Asosiy kontentga o'tish
Backend

Hammasi, sirli boʻlganlari ham: bekend dasturchi boʻlish uchun nima qilish kerak? U nima bilan shugʻullanadi?

Mashhur AyTi kasbining xususiyatlari va mutaxassisning karyera yoʻli haqida hikoya qilamiz.

  • Bekend dasturchi kim?

  • Bekend dasturchining vazifalari

  • Bekend dasturchiga qoʻyiladigan talablar

  • Bekend dasturlashda qaysi tillar kerak boʻladi?

  • Mutaxassislarning karyera yoʻli

  • Bekend dasturchi boʻlish uchun nima qilish kerak?

  • Ekspert maslahati

Bekend dasturchi kim?

Veb-sayt va ilovalarning aksariyati ikki qism: frontend va bekenddan iborat boʻladi.

Frontend bu — AyTi mahsulotning tashqi koʻrinishi va foydalanuvchi funksiyalarini dasturlash. Bunga interaktiv tugmalar, qalqib chiquvchi bildirishnomalar, ariza toʻldirish yoki roʻyxatdan oʻtish shakllari, animatsiya kiradi.

Bekend — foydalanuvchilarga koʻrinmaydigan hamma narsa, veb-sayt yoki ilova mantigʻi. Koʻpincha bekend axborot saqlanadigan maʼlumotlar bazasi bilan bogʻliq boʻladi. U bir xizmatdan boshqasiga uzatilishi mumkin. Masalan, Yandex Lavka yetkazib berilgan manzilni saqlab qoʻyadi va keyinchalik Yandex Eatsʼga buyurtma berilganda bu maʼlumotdan avtomatik tarzda foydalanishi mumkin.

Bekend dasturchi veb-sayt yoki ilova mantigʻi uchun masʼul hisoblanadi. Foydalanuvchi interfeys orqali oʻzaro muloqotda boʻladigan komponent va funksiyalarni yaratadi. Frontend soʻrovlari serverda qayta ishlanishini taʼminlaydi. Yaʼni veb-sayt yoki ilova foydalanuvchi harakatlariga qanday javob berishiga javobgar.

Sergey Savelyev,

Yandexʼda senior dasturchi

Bekendga ega boʻlmagan oddiy veb-saytlar ham mavjud. Masalan, tanituvchi (vizitka) veb-saytlar. Ammo foydalanuvchi maʼlumotlarni kiritganida, masalan, avtomobil almashish ilovasida roʻyxatdan oʻtayotganda maʼlumotlar biron joyda saqlanishi kerak. Mana shu bosqichda bekend ishga tushadi.

Bekend ishiga yana bir misol — ob-havo maʼlumotlarini koʻrish mumkin boʻlgan ilova. Ertaga Novosibirskda qanday ob-havo boʻlishini bilish uchun roʻyxatdan shaharni tanlash kerak. Ilova serverga, yaʼni frontenddan bekendga soʻrov yuboradi. Server esa shaharlar roʻyxati, soʻngra ob-havo maʼlumotlari bilan “javob beradi”.

Bekend dasturchining vazifalari

Bekend dasturchining vazifalari faoliyat sohasi yoki u yaratayotgan AyTi mahsulotga koʻra farq qilishi mumkin. Ammo umumiy roʻyxat quyidagicha boʻladi:

  • veb-sayt yoki ilovaning ishlashini taʼminlaydigan kod yozadi, mantigʻini ishlab chiqadi;

  • maʼlumotlar bazalari bilan ishlaydi;

  • tashqi xizmatlar bilan aloqa qilish uchun API (Application Programming Interface, dastur interfeysi)ni sozlaydi;

  • testlarni (yunit — dasturchi alohida kod modullarining toʻgʻriligini tekshirganda va integratsiya — modullar guruhda testdan oʻtkazilganda) yozadi;

  • xizmatni ishonchli qilish va uni masshtablashtirish (kengaytirish) haqida oʻylaydi.

Bekend dasturlashdagi eng mashhur dasturlash tillaridan biri Python hisoblanadi. Unda dasturning asosiy funksiyalari bajariladigan kod yoziladi. “Python dasturchi” kursida tilni noldan oʻrganish va portfolioga oʻquv loyihalari: veb-sayt, ilova, botlarni qoʻshish mumkin.

Bekend dasturchiga qoʻyiladigan talablar

Dasturchiga qoʻyiladigan talablar uning darajasi va u ishlayotgan kompaniyaga bogʻliq. Ammo qattiq (hard) va yumshoq (soft) koʻnikmalar bilan bogʻliq bir nechta asosiy talablar mavjud. Ularni batafsil koʻrib chiqamiz.

Hardskillar yoki “qattiq” koʻnikmalar ― professional mahorat va bilimlar. Koʻpincha texnik tomon bilan bogʻliq boʻladi. Bekend dasturchi uchun zarur boʻlgan hardskillar:

  • Dasturlash tilini bilish. Bekend dasturchilar kodni maʼlum bir tilda yozadi. Ammo bu til AyTi mahsulotga bogʻliq. Qanday variantlar boʻlishi mumkinligini birozdan soʻng koʻrib chiqamiz.

  • Freymvorklarni bilish. Odatda dasturchi biron murakkab xizmatni yaratayotganda tayyor yechimlar — freymvorklardan foydalanadi. Ular juda koʻp va bekend dasturlash tillari bilan bogʻliq. Masalan, Pythonʼda Django, Flask, FastAPI freymvorklaridan foydalaniladi.

  • Gitʼdan foydalanishni bilish. Bu koddagi oʻzgarishlar tarixini saqlashga moʻljallangan versiyani boshqarish tizimi.

Sergey Savelyev

Git ikkita vazifani bajaradi. Birinchisi, istalgan vaqtda kodning holatini saqlab qoʻyadi. Bu tajriba qilish imkoniyatini beradi. Aytaylik, dasturchida veb-sayt mantigʻini yaxshilash borasida faraz paydo boʻldi. U kodning hozirgi holatini saqlab qoʻyib, farazini sinab koʻradi. Agar u tasdiqlanmasa, kodning avvalgi holatiga qaytishi mumkin. Ikkinchi vazifasi — jamoa boʻlib ishlash imkoniyati. Dasturchi oʻz kodini saqlab qoʻyadi, hamkasblar esa uni koʻrishi va undan foydalanishi mumkin.

  • Algoritmlar va maʼlumotlar strukturalari bilan ishlay olish. Maʼlumotlar strukturasi — axborotni tashkil etish va saqlash usuli. Har bir strukturaning oʻz algoritmlari mavjud. Ular maʼlumotlarni qoʻshish, olish, tahlil qilish va kerakli natijani olishga yordam beradi.

  • SQLʼni bilish. Bekend dasturlash maʼlumotlar bazalari bilan chambarchas bogʻliq. Dasturchi ulardan foydalana olishi kerak. Dasturchi oʻrganishi kerak boʻlgan vositalardan biri soʻrovlar tili boʻlgan SQL. U katta hajmdagi maʼlumotlar orasidan keraklisini topish, saralash, tizimlashtirish va tushunarli tarzda taqdim etishga yordam beradi.

Sergey Savelyev

Karyerasi boshida dasturchi oʻz koʻnikmalarini rivojlantirishga eʼtibor qaratadi. Lekin u juniordan midl va senyorga oʻtganda yangi — mustaqil ravishda biror narsa oʻylab topish, mijozdan talablarini toʻplash, jamoaning ishini tashkil qilish kabi vazifalarni oladi. Kommunikatsiya elementi paydo boʻladi, demak, softlar kerak boʻladi. Masalan, dasturchilarda kod-revyu bor: mutaxassis kodni ishga tushirishdan oldin uni boshqa hamkasblariga koʻrsatadi. Ular xatolar bor-yoʻqligini va yaxshiroq yozish imkoni mavjudligini koʻrib chiqadi. Mana shu yerda “fikr-mulohazalarni toʻgʻri yetkazish qobiliyati” yoki aksincha, “tanqidni toʻgʻri qabul qilish” softskillari juda muhimdir.

Headhunterʼdagi boʻsh ish oʻrinlari misolida ish beruvchilar bekend dasturchilardan yana qanday softskillar talab qilishini koʻrish mumkin:

  • doimo mustaqil ravishda oʻrganish;

  • tafsilotlarga eʼtiborli boʻlish;

  • ishni tashkillashtirish qobiliyati;

  • jamoada ishlay olish qobiliyati;

  • ishlarni oʻz vaqtida bajarish;

  • loyihada ishtirok etish;

  • vazifalarda natijaga erishish qobiliyati;

  • masʼuliyatni oʻz zimmasiga olish va gʻoyalar muallifi boʻlishga tayyorligi;

  • muammolarni koʻra bilish qobiliyati;

  • analitik fikrlash.

Bekendda qaysi dasturlash tillari ishlatiladi?

Xabr Karyera bekend dasturlashda eng ommabop boʻlgan tillar roʻyxatini tuzdi. Top-8 ga quyidagilar kirdi:

1. Java — obyektga yoʻnaltirilgan dasturlash (OYD) qoʻllab-quvvatlanadigan kross-platformali til. Mazmuni shundaki, undagi barcha ishlar obyektlar orqali amalga oshiriladi. Masalan, bank mijozi va uning mobil ilovadagi hisobi. Bu obyektlar kod sifatida tavsiflanadi va bir-biri bilan qanday munosabatda boʻlishni oʻrganadi. Java veb va mobil dasturlashda qoʻllanadi. Ishonchli va xavfsiz ilovalar hamda tizimlarni yaratishga mos keladi.

2. Python sodda sintaksisi tufayli yangi boshlayotganlarga oʻrganishga mos keladi. U turli platforma va dasturiy tizimlar bilan ishlaydi. Mashinani oʻqitishdan tortib oʻyinlar yaratishgacha boʻlgan koʻplab sohalarda qoʻllanadi. Python ixcham — vazifalarni bajarish uchun kamroq kod yozish mumkin.

3. PHP — ochiq manba kodiga ega skriptli dasturlash tili. Skript — vazifa bajarilishi uchun zarur boʻlgan buyruqlar toʻplami. PHP koʻpincha veb-ilovalarni yaratishda ishlatiladi. Maʼlumotlar bazalari bilan yaxshi ishlaydi va eng ommabop operatsion tizimlarda (Windows, Linux, macOS) qoʻllab-quvvatlanadi.

4. Golang (Go) — bekend uchun Python singari yana bir oddiy dasturlash tili. Goʼda bir-biridan mustaqil funksiyalarni tezda ishga tushirish va xotira yetmay qolishidan xavotirlanmaslik mumkin. Til tizimning maʼlum bir funksiyani bajaradigan va qoʻshilib birgalikda toʻlaqonli ilova yoki veb-saytni tashkil qiladigan qismlarini yaratish uchun juda mos keladi. Masalan, marketpleysda Go yordamida alohida savat yoki mahsulot kartochkasini yaratish mumkin.

5. C# (“si-sharp”) — Microsoft kompaniyasi tomonidan .NET platformasi uchun ishlab chiqilgan obyektga yoʻnaltirilgan til. Uning moslashuvchanligi kamroq, chunki bu platformaga bogʻliq. Ammo tilning koʻplab kutubxona va tayyor yechimlari mavjud. C#ʼda Microsoft ekotizimi uchun dasturlar va veb-ilovalar yoziladi.

6. C++ — tezlik va ish unumdorligini talab qiladigan murakkab xizmatlar uchun dastur yozishda foydalaniladigan obyektga yoʻnaltirilgan til. Uni Python va Goʼga qaraganda oʻrganish qiyinroq, ammo C++ʼda haydovchisiz avtomobildan tortib veb-ilova va kompyuter oʻyinlarigacha boʻlgan turli xil mahsulotlarni yaratish mumkin.

7. JavaScript — ham frontend, ham bekend dasturchilar ishlaydigan ommabop til. JavaScript mahsulotning ham foydalanuvchi, ham server qismini tuzishga mos keladi. Koʻpincha uning yordamida sahifada dinamik kontent yaratiladi. Masalan, qalqib chiquvchi bildirishnomalar. Oldindan yozilgan andozalar — freymvorklardan foydalaniladi.

8. Kotlin. Java asosida yaratilgan va unga toʻliq mos keladigan til. Kotlin Java qoʻllanishi mumkin boʻlgan hamma joy: bekend, veb, desktopda ishlatilishi mumkin. Ammo til qoʻllanadigan asosiy soha — Androidʼda ishlaydigan qurilmalar (smartfonlar, televizorlar, aqlli soatlar) uchun dasturlarni ishlab chiqish. Bunday dasturlarning aksariyati, shu jumladan, Google ham Kotlinʼda yozilgan.

Sergey Savelyev

Tajriba orttirgan sari dasturchi til ikkinchi darajali ekanini tushuna boshlaydi. Dasturlash va tizimlarni loyihalash boʻyicha ishlab chiqilgan va tilga bogʻliq boʻlmagan koʻnikmalar toʻplami mavjud. Ular oʻxshash va vaqti kelib kishi bir tildan ikkinchisiga muammosiz oʻtishi mumkin. Hech boʻlmaganda, hadisini olish uchun kamroq vaqt kerak boʻladi.

Mutaxassislarning karyera yoʻli

Har qanday dasturchining karyerasi mutaxassislik boʻyicha minimal tajribaga ega yoki umuman boʻlmagan junior pozitsiyasidan boshlanadi. Junior nazariyani yaxshi bilishi mumkin, ammo amalda tajribali hamkasblarining yordami kerak boʻladi. Yangi boshlayotgan mutaxassisga vaqt sarflash, nima qilish kerakligini batafsil tushuntirish, savollariga javob berish kerak boʻladi.

Keyingi daraja midl — oʻz bilimlariga ishongan dasturchi. U topshiriqni olib, muddatlarni rejalashtiradi va bajaradi, kam savol beradi. U oʻzini oʻzi nazorat qiladi, koddagi xatolarni qidiradi va bir yoki ikkita emas, balki bir nechta yechimlarni taklif qiladi.

Midldan seniorga koʻtarilish mumkin. Bunday mutaxassis arxitektura, kutubxona, freymvork va dasturlash vositalarining tuzilishini chuqur tushunadi hamda har qanday xizmat yoki ilovani oʻzi noldan yaratishi mumkin. Bunday bekend dasturchining vazifalariga xavflarni prognoz qilish va xatolarni tuzatish ham kiradi.

Sergey Savelyev

Bekend dasturchi bir darajadan ikkinchisiga oʻtgan sari ish haqini oshirishi mumkin. Axir u tobora malakali mutaxassisga aylanib boradi. Soʻngra timlid — jamoa rahbari boʻlishi mumkin. Yoki ekspert boʻlib, kompaniyalarga maslahat beradi, konferensiyalarda nutq soʻzlaydi. Yoki dasturiy taʼminot arxitektori boʻlib, biron tizim, xizmat, maʼlumotlar bazasini tavsiflashi, bularning barchasi qanday ishlashi, qanday dasturlash tili kerakligini oʻylab topishi mumkin.

Dasturchi juniordan seniorgacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtadi. Keyin esa uning jamoa rahbari yoki ekspertga aylanish tanlovi boʻladi

Ishda rivojlanishning yana bir — gorizontal varianti ham bor. Masalan, frontendni ham oʻrganib, universal mutaxassis — fulstek-dasturchiga aylanish mumkin. Yoki butunlay boshqa yoʻnalish, masalan, iOS dasturchilikni tanlab, hamma narsani deyarli noldan, yaʼni junior yoki midl pozitsiyasidan boshlasa boʻladi. Ammo bunday variantlar odatda maoshning tez oʻsishiga olib kelmaydi.

Bekend dasturchi boʻlish uchun nima qilish kerak?

Bekend dasturchi boʻlishni istagan kishi avval bu yoʻnalish haqida koʻproq maʼlumotga ega boʻlishi kerak. Buning uchun kasb haqida maqolalarni — masalan, Praktikum blogi yoki Xabrʼda manbalar oʻqishi kerak. Shuningdek, bu yoʻnalishda ishlayotganlar bilan gaplashishi va ish kunini tasvirlab berishlarini soʻrashi kerak.

Sergey Savelyev

Ehtimol, kishi dasturchi kun boʻyi kod yozadi va uning asosiy koʻnikmasi harflarni tez terish qobiliyati, deb oʻylashi mumkin. Aslida bunday emas. Dasturchi xatoni qanday tuzatish, muammoni hal qilish haqida soatlab oʻylashi mumkin. Bularning barchasini tushunganidan keyin oʻz oʻquv rejasini tuzishi, unga mablagʻ va vaqt ajratishi kerak.

Bekendga faoliyati yaqin boshqa yoʻnalishdan oʻtish ham yaxshi variant. Masalan, frontend dasturchi uchun bekendning xususiyatlarini tushunish oson boʻladi, chunki doimo ularga duch keladi. U bu yoʻnalishda yoʻlni hatto junior emas, balki midl pozitsiyasidan boshlashi ham mumkin.

Ekspert maslahati

Sergey Savelyev

Noldan boshlab bekend dasturchi boʻlish uchun sabr-toqatni gʻamlab, jadval tuzish kerak — har kuni bir necha soat vaqt ajratib, bir kun ham oʻtkazmay shu vaqt ichida oʻrganish kerak. Pet-loyihalar yaratish, kompaniyalarda amaliyot oʻtashni soʻrash zarur. Ish qidirish bosqichi boshlanganda mutaxassis bu qiyin kechishiga tayyor boʻlishi ham maqsadga muvofiqdir. Quyidagicha harakat qilish mumkin: borilgan suhbat muvaffaqiyatsiz oʻtdi, erishilmagan hamma narsa, sabablar va nega olishmaganini yozib olib, keyin bu kamchiliklar ustida ishlash kerak.

Manba: Всё, что скрыто: чем занимается бэкенд-разработчик и как им стать

Bekend dasturlashga qiziqib qolgan boʻlsangiz, Mohirdev platformasiga kiring. Sizda bekend dasturlashni turli xil yoʻllar bilan oʻrganish imkoniyati bor. Full Stack Python, PHP, Node.js, Full Stack Java, .Net, Android & Kotlin, iOS & Swift dasturlash kurslaridan birini tanlang. Nafaqat bekendni, balki frontendni ham oʻrganasiz.

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
Yandex Praktikum

Yandex Praktikum

O'xshash maqolalar