Boshqalar

GitHub nima va undan qanday foydalanish mumkin?

Dunyodagi eng mashhur AyTi loyihalar hostingi va birgalikda dasturlash platformasi haqida qisqacha qoʻllanma

83 million foydalanuvchi, 4 million tashkilot va 200 million repozitoriy. Internet tarmogʻida loyihalarning boshlangʻich kodini joylash uchun juda koʻp servislar mavjud, ammo eng koʻp GitHub tilga olinadi. Xoʻsh, buning sababi nimada?

Albatta, servisning mashhur sohibi (Microsoft) va odatning shakllangani ham oʻz rolini oʻynaydi, ammo buning eng katta sababi — platformaning imkoniyatlari.

  • GitHub nima va u nimasi bilan Gitʼdan farq qiladi?

  • Sizga ham GitHub kerakligini qanday bilsa boʻladi?

  • GitHubʼning asosiy konsepsiyalari sodda tilda

  • Repozitoriylar yaratish va fayllar yuklash

  • Repozitoriylardagi fayllarni koʻrish

  • Repozitoriylarni topish va oʻqish

  • Tarmoq yaratish

  • Tarmoqlararo oʻtish va nizolarni hal qilish

  • Repozitoriy tavsifini sozlash

  • GitHub profilingizdan sayt yaratish

  • GitHub Desktopʼga GUI-mijozni ulash

  • CLI orqali GitHub bilan ishlash

  • GitHub-profilni sozlash

  • end() oʻrnida

 

GitHub nima va u nimasi bilan Gitʼdan farq qiladi?

GitHub bu – AyTi loyihalarni hosting qilish va birgalikda dasturlash uchun yaratilgan bulut platforma boʻlib, uning negizida versiyalarni nazorat qilishning mashhur tizimi — Git, shuningdek, dasturchilar uchun toʻlaqonli ijtimoiy tarmoq yotadi. 

Bu yerdan turli dasturlash tillaridagi koʻplab open-source loyihalarni topish, ularda ishtirok etish, rezyumega havola qoʻyish uchun kod namunalari joylangan portfoliongizni yuklash, ochiq loyihalardagi qiziq arxitekturaviy yechimlarni koʻrish, tajribali dasturchilar qanday kod yozishini kuzatish, shuningdek, dasturlash uchun kerak boʻladigan koʻplab foydali va bepul uskunalarni yuklab olish mumkin. Aytgancha, baʼzi uddaburonlar GitHubʼda dasturlardan tashqari, haqiqiy kitob va maqolalardan iborat butun boshli kutubxonalarni tashkil qilishni ham eplaydi.

Agar siz istalgan ochiq dasturdagi qandaydir xususiyatdan norozi boʻlsangiz va bu dastur GitHubʼda joylangan boʻlsa, loyiha izohlarida fikringizni bildirishingiz mumkin. Eng yaxshisi issue (buning nimaligini keyinroq aytamiz) rasmiylashtirib, muammoni mustaqil tarzda toʻgʻrilab qoʻyishingiz mumkin. Yaxshi ishlangan ochiq loyihalar mualliflariga donat yoki oddiy iliq soʻzlar bilan ham minnatdorlik bildirishni unutmang. Ular bundan xursand boʻladi.

Deyarli istalgan AyTi kompaniyada kod qayerdadir saqlanadi, koʻp hollarda esa ana shu “qayerdir” aynan GitHub boʻladi. GitHubʼning anchagina mashhur raqibi ham bor, bu ham Git asosidagi GitLab boʻlib, ular turli kompaniyalarning platformasi boʻlsa-da, faoliyati juda oʻxshash.

GitHub va Gitʼni adashtirmaslik kerak. GitHub Git versiyalar nazorati tizimining realizatsiyalaridan bittasi (grafik interfeysli Git-mijozlarning qarasangiz buni his qilasiz), unga koʻplab qulay uskuna va imkoniyatlar (izohlar, issues, giperhavolalar, matnni formatlash va boshqalar) qoʻshilgan. GitHubʼni Git haqida bilimga ega boʻlmasdan ishlatish mumkinligini ham yodda saqlang (aksinchasi ham mumkin).

Ajoyib yangrayapti, toʻgʻrimi? Endi hamma narsani hal qilish va sizga u kerakligini aniqlash uchun GitHubʼdan foydalanish haqidagi qoʻllanmamizni oʻqishga kirishing.

Sizga ham GitHub kerakligini qanday bilsa boʻladi?

Albatta, GitHub hammaga ham kerak emas. Agar siz dasturlashni endigina boshlagan boʻlsangiz va shaxsiy foydalanish maqsadida kichik loyiha bajarayotgan boʻlsangiz, loyihani lokal mashinada saqlash ham sizga toʻgʻri keladi. Ehtimol, endigina oʻzingizga yoqqan dasturlash tilini oʻrganayotgandirsiz va hamma narsani birdan sinab koʻrishni istamassiz.

Birinchi navbatda GitHub tez-tez yangilik kiritiladigan, versiyalari koʻp, fayllar soni katta, dasturlashni sinxronlashtirish va dasturni qulay yangilash talab qilinadigan loyihalar uchun kerak boʻladi.

Ammo bunda ham istisno holatlar bor – baʼzi Linux yadrosining eng muhim dasturchilari hamon kod yangilanishlarini elektron pochta orqali fayl arxivlari shaklida almashadi.

Manba kodlarini saqlashning chindan ham koʻplab boshqa usullari bor: ular uchun “Mening kompyuterim” boʻlimida papka yaratish, ularni bulutga yuklab, versiyalarni yozib qoʻyish, hatto Telegram yoki VKontakteʼdagi “Saqlangan xabarlar”da ham saqlash mumkin (biroz qiyin tuyulishi mumkin, ammo amalga oshirsa boʻladi).

Shuningdek, oʻzgarishlar roʻyxatini telefon yoki muzlatkichda qayd holida yoki yopiq Telegram kanalda matn holida saqlash ham mumkin. Loyihani dasturingiz fayllaridan iborat ZIP–arxivni yuklash va ochish orqali ham deployʼni amalga oshirsa boʻladi (ayniqsa, maqsadingiz “noutbuk bilan yordamga kelgan” doʻstingiz yoki dugonangizga shunchaki dasturni koʻrsatishdan iborat boʻlsa). Ha, yana VK ilovasidagi anonimlar jamiyatida sevimli freymvorkingizdagi xatolar haqida aytishingiz ham mumkin, har holda “birgalikda asabiylashish” ancha kayfiyatni koʻtaradi.

Yuqoridagi usullarning har biri oʻzicha yaxshi, ammo AyTida ishlash uchun GitHubʼga koʻnikish kerak: bu shu sohaning standarti.

Qiziqarli fakt: yaqinda GitHubʼning ruscha muqobili GitFlic ham paydo boʻldi. Servis jamoasining xabar berishicha, ularning maqsadi “mahalliy operatsion tizim, dastur, ilova va server yechimlarini ishlab chiqish uchun yangi toʻlqin hosil qilish” ekan. Uning oʻziga xosliklaridan biri bu — Telegram bilan integratsiya qilingani.

GitHub imkoniyatlarining katta qismi bepul, ammo platformada pulli tariflar ham bor. Ularga uzoq vaqt duch kelmasligingiz ham mumkin, chunki oddiy dasturchi uchun bepul imkoniyatlar ham yetib ortadi.

Bu Fray. U GitHubʼdan foydalana olmadi va kelajakka uchib ketdi. Fray kabi boʻlmang

GitHubʼning asosiy konsepsiyalari sodda tilda

Yangi foydalanuvchilar GitHub interfeysini tushunmasligi mumkin. Platforma paydo boʻlganidan beri koʻp yangi uskunalarga ega boʻldi, ammo eng asosiysi oʻzgarmasdan qolgan.

Deyarli barcha terminologiya Gitʼdan olingan.  Repozitoriy, tarmoq, kommit, fork kabilar asosiy atamalardan. Bu nomlardan baʼzilarini tanlash (ingliz tilini bilgan taqdiringizda ham) unchalik mos emasdek koʻrinishi mumkin, ammo shunday boʻlib qolgan.

Fayllarni qanday yuklash, repozitoriylarni yaratish va boshqa amallarni keyingi boʻlimda koʻrib chiqamiz, shuning uchun baʼzi atamalardagi turli harakatlarni koʻrganda qoʻrqib oʻtirmang. Hammasini rasmlar bilan koʻrsatamiz.

Repozitoriy

Bu dasturingiz ichki direktoriya va fayllaridan iborat asosiy papkasi boʻlib, ayni damda oʻsha papkaning GitHubʼdagi sahifasi hamdir. Repozitoriyga hamma narsani yuklash mumkin, ammo unda manba kodi mavjud fayllar va qandaydir qoʻshimcha materiallar, masalan, GUI yoki sahifalash uchun kerak boʻladigan grafika (rasmlar, ikonkalar va hokazo) saqlanishiga moʻljallangan.

Repozitoriylar omma uchun ochiq yoki yopiq boʻlishi, ularning ichida boshqa papkalar yaratib, versiyalardagi oʻzgarishlarni kuzatib borish mumkin.  Repozitoriylarni toʻgʻridan toʻgʻri sayt interfeysida turib, buyruq satrida, GitHub kompyuter dasturida yoki servis bilan integratsiyani quvvatlaydigan turli dasturlash vositalari (IDE) kabilar orqali boshqarish mumkin.

Tarmoq (branch)


Tarmoqlarda oʻzgarish va yangilanishlar guruhlanadi. Masalan, bitta asosiy branch (standart holatda main branch) va bitta beta branch yaratiladi. Tarmoqlar bir-biridan mustaqil boʻladi, ammo xohish tugʻilsa, kodda farq boʻlsa ham ularni birlashtirish (merge – birlashish) mumkin.

Repozitoriyni oʻzgartirish usullari: kommit, push, klon, fork

Repozitoriyga oʻzgartirishlarni toʻgʻridan toʻgʻri yoki uning nusxasini yaratib kiritish mumkin. Oʻzgartirish kiritishning oʻzi “kommit” (inglizcha commit – amalga oshirmoq) deyiladi, uning vaqtinchalik belgisi va xesh-summasi boʻladi.

Kommit oʻzgarishlarni lokal repozitoriy (kompyuteringizdagi) dan masofaviy (remote repository, yaʼni GitHubʼdagi) repozitoriyga oʻtkazish push (inglizcha push – itarish), soʻzma soʻz tarjimada esa oʻzgartirishlarni itarib kiritish deyiladi.

Oʻzgartirish kiritish uchun repozitoriyni nusxalash ikki usulda amalga oshiriladi:

  • klonlash (clone) – shunchaki lokal kompyuter yoki serverga nusxalash;

  • forklash (inglizcha fork – tarmoqlash) – ishni “boshqa branch yoʻlida davom etish” uchun repozitoriyning alohida nusxasini yaratish.

Agar siz begona loyihaning muallifiga aniq yaxshilanishlarni taklif qilish maqsadida forklagan boʻlsangiz, ishingiz tayyor boʻlganda uni manba repozitoriyga “pull qilish”, yaʼni pull request (oʻzgartirish kiritishga ruxsat soʻrash) kerak boʻladi. 

Yuqoridagilar kerakli faktlarning 90 foizini tashkil qiladi. Yanada zerikarliroq batafsil maʼlumotlar hujjatlar va GitHubʼga oʻrgatish boʻlimida, shuningdek, Git boʻyicha qoʻllanmaning oʻzida ham keltirilgan. Biz esa ularni amalda qoʻllashga urinib koʻramiz. 

Repozitoriylar yaratish va fayllar yuklash

GitHubʼdan foydalanishning eng oddiy usuli sayt orqali, shuning uchun biz ham saytdan boshlaymiz.

Repozitoriylar bilan ishlashdagi eng oddiy harakat bu – fayl yaratish va uni yuklash boʻlib, uni avvalroq koʻrib chiqdik. Har ikki ish 30 soniyadan ortiq vaqtingizni olmaydi.

Oʻtgan safargi material xulosalarini qisqacha takrorlab oʻtamiz:

  • Repozitoriy yaratish uchun saytning yuqori oʻng burchagidagi + belgisiga bosib, New repository punktini tanlash, nom va tavsifni toʻldirib, kerakli joylarni belgilab, Create repository tugmasini bosish kerak;

  • Fayllarni yuklash uchun kerakli repozitoriyga kirib, Add file tugmasiga bosib, Upload files tugmasini bosish kerak.

1-qadam. Veb-versiyada GitHub-repozitoriy yaratish

2-qadam. GitHub-repozitoriy yaratish sahifasi

Lekin Qora kuchlar bilan GitHub bilan ishlashni oʻrganish uchun dasturlash davomida kerak boʻladigan boshqa harakatlar: klonlash/fork, branchlarni birlashtirish, konfliktlarni koʻrish va hal qilish kabilarni bajarishni mashq qilish ham foydali boʻladi. 

Keling, avval sayt orqali, keyin GUI-mijozlar va buyruq satri interfeysi (CLI) orqali ishlashni qadam-baqadam bosib oʻtamiz.

Repozitoriydagi fayllarni koʻrish

GitHub repozitoriyda fayllarni koʻrish uchun tanlash

Koʻp hollarda manba kodlarini yuklashdan koʻra ularni koʻzdan kechirib chiqish qulayroq ekanini bilsangiz kerak. Ana shunday oddiy operatsiyalar uchun kompyuter dasturi shart emas, fayllarni veb-versiyada ham tezda ochish mumkin (kod ham, suratlar ham saqlanib qoladi). Uni koʻrish uchun shunchaki ustiga bosish kifoya!

Bu rasmda kodli faylni koʻrish tasvirlangan. Hammasi risoladagidek: qatorlar raqamlangan, sintaksisga rang berilgan

Bu yerda esa GUI uchun kerak bo'lgan va repozitoriyga joylangan rasm koʻrsatilgan

Repozitoriylarni topish va oʻqish

Begona repozitoriylarni koʻzdan kechirish vaqt oʻtkazishning ajoyib usuli boʻlsa ham, birinchi navbatda bu sizga yordam beradigan foydali uskunalarni topish usuli hamdir. Ilovangizga qoʻshishni xohlaydigan koʻplab funksiyalarni allaqachon kimdir ishlab chiqqan boʻlishi mumkin, sizga esa faqat GitHub repozitoriylardan shunday loyihalarni izlash qolgan xolos.

Qidiruvning boshqa holatlari kabi kerakli repozitoriyga qidiruv saytlari yoki GitHubʼdagi ichki qidiruv tizimi orqali oʻtishingiz mumkin.

Misol uchun: bu Telegram Android ilovasining rasmiy GitHub repozitoriysi. Detallarga qaraymiz: qisqa tavsif – About (Telegram for Android source), ikkita branch (master va dev), boshqaruv tarmogʻida 462 kommit, 227 pull request, oxirgi reliz 6 kun avval, litsenziya GPL 2.0, 1,2 ming kuzatuvchi, 7,1 ming fork va 21 ming qaydlarga qoʻshish holati

Bu yerda nimaga eʼtiborni qaratish muhim. Yuqoridagi ekran tasvirining baʼzi punktlarini koʻrib chiqamiz.

Birinchidan, eng anigʻi bu – bosh sahifadagi tavsif. Aynan unda bizning asosiy savolimizga javob bor – bu nima va bizga qanday yordam bera oladi?

"""

Aniqroq aytadigan boʻlsak, repozitoriylarda ikkita tavsif boʻladi: qisqa (yuqori oʻng tomonda bir abzaslik) va toʻliq (oʻrtada, fayllar roʻyxati ostida).

"""

Agar repozitoriy sizga foydali boʻlib koʻrinsa, endi uni qay tarzda ishlata olishingizni aniqlash kerak boʻladi, bu esa koʻrsatilgan litsenziya muallifiga bogʻliq boʻladi.

Shundan soʻng yangilanishlar chastotasi sizga mos kelishini baholashingiz kerak, buni Releases boʻlimida qilish mumkin (havolasi qisqa tavsifdan keyin keltiriladi). Albatta, bu vaziyatga bogʻliq: qayerdadir toʻrt yildan beri yangilanmagan uskuna kerak boʻlishi mumkin, lekin koʻpincha kichik boʻlsada quvvatlash, yaʼni hech boʻlmaganda bir necha oyda bir marta yangilanish chiqishi kerak boʻladi.

Kommitlar soni hamda tarkibini koʻrish va bilish ham muhim – bosiladigan hisoblagich fayllar roʻyxati ustida, oʻng tomonda boʻladi.

Nihoyat, jamiyat ichida loyihaning mashhurligini bildiradigan belgilar soniga ham qarash kerak. Buni kuzatuvchi, fork va yulduzchalar (layk va repostlar analogi desa ham boʻladi) soni bilan oʻlchash mumkin.

Biroz pastroqda, oʻng tomonda eng qiziq narsalardan biri: repozitoriyda ishlatilayotgan dasturlash tillari tahlili joylashgan. Yuqoridagi ekran tasviridagi repozitoriyda bu toʻplam shunday koʻrinishda boʻladi.

Telegram ilovasi Android manba repozitoriysiga yuklangan kodlar yozilgan dasturlash tillari

Umuman olganda, oʻzingiz foydalanadigan mashhur ilovalar repozitoriysini oʻrganish va yoqqanini yulduzcha bilan belgilash yaxshi ish. Bu faqat qiziqarli jarayon emas, vaqt oʻtishi bilan GitHub qiziqishlaringizni oʻrganib chiqadi va Explore blokida sizga yoqishi mumkin boʻlgan narsalarni tavsiya qilishni boshlaydi.

Misol: VK GitHub repozitoriysi

Branch yaratish

№1 — koshka alternativ tarmogʻini yaratamiz

Yangi branch yaratish juda oson:

  • New branch katta yashil tugmasini bosamiz.

  • Yangi branch nomini kiritamiz.

  • Nusxalash uchun asosiy branchni tanlaymiz (yaʼni main branch, chunki hozircha boshqa branch yoʻq).

  • Create branchʼga bosamiz.

Branchlararo oʻtish va nizolarni hal qilish

Bu holatda avval nima nazarda tutilayotganini aniqlash kerak: agar muqobil branchga shunchaki kirish zarur boʻlsa, buni repozitoriy branchlari roʻyxatida ham qilsa boʻladi (kerakli havola fayllar roʻyxati tepasida boʻladi).

Xuddi shunday muqobil branch № 2 (sava) ni ham yaratamiz va hammasi oxirida qanday koʻrinishini kuzatamiz.

Repozitoriy branchlari roʻyxati: asosiy va ikki muqobil branch

Branchlararo oʻtish haqida boshqa maʼnoda gapirsa ham boʻladi – bunda muqobil branchdagi oʻzgarishlar asosiy branch bilan birlashtiriladi. Qarang: bizda code.js fayli mavjud, ammo uning tarkibi biroz farq qiladi:

  • main branchʼda JS buyrugʻi console.log (standart tarmoq) shaklida, suratda esa  zamonamiz maestrolaridan Rik Estli tasvirlangan;

  • koshka branchida esa xuddi shu fayl ichida console.log (Koshka!) buyrugʻi, Rikning surati oʻrnida esa kulguli mushuk tasviri bor;

  • bularning hammasi esa uchinchi sava branchi bilan yanada murakkablashadi: unda console.log (“Sova!”) konsol chiqishi va ukki tasviridan foydalanilgan (tabiiyki, barcha branchlardagi suratlar bir xilda pic.jpg deb nomlangan).


Bundan kelib chiqadiki, branchlar orasida konflikt mavjud va muqobil branchlardan istalganini asosiysi bilan birlashtirish mumkin emas! Lekin buning yechimi mavjud: GitHub bizga farqlanuvchi branchlarni solishtirishni taklif qiladi, agar istasak oʻzgarishlarni asosiy branchga kiritish, yaʼni yuqorida aytilgan pull requestʼni amalga oshirishni taklif qiladi.

GitHub baʼzi branchlarda oʻzgarishlar borligini shunday maʼlum qiladi

Branchlarni qiyoslash mana shunday koʻrinishda boʻladi (koshka va sava).

main branchʼning koshka branch bilan qiyosi

main branchʼning sava branch bilan qiyosi

Keling, biz sava tarmogʻidagi oʻzgarishlarni qabul qilishga qaror qilib, kichik izoh bilan pull request yaratamiz.

Sava branchidagi oʻzgarishlarni main branch bilan birlashtirish uchun pull request yaratish

Keyin u repozitoriyning pull requestʼlari roʻyxatida paydo boʻladi va oʻsha yerda oʻzgarish haqidagi mazkur soʻrovning keyingi taqdirini belgilaymiz.

Repozitoriyning tegishli boʻlimida yangi pull request paydo boʻldi

Pull request branchlar birlashishi (merge) ni tasdiqlab, toʻla qabul qilish yoki soʻrovni yopib (Close pull request), rad etish mumkin.

1-qadam. Pull requestʼni koʻrib chiqish

2-qadam. Pull requestʼni koʻrib chiqish

Shunda ham main branchʼni repozitoriy sozlamalarida kerakli joylarini belgilab, oʻzgarishlardan saqlash mumkin (va aynan shu narsa yangi tarmoqlar yaratishda sizga taklif ham qilinadi).

GitHub branchni oʻzgarishlardan himoyalashni taklif qilmoqda

Parametrlarning mazkur qatorini oʻzgartirish uchun oʻz repozitoriyingizda Settings –> Branches boʻlimiga kiring. Kerakli sozlamalar Branch protection rules boʻlimida boʻladi (tanlash uchun 10 ta variant beriladi).

Repozitoriy tavsifini sozlash

GitHub loyihangizning asosiy tavsifi Readme.md faylida beriladi, uni repozitoriy bilan birgalikda yoki keyinroq ham yaratish mumkin. md kengaytmasi bu –  soddalashtirilgan mashhur belgilash tili – Markdownʼning qisqartirilgan koʻrinishi.

Readme faylining tarkibi repozitoriyning bosh sahifasida koʻrinadi va bu qanday lohiya ekani, boshqa dasturchilarga qanday foyda berishi va undan qanday foydalanish mumkinligi haqidagi savollarga javob boʻladi.

Readme faylni did bilan toʻldirish uchun GitHubʼning markdown belgilash tili haqidagi qoʻllanmasidan foydalanish mumkin. Bizning misol repozitoriyimizning Readme fayli mana shunday koʻrinishda boʻladi (birinchi va ikkinchi ekran).

GitHub repozitoriyning Readme faylini sozlash

GitHub repozitoriyning Readme faylini sozlash

Eʼtibor bering: faylni toʻldirishda istalgan format – turli darajadagi sarlavha, shriftlarni qalin/yotiq shaklda ajratish, rasm, emoji, havola va hokazolardan foydalanish mumkin.

Readme fayli anchagina uzun boʻlishi mumkin, shunday boʻlsa-da GitHub katta hajmli hujjat uchun “Viki” yaratishni tavsiya qiladi.

GitHub profilingizdan sayt yaratish

GitHubʼda GitHub Pages funksiyasi yordamida saytni hosting qilish mumkin. Bu juda oddiy:

  • Repozitoriy sozlamalariga kiring.

  • Code and automation blokida Pagesʼni tanlang.

  • Manbani tanlang (Deploy from a branch, keyin kerakli tarmoqni).

  • Save tugmasini bosing.

  • Sahifani yangilang va sahifa tepasida yangi saytingiz uchun havola paydo boʻladi.

GitHub pagesʼdagi sayt namunasi

Saytni loyiha uchun emas,oʻzingizni tanitish uchun yaratsangiz, tashrif-sayt kodi bilan repozitoriy yarating va unga [username].github.io shaklida nom bering. Bu yerda username – GitHub akkauntingizning nomi boʻladi. Bu funksiya haqida batafsil maʼlumotni bu yerdan olishingiz mumkin.

GitHub kompyuter dasturiga GUI-mijozni ulash

Agar sizga mana shu ishlash usuli qulay boʻlsa, bu yerda ham hammasi oddiy. Keling, shu mavzudagi batafsil qoʻllanmamizni qisqacha takrorlab olamiz:

  • Mijozni yuklab olib, oʻrnatasiz.

  • Oʻz akkauntingizga kirasiz.

  • Mavjud repozitoriylar bilan ishlaysiz yoki yangi (lokal) larini yaratasiz.

Windows uchun GitHub Desktopʼdagi GUI-mijozning bosh menyusi. Roʻyxatda yuqorida tasvirlangan repozitorimiz – skillbox_cool ham mavjud

Ilova ishni davom ettirish uchun repozitoriyni lokal mashinaga klonlashni tavsiya qiladi.

GitHub kompyuter dasturida repozitoriyni klonlash

Oʻchirilgan GitHub repozitoriydan klonlangan fayllar kompyuteringizdagi maxsus papkada saqlanadi va ularga oʻzgartirish kiritish ham oson – mijoz ularni siz tanlagan kod muharriri/dasturlash muhitida ochadi (aslida hammasini alohida qilish – kerakli manba faylini papkada ochish qulayroq).

Umuman olganda, hammasi bir-ikki-uch kabi oson.

CLI orqali GitHub bilan ishlash

GitHub bilan Windows buyruq satri yoki PowerShell orqali ham ishlasa boʻladi. Bu unchalik qiyin emas: avvaliga buyruq satri interfeysini yuklash va oʻrnatish kerak (hujjatlar – bu yerda).

PowerShellʼda GitHub CLI bilan ishlash

GitHub CLI uchun buyruqlar gh qisqartmasidan boshlanadi, masalan,gh repo clone.

GUI Git interfeysi

Yana boshqa usul ham mavjud – Gitʼning oʻzidan foydalanib, uning oʻz CLI yordamida ishlash. Git alohida yuklanib, oʻrnatiladi, uning oʻzida minimalistik GUI mavjud. Ammo uni terminalda ishlatgan mantiqliroq.

PowerShellʼda GitHub CLI bilan ishlash

Bu haqida bilish kerak boʻlgan eng muhim narsa: Gitʼda barcha buyruqlar gitsoʻzi bilan boshlanadi, soʻng harakat tipi koʻrsatiladi: git clone, git merge, git fork va hokazo. Ulardan foydalanish uchun Git oʻrnating, uning buyruqlari boʻyicha eslatma chop eting va qoʻrqmasdan foydalanishni boshlang.

GitHub-profilni sozlash

Profilni kastomizatsiyalash – dasturchining oʻzini tanitishida muhim qism sanaladi: rezyume, tashrif qogʻozi va ishlagan loyihalaringiz vitrinasi.

Ish beruvchilar bu maʼlumotni munosib baholaydi, shu sababli oʻz haqingizdagi maʼlumotni toʻldirib, bir nechta yaxshi repozitoriylaringizni ommaga eʼlon qilish kerak (albatta, u yerda hech qanday sirli narsa boʻlmasa). Aynan ular shaxsiy vitrinangizning bir qismiga aylanadi.

Keling, hozir GitHubʼda urfga chiqqan biror mashhur dasturchining profilini koʻramiz (ha-ha, GitHubʼda shunaqa boʻlim ham bor).

GitHub talqiniga koʻra top-25 dasturchi (material yozilgan vaqtda)

Birinchi oʻrinda qandaydir Stiven Selis. Uning profilida nimalar bor? Ish joyi, sayt va aloqa maʼlumotlari koʻrsatilgan, statistikada 123 repozitoriy va bir yil davomida 1725 ta oʻzgartirish. Oddiy koʻz bilan ham bu odam faol va tajribali ekanini bilsak boʻladi.

Top dasturchilardan birining GitHub profili (2022-yil noyabr oyida GitHub reytingida 1-oʻrin). Yashil kvadratchalar – muallif faolligini bildiradi

Agar siz hali GitHubʼda topga chiqmagan boʻlsangiz ham, profilni shu tarzda toʻldirishga harakat qiling: batafsil maʼlumot va loyihalaringizdan iborat qator (ularni profilingizdagi Customize your pins tugmasiga bosib, istaganingizdek mahkamlab chiqishingiz mumkin).

end () oʻrnida

Hammasi koʻringanidek murakkab boʻlmaydi (boshqacha aytadigan boʻlsak, har bir dasturchi hayoti davomida avval sanchqida yeyishni oʻrganadi, keyin GitHub repozitoriylarni forklaydi).

GitHubʼdan hamma foydalanadi: bu dasturlash yoʻnalishi va tilidan qatʼi nazar, eng muhim umumiy koʻnikma sanaladi. Maktabdagi Hayot xavfsizligi asoslari fanidek ana oʻsha git clone ham qachondir hayotingizni saqlab qoladi.

Shu sababli oʻquv kodlarining bekaplari uchun ham GitHubʼdan foydalanishni iloji boricha ertaroq boshlash kerak va bu tez orada foydali odatga aylanib qoladi.

 

Manba: Что такое GitHub и как им пользоваться

#github
#guide
Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
skillbox.ru

skillbox.ru

O'xshash maqolalar

Mohirdev startaplar tanlovida gʻalabani qoʻlga kiritdi

24-yanvar, 2024

Mohirdev startaplar tanlovida gʻalabani qoʻlga kiritdi

Biz har qadamimiz bilan inson oʻz rivoji uchun imkon topa oladigan dunyoni qurishdan toʻxtamaymiz.

Maqolani o'qish
Jinoyatchi kabi fikrlash: xavfsizlikni testdan oʻtkazamiz
CyberSecuruty

19-aprel, 2024

Jinoyatchi kabi fikrlash: xavfsizlikni testdan oʻtkazamiz

Pentest — xakerlik hujumi imitatsiyasi. U xavfsizlikning zaif tomonlarini xakerlar topmasidan avval aniqlash uchun uyushtiriladi. Axloq meʼyorlari doirasida buzish xususiyatlarini tahlil qilamiz.

Maqolani o'qish
Bosim ostida testdan oʻtkazish (testing): biz avtonom sinov tizimini qanday yaratdik?
testing
machine learning

9-aprel, 2024

Bosim ostida testdan oʻtkazish (testing): biz avtonom sinov tizimini qanday yaratdik?

Birmuncha vaqt avval dasturni ishchi nusxa (production instance)ga yuklashdan soʻng avtomatik  testdan oʻtkazish (testing) kerak boʻladigan loyihada ishlagandim. Avtomatlashtirilgan testdan oʻtkazish (testing) bu – toʻliq sinovdan oʻtkazilmasdan oldin dasturiy taʼminotga yaqinda qoʻshilgan yoki oʻzgartirilgan funksiyalar oʻz oʻrnida ishlayotganini tezkor tekshirish usuli. Bu usul batafsil testdan oʻtkazishdan avval asosiy funksiyalar ishlayotganiga amin boʻlishga yordam beradi va oʻz-oʻzidan sifatni taʼminlashdagi tezkor bosqich sanaladi. Testdan oʻtkazish sozlamalari reliz turiga qarab dinamik ravishda oʻzgarib turishi kerak, chunki frontend va bekend relizlar turli vaqtlarda chiqarilgan hamda turlicha testdan oʻtkazish sozlamalarini talab etgan boʻladi.

Maqolani o'qish
Java yoki Python: yangi boshlayotgan dasturchi qaysi tilni tanlagani maʼqul?
python
java

29-aprel, 2024

Java yoki Python: yangi boshlayotgan dasturchi qaysi tilni tanlagani maʼqul?

Java va Python eng mashhur dasturlash tillaridan biridir. Oʻrganish uchun tilni tanlashda ularning xususiyatlari, farqlari va ular yechimini topishga yordam beradigan vazifalarni bilish kerak.

Maqolani o'qish
Telegram’dagi akkauntlarni o‘g‘irlashning yangi sxemasi

24-aprel, 2024

Telegram’dagi akkauntlarni o‘g‘irlashning yangi sxemasi

Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish texnologiyalarini ishlab chiqaruvchi F.A.C.C.T. kompaniyasi firibgarlar Telegramʼda akkauntlarni oʻgʻirlash uchun yangi sxemadan foydalanishni boshlagani haqida xabar qildi.

Maqolani o'qish