Soft skills

Ko‘p vazifalarni bajara olish qobiliyati haqida

Ko‘p vazifalarni bajara olish insonning ham super kuchi, ham muammosi bo‘lishi mumkin. Bu qanday sifatligi, afzallik, kamchiliklari hamda uni rivojlantirish kerakmi yoki yo‘qligini ko‘rib chiqamiz.

Ko‘p vazifalarni bajara olish nima?

Ko‘p vazifalarni bajara olishlik bu — bir nechta ishni bir vaqtning o‘zida qilish yoki tezda ularning biridan ikkinchisiga o‘ta olish qobiliyati. U ham ish joyida, ham kundalik turmushda uchraydi. Masalan, inson bir paytning o‘zida:

  • kechki ovqat tayyorlayotganda telefonda gaplashishi;

  • strategik sessiya uchun taqdimotni tayyorlash vaqtida messenjerdagi xabarlarga javob berishi;

  • mashinani boshqarayotib yo‘lovchi bilan suhbat qurishi;

  • uyni supurib-sidirayotganda bolani ham kuzatishi;

  • yugurayotganda podkast tinglashi mumkin.

Koʻp vazifalarni bajara olishning turli kasblarda qanday namoyon bo‘lishiga bir nechta misol keltiramiz.

Oʻqituvchi

Bir vaqtning o‘zida yangi mavzuni tushuntirib, o‘quvchilarning xulq-atvorini kuzatib boradi. Savollarga javob beradi va sinfdagi topshiriqlarning bajarilishini tekshiradi

Qoʻngʻiroqlar markazi operatori

Telefon orqali mijozning so‘roviga javob beradi va parallel ravishda ma’lumotlarni tizimga kiritadi. Shu bilan birga, keyingi qo‘ng‘iroqlar haqidagi ma’lumotlarni yodda tutadi

Dasturchi

Kod yozadi, xatolarni tuzatadi va bir vaqtning o‘zida texnik talablar bo‘yicha jamoa bilan muloqot qiladi

Uchuvchi

Parvoz yo‘nalishini kuzatib boradi, dispetcherlar bilan aloqada bo‘ladi, samolyot ishini nazorat qiladi

Dizayner

Lending maketini yaratadi, bir vaqtning o‘zida maqola uchun hozirlangan tasvirga tuzatishlar kiritadi. Buyurtmachilardan olingan yangi vazifa uchun talablarni to‘playdi

Yuliya Aravina, AyTi rahbar va jamoalar kouchi, psixolog, Yandex Praktikumning “Jamoani boshqarish” kursida murabbiy, “To‘laqonli hayot” kanali muallifi


Kasbiy faoliyatda eng ko‘p vazifali kishilar bu — kotiblar va shaxsiy yordamchilar. Ular turli xil topshiriqlarni bajaradigan odamlardir. Rahbarlar va loyiha menejerlari ham ko‘p vazifalarni bajaradigan odamlardir. Chunki ular bajaradigan ishlar ro‘yxati doimo katta bo‘ladi. Eng yuqori o‘rinlarda event menejerlar turadi: ular tadbirlarni tashkil etishda barcha ikir-chikirlarni hisobga olishi va odamlarning ishini muvofiqlashtirishi kerak. Karyerasini noldan boshlayotgan odamlar ham ko‘plab vazifalarni bajara olishi bilan ajralib turadi. Ular asosiy ishi, oilasi bilan muloqot qilishi, hobbisi yoki sportdan tashqari ta’lim olishi ham kerak.

Ko‘p vazifalarni bajara olish mexanizmi miyaning bir nechta ishlar orasida tezda o‘tish va ularni bir vaqtning o‘zida bajarayotgandek taassurot yaratish qobiliyatiga asoslangan. Aslida esa miya kamdan kam hollarda vazifalarni bir vaqtning o‘zida bajaradi. Buning o‘rniga ularni navbatma-navbat, ammo juda tez amalga oshirishi mumkin.

Ko‘p vazifalarni bajara olishning afzallik va kamchiliklari

Ko‘p vazifalarni bajara olish hayotning bir nechta muhim jabhalari, masalan, sport, shaxsiy rivojlanish va karyerada o‘sishni bir vaqtning o‘zida olib borish kerak bo‘lgan vaziyatlarda foydali bo‘ladi. Biroq bu xususiyatning salbiy tomonlari ham bor. Ularni batafsilroq ko‘rib chiqamiz.

Ko‘p vazifalarni bajara olishning afzalliklari

  • Vaqtni tejash. Ba’zi hollarda, masalan, ovqat tayyorlashda ko‘p vazifani bajara olish vaqtni tejashga yordam beradi. Chunki turli jarayonlar bir vaqtning o‘zida amalga oshirilishi mumkin.

  • Moslashuvchanlik. Ko‘p vazifalarni bajara olish tez-tez o‘zgarib turuvchi hayot va ish sharoitlariga moslashishga yordam beradi

  • Karyera rivoji. O‘zgarishlarga tezda javob qaytarish talab qilinadigan kasblarda ko‘p vazifalarni bajara olish asosiy koʻnikma hisoblanadi. U qisqa vaqt ichida ko‘proq ish bajarishga yordam beradi. Bunga, masalan, menejer va shifokorlar koʻproq ehtiyoj sezadi

Ko‘p vazifalarni bajara olishning kamchiliklari

  • Samaradorlikning pasayishi. Ko‘p vazifalarni bajarish rejimi katta miqdordagi energiya va e’tibor talab qilgani sabab vazifalar ko‘pincha sekinroq yoki xatolar bilan bajariladi, konsentratsiya susayadi

  • Kuchli charchoq. Tez-tez bir vazifadan ikkinchisiga o‘tish miyani haddan tashqari zo‘riqtiradi, natijada inson juda charchaydi

  • Xotiraning pasayishi. Ko‘p vazifani bajarish qisqa muddatli xotirani susaytiradi. Bu esa bir vaqtning o‘zida bir nechta ishni bajargandan so‘ng har bir vazifaning tafsilotlarini eslash qiyinroq bo‘lishini anglatadi

Yuliya Aravina

Ko‘p vazifalarni bajara olish inqiroz va kutilmagan vaziyatlar paytida, tez qaror qabul qilish, odamlarni safarbar etish kerak bo‘lganda yordam beradi. Ayrim kishilar uchun ko‘p vazifalarni bajarish kuchli rag‘batlantiruvchi omil hisoblanadi. Masalan, krizis menejerlari uchun: ular katta hajmdagi kontekstni yodda tutishi muhim. Biroq buning salbiy tomonlari ham yo‘q emas. Odam tezda charchaydi, faqat tugallanmagan ishlari haqida o‘ylagani uchun “hozir va shu yerda” yashayotganini his qilmaydi. Ko‘plab vazifalarni bajarishda u atrofga nazar solib, nima bo‘layotganini anglashga qodir emas. Bu esa uning mehnati va sa’y-harakatlari qadrining tushib ketishiga olib keladi. Bundan tashqari, bunday shoshilinchda kishining strategik va innovatsion vazifalarni ishlab chiqishga vaqti ham, imkoniyati ham bo‘lmaydi. Uning qarorlari bir xil boʻlib, kreativlik yoʻqoladi. Kishi sekinroq rivojlanadi va o‘zgarishlarga moyilligi ham kamayadi.

Ko‘p vazifalarni bajara olish koʻnikmasini rivojlantirish kerakmi?

Ko‘p vazifalarni bajara olish koʻnikmasi yuqori konsentratsiya talab qilinadigan vazifalarni bajarishga xalaqit berishi mumkin. Biroq kundalik yumushlarda foydali boʻladi. Shu tufayli bu koʻnikmani rivojlantirgan maʼqul. Buning uchun avvalo diqqat-e’tibor ustida ishlash zarur. Bu bir vaqtning o‘zida bir nechta ishlarni sifatli bajarishga yordam beradi.

Yuliya Aravina

Diqqatni mashq qildirish usullaridan biri ongli bo‘lish amaliyotidir. Meditatsiya orqali inson o‘z diqqati qayerda ekanini sezishni va zarur bo‘lganda uni boshqa tomonga yo‘naltirishni o‘rganadi. Bundan tashqari, psixologik moslashuvchanlik ko‘nikmasini ham rivojlantirish muhim. Bu ayni paytdagi eng muhim narsani tanlab, ahamiyatsiz narsalardan voz kechish ko‘nikmasi hisoblanadi.

Vazifalar kichik bo‘lishi va ularni boshqarishni, rejalashtirish ko‘nikmasini o‘zlashtirish lozim. Bir vaqtning o‘zida uch-beshtadan ortiq vazifa olmaslik, kunni ular bilan to‘liq band qilmaslik kerak. Yaxshisi, dam olish uchun bo‘sh vaqt qoldirgan ma’qul.

Yuliya Aravina

Ko‘p vazifalarni bajara olish bu — boshlangan bir nechta ishni oxiriga yetkazish qobiliyati. Bu diqqatni jamlash va e’tiborni bir joyga to‘plash, o‘z resurslarini boshqarish mahoratidir. Shu sababli kishi o‘zini tinglay bilishi va qayerda tiklanish uchun tanaffus zarurligini anglashi muhim.

Ekspert maslahati

Yuliya Aravina

Ko‘p vazifalarni bajara olish koʻnikmasini rivojlantirishga yordam beradigan bir nechta kitoblar bor. Masalan, Edvard Xellovellning diqqatni jamlay olmaslik samaradorlikka qanday ta’sir qilishi va diqqatni qanday mashq qildirish haqida yozgan “Meni chalg‘itmang” kitobi. Ikkinchisi, Kris Beylining “Giperfokus” kitobi. Muallif e’tiborning bir necha turlarini tavsiflab, ular o‘rtasida qanday o‘tish mumkinligini tushuntiradi. Uchinchi kitob esa Devora Zakning “Bir vazifani bajarish” kitobi. U biz biryoʻla bir necha vazifani bajara olmasligimiz, bu inson uchun g‘ayritabiiy ekani haqida. Muallif axborot shovqinidan qanday xalos bo‘lish va kishi o‘z hayotini qurishi uchun bir vazifani bajarish tamoyilidan qanday foydalanishi mumkinligini bayon qiladi. Shuningdek, ko‘p vazifali dunyomizda qanday qilib tin olish mumkinligi haqidagi “Relaksatsiya va stressdan xalos bo‘lish” nomli ish daftarini ham tavsiya qilaman.



Manba: Многозадачность: что это и стоит ли её развивать

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
https://mohirdevbucket.s3.eu-central-1.amazonaws.com/practicum/images/51376cbb-4bcc-4fd9-a79f-bdde293c182f.original.png

Yandex Praktikum