“Kurslarga qaramlik”dan qanday qutulish mumkinmi?
Faqat SI va YouTube videolarga ishonib qolganlar uchun
Bir-ikki hafta ichida bir kod yozish darsidan ikkinchisiga oʻtib kodlashni oʻrganib yurgan, lekin noldan nimanidir yaratishni soʻrashsa, dovdirab qoladigan boʻlsangiz, qoʻrqmang. Siz yolgʻiz emassiz.
Bu holat “kurslarga qaramlik” deyiladi va ko‘plab yangi dasturchilar aynan shu yerda oʻralashib qoladi. Avvaliga bu jarayon samarali ishlayotgandek tuyuladi. Lekin vaqt o‘tishi bilan aslida dasturchidek fikrlashni yoki mustaqil loyiha yaratishni o‘rganmayotganingizni tushuna boshlaysiz. Siz shunchaki ko‘rsatmalarga amal qilishni yaxshiroq o‘zlashtirayotgan bo‘lasiz xolos.
Bu yerda nazarda tutilayotgan narsa — qisqa, to‘liq ishlab chiqilmagan va metodist yordamisiz tayyorlangan kurslar. To‘liq va keng qamrovli kurslar bilan adashtirmaslik uchun maqola davomida “tutorial” atamasidan foydalanamiz.
Maqolada sizga bu holatdan qanday chiqib ketish mumkinligini bosqichma-bosqich tushuntirib beraman. Bu qanaqadir soxta motivatsion qo‘llanma emas. Maqolani shaxsiy tajribamga asoslangan holda yozganman. Buning yordamida ishonch bilan oʻz loyihalaringizni yaratishni boshlashingiz mumkin.
Nega tutorialʼlarning o‘zi yetarli boʻlmaydi?
Tutorialʼlar boshlash uchun juda yaxshi usul. Ular o‘rganishga tartib beradi, murakkab narsalarni soddalashtiradi va tez natija beradigan kichik yutuqlarni taqdim etadi. Bu esa oʻzingizni oldinga siljiyotgandek his qilishingizga yordam beradi. O‘rganishning boshlarida ana shu harakat va rivojlanish hissi juda muhim.
Lekin tutorialʼlar chalgʻituvchi bo‘lishi ham mumkin. Ularni oʻqiyotganingizda muammolarni hal qilmaysiz. Siz uchun oldindan tayyorlab qoʻyilgan yechimlarni takrorlaysiz xolos. Bu narsa samarali koʻrinadi, lekin aslida passiv oʻrganishga kirib ketadi. Siz muammoni qanday tahlil qilishni yoki mustaqil qaror qabul qilishnimas, tayyor koʻrsatmalarga amal qilishni oʻrganasiz. Tuzoq ham aynan mana shu yerda.
Tutorialʼlar sizga kod yozishni o‘rgatadi, loyiha yaratishni emas. Siz sintaksisni o‘rganishingiz mumkin, ammo noldan loyiha qurishni, kutilmagan xatoliklarni tuzatishni yoki loyiha uchun to‘liq mas’uliyatni zimmangizga olishni o‘rganmaysiz. Vaqtlar o‘tib bir nechta kurs, darsliklarni ko‘rganingizdan keyin bu narsa sizda soxta “bilagʻonlik” hissini uygʻotadi. Hali ko‘nikmalaringizni amalda sinab ko‘rmagan bo‘lsangiz ham, o‘zingizni yetarlicha bilimga ega deb o‘ylay boshlaysiz.
Bu holatni juda yaxshi bilaman, chunki oʻzim ham shu davrdan oʻtganman.
Men bu holatdan qanday chiqib ketdim?
Tutorialʼlarga qaramlikdan qutulish oson bo‘lmadi. Buning uchun fikrlash tarzimni o‘zgartirishim va bitta haqiqatni tan olishim kerak edi: men o‘zim o‘ylaganchalik ko‘p narsani bilmasdim. Bu narsani tan olish og‘ir boʻldi. Lekin shu narsa menga erkinlik ham berdi. Facebook yoki Netflix kabi katta, kishini qoyil qoldiradigan loyihalar klonini qilishga urinishni to‘xtatdim. Buning o‘rniga kichik va amalga oshirish mumkin bo‘lgan loyihalarga e’tiborimni qaratdim. Yaʼni meni o‘rganishga majbur qiladigan darajada qiyin, lekin ruhan charchatib, bezdirib yubormaydigan darajada sodda loyihalarni tanladim.
Yana o‘rganish usulimni ham o‘zgartirdim. Avvallari hamma narsani birdaniga oʻrganishga harakat qilardim. Keyin buni oʻzgartirdim: avval oldimga maqsad qoʻyib, keyin unga erishish uchun kerak boʻlgan narsalarni oʻrganishni boshladim. Bu oʻrganish jarayonim maqsadlarimga mos ekanini bildirardi. Kamiga bu jarayon qiziqarli oʻtadigan ham boʻldi.
Quyida tutorialʼlarga tayanib qolishdan chiqib, mustaqil va ishonch bilan loyiha qila boshlashimga yordam bergan aniq qadamlarni keltiraman.
1-qadam. Hali ko‘p narsani bilmasligingizni tan oling.
Bir nechta tutorialʼlar asosida loyiha qilganingizdan keyin o‘zingizga ishonch paydo bo‘lishi tabiiy. Ammo kutilmalarni to‘g‘ri boshqarish va bilim darajangizni halol baholashingiz kerak. Men ham shunday xato qilganman — tutorialʼlarga qarab qilgan loyihalarim sabab o‘z qobiliyatimni ortiqcha baholaganman.
Bir payt to‘xtab, o‘zimga muhim bir savolni berishimga toʻgʻri keldi: “Bu loyihalarning muvaffaqiyatli chiqishi rostdan ham menga bogʻliqmidi?”
Biroz mulohazadan so‘ng javob ko‘ngilni xira qilsa-da, lekin aniq edi — yo‘q, bogʻliq emasdi. Men o‘zimda bor deb o‘ylagan bilimga aslida ega emas ekanman. Shunchaki men tutorialʼdagi sinchkovlik bilan ishlab chiqilgan ko‘rsatmalarga amal qilishni yaxshi o‘zlashtirgandim xolos.
Keyinroq shuni tushunib yetdim: loyiha yaratish shunchaki kod yozishdangina iborat emas ekan. U tadqiqot, rejalashtirish va tanqidiy fikrlashni talab qiladi. Tutorialʼlarda ko‘pincha ayni shu jihatlar o‘rgatilmaydi yoki ularga e’tibor qaratilmaydi. Kod yozish odatda eng oxirgi qilinadigan ish boʻladi. Bu nima uchun yangi dasturchilar orasida: “Men sintaksisni bilaman, lekin loyiha qurishga kelganda nima qilishni bilmay qolyapman”, degan shikoyat keng tarqalganini izohlaydi.
Tutorialʼlarni velosipedning yordamchi g‘ildiraklari deb tasavvur qiling. Ular muvozanatni ta’minlash (darslik) orqali velosiped haydashga (loyiha qurishga) yordam beradi. Lekin mustaqil ravishda muvozanatni saqlashni o‘rgatmaydi. Yordamchi g‘ildiraklar olib tashlanganda, ya’ni siz mustaqil ravishda biror narsa qurishga uringaningizda velosipeddan yiqilib tushasiz. Chunki yordamchi gʻildiraklarsiz haydashni hali o‘rganmagansiz.
Mustaqil loyiha yaratish — ko‘nikmalarni chuqur egallashning eng samarali yo‘li. Mohirdev kurslarida darslardan soʻng nafaqat test va amaliy topshiriqlar bilan, balki portfolio uchun oʻzingiz mustaqil loyiha qurib ham bilimingizni mustahkamlaysiz.
Tutorialʼlarning oʻziga haftalab (yoki oylab) vaqt sarflash sizni oʻzingiz xohlagan darajaga olib chiqmaganini tan olish qiyin. Ammo shu haqiqatni qabul qilish qaramlikdan qutulishning birinchi qadamidir. Men ham shu haqiqat bilan yuzlashishga majbur boʻldim. Bu oson bo‘lmagan, lekin aynan o‘sha tushunish lahzasi o‘rganish yo‘limdagi burilish nuqtasiga aylandi.
2-qadam. Oddiyidan boshlang.
Birinchi loyihani to‘g‘ri tanlash biroz qiyin kechdi. Menga berilgan keng tarqalgan maslahat — o‘zim yoqtirgan yoki shaxsiy muammoyimni hal qiladigan loyiha qurish edi. Bu mantiqiy tuyulsa-da, endi boshlagan men uchun shu usul ish bermadi. Bir nechta muvaffaqiyatsiz urinishlardan keyin bu g‘oyalar men ega boʻlgan bilimdan koʻprogʻini talab qilishini tushundim. Natija esa shunday: jarayonda hafsalam pir boʻlardi va o‘zimga bo‘lgan ishonch kamayardi.
Muammoni hal qilish dasturchilar uchun juda muhim ko‘nikma. Ammo o‘rganishning dastlabki bosqichlarida loyihani shaxsiy muammoga asoslanib tanlash aks ta’sir ham berishi mumkin. Chunki loyiha murakkabligi ko‘pincha sizning hozirgi bilim darajangizdan yuqori bo‘ladi va bu ortiqcha bosim yaratadi.
Yangi boshlayotgan sifatida sizning ustuvor vazifangiz o‘zingizga bo‘lgan ishonchni shakllantirish bo‘lishi kerak. Bunga erishishning eng oson yo‘li ishni oddiy loyihalardan boshlashdir. Oddiy loyiha bu — sizni ruhan ezib qo‘ymaydigan, qo‘lingizdan keladigan ishdir. Men uchun bu QR kod generatorʼini yaratish loyihasi boʻlgan.
Men uni qanday tanladim? Oddiy qoidaga amal qildim: agar biror loyiha dizayniga yoki umumiy g‘oyasiga qarab, uni qanday yaratishni bilmasam, demak, u mening mahorat darajamdan yuqori deb hisobladim va soddarog‘ini qidirdim. Bu 2 daqiqalik shoshilinch qaror emasdi. Odatda men taxminan ikki soatgacha loyiha g‘oyasi ustida o‘ylab ko‘rardim. Agar shundan keyin ham nima qilishni tushunmasam, demak, loyiha men uchun hali juda murakkab degan xulosaga kelardim.
Bu bosqichdagi maqsadim – ishlaydigan biror narsa yaratish edi. Hayratlanarli narsa emas.
3-qadam. Loyihani mayda boʻlaklarga boʻling.
Loyihani boshlayotganda uning umumiy ko‘lami sizni osongina ezib qoʻyishi mumkin. Bu hissiyotni yengishning eng yaxshi yoʻli — loyihani kichik, boshqarish mumkin bo‘lgan bo‘laklarga ajratish. Avval eng sodda vazifalardan boshlash jarayonga sekin kirib borishga, harakatni davom ettirishga va qiyinroq qismlarga o‘tishdan oldin o‘zingizga boʻlgan ishonchni oshirishga yordam beradi.
Masalan, birinchi loyihamda men uni ikkita asosiy qismga ajratganman: fon (background) va karta komponenti (card component). Keyin esa har bir qismni yanada kichik vazifalarga bo‘lib chiqdim. Mana, loyihaning rasmi:

Ishni karta komponentini aniq bo‘limlarga ajratishdan boshladim:
foni;
o‘lchami;
karta ichidagi tarkib.
Keyin karta ichidagi kontentni ham yanada kichik qismlarga ajratdim:
QR kod rasmi;
sarlavha;
qoʻshimcha matn.
Keyin shu elementlarning har birini aniq bajariladigan vazifalardan iborat oddiy to-do ro‘yxatga aylantirdim:
Body elementiga fon rangini qo‘shish.
Karta komponentini yaratish.
Karta uchun aniq kenglik va balandlik berish.
Karta komponentini markazga joylashtirish.
Karta komponentiga fon rangini qo‘shish.
QR rasmini qo‘shish.
Sarlavha matnini qo‘shish.
Qoʻshimcha matnni qo‘shish.
Karta komponentini moslashuvchan qilish.
Boshidagi bir nechta qadamlar amalda quyidagicha koʻrinishda boʻldi:
1-vazifa – body elementiga fon rangini qoʻshish
body { background: rgb(220, 220, 220); }
2-vazifa – karta komponentini yaratish
<section class="parent"> <div class="container"> <!-- tarkib --> </div> </section>
3-vazifa – karta uchun aniq kenglik va balandlik berish.
.parent { width: 320px; height: 500px; }
4-vazifa – karta komponentini markazga joylashtirish
body { display: flex; align-items: center; justify-content: center; height: 100vh; }
Shundan keyin qolgan vazifalarimni ham xuddi shu yondashuv bilan davom ettirdim: kartaning fon rangini qo‘shish, QR rasmini joylash, sarlavha matnini qo‘shish, qo‘shimcha matnni kiritish va oxirida kartani moslashuvchan qilish.
Har bir kichik natija o‘zimga bo‘lgan ishonchni oshirib bordi va oldinga intilishimga undadi. Oxiriga kelib, loyiha unchalik murakkab ko‘rinmay qoldi, chunki har bir qadamda aniq rivojlanishni ko‘rib turardim.
Loyihani kichik qismlarga bo‘lish shunchaki tartibli ishlash uchun emas, balki bu – loyihani bajarish mumkinligini his qilishdir. Har safar bitta kichik vazifaga e’tibor qaratib, sekin-asta butun loyihani yakunlash sari harakat qildim.
Loyihaning to‘liq kodini GitHub sahifamda ko‘rishingiz mumkin: repozitoriyga havola shu yerda.
4-qadam. Xatolardan qoʻrqmang – ular rivojlanish belgisi.
Mustaqil ravishda loyihalar qurishni boshlaganimda meni eng ko‘p qo‘rqitadigan narsa xatoga duch kelish edi. Mantiqiy xatolar bilan ishim yoʻq – ularning borligi bilinmasdi. Konsolda ishonchsizligimni kuchaytiradigan qizil yozuvlar chiqmasdi. Ammo o‘sha qizil rangda yozilgan konsoldagi xatolar men uchun dahshat edi. Ular menga go‘yo dasturlash men uchun emasdek, hammasini tashlab, boshqa ish bilan shug‘ullanishim kerakligini aytayotgandek tuyulardi.
Biroz vaqt oʻtgach, xatolarga boshqacha nazar bilan qarashni oʻrgandim. Men xatoliklarni yo‘limning o‘sha bosqichidagi asosiy ma’nosi, ya’ni rivojlanish belgisi sifatida ko‘ra boshladim. Agar biror xatolik yuzaga kelgan bo‘lsa, demak, men nimadir noto‘g‘ri ishlashi uchun yetarli darajada kod yozganman. Bu esa ishimni nimadan boshlashni bilmay turgan holatimdan koʻra ancha oldinga tashlangan qadam edi.
Kodingizda xatolik chiqsa, avvalo muammoni ajratib olishga harakat qiling. Konsolingizdagi xatolik xabarini tekshiring — koʻpincha u nimada xato ketganini koʻrsatadigan eng yaxshi kalit boʻladi. Muammo nimada ekanini tushunish uchun uni diqqat bilan o‘qing. Shundan keyin ham biror qarorga kela olmasangiz, uni nusxalab, internetdan qidiring. Stack Overflow kabi platformalardan muammoning yechimini topishingiz mumkin.
Keyin topgan yechimlaringizni sinab ko‘ring. Xato tuzatilgach, qayerda xato qilganingizni va yechim qanday ishlaganini tushunishga vaqt ajrating. Bu juda muhim bosqich. Agar xato nima sababdan yuz berganini tushunmasangiz, uni yana takrorlash ehtimolingiz ortadi.
Agar hech qanday xatolik xabari chiqmasa, unda mantiqiy xatolikka duch kelgan boʻlishingiz mumkin. Kodingizda imloviy xatolar, notoʻgʻri oʻzgaruvchi nomlari yoki chaqirilmay qolgan funksiyalar bor-yoʻqligini tekshiring. Agar hamma narsa joyida ko‘rinsa, loyihangizning oxirgi ishlayotgan versiyasiga qaytib ko‘ring. So‘ngra o‘zgarishlarni har bir qadamdan keyin test qilib, birma-bir qaytadan kiriting. Bu yondashuv xatolik aynan qaysi nuqtada paydo bo‘lganini aniqlashga yordam beradi.
Agar shunda ham muammoni hal qilolmasangiz, yordam so‘rang. Tajribaliroq dasturchi yoki hamkasbingiz muammoga boshqa tarafdan qarashi mumkin. Agar yolg‘iz ishlayotgan bo‘lsangiz va so‘raydigan odamingiz boʻlmasa, tanaffus qiling. Sayrga chiqing yoki umuman boshqa bir ish bilan shug‘ullaning. Ba’zan inson shunchaki aqlan charchaydi. Dam olib, yangi nigoh bilan qaytganingizda yechim o‘z-o‘zidan oydinlashadi.
Agar bu usullardan birortasi ishlamasa, loyiha hozirgi skillaringiz uchun shunchaki murakkablik qilayotgan boʻlishi mumkin. Buning yomon joyi yoʻq. Bilimlaringizni oshirish uchun soddaroq vazifalarga oʻting. Tajribangiz ortganidan keyin bemalol bu loyihaga qaytishingiz mumkin.
5-qadam. Ishingizni boshqalarga koʻrsating.
O‘rganish oʻzi qiyin jarayon, fidbeklarsiz o‘rganish esa undan ham qiyin. Bu yo‘lda yolgʻiz ishlash bilan muvaffaqiyatga erishish qiyin boʻlishi mumkin. Ba’zan marraga yetib borish bilan taslim bo‘lishimiz o‘rtasidagi farq atrofimizdagi odamlarga bog‘liq bo‘ladi. Shuning uchun ham, ayniqsa, oʻrganishning boshlarida dasturchilar hamjamiyatlariga qo‘shilish va ishlaringizni muntazam ravishda onlayn ulashib borish juda muhimdir.
Men ham boshida bir muddat ishlarimni hech kimga ko‘rsatmasdan, yolg‘iz ishlardim. Lekin o‘zimni yetarlicha rivojlanmayotgandek his qilardim. Keyinroq bir nechta texnik hamjamiyatlarga qo‘shildim, masalan, Frontend Mentor va JavaScript.info’ning Discord hamjamiyatlariga. Bu menga juda katta yordam berdi. U yerda boshqa dasturchilar bilan tanishdim va hatto ulardan ikkitasi bilan bir loyiha ustida birga ishladim. Keyinchalik turli sabablar tufayli guruhimiz tarqalib ketgan boʻlsa-da, lekin o‘shanda olgan tajribam juda qimmatli bo‘ldi.
O‘sha loyiha menga yolg‘iz ishlaganimda o‘rganolmaydigan ko‘p narsalarni o‘rgatdi. Men turli vaqt zonalarida ishlaydigan jamoa a’zolari bilan hamkorlik qilishni, Gitʼdan samaraliroq foydalanishni, merge conflictʼlarni hal qilishni va DOM traversal usullarini yaxshiroq tushunishni oʻzlashtirdim.
Bu qadam oson emas, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarga moyil bo‘lmasangiz. Lekin bu juda muhim qadam. Bunday jamoalarda texnologiya sohasida turli darajadagi tajribaga ega odamlar bo‘ladi. O‘z qiyinchiliklaringizni ulashish va bir-biringizni qo‘llab-quvvatlash kerakli yordam tizimini yaratadi. Kodingiz ishlamay, hamma narsani tashlab ketgingiz kelgan kunlarda ayni shu hamjamiyatlar sizga yolgʻiz emasligingizni eslatib turadi.
Mohirdev kurslarida siz eng avval Telegramdagi yopiq guruhga qoʻshilasiz. U yerda istalgan vaqtda savollaringizga javob olishingiz mumkin. Oʻqituvchi va mentorlar doim yordamga tayyor turadi.
Bundagi yana bir katta foyda — tajribaliroq dasturchilar tomonidan bepul code review va fidbek olish imkoniyati. Ularning maslahatlari o‘sishingizni tezlashtiradi, o‘zingizga bo‘lgan ishonchni oshiradi va muammolarga yangicha nazar bilan qarashga yordam beradi.
6-qadam. Yana shunga oʻxshash loyihalar qiling.
Birinchi loyihani muvaffaqiyatli yakunlash — bu ulkan natija. Men ham o‘shanda juda katta g‘alaba hissini tuyganman va darrov undan murakkabroq narsa qilishni xohlab qolganman. Ammo bu qarorim kutilgan natijani bermadi. Keyingi tanlagan loyiham — elektron tijorat (e-commerce) sayti boʻlgan va u mening o‘sha paytdagi bilim darajamdan ancha yuqori edi. Yo‘lning yarmida qolib ketdim, shashtim soʻndi va oxiri loyihani butunlay tashlab qo‘ydim. Bu tajriba meni o‘rganishga bo‘lgan yondashuvimni qaytadan ko‘rib chiqishga majbur qildi.
Keyin esa bu bosqichdan maqsad hayratlanarli narsa yaratishmas, balki doimiy ravishda ishlab borish ekanini tushundim. Shuning uchun yana soddaroq loyihalarga qaytdim. Yana bir karta komponenti, landing page va oʻzim avval qilib koʻrgan UI komponentlarining turli variantlarini ishladim. Bu ishlar tashqaridan qaraganda takrorlanayotgandek tuyulishi mumkin, lekin har biri menga yangi narsalarni o‘rgatdi va bilimlarimni mustahkamladi. Men layoutʼni yaxshiroq tushuna boshladim, xatolarni tezroq topadigan va tozaroq kod yozadigan boʻldim.
Bir nechta o‘xshash loyihalarni qilganimdan keyin o‘zimdagi oʻzgarishlarni seza boshladim. Men endi shunchaki biror narsa yasamayotgandim — nima qilayotganimni va nima uchun qilayotganimni tushunardim. Shu rivojlanish menga yanada murakkab vazifalarni bajarishga ishonch berdi.
Mohirdevʼdasiz aynan oʻzlashtirgan koʻnikmalaringizga mos loyiha ustida ishlaysiz. Bilimingiz oshib borishi bilan loyihalar ham murakkablashib boradi.
Agar siz ham birinchi loyihangizni yakunlayotgan boʻlsangiz, darrov murakkabroq narsalar qilishga shoshilmang. Eʼtiboringizni hozirgi darajangizga mos keladigan loyihalarga qarating. Takrorlash o‘rgangan narsalaringizni mustahkamlaydi, tushunchangizni boyitadi va vaqti kelganda qiyinroq loyihalarni uddalash uchun sizga kerakli ishonch uygʻotadi.
Yakuniy xulosalar
Shu paytgacha siz bir nechta loyihalar yaratdingiz va dasturchi sifatidagi oʻzingizga boʻlgan ishonchingiz ortdi. Bu rivojlanish e’tirofga loyiq. Keyingi qiyinroq vazifaga o‘tishdan oldin biroz to‘xtab, o‘ylab ko‘rish uchun vaqt ajrating.
Qurgan loyihalaringizga nazar tashlang. Qanchalik o‘sganingizga e’tibor bering. Agar qayerdadir yondashuvingizni yaxshilash imkoni bo‘lsa, u qismlarni takomillashtiring. Agar hammasi joyida bo‘lsa, shunchaki qanchalik katta yo‘lni bosib o‘tganingizni qadrlashga ham vaqt ajrating. Bunday tahlil sizga o‘rgangan narsalaringizni yaxshiroq anglashga va keyingi bosqichga tayyorlanishga yordam beradi.
Keyingi loyihani boshlashga tayyor boʻlsangiz, uni ehtiyotkorlik bilan tanlang. U avvalgi loyihangizdan biroz qiyinroq, lekin shashtingizni tushirib yubormaydigan boʻlsin. Sizni biroz “qiynaydigan” va olgʻa intilishga majbur qiladigan loyihani toping. Barqaror rivojlanish eng muhim narsa.
Tutorialʼlarga qaramlikdan qutulish darsliklardan butunlay voz kechish degani emas. Bu — qachon ularga tayanishni to‘xtatib, mustaqil fikrlashni boshlash kerakligini bilish degani. Agar siz muntazam ravishda ishlashni davom ettirib, yangi loyihalar yaratib borsangiz, vaqt o‘tishi bilan oʻziga ishongan va mustaqil dasturchiga aylanasiz.
Manba: "How to Break Free from Tutorial Hell: A Practical Guide"

