Ochiq dars
Maktabni qanday boshlash kerak?
Oʻquv yilining birinchi haftasini qanday boshlash kerak? Maktabning birinchi yetti kuni oʻquvchilarda fan va uning ustoziga nisbatan asosiy qarashlarni shakllantiradi. Bu xulosalar esa yil davomida oʻquvchilarning oʻzlashtirishiga bevosita taʼsir qiladi.
Yangi oʻquv yilining boshlanishi oʻquvchilar, oʻqituvchilar va ota-onalar uchun umidlar davridir. Tadqiqotchilar taʼlim ishtirokchilari uchun bu davr juda muhim ekanini taʼkidlaydi. Oʻquvchilarning yil davomidagi xatti-harakati, erishadigan yutuqlari, oʻrganishga boʻlgan motivatsiyasi, hatto sinfdagi muhit ham birinchi haftaning qanday oʻtishiga bogʻliq. Oʻquvchilarning bilim olishga boʻlgan munosabati va sinfdagi intizom darajasi koʻpincha shu haftadagi tajribalar asosida shakllanadi. Shu bois jarayonni toʻgʻri tashkil qilish oʻqituvchilarning oʻz vazifalarini muvaffaqiyatli bajarishiga va oʻquvchilarning bilim olishiga ham katta taʼsir koʻrsatadi. Maqolamizda oʻquv yilining birinchi haftasini toʻgʻri tashkil qilish boʻyicha tavsiyalar beramiz.
Sinf boshqaruvi – oʻquvchilar uchun oʻrganish muhitini yaratishga qaratilgan xatti-harakatlar majmui. Samarali sinf boshqaruvi oʻquvchilar maktab partasiga yetib kelishidan oldin boshlanadi.
Oʻquvchilar bilan iliq munosabatni shakllantirish
Samarali sinf boshqaruvining muhim omili oʻqituvchi va oʻquvchi oʻrtasidagi iliq munosabat hisoblanadi. Ana shunday munosabatni oʻrnatish uchun oʻquv yili boshlanishidan oldin ham bir necha ishlarni amalga oshirish kerak.
Har bir oʻquvchiga (yoki uning ota-onasiga) eslatmalar yuboring. Bunda turli messenjerlardan foydalanish mumkin, sinf rahbari sizga yordam beradi.
Har bir oʻquvchiga (yoki uning ota-onasiga) qoʻngʻiroq qilib, yangi oʻquv yili bilan qutlang.
Avvalgi yil oʻquvchilaringizga dars oʻtgan ustozlar bilan suhbatlashing. Oʻquvchilar haqida koʻproq narsa bilib olishga harakat qiling.
Ushbu harakatlar orqali oʻquvchida oʻzingizga nisbatan iliq munosabat shakllantirasiz. Oʻquvchi oʻzini muhim odam deb hisoblay boshlaydi. Sizni koʻproq hurmat qiladi. Oʻzingiz ham oʻquvchi (hamda uning ota-onasi) haqida koʻproq maʼlumotga ega boʻlasiz. Ana shu maʼlumotlar turli vaziyatlarda qaror chiqarishda muhim rol oʻynashi mumkin.
Birinchi dars kuni
Koʻpchilik oʻqituvchilar birinchi dars kunidayoq mavzularga kirishib ketadi. Toʻgʻri, oʻquv yili uchun belgilangan reja bor, unda qaysi mavzuni oʻtish kerakligi aniq aytilgan. Ammo dasturni 15% gacha oʻzgartirish huquqingiz bor. Ana shu huquqdan foydalangan holda birinchi haftadayoq mavzularga oʻtib ketmasdan sinf muhiti ustida ishlagan maʼqul. Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, oʻquvchilar sizni yaxshiroq bilishi, orangizda iliq munosabatlar oʻrnatilishi oʻrganish jarayonini samaraliroq qiladi.
Birinchi kun uchun ayrim tavsiyalar:
Oʻquvchilaringiz ismini qogʻozlarga yozib chiqing. Dars boshlanganda hammadan oʻz ismini olib, partasiga joylashtirib qoʻyishini soʻrang. Oʻquvchilar oʻz ismi bilan murojaat qilishlarini yoqtiradi. Bu usul ismlarni yaxshi eslab qolish uchun yordam beradi. (Agar ayni sinfga avval ham dars bergan boʻlsangiz, bu usulni qoʻllamang. Ustoz bizni unutib qoʻyibdi, deb oʻylashlari mumkin).
Oʻzingiz haqingizda soʻzlab bering. Bu nutq rasmiy emas, doʻstona, samimiy boʻlgani maʼqul. Agar oʻquvchilar bilan tanish boʻlsangiz, taʼtilni qanday oʻtkazganingiz, maktabni, oʻquvchilarni sogʻinganingiz haqida qisqacha gapiring.
Oʻquvchilardan maqsadlar jadvalini toʻldirib berishlarini soʻrang. Quyidagi rasmda koʻrsatilganidek jadval ishlab chiqing. Oʻquvchilarga tarqatib, toʻldirib berishlarini soʻrang. Siz buni saqlab qoʻyishingizni, yil oxirida oʻzlariga qaytarib berishingizni ayting.
Oʻquvchilarni oʻzaro tanishtirishga harakat qiling. Bunda ikki xil vaziyat mavjud:
– sinf yangi tashkil etilgan, oʻquvchilar bir-birini tanimaydi;
– oʻquvchilar avvaldan bir sinfda oʻqigan.
Yangi tashkil etilgan sinflarda quyidagilarni qoʻllash mumkin:
1. Har bir oʻquvchidan oʻzini tanishtirishni soʻrash;
2. Har bir oʻquvchiga rasmdagidek jadval tarqatib, katakchalarda yozilgan maʼlumotga mos keladigan sinfdoshini topish va uning ismini yozishni soʻrash.
Oʻquvchilarga yuqoridagi jadval tarqatilgach, maʼlum vaqt bering. Birinchi boʻlib toʻldirgan 2–3 oʻquvchiga sovgʻa bersangiz ham boʻladi. Keyin olgan maʼlumotlaringiz asosida quyidagiga oʻxshash bir necha savollar bering.
– Kim sentyabrda tugʻilgan ekan?
– Kim qahvani yoqtirmas ekan?
– Kim har kuni kitob oʻqir ekan?
Avvaldan bir sinfda oʻqigan oʻquvchilar uchun “Rost yoki yolgʻon” usuli qoʻl kelishi mumkin:
1. Oʻquvchilardan oʻzlari haqida bitta rost, bitta yolgʻon maʼlumot yozishlarini soʻrang;
2. Yozib boʻlishgach, navbat bilan oʻqib berishlari kerak boʻladi;
3. Qolgan oʻquvchilar ikki maʼlumotdan qay biri rost yoki yolgʻon ekanini aniqlaydi.
Birinchi haftada bajarilishi shart boʻlgan boshqa ishlar
Sinf qadriyatlarini kelishib olish. Sinfda, sizning darsingizda amal qilinadigan qadriyatlarni oʻquvchilar bilan birgalikda kelishib olish zarur. Masalan, boshqalar gapirayotganda qoʻshilmaslik, masxara qilmaslik, koʻchirmaslik va hokazo. Bunda oʻquvchilardan navbat bilan doskaga chiqib, oʻz qarashlarini yozishini soʻrashingiz mumkin. Qadriyatlar roʻyxati shakllangach, uni sinf yozuv taxtasiga yoki eshikka ilib qoʻyishingiz mumkin.
Sinf kodeksini ishlab chiqish. Sinf kodeksi deganda oʻquvchilar va oʻqituvchi yil davomida amal qilishi kerak boʻlgan qonun-qoidalar tushuniladi. Oʻquv yili boshidayoq bularni kelishib olish yaxshi samara beradi. Sinf kodeksi qonun-qoidalar buzilganda qoʻllanadigan jazo turlarini ham oʻz ichiga olishi kerak. Buni tashkil qilishning usullari koʻp. Shulardan birini tushuntirib oʻtamiz.
Doskani teng ikkiga boʻling. Bir tomoniga “Oʻquvchilar”, ikkinchi tomoniga “Oʻqituvchi” deb yozing. “Oʻquvchilar” tomoniga oʻz talablaringiz roʻyxatini tuzing. Masalan, kech qolmay kelish, darsda gaplashmaslik, berilgan vazifalarni bajarish va hokazo. Ular koʻp boʻlmagani maʼqul. Keyin oʻquvchilarni taklif qiling, istalgan odam chiqib “Oʻqituvchi” tomoniga oʻz talablarini yozishi mumkin. Oldindan hamma talablarni ham qabul qilishga majbur emasligingizni aytib qoʻying. Masalan, uyga vazifa bermaslik, koʻp yozdirmaslik kabi talablarni bajara olmasligingizni aytishingiz kerak. Oʻquvchilar erkinroq boʻlishi uchun bir necha daqiqaga xonadan chiqib tursangiz ham boʻladi.
Jarayon tugagach, har ikki tomon majburiyatlari roʻyxatini qogʻozga yozib chiqing. Bu vaqtda oʻquvchilar qoidalar buzilganda qanday jazo qoʻllash haqida oʻylab turishi, guruhlarga boʻlinib, oʻz takliflarini ishlab chiqishi mumkin. Qadriyatlar roʻyxati tayyorlangandan soʻng (bir darsda qilishingiz shart emas) uni sinfdagi koʻrinarli joyga ilib qoʻyish yaxshi ish beradi.
Ayrim noverbal harakatlar maʼnosini kelishib olish. Oʻquvchilar bilan soʻzsiz muloqotni yoʻlga qoʻyish uchun ayrim tana harakatlarini kelishib olish ham foydali. Oʻquv yili davomida unga amal qilish sinf boshqaruvida qoʻl kelishi mumkin. Masalan, oʻquvchilar shovqin qila boshlagan boʻlsa, siz nima qilasiz? Oʻquvchi tashqariga chiqib kelishi zarur boʻlsa, qanday belgi beradi? Fikrni toʻldirish kerak boʻlsa, qanday ishora berasiz?
Avvalgi bilimlarni takrorlash. Oʻtgan oʻquv yilidagi muhim maʼlumotlar va tushunchalarni takrorlab olish oʻquv yilining samarali davom etishiga katta hissa qoʻshadi. Buni test va uning tahlili, savollar berish, oʻquvchilardan taqdimot qilib kelishni soʻrash usullari orqali amalga oshirish mumkin.
Xulosa qilib aytganda, oʻquv yilining birinchi haftasi oʻqituvchilar uchun juda muhim davrdir. Ushbu haftada qilingan ishlar oʻquvchilarning butun yil davomidagi xulq-atvorini, xatti-harakatlarini belgilab berishi mumkin. Oʻzaro iliq munosabatlar oʻrnatish, qoidalar va kutilmalarni belgilash oʻquvchilarning oʻqishga boʻlgan munosabatini shakllantirishda va ularning akademik yutuqlarini oshirishda muhim rol oʻynaydi. Shuning uchun oʻqituvchilar bunday elementlarga diqqat qaratishi lozim.