Boshqalar
Marketing eralari
Marketing 4 ta davrda rivojlangan boʻlib, har bir davr oʻziga xos xususiyatlarga ega. Ularni bir-biridan ajratib turadigan jihatlar qaysilar?
Marketing mil. avv. 1500-yillari Mesopotamiya hududida paydo boʻlgan. Oʻsha paytlar hudud aholisi oʻzlari sotadigan mahsulotlarga belgi qoʻyib, savdoni boshlagan. Bu xuddi hozirgi kundagi logotip bilan bir xil vazifani bajargan. Keyinchalik ham turli madaniyatlar oʻrtasida savdo-sotiq aloqalarini rivojlantirgani uchun usul oʻz ahamiyatini saqlab qoldi.
Britaniya muzeyidagi Mesopotamiya hududidan topilgan Mixxat lavhasi.
Endi esa hozirgi davrga qaytamiz va maqolamizda siz koʻrib turgan marketing haqida gaplashamiz.
Marketing oʻzi nima? Shu birgina soʻzga hozirgacha 200 dan ortiq turli xil taʼrif berilgan. Qizigʻi ularning barchasi qaysidir maʼnoda toʻgʻri. Bundan shuni tushunish mumkinki, marketing soʻziga aniq bitta taʼrif yoʻq.
Filip Kotler
Lekin marketingning “otasi” Filip Kotler atamaga ideal taʼrif berib oʻtgan: “Marketing bu – bozordagi ehtiyojni oʻrganish va uni qondirish yoʻlidagi harakatlarni olib borish orqali biznesda daromad qilish yoʻli”.
Xoʻsh, marketing oʻzi qachondan rivojlanishni boshladi?
Marketing 1.0
Bu marketing davrining ilk bosqichi boʻlib, Ford, Coca Cola, P&G kompaniyalari tashkil etilish paytlariga toʻgʻri keladi.
Bu davrda asosiy eʼtibor mahsulotga qaratilgan. Kompaniyalar katta hajmda mahsulot ishlab chiqargan va shunchaki sotgan.
Marketing 1.0 ning asosiy jihatlari:
– mahsulotga qaratilgan marketing;
– yuqori hajmda ishlab chiqarish;
– barcha odamlar uchun faqat sotuvga qaratilgan gazeta va radiodagi reklamalar;
– mijozlardan hech qanday fidbek olmaslik;
– hamma joyda oʻz mahsulotini sotish uchun harakat qilish.
Keling, buni Ford kompaniyasi misolida koʻrib chiqamiz. Kompaniya XX asrda 15 mlndan ortiq bir xil avtomobil – Model T ishlab chiqargan. Yana faqat qora rangda. Kompaniya asoschisi Genri Fordning mashhur gapi bor: “Model T bu istalgan rangdagi mashina, agar u qora boʻlsa”. Tushunganingizdek, bu davrda mijozdan fidbek olinmagan, ularning istagi bilan hisoblashilmagan. Odamlar boshqacha rangdagi mashinani xohlashi mumkinligi inobatga olinmagan.
Qora rangdagi Ford Model T
Bundan tashqari, 1904-yilda Coca Cola kompaniyasi “Mazali va tetiklantiruvchi” sloganini ishlab chiqqan.
Coca Colaʼning “Mazali va tetiklantiruvchi” slogani, 1904-yil
Kompaniyaning ilk slogani – “Coca Cola iching”ga ham eʼtibor bering. Bu sloganlar toʻgʻridan toʻgʻri mahsulotning tarkibiga urgʻu bergan, uni sotib olish va ichishga undagan. Bu davrda marketing mahsulotning oʻziga qaratilganini sezdingizmi?
Coca Colaʼning ilk slogani, 1886-yil
Coca Colaʼning Santa Klaus marketing kompaniyasi (sotish yoki ommalashtirish uchun ishlab chiqilgan harakatlar ketma-ketligi) aynan marketing 1.0 davrida yaratilgan. Bu juda muvaffaqiyatli harakat boʻlib, hozirgacha Rojdestvo arafasida foydalanib kelinadi. 1931-yili Coca Cola illyustrator Haddon Sundblomga Rojdestvo reklamasi uchun Santa Klaus tasvirlarini yaratishni topshirdi. U yaratgan tasvirlar Qorboboning qiyofasini shakllantirishga yordam berdi. Shu tariqa bu harakat bayram mavsumida Coca Cola ichimligining sotuvini koʻpaytirdi.
Kompaniyalar bu davrda oʻz reklamalarini radio, qogʻoz flayerlar va tashqi reklamalar orqali amalga oshirgan.
Haddon Sundblom chizgan Santa Klaus qahramonining eskiz varianti va uning reklamalarda qoʻllanishi
Bu davrda biznesga mijozning xohish-istaklari qiziq boʻlmagan. Shuning uchun ham kompaniyalar mahsulotni katta hajmda ishlab chiqaravergan. Qisqacha aytadigan boʻlsak, marketing 1.0 ning maqsadi mahsulotni sotish edi. Endi esa 2-qismga oʻtamiz.
Marketing 2.0
Bu davr 1980–90-yillar oraligʻida boshlangan. Marketing 2.0 davriga kelib, kompaniyalar mahsulotga yoʻnaltirilgan marketingdan mijozga yoʻnaltirilgan marketingga oʻtishni boshladi. Muvaffaqiyatga erishish uchun mijozning xohishini hisobga olish, ularni qismlarga boʻlib, ogʻriqlarga yechim bera olish muhim edi. Segmentatsiya, targeting tushunchalari ham aynan 2.0 davridan boshlangan.
Kompaniyalar oʻz mahsulotini sotish uchun faqatgina mahsulot ishlab chiqarishi yetarli boʻlmay qoldi. Shu sababdan mijozlar bilan aloqa oʻrnatish, yaʼni uning mahsulot yoki xizmatdan qoniqish darajasini bilish birinchi oʻringa chiqa boshladi.
Marketing 2.0 ning asosiy jihatlari:
mijozga qaratilgan eʼtibor;
mijozlarni turli guruhga boʻlish, shunga yarasha mahsulot yoki xizmat taklif qilish;
raqobatchilardan ajralib turish uchun mahsulotga noyob savdo takliflarini ishlab chiqish;
mijoz bilan uzoq muddatli munosabatlar oʻrnatish va sodiqlikni ushlab qolish uchun harakat qilish.
Marketing 2.0 davrini Nike kompaniyasi boshlab bergan. Kompaniya sportchilar va sport ishqibozlarini, yaʼni maqsadli auditoriyasini turli segmentlarga boʻlib chiqdi. Ularning ehtiyojiga eʼtibor qaratdi va mahsulotini mijozga moslashtirdi. Guruhlarga bir xil emas, balki ularning ehtiyojiga mos marketing xabarlari, reklamalarini ishlab chiqdi. Bir soʻz bilan aytganda, mijozlarga hissiy taʼsir koʻrsatish orqali sotuvni yoʻlga qoʻydi. Yaʼni Nike har bir mijozning: xoh u professional sportchi, xoh yuguruvchi boʻlsin, har xil ehtiyoji borligini tushundi. Nike 1987-yildagi “Just do it” marketing kompaniyasi bilan mijozlarni faqat mahsulot sotib olishga chaqirmagan. Balki ularning hissiy va psixologik jihatlariga eʼtibor qaratib, hayot tarzini osonlashtirishga undagan.
80 yoshli Valt Stak Nikeʼning ilk ʻʻJust do itʼʼ marketing kompaniyasida reklamada chiqqan
Apple kompaniyasida ham shunday marketing olib borilganini kuzatsak boʻladi. Stiv Jobs eʼtiborini mahsulotni sotishga emas, foydalanuvchi oladigan taassurotga qaratdi. Apple mahsulotlari funksional, estetik tarafdan yoqimli va foydalanish uchun qulay boʻlishi kerak edi. Yaʼni mahsulot ishlab chiqarishda mijoz asosiy eʼtibor markazida turardi. Kompaniya Macintosh, iPod kabi qurilmalarini barchaga taklif qilmagan. Balki texnologiya ishqibozlari va ijodkorlarga taqdim qilib, mahsulotlari ularning hayotini yaxshilashi mumkinligini bildirgan.
Appleʼning “Think different” marketing kompaniyasida Amerika koʻchalariga oʻrnatilgan reklamalar
1997-yilda esa Apple “Think different” marketing kompaniyasida mijozlarini boshqacha fikrlashga chaqirdi. Yaʼni bu bilan Apple mahsulotlarini boshqacha fikrlaydigan odamlar xarid qilishiga urgʻu berdi.
Appleʼning “Think different” marketing kompaniyasida tasvirlangan mashhur insonlar:
Mariya Kallas – operachi, oʻzining ovozi bilan mashhur;
Jim Henson – mashhur qoʻgʻirchoqboz;
Tomas Edison – lampochka ixtirochisi;
Amelia Earhart – Atlantika okeaniga uchgan birinchi ayol;
Alfred Xitkok – afsonaviy rejissyor;
Miles Devis – taniqli jazz musiqachisi;
Marta Grem – raqqos, xareograf;
Pablo Pikasso – ispaniyalik rassom va haykaltarosh.
Marketing 3.0
Bu davr XXI asr boshlariga toʻgʻri keladi. Marketing 3.0 davrida kompaniyalar biznesda ham mahsulotga, ham mijozga eʼtibor qaratishdan tashqari ularning qadriyatlari, axloqi, hissiy kechinmalarini ham hisobga ola boshladi.
Marketing 3.0 ning asosiy jihatlari:
qiymatga qaratilgan marketing;
mijozlarning imkoniyatini kengaytirish (masalan, kompaniyalar mijozdan mahsulot ishlab chiqishda tavsiyalar soʻraydi);
ularning qadriyat va xarakteridan kelib chiqib, turli reklamalar ishlab chiqish;
jamiyatni yaxshilashga hissa qoʻshishga intilish (masalan, kompaniya xayriya fondiga asos solishi, tabiatni asrashga eʼtibor qaratishi);
kompaniyalarning ijtimoiy tarmoqlarda faollashuvi.
Marketing 3.0 davrida kompaniyalar soni juda ham kengayib bordi. Chunki bozorda yaxshigina raqobat shakllangan edi.
Marketingning bu davrini Apple, Nike, Patagonia, Unilever, Starbucks kabi gigant kompaniyalar boshlab bergan.
Yuqorida marketing 3.0 davrida kompaniyalarning jamiyatni yaxshilashga hissa qoʻshishni boshlaganini aytib oʻtdik. Bunga misol sifatida Patagonia brendini koʻrsatishimiz mumkin. Kompaniya 2013-yilda “Worn wear” marketing kompaniyasini ishlab chiqadi. Bunda kompaniya mijozlarga kiyim va boshqa mahsulotlari eskirgan boʻlsa, ularni toʻgʻrilab, qayta foydalanishi mumkinligini taʼkidlaydi. Bu orqali atrof-muhitga yetadigan zararning bir qismini kamaytirishga harakat qiladi.
Patagonia brendining olib borgan ʻʻWorn wearʼʼ marketing kampaniyasi. Unda brend eski kiyimlarni taʼmirlab kiyish mumkinligiga urgʻu beradi.
Appleʼda ham bunday harakatni koʻrishimiz mumkin. Kompaniya telefon qutilaridan zaryadlovchi qurilmalarni olib tashlagan va uning hajmini kichraytirgan. Bu esa logistikada transport qatnovini kamaytirish imkonini beradi. Quti hajmi kichraygani uchun kam joy egallaydi va transportlar soni ham kamayadi. Yana boshqa foydali taraflari: qogʻoz ishlab chiqarish kamayishi, daraxtlar kamroq kesilishini ham hisobga olsa boʻladi.
Hozir esa marketingning bu turidan bizning mahalliy kompaniyalar ham foydalanadi.
Marketing 4.0
Marketingning bu davri 2017-yillarda shakllanishni boshladi. Marketing 4.0 da raqamli texnologiyalarning anʼanaviy marketing bilan integratsiyalashuvi, mijozlarni jalb qilish, maʼlumotlarga asoslangan strategiyalar, onlayn va oflayn tajribalarga birdek urgʻu berildi. Bu davrda, shuningdek, mijozni yana ham individuallashtirish, ijtimoiy tarmoqlardagi oʻzaro taʼsir, isteʼmolchilar xatti-harakatlarini tushunish va prognoz qilish uchun sunʼiy intellektdan foydalanishga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Marketing 4.0 ning asosiy jihatlari:
raqamli transformatsiya: mijoz bilan bogʻlanish uchun ijtimoiy tarmoqlar, mobil ilova va elektron tijoratdan foydalangan holda platformalarga oʻtish;
maʼlumotlarga asoslangan holda qaror qabul qilish: mijoz xatti-harakati haqidagi katta maʼlumotlar, tahlillar va SIdan foydalanish boshlanishi;
moslashtirish: haqiqiy vaqt rejimida mahsulotlar, xizmatlar va marketing xabarlarini individuallashtirish;
hamjamiyat va ijtimoiy tarmoqlar bilan aloqa: mijozlar kompaniya bilan muloqot qilishi va brend haqida gapirishi uchun onlayn hamjamiyat qurish;
influenser marketing: mijozlarga yaqinroq boʻlish maqsadida mashhur shaxslardan reklama va kontentlarda foydalanish.
Marketing 4.0 dan foydalangan brendlarni koʻrib chiqamiz.
Amazon kompaniyasi mijozga individuallashtirilgan tavsiyalar tizimini taklif qiladi. Kompaniya har bir mijozning xarid tajribasini, brauzer tarixi va hatto qaysi faslda qanday narsalar xarid qilishini tahlil qiladi. Shunga qarab, mijozga mos mahsulotni taklif qilish uchun SIdan foydalanadi.
Bundan tashqari, kompaniya mijozlar qurilmadan foydalanmagan holda faqat ovoz bilan xarid qilishi uchun Alexa tizimini ishlab chiqqan.
Netflixʼning “Recommended for you” funksiyasi har bir mijozga har xil koʻrinadi. Yaʼni mijozning feʼl-atvori, xatti-harakati va tomosha tarixidan kelib chiqib, ularga mos keluvchi kinolarni turli xil koʻrinishdagi muqovalarda taklif qiladi.
Bu qanday boʻladi?
Masalan, “Stranger things” seriali sizga boshqacha, doʻstingizga esa umuman boshqacha koʻrinishdagi muqova orqali tavsiya qilinadi. Chunki siz va doʻstingizning feʼl-atvoringiz, yoqtiradigan narsalaringiz turlicha.
Stranger Things serialining turli xil variantdagi muqovalari
Xulosa.
Mana, maqolamizda marketingning 1.0 davridan hozirgi paytgacha boʻlgan bosqichlarini koʻrib chiqdik. Har bir davr marketingi oʻziga xos belgilarga va strategiyalarga ega ekanini koʻrdingiz. Bu jarayon hozir ham davom etmoqda. Qani, endi ayting-chi, marketing 5.0 qanday boʻladi? Nima deb oʻylaysiz?