Bu nima?
Maʼlumotlar analitigi nima ish qiladi?
Maʼlumotlar analitigiga boʻlgan talab barqaror oʻsib bormoqda. Maʼlumotlar bilan ishlash uchun nimani oʻrganish kerakligi va buni qayerda amalga oshirish mumkinligi haqida hikoya qilamiz.
Maʼlumotlar analitikasi — mutaxassislar yetishmayotgan taniqli soha. Faqatgina HeadHunterʼning oʻzida maʼlumotlar analitigi uchun 7 mingdan ortiq, analitiklar uchun 20 mingga yaqin boʻsh ish oʻrinlari mavjud.
Maʼlumotlar analitigi kim?
Analitik nima ish qiladi?
Maʼlumotlarni tahlil qilishda qanday ixtisosliklar bor?
Analitik qanday bilimlarga ega boʻlishi va nimalarni bilishi kerak?
Mutaxassis qancha pul topadi?
Qanday qilib maʼlumotlar analitigi boʻlish mumkin?
Maʼlumotlar analitigi kim?
Maʼlumotlar analitigi (data analyst) — maʼlumotlar bilan ishlaydigan mutaxassis. Ularni toʻplaydi, qayta ishlaydi va ular asosida xulosalar chiqaradi. Bu xulosalar biznes qarorlarni qabul qilishga yordam beradi.
Aytaylik, kompaniya egasi assortimentni qayta koʻrib chiqmoqchi: qaysi mahsulotlarni koʻproq va qaysilarini kamroq sotib olish kerakligini bilishni istaydi. Maʼlumotlar analitigi savdo maʼlumotlarini koʻrib chiqib, kompaniya tushumining 90% i 15 ta mahsulotga tegishli ekanini aniqlaydi. Yana 10 ta mahsulot tushumning 8% ini tashkil qiladi. 5 ta mahsulot tushumning 2% ini egallashi, ammo saqlash va yetkazib berish xarajatlari yuqori boʻlgani uchun kompaniya ularni zarar bilan sotishi maʼlum boʻladi. Biznes egasi shu tariqa 5 ta mahsulotdan voz kechishga qaror qiladi.
Maʼlumotlar analitigi keng qamrovli tushunchadir. Ular marketing va moliya sohasi, mahsulotlar kabi turli xil maʼlumotlar bilan ishlaydi. Ixtisosliklari haqida esa batafsil hikoya qilamiz.
Maʼlumotlar tahlili maʼlumotlar bilan ishlaydigan har qanday tashkilotga, hatto kichik biznesga ham kerak. Masalan, kichik biznes mijozlar, sotuvlar, daromadlar haqidagi maʼlumotlarni qayta ishlaydi. Odatda bunday maʼlumotlar koʻp boʻlmaydi, shuning uchun tahlil boʻyicha vazifalar marketolog, buxgalter, mahsulot menejerlari va boshqa mutaxassislarga topshirilishi mumkin.
Katta va oʻrtacha kompaniyalarda maʼlumotlar ancha koʻp boʻladi. Ularda koʻpincha data-driven-yondashuv — biznesni raqam va maʼlumotlar asosida qabul qilinadigan qarorlar bilan boshqarish uslubi qoʻllanadi. Bunday kompaniyalar koʻpincha analitiklarni yollaydi.
Maʼlumotlar analitigi kasbi hozir ham, kelajakda ham talabgir boʻlib qoladi. Dunyo boʻylab foydalaniladigan maʼlumotlar hajmi tez surʼatlar bilan oʻsib bormoqda. 2020-yilda u 64,2 zettabaytga yetdi. 2025-yilga kelib 180 zettabayt yoki undan koʻproqqa oʻsishi kutilmoqda.
Shunga oʻxshash vazifalarni data sayentist bajaradi. U natijani bashorat qiladigan modellarni yaratadi. Buning uchun dastlab maʼlumotlar massivlarida uzviylik va qonuniyatlarni qidiradi, soʻngra ular asosida modelni yaratadi. Data sayentist va maʼlumotlar analitigi oʻrtasidagi farq shundaki, analitik modellarni yaratmaydi, balki maʼlumotlarni tahlil qilish bilan shugʻullanadi.
Masalan, data sayentist mijozning moliyaviy operatsiyalarini tahlil qilib, unga kredit berish yoki rad etish haqida qarorni tavsiya etadigan dasturiy algoritmni yaratishi mumkin. Maʼlumotlar analitigi data sayentistga bu vazifani topshiradi va keyin olingan maʼlumotlar asosida biznes uchun foydali xulosalar chiqaradi. Statistikani tahlil qilgandan soʻng analitik bankka kredit berish hajmini kamaytirish yoki koʻpaytirish toʻgʻrisida tavsiyalar berishi mumkin.
Biznes analitigi va data sayentistning vazifalari koʻpincha bir-biri bilan kesishadi, ammo har biri ishning oʻziga taalluqli qismi bilan shugʻullanadi.
Maʼlumotlar analitigi nima ish qiladi?
Maʼlumotlar analitigining ishini ikki ogʻiz soʻz bilan 1quyidagicha taʼriflash mumkin: katta hajmdagi maʼlumotlardan toʻgʻri qarorlar qabul qilishda foydali boʻladigan axborotlarni oladi.
Barcha analitiklar shugʻullanadigan vazifalar:
Maʼlumotlarni toʻplash. Analitik maʼlumotlarni ichki va tashqi manbalar: onlayn xizmatlar, hujjat va bazalardan oladi va keyingi ish uchun ularni birlashtiradi.
Maʼlumotlarni qayta ishlash. Analitik keraksiz maʼlumotlarni olib tashlaydi, xatolar va takrorlanishlardan tozalaydi. Ularni qanday saralash va tartibga solish borasida qaror qabul qiladi. Amalda bu analitik bajaradigan barcha ishlarning 80% ini tashkil etadi.
Interpretatsiya. Analitik maʼlumotlardagi qonuniyatlarni qidiradi va anomaliyalarni aniqlaydi. Koʻrsatkichlar bir-biriga qanday taʼsir qilishini aniqlaydi. Soʻngra biznes uchun zarur boʻlgan koʻrsatkichlarni hisoblab chiqadi.
Hisobotlarni tuzish. Hisobotlarni tayyorlaydi va ularni vizualizatsiya qiladi, yaʼni ish natijasini grafik va diagrammalar shaklida taqdim etishi mumkin.
Xulosalar. Bu mantiqiy xulosa yoki tavsiya boʻlishi mumkin. Misol uchun, analitik qaysidir koʻrsatkich nega oʻzgarganini aniqlashi yoki natijalarni yaxshilash uchun nima qilish kerakligi toʻgʻrisidagi farazni ilgari surishi mumkin.
Mutaxassisning boshqa vazifalari qanday maʼlumotlar bilan ishlashiga bogʻliq tarzda belgilanadi.
Maʼlumotlar analitigi nimaga ixtisoslashishi mumkin?
Maʼlumotlar analitigi sohasida koʻplab kasblar bor. Ulardan baʼzilarini koʻrib chiqaylik.
Marketolog analitik. Bozor, raqobatchilar, xaridorlarning xatti-harakatlari va umuman kompaniyaning barcha marketingini tahlil qiladigan mutaxassis. U tahlilga asoslanib, marketing strategiyasini tuzishi, byudjetni taqsimlashi yoki natijalarni yaxshilash uchun nimani oʻzgartirish kerakligi haqida tavsiyalar berishi mumkin. Uning asosiy maqsadi kompaniyaning koʻproq daromad olishi uchun barcha choralarni koʻrishdir.
Mahsulot analitigi. Biznesga foydalanuvchilarning mahsulot bilan (masalan, onlayn xizmat orqali) qanday munosabatda boʻlishini tushunishga yordam beradigan mutaxassis. Mahsulot analitigi koʻrsatkichlarni oʻrganadi va ularni qanday yaxshilash mumkinligini taxmin qiladi.
Biznes analitigi. Kompaniya faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash, saqlash va tahlil qilish bilan shugʻullanadigan mutaxassis. U hisobotlarni avtomatlashtiradi, farazlarni sinab koʻradi, vaziyatlarni modellashtiradi, dasturchilarga vazifalar beradi. ERP va CRM kabi ixtisoslashtirilgan AyTi tizimlarni joriy etadi.
Oʻyin analitigi. Oʻyinning foydalanuvchilar uchun qiziqarli ekani yoki unga oʻzgarishlar kiritish kerakligini tushunishga yordam beradigan maʼlumotlarni toʻplaydi va tahlil qiladi. Masalan, foydalanuvchilarning oʻyinda oʻtkazadigan oʻrtacha vaqti qanday oʻzgarishi yoki qaysi harakatlarni tez-tez bajarishini baholashi mumkin. Oʻyin analitigi odatda oʻyin dizayneri va oʻyin prodyuseri bilan birga ishlaydi.
Moliya analitigi. Biznesga moliyani boshqarishda yordam beradigan mutaxassis. U bajaradigan ishning maqsadi oʻtgan davrda moliya bilan nima sodir boʻlganini oʻrganish va kelajakdagi moliyaviy maʼlumotlarni bashorat qilishdir. Masalan, yangi loyihalar uchun moliyaviy modellarni qurishi yoki sarflangan xarajatlarning qoplanish muddatini hisoblashi mumkin.
Tizim analitigi. AyTi tizimlar bilan ishlaydigan mutaxassis. U AyTi mahsulotga qoʻyiladigan talablarni biznes tilidan dasturlash tiliga oʻgiradi. Mahsulotning yaratilish jarayonini ishga tushirilgunga qadar nazorat qiladi. Tizimning maʼlumotlar bazalaridan tortib foydalanuvchi interfeysigacha boʻlgan barcha darajalarida hamma narsa toʻgʻri ishlashini taʼminlashi kerak.
Veb analitik. Mutaxassis internet foydalanuvchilari haqidagi maʼlumotlarni tahlil qiladi. Masalan, saytga tashrif buyurganlarning harakatlarini tahlil qiladi va ular tez-tez buyurtma berishi uchun qanday oʻzgartirishlar kiritish mumkinligini taxmin qiladi. Veb analitik mahsulotlarni internetda targʻib qiladigan kompaniyalar uchun kerak.
Kasbning boshqa yoʻnalishlari ham mavjud. Masalan, 1C analitik “1C” kompaniyasining mahsulotlarini joriy etish, marketpleys analitigi platformalardagi savdo maʼlumotlarini tahlil qilish, UX analitik foydalanuvchilarning veb-sayt yoki ilova bilan oʻzaro munosabatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tahlil qilish uchun masʼul.
Analitik qanday bilimlarga ega boʻlishi va nimalarni bilishi kerak?
Maʼlumotlar analitigi oʻz ishida matematika, dasturlash va biznes jarayonlarni tahlil qilish usullarini birlashtiradi. Analitiklar quyidagilarni bilishi kerak.
Matematika va statistikani bilishi lozim. Maʼlumotlar analitigi ehtimollik nazariyasi, chiziqli algebra, matematik tahlil va chuqurlashtirilgan statistikani bilishi kerak. Bu qonuniyatlar va anomaliyalarni topish maqsadida maʼlumotlarni tahlil qilish va prognoz qilish uchun muhimdir. Matematik funksiyalarning katta qismi allaqachon Python va Excel funksiyalarida amalga oshirilgan, shuning uchun aynan nazariyani tushunish muhim.
Dasturlashni bilish. Dasturlash tillari ishni avtomatlashtirish uchun kerak. Ularda maʼlumotlar bazalariga soʻrovlar yoziladi, maʼlumotlar qayta ishlanadi va hisobotlar shakllantiriladi. Koʻpincha maʼlumotlar analitigidan Python, R, SQL tillarini bilishi kutiladi.
Google va Excel jadvallari bilan ishlay olish. Analitik ishlaydigan maʼlumotlarning aksariyati jadvallarda boʻladi. Bundan tashqari, Excel va “Google jadvallar”da maʼlumotlar qayta ishlanadi, prognozlar tuziladi va hisobotlar shakllantiriladi.
Vizualizatsiya vositalari bilan ishlay olish. Bu Power BI, Tableau, Qlik kabi BI-tizimlar boʻlishi mumkin. Ular maʼlumotlarni dashbord shaklida taqdim etish uchun kerak. Kompaniya xodimlari uchun olingan maʼlumotlardan shu tarzda foydalanish osonroq.
Biznes mijozlarining ehtiyojlarini tushunish. Analitik oʻzi ishlayotgan biznesni yaxshi bilishi kerak. Faqat shu tarzda biznesga oʻzi chiqargan xulosalar qanday yordam berishini aniqlay oladi.
Texnik boʻlmagan mutaxassislikka ega kishilar bilan munosabat qura olish. Analitik dasturchi va muhandislardan koʻra koʻproq kompaniya xodimlari bilan muloqotda boʻladi. Shuning uchun hatto eng murakkab narsalarni ham texnik atamalardan foydalanmagan holda tushunarli tilda tushuntira olishi kerak.
Bundan tashqari, turli ixtisosliklar uchun oʻziga xos koʻnikmalar toʻplami mavjud. Masalan, marketolog analitik va veb analitik Yandex Metrika va Google Analytics bilan, moliya analitigi esa buxgalteriya hisoboti bilan ishlashni bilishi kerak.
Maʼlumotlar analitigi turli sohalarda ishlashiga qaramay, mutaxassislarga analitik fikrlash, ziyraklik va sabr-toqat kabi umumiy shaxsiy fazilatlar kerak boʻladi. Analitik sogʻlom skeptitsizmga ega boʻlishi va doimo oʻrganishga tayyor boʻlishi kerak.
Qanday qilib maʼlumotlar analitigi boʻlish mumkin?
Maʼlumotlar analitikasida ishni noldan, tajribasiz holda amaliyotchi lavozimini egallab, hamma narsani amalda oʻrganish orqali boshlash mumkin. Koʻpgina kompaniyalar yosh mutaxassislarni tayyorlashga hozir. Ammo boshida ish haqi kichik: taxminan 50 ming rubl atrofida boʻladi.
Analitika bilan bogʻliq vazifalarni bajarishda tajribaga ega boʻlganlar uchun ish topish osonroq kechadi. Shu sababli maʼlumotlarni tahlil qilishga koʻpincha yaqin soha mutaxassislari keladi. Masalan, dasturlash tillari bilan tanish boʻlgan dasturchilar yoki tahlil tizimlari bilan bazaviy darajada tanish boʻlgan marketologlar.
Shuningdek, ixtisoslashgan kurslarda oʻqiganlarning ham amaliyotchilikka kirish imkoniyati oshadi. Kurslar asosiy narsalar: tahlil qanday ishlashini tushunish, maʼlumotlar bazalari va hisobotlar bilan ishlashni hamda dashboardʼlarni shakllantirishni oʻrganish imkonini beradi. Murakkabroq koʻnikmalarni esa amaliyotda orttirish mumkin.
Oliy maʼlumot boʻlishi shart emas. Ammo bu karyera qurayotganlar uchun ijobiy jihat boʻladi. Analitiklar uchun ixtisoslashtirilgan oliy taʼlim dasturlari mavjud, ammo boshqalari ham toʻgʻri keladi. Masalan, koʻpincha bu sohaga matematik yoki iqtisodiy maʼlumotga ega kishilar oʻtadi.