Backend

Java yoki Python: yangi boshlayotgan dasturchi qaysi tilni tanlagani maʼqul?

Java va Python eng mashhur dasturlash tillaridan biridir. Oʻrganish uchun tilni tanlashda ularning xususiyatlari, farqlari va ular yechimini topishga yordam beradigan vazifalarni bilish kerak.

  • Tillarning xususiyatlari

  • Java va Python oʻrtasidagi asosiy farqlar

  • Java va Pythonʼning qoʻllanishi

  • Python va Javaʼda dasturlash

  • Nimani oʻrganish osonroq: Python yoki Java?

  • Ekspert maslahati


Tillarning xususiyatlari

Java 1995-yilda ishlab chiqilgan. U turli xil qurilma va platformalarda, jumladan, oʻsha paytda paydo boʻlayotgan mobil qurilmalarda ishlay oladigan til sifatida yaratilgan. U ixcham hamda turli xil vazifalar uchun modulli va masshtablanadigan dasturlarni yaratishga yoʻnaltirilgan ishonchli tilga aylandi.

Java veb dasturlash, mobil ilovalar, korporativ dasturiy taʼminot kabi turli sohalarda tezda mashhurlikka erishdi. Hatto geymdevda ham — birinchi mobil telefonlardagi deyarli barcha oʻyinlar Javaʼda yozilgan.

Deyarli hammaning telefonida boʻlgan Gravity Defied oʻyini aynan Javaʼda yozilgan


Vaqt oʻtishi bilan Java oʻz ahamiyatini yoʻqotmadi. 2023-yilning mart oyida Java 20 versiyasi chiqarildi va keyingi yangilanishlar ham rejalashtirilgan.

Python biroz oldinroq, 1991-yilda paydo boʻlgan. Aytgancha, uning nomi ilon bilan emas, balki muallifning sevimli komediya shousi “Monti Paytonning uchar sirki” bilan bogʻliq.

Ilonning hech qanday aloqasi yoʻq

Python oʻsha paytda mavjud boʻlgan murakkab va ogʻir tillarga qarshi oddiy sintaksisga ega til sifatida yaratilgan. U oʻzining bu soddaligini bugungi kunda ham saqlab qolgan. Tildan veb dasturlashda, shuningdek, murakkab ilmiy hisob-kitoblarda, maʼlumotlarni tahlil qilish va sunʼiy intellektni dasturlashda faol tarzda foydalanish boshlangan.

2022-yilning oktyabr oyida Pythonʼning oxirgi aktual versiyasi — 3.11 chiqarildi. Relizlar muntazam ravishda har oktyabrda chiqariladi va yangi versiyalar ham rejalashtirilgan, shunday ekan til rivojlanishda davom etadi.

Java va Python oʻrtasidagi asosiy farqlar

Java va Python bir-biridan tubdan farq qiladigan bir nechta mezonlar mavjud. Bu mezonlarni koʻrib chiqamiz.

Kodni yigʻish va bajarish

Java — kompilyatsiya qilinadigan til. Yozilgan dastur avval kompilyator yordamida toʻliq bayt-kodga oʻtkaziladi, soʻngra oldindan oʻrnatilgan Java virtual mashinasida (JVM) bajariladi. Koʻpgina zamonaviy tizimlarda JVM boshlangʻich holatda ham oʻrnatilgan boʻladi. Kompilyatsiya qilinmagan Java kodni ishga tushirib boʻlmaydi. Kompilyatsiya vaqt talab etadi, ammo keyin kod tezroq ishlaydi, chunki u kompyuter tushunadigan baytlar “tili”ga tarjima qilingan boʻladi.

Python — interpretatsiya qilinadigan til. Yozilgan kod yigʻilmaydi, balki darhol maxsus interpretator dastur tomonidan bajariladi. Pythonʼdagi kodni darhol ishga tushirish, jumladan, uning ishlashini kuzatish va har safar yangi kompilyatsiyani kutmasdan, interaktiv ravishda tahrir qilish mumkin. Biroq u bajarilish jarayonida toʻgʻridan toʻgʻri tahlil qilingani va qayta ishlangani sababli uni ishga tushirish koʻproq vaqt hamda resurslarni talab qilishi mumkin.

Tiplarga boʻlinish

Java — yaqqol statik tipdagi til. Bu esa oʻzgaruvchi yaratilganda unga maʼlum bir tip, masalan, son yoki satr berilishi kerakligini anglatadi. Kompilyatsiya bosqichida kompilyator tiplarning muvofiqligini tekshiradi va tipi oldinroq aniqlangan oʻzgaruvchiga boshqa tipdagi oʻzgaruvchini yozishga imkon bermaydi.
Masalan, Javaʼda oʻzgaruvchilar yaratish bilan bogʻliq kod mana shunday koʻrinishga ega:

int num = 10;
String name = "John";
int sum = num + name; // Kompilyatsiya xatosi

Kompilyatsiyadan keyin bu yerda xato paydo boʻladi, chunki “int”, yaʼni son turidagi oʻzgaruvchiga son va satr yigʻindisini yozishga harakat qilinyapti. Kompilyator amalni tahlil qiladi va tekshiradi, soʻngra uni bajarish imkoni yoʻqligi haqida xabar beradi.

Bunday qatʼiy turlarga ajratish kodni yozishni biroz qiyinlashtiradi, chunki u har doim oʻzgaruvchilarda qaysi tipdagi maʼlumotlar saqlanishini oldindan bilishni va uni toʻgʻri koʻrsatishni unutmaslikni talab qiladi. Biroq kodni yigʻishda bu notoʻgʻri amalni bajarishga urinish boʻlganda, masalan, yigʻilmaydiganlarning yigʻindisini chiqarishga harakat qilinganda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xatolarni chetlab oʻtish imkonini beradi.

Python — dinamik tipdagi til. Unda oʻzgaruvchining tipini oldindan belgilash shart emas, u dasturni bajarish paytida avtomatik ravishda aniqlanadi. Masalan, mana shunday qilish mumkin:

num = 10
num = "qator"

“Num” oʻzgaruvchisi hech bir tarzda belgilanmagan va uning tipi faqat dastur bajarilishi davomida undagi maʼlumotlarga koʻra aniqlanadi.
Bir tomondan, bu kod yozishni ancha osonlashtiradi. Boshqa tomondan esa oʻzgaruvchilarni diqqat bilan tekshirishni talab qiladi. Python interpretatori son va satr yigʻindisini chiqarishni taqiqlamaydi — shunchaki yigʻindi chiqarishda xato yuz bergani haqida xabar beradi. Sababini aytmaydi yoki umuman noaniq bir yigʻindini hosil qiladi.

Shuningdek, dinamik tip maʼlumotlarni xotirada saqlash uchun overxed (inglizcha overhead — ortiqcha) kiritadi. Oʻzgaruvchining turi va qiymati faqat bajarilish paytida aniqlangani sababli interpretator barcha mumkin boʻlgan maʼlumotlar tiplari uchun oldindan xotira ajratadi. Javaʼda “int” tipi 4 baytni egallasa, Pythonʼda xuddi shunday maʼlumotlar tipi koʻproq — 24 bayt yoki undan koʻproq xotirani egallaydi. Buni kod orqali tipning oʻlchami haqidagi maʼlumotni chiqarganda koʻrish mumkin:

from sys import getsizeof
var_1 = None
var_digit_1 = 0
var_digit_2 = 100000
var_digit_3 = 999999999999999999
print(getsizeof(var_1)
print(getsizeof(var_digit_1)
print(getsizeof(var_digit_2)
print(getsizeof(var_digit_3)
>>> 16
>>> 24
>>> 28
>>> 32

Shuningdek, Pythonʼning zamonaviy versiyalarida (Python 3.5ʼdan boshlab) statik analizatorlar tomonidan ishlatiladigan tipdagi annotatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash paydo boʻldi. Annotatsiyalar interpretator darajasida tiplarni tekshirishni taʼminlamaydi va faqat kod yozishda yordam beradi. IDEʼda foydalanilganda, kodni terish jarayonida koʻrsatmalar beradi yoki notoʻgʻri kodni belgilaydi. Pythonʼdagi tiplar annotatsiyasiga ega kod misolini koʻrib chiqamiz:

title: str = “Java vs Python”
free_time: int = 30

def spent_time(free_time: int) -> None:
read_article(title)
choose_course()

Oʻzgaruvchilar uchun annotatsiyalar identifikatordan keyin ikki nuqta bilan ifodalanadi, soʻngra qiymat initsializatsiyasi boshlanishi mumkin. Funksiya parametrlari ham oʻzgaruvchilar bilan bir xil tarzda annotatsiya qilinadi, qaytish qiymati esa “->” dan keyin va oxirgi ikki nuqtagacha koʻrsatiladi. Agar qaytish qiymati boʻlmasa, u None deb yoziladi.

Sintaksis

Sintaksis bu — dasturlash tilida ishlatiladigan tuzilmalar. Ularni oddiy til lugʻati va grammatikasi bilan taqqoslash mumkin.

Java juda murakkab va hajmli sintaksisga ega. Baʼzan bitta oddiy amalni bajarish uchun koʻplab kod satrlarini yozish kerak. Bundan tashqari, kod bloklari va tuzilmalarini ajratish uchun faqat shaklli qavs va nuqtali vergullardan foydalanish kerak — ularsiz dastur xato haqida xabar beradi.

Koʻpincha Java sintaksisi yangi boshlayotganlar uchun oʻrganishda qiyinchiliklar keltirib chiqaradi — unda tushunish lozim boʻlgan koʻplab nozik jihatlar mavjud


Python avval sodda til sifatida yaratilgan, shuning uchun uning sintaksisi ancha sodda. Unda shaklli qavs va nuqtali vergullar yoʻq, kod bloklari boʻsh joy va xatboshi bilan ajratiladi. Bu jihat kod bloklari xatboshi emas, balki shaklli qavslar bilan ajratiladigan C/C++, Java, C# kabi boshqa dasturlash tillari bilan tanish boʻlganlarning gʻazabini keltiradi.

Taqqoslash uchun bir xil narsani bajaradigan ikkita kodni koʻrib chiqqanimiz maʼqul.

 

Hello, World iborasini Java yordamida ekranga chiqarish:

Python yordamida esa mana shunday:

public class HelloWorld {
public static void
main(String[] args) {

System.out.println("Hello, World!");
   }
}

print("Hello, World!")

 

Java va Pythonʼning qoʻllanishi

Java ham, Python ham turli xil vazifalar uchun qoʻllanadigan, yetarlicha universal dasturlash tillaridir. Biroq ular koʻpincha maʼlum sohalarda qoʻllanadi.

Java odatda quyidagilarni ishlab chiqishda ishlatiladi:

  • Android platformasi uchun ilovalar. Hozirgi paytda Kotlin bu vazifani tobora koʻproq oʻz zimmasiga olmoqda, ammo Java hali ham, ayniqsa, yirik korporativ xizmatlar uchun ahamiyatli boʻlib qolmoqda.

  • Veb xizmatlar. Veb xizmatlarning bekendi — server qismi Javaʼda yozilyapti.

  • Korporativ dasturiy taʼminot. Murakkab va hajmli korporativ xizmatlar koʻpincha Javaʼda yoziladi. Buning uchun hatto korporativ dasturlarni ishlab chiqishga moʻljallangan tayyor vositalarni taqdim etadigan butun boshli platforma — Java Enterprise Edition mavjud.

  • Bank dasturiy taʼminoti. Java moliya institutlarida savdo tizimlari, aktivlarni boshqarish tizimlari, algoritmik savdo va boshqa moliyaviy dasturlarni ishlab chiqishda ishlatiladi.

Python odatda quyidagilar uchun ishlatiladi:

  • Ilmiy tadqiqotlar. Pythonʼning murakkab matematik hisob-kitob va grafiklar tuzish uchun juda koʻp kutubxona hamda vositalari — NumPy, pandas, scikit-learn va TensorFlow mavjud.

  • Mashinani oʻrgatish. Sunʼiy intellektni oʻqitish va boshqa shunga oʻxshash vazifalar uchun kod koʻpincha aynan Pythonʼda yoziladi.

  • Veb dasturlash. Pythonʼda, shuningdek, veb xizmatlarning server qismi ham yoziladi.

  • Avtomatlashtirish. Koʻpincha Pythonʼda dasturiy taʼminotni testdan oʻtkazish, tizim administratorligi, hisobotlarni yaratish, maʼlumotlarni qayta ishlash vazifalarini avtomatlashtirish uchun kichik ssenariy va skriptlar yoziladi.

Python va Javaʼda dasturlash

Python va Javaʼda kod yozish jarayoni minimal darajada farq qiladi.

Java dasturchisining odatiy ish jarayoni quyidagicha koʻrinishga ega:

  1. Kompilyator va dasturlashning boshqa vositalari — JDK (Java Development Kit) ni oʻrnatish.

  2. Java uchun dasturlash muhiti — IDEʼni tanlash va sozlash. Bular IntelliJ IDEA, Eclipse va NetBeans boʻlishi mumkin.

  3. Yangi loyiha yaratish.

  4. Toifa va metodlarni yaratish, tilning sintaktik xususiyatlarini hisobga olgan holda kod yozish.

  5. Yozilgan kodni kompilyatsiya qilish. Kompilyatsiya muvaffaqiyatsiz boʻlgan taqdirda xatolarni tuzatish.

  6. Kodni ishga tushirish va xatolar mavjudligini tekshirish.

  7. Hammasi tayyor boʻlgunga qadar 4–6-bosqichlarni takrorlash.

Pythonʼda kod yozish jarayoni ham deyarli shunday koʻrinishga ega:

  1. Kompyuterga Pythonʼni oʻrnatish. DTga bogʻliq holda interpretator oldindan oʻrnatilgan boʻlishi mumkin va zarurat boʻlsa, eng oxirgi versiyasiga qadar yangilash kerak.

  2. Kod uchun muharrirni tanlash — bu IDE yoki oddiy matn muharriri boʻlishi mumkin.

  3. Loyiha yaratish.

  4. Til sintaksisini hisobga olgan holda kod yozish.

  5. Dastur yozib boʻlingandan soʻng darhol ishga tushirish — kod ketma-ket ishlay boshlaydi va xatolar boʻlsa, ishga tushirilgandan soʻng darrov paydo boʻladi.

Nimani oʻrganish osonroq: Python yoki Java?

Agar noldan oʻrganish haqida gapiradigan boʻlsak, unda Python Javaʼga qaraganda ancha osonroq. U oddiy va ixchamroq sintaksisga ega, majburiy elementlar ancha kam boʻlib, bu oʻrganish va eslab qolishni osonlashtiradi. Bundan tashqari, Pythonʼda kod “tozaroq” koʻrinadi, vizual qabul qilish va hatto minimal tajriba bilan ham tushunish osonroq.

Biroq Python yoki Javaʼni oʻrganish haqida qaror qabul qilishda osonlikka emas, balki bu til yordamida hal qilinishi mumkin boʻlgan vazifalarga eʼtibor qaratish kerak. Yuqorida biz har bir til talab qilinadigan sohalarni sanab oʻtdik va umuman olganda, qiziqarli soha uchun aktual boʻlgan tilni oʻrganish maʼquldir.

Murakkabligiga qaramay, Java qatʼiy qoidalarga boʻysunadi. U yoziladigan kodga talabchan, lekin Pythonʼda yoʻl qoʻyish juda oson boʻlgan xatolarga imkon qoldirmaydi.

Ekspert maslahati

Nikolay Fedoseyev

Texnologiya tanlovi koʻp jihatdan hal qilinadigan vazifaga bogʻliq. Misol uchun, gʻoyani sinab koʻrish, maʼlumotlarni yigʻish va tahlil qilish, vazifalarni avtomatlashtirish yoki chat-bot yaratish uchun tezda prototip tayyorlash kerak boʻlsa, Pythonʼni tanlashingiz mumkin. Agar loyiha uchun yuklamalar yoki foydalaniladigan resurslarni tejash, tor joylarni optimallashtirish va yopish zarurati muhim boʻlsa, Java kabi statik tipdagi kompilyatsiya qilinadigan til tanlangani maʼqul.

Ammo koʻpincha loyiha ham dinamik, ham statik tipdagi texnologiyalar aralashmasidan iborat boʻladi. Bunday yondashuv gʻoyalarni sinab koʻrish vaqtini, dasturlash tezligini hamda resurslar sarfini va ilova ishlashini optimallashtirish uchun yangi funksiyalarni qoʻshishni tenglashtirishga imkon beradi. Shuning uchun loyiha ustida koʻpincha bir nechta til, texnologiyalar va dasturga yondashuvni biladigan muhandislar ishlaydi.

 

Manba: Java vs Python: какой язык выбрать начинающему программисту

#python
#java
Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
Yandex Praktikum

Yandex Praktikum

O'xshash maqolalar

SI-trener: yangi kasb boʻyicha katta qoʻllanma
Sunʼiy intellekt
YangiSoha

18-aprel, 2024

SI-trener: yangi kasb boʻyicha katta qoʻllanma

Neyrotarmoqlarni tarbiyalaydigan va oʻqitadigan kishilar bilan muloqot qilamiz.

Maqolani o'qish
Pomidorlardan qutulib qolish choralari: IT-konferensiya uchun ajoyib maʼruza tayyorlash

9-aprel, 2024

Pomidorlardan qutulib qolish choralari: IT-konferensiya uchun ajoyib maʼruza tayyorlash

Konferensiyada nutq soʻzlashga tayyorgarlik — maʼruzachidan koʻp vaqt va kuch talab qiladigan murakkab jarayon. Shuning uchun nega u yerga borayotganingizni, nima soʻzlab berishni va bilishni xohlayotganingizni tushunishingiz kerak. Axir oʻrtaga siz va siz vakillik qilayotgan kompaniyaning obroʻ-eʼtibori tikilgan boʻladi. Bundan tashqari, mashhur konferensiyalar chipta narxi ozmuncha emas va hech kim bu pul behuda ketishini istamaydi.

Maqolani o'qish
Scalaʼni bilish — yaxshi, Sparkʼni bilish esa majburiy. Yangi boshlayotgan va tajribali data injenerlar nimalarni bilishi kerak? Yandeks Praktikum tadqiqoti
Yumsoq ko'nikmalar
portfolio

3-may, 2024

Scalaʼni bilish — yaxshi, Sparkʼni bilish esa majburiy. Yangi boshlayotgan va tajribali data injenerlar nimalarni bilishi kerak? Yandeks Praktikum tadqiqoti

Yandeks Praktikum junior, middle va senior data injenerlar uchun eng talab yuqori boʻlgan koʻnikmalarni oʻrganib chiqdi. Kasbga kirib, unda oʻsish uchun qayerda va qanday rivojlanish kerakligini koʻrib chiqamiz.

Maqolani o'qish
Dizayner rasm chizishni bilishi kerakmi? Mutaxassislar fikri
maslahat
design

4-may, 2024

Dizayner rasm chizishni bilishi kerakmi? Mutaxassislar fikri

Grafik va veb-dizayner uchun rasm chizish qobiliyati qanchalik zarurligi hamda bu mutaxassislarga yana qanday koʻnikmalar asqatishini koʻrib chiqamiz.

Maqolani o'qish
Yangi oʻrganuvchilar uchun Jenkins: u oʻzi nima, bizga nima uchun kerak va uni qanday oʻrnatish mumkin?
guide
Jenkins

18-aprel, 2024

Yangi oʻrganuvchilar uchun Jenkins: u oʻzi nima, bizga nima uchun kerak va uni qanday oʻrnatish mumkin?

Ilovalar yigʻish boʻyicha oʻz konveyerimizni ishga tushiramiz.

Maqolani o'qish