Ochiq dars

Kutilmalarni yuqori qilish haqida

Oʻquvchilarga mehribonlik bilan muomala qilish va ulardan yuqori natijalarni talab qilish taʼlimda muvozanatni yaxshilashga yordam berishi mumkin.

— Yoʻq, – dedi Luis daftarini chetga surib.

— Ha, – dedim uni joyiga qayta qoʻyib.

— Nega buni bajarishga meni majburlayapsiz?

— Chunki bu ingliz tili darsi va unda yozma topshiriqlar ham bor.

— Lekin men buni bajarolmayman! – uning ovoziga vahima qoʻshildi. – Buni bajarishga meni majburlamasligingiz kerak! Boshqa ustozlar bunday qilmaydi. Ular mening ahmoqligimni biladi!

Past darajali kutilmalar va oʻziga boʻlgan ishonchsizlikning boshlanishi

6-sinf oʻquvchisi Luisga dars berganimga ham 10 yil toʻlgan boʻlsa kerak. Biroq uning soʻzlari hanuz esimdan chiqmaydi. Luis bu gaplarni koʻr-koʻrona aytgan boʻlsa-da, bunday fikrlash uning miyasida chuqur ildiz otib ulgurgandi. Luis men uning ahmoqligini tan olishimni xohlardi. Yana bu xunuk soʻzni hech kim koʻrmaydigan joyga – ichiga yashirib qoʻya olishi uchun tinch qoʻyishimni istardi.

Luis ahmoq emasdi. U ingliz tili oʻrganayotgan va oʻqishdagi layoqatsizligi tufayli maxsus taʼlim xizmatlaridan foydalanayotgan oʻquvchi edi. Oʻqish va yozish unga qiyinchilik tugʻdirsa-da, lekin ahmoq emasdi.

Oʻqituvchilar Luisni ahmoq deb atamaganiga ishonchim komil. Ammo biz biror narsani aytmasligimiz oʻquvchi buni his qilmasligini anglatmaydi.

Keling, Luisning maktabdagi hayoti qanday boʻlganini oʻylab koʻraylik. Tasavvur qiling, oʻqituvchi sinfdan insho yozishni soʻraganda Luis atigi 5 dona soʻz yozib cheklangan hollari qancha koʻp boʻlgan ekan. Oʻqituvchi esa Luis oʻzini yomon his qilmasligi uchun ishini “juda yaxshi” deb qabul qilavergan.

Yana tasavvur qiling, unga necha martalab oʻqish uchun sinfdoshlarinikiga qaraganda osonroq matn berilgan. Yana undan juda ham kamdan kam hollardagina oʻqib berish soʻralganini koʻz oldingizga keltiring. Har safar tengdoshlari konspekt yoki hikoya yozgan paytlarda u faqat “boʻsh joylarni toʻldiring” mashgʻulotlarini bajarib oʻtirgan. Yana kim biladi, u necha yillar davomida “ovozsiz oʻqish” paytida faqat bir xil “Captain Underpants” (bolalarning bezakli grafik asarlari toʻplami, Dav Pilkey) sahifalarini maqsadsiz varaqlagan ekan.

Oʻqituvchilar uni ahmoq deb chaqirmagan. Shunchaki ular Luis oʻzini yaxshi his qilishi uchun taʼlim berishda alohida usul qoʻllashgan. Yaʼni soʻzlari tushirib qoldirilgan gaplar tuzib berishgan, tengdoshlari bilan muloqot qilishiga imkon yaratishgan, shuningdek, hissiy ehtiyojlariga ham eʼtibor qaratishgan.

Ammo Luis oʻzidan kam narsa talab qilinayotganini sezgan va buning sababini oʻzicha izohlagan: “Men ahmoqman”.

“Yaxshi” yetarli boʻlmaganda...

Har bir insonda ichki noxolislik mavjud. Tan olinmagan yoki rad etilmagan noxolis qarashlar oʻquvchilardan kutayotgan natijalarimizga taʼsir qiladi. Oʻquvchilarning qobiliyati haqidagi tasavvurimizga til, nogironlik, irq, madaniyat, jins, ijtimoiy-iqtisodiy holat va boshqa omillar taʼsir qilishi mumkin. Sonia Nieto (aqshlik professor) oʻzining “Til, madaniyat va taʼlim: tanqidiy qarashlar” (Language, Culture, and Teaching: Critical Perspectives) kitobida yaxshi niyatda ish tutayotgan, ammo oq tanli oʻquvchilarga qoʻygan qatʼiy talablarini boshqa rangdagi bolalarga joriy etishdan bosh tortadigan oʻqituvchilarning zararini tushuntiradi. Bunday “imtiyozlar” o‘quvchilarga beixtiyor o‘qituvchilar ularni o‘rganishga qodir emas deb o‘ylayotganini anglatishi mumkin.

Bu yerda nozik bir chegara mavjud. Luisning oʻqituvchilari yaratib bergan imtiyozlar, ehtimol, samarali taʼlim amaliyoti boʻlishi mumkin. Koʻzga koʻrinmas nozik farq esa ularning qanday qoʻllanishidadir. Biz oʻquvchilarga imtiyozlarni diskomfort zonada beryapmizmi yoki komfort zonadami? Yaratgan imtiyozlarimiz oʻquvchilarni qoniqtiradimi va yuqori darajali fikrlash imkoniyatini taqdim etadimi yoki taʼlim olishni cheklaydimi? Bolalar taʼlim olishga mustaqil yondasha boshlagach, yordamchi vositalar asta-sekin olib tashlanadimi yoki, aksincha, ular qaramlikka bogʻlab qoʻyadimi?

Rahmdillik va qatʼiyatlilik

Qaysidir bir oʻqituvchi oʻquvchilarning boshqa bir hamkasbini maqtayotganini eshitganda bergan javobi juda ham jahlimni chiqardi. U: “Uni sizlarga hamma narsa qilishga ruxsat bergani uchungina yoqtirasizlar, shundaymi?”, – degandi. Yana boshqa oʻqituvchi esa: “Bolalardan qattiq oʻqishni talab qilganim uchun meni yoqtirishmaydi”, – deb aytgan gapi asablarimni taranglashtirgan.

Kishi yo mehribon, yo qattiqqoʻl oʻqituvchi boʻlishi mumkin. Lekin bu 2 xususiyat bir oʻqituvchida birlasha olmaydi degan taxmin bor. Shuningdek, bolalar qattiqqoʻllikni yoqtirmaydi qabilidagi qarash ham shakllangan.

Xolis pedagog boʻlish uchun ham mehribon, ham qattiqqoʻl boʻlish zarurdir. Bizdan oʻquvchilarga kerak boʻlgan va ular oʻzlari ham xohlagan narsa — aynan shu. Bolalar biz ulardan kutgan talablarni pasaytirayotganimizni sezib qoladi. Ular yuqori natijalarga erishishni xohlaydi va bizdagi mehribon munosabat bu yoʻlda ularga muhim vosita boʻlib xizmat qiladi.

Samarali oʻqitish sinfda ajratib qoʻyilgan oʻquvchilarning yutuqlarini oshirish uchun tinimsiz harakat qilishimizni talab qiladi. Na yuqori darajali kutilmalar, na mehribon qalblar bu vazifani yolgʻiz uddalay oladi. Zaretta Hammond (aqshlik ingliz tili oʻqituvchisi, milliy taʼlim maslahatchisi va taʼlimga oid bir necha kitoblar muallifi) ideal oʻqituvchini “mehribon talabchan” deb ataydi. Bunday oʻqituvchi avvalo oʻquvchilar bilan mustahkam munosabatlar oʻrnatishga eʼtibor qaratadi. Soʻngra munosabatlariga tayanib, oʻquvchilarni kurs mazmuni bilan chuqur shugʻullanishning yuqori mezonlariga rioya qilishga undaydi.

Oʻqituvchilar bir-birining kuchli tomonlarini kamsitishi hech qanday yaxshilik olib kelmaydi. Mehribonlik va talabchanlik qaysi birimizda koʻproq boʻlishidan qatʼi nazar, biz qarama-qarshi sohada iqtidorli hamkasblarimizni izlashimiz kerak. Biz ulardan oʻrganishimiz yoki ular ham bizdan oʻrganishga qiziqishi mumkin. Oʻquvchilarga biz taqdim etishimiz mumkin boʻlgan narsalarning faqat eng yaxshilari zarur.

Luis oʻzining ahmoq ekanini va buni barcha oʻqituvchilar bilishini aytganida men xotirjamlik bilan javob berdim. Unga boʻlgan jiddiy munosabatimni aks ettirishga harakat qildim.

“Kimdir senga shuni his qildirganidan afsusdaman. Uzr. Senga hech qachon yolgʻon gapirmayman va hozir ham ochiq aytmoqchiman. Sen aqllisan va maktabda muvaffaqiyat qozonishga qodirsan. Buni oʻzingga isbotlashingga yordam bermoqchiman. Kel, hozir bu topshiriqni birgalikda boshlaymiz va bir necha daqiqadan soʻng sen bu topshiriqni mustaqil davom ettirishga tayyor boʻlasan”.

Bu suhbatimiz Luisning esidami yo yoʻqmi bilmayman. Ammo shuni aniq bilamanki, bir necha yillar davomida oʻrta darajadagi ELL (English Language Learner – ingliz tili oʻrganuvchisi) testlaridan oʻtganidan soʻng oʻsha yili u yuqori natija (proficient- til mutaxassi/C1) koʻrsatdi va oʻquv dasturimizni muvaffaqiyatli tugatdi. Hech qachon bunchalik hayrat, quvonch va gʻururni aks ettirgan yuzni koʻrmaganman. Luis nihoyat oʻzining ahmoq emasligini angladi.


Manba

Maqola haqidagi fikrlaringizni oʻzimizga yoki muhokama guruhiga yozishingiz mumkin.

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
https://assets.mohirdev.uz/article-authors/66d8259b3b14da1d77f583c7/702b5fe9-21ba-495f-a793-8f33dd4eb234.original.png

Edutopia