Boshqalar

Mahsulot ishlab chiqarishdagi qiyinchiliklar bilan qanday kurashish kerak?

Mahsulot ishlab chiqarish sohasini boshqarish kerakli texnika, metodlarni shakllantirish va shablonlarni toʻldirish bilan cheklanib qolmaydi. Buning uchun shaxslar bilan muloqotni ham samarali yoʻlga qoʻyish kerak. Ishlab chiqarishdagi yetakchilik qobiliyatidan tadbirkorlardan tortib texnik mutaxassislargacha foyda olishi mumkin. Siz mijozlar uchun mahsulot yaratasiz va “loyiha menejeri” boʻlasiz. Texnik mutaxassislar mahsulotni namoyish qiladi va talab, texnik qarorlar muhokamasida foydalanuvchi nuqtayi nazaridan qaraydi. Shuning uchun guruh suhbatlari samarasiz tuyilganda mavzuni oʻzgartiradi.

Tajribamga koʻra, jamoada mahsulotni yaxshi biladigan, talablarni toʻgʻri qabul qiladigan va foydalanuvchilar bilan muloqot qila oladigan texnik mutaxassislar boʻlishi zarur. Chunki ular jamoaning umumiy ishlab chiqarishini va oʻzaro aloqalarning samaradorligini oshirishga yordam beradi. Foydalanuvchilar bilan muloqotga kirishishga tayyor boʻlgan koʻplab dasturchilarni koʻrganman (Maqolada biznes va texnologiyaga yoʻnaltirilgan rollarni “loyiha yetakchilari” deb atayman. Ular foydalanadigan vosita hamda metodlar jamoa ichidagi kommunikatsiyada yordam beradi. Boshqa boʻlimlar, foydalanuvchilar hamda insonlararo har qanday munosabatda ish beradi).

Maqolada kouching va oʻziga xos tilning qaysi qismlari kommunikatsiyada yaxshi natija berishini bilib olasiz. Muayyan murabbiylik tamoyillarini birlashtirish suhbatlaringiz sifatini yaxshilashi mumkin. Xoʻsh, suhbatlarni boshqarish orqali qanday natijaga erishasiz? Bu orqali suhbatdoshingizning amaliy bilimlarini aniqlaysiz va ishonchni mustahkamlaysiz. Shuningdek, hamkorlikni kuchaytirishingiz va maqsadlar aniqligini oshirishingiz mumkin. Yana mahsulot ishlab chiqishingizga taʼsir qiladigan vosita hamda strategiyalarni kashf qilasiz. Bu jamoa va manfaatdor tomonlar bilan muloqot qilishingizga ham taʼsir qiladi.

Loyiha yetakchilari duch keladigan qiyinchiliklar

Loyiha yetakchisi sifatidagi vazifamning katta qismi odamlar bilan muloqot qilishdan iborat. Jamoa (Scrum), rahbariyat, marketing, operatsiyalar, qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari bilan aloqada boʻlaman. Tashqi tarafdan esa mijoz va foydalanuvchilar bilan gaplashaman. Mening bu boradagi asosiy muammolarim aniq maʼlumot olish va manfaatdor tomonlarni jalb qilishdir. Bundan tashqari, ishtiyoqmand foydalanuvchilar bilan muloqot qilishim, muhim ehtiyojlarni aniqlashim ham kerak. Shuningdek, yana bir vazifam jamoadagi har bir kishi biz erishmoqchi boʻlayotgan kontekst va maqsadlarni tushunishini taʼminlashdir.

Manfaatdor tomon va foydalanuvchilar koʻpincha bitta mavzuni muhokama qilayotganda turli terminlardan foydalanadi. Shuning uchun ularning verbal yechimlari ortidagi asosiy ehtiyojni aniqlash juda muhim. Bu loyiha yetakchisi sifatida jamoam bilan to‘g‘ri yechimlarni ishlab chiqishimiz kerakligini bildiradi. Shuningdek, keyinchalik foydalanuvchilarning “Men buni nazarda tutmagan edim” qabilidagi gapidan qochishimizni ta’minlaydi.

Koʻplab loyiha yetakchilari, jumladan, oʻzim ham foydalanuvchilar va manfaatdor tomonlar bilan muhokama jarayonida bir narsani kuzatganman. Koʻpincha ular nimani istamasligini bayon qilganidan soʻng toʻxtab qolamiz. Bu odatda “Nega?” savoli berilganda aniqlanadigan muammo sifatida barchaga tanish.

Loyiha yetakchilari foydalanuvchi muammolarini tushunishi juda muhim. Shuning uchun maqsadli auditoriyaning asosiy ehtiyoji va kutilmalarini aniqlaydigan savollarni berishda davom etish zarur. Shundagina mahsulotimiz yanada yuqori darajaga chiqadi. “Nima uchun?” savoli foydalanuvchilarning maqsadi haqida aniqroq tasavvur beradi. Bu esa muammoni tushunishga yordam beradi. Shu orqali mahsulotni ularning ehtiyoji va kutilmasini oqlaydigan darajaga keltirishga harakat qilamiz.

Keling, boshlanishiga oddiy misolni koʻrib chiqamiz.

Qahva ichish istagini koʻrib chiqamiz. “Nima uchun?” savoli oʻz ichiga quyidagilarni qamrab olishi mumkin:

  • Chanqoqni bostirmoqchisiz;

  • Kofein uygʻonishingizga yordam berishini istaysiz;

  • Tonggi odatlarni shakllantirmoqchisiz va qahva buning bir qismi boʻlishi kerak.

Siz esa shunday maʼlumotlarga asoslanib, foydalanuvchi maqsadiga erishishi uchun yechim ishlab chiqasiz. Kimdir suzish, kimdir bir stakan suv, ehtimol koʻk choy yoki matcha tanlashi mumkin. Bu analogiyani loyihalarni boshqarish olamidagi texnik yechimlarga ham qoʻllasa boʻladi.

"Quyida mijozning soddalashtirilgan illyustratsiyasini keltiramiz.

Mijozlar ilovaning yangiliklar haqidagi doimiy bildirishnoma keladigan qismidan norozilik bildirdi."

Bunga javoban jamoa ilovaning bildirishnomalar markazini oʻchirib yubordi. Ammo foydalanuvchilarning noroziligi saqlanib qoldi. Jamoa foydalanuvchi xabar qilgan muammoga oʻralashib qolib, umumiy ehtiyojlarga eʼtibor qaratmadi. Aslida foydalanuvchilar kutilmasi bildirishnomalarning nazorat qilinishi edi. Mijozlar ilovaning muayyan qismlarida sukut davrlari boʻlishini istagan edi. Bu muammoni birgina bildirishnoma rejalashtirgichi yordamida hal qilsa boʻlardi. Yaʼni foydalanuvchiga bildirishnomalarni qachon olish yoki ovozsiz qilishni tanlash imkonini beradigan rejalashtirgich yordamida. Jamoa esa mijozlarning aynan nimani nazarda tutganini bildiradigan “bildirishnoma” soʻzi ustida ishlagandi.

Jamoa notoʻgʻri yoʻnalishdan ketganining asosiy sababi “Qaysi yechimni qoʻllashni oʻzimiz hal qilamiz. Foydalanuvchilar shunchaki muammo haqida xabar beradi” qabilidagi fikrlash bilan bogʻliq edi. Bu fikrga qisman qoʻshilaman. Foydalanuvchilar oʻz vaziyati va mavzularini aytadi. Biz esa ular nimani kutayotganini aniqlashimiz kerak (misolda mijoz sukut vaqti ustidan nazoratga ega boʻlishni istagan edi). Shunga asoslangan holda maqsadli auditoriyada testdan oʻtkazish uchun turli texnik yechimlarni aniqlash mumkin.

Muvaffaqiyatning asosiy omili har tomonlama aniq va foydali muloqot qilishdir. Foydalanuvchi hikoyalari yoki yo‘l xaritasi kabi mahsulotlarni boshqarishning klassik metodlarini tanlash oson. Murakkab qismi esa metodlarning bo‘sh joylarini to‘ldirishdir. Bu kuchli muloqot va yetakchilik ko‘nikmalarini talab qiladi. Barcha jihatlari bilan yechimga e’tibor qaratish esa ancha yordam beradi. Loyiha yetakchilari murabbiy bo‘lmasa-da, foydalanuvchilar aslida nimani xohlashini tushunish uchun kouching usulida suhbatlar o‘tkazadi. Bu esa ko‘p vaqt va mablag‘ni tejaydi. “Hamma ham yechimga diqqat qaratmaydimi?” deb soʻrashdan avval yechimga diqqat qaratish nimaligi haqida aytib beraman. Shuningdek, uning yechimga yoʻnaltirilganlikdan qanday farq qilishini tushuntiraman.

Yechimga diqqat qaratishning maʼnosi va loyiha yetakchilari uchun afzalliklari

Keling, dasturingiz (mahsulot)ni yangiladingiz deylik. Suhbat oʻtkazayotgan sodiq mijozlaringizdan biri esa mahsulotning avvalgi versiyasida mavjud boʻlgan funksiya hozirgisida yoʻqligidan jahli chiqayotgan boʻlsin.

Mijoz: Qaysi aql bilan bu funksiyani oʻchirib yubordingiz? Ha, kompaniyangiz faqat yaxshi xususiyatlarni oʻchirishni biladi! Shunchaki mahsulotingizni avvalgidek qoldiring va toʻxtang! Avval hammasi yaxshi edi, siz esa mahsulotingizni yomonlashtirishda davom etyapsiz!

Oʻqishni davom ettirishdan oldin bunday murakkab vaziyatda qanday yoʻl tutishingiz mumkinligini oʻylab koʻring. Mijoz bilan suhbatda qanday yoʻl tutgan boʻlardingiz?

Xoʻsh, biz nima qilamiz? Loyiha yetakchisi sifatida himoya pozitsiyasiga oʻtamiz. Jahlimiz chiqib foydalanuvchining oʻzi haqida yomon gapirishimiz ham mumkin. Lekin muammoga boshqa nazar bilan qarab koʻring. Shunda katta ehtimol bilan mijoz mahsulotingizga katta ishtiyoq bilan munosabatda boʻlishini sezasiz. Mijoz mahsulotingizni yaxshiroq qilishda yordam bermoqchiligini tushunasiz. Boʻlmasa, suhbat oʻtkazishdan unga nima foyda? Foydalanuvchining “Avval hammasi yaxshi edi” jumlasi suhbatingizni oʻzgartirib yuborishi mumkin. Agar suhbatni diqqat bilan eshitmasangiz yoki xabarni diqqat bilan oʻqimasangiz, bu jumlani oʻtkazib yuborasiz.

Yechimga diqqat qaratish nima? U bizga qanday yordam beradi?

Keling, Heson Munning “Dialogga yoʻnaltirilgan kvadrant” (DOQ) surati orqali yechimga diqqat qaratish men uchun nimani anglatishini tushuntirib beraman.

Suhbat davomida qaysidir mavzu haqida gaplashishimiz yoki turli usullarda savol berishimiz mumkin. Yechim topish “Izlanuvchan oʻtmish” va “Afzal koʻriladigan kelajak” kvadrantida yuz beradi. Muammoga diqqat qaratish “Muammoli oʻtmish” va “Dahshatli kelajak” kvadrantlarida paydo boʻladi.

Keling, dasturni yangilash misolida DOQ asosidagi ehtimoliy savollarni koʻrib chiqamiz. Foydalanuvchi boʻlganingizda quyidagi savollarga qanday javob berardingiz?

  • Muammoli oʻtmish. Nega u avvalgisidan yomonroq? Nima jahlingizni chiqaryapti?

  • Dahshatli kelajak. Buni yanada yomonlashtirish mumkinmi?

Quyi kvadrantlardagi savollarga beriladigan javoblar unchalik foydali boʻlmaydi. Ular koʻpincha gʻazabni kuchaytiradi. Foydalanuvchi ehtiyojlarini qondirishga yordam berish ehtimoli kam. Quyi kvadrantlarga tushadigan tilni odatda “tashqaridagi” til deyishadi. Chunki u insonlar erishishni istaydigan natija toʻgʻrisida emas, balki qochadigan holat haqida javob beradi. Bunday suhbat negativ zanjirga tushirib qoʻyishi va progress hamda yechimlarga qarshilik qilishi mumkin.

Keling, endi yuqoridagi ikki kvadrantni koʻrib chiqamiz.

  • Izlanuvchan oʻtmish. Avval hammasi yaxshi boʻlganini aytyapsiz. Aynan qaysi paytni nazarda tutyapsiz? Sizga nimalar yoqqan edi?

  • Afzal koʻriladigan kelajak. Mahsulotimizni yanada yaxshilash uchun nima qilishimiz kerak?

Savollar va ehtimoliy javoblarda qanday farqlarni sezdingiz? Bu ikki kvadrantga mansub tilni “tomon” tili deb ataymiz. Chunki u afzal koʻriladigan kelajak hamda holat haqida foydali tavsiyalar beradi.

Kichik tavsiya. Intervyu yoki muhokamada suhbatdoshingiz muammoga yoʻnaltirilgan kvadrantda ekanini sezdingiz, deylik (hatto oʻzingiz ham). Bunday vaziyatda afzal koʻriladigan kelajak kvadrantiga oʻtish uchun “Buning oʻrniga nimani istaysiz?” deb soʻrash kerak.

Buni hurmat belgisi deb hisoblang: “Fikrlaringizni aytganingiz uchun rahmat. Mahsulotga chindan qiziqish bildiryapsiz”. Shunda vaziyat yaxshi tarafga oʻzgaradi.

Aytgancha, buni istalgan suhbat uchun qoʻllasangiz boʻladi. Jamoalar bilan birgalikda murakkab muammolarni chuqur tahlil qilish yaxshi. Biroq buning oʻrniga yuqori ikki kvadrantga intilish doim foyda beradi. Nima sababdan deysizmi? Agar suhbatda yuqori kvadrantlarni qoʻllasangiz, tezroq yechim topasiz. Shuningdek, foydalanuvchilarga ularni qadrlashingizni his qildirasiz. Uchrashuvlar soni qisqaradi, muammolar hal boʻlgani uchun oʻzingizni yaxshi his qilasiz va hokazolar.

Suhbatdoshingizni diqqat bilan tinglash va fikriga qiziqish bildirishingiz kerak. Men uchun DOQ va yechimga yo‘naltirilgan yondashuv faol tinglash ko‘nikmalariga butunlay yangicha qarashni shakllantirdi. Aytishim mumkinki, bu mening gapirish va tinglash uslubimni tubdan o‘zgartirdi.

Yechimga yoʻnaltirilgan yondashuvning yechimga diqqat qaratilgan yondashuvdan farqi

Bir qarashda har ikki atamada ham “yechim” soʻzi mavjud. Men yechimga yoʻnaltirilgan yondashuvni umumiy anʼana deb hisoblayman. Bunda asosan muammolar muhokama qilinadi. Yechimga diqqat qaratish esa butun fikrlash tarzini, koʻplab real metodlarni oʻz ichiga qamrab oladi. Yana yondashuvlar va boshqaruv tamoyillarini ham. Ular sizga (foydalanuvchilaringiz hamda manfaatdor tomonlarga) afzal koʻriladigan kelajakni aniqlashga, diqqat qaratishga va ishlashda yordam beradi. Yuqorida tilga olingan DOQ gap nima haqida ketayotganini tushuntira oladi.

Muhim sharh: baʼzida yechimga diqqat qaratadigan amaliyotchilarni “muammolarga fobiyasi bor” deyishlariga guvoh boʻlganman. Yechimga diqqat qaratilgan muhitda haqiqatdan ham duch kelingan muammolarni tan olamiz va qadrlaymiz. Ammo murakkab muammolarning tub ildiziga yetib borishdan koʻra afzal koʻriladigan kelajakka urgʻu beramiz. Muammo bilan bogʻliq yondashuvimiz esa koʻpincha qiyin va nizolarga olib boradigan yoʻl boʻladi. Murakkab vaziyatlarda esa toʻgʻridan toʻgʻri sabab-oqibat aloqasi boʻlmagani uchun ilojsiz holga aylanadi. Masalan, agar jamoadan “Nega birgalikda ishlamayapsiz?” deb soʻrasangiz, turli javoblar olasiz. Ularni ayblash esa vaziyatni yaxshilashga deyarli yordam bermaydi.

Bundan tashqari, yechimga diqqat qaratish umumiy yondashuv va tamoyillar toʻplamini oʻz ichiga oladi. Baʼzilari bir qarashda oddiy koʻrinsa-da, aslida samarali amaliyot uchun doimiy oʻrganish talab qilinadi. Keling, bir qancha yondashuv va tamoyillarni bilib olamiz. Ularni loyiha boshqaruviga qanday moslashtirganimni koʻrib chiqamiz.

Agar biror narsa ish bersa, uni ko‘proq bajaring

Bu tamoyilni Erik Bersning “Tejamkor startap” kitobidagi “Qurilish-Oʻlchash-Oʻrganish” sikli kabi qoʻllayman. Hamma gap oʻz taxmin va yaratgan funksionallarimizni oʻrganishda. Lekin bu biz qanday hamkorlik oʻrnatishimizga ham bogʻliq. Boshqalaridan koʻra yaxshiroq foyda beradigan hamkorlik usuli bormi? Dasturchilar bilan hamkorlik qachon yaxshilanadi? Ular yoki siz nimanidir boshqacha qilganmisiz? Foydalanuvchilar dasturlash jarayonidagi qaysi harakatni koʻproq qadrlaydi?

Bilimsizlikka munosabat

Bu oʻrganish eng qiyin boʻlgan munosabatlardan biri. Gap shundaki, buning uchun qiziquvchanlikni saqlash, suhbatlardan interpretatsiyalarni chiqarib yuborish va loyiha ishlab chiqishda taxminlar bilan ishlash kerak.

Keling “Baʼzida sport bilan shugʻullanaman” jumlasini misol sifatida olaylik. “Baʼzida” soʻzi turli vaqt oraligʻini bildirishi mumkin. Bunga ishtirok etgan konferensiyamda amin boʻlganman. Baʼzilar buni haftada bir marta, boshqalar esa haftada uch marta yoki yilda bir marta sifatida talqin qilgandi. “Sport bilan shugʻullanish” ham turli jarayonni bildirishi mumkin.

Loyiha yetakchisi sifatida hamkorimizning muloqot olamini tushunishimiz kerak. Ishlab chiqish jarayonida katta kuch talab qilishi mumkin boʻlgan qimmatli soʻzlarning maʼnosini aniqlashtirib oling. “Qimmatli” soʻzini ham bu yerda turlicha talqin qilish mumkin. Bu konsepsiyani Mark Makkergoudan bilib olganman. Qimmatli soʻzlar yoki ehtiyojlarga moslashuvchanlik, masʼuliyatlilik, tezkorlik, samaradorlik, nazorat, xavfsizlik va boshqalarni misol qilib keltirish mumkin. Qimmatli soʻzlarni eshitganingizda “Bu [qimmatli ehtiyoj] nimadan iborat?” deb soʻrashni maslahat beraman (Judi Risning “Toza til” savoli). Oʻzingiz va ularga shu ehtiyojga yetish yoʻlidagi rivojlanishni koʻrsatishingiz kerak. Shuning uchun maʼlumot yigʻishda “Sizda shu [qimmatli ehtiyoj] borligini qanday payqagan boʻlardingiz?” deb soʻrashingiz mumkin.

Foydalanuvchilar oʻz sohalarining eksperti boʻladi

Bu foydalanuvchiga yoʻnaltirilgan mahsulot yaratish va isrofni kamaytirish yoʻlidagi muhim qadamdir. Hammasi foydalanuvchilarni oʻz kontekstida ekspert sifatida qabul qilishga bogʻliq. Foydalanuvchilar chindan ham mahsulot ularning kundalik hayotiga qanchalik mos kelishini bizdan koʻra yaxshiroq biladi. Bu yerda gap texnik yechimda emas. Aksincha, foydalanuvchidagi mavjud ehtiyojlarga tayanishda ham emas. Balki foydalanuvchilarning ehtiyojlari, sharhlari, ular bilan suhbat va test oʻtkazishning qimmatiga diqqat qaratishdadir. Siz va jamoangiz kengroq auditoriya, UI/UX, loyihani boshqarish metodlari boʻyicha kelishuv olib borish kabi masalalarda ekspert hisoblanasiz. Oʻz ehtiyojlari boʻyicha esa foydalanuvchilar ekspert sanaladi. Bundan mahsulotingiz samarasi uchun foydalaning.

Bunday qarash va tamoyillar bilan yashash biroz vaqt olishi mumkin, bu normal holat. Kichikrogʻidan boshlang. Ular bizga yanada sifatliroq mahsulot yaratish, foydaliroq suhbatlar oʻtkazish va murakkab vaziyatlarni yaxshiroq hal qilishga yordam beradi.

Hech qanday qarshilik mavjud emas

Loyiha yetakchilari uchun keng tarqalgan murakkab vaziyatlardan biri dasturchi, menejer, manfaatdor taraflar va foydalanuvchilar tomonidan qarshilikka uchrashdir. Qarshilik bilan bogʻliq muammo shundaki, koʻpincha unga nisbatan taʼsirchan boʻlib qolamiz yoki oʻzimizni hujumga uchragan kabi his qilamiz. Bu esa suhbat jarayoni, loyiha yoki hamkorlikdagi tomonlar uchun foydali holat emas. Stiv de Sheyzer (yechimga diqqat qaratish asoschilaridan biri) oʻzining “Qarshilikka qaytib” (“Resistance revisited”) maqolasida Eynshteynning “sizning nazariyangiz nimani koʻrayotganingizni aniqlaydi” gʻoyasiga murojaat qiladi. Soddaroq aytganda, bu biz allaqachon ishonadigan narsalar qarshilikni qanday koʻrishimizni oʻzgartira olishini bildiradi.

Qarshilikka uchrashga boshqa tomondan qarashni tavsiya qilaman. Qarshilikni niqoblangan ehtiyojlar deb qabul qiling. Uzoq muddat davomida bu besabrligingizni qiziquvchanlikka yoʻnaltirishga hamda hamkorlaringizga nima kerakligini aniqlashga yordam beradi. Ehtiyojlarni tan olish va qondirish mahsulotingizga ijobiy taʼsir oʻtkazishi mumkin.

Manfaatdor tomonlarning taxminlari bilan ishlash

Eynshteynning gaplarini davom ettirgan holda manfaatdor tomonlarning taxminlari konsepsiyasi bilan tanishtiraman.

Har safar manfaatdor tomonlar yoki foydalanuvchilar bilan muloqotda boʻlganda suhbat ular haqidagi taxminlaringizga koʻra oʻzgarib boradi.

Tasavvur qiling, siz barcha manfaatdor tomondagilar siyosatchi va xudbin boʻladi, deb hisoblaysiz. Bunda suhbatning baʼzi qismlarini siyosiy yoki xudbinona deb hisoblashingiz ehtimoli yuqori. Xayollaringizni tasdiqlaydigan koʻplab jumlalarni ham eshitishingiz mumkin, bu tasdiq illyuziyasi deb ataladi. Albatta, bu unchalik foydali holat emas.

Buning oʻrniga, yaxshiroq hamkorlikka olib boradigan taxmin topishingiz mumkin. Xuddi mana bunday:

  • Har bir manfaatdor tomon va hamkasbim mahsulot uchun eng yaxshisini tilaydi.

  • Bugun birgalikda yechim topishimizga aminman.

Bu ikki taxmin menga juda yordam beradi va boshqalar bilan hamkorligimda katta oʻzgarish qila oladi. Koʻpincha suhbatlar haqida juda yaxshi sharhlar olaman. Koʻp hollarda bu yechimga diqqat qaratish hamda optimistik, foydali gumonlarda boʻlishdan kelib chiqadi. Oʻzingiz uchun shunday ijobiy taxmin topishingiz yoki menikidan ham foydalanishingiz mumkin, buni oʻzingizga qoʻyib beraman!

Yechimga diqqat qaratish yoʻlidagi rivojlanishingiz

Yechimga diqqat qaratish yondashuvi yanada aniqroq savollar berishim va suhbatlar uchun foydali munosabat shakllantirishimga olib keldi. Umuman olganda, doim ijobiy kayfiyatdagi ochiq kishi boʻlganman. Ammo hozir boshqacha tinglayman, tez-tez foydali jumla va soʻzlarni eshitaman. Ayniqsa, loyiha boshqaruvchisi sifatida eʼtiborimni koʻproq foydalanuvchilarning ehtiyojlariga qarataman. Nima istashini yaxshiroq tushunishiga yordam beraman. Umuman, kishilar bilan hamkorligim ancha yengil kechadigan boʻlib qoldi.

Agar siz ham yechimga diqqat qaratmoqchi boʻlsangiz, hammasi amaliyot, amaliyot va yana bir bor amaliyotga bogʻliq ekanini aytmoqchiman. Kundalik hayotga yondashuvlar va tamoyillar integratsiyasini kiritish vaqt va aqliy faoliyatingizni talab qiladi. Yechimga diqqat qaratishni oʻrganish oson, ammo oʻzlashtirish qiyin.

Shoshilmang, kichik qadamlardan boshlang. Ehtimol, har oy bitta tamoyilni mashq qila olarsiz. Uchrashuvlardan birida “Bilimsizlik yondashuvi”ni qoʻllashni istashingizni aytarsiz. Shundan soʻng, albatta, bu yondashuv siz uchun qanday oʻzgarishga sabab boʻlganini ham oʻzingizdan soʻrang.

Soʻngida buni umr davomida oʻrganishingiz kerak boʻlishini ayta olaman. Muvaffaqiyatga erishgan vaziyatlaringiz ham, omadsizlikka uchragan lahzalaringiz ham boʻladi. Sizni muvaffaqiyatlaringizga eʼtibor qaratishga va qanday foyda keltirganini tahlil qilishga chaqiraman.

Yechimga diqqat qaratish boʻyicha kitob tavsiyalariga keladigan boʻlsak, ularning aksariyati trenerlarga moʻljallangan. Loyiha yetakchilari sifatida trener boʻlmasak-da, koʻpincha kouchingga oʻxshash suhbatlarni olib boramiz. Quyidagilar orasidan esa oʻzingiz uchun foydalisini ajratib olishingiz mumkin:

The Solution Focus”, Mark Makkergou va Pol Jekson

Solutionsurfers tomonidan “Brief Coaching Library”, bepul manbalar

Nemis tilida “Faszination Lösungsfokus: Wie du mit gezieltem Blick die gewünschte Zukunft gestaltest”, Elfi J. Cherni, Dominik Godat va boshqalar

Nemis tilida: “Coaching - erfrischend einfach: Einführung ins lösungsorientierte Kurzzeitcoaching”, Daniel Meyer va Peter Sabo

Loyiha menejerligi – loyiha yetakchilaridan koʻp darajali kuch talab qiladigan qiyin ish. Maqolaning sizga mos tushadigan nuqtalari bilan mashq qilib koʻrishni tavsiya qilaman. Sinab koʻring va bu kundalik hayotingizga qanday foyda keltirayotganiga guvoh boʻlasiz.

Manba: How to Deal with Complexity in Product Development by Using Solution-Focused Coaching

#product management
#mahsulot ishlab chiqish
Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
https://assets.mohirdev.uz/others/8a216824-2287-43bd-9a85-dd6e36bc9f82.original.png

InfoQ