Boshqalar

Pomidorlardan qutulib qolish choralari: IT-konferensiya uchun ajoyib maʼruza tayyorlash

Konferensiyada nutq soʻzlashga tayyorgarlik — maʼruzachidan koʻp vaqt va kuch talab qiladigan murakkab jarayon. Shuning uchun nega u yerga borayotganingizni, nima soʻzlab berishni va bilishni xohlayotganingizni tushunishingiz kerak. Axir oʻrtaga siz va siz vakillik qilayotgan kompaniyaning obroʻ-eʼtibori tikilgan boʻladi. Bundan tashqari, mashhur konferensiyalar chipta narxi ozmuncha emas va hech kim bu pul behuda ketishini istamaydi.

Koʻp yillik tajribaga ega maʼruzachining batafsil qoʻllanmasida siz bilishni istagan, ammo soʻrashga hayiqqan hamma narsa bor.
Konferensiyada nutq soʻzlashga tayyorgarlik — maʼruzachidan koʻp vaqt va kuch talab qiladigan murakkab jarayon. Shuning uchun nega u yerga borayotganingizni, nima soʻzlab berishni va bilishni xohlayotganingizni tushunishingiz kerak. Axir oʻrtaga siz va siz vakillik qilayotgan kompaniyaning obroʻ-eʼtibori tikilgan boʻladi. Bundan tashqari, mashhur konferensiyalar chipta narxi ozmuncha emas va hech kim bu pul behuda ketishini istamaydi.

Anna Jarkova koʻp yillar davomida IT-konferensiyalarda nutq soʻzlab kelmoqda va Mobius, CodeFest, “Stachka” dasturiy qoʻmitalarning aʼzosidir. U oʻzining Skillbox Media ustunida auditoriyaning qalbini zabt etish uchun nutqqa qanday tayyorgarlik koʻrish kerakligini hikoya qilgan.

Anna Jarkova
Usetechʼda Lead Mobile Developer. U iOS va Android hamda kross-platformali Xamarin, Xamarin.Forms va Kotlin Multiplatform uchun nativ dasturlar yozadi. Anna Skillboxʼning mobil ishlanmalar boʻyicha mutaxassisi.
U “Xabr” va Mediumʼda muallif, maqolalar yozadi, konferensiya va mitaplarda nutq soʻzlaydi, Mobius, CodeFest, “Stachka” dasturiy qoʻmitalari aʼzosi. Anna rassomlik sanʼati bilan shugʻullanadi va koʻrgazmalarda ishtirok etadi.

Qanday konferensiyalar mavjud va ular nimasi bilan farq qiladi?

Qismlar va tor sohaga moʻljallangan konferensiyalar mavjud. Auditoriya eʼtiborining mavzuga toʻliq jalb etilish darajasi va mavzular toʻplami tadbir turiga bogʻliq.

Qismlardan iborat konferensiyalar bir nechta yoʻnalishlarni (qismlarni) oʻz ichiga oladi va juda “rang-barang” auditoriyani jalb qiladi. Ularda koʻpincha maʼruza mavzusi bilan tanish boʻlmagan tomoshabinlarni, masalan, dasturchi boʻlishni istagan dizayner va sinovchilarni uchratish mumkin. Baʼzida yangi boshlayotganlar auditoriyaning katta qismini tashkil qiladi. Koʻp tarmoqli konferensiyalarda nutq soʻzlashga tayyorgarlik koʻrayotganda quyidagilarni hisobga olish tavsiya etiladi: professional atama hamda soʻzlarni suiisteʼmol qilmaslik, ayrim atamalarning maʼnosini tushuntirish, katta tajriba egasi sifatida sizga sodda koʻringan jarayonlar haqida ham batafsil tushuntirishlar berish va hokazo.

Unda timlidlar kabi dasturlash boʻyicha standart maʼruzalardan “oʻsgan” tinglovchilar ham boʻladi. Ular odatda jamoani boshqarish, rahbar bilan oʻzaro munosabatlar va menejer lavozimida asabni qanday saqlash haqida tinglash uchun keladi.

Qismlardan iborat konferensiyalarda umumiy mavzular, xayp texnologiyalarni tahlil qilish, kirish vorkshoplari, eski yechimlarni nostandart qoʻllash holatlari va yoʻnalishlar kesishmasidagi, masalan, dizayn hamda dasturlash boʻyicha maʼruzalar juda ommabop. Muhimi, matnni junior va oʻzaro bogʻliq yaqin sohalar vakillari tushunishidir.

Qismlardan iborat konferensiyalarga misollar: Novosibirskdagi CodeFest, Yekaterinburgdagi DUMP, Sankt-Peterburg va Ulyanovskda boʻlib oʻtadigan “Stachka”.

Qismlardan iborat konferensiyalarda baʼzan “qattiq” (hard) texnik boʻlimlar uchraydi. Masalan, Devfestʼda mobil ishlab chiquvchi va bloger Aleksey Gladkov Aurora OSʼga bagʻishlangan qismni tashkillashtirdi. Garchi bunga oʻxshash tadbirlarda tor sohaga oid muhandislik mavzulari odatda ommabop boʻlmasa-da, qisman ekzotikligi va import oʻrnini bosish mavzusi atrofidagi shov-shuv tufayli Aurora gʻoyasi hammaga juda manzur boʻldi. Biroq bu baribir istisnodir.

Tor sohaga moʻljallangan konferensiyalar maʼlum bir texnologiya va dasturlash tillari atrofida quriladi. Bunday tadbirlarga HighLoad++, Mobius, KotlinConf, JUG.ru va Ontiko konferensiyalarini kiritish mumkin.

Tematik konferensiyalarda maʼruzalar yoʻnalishlar va murakkablik darajasiga koʻra boʻlinadi. Masalan, JUG.ru quyidagi belgilarni qoʻyadi: “smuzi” — yangi boshlayotgan va juniorʼlarga mos, “injener” — midllar uchun, “qattiq” (hard) va “dahshat” — seniorʼlar uchun. Texnologiyalar olamiga endigina kirib kelayotganlar odatda “smuzi” va baʼzan “injener”ga, ekzotika hamda korpus ichidagi “ichak-chovoq” ishqibozlari esa “qattiq” va “dahshat”ga keladi. Unda ularni “Doomʼni choynakda qanday ishga tushirish mumkin?” kabi maʼruzalar kutadi. Shuningdek, midllar vorkshop va layvkoding sessiyalarini ham yoqtiradi.

Taʼkidlab oʻtishim kerakki, ixtisoslashtirilgan konferensiyalarda soft-skills ham oʻrin oladi, faqat ular maʼlum bir texnologik toʻplam kontekstidagi maʼruzalarda boʻladi. Aytaylik, qandaydir Podlodka Android Crewʼda “senior dasturchilardan iborat jamoada oʻzaro aloqalarni oʻrnatish” yoki “boshqa sohadan kelgan prodakt-menejerning jamoa bilan hamkorlik qilishini yoʻlga qoʻyish” haqida maʼruza tinglashingiz mumkin.

Butunrossiya, sohaviy va koʻp qismli konferensiyalardan tashqari, talabalar va shahar darajasidagi mahalliy mitaplar mavjud. Agar “kattalar” tadbirlariga hali ruxsat berilmasa yoki tajribali auditoriyadan vahimaga tushayotgan boʻlsangiz, mitaplar — start olish uchun ajoyib joy. Mobil ishlab chiquvchilar orasida koʻplab shaharlarda filiallarga ega Mobile Broadcast mashhur.

Nega konferensiyalarga borish kerak?

Konferensiyalardan eng koʻp foydani tashkilotchilardan tashqari maʼruzachilar oladi. Eng faol guruh bu— bir tomondan yetarlicha tajribaga ega, boshqa tomondan esa sergʻayrat va oʻsish istagi boʻlgan midllar. Yana bir faol toifa —qiziqarli maʼruza qilishni biladigan tajribali oʻqituvchilar. Seniorʼlar ham tez-tez, lekin odatda oʻzining darajasidagilar uchun moʻljallangan murakkab mavzularda maʼruza qiladi.

Xoʻsh, nega bu odamlarning barchasi maʼruzalar qiladi va tinglaydi? Men kamida beshta sababni ajratib koʻrsatgan boʻlardim.

Bilim olish. Konferensiya yoʻnalishidan qatʼi nazar, unda ishtirok etish har doim mutaxassislikning ortishi bilan bogʻliq. Maʼruzaga tayyorgarlik koʻrish mobaynida omma oldida nutq soʻzlash koʻnikmalarini oshiribgina qolmay, balki baʼzi texnik mavzularni chuqurroq oʻrganishingiz, bilimlardagi boʻshliqlarni toʻldirishingiz va nihoyat biror narsani oʻrganishingiz mumkin. Axir “oʻzingiz tushunishni istasangiz, boshqalarga tushuntiring” tamoyilini hech kim bekor qilmagan.

Tajriba almashish. Munozara hududi, savol-javob boʻlimi, stendlar yoni va koridorlarda boshqa ishlab chiquvchilar bilan fikr almashamiz. Baʼzida biror maʼruza boʻyicha tortishuvlarda kutilmagan xulosalarga kelish va mavzuga boshqa nuqtadan nazar solish mumkin.

Shaxsiy va kompaniya HR-brendining rivojlanishi. Konferensiyalarning foydasi haqida kim nima deyishidan qatʼi nazar, unda maʼruza qilish hamjamiyatda yuqori baholanadi va taniqliligingizni oshiradi. Bu esa ish qidirishda va suhbatda ish haqini muhokama qilishda yordam beradi. Xodimlarni yoʻqotishdan qoʻrqmaydigan normal kompaniyalarda DevRelʼlarning oʻzi dasturchilarga maʼruza qilishni taklif etadi, chunki bunday tadbirlar HR-brend uchun ajoyib reklama hisoblanadi.

Netvorking. Konferensiyalar professional muhitda yangi tanishlar — kompaniyalar vakili, noyob bilim sohiblari va shunchaki hamfikrlarni qidirish uchun ideal joy. Maʼruzachilar oddiy ishtirokchilardan tashqari, dasturiy qoʻmita aʼzolari va tashkilotchilari bilan tanishadi, odatda ular boy tajribaga ega, taniqli odamlardir.

Bir xillikdan xalos boʻlish imkoniyati. IT-mutaxassislardagi work-life balance koʻpincha work tomon ancha surilgan boʻlib, ortigʻiga vaqt yetmagani uchun life faqat oilaviy tashvishlar bilan chegaralangan boʻladi. Ayniqsa, boshqa shaharda maʼruza qilsangiz va sayr uchun vaqtingiz yetsa, konferensiyalarda qatnashish bir xil kundalik hayot girdobidan chiqishga imkon beradi. Aytgancha, koʻplab konferensiyalar ishtirokchilar uchun shahar boʻylab ekskursiyalar tashkil etadi.

Maʼruza mavzusi qanday tanlanadi?

Shunday qilib, konferensiyaga borishga jurʼat etdingiz. Nimadan boshlash kerak? Ikkita variant mavjud:

Konferensiyani tanlash va unga mos maʼruza mavzusini oʻylab topish;
Tayyor materialni olish va unga mos tadbirni tanlash.
Ammo bundan oldin kimga va nimani maʼruza qilishimiz mumkinligini aniqlash juda muhimdir. Maʼruzalar shartli ravishda “yumshoq” (soft) va “qattiq” (hard) ga boʻlinadi:

  • Soft — boshqarish, karyera, jamoadagi munosabatlar psixologiyasi, ishga yollash va boshqalar haqidagi hamma narsa. Bunday mavzular TeamLead Conf, qisman TechLead Conf va ayrim koʻp qismli konferensiyalarga mos keladi. Masalan, TechTrainʼda soft-skills haqidagi maʼruzalar oʻrin olgan qism mavjud.

  • Hard — dasturchi, dizayner, sinovchi va arxitektorlarning texnologiya hamda ulardan foydalanish boʻyicha maʼruzalari. Bularga mahorat darslari, layvkoding-sessiyalar, kutubxona, freymvork sharhlari va boshqalar kiradi.

Mavzuni tanlaymiz va baholaymiz

Maʼruza turini tanlab boʻlgach, mavzuni tanlashimiz kerak. Soʻnggi yillarda ishtirok etgan, jumladan, pet-loyihalar roʻyxatini tuzing. Ularning har birida oʻzingiz bajargan vazifalarni yozib chiqing va ular orasidan eng qiziqarli hamda oʻziga xos yechimga erishganlaringizni tanlang.

Men bu yondashuvdan birinchi Mobiusʼga tayyorgarlik koʻrayotganimda foydalandim. Oʻsha paytda bir necha yil davomida mobil ilovaning fondagi rejimda push-bildirishnomalari yoʻqolib qolmasligi ustida ishlayotgan edim. Texnik qiyinchiliklardan tashqari, koʻplab tashkiliy toʻsiqlarga duch keldim. Ammo bu voqea asosida boy tajribaga ega maʼruza yaraldi.

Bundan tashqari, bir nechta oʻxshash keyslarni tinglovchilar orasida juda mashhur boʻlgan va ruletka deb ataladigan formatda toʻplash mumkin. Asosiysi, hatto eng qiziqarli nazariyani ham shaxsiy tajribadagi misollar bilan boyitish.

Mavzuni baholashning uchta mezoni mavjud:

Oʻziga xoslik — konferensiyaga boshqa birovning maʼruzasi bilan kelish mumkin emas. Bu aniqdek tuyuladi, lekin baʼzida qiziq hodisalar uchrab turadi.

Dolzarblik — maʼruza hozirgi payt uchun foydali boʻlishi kerak, shuning uchun taniqli va mashhur texnologiyalarga eʼtibor qaratgan maʼqul.

Yangilik — yechimingiz jamiyatda allaqachon maʼlum boʻlganlardan farq qilishi kerak. Masalan, hammaga tanish kutubxonadan foydalanish borasida noodatiy yondashuvni taklif qilish mumkin.

Yoʻnalishingiz boʻyicha oʻtgan yillardagi maʼruzalarni tinglang. Maʼruzachilardan biror narsani oʻrganishingiz va ilhomlanishingiz bilan bir qatorda, maʼruzangizning yangiligi hamda dolzarbligini baholashingiz mumkin. Oʻtgan yillardagi maʼruzalar koʻpincha konferensiyalar veb-saytlarida eʼlon qilinadi.

Agar hamma narsa NDA ostida boʻlsa

Boʻlishadigan ish tajribasi boʻlmagan holatlar ham uchraydi. Misol uchun, NDA imzolagan boʻlsangiz yoki loyihaning dasturiy kodi hamkorlikdagi mehnat samarasi boʻlsa, bu haqda oʻz nomingizdan gapirish odob-axloqqa toʻgʻri kelmaydi.

Bunday hollarda soʻnggi 2—3 yil ichida paydo boʻlgan va dolzarbligini saqlab qolgan texnologiyalarga asoslanish mumkin. Apple va Google har yili oʻzining yangi texnologiya hamda vositalarini tanishtiradigan, ulardan foydalanish boʻyicha tavsiyalar beradigan konferensiyalar oʻtkazadi (WWDC va Google I/O). Ulardan biror narsani tanlab olib, hammaga maʼlum muammoni hal qilishda undan qanday foydalanish mumkinligini gapirish mumkin.

Barcha Android ishlab chiquvchilari Retrofit kutubxonasi va korutinlar haqida biladi. Apple iOSʼga .NETʼga mos koʻp sonli parallelliklarga ega Android korutinlariga asoslangan async/awaitʼni qoʻshganida, konferensiyalarda bularning barchasidan qanday foydalanish va eski yechimlardan koʻchib chiqish haqida koʻplab maʼruzalar qilingan edi.

Vorkshoplar — yutqiziqsiz variant

Uchinchi variant — maʼlum bir texnologiyadan amalda foydalanish boʻyicha vorkshop yoki mahorat darsi. Masalan, men Figma maketlarini darhol kodga aylantiradigan plagin boʻyicha vorkshop oʻtkazgan edim. Yangi freymvork paydo boʻldi va siz uning yordamida nostandart loyihani qanday yaratishni gapirib berishingiz mumkin.

Bundan tashqari, yangi texnologiyada uni amalda ishlatishga imkon bermaydigan muammo ham boʻladi. Shu bilan birga, ishlab chiquvchilar muammoni hal qilmaydi va, aftidan, buni xayoliga ham keltirmaydi. Masalan, SwiftUIʼning yomon nativ navigatsiyasi bilan shunday holat boʻlgandi yoki ishlab chiquvchilar foydalanuvchilar ssenariylarini hisobga olgan boʻlsa-da, amalda baʼzi hollarda sizishlar paydo boʻladi, koʻplab mohiyatlar yaratiladi yoki dastur oʻzini noadekvat tutadi. Bunday holda muammoni mustaqil hal qilishga urinib koʻrish mumkin va bu muvaffaqiyatli amalga oshsa (yoki hatto muvaffaqiyatsizlikda ham), bu haqda hamjamiyatga aytib berish mumkin.

Auditoriyani yodda tuting

Kontentingiz auditoriyaning qiziqishlari va tayyorgarlik darajasiga mos kelishi kerak — buni esa yana oʻtgan yillardagi maʼruzalardan aniqlash mumkin. Menejerlarga kompilyatorlar haqida gapirish, tabiiyki, yaxshi gʻoya emas. Sizga pomidor yogʻdirishlari ehtimoli kam, lekin maʼruzangizni “minus”lar bilan koʻmib tashlashadi.

Oʻtgan yilning noyabr oyida Minskdagi mitapda shunga oʻxshash vaziyatga tushib qoldim. Tashkilotchilar dasturchilar oldida maʼruza qilishga taklif qildi, ammo joyda tinglovchilarning yarmi maʼruzam mavzusiga qiziqishi boʻlmagan sinovchilar ekani maʼlum boʻldi. Maʼruza boshlanganidan bir necha daqiqa oʻtib, tom maʼnoda gʻovur-gʻuvur boshlandi... Tayyorgarlik koʻrish, Barnauldan borish va ortga qaytish uchun sarflangan kuch hamda vaqtimga qanchalik achinganimni aytishimning hojati ham yoʻq.

Ammo maʼruza butunlay mos tushmasa, dasturiy qoʻmita odatda oldindan qoʻngʻiroq qilib, bu haqida maʼruzachiga xabar beradi va boshqa mavzu tanlashni taklif qiladi.

Aslida, hech bir konferensiya salbiy fikrlarsiz oʻtmaydi — har doim biror narsa yoqmagan odamlar topiladi. Koʻpincha tanqid arzimagan tanbeh va subyektiv fikrlardan iborat boʻladi, ammo ishga arzigulik salbiy fidbek olsangiz, yaxshisi bunga eʼtibor bering. Maʼruzangizni qayta koʻrib chiqing va kelajakdagi konferensiyalar uchun xulosa chiqaring.

Yana bir muhim jihat. Maʼruza nafaqat mazmun, balki sahna taqdimoti hamdir, shuning uchun nafaqat nimani gapirayotganingiz, balki qanday gapirayotganingiz ham muhim. Butun maʼruza davomida dadil va auditoriyaning eʼtiborini ushlab turish uchun toʻgʻri ohangni tanlashingiz va ushlab turishingiz kerak. Nutqingiz ohangi va hikoya qilish uslubingiz mavzu, tadbir turi hamda auditoriya kayfiyatiga mos kelishi kerak.

Maʼruzani tayyorlaymiz

Material hajmi

Maʼruzadagi belgi yoki soʻzlar soni boʻyicha qatʼiy talablar boʻlmaydi, ammo konferensiyada maʼruzaning standart davomiyligi 30—40 daqiqa bilan cheklanadi. Baʼzi, ayniqsa qismlarga boʻlingan tadbirlarda maʼruzani aksincha 25 daqiqagacha qisqartirishingiz soʻraladi. Shuning uchun unga bilgan hamma narsangizni kiritishga urinmang. Koʻpincha nutqdan soʻng auditoriya bilan muloqot qilishga vaqt ajratiladi, oʻshanda barcha fikrlaringizni toʻkib sochasiz.

Baʼzan katta hajmdagi matnni tez va ravon nutq bilan qoplash mumkin, ammo bunda muvozanatni saqlash va valdiramaslik muhim. Murakkab mavzu boʻyicha maʼruzalarni texnologiyani tavsiflashdan boshlagan maʼqul. Tinglovchilarni u bilan tanishtirish uchun 2—3 ta keysni misol keltirish kifoya.

Taqdimotdagi slaydlar soni yuzdan oshishi mumkin, ammo ularning kamida yarmini mem va asosiy fikrlar (har bir slaydda bitta fikr) egallasin. Bu yerda ham muvozanat muhim: taqdimotni kulgili rasmlar bilan toʻldirib va tinglovchilarni “matnli choyshab”ga koʻmib tashlamang.

Oldindan qoʻngʻiroqlashish

Demak, tayyor matn va taqdimot qoʻlingizda. Keyin-chi? Dasturiy qoʻmita (DQ) bilan bogʻlanamiz.

Dastlabki qoʻngʻiroqlashish paytida DQ maʼruzaning asosiy tezislarini toʻplaydi, uning oʻziga xosligi va tanlangan yoʻnalishga muvofiqligini baholaydi. Sizdan maʼruza qaysi auditoriyaga moʻljallab yozilgani va unga qanday foyda keltirishini soʻzlab berishingiz soʻraladi. Baʼzan bunday suhbat natijasida butunlay boshqa xulosalarga kelishingiz va nutqingiz negizini oʻzgartirishingiz mumkin.

Oldindan qoʻngʻiroqlashishlarning birida maʼruzachiga yordamchi savollar berdim va natijada uning matni haddan tashqari yuklangani, nutq mazmuni takrorlanishi aniqlandi. Shunda mavzuga boshqa tomondan yondashishni va koʻproq amaliyot qoʻshishni taklif qildim. Natijada u soʻrovni qaytadan yozdi va kuchli texnik maʼruza tayyorladi.

Mashq qilish va repetitsiya

Aksariyat konferensiyalarda tashkilotchilar ehtiyot chorasi sifatida maʼruza mashqini oʻtkazadi. Bu amaliyot hamma maʼruzachiga ham yoqmaydi, lekin koʻpincha bu ular uchun foydalidir.

Mashqdan soʻng kuratorlar va dasturiy qoʻmita mavzuni toʻldirish, ochib berishga, mantiqiy xatolarni tuzatishga yordam beradigan fidbek beradi. Mavzuni umuman boshqa tomonga burishni ham taklif qilishi mumkin. Bundan qoʻrqmaslik kerak — rad etilmagan boʻlsa, demak tashkilotchilarni qoniqtirgan.

Keyingi mashqlar materialga ishlov va sayqal berish uchun kerak. Maʼruza dasturga kiritilgan paytda 100 foiz tayyor boʻlmasligi mumkin, ammo u auditoriyani qiziqtira olishi aniq boʻlishi kerak.

Mashqlarni kameraga suratga olish va qayta koʻrib chiqish foydali. Bu oʻzingizni chetdan koʻrish, nutq sifatini baholash va uni taqdim etishni sozlash imkonini beradi.

Xulosalar

Hal qiluvchi nuqtalarni koʻrib chiqamiz:

  • Konferensiyalar dasturchilarga notiqlik mahoratini oshirishga, hamjamiyatda tanilishiga, tajribasi bilan boʻlishishga va boshqa hamkasblar tajribasini oʻrganishga yordam beradi.

  • Maʼruzani tayyorlashda auditoriyaning bilim darajasini hisobga olish muhim. Juniorʼlarga HighLoad darajasidagi maʼruza bilan kelish — yomon gʻoya. Seniorʼlar esa texnologiyalarning yuzaki sharhi uchun vaqt sarflashni xohlamaydi.

  • Har qanday konferensiyaning asosiy vazifalaridan biri — ishtirokchilar oʻrtasida tajriba almashinuvi. Shuning uchun keyslaringiz bilan boʻlishing, hal qilgan muammolaringiz haqida gapirib bering.

  • Maʼruza dolzarb va yangi boʻlishi kerak. Agar mavzu haqida kimdir sizdan oldin gapirishga ulgurgan boʻlsa, har doim mavzuni boshqa tomondan ochib berishingiz mumkin. Asosiysi, boshqalarning siyqasi chiqqan fikrlarini takrorlamaslik.

  • Toʻplangan barcha bilimlaringizni bitta maʼruzaga joylashga urinmang. Yaxshisi, 2—3 ta yorqin keysni tanlab, ular haqida batafsil soʻzlab bering.

  • Mashqlarda ishtirok eting. Ular maʼruzani haqiqatga yaqin sharoitlarda mashq qilish, tayyorgarlik darajangizni baholash va zaif tomonlaringizni topish imkonini beradi.

  • Mavzuni taqdim etishingizni baholash, kamchiliklarni tuzatish va keyingi maʼruzada muammolarni unutmaslik uchun nutqingizni videoga yozib olish foydali.

 

Manba: Спасаемся от помидоров: как подготовить крутой доклад для IT-конференции

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
skillbox.ru

skillbox.ru