

Dizayn

Grafik dizayner. Vizual materiallar, taqdimotlar, lendinglarni yaratish va bezash ustida ishlaydi. Illyustratsiyalar chizadi, logotip va brend uslubini ishlab chiqish bilan shugʻullanadi.

Veb dizayner. Veb-saytning estetik dizaynini yaratadi va biznes maqsadlarga mos kelishi ustida ishlaydi. Mutaxassis sahifalar dizayni va mantigʻini ishlab chiqish, platformani turli xil qurilmalarga moslab optimallashtirish uchun masʼul hisoblanadi.

Yangi boshlayotganlar uchun ommabop ish yoʻnalishlari

Frilanserlikka endigina qadam qoʻyayotganlar ishni osonroq vazifalardan boshlashi mumkin.

  • Fikr-mulohazalar va sharhlar yozish

Masofadan turib ishlashni boshlashga qaror qilganlar uchun eng oson variant. Buning uchun turli xil mahsulot, xizmat, veb-sayt va hokaolarga fikr-mulohazalar, sharhlar, kichik izohlar yozishingiz kerak boʻladi. Ilgari internetda turli xil mahsulotlarga sharh yozgan boʻlsangiz, bu ish siz uchun juda oson boʻladi.

  • Kopirayterlik

Bu kasb ham murakkab emas. Kopirayting frilans birjalarida eng mashhur yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. Kopirayterlar turli mavzularda matnlar yozish bilan shugʻullanadi. Matnlar axborot, tijoriy va boshqa ommabop turda boʻlishi mumkin. Koʻpincha kopirayter mijoz uchun zarur boʻlgan deyarli har qanday mavzuda matn yozadi. Kopirayter ish uchun turli xil maʼlumot manbalarini oʻrganib chiqishi kerak. Tayyorlangan ishning oʻziga xosligi va semantikasi koʻrib chiqiladi.

  • Ijtimoiy tarmoqlardagi hamjamiyatlar administratorligi

Bu kasb ham sodda va dolzarb hisoblanadi. Oʻzini frilansda sinab koʻrishga qaror qilgan yangi boshlayotganlar uchun juda mos sohadir. Odatda administratorlarga ijtimoiy tarmoqlardagi guruh egalari muhtoj boʻladi. Ularning ishi muntazam ravishda postlar joylash, foydalanuvchilar bilan muloqot qilish va boshqa oddiy vazifalardan iborat.

Bu ish doimiy bandlikni talab qilmagani uchun koʻpgina kompaniyalar ijtimoiy tarmoqlarda oʻz hamjamiyatlari administratorligini frilanserlarga topshiradi. Frilanser esa oʻz navbatida bir nechta mijozlarning ijtimoiy tarmoqlarini boshqarishni zimmasiga olishi mumkin

  • Matnlar tarjimasi

Bu ham onlayn ishlashni boshlash uchun yaxshi variant. Biroq bu yoʻl chet tillarini yaxshi biladiganlarga mos keladi. Turli mavzu va formatlardagi tarjima maʼlumotlari mavjud. Matn, audio yoki video fayllar, nutq bilan ishlash mumkin. Bir nechta: ketma-ket, texnik, yozma va sinxron tarjima qilish usullari bor. Tarjimonlik frilans bozorida eng ommabop sohalardan biri hisoblanadi.

  • Masofaviy yordamchi sifatida ishlash

Deyarli har bir rahbar va biznesmenga shaxsiy yordamchi yoki kotib kerak. Bunday yordamchiga kun davomida turli xil vazifalar kelishi mumkin, ularning soni va ixtisosi esa rahbarning faoliyat sohasi hamda ish yuklanmasiga bogʻliq boʻladi. Topshiriqlar, masalan, quyidagicha boʻlishi mumkin: mijozlarga qoʻngʻiroq qilish, uchrashuvni rejalashtirish, ish safarini tashkillashtirish va boshqalar.

  • Maʼlumotlar bilan ishlash

Yaxshi daromad olish uchun koʻpgina yoʻnalishlarda frilanserning tajribasi muhim hisoblanmaydi. Maʼlumotlarni tajribasiz ham kiritish mumkin. Quyidagi ishlarni bajarishda tajriba talab etilmaydi: Excel jadvallarini toʻldirish, mahsulotlar roʻyxatini tuzish, transkripsiya qilish (audio fayllarni matnga oʻgirish), tarmoqda turli xil axborot va maʼlumotlarni qidirish va hokazo.

  • Taqdimotlarni yaratish

Maktab yoki universitetda taʼlim olish davrida har bir kishi PowerPointʼda taqdimotlarni yaratish billan shugʻullanadi. Bunday tajriba kompaniyalar, agentliklar, biznesmenlar, brendlar va boshqalar uchun taqdimotlar yaratish orqali pul ishlashga yordam beradi.

Bunday ish ijodkorlarga mos keladi, u qiziqarli va yaxshigina daromad manbayidir. Biroq PowerPoint shablonlari jiddiy mijozlarga mos kelmasligi mumkin. Individual loyiha bo‘yicha yaxshi taqdimotlarni tayyorlash uchun boshqa dasturlar va grafiklardan foydalanish kerak boʻladi.


Buyurtma qidirish usullari

Endi buyurtmalarni qanday va qayerdan qidirish haqida suhbatlashamiz. Toʻrtta variant bor:

  • “Sarafan radiosi” (“Mish-mishlar”) yordamida

Bu yangi boshlayotganlarga ham, tajribali frilanserlarga ham toʻgʻri keladi. Yangilar uchun portfolio yaratish, tajribalilarga yaxshigina qoʻshimcha daromad olish imkoniyatidir.

  • Ish qidirish veb-saytlarida

Bunday platformalarda istalgan mutaxassis oʻz rezyumesini bepul joylashi va uzoq muddatli hamkorlik uchun mijozlarni izlashi mumkin. Taklif etilganlar orasida faqat masofaviy ish boʻyicha boʻsh ish oʻrinlari koʻrsatilishi uchun filtrdagi tegishli bandni tanlash kerak.

  • Telegram kanallarda

Messenjerda har qanday sohadagi va turli xil ish tajribasiga ega frilanserlar uchun ochiq yoki yopiq guruhlarni topish mumkin. Boʻsh ish oʻrinlari haqidagi eʼlonlar har kuni paydo boʻladi, bundan tashqari, baʼzi guruhlarda oʻz rezyumeyingizni joylashtirishingiz mumkin.


Yaxshi frilanser boʻlish uchun bosqichma-bosqich reja

Ish yoʻnalishini tanlash

Kasb tanlashda ilk eʼtiborni oʻzingiz maʼqul koʻrgan yoʻnalishga qarating. Iqtisodiy maʼlumot va buxgalteriya hisobi boʻyicha tajribaga egasiz. Biroq maktab davridayoq insholarni mohirona yozib, matnlarga oʻzgacha mehringiz tushgan, endilikda siz frilansda kopirayter boʻlib ishlashingiz mumkin.

“Erkin suzish”ga tayyorgarlik

Qiziqqonlik qilib darhol ishdan boʻshamaslik lozim. Yaxshisi avval masofadan ishlashga yetarlicha tayyorgarlik koʻrgan maʼqul (lavozimdan boʻshashdan oldinroq mijozlar topib, ishni boshlash nur ustiga aʼlo nurdir). Frilansning oʻz qoidalari bor va buni hisobga olish kerak.

  • Jamgʻarma yaratamiz

Frilansga oʻtishdan oldin moliyaviy xavfsizlik yostigʻini yaratish tavsiya etiladi. Chunki hech kim darhol yaxshi pul ishlay boshlashingizga kafolat bermaydi (hatto biron bir sohada yuqori malakali mutaxassis boʻlsangiz ham). Hayot kechirishingiz uchun esa mablagʻ kerak boʻladi.


Dastlab frilanserning maoshi ofis xodimlarinikiga qaraganda kam boʻladi. Ammo bir vaqtning oʻzida bir nechta loyihani yuritishni oʻrganib, tez orada koʻrsatkich boʻyicha ofisdagi hamkasblarini ortda qoldirishi mumkin

Doimiy mijozlar bazasini yaratish va yaxshi daromad olishni boshlash uchun bir necha oy talab etilishi mumkin. Dastlab frilansni qoʻshimcha daromad manbayi sifatida koʻring. Shu tarzda pulsiz qolmasdan mijozlar va portfolioni toʻplaysiz.

  • Biz ish joyini tashkil qilamiz

Ishlash uchun qulay muhit yaratib oling. Internet tezligi past, noutbuk ishlashida muammolar boʻlsa, ularni, albatta, hal qilish lozim. Soz uskunalarga qoʻshimcha ravishda oʻtirgan holda uzoq vaqt davom etadigan faoliyat orqa sohangiz sogʻligʻiga taʼsir qilmasligi uchun stol yonida tinch va qulay joy topish kerak. Agar uyda sokin joy topishning iloji boʻlmasa, yon-atrofdagi kovorking yoki kutubxonada ishlashni ham oʻylab koʻrgan maʼqul.

  • Ish va dam olish jadvalini tuzamiz

Frilanser ishining oʻziga xos xususiyati uyda ishlashi boʻlsa-da, oila aʼzolaringizga shunchaki noutbuk qarshisida oʻtirmasligingizni bildirish kerak. Balki ishlayotganingizni, har qanday uy ishlarini boʻsh vaqtingizda bajarishingizni tushuntiring.

Birinchi buyurtmani qidirish

Frilansdagi eng qiyin narsa — mijoz topish. Bu masalada bir nechta usullar yordam beradi. Asosiylari yuqorida keltirildi. Maxsus birjalarda roʻyxatdan oʻtish eng samarali va keng tarqalgan usullardan hisoblanadi.

Yoʻlning boshida frilanserlar koʻpincha sharhlar yozishdan tortib mobil ilovani yaratishda ishtirok etishgacha boʻlgan turli toifadagi vazifalar topiladigan koʻp tarmoqli birjalarni tanlaydi. Birjaning oʻziga xos xususiyatiga koʻra xizmatlaringizni oʻzingiz taklif qilishingiz yoki buyurtmalarga javob berishingiz mumkin.

Ish topish ehtimolini oshirish maqsadida bir vaqtning oʻzida bir nechta veb-saytlarda roʻyxatdan oʻtish tavsiya etiladi. Ammo koʻp tarmoqli birjalarda har qanday yoʻnalishda raqobat kuchli boʻlgani sabab yangi boshlayotganlarning qiziqarli buyurtmani “ilib olishi” oson kechmasligini yodda tutish kerak.

Oʻz sohangizni tanlaganingizdan soʻng mijozlar muayyan mutaxassislarni qidiradigan ixtisoslashgan platformalarga oʻtgan maʼqul.

Mijozlarni jalb qilish va ijrochi sifatida tanlanish ehtimolini oshirish uchun profilni iloji boricha qiziqarli va axborotga boy tarzda toʻldirish kerak. Akkauntingiz rezyumening oʻziga xos bir turi, shuning uchun fotosuratga alohida eʼtibor berish lozim. Fotosurat ish uslubida boʻlgani maqbul, shuningdek, kasbiy fazilatlaringiz, maʼlumotingiz va relevant tajribangiz haqida yozishingiz kerak.


Portfolio yaratish

Portfolio frilanserning oʻziga xos tashrif qogʻozi, shuning uchun uni imkon qadar qiziqarli va toʻla-toʻkis qilib yaratish kerak. Mijoz qanday bilimga ega ekaningiz va nima qila olishingizni koʻrishi uchun oʻquv va amaliy ishlaringizni qoʻshing. Portfolioni Google Driveʼda ham shakllantirish mumkin, ammo maxsus konstruktorda yaratiladigan veb-sayt ancha yutuq beradi.

Hali biron bir amaliy loyihani amalga oshirmagan taqdiringizda ham taslim boʻlmang. Topshiriqni birjada topishingiz yoki ixtisosingiz boʻyicha oʻzingiz oʻylab topib, uni mijoz buyurtmasi kabi bajarishingiz mumkin. Masala hal – portfolio tayyor.

Portfolioga muntazam ravishda yangi ishlaringizni qoʻshing va vaqti-vaqti bilan koʻrib chiqing. Vaqt oʻtishi bilan odatda dahshatli boʻlib koʻrinadigan ilk loyihalaringizni yangilariga almashtirganingiz maʼqul.

Topshiriqlarga javob

Birjalarda roʻyxatdan oʻtgach va frilanserlar uchun boʻsh ish oʻrinlari eʼlon qilinadigan turli kanallarga obuna boʻlganingizdan soʻng doimiy ravishda topshiriqlarni kuzatib borish va oʻzingizga mos keladiganlariga javob berishingiz kerak.

Frilanser muvaffaqiyatining katta qismi kerakli joyda kerakli vaqtda boʻlishga ulgurishdir: koʻpincha loyiha birinchi boʻlib javob bergan kishiga nasib etadi. Ertalab, tushda va kechqurun topshiriqlarni koʻrib chiqish va soʻrov qoldirish uchun 15 daqiqa vaqt ajrating.

Ishni bajarish

Har jihatdan oʻzingizga mos keladigan vazifani topishga muvaffaq boʻldingiz. Javobingiz mijozning eʼtiboridan chetda qolmadi, portfolio va profilingiz uni qiziqtirib, ijrochi sifatida sizni tanladi. Shundan soʻng ish eng malakali tarzda va oʻz vaqtida bajarilishi uchun 100% kuchingizni sarflashingiz kerak. Belgilangan muddatlarga rioya qilish juda muhim.

Ish chala yoki bahsli vaziyatlar yuzaga kelib, birjada siz haqingizda salbiy sharh qolmasligi uchun topshiriqning tushunarsiz joylariga darhol aniqlik kiriting. Odatda mijozlar oʻz ishini aʼlo darajada uddalaganlarga qaytib keladi.

Rivojlanish

Muvaffaqiyatning eng yuqori choʻqqisiga bir bor koʻtarilgandan soʻng u yerda abadiy qolib boʻlmaydi. Mijozning xohish-istaklarini tushunish, topshiriqlarni bajarish muddatlariga rioya qilish, sifatli ish orqali obroʻyingizni doimiy ravishda saqlashingiz lozim.

Kasbiy rivojlanish bilan muqarrar shugʻullanish kerak, aks holda, daromadingiz oʻsmaydi. Adabiyotlar va mutaxassislar intervyularini oʻqing, malaka oshirish kurslarida qatnashing. Bu muvaffaqiyatli frilanser ishining tarkibiy qismidir. Har kuni boʻlmasa-da, haftada bir marta rivojlanish uchun vaqt ajratish kerak.


Frilanser doimo faol boʻlishi kerak: soha yangiliklari va dolzarb tendensiyalarni kuzatib borishi lozim. Aks holda, uning mehnat bozoridagi qiymati oʻsishdan toʻxtaydi

Tajriba va professionalligingiz ortgani sari oʻrtacha narxingizni oshirishingiz mumkin. Mijozlar esa yanada murakkabroq loyihalar bilan murojaat qilishni boshlaydi.

Yangi boshlayotgan frilanserlar eng koʻp yoʻl qoʻyadigan 7 ta xato

Koʻpchilik masofadan ishlashning afzalliklari haqida biladi va hech boʻlmaganda bir marta frilans orqali pul ishlashni boshlash haqida oʻylagan. Shuning uchun har uch kishidan biri haqiqatan ham oʻz ishini tashlagan. Ammo hamma ham muvaffaqiyatga erisha olmagan. Buning sabablari nimada? Yangi boshlayotgan frilanserlarning muvaffaqiyatga erishishiga toʻsqinlik qiladigan asosiy xatolarni koʻrib chiqamiz.

  • Sifatsiz portfolio

Portfolio — frilanserning yuzi. Uni koʻrgan mijoz kishi bilan hamkorlik qilish borasida qaror qabul qilishi mumkin. Portfolioni, albatta, toʻgʻri yaratish, chiroyli vizual effektlar qoʻshish lozim. Savodli va taassurot tugʻdiradigan taqdimot qimmat hamda qiziqarli loyihalarga ega yaxshi mijozlarni jalb qiladi.

Frilanser portfolioga imkon qadar koʻproq avvalgi mijozlari uchun bajargan ishlarini qoʻshishi kerak

  • Oʻz qobiliyatlarini noxolis baholash

Bu ham frilanser ishida keng tarqalgan xato, chunki koʻpincha oʻz qobiliyatlarimizni notoʻgʻri baholaymiz. Qobiliyat va koʻnikmalaringiz haqida sukut saqlamaslik kerak. Oʻz mahoratingizga haqiqiy baho bering. Portfoliongizda bajara oladigan ishlaringiz va qaysi sohalarda professional ekaningiz haqida yozing. Biroq mubolagʻa qilishning ham hojati yoʻq, chunki qobiliyatingiz amaliy vazifalar orqali osongina tekshirilishi mumkin.

  • Imkon qadar ertaroq ish boshlash istagi

Baʼzan topshiriq va uning barcha jihatlarini muhokama qilish davri ishning oʻzidan ham koʻproq vaqtni oladi. Frilansga yangi kirib kelganlar esa vazifani ertaroq bajarishga intiladi va talablarni oxirigacha muhokama qilmaydi. Natijada yakun mijozni qanoatlantirmagani sababli juda koʻp tuzatishlar qilish kerak boʻladi.

  • Bitta mijozga umid qilish

Frilanserlarni juda qadrlaydigan va hatto ofis xodimlariga qaraganda koʻproq pul toʻlaydigan tashkilotlar mavjud. Shu bilan birga, ular birdan siz bilan hamkorlik qilishni toʻxtatishi ham mumkin, chunki ertaga nima boʻlishini hech kim bilmaydi.

  • Dam olishsiz ishlash

Frilansning dastlabki qiyinchiliklarni yengib, yetarlicha mijoz yigʻib olgan kishi jon-jahdi bilan ishlay boshlaydi. Bu ham jismonan, ham ruhan salomatlikka yomon taʼsir qilishi mumkin. Shuningdek, bunday tirishqoqlik oʻz-oʻzini rivojlantirishga imkon bermaydi.

  • Harakatlar rejasining mavjud emasligi

Kutilmagan holatlarda nima qilishingiz kerakligini aniq bilish uchun harakatlar rejasini tuzib oling. Avvalo, qancha daromad olishni xohlayotganingiz, kuniga necha soat ishlashingiz mumkinligi va mijozlarni qanday topishni moʻljallayotganingizni hal qiling.

  • Qatʼiyat yetishmasligi

Oʻzingizni eslatib turishdan tortinmang. Baʼzan mijoz ish koʻpligi yoki unutgani sababli sizga javob bermagan boʻlishi mumkin. Agar sizga javob berilmasa, 2–3 kundan keyin yana yozing. Katta ehtimol bilan siz uchun vaqt ajratishadi. Ammo haddan tashqari xiralik qilish ham yaxshi emas, chunki bunday harakat mijozlarni jalb qilishdan koʻra choʻchitishi mumkin.

Yangi boshlayotganlar uchun 7 ta yakuniy tavsiya

Oʻzini frilansda sinab koʻrishga qaror qilganlar nimadan boshlash va qanday toʻgʻri harakat qilishni aniq bilishi uchun yana bir nechta tavsiyalarni toʻpladik. Ehtimol, tavsiyalar siz uchun foydali boʻlib, tanlagan yoʻnalishingizda rivojlanishga yordam beradi.

  • Frilansdagi ish rejimini tuzing, masalan, kuniga 8 soat (yollanma ishda boʻlgani kabi) vaqt ajrating. Buyurtmalarni soat 8 dan 16 gacha yoki 10 dan 18 gacha bajarishingiz mumkin. Ishdan keyin hech kim sizni bezovta qilmasligi uchun bu haqda mijoz va hamkasblaringizni xabardor qiling. Jadvalsiz va istalgan vaqtda ishlashga tayyor boʻlgan frilanserlar ham mavjud. Ha, albatta, bu koʻplab mijozlarga yoqadi, ammo bunday rejimda uzoq vaqt ishlash juda qiyin.

  • Kun tartibini buzmang. Agar ertaroq uygʻonib, ish boshlashingizga vaqt boʻlsa ham buyurtmalarni boshlamang. Resursni tiklash uchun xotirjamlikda nonushta qiling, oʻzingiz yoqtirgan ish bilan shugʻullaning, soʻngra kun tartibingizga koʻra yangi kuch bilan ish boshlashingiz mumkin.

  • Faqat maxsus ajratilgan joyda ishlashga harakat qiling. Oshxonada oʻtirmang yoki yotoqda yotmang. Buning oʻrniga stol, yaxshi chiroq, sifatli va qulay stuldan iborat ishlash uchun shinam joy yarating. Chunki yaxshi joy har qanday frilanser uchun juda muhim. Ish stolingizni ozoda saqlashga harakat qiling.

  • Ishni boshlashdan oldin mijoz bilan mutlaqo barcha jihatlarni muhokama qilish lozim. Agar hamma narsani toʻliq oʻrganmasangiz yoki ortiqcha savollar berishni xohlamasangiz, oqibati qaltis boʻlishi mumkin. Muhokamalarni ish jarayonida ham olib borish kerak. Koʻpchilik uchun buni telefondagi suhbat orqali amalga oshirish qulay. Ammo yozishma maʼqulroq, chunki bahsli masalalar yuzaga kelganda ulardan aybsiz ekaningizni isbotlashda dalil sifatida foydalanishingiz mumkin.

  • Ishonch uygʻotmaydigan mijozlarni chetlab oʻting. Muhokama paytida til topisha olmasangiz, u holda hatto zararingizga boʻlsa ham hamkorlikdan voz kechganingiz maʼqul. Aks holda, nizolarni hal qilish va doimo oʻzgartirishlar kiritishga koʻp vaqt hamda kuchingiz sarf boʻlishi mumkin.

  • Kamroq buyurtma oling va ularni sifatli bajaring. Juda koʻp ish olmang, chunki ajratilgan vaqt ichida hammasini bajarishga ulgurmasligingiz mumkin. Oladigan daromadingiz moʻljalingizdan kam boʻlgan taqdirda ham avval oʻz mahoratingizni namoyish etib, mijoz nazarida halol ijrochiga aylangan maʼqul. Shu tarzda kelajakda katta buyurtmalarni olish ehtimoli ortadi.

Mijoz muammoli boʻlgan taqdirda uning buyurtmalarini bajarishdan voz kechgan maʼqul. Chunki mehnat bozori juda katta va frilanser hamkorlik qilish yoqimli boʻlgan kompaniyani osongina topishi mumkin

  • Har doim oldindan toʻlov oling. Yoki xavfsiz bitim orqali ishlash mumkin — imkoniyatni deyarli har bir frilans birjasi taqdim etadi. Bunday holda ishingiz uchun toʻlov kafolatlanadi, bahsli masalalar yuzaga kelgan taqdirda veb-sayt maʼmuriyati muammolarni hal qilishga yordam beradi.

Bundan tashqari, har doim daromadingizni qanday tarzda oshirish mumkinligi haqida oʻylang. Bir narsada qotib qolmang, rivojlanish va yangi imkoniyatlarni qidirish uchun vaqt toping. Bu yanada qiziqarli variantlarni topishda yordam beradi.

Biroq frilans ham masʼuliyat, ham koʻplab xatarlar demakdir. Bu yoʻnalishda muvaffaqiyatga erishishda motivatsiya, mustaqillik va oʻz ishini toʻgʻri tashkil etish yordam beradi. Shuningdek, kasbiy mahorat ham muhim. Agar pul haqida gapiradigan boʻlsak, frilansni kimdir qoʻshimcha daromad manbayi sifatida tanlaydi. Kimdir esa uni asosiy va doimiy ishiga aylantirib, yaxshigina pul topadi.


Manba: Работа фрилансером: суть и основные особенности

#frilans
#karyera
Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
https://mohirdevbucket.s3.eu-central-1.amazonaws.com/practicum/images/d0288473-889c-4277-9091-4b5b0e4ee56d.original.png

GeekBrains

O'xshash maqolalar

Qanday qilib yaxshi savollar berish mumkin?

2-may, 2024

Qanday qilib yaxshi savollar berish mumkin?

Yaxshi savollar berish dasturiy taʼminot yozishda juda muhim koʻnikma. Yillar oʻtib bu borada ancha tajriba orttirdim (buni hatto hamkasblarim ham eʼtirof eta boshladi). Quyida esa menga yordam bergan bir nechta tavsiyalarni keltiraman.

Maqolani o'qish
Chuqurlashamiz: murakkab neyrotarmoqlar qanday oʻqitiladi?
Sunʼiy intellekt
deep learning
data science

14-avgust, 2024

Chuqurlashamiz: murakkab neyrotarmoqlar qanday oʻqitiladi?

Neyrotarmoq tashqi yordamsiz mushuklarni boyqushlardan ajratishi yoki inson nutqini aniqlashi uchun maxsus oʻqitish algoritmlari kerak. Bunday algoritmlar chuqur oʻqitish deb ataladi. Mavzuni batafsil koʻrib chiqamiz.

Maqolani o'qish
Noldan boshlab operatsion tizim yaratish
c#
ios
operatsion tizim

28-avgust, 2024

Noldan boshlab operatsion tizim yaratish

Operatsion Tizim kompyuter qurilmasi va ilovalarni bir-biri bilan bogʻlovchi koʻprikdir. Bu maqolada shu koʻprikni qismlarga boʻlib tushuntirganmiz.

Maqolani o'qish
Mashinani oʻqitish: 10 ta mashhur ML metodi va algoritmlari
machine learning
Sunʼiy intellekt

6-avgust, 2024

Mashinani oʻqitish: 10 ta mashhur ML metodi va algoritmlari

Chiziqli regressiyaning logistikadan farqi nimada? Hal qiluvchi daraxtlar va tasodifiy oʻrmonning mashinani oʻqitishga qanday aloqasi bor?

Maqolani o'qish
Scalaʼni bilish — yaxshi, Sparkʼni bilish esa majburiy. Yangi boshlayotgan va tajribali data injenerlar nimalarni bilishi kerak? Yandeks Praktikum tadqiqoti
Yumsoq ko'nikmalar
portfolio

3-may, 2024

Scalaʼni bilish — yaxshi, Sparkʼni bilish esa majburiy. Yangi boshlayotgan va tajribali data injenerlar nimalarni bilishi kerak? Yandeks Praktikum tadqiqoti

Yandeks Praktikum junior, middle va senior data injenerlar uchun eng talab yuqori boʻlgan koʻnikmalarni oʻrganib chiqdi. Kasbga kirib, unda oʻsish uchun qayerda va qanday rivojlanish kerakligini koʻrib chiqamiz.

Maqolani o'qish