Ochiq dars
Guruhlarga boʻlib dars oʻtish
Oʻquvchilarni guruhlarga boʻlib dars oʻtish yaxshi usul. Biroq bu amaliyotni qoʻllaganda hisobga olinishi kerak boʻlgan jihatlar mavjud.
Agar mendan nega sportdagi jamoaviy oʻyinlarda natijalarimiz maqtanarli emasligini soʻrashsa, bunda taʼlim jarayonining hissasi katta ekanini taʼkidlagan boʻlar edim. Bizning taʼlim jarayonimiz oʻquvchini maqsadlarga yakkaxon tarzda intilishga undaydi va ragʻbatlantiradi. Topshiriqlarimizning 90% dan ortigʻi yakkaxon bajarishga qaratilgan. 11 yil davomida shunday taʼlim olgan inson jamoaviy harakat qilish, guruh boʻlib ishlash kabi muhim koʻnikmalarni oʻzlashtira olmasligi aniq. Bunday koʻnikmalar esa jamiyat bilan birga yashash, bir maqsad yoʻlida birlashish va fuqarolik jamiyatini shakllantirishda ham muhim rol oʻynaydi. Shuning uchun ham darslarimiz davomida oyda bir marta boʻlsa-da guruh boʻlib bajariladigan topshiriqlarga vaqt ajratishimiz zarur.
Maqolamizda ana shunday guruh ishlarini tashkil etish boʻyicha tavsiyalar beramiz.
Sizni nimalar kutadi?
Guruhlarda ishlashni tashkil etmoqchi ekansiz, bilingki, sizni quyidagi muammolar kutib turibdi:
Oʻquvchilar guruhlarda birdek ishlay olmaydi. Qaysidir guruhda hamma ishni bir kishi qiladi, boshqasida esa bir kishi hech narsaga aralashmaydi.
Murosaga kelish qiyin. Oʻquvchilar turli fikrlar, qarashlar ichidan maʼqulini tanlashga qiynaladi, hamma oʻz fikrini maʼqullab turaveradi va oqibatda topshiriq yetarli darajada bajarilmaydi.
Vazifadan chetlashish. Agar oʻqituvchi guruhlarni nazorat qilib turmasa, ular vazifaga bogʻliq boʻlmagan suhbat va bahslarga kirishib ketishi mumkin.
Vaqt taqsimoti. Siz har doim vaqtni nazorat qila olmaysiz. Ajratgan 10 daqiqangiz doim kam yoki koʻp boʻlib chiqaveradi. Kutilmagan vaziyatlar yuzaga kelaveradi.
Albatta, bularning barchasiga yechim bor. Siz shu muammolarga ruhan tayyor tursangiz, ularning odatiy ekaniga oʻzingizni ishontira olsangiz, bas.
Guruhlarda ishlashga tayyorgarlik
Ushbu bosqichda quyidagi savollarga javob berishingiz lozim:
Bu topshiriqni guruh boʻlib bajarish mumkinmi?
Bu topshiriqni bajarish uchun nechta guruhga boʻlingan maʼqul?
Topshiriqdan qanday natijalar kutyapman?
Guruhlar oʻz xulosalarini (topshiriq natijasini) qanday topshiradi (ogʻzaki, yozma, taqdimot)?
Har bir guruhda nechta aʼzo boʻlgani maʼqul?
Guruh aʼzolari bir-biri bilan muloqot qilishi uchun ular qanday oʻtirishi kerak?
Bu topshiriqni bajarish va xulosani topshirish uchun qancha vaqt ketadi?
Oʻquvchilarni qanday baholayman?
Guruhlarni shakllantirish
Guruhni to‘g‘ri shakllantirish samarali o‘quv jarayonining kalitidir. O‘quvchilarni guruhlarga tasodifiy bo‘lish yoki uni o‘zlari tanlashiga ruxsat berish eng yaxshi usullardan hisoblanadi. Ammo sizning maqsadingizdan kelib chiqib, bu usulni oʻzgartirish mumkin. Oʻquvchilarni ularning ko‘nikmalari, bilim darajasi yoki qiziqishlari asosida guruhlarga ajratsa boʻladi. Turli darajadagi o‘quvchilar bilan ishlash guruhdagi o‘rganish samaradorligini oshiradi.
Teng qatnashishni taʼminlash
Topshiriqlarni guruh boʻlib bajarishda hamma qatnashishi muhimdir. Buni taʼminlash uchun sinalgan uch usul mavjud:
Javob berishda har bir oʻquvchi qatnashishi shartligini soʻrash. Shunda oʻquvchilar topshiriqni qismlarga boʻlib olishi va hamma oʻzinikiga javobgar boʻlishi kutiladi.
Istalgan oʻquvchidan soʻrash usulini qoʻllash. Bunda siz natijani istagan oʻquvchidan soʻrashingizni avvaldan ogohlantirasiz, ammo uning kimligini aytmaysiz. Ana shunda guruhdagi hamma oʻquvchi topshiriqni bajarishda bir xilda qatnashishga majbur boʻladi.
Jamoadoshlarni baholash. Topshiriqni bajargandan soʻng guruhning har bir aʼzosi boshqa jamoadoshini baholashini ayting (bu usul haqida alohida maqolada tushuntirishlar beramiz). Bunda oʻquvchilar sherigining topshiriqni bajarish jarayonida qanday ishlagani yuzasidan baho beradi.
Ayrim aʼlochi oʻquvchilar boshqalarning ishlashini istamasligi mumkin. Yaʼni ular bu vazifani falon oʻquvchi bajarsa, yaxshi eplay olmaydi deb oʻylaydi va shuning uchun oʻzim qilishim kerak qabilida faoliyat yuritadi. Shunday vaziyatda ularga jamoa boʻlib ishlash muhim ekani, maqsad yaxshi baho olish emas, boshqalarga bilim va koʻnikmalarni ulashish ekanini alohida tushuntirish lozim. Aʼlochilar boshqalarga koʻmaklashsa, yaxshiroq boʻlishini uqtirish kerak.
Topshiriqlarni ishlab chiqish
Guruh boʻlib bajarish uchun beriladigan topshiriqlar jamoaviy muhokama va hamkorlikni talab qilishi lozim. Masalan:
Murakkab muammoni yechish. Oʻquvchilar guruhlarga boʻlinib, iqlim oʻzgarishi oqibatlarini minimallashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqishi lozim. Har bir guruh oʻziga yoʻnalish tanlaydi. Masalan, energiya tejash, chiqindilarni kamaytirish, biologik xilma-xillikni saqlash, havo ifloslanishining oldini olish kabi. Bunday topshiriqlarni bajarish koʻplab manbalarni koʻrib chiqish, maʼlumot toʻplash va oʻzaro muhokama qilishni talab qiladi. Bundan tashqari, topshiriq yaxshi bajarilishi uchun turli tomondan qarash va turfa fikrlar kerak. Ana shular sabab bu xildagi topshiriqlar guruh boʻlib bajarishga mos keladi.
Loyiha ishlari. Loyiha ishlab chiqish guruh boʻlib bajarish uchun eng qulay topshiriq hisoblanadi. Ular haqida batafsil avvalgi maqolamizda aytgan edik.
Debatlar. Oʻquvchilarni turli guruhlarga boʻlib, zamonamizning muhim masalalari yuzasidan bahsga kirishishga chorlash mumkin. Har bir guruh oʻz pozitsiyasini himoya qila olishi uchun turli xil qarashlar va oʻzaro hamkorlik, mushtaraklik lozim. Masalan, “Sunʼiy intellekt jamiyat uchun foydalimi yoki zararlimi?” mavzusida bahs uyushtirish mumkin. Bunda oʻquvchilarning ogʻzaki nutq, bahsga kirishish, tanqidiy fikrlash va tinglab tushunish bilan bogʻliq davlat taʼlim standartida belgilangan koʻnikmalari rivojlanadi.
Demak, topshiriqlarni ishlab chiqishda asosiy urgʻuni hamkorlikda ishlash imkoniyati va samarasiga qaratish lozim. Individual tarzda bajarish mumkin boʻlgan topshiriqlarni guruhlarda ishlash uchun berish samarasizdir. Masalan, oʻquvchilardan maʼlum faktlar boʻyicha beriladigan savollarga javob berishni soʻrash uchun ularni guruhlarga boʻlish shart emas (mavzuga oid muhim voqea, sana, formulalarni sanash, oʻqilgan matn asosida 5 ta savolga javob izlash kabi). Adabiyot darslari biror asar yuzasidan munosabat bildirish, uni tahlil qilishda ham guruh boʻlib bajarishni soʻrash samara bermasligi mumkin, bunday topshiriqlar oʻquvchining shaxsiy fikri ustiga quriladi.
Jarayonni nazorat qilish
Oʻqituvchi guruh boʻlib ishlash jarayonida kuzatuvchi, yoʻnaltiruvchi rolini bajarishi lozim. O‘qituvchi guruhlarni boshqarish jarayonida ularga yetarlicha mustaqillik berishi kerak. Bu guruh a’zolarining muammoni bir-biri bilan mustaqil muhokama qilishiga va yechimlarga oʻzlari yetib borishiga imkon beradi. Ammo o‘qituvchi jarayonni doimo kuzatib turishi va guruh muammoga duch kelganda o‘z vaqtida aralashishi kerak. Masalan, guruh muammoni yechishda qiynalib qolsa, oʻqituvchi uni turli qismlarga ajratib chiqishni tavsiya qilishi mumkin. Ammo qanday qismlarga ajratish kerakligini aytmasligi lozim.
O‘qituvchi o‘quvchilarni muammolarni mustaqil hal qilishga undash uchun savollar berish orqali yo‘naltiruvchi rolini bajarishi mumkin. Bu savollar muammoni yaxshiroq tushunishga yordam berib, o‘quvchilarga to‘g‘ri yo‘nalish topishda koʻmaklashadi. Masalan, guruh muammo yechimiga olib bormaydigan yoʻldan keta boshlasa, oʻqituvchi “Bu usul bilan muammoni qanday yechish mumkin? Boshqa usullarni ham koʻrib chiqdingizmi?” kabi savollar orqali ularni yana bir marta oʻylab olishga undashi mumkin. Bunda ham oʻqituvchi yechimni aytmasligi kerak. Tanlagan yoʻli xatoligi, boshqa tarafdan borishi kerakligini aytish orqali guruhlarda ishlashdan kutilgan maqsadga erishib boʻlmaydi.
Oʻquvchilar muammodan tashqaridagi masalalar yuzasidan bahs yoki muhokamaga kirishsa, ularga vaqtni eslatish orqali ogohlikka chaqirish mumkin.
Bonus
Guruh boʻlib ishlashda qoʻllash mumkin boʻlgan juda qiziq va samarali ikki usulni koʻrib chiqamiz:
Pazl usuli. Bunda oʻquvchilar guruhlarga boʻlinadi, har bir aʼzoga mavzuning maʼlum qismi taqsimlanadi. Shunday qilib, har bir aʼzo oʻz qismi boʻyicha mutaxassisga aylanadi va boshqalarga buni tushuntiradi. Bu kamroq vaqt sarflab, koʻproq maʼlumot yetkazish uchun juda qulay usul. Masalan, zoologiya darsida oʻquvchilar biror oʻsimlikni oʻrganish mavzusida guruhlarga boʻlinganda kimgadir uning morfologiyasi, boshqasiga oziqlanishi, yana birovga dushmanlari, kimgadir esa koʻpayishi masalasini yuklash mumkin.
Rolli oʻyinlar. Bu usul eng qiyin va kompleks rivojlantiruvchi usullardan hisoblanadi. Bunda oʻquvchilar turli mavzularni tushunganini koʻrsatib berish uchun voqeani jonlantirishadi. Masalan, tarix darsida AQSh konstitutsiyasini yaratish yoki Antanta shartnomasi tuzilayotgan jarayonni jonlantirish mumkin.
Maqola haqidagi fikrlaringizni oʻzimizga yoki muhokama guruhiga yozishingiz mumkin.