Boshqalar

Frontend yoki bekend: dasturlashning qaysi yoʻlidan borgan maʼqul?

Boʻsh ish oʻrinlari haqidagi eʼlonlarda aynan frontend yoki bekend dasturchi kerakligi koʻp koʻrsatiladi, chunki bu qatlamlar turli tamoyillarga muvofiq va koʻpincha turli dasturlash tillarida yozadi. Keling, frontend va backend dasturlash oʻrtasidagi farqni va ular bir-biri bilan qanday munosabatda boʻlishini aniqlashtirishga harakat qilamiz.

  • Frontend va bekend nima?
  • Frontend va bekend dasturchilar qaysi tillardan foydalanadi? 
  • Frontend va bekendning oʻzaro munosabati 
  • Frontend va bekend oʻrtasidagi farqlar 
  • Nimani tanlagan maʼqul — frontendmi yoki bekend?

Frontend va bekend nima?

Koʻpgina zamonaviy veb-sayt va xizmatlar ikkita qatlam — foydalanuvchilar uchun frontend va texnik faoliyat uchun bekenddan iborat. Oddiy mijozlar frontend bilan aloqada boʻladi, bekend esa qopqoq ostida boʻlib, frontend soʻrovlarini qayta ishlaydi.

Frontend bu — foydalanuvchi funksiyalari va interfeysni dasturlash. Bularga foydalanuvchilar veb-sayt yoki ilovada koʻradigan va ulardan foydalanishi mumkin boʻlgan hamma narsa — rasm, ochiladigan roʻyxat, menyu, animatsiya, mahsulotlar yorligʻi, tugmacha, chekboks hamda interaktiv elementlar kiradi. Internetdagi har qanday sahifada frontend dasturchi ishining natijasini koʻrish mumkin.

Veb-saytning frontend kodini koʻrish uchun sahifa ustida sichqonchaning oʻng tugmasini bosib, “Kodni koʻrish”ni tanlash kifoya.

 

Foydalanuvchi uchun qulay mahsulotni yaratishda frontend dasturchi dizayner va sahifalovchilar bilan birgalikda ishlaydi.

Bekend (inglizcha backend) bu — veb-saytning foydalanuvchi nazaridan yashirin ishlash mantigʻi. Veb-sayt ishi deb atash mumkin boʻlgan narsa aynan shu yerda sodir boʻladi.

Bekend va frontend oʻrtasidagi farqni tushunish uchun misol keltiramiz: 

  • Mahsulot yorligʻining vizual koʻrinishi va “Buyurtma” tugmasi — frontend. 
  • Mahsulot narxi va ombordagi qoldiqlarning yangilanishi, tugmacha bosilganda mahsulotning savatga qoʻshilishi, ikkita mahsulotni taqqoslash funksiyasi — bekend. 
  • Foydalanuvchi koʻradigan natija: narx va mahsulot qoldiqlari, savatdagi mahsulot, taqqoslash natijasi — yana frontend.

Bekend kodini koʻrib boʻlmaydi — u bevosita foydalanuvchi smartfoni yoki brauzeriga yuborilmaydi, aksincha, dastur yoki veb-sayt saqlanadigan serverda ishlaydi. Server — maʼlumotlarni saqlash, kodning ishlashi va uni brauzerga joʻnatish uchun xizmat qiladigan, internetga ulangan, maxsus kuchli kompyuter.

Frontend va bekend atamalari koʻpincha veb-dasturlash — veb-sayt, mobil dastur va xizmatlarni yaratish haqida gap ketganda ishlatiladi. Kompyuter dasturlari, analitika, moliyaviy texnologiyalar yoki mashinani oʻqitish uchun murakkab vositalarni yaratishda frontend kerak emas va faqat bekend qoladi. Lekin u veb dasturlashdagi bekenddan biroz farq qilgani uchun bunday atalmaydi.

Frontend va bekend dasturchilar qaysi tillardan foydalanadi?

Frontend dasturlash deyarli har doim HTML, CSS va JavaScriptʼdan iborat birikmadir.

HTML va CSS dasturlash emas, balki belgilash tillaridir. Ular brauzerga sahifa qanday aks etishi — bloklar qayerda joylashishi, qaysi rangda, shrift hamda rasmlar qanday oʻlchamda boʻlishi kerakligini “aytib turadi”. Dasturlash tillaridan farqli oʻlaroq HTML va CSSʼda hech bir funksiya, hisob, taqqoslash va boshqa amallar mavjud emas — ular sahifa tashqi koʻrinishini statik ravishda tavsiflaydi.

JavaScript — dasturlash tili. U serverdan maʼlumot olish, uni qayta ortga yuborish va foydalanuvchiga koʻrsatish, tugmacha va shakllar kabi interaktiv elementlarni yaratish imkonini beruvchi funksiya hamda metodlardan iborat.

Frontenddan farqli ravishda, bekend koʻproq dasturlash tillaridan foydalanadi. U har qanday tilda yozilishi mumkin. Hozir eng koʻp Python, Java, Goʼdan foydalaniladi, PHP ham haligacha ishlatiladi. Bekend baʼzan C# va Rubyʼda yoziladi. JavaScript ham bekendga mos keladi, u koʻpincha frontenddan oʻtganlar tomonidan oʻrganish uchun tanlanadi.


Frontend va bekendning oʻzaro munosabati

Frontend va bekend dasturlash bir-biridan ajralmasdir. Odatda ular quyidagi sxema boʻyicha bogʻlangan:

  1. Foydalanuvchi frontendda nimadir qiladi. Masalan, tugmachani bosadi.
  2. Frontend bu harakat haqida bekendga maʼlumot yuboradi.
  3. Bekend maʼlumotni qayta ishlaydi. Masalan, foydalanuvchi “Buyurtma berish” tugmachasini bosgan boʻlsa, uning uchun savat hosil qiladi va narxini yetkazib berish bilan birga hisoblab chiqadi.
  4. Bekend maʼlumotni frontendga qaytarib joʻnatadi.
  5. Frontend foydalanuvchi uchun tushunarli “rasm” — mahsulot va yetkazib berish narxi koʻrsatilgan savat sahifasini “chizadi”.

Frontend va bekend oʻrtasidagi farqlar 

Frontend va bekend oʻrtasidagi asosiy farq shundaki, birinchisi foydalanuvchi uchun, uning kompyuteri yoki smartfoni quvvatida, ikkinchisi esa serverda ishlaydi va foydalanuvchiga faqat bajarilgan ish natijasini yuboradi. Ammo boshqa farqlar ham mavjud.

FrontendBekend
  • Oxirgi foydalanuvchi bilan bevosita bogʻliqlikda ishlaydi.
  • Veb-sayt va ilovaning ishlashi uchun zarur boʻlgan mantiqiy funksiyalarni taʼminlaydi.
  • Bir xil. Deyarli barcha frontend dasturchilar HTML+CSS+JavaScript texnologiyalari toʻplami bilan ishlaydi.
  • Xilma-xil. Deyarli istalgan dasturlash tilida yozish mumkin. Mashinani oʻqitish va maʼlumotlarni tahlil qilish kabi murakkab texnologiyalarga kirish imkonini beradi.
  • Oʻzgaruvchan. Tillar, funksiyalar va ish vositalari tez-tez oʻzgarib turadi. Doimo oʻrganish va trendlarni kuzatib borish lozim.
  • Barqaror. Tubdan oʻzgarishlar kamdan-kam hollarda roʻy beradi, odatiy sxema boʻyicha yillar davomida ishlash mumkin.
  • Kirish chegarasi past. Ishni boshlash uchun zarur boʻlgan narsalarni oʻrganish juda oson.
  • Kirish chegarasi yuqori. Ishni boshlash uchun koʻproq maʼlumotni oʻzlashtirish – matematika, maʼlumotlar bazalari, algoritmlarni tushunish kerak.
  • Frontend dasturchilar dizayner, marketolog va mahsulot menejerlari bilan yaqin aloqada boʻladi.
  • Bekend dastruchilar koʻproq analitik, prodakt-menejerlar va frontendchilar bilan aloqada boʻladi.

Nimani tanlagan maʼqul — frontendmi yoki bekend?

Frontend dasturlash:

  • Dasturlash boʻyicha ishlamaydiganlar bilan mahsulot toʻgʻrisida koʻp muloqot qilishga tayyor boʻlganlar uchun;
  • Oʻz ishining natijalarini maʼlum bir interfeys shaklida koʻrishni xohlaganlar uchun;
  • Bilimlarni doimiy ravishda va koʻp bora yangilashga tayyor boʻlganlar uchun mos keladi.

Bekend dasturlash: 

  • Koʻproq “texnik” va matematik jihatdan murakkab dasturlashni afzal koʻradigan, algoritmlarni saranjomlashga tayyor boʻlganlar uchun; 
  • Dizayner, marketolog va boshqa texnik boʻlmagan mutaxassislar bilan kamroq muloqot qilishni istaydiganlar uchun; 
  • Ish natijasi koʻrinmasligiga tayyor boʻlganlar uchun; 
  • Turli dasturlash tillari, texnologiyalar va faoliyat sohalari oʻrtasida koʻproq tanlovga ega boʻlishni xohlaydiganlar uchun; 
  • Yiliga bir necha marta oʻzgarmaydigan, barqaror texnologiyalar bilan ishlashni istaydiganlar uchun toʻgʻri keladi.

Shuningdek, tanlov qilmasa ham boʻladi, chunki bir vaqtning oʻzida ham fronted, ham bekend bilan ishlaydigan fulstek dasturchilar ham mavjud. Bu koʻproq maʼlumotni oʻrganib chiqishni talab qiladi, ammo dasturning ham mijoz, ham server qismini toʻliq mustaqil ravishda yozish imkonini beradi. Koʻpincha hali qaror qabul qilmagan, yangi boshlayotganlar fulstek boʻladi, shu tarzda ular ishni har tomondan koʻrib chiqib, keyinchalik chuqurlashib, maʼlum bir yoʻnalishning professionali boʻlishi mumkin.

 

Manba: Фронтенд или бэкенд: по какому пути в разработке пойти

#backend
#frontend
Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
Yandex Praktikum

Yandex Praktikum