GitHubʼga loyiha qoʻshish: xatolar va maslahatlar
Loyihalarimizni boshqalar bilan boʻlishishni oʻrganamiz.
Sizda boshqa dasturchilar bilan boʻlishishni xohlaydigan zoʻr loyihangiz bor. Yoki nima qilishni bilmay, maslahat olishingiz kerak boʻlgan loyiha, deylik. Bu gal GitHubʼga kod yuklashning uchta usuli haqida gapiramiz.
GitHub nima?
GitHub bu – hosting va dasturiy taʼminot ishlab chiqish uchun bulutli platforma. U orqali loyihalarni repozitoriyda saqlash, kod versiyalarini boshqarish va boshqa dasturchilar bilan birgalikda ishlash mumkin.
GitHubʼda yana quyidagilar bor:
loyihalarni boshqarish instrumentlari, masalan, vazifalar trekeri va Kanban doska;
tashqi serverlar bilan integratsiya, masalan, CI/CD;
markdown – matnli hujjatlarni belgilash tili. Uning yordamida hujjat yaratish va saqlash mumkin.
Githubʼda loyihalaringizni boshqalar bilan boʻlishish imkoniyati mavjud. U yerda faol dasturchilar hamjamiyati va 100 mlndan ortiq foydalanuvchilar bor.
GitHubʼga loyihani qoʻshish – eng oson usul
GitHub Desktop yordamida GitHubʼga loyihani qanday yuklashni oʻrganamiz.
1-qadam. Ro‘yxatdan o‘tish
Mavjud akkauntingizga kiring yoki ro‘yxatdan o‘ting. Quyidagilarni tanlash mumkin:
ommaviy akkaunt — repozitoriylarni barcha foydalanuvchilar ko‘radi;
shaxsiy akkaunt — repozitoriylarni faqat tasdiqlangan ishtirokchilar ko‘radi.
Profilni ham to‘ldirgan ma’qul. Potensial ish beruvchilarni jalb qilish uchun o‘z tajribangiz, ma’lumotingiz va ko‘nikmalaringiz haqida yozing.

2-qadam. GitHubʼda repozitoriy yaratish
Endi fayllar omborini yaratish kerak. Bepul akkauntda xohlagancha repozitoriylar yaratish mumkin. Lekin maʼlumotlar hajmi 500 mbdan oshmasligi kerak. Pullik tarifda ombordan koʻproq joy olsa boʻladi.
Repozitoriy yaratish uchun:
Ekranning yuqori o‘ng burchagidagi “+” belgisini bosing va New repository tugmasini tanlang.
Omborxonani nomlab, qisqacha tavsif qo‘shing.
Shaxsiy kirish (Private) yoki loyihangizni boshqalar bilan bo‘lishmoqchi bo‘lsangiz, ommaviy kirish (Public) turini tanlang.
Biryo‘la README.md faylini yaratsangiz boʻladi. Bu fayl quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
tavsif, loyiha nima bajarishi, uning maqsad va funksiyalari;
o‘rnatish bo‘yicha yo‘riqnoma;
loyihadan qanday foydalanishga misollar;
konfiguratsiya va sozlamalar haqida ma’lumot;
o‘z hissasini qo‘shmoqchi bo‘lganlar uchun yo‘riqnoma.
Shuningdek, .gitignore faylini ham qoʻshishingiz mumkin. .gitignore bu – GihHubʼda repozitoriyga tushmasligi kerak boʻlgan fayllar roʻyxati. Masalan, kesh va maxfiy maʼlumotlar. Dasturchining huquqlarini himoya qilish uchun alohida litsenziya koʻrsatishingiz mumkin. Shundan soʻng Create repository tugmasini bosing.
GitHubʼda repozitoriy yaratish
3-qadam. Mahalliy loyiha tayyorlash
GitHub Desktop ilovasini o‘rnating. Bu – ombor bilan ishlashni osonlashtiradigan qulay ilova. Birinchi marta ishga tushirayotgan boʻlsangiz, GitHub akkauntingizni kiriting. Shundan so‘ng sizga quyidagilar taklif qilinadi:
qattiq diskda yangi repozitoriy yaratish;
qattiq diskdagi mavjud repozitoriyni qo‘shish;
internetdan repozitoriyni klonlash.
Github Desktop
Demak, Githubʼimizda repozitoriy mavjud bo‘ldi, uni kompyuterga nusxalaymiz:
File → Clone repositoryʼni tanlang.
Omborni belgilang va saqlash uchun papkani ko‘rsating.
Clone tugmasini bosing.
Endi repozitoriy mahalliy darajada mavjud. Shundan so‘ng sizda quyidagi yorliqlar paydo bo‘ladi:
Current Repository. Ayni paytda qaysi repozitoriy ochiq ekanini ko‘rsatadi. Nima ustida ishlayotganingizni tezda aniqlashga va bir loyihadan boshqasiga oson o‘tishga yordam beradi.
Current Branch. Siz hozir ishlayotgan tarmoqning nomini ko‘rsatadi. Git’dagi tarmoqlar asosiy kodni o‘zgartirmasdan yangi funksiyalar ustida ishlash yoki xatolarni tuzatish imkonini beradi.
Fetch origin. GitHubʼdagi masofaviy repozitoriydagi o‘zgartirishlar ro‘yxatini ko‘rsatadi. Jamoada ishlaydigan va boshqa ishtirokchilarning harakatlari haqida bilishni xohlaydiganlar uchun foydali.
4-qadam. Yangi fayllarni qo‘shish
Faraz qilaylik, biz yangi HTML faylini yaratdik. O‘zgartirishlarni repozitoriyga saqlash uchun GitHub Desktopʼni oching.
Bizning faylimiz Changesʼda joylashgan bo‘ladi. Commit tavsifini yozing va Commit to main (yoki joriy tarmog‘ingiz nomi)ni tanlang. Shundan so‘ng Historyʼga o‘tishingiz va commitʼlar tarixini ko‘rib chiqishingiz mumkin. O‘zgartirishlarni GitHubʼdagi repozitoriyga yuborish uchun Push originʼni bosing.
Endi ombordagi va kompyuteringizdagi loyihalar bir-birini to‘liq aks ettiradi. Zarur bo‘lganda ularni qayta tiklashingiz mumkin.
Githubʼdagi repozitoriy.
5-qadam. Yangi tarmoq yaratish
Agar sinab ko‘rishni istasangiz, ammo asosiy kodga o‘zgartirish kiritishga tayyor bo‘lmasangiz, yangi tarmoq qo‘shing: Current Branch → New Branch → Create New Branch.
Yangi tarmoq yaratish.
Shundan so‘ng yangi tarmoqqa o‘tish va kiritilgan o‘zgartirishlar uchun commit qo‘shish mumkin bo‘ladi. O‘zgartirishlarni masofaviy repozitoriyga yuborish uchun Push originʼni bosing.
Loyihani GitHubʼdagi repozitoriyga yuklashning boshqa usullari
Yana loyihani konsol yoki kod muharriri, masalan, VS Code orqali ham yuklash mumkin:
Visual Studio Code orqali GitHub’da avtorizatsiya qiling.
Yon paneldagi Source Control (Versiya nazorati)ni oching.
Initialize Repository, so‘ngra Publish to GitHubʼni bosing.
Repozitoriyni nomlang va chop eting (Publish).
Bu usul Gitʼni o‘rnatib bo‘lgan foydalanuvchilar uchun mos keladi.
Visual Studio Code
Qulaylik uchun quyidagi plaginlardan ham foydalanish mumkin:
GitLens: tarmoqlar bilan ishlashni osonlashtiradi hamda alohida fayllar va satrlar uchun o‘zgartirishlar tarixini saqlaydi.
Git History: loyiha commitʼlari tarixini ko‘rish uchun qulay interfeys taqdim etadi. Uni grafik ko‘rinishida vizual ravishda ko‘rib chiqish va muallif, xabar yoki sana bo‘yicha commitʼlarni saralash mumkin.
Git Graph: repozitoriyning vizual tuzilmasini taqdim etadi. Repozitoriyning barcha tarmoqlari va ularning aloqalarini ko‘rish, bir-biri bilan o‘zaro qanday ta’sir qilishini tushunish imkonini beradi.
Git Graph.
GitHubʼga loyihani yuklashdagi xatolar
Repozitoriyning noto‘g‘ri tuzilishi. Ba’zi foydalanuvchilar loyihalarni aniq tuzilmasiz yuklaydi, bu esa navigatsiya va tushunishni qiyinlashtiradi. Manba kodi, hujjatlar, testlar va bog‘liqliklar uchun alohida papkalardan foydalaning.
.gitignore faylining yo‘qligi. Bu fayl bo‘lmasa, vaqtinchalik fayllar, kesh va maxfiy ma’lumotlar GitHubʼdagi repozitoriyga tushib qolishi mumkin.
Maʼlumotsiz commitʼlar. Boshlang‘ich dasturchilar ko‘pincha noaniq yoki juda qisqa xabarlar yozadi, masalan, “o‘zgartirishlar” yoki “yangilash”. Nima o‘zgartirilgani va nima uchun bunday qilinganini izohlaydigan mazmunli izohlar yozing. Bu boshqa ishtirokchilarga yordam beradi.
Litsenziyani e’tiborsiz qoldirish. Agar loyiha litsenziyasi ko‘rsatilmasa, bu yuridik muammolarga va kodingizdan qanday foydalanish borasida chalkashliklarga olib kelishi mumkin.
Katta hajmdagi ma’lumotlarni yuklash. Yirik hajmdagi fayllarni yuklash GitHubʼdagi repozitoriy hajmini oshiradi va uning samaradorligini pasaytiradi. Rasm yoki videoni saqlash uchun Git LFS (Large File Storage)dan foydalaning.
Hujjatlarning yo‘qligi. Ularsiz foydalanuvchilar loyihani qanday ishlatishni tushunmasligi mumkin. README.md da mahsulotni o‘rnatish, undan foydalanish va sinovdan o‘tkazish bo‘yicha batafsil ko‘rsatmalar yozib chiqing, zarur hollarda qo‘shimcha fayllar yarating.
Tarmoqlanishning yo‘qligi. Asosiy tarmoqda ishlash ziddiyatlarga va ma’lumotlar yo‘qolishiga olib kelishi mumkin. Yangi funksiyalar yoki xatolarni tuzatish uchun alohida tarmoqlar yarating.
Ushbu maslahatlarga amal qilsangiz, oʻzingiz, boshqa ishlab chiqaruvchilar uchun foydali bo‘lgan sifatli va tartibli repozitoriy yaratishingiz mumkin.
GitHub’ga loyihani qanday qo‘shish haqidagi asosiy ma’lumotlar
GitHub — ishlab chiqaruvchilarning katta hamjamiyati. Bu platformaga shaxsiy loyihani yuklash va u yerda hamfikrlarni topish mumkin.
Agar repozitoriylarni faqat tasdiqlangan ishtirokchilar ko‘rishini xohlasangiz, ommaviy yoki shaxsiy akkaunt yaratish mumkin.
GitHub’ga loyiha yuklash potensial ish beruvchilarning e’tiborini tortishi mumkin, o‘zingiz haqingizda ko‘proq ma’lumot berish uchun shaxsiy profilingizni to‘ldiring.
GitHub’da loyiha bilan GitHub Desktop, konsol yoki kod muharriri, masalan, VS Code orqali bo‘lishish mumkin.
Repozitoriy bilan o‘zaro bog‘lanishni osonlashtiradigan GitLens, Git History va Git Graph plaginlaridan foydalanish imkoniyati bor.

