Full Stack

Java dasturlash tili: yangi boshlayotganlar bilishi kerak narsalar

Java va uning qayerda ishlatilishi, soha mutaxassislari daromadi va yangi boshlayotganlarga kod yozishni qanday oʻrganish kerakligi haqida hikoya qilamiz.

Java nima?

Java umumiy maqsadlarda ishlatiladigan dasturlash tili. U turli platformalar: kompyuter, mobil qurilma va serverlarda bajarilishi mumkin boʻlgan kod yozish uchun ishlatiladi.

State of Octoverse 2022 reytingi natijalariga koʻra, Java eng mashhur dasturlash tillari uchligiga kiradi. Java ommabopligi boʻyicha PHP, C#, C++, TypeScript va boshqa talabgir tillardan oʻzib ketgan. Faqatgina JavaScript va Pythonʼdan keyin uchinchi oʻrinda turadi. 2023-yil iyul oyidagi TIOBE indeksida Java toʻrtinchi oʻrinni egallagan.

Javaʼdagi kod, masalan, quyidagicha koʻrinishga ega boʻladi:

class App {
  public static String getTypeOfSentence(String sentence) {
    var sentenceType = "";

    if (sentence.endsWith("?")) {
      sentenceType = "question";
    } else if (sentence.endsWith("!")) {
      sentenceType = "exclamation";
    } else {
      sentenceType = "general";
    }

    return "Sentence is " + sentenceType;
  }

  public static void main(String[] args) {
    System.out.println(getTypeOfSentence("Who?"));
    // => Sentence is question
  }
}

Til tarixi haqida qisqacha. Java XX asrning 90-yillari boshida Sun Microsystems kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Tilning yaratilishida kanadalik muhandis Jeyms Gosling yetakchi rol oʻynagan va dastlabki bosqichlarda til Oak deb nomlangan. Keyin uning nomi Java qahvasi sharafiga oʻzgartirildi va logotipda finjon surati qoldirildi.

Yaratuvchilar Javaʼdan maishiy elektronikani dasturlashda foydalanishni rejalashtirgan edi. Biroq 1995-yilda Javaʼning 1.0 versiyasi chiqarilgan zahoti tildan server va mijoz dasturiy taʼminoti dasturchilari foydalana boshladi. Oracle 2010-yilda Sun Microsystems kompaniyasini sotib oldi. Shundan soʻng Jeyms Gosling Googleʼga oʻtdi va koʻp oʻtmay u yerdan ham boʻshab ketdi.

Java qoʻllanadigan sohalar

Javaʼda xatolarni erta aniqlash va dastur ishlayotganda dinamik tekshirishga katta eʼtibor berilgan. Shuning uchun til xavfsiz deb hisoblanadi va koʻpincha unda bank terminallari, tranzaksiyalarni qayta ishlash, parvozlarni muvofiqlashtirish kabi muhim tizimlar yoziladi.

Bundan tashqari, Java xarajatlari juda arzon. Muayyan bir apparat infratuzilmasidan qatʼi nazar kodni deyarli har qanday kompyuterda ishga tushirish va ishlatish mumkin. Shuning uchun ham til katta koʻlamdagi dasturlashda, yaʼni yirik kompaniyalarda ommabop boʻlib ketgan.

Server ilovalari

Koʻpincha dasturlash tili turli darajadagi murakkablik va yoʻnalishdagi server ilovalarini yaratish uchun ishlatiladi. Bu alohida ilova yoki loyihaning butun bir server qismi ham boʻlishi mumkin. Shuningdek, Javaʼda tranzaksiyalarni amalga oshirish va savdo operatsiyalarini qayd etishni taʼminlaydigan moliyaviy tashkilotlar uchun dasturlar ham yoziladi.

Veb-ilovalar

Spring, Struts va boshqa freymvorklar Javaʼda ecommerce loyihalardan tortib yirik portallargacha, taʼlim platformalaridan to hukumat resurslarigacha boʻlgan veb ilovalarni yozish imkonini beradi.

Mobil ilovalar

Java yordamida Android operatsion tizimlari uchun mobil ilovalarni yaratish mumkin. Til turli xil qurilmalarda ishga tushirilishi mumkin boʻlgan samarador va ishonchli ilovalarni dasturlashni taʼminlaydi.

Oʻyinlar

Toʻgʻri, bu qoidadan tashqari holat, lekin Minecraft va God of Wars kabi bir nechta mashhur kompyuter oʻyinlari Javaʼda yozilgan.

Shuningdek, Javaʼda mijoz ilovalari uchun ham kod yoziladi (masalan, IDE NetBeans). Ilmiy maqsadlar uchun, masalan, tabiiy tillarni qayta ishlash dasturlari ishlab chiqiladi. Yoki maishiy texnikadan tortib sanoat qurilmalarigacha boʻlgan asbob-uskunalar dasturlanadi.

Javaʼning xususiyatlari

Koʻchirib oʻtkazish imkoniyati

Yaratuvchilar WORA — write once, run anywhere yoki “bir marta yoz, hamma joyda ishga tushir” tamoyilini amalga oshirgan. Bu esa Javaʼda yozilgan ilovani Java ijro muhiti (JRE, Java Runtime Environment) oʻrnatilgan har qanday platformada ishga tushirish mumkinligini anglatadi.

Obyektga yoʻnaltirilgan yondashuv

Javaʼning obyektlar konsepsiyasiga asoslangani uni yanada strukturali va modulli qiladi. Muammolarni hal qilish uchun bir-biri bilan oʻzaro aloqada boʻlgan sinf va obyektlarni yaratishingiz mumkin.

Xavfsizlik

Javaʼda dasturlarni zararli kod va xotiradan notoʻgʻri foydalanishdan himoya qiladigan xavfsizlik mexanizmlari oʻrnatilgan. Bu uni onlayn-banking yoki maʼlumotlarni boshqarish tizimlari kabi yuqori darajadagi xavfsizlik talab etiladigan ilovalarni yaratishda ommabop tanlovga aylantiradi.

Xotirani avtomatik tarzda boshqarish

Javaʼda chiqindi yigʻuvchi yoki garbage collector deb nomlangan xotirani boshqarish mexanizmi mavjud. Dasturchi obyektlarni yaratadi, JRE esa obyektlardan foydalanish toʻxtatilganda chiqindi yigʻuvchi yordamida xotirani tozalaydi. Bu esa dasturchiga xotirani mustaqil boshqarish va maʼlumotlar tarqalmasligining oldini olish zaruratini qoldirmaydi va uning ishini osonlashtiradi.

Katta kutubxona

Java tilida turli xil vazifalar uchun koʻplab tayyor yechimlarni taklif qiladigan keng standart kutubxona mavjud. Dasturlashni tezlashtirish va vaqtni tejash uchun tayyor komponentlardan foydalanishingiz mumkin.

Koʻp tarmoqlilik

Java koʻp tarmoqlarni yaratish va boshqarishni amalga oshiradi. Shuningdek, bu vazifalarni parallel ravishda bajarish imkonini beradi hamda dasturlarning ish unumdorligini oshiradi.

Java dasturlash tilining xususiyatlari

  • Til eski versiyalarining keng tarqalishi. Javaʼning enterprise segmentidagi ommabopligi aksariyat kompaniyalar tilning eng soʻnggi versiyalaridan foydalanmasligini anglatadi. Garchi 2023-yil iyul oyidagi soʻnggi versiya Java 20 boʻlsa-da, koʻp kompaniyalar Java 8 dan foydalanadi.

  • Kirishning nisbatan yuqori darajasi. Java JavaScript, Python, PHP va boshqalarga qaraganda dasturlashga mutlaqo boshqacha yondashuvni taklif qiladi. Koʻpgina tillarda obyektga yoʻnaltirilgan dasturlash tushunchasiga asta-sekin ega boʻlish mumkin boʻlsa, Javaʼda konsepsiyalardan deyarli darhol foydalanish kerak boʻladi. Boshqa tomondan, bozor shunday koʻrinishdaki, koʻplab yangi boshlayotgan dasturchilar birinchi dasturlash tili sifatida Javaʼni tanlaydi.

  • Koʻp soʻzli va murakkab kod. Java C++ oʻrtasidagi oʻrta daraja boʻlib, barcha amallar ingliz tilidagi soʻzlar va dasturlashning loʻnda tillari bilan tavsiflanishi kerak. Javaʼda oʻrganishda yordam beradigan, ammo kodni oʻqish va tushunishni juda qiyinlashtiradigan uzun jumlalar ham tez-tez uchraydi.

Javaʼning afzalliklari

  • Katta global hamjamiyat. Tilning egasi boʻlgan va qoʻllab-quvvatlaydigan Oracle maʼlumotlariga koʻra, Javaʼda dunyo boʻylab 12 million dasturchi va taxminan 5 million nafar talaba kod yozadi.

  • Xavfsizlik. Tilning oʻzi kodni xavfsizroq qilmaydi, lekin unda bu kodni himoya qilish imkonini beradigan vositalar mavjud. Masalan, unda koʻrsatkichlar yoʻq va har bir ilovaga kirishni sozlash imkonini beruvchi Security Manager bor.

  • Talab. Enterprise segmentida Java dasturchilarga talab juda katta, ish haqi esa anchagina yuqori. Bundan tashqari, xorijiy kompaniyalar rossiyalik Java dasturchilarni faol ravishda jalb qilmoqda.

Javaʼning kamchiliklari

  • Ish unumdorligi. Java xavfsizlik va koʻchirib oʻtkazishni taʼminlasa-da, baʼzi dasturchilar uni C++ yoki C# kabi boshqa tillarga nisbatan sekinroq ishlashi mumkin, deb hisoblaydi. Bu esa maksimal unumdorlik yoki kechikish zarur boʻlmagan baʼzi hollarda muammoga sabab boʻladi.

  • Xotira isteʼmoli. Javaʼdagi ilovalar ayrim dasturlash tillariga qaraganda koʻproq operativ xotira isteʼmol qilishi mumkin. Bu xotirani avtomatik tarzda boshqarish va Java virtual mashinasidan foydalanish bilan bogʻliq.

  • JVMʼga qaramlik. Java JVM virtual mashinasida ishlagani sababli ilovalar ijro uchun JVM mavjudligini talab qiladi. JVMʼni maqsadli qurilma yoki serverlarga oʻrnatish va qoʻllash imkoniyati mavjud boʻlmaganda muammolar kelib chiqishi mumkin.

Javaʼni boshqa tillar bilan taqqoslash

Dasturlash tillari ommabopligi reytinglari maʼlumotlariga asoslangan holda Javaʼning asosiy raqobatchilarini tanladik va bu tilni ular bilan taqqosladik.

Java va Python

  • Python sintaksisi sodda va tushunarli boʻlgani sababli sohani oʻrganayotganlar uchun oʻrganish qulaydir. Java sintaksisi talabchan va tafsilotlarga koʻproq eʼtibor berishni talab qiladi.

  • Java JVMʼdagi bayt-kodga kompilyatsiya qilingani sababli Pythonʼga qaraganda samaraliroq til hisoblanadi. Python interpretatsiya qilinadigan tildir. Bu holat uni ayrim dasturlash ssenariylarida samarasizroq boʻlishiga sabab boʻladi.

  • Java koʻp tarmoq bilan ishlashda past darajali vositalarni taqdim etib, bir nechta tarmoq ijrosidan samarali foydalanish imkonini beradi. Python oddiyroq tarmoq modeliga ega va bir nechta protsessor yadrolaridan foydalanishda cheklovlar mavjud.

  • Javaʼda keng koʻlamdagi ilovalar uchun moʻljallangan vosita va kutubxonalarning katta ekotizimi mavjud. Python, NumPy, Pandas va TensorFlow kabi kutubxonalar tufayli maʼlumotlarni tahlil qilish va mashinani oʻrgatish sohasida boy ekotizimga ega.

Java va C/C++

Jeyms Gosling va uning hamfikrlari C ga oʻxshash sintaksisga ega til yaratmoqchi edi. Shu bilan birga, u C/C++ ga nisbatan soddaroq boʻlishi kerak edi. Mana uning baʼzi xususiyatlari:

  • C/C++ odatda optimallashtirish uchun koʻproq imkoniyatlarni va bevosita kompyuter uskunalariga murojaat qilishni taʼminlagani uchun samarali tillar hisoblanadi. Java virtual mashinaligi hamda xotirani avtomatik boshqarishi tufayli biroz qoʻshimcha yuklamaga ega. Bu esa samaradorlikni biroz pasayishiga olib kelishi mumkin.

  • Javaʼdagi kod koʻpincha kompyuter va mobil ilovalar, server dasturlari va yirik korporativ tizimlarni dasturlashda ishlatiladi. C/C++ tizimli dasturlash, operatsion tizimlarni ishlab chiqish, drayverlar, oʻrnatilgan tizimlar va oʻyin sanoatida keng qoʻllanadi.

Java va C Sharp

  • Java va C# sintaksisi oʻxshashliklarga ega, chunki ikkala til ham C dasturlash tili sintaksisiga asoslangan. Biroq baʼzi hollarda C# dasturlash tili sodda va tushunarliroq hisoblanadi.

  • Java koʻp platformali til hisoblanadi, yaʼni unda yozilgan dasturlar turli xil operatsion tizimlarda ishlashi mumkin. C# Windows platformasi bilan chambarchas bogʻliq va .NET muhitida ishlaydigan ilovalarni dasturlashda keng qoʻllanadi.

  • Java katta ekotizimga, kutubxonalarning keng tanlovi va dasturlashning turli xil sohalari uchun freymvorklarga ega. C# da ham turli xil vosita va kutubxonalar mavjud boʻlgan .NET platformasiga asoslangan kuchli ekotizim bor.

  • Ikkala til ham koʻp tarmoqlilikni qoʻllab-quvvatlaydi, ammo Javaʼda tilning oʻziga oʻrnatilgan va tarmoqlar bilan ishlash uchun yanada takomillashgan vositalar mavjud.

Java va JavaScript

Java va JavaScriptʼning nomlari oʻxshash boʻlsa-da, ikkalasi turli maqsadlarda ishlatilgani sababli bir-biriga bogʻliqligi juda koʻp emas.

Java statik tipiklashtirilgan til boʻlib, bu holat oʻzgaruvchilarda ulardagi maʼlumotlar turi koʻrsatilgan boʻlishi kerakligini anglatadi. JavaScript esa dinamik tipiklashtirilgan til boʻlgani uchun oʻzgaruvchilar turi ijro vaqtida avtomatik ravishda aniqlanadi.

Java va JavaScript sintaksisi bir-biridan farq qiladi. Java sinflarga va obyektga yoʻnaltirilgan yondashuvga asoslangan sintaksisga ega. JavaScript esa yanada moslashuvchan sintaksisga ega boʻlib, funksional dasturlash va veb-sahifadagi jarayonlarni manipulyatsiya qilishda ishlatiladi.

AyTini yangi boshlayotganlar Javaʼni oʻrganishi mumkinmi? Buni qanday amalga oshirish mumkin?

Java sintaksisining soddaligi va yaxshi strukturaga egaligi sababli yangi boshlayotganlar uchun oʻrganish qulaydir. Biroq har qanday dasturlash tilini oʻrganishda boʻlgani kabi tajribali dasturchi boʻlish uchun vaqt, sabr-toqat va doimiy amaliyot talab etiladi. Oʻrganishda tilning asoslariga eʼtibor berish kerak, soʻngra olingan bilimlarni amalda qoʻllab, haqiqiy loyihalarni yaratish lozim.

Musobaqalar kodlash koʻnikmalarini rivojlantirishga yordam beradi va vazifalarga yechim topishning noaniq usullarini koʻrishga oʻrgatadi. Quyida bilim darajangizga mos musobaqalarni topishingiz mumkin boʻlgan ikkita platforma keltirilgan:

  • Codebattle — turli darajadagi tayyorgarlikka ega boʻlgan dasturchilar uchun musobaqalar platformasi. Raund tugaganidan soʻng ishtirokchilarning barcha yechimlari eʼlon qilinadi. Bu oʻrganishning muhim elementidir: vazifa yechimini bir necha kun davomida 100 qatorli kod bilan yoki bir necha soatda besh qatorli kod bilan ham topish mumkin. Masalan, tayyor usullardan foydalangan holda.

  • Hackerrank. Platformada musobaqalardan tashqari eng ommabop va dolzarb savollar mavjud boʻlgan suhbatga tayyorgarlik koʻrish boʻlimi ham bor. Masalan, massivlar, obyektlar va boshqa mazmundagi bloklar mavjud boʻlib, ularning qanday ishlashi haqida tushuncha va bilimlarni mustahkamlash uchun topshiriqlar berilgan.

Manba: Язык программирования Java: что нужно знать новичку

#java
Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
Hexlet

Hexlet