Boshqalar

Kelajakka nigoh: metaolam real hayot oʻrnini bosa oladimi?

Metaolam haqida qisqacha maʼlumot. Undan qoʻrqish kerakmi?

Metaolam tushunchasi

Metaolam bu — mavjud boʻlgan dunyo ichidagi olam. Agar zamonaviy texnologiyalarni texnik tomondan tatbiq etish masalalariga chuqur yondashmasak, virtual dunyoni real hayotga aralashtirib “yashaydigan” deyarli har qanday onlayn makonni metaolam deb atash mumkin.

Shuning uchun baʼzi videooʻyinlarni oʻziga xos metaolam deb atash mumkin. Masalan, 2004-yildan beri mavjud boʻlgan World of Warcraft yoki uning alternativi Fortnite. Epic Gamesʼning bu loyihasi konsert va festivallar oʻtkaziladigan alohida olamga aylangan. U reallikda sodir boʻlayotgan barcha narsalarga (masalan, yangi chiqarilgan filmlar) mos ravishda tubdan oʻzgarib bormoqda.

Bir tomondan, bunday oʻyinga kirgan yoki biron bir onlayn chatga qoʻshilgan kishi atrofdagi mavjud dunyoning koʻp qismiga ega boʻladi. Boshqa tomondan esa real hayotdagi aqlbovar qilmas narsalar kiritilgan yangi qatlamga tushib qolganga oʻxshaydi.

Oʻyinlar, chatlar va umuman internet ancha vaqtdan beri oʻz qonunlari, moliyaviy tizimi, ish joyi va hokazolariga ega. Ammo “metaolam” atamasi yaqindagina paydo boʻldi va jamoatchilik hamda texnologik nashrlar bu haqda bor kuchi bilan shov-shuv qila boshladi. Nega shunday boʻldi? Soʻnggi yillarda nima oʻzgardi?

Hozirgi paytda metaolamlar qanday ishlaydi?

Hozirgi maʼnodagi “metaolam” atamasi tarmoqdagi birinchi onlayn muloqot platformalari vujudga kelganidan kechroq paydo boʻlgan. Bu soʻz birinchi marta 1992-yilda nashr etilgan Snow Crash romanida ishlatilgan. 2011-yilda chiqqan Ready Player One (“Birinchi oʻyinchi hozirlansin”) kitobi esa atamani ommalashtirdi. Ikkala holatda ham metaolam inson uchun tom maʼnoda yangi olam yaratadigan ulkan virtual makon sifatida taqdim etilgan. Metaolam – real hayot oʻrnini bosa oladigan dunyo.

Bu gʻoya ijod olamida bir necha bor koʻtarilgan. Bunga eng mashhur misollardan biri “Matritsa” kvadralogiyasidir. Film qahramonlari garchi “Birinchi oʻyinchi hozirlansin” darajasida yorqin va qiziqarli ekranlashtirilmagan boʻlsa-da (matritsada baribir qullikka ham tushib qolishadi), ammo oʻziga xos metaolam edi.

Foydalanuvchi metaolam bilan maxsus texnika: virtual reallik koʻzoynagi, maxsus joystik va yordamchi qurilmalar toʻplami (kabellardan tortib koʻp yoʻnalishli yugurish yoʻlaklarigacha) orqali oʻzaro aloqada boʻladi.

Hozir haqiqatan ham mavjud va foydalanish mumkin boʻlgan zamonaviy metaolamlar ilmiy-fantastika mualliflari 30 yil oldin tasvirlashga harakat qilgan texnologik yangiliklarga har qachongidan ham koʻproq yaqin. Hozir ham virtual reallik koʻzoynagini taqib, boshqa sayyoraga borib qolish mumkin.

Metaolamda nima bilan shugʻullanishadi?

Zamonaviy texnologiyalar yordamida yaratilgan parallel olamlar koʻplab foydalanuvchilar uchun hali ham aqlga sigʻmaydigan, bundan tashqari, aniq utilitar qoʻllash mumkin boʻlmagan ertak boʻlib qolmoqda. Oʻyin-kulgi nuqtai nazaridan ham ommaviy isteʼmolchilarning hatto asosiy VR tizimlardan foydalanish imkoniyati ham koʻp emas.

Shu sababli koʻpchilik metaolamning nega kerakligi va qanday imkoniyatlar taqdim etishini bilmaydi. Nima uchun ayni damda kimdir virtual dunyoga oʻtish yoki bunga intilish haqida oʻylashi kerak?

Ammo 5–10 yildan keyingi kelajakka nazar solmasak-da, hozirgi paytda ham metaolamdagi qiziqarli narsalar yetarlicha.

Ijtimoiy faollik

Amaldagi metaolamda koʻplab xizmat va ilovalar mohiyatan Second Life ruhidagi oʻyinlarni eslatadi. Siz oʻz avataringiz bilan parallel dunyoda paydo boʻlasiz va real hayotda qilishingiz mumkin boʻlgan ishlar bilan shugʻullanasiz.

Bu hali ham videooʻyinlarda faol namoyon boʻlmoqda (men hali ham yoshligimizda bir-birimizdan minglab kilometr uzoqlikda yashaydigan doʻstlarimiz bilan Orgrimmar tavernasida “qittay-qittay qilish” uchun yigʻilib turganimizni eslayman).

Masalan, Roblox oʻyinining 16 yoshli dasturchisi pandemiya tufayli tugʻilgan kunini onlayn tarzda nishonladi. Unga nafaqat doʻstlarini, balki oʻyinning butun sayyoradagi muxlislarini oʻz olamiga taklif etdi.

The Sandbox metaolami — kishilar muloqot qilishi, musiqiy tadbirlarda ishtirok etishi, kino tomosha qilishi, buyumlar yaratishi mumkin boʻlgan ulkan hamjamiyat. Shuningdek, foydalanuvchilar oʻzi uchun hudud sotib olishi va xohishiga koʻra obodonlashtirishi, savdo-sotiq qilishi, sarguzashtlar qidirishi va umuman aqliga kelgan narsa bilan shugʻullanishi mumkin.

Bunday mahsulotlar pandemiya, uzoq masofa, cheklangan sogʻliq imkoniyatlari va real hayotda uchrashishga xalaqit beradigan boshqa omillarga qaramay, odamlar bilan muloqot qilish va jamiyat bilan birga boʻlish imkonini beradi.

Ish

Ijtimoiy faollik uchun virtual reallikda yangi makonlar yaratish metaolam qoʻllanadigan yagona soha emas. Odamlar hayotini kasbiy majburiyatlari nuqtai nazaridan soddalashtiradigan utilitar vosita va xizmatlar ham mavjud.

Masalan, Pol Tomlison ish yuzasidan juda koʻp maʼlumotni nazorat ostida ushlab turishi kerakligi va hozirgi ish joyi (uyda) doim bironta monitorni qulatmoqchi boʻlgan mushuklari tufayli juda koʻp qiyinchiliklar keltirib chiqarishidan noligan edi.

Atrofida cheksiz sonli monitorlarni oʻrnatib, ayni paytda jismoniy dunyoda koʻzoynak va klaviaturadan tashqari hamma narsani stoldan olib tashlashi mumkin boʻlgan virtual reallikka oʻtishi bilan uning uchun hamma narsa oʻzgardi.

Bu yagona misol emas. Meta onlayn tarzda hamkorlikda ishlashni qayta koʻrib chiqish imkonini beradigan Horizon Workrooms xizmatini taqdim etdi. Zoomʼdagi zerikarli uchrashuv oʻrniga tom maʼnoda virtual ofisga kelish, ish rejalarini muhokama qilishda jonli ishtirok etish, grafikalar tuzish, oʻz ishingiz natijasini aniq namoyish qilish yoki virtual uskunadan foydalangan holda biron bir mahsulotni yaratish mumkin.

Har bir tashkilotda xodimlar jamoasi uchun noyob masofaviy ish joyini yaratish imkoniyati paydo boʻldi.

Oʻyinlar

Hozircha aynan metaolamlar uchun yaratilgan olamshumul namunalar yoʻq. Ammo bunday rejalar mavjud. Masalan, Microsoft Halo va Minecraft kabi oʻyinlar uchun metaolam yaratishni rejalashtirayotganini aytdi. Aytgancha, ikkinchi oʻyin metaolam tushunchasiga juda yaqin. Unda hech boʻlmaganda “Lenta” gipermarketini qurishdi.

Agar dasturchilar VR texnologiyalarini toʻliq joriy etishni uddalasa, shartli Fortnite bu chegaradan oʻtib, toʻliq metaolamga aylanish uchun barcha imkoniyatlarga ega.

Half-Life Alyx darajasida, ammo MMO miqyosidagi oʻyinlarni qachon koʻrishimiz nomaʼlum. Biroq insoniyat yaqin orada sifati boʻyicha biz Ready Player Oneʼda koʻrgan darajadagi virtual mahsulotlarga duch kelishiga shubha qolmayapti.

Metaolam real hayot oʻrnini bosa oladimi?

Bunday texnologiyalarning rivojlanishi qayerga olib borishini aytish qiyin. Hozirgi paytda bizda mavjud narsa “Matritsa”dan ancha uzoq. Bizning virtual hissiyotlarimiz hali ham real hayot bilan chambarchas bogʻliq. Jismoniy mavjudligimiz ensamizdagi rozetka orqali va haqiqiy olamimizda ovqatlanish va turli xil farovonliklarni yaratish orqali taʼminlanadi.

Shunga qaramay, bundan keyin odamlar virtuallikka chuqurroq kirib, u yerda koʻproq vaqt oʻtkazishi aniq. Odamlar oʻyinlar olamida oʻzlarini avatarlari bilan bogʻlanishni biladi, shuning uchun sunʼiy dunyoda oʻz oʻxshashi bilan qiyinchiliksiz tezda “birlashib” ketadi.

Tatsu singari kompaniyalar (Discord serverlari asosida mikroolamlarni yaratadi) metaolamlar zarar qilmaydi, aksincha, ular odamlarning oʻzaro taʼsir chegaralarini kengaytiradi, deb hisoblaydi. Shuningdek, ular empatiya darajasini oshirish va munosabatlarning mutlaqo yangi turlarini yaratish orqali insonlar oʻrtasidagi muloqotlar chegarasini kengaytiradi, degan xulosaga keldi.

Ekran qarshisida oʻtirgan yoki virtual reallik koʻzoynagidan foydalanayotgan boʻlsangiz ham siz baribir inson boʻlib qolaverasiz.

Agar dunyoyimizni Ready Player One olamiga (yoki undan ham yomoni “Orxideya qafaslari” olami analogiga) aylantiradigan boʻlsak ham bu tez orada sodir boʻlmaydi.

Metaolamlarning rivojlanish istiqbollari

Shubhasiz, kelajakda bizni virtual olamlarning rivojlanishi kutmoqda. Sayyora miqyosida, albatta, bu sohaga oid yangi mahsulotlarning paydo boʻlishi va mavjudlarining takomillashuvini taxmin qilish mumkin. Meta, Microsoft yoki Epic Games kabi kompaniyalar insoniyatni reallikdan qochib ketish mumkin boʻlgan olamga imkon qadar tezroq yaqinlashtirish uchun katta mablagʻ sarflamoqda.

Parallel ravishda blokcheyn va NFTʼga qiziqish kuchaymoqda. Odamlar virtual buyumlarga katta pul sarflayapti.

Blokcheyn virtual olamlarga boʻlgan qiziqish bilan birgalikda yangi iqtisodiyotni shakllantirishi mumkin. Yirik korporatsiyalar bunday daromad qilish imkoniyatini qoʻldan boy bermaydi. Shunday ekan, bizni metaolamlar ommabopligining keskin oʻsishi kutmoqda. Bu hech boʻlmaganda maxfiylik masalasi keskin koʻtarilgunga yoki davlatlar nafaqat real hayotda, balki virtual makonda ham sodir boʻlayotgan voqealarni tartibga solishni istamaguniga qadar davom etadi.

Baʼzi mamlakatlar kriptovalyutalardan foydalanishni qatʼiy tartibga solishga qaror qilganini hisobga olsak, hamma ham sunʼiy ravishda yaratilgan olamda baxtli kelajakka umid qila olmaydi.

Metaolam nimasi bilan xavfli va nega tez-tez tanqid qilinadi?

Virtual olamlar keskin tanqid qilinishining kamida uchta asosiy sababi bor.

  1. Virtual makondagi yopiqlik

    Jamiyat odamlar internetda juda koʻp vaqtini sarflayotgani borasida muntazam ravishda xavotir bildirmoqda. Shuning uchun aholining internetdagi vaqtini qisqartirishni yoʻlga qoʻymoqchi (ayniqsa, bolalar haqida gap ketganda), ammo buning iloji boʻlmayapti. Pandemiya esa vaziyatni yanada ogʻirlashtirdi.

    Metaolam odamlarda virtual olamga qaramlikni yaratishi mumkin.

    Ijtimoiy mavjudot boʻlgan inson real hayot bilan imkon qadar koʻproq aloqada boʻlishi, odamlar bilan jonli muloqot qilishi, faol boʻlishi lozim. Garchi metaolam ayrim foydalanuvchilarning faolligi (oʻyin va sport turlarida) uchun yordam berib, jamiyatning qandaydir analogini yaratishi mumkin boʻlsa-da, u baribir real dunyoga boʻlgan ehtiyoj oʻrnini bosolmaydi.

  2. Insoniyat belgilagan notoʻgʻri ustuvorliklar

    The Guardian jurnalida chop etilgan “Iʼve seen the metaverse – and I donʼt want it” maqolasi muallifi Keza Makdonald metaolamlarning potensial rivojlanishini kapitalistik-texnokratik doʻzax sifatida tasvirlaydi.

    Jurnalistning fikriga koʻra, virtual dunyo bizni seksizm, gomofobiya, irqiy nafrat va insoniyatning boshqa global illatlaridan qutqarmaydi. Unda hatto zoʻravonlik ham mavjud. Metaolam hech bir muammoni hal qilmaydi, balki koʻplab yangilarini yaratadi.

    Keza Makdonaldning fikriga koʻra, Mark Sukerberg kabi kishilar metaolamlarni odamlarga hech qanday yordam bermaydigan yangi daromad manbaiga aylantiradi.

    Odamlar NFTʼlarga katta mablagʻ sarflamoqda. Ular reallikdan uzoqlashishni istaydi. Shu bilan birga, haqiqiy dunyomiz doʻzaxga aylanmoqda, texnologik gigantlar esa jamiyatni haqiqiy muammolardan chalgʻitish bilan mashgʻul.

  3. Potensial kiberdiktatura

    Koʻpgina vizionerlar (uzoqni koʻra oladigan kishi) davlat va korporatsiyalar odamlarni nazorat qilish maqsadida biologik va raqamli olamlarning birlashuvidan foydalanish imkoniyatini qoʻldan boy bermasligiga ishonadi. Hissiyotlarni kuzatish, jismoniy imkoniyatlarni nazorat qilish va boshqa omillar oʻzgacha fikrlovchilar hayotini yanada qiyinlashtiradi.

    Bundan tashqari, markazsizlashtirish toʻliq ishlamaydi. Axborotlar baribir maʼlumot serverlarini saqlaydigan kompaniyalarga tegishli boʻladi. Yaʼni kompaniya sizning avataringiz, virtual buyum va hududingizga egalik qiladi. Sizni tashqi taʼsirlardan himoya qilishga moʻljallangan markazlashtirilmagan internet aslida koʻproq huquqlardan mahrum qiladi. Agar Meta moderatorlaridan biriga yoqmay qolsangiz, bir zumda barcha virtual mulkingizdan mahrum boʻlasiz.

Metaolamga qanday kirish mumkin?

Barchasi sizni aynan qanday metaolam varianti qiziqtirishiga bogʻliq.

Hozirgi paytda Ready Player Oneʼdagi olamlarga toʻliq oʻxshash analoglar yoʻq, ammo ularsiz ham muqobil olamlar bilan tanishish usullari mavjud.

  1. Roblox — istalgan har qanday narsa: sport musobaqalarida qatnashish, zindonlarda hayvonlar bilan kurashish, mashinalardagi poygalarda ishtirok etish yoki virtual echkilarni koʻpaytirish borasida hamfikrlar bilan muloqot qilish mumkin boʻlgan videooʻyin. Virtual reallik koʻzoynagi talab etilmaydi.

  2. Sandbox Robloxʼga oʻxshash loyiha boʻlib, ammo undan kattaroq va blokcheyn bilan chambarchas bogʻliq. Bu yerda biroz boshqacha iqtisodiyot mavjud. Odamlar kriptovalyuta bilan toʻlov qiladi, NFTʼdan foydalanadi va hokazo.

  3. Horizon Workrooms — toʻliq boʻlmagan koinot boʻlib, hozircha faqat jamoaviy ish uchun zarur boʻlgan asboblar toʻplamiga ega ish maydoni.

Kelajakda bizni kishilarga koʻproq imkoniyatlar taqdim etadigan Metaʼning Horizon Worldsʼi kutmoqda. Hozircha bu mahsulot testdan oʻtkazilmoqda.

Metaolam asosidagi texnologiyalar

Metaolamni ishlab chiqishda juda koʻp turli xil texnologiyalar qoʻllanadi. NFT tizimi egalik huquqini kafolatlaydi, blokcheyn hisob-kitoblarni amalga oshirishda yordam beradi. 3D texnologiyalari virtual dunyoda sodir boʻlayotgan barcha narsalarni vizualizatsiya qilish, VR koʻzoynak esa foydalanuvchiga sodir boʻlayotgan voqealar girdobiga shoʻngʻish imkonini beradi.

Agar metaolam ishlab chiqmoqchi boʻlsangiz, sizga quyidagilar zarur:

  • Nima bilan shugʻullanishingizni aniqlab oling (yangi model va obyektlarni chizish, algoritmlar yaratish, yangi valyuta ayirboshlash tizimlarini amalga oshirish).

  • Metaolam bilan bogʻliq texnologiyalarni oʻrganishni boshlang: blokcheyn kontraktlar (Solidity, Java), 3D modellashtirish (Unity, Unreal Engine va C# kabi tegishli tillar), dasturlash tillari (Swift, Kotlin) va boshqalar.

  • Mavjud metaolamni tanlang va u uchun yangi kontent ishlab chiqishni boshlang.

Coursera va Udemy singari platformalarda allaqachon blokcheyn ilovalarni dasturlash boʻyicha koʻplab kurslar mavjud. Ular unchalik qimmat emas va mavzu boʻyicha juda koʻp bilim beradi. Ulardan keyin koʻpchilik samarali kriptodasturchiga aylanadi.

Xulosa oʻrnida

Metaolam yangi olamlarni yaratish va insoniyatni real hayotdan yangi raqamli dunyoga koʻchirish yoʻlidagi urinishdir. Koʻplab xavotirlanishlarga qaramasdan endilikda buning oldini hech kim ololmaydi. Faqatgina metaolam dunyoga yomonlikdan koʻra koʻproq yaxshilik olib kelishiga va ularning imkoniyatlaridan bahramand boʻlishimizga umid qilib qolamiz.

Manba: Взгляд в будущее: смогут ли метавселенные заменить реальность

#metaolam
#VR
Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
https://assets.mohirdev.uz/others/44cb8614-e9cf-4302-b247-d5f8240a75fe.original.png

Timeweb

O'xshash maqolalar

Qanday qilib dasturchi boʻlish mumkin? Kerakli koʻnikmalar va duch kelinishi mumkin boʻlgan qiyinchiliklar

1-may, 2024

Qanday qilib dasturchi boʻlish mumkin? Kerakli koʻnikmalar va duch kelinishi mumkin boʻlgan qiyinchiliklar

Yangi boshlovchilarga dasturlash yoʻnalishi va tilini qanday tanlashni, shuningdek, yoʻl boshida uchrashi mumkin boʻlgan qiyinchiliklarni qanday yengishni aytib oʻtamiz.

Maqolani o'qish
SI-trener: yangi kasb boʻyicha katta qoʻllanma
Sunʼiy intellekt
YangiSoha

18-aprel, 2024

SI-trener: yangi kasb boʻyicha katta qoʻllanma

Neyrotarmoqlarni tarbiyalaydigan va oʻqitadigan kishilar bilan muloqot qilamiz.

Maqolani o'qish
Qanday qilib boshqa juniorlar orasida ajralib, AyTida birinchi ishni topish mumkin?
resume
junior

4-may, 2024

Qanday qilib boshqa juniorlar orasida ajralib, AyTida birinchi ishni topish mumkin?

Qanday qilib AyTi sohasida birinchi ishni topish va kompaniya taklif yuboradigan “oʻsha” mutaxassis boʻlish toʻgʻrisida hikoya qilamiz.

Maqolani o'qish
Chuqurlashamiz: murakkab neyrotarmoqlar qanday oʻqitiladi?
Sunʼiy intellekt
deep learning
data science

14-avgust, 2024

Chuqurlashamiz: murakkab neyrotarmoqlar qanday oʻqitiladi?

Neyrotarmoq tashqi yordamsiz mushuklarni boyqushlardan ajratishi yoki inson nutqini aniqlashi uchun maxsus oʻqitish algoritmlari kerak. Bunday algoritmlar chuqur oʻqitish deb ataladi. Mavzuni batafsil koʻrib chiqamiz.

Maqolani o'qish
Scalaʼni bilish — yaxshi, Sparkʼni bilish esa majburiy. Yangi boshlayotgan va tajribali data injenerlar nimalarni bilishi kerak? Yandeks Praktikum tadqiqoti
Yumsoq ko'nikmalar
portfolio

3-may, 2024

Scalaʼni bilish — yaxshi, Sparkʼni bilish esa majburiy. Yangi boshlayotgan va tajribali data injenerlar nimalarni bilishi kerak? Yandeks Praktikum tadqiqoti

Yandeks Praktikum junior, middle va senior data injenerlar uchun eng talab yuqori boʻlgan koʻnikmalarni oʻrganib chiqdi. Kasbga kirib, unda oʻsish uchun qayerda va qanday rivojlanish kerakligini koʻrib chiqamiz.

Maqolani o'qish