Ochiq dars
Men endi oʻqituvchiman!
Universitetni endi tamomlab, yangi oʻquv yilidan oʻz faoliyatini boshlovchi ustozlar uchun
Pedagoglarni tayyorlashga qaratilgan taʼlim dasturi zamonaviy, sifatli va maʼlumotlarga boy. Shunga qaramay, oʻqishni tamomlab, maktabga qadam qoʻygan oʻqituvchi koʻp narsa amalda boshqacha ekanini his qiladi. Birinchi marta oʻqituvchi boʻlib ishlar ekansiz, universitetda oʻrgatilmagan juda koʻp narsalarga tayyor turishingiz kerak.Maqolamizda oʻqituvchilik faoliyatini endi boshlayotganlar uchun ayrim tavsiyalar berishni niyat qildik. Bitta maqolaga barchasini sigʻdirish mushkul, ammo biz harakat qildik va eng muhimlarini toʻpladik.
Maktab bilan tanishish
Ishga joylashayotgan maktabingiz sharoitlari bilan yaqindan tanishing.
Direktor va uning oʻrinbosarlari kim?
Metodbirlashma faoliyatini kim muvofiqlashtiradi?
Jamoada kimlar ishlaydi?
Tajribalari qanday?
Yangi kelgan ustozlar bormi?
Maktab binosining tuzilishi qanday?
Nima qayerda joylashgan?
Hojatxonaga qanday boriladi-yu, sharoitlari qanday?
Siz dars oʻtishingiz kutiladigan xonalarda nimalar bor?
Ulardan dars davomida foydalansa boʻladimi?
Ana shunday savollarga javob izlar ekansiz, oʻzingizni ruhan maktabga tayyorlab borasiz. Birinchi ish haftangiz stressga boy boʻlgani sabab yuqoridagi maʼlumotlar sizga foyda beradi. Ular stressni biroz boʻlsa-da kamaytiradi, hayajonni yengishga yordam beradi. Yaʼni hech boʻlmaganda maktab binosi va boshqa ustozlar sizga tanish boʻladi.
Toʻgʻri, siz hayajondasiz, ammo oʻquvchilar ham birinchi kuni shunday vaziyatda boʻlishini unutmang.
Oʻquvchilar yangi ustozning qanday ekanini bir darsdayoq aniqlab oladi. Oʻquv yili davomida esa ana shu xulosalari asosida darsda qatnashadi. Shuning uchun birinchi darsdayoq qoida va qadriyatlaringiz borligini, oʻziga yarasha qattiqqoʻl hamda adolatli ekaningizni koʻrsatib qoʻyishingiz lozim. Bu hazil va quvnoqlikni yigʻishtirib qoʻyish kerak degani emas. Oʻquvchilar kutadigan eng muhim omil – adolat. Unutmang, yil davomida yangi qoidalarni qoʻshib borgandan koʻra mavjudlarini yumshatish osonroq.
Birinchi marta darsga kirayotganingizni, boshqa joyda ustozlik qilmaganingizni oʻquvchilarga aytmaganingiz maʼqul. Yolgʻon gapirish kerak emas, oʻqish paytida amaliyotga chiqqansiz, universitetda kursdoshlaringiz oldida maʼruza yoki taqdimot qilgansiz. Mana shularni hisobga olib gapirsa boʻladi. Oʻquvchilar tajribasiz ekaningizni bilishsa, sizga kuchsiz deb qarashlari mumkin.
Oʻquvchilar birinchi darsdayoq siz haqingizda xulosa chiqarib olar ekan, demak, bu darsga jiddiy tayyorlanish kerak. Buning uchun baʼzi qadamlarni amalga oshirish lozim.
Birinchi darsda oʻquvchilardan oldin sinfxonaga kiring. Ularni ochiq chehra bilan kutib oling.
Oʻquvchilarning ismi yozilgan qogʻozlarni tayyorlab qoʻying. Har bir oʻquvchidan oʻz ismi yozilgan qogʻozni olib, partasiga qoʻyishini soʻrang. Bu harakat siz tomondan oʻquvchilarga qiziqishni anglatadi. Ular buni qattiq hurmat qiladi.
Oʻzingizni tanishtiring. Buning yoʻllari koʻp:
quvnoqroq taqdimot tayyorlab kelish (keyinroq oʻquvchilardan oʻzi haqida shunday taqdimot qilib kelishni soʻrash ham mumkin),
biografiyangizni qiziqroq infografika shaklida qogʻozga chop etib tarqatish mumkin. Yoki uni sinfxonaga osib qoʻyish,
doskaga ismingizni yozib, oʻzingiz yoqtirgan narsalar bilan toʻldirish, qisqacha biografiyangizni klaster uslubida tanitish va hokazolar qilsangiz boʻladi.
Oʻquvchilar bilan tanishib olish. Birinchi darsdayoq mavzularni boshlab yubormaslik lozim. Oʻquvchilarning kim ekaniga qiziqish bildirishingiz, ularni tushunishga urinishingiz keyingi munosabatlar uchun juda muhim. Oʻquvchilar bilan tanishib olishning ham usullari koʻp:
– har bir oʻquvchidan ismini aytish va oʻzini 6–7 soʻzli gap bilan taʼriflashini soʻrash (bu usul rasmiy boʻlmasligi kerak, gaplar quvnoq boʻlishiga urgʻu bering). Birinchi boʻlib oʻzingiz boshlab bering. Masalan, ismim Maftuna. Yangi 20 000 va 10 000 soʻmlikni ajratishga qiynalaman;
– topishmoq usuli. Bunda oʻquvchilar qogʻoz parchasiga oʻzi haqida 4 ta gap yozadi, beshinchi jumla “Men kimman?” boʻladi. Masalan:
1. Men sinfdagi eng tez yuguradigan oʻquvchiman.
2. Men odatda birinchi soatga kech qolaman.
3. Men doramalarni yoqtiraman.
4. Oʻtgan yili maqtov yorligʻi oldim.
5. Men kimman?
Keyin qogʻozlarni olib, aralashtirib tarqatasiz. Hamma oʻziga tushgan qogʻozdagi topishmoqqa javob berishi kerak;
– bir-biringizni tanishtiring. Bunda oʻquvchilar oʻzini emas, boshqalarni tanishtiradi. Oʻquvchilarni 3 kishilik guruhlarga boʻlib, ulardan oʻzaro bir-birlari bilan tanishib olishini soʻrang (avvaldan sinfdosh boʻlsa, bu qismni bajarmaslik mumkin). Keyin har bir guruh aʼzosi oʻz sherigini boshqalarga tanishtirishi lozim.
Sinf qadriyatlarini aniqlash. Oʻquvchilarga qadriyat nima ekanini tushuntiring. Keyin bir-ikki soʻzdan iborat qadriyatlar roʻyxati tuzishni boshlang. Oʻquvchilardan fikr olish, ularni umumlashtirish muhim. Qadriyatlar quyidagicha boʻlishi mumkin: halollik (koʻchirmaslik, adolatli boʻlish, bilimini halol baholash), ahillik, masʼuliyat va hokazo. Oʻquvchilar qadriyatlarni aniqlashga qiynalsa, savollar berib yordamlashib yuboring. Masalan, biz boshqalarni ham hurmat qilishimiz kerakmi?
Uyga vazifa. Har bir oʻquvchidan kelishilgan qadriyatlar asosida qoidalar ishlab chiqishini soʻrang. Bitta namuna koʻrsating. Masalan:
Halollik kategoriyasi uchun:
uyga vazifani, darsdagi topshiriq yoki imtihonni boshqalardan koʻchirmaslik kerak;
imtihonda oʻquvchilarning odob-axloqiga emas, akademik bilimiga qarab baho qoʻyish lozim;
darsga kech qolganda, topshiriqni bajarmay kelganda rostini aytib tushuntirib kerak va hokazo.
Bunga qoʻshib, har bir oʻquvchidan oʻz ismining maʼnosini, nega va kim tomonidan qoʻyilganini aniqlab kelishlarini ham ayting.
Bu dars ham muhim boʻlgani uchun alohida toʻxtalishga qaror qildik.
Darsni berilgan vazifalarni soʻrab olishdan boshlang. Avval ismlar maʼnosi haqidagi topshirigʻingizdan boshlang. Hammani tezda eshitib oling. Keyin ikkinchi – asosiy vazifaga oʻting. Oʻquvchilar yozib kelgan qoidalari bilan tanishtirsin. Siz esa ularni umumlashtirib yozib chiqing. Buni oʻz kompyuteringizda qilganingiz yaxshi (xonada proyektor boʻlsa, nimalar yozilayotganini oʻquvchilar ham kuzatib tursin). Kompyuteringiz boʻlmasa, boshqalardan soʻrab turing yoki qoʻlda qogʻozga yozsangiz ham boʻladi.
Qoidalar ishlab chiqilgandan soʻng ular buzilganda qoʻllanadigan jazo choralarini ham aniqlashtiring. Oʻquvchilarning oʻzidan fikr soʻrang. Qattiqqoʻllik qilishsa, jazoni biroz yumshatishlarini ayting.
Diagnostik test oʻtkazing. Ochiq yoki yopiq savollardan iborat test varaqasini tayyorlab keling. Savollar mavjud bilimlarni aniqlashga qaratilgan boʻlsin. Oʻquvchilarga bu bilan ularning hozirgi bilimini aniqlab olishingizni, darsga shunga qarab reja tuzishingizni tushuntiring. Biror savolni tushunmasa, buni qogʻozga yozib qoʻyishini ayting.
Uyga vazifa. Bu safar aniq vazifa yoʻqligini, uyda dam olishlari mumkinligini ayting.
Bundan keyingi tavsiyalarimiz umumiyroq. Yuqoridagidek aniq misollarni oʻz ichiga olmaydi.
Darsni rejalashtirish
Dars rejasini tuzayotganda quyidagi savollarga aniq javobingiz boʻlishi lozim:
Bu darsni nima uchun oʻtyapman?
Bu darsda oʻquvchilarga aniq nimani oʻrgataman?
Mavzu orqali oʻquvchilarda qanday koʻnikmalarni shakllantiraman/rivojlantiraman?
Bu mavzu hayotning qaysi jabhalarida kerak boʻladi?
Boshqa davlatlarda bu mavzuni qanday tushuntirishadi? (Bu savolga “Google” qidiruv tizimlari yordamida javob izlaysiz)
Dars rejasida ikki narsa aks etishi juda muhim: maqsad va natija. Har bir darsni ana shu maqsad va natijani oʻquvchilarga aytish, tushuntirish bilan boshlang. Ularni doim dars ssenariysi bilan tanishtiring.
Oʻquvchilarning koʻproq ishtirok etishiga diqqat qiling.
Sinf boshqaruvi
Sinfni boshqarishda birinchi, ikkinchi darsda kelishib olingan qadriyat va qoidalarni asos qilib oling. Unutmang, oʻquvchilar qatʼiyatli va adolatli oʻqituvchilarni hurmat qiladi. Ikkisidan biri boʻlmasa ham, yetarli hurmatga erisha olmaysiz.
Boshqaruvni soddalashtirish va osonlashtirish uchun oʻquvchilarga vazifalarni boʻlib bering. Masalan, tozalik sardori, vazifalarni eslatuvchi, yangiliklarni eʼlon qiluvchi, darsga tayyorgarlikni kuzatuvchi va hokazo. Bularning ayrimlari (masalan, tozalik sardori) yuqori sinflarda ish bermasligi mumkin. Shuning uchun yuqori sinf oʻquvchilariga boshqa jiddiyroq vazifalar yuklagan maʼqul – dunyo siyosiy yangiliklaridan xabardor qiluvchi, flora va faunaga oid bitta qiziq maʼlumot topib keluvchi, oʻzlashtirishi pastroq sinfdoshlariga yordam beruvchilar guruhi, ekofaol kabi. Yuqori sinflarda oʻquvchilarning oʻzidan soʻrash ham mumkin. Aytaylik, bir oʻquvchi men har darsda oʻtgan futbol oʻyini haqida maʼlumot aytmoqchiman desa qarshilik qilmaslik kerak. Yoki kimdir har darsda bitta kichik hikoya aytib berishi mumkin.
Qoidalarga amal qilishda muntazamlik va qatʼiylik muhim. Bundan tashqari, qoidalarni vaqti-vaqti bilan oʻquvchilar bilan muhokama asosida takomillashtirib turing. Muhokama qilish oʻquvchilarda masʼuliyatni rivojlantiradi.
Ota-onalar bilan doimiy aloqada boʻling. Farzandlarining yutuqlarini messenjerlar orqali boʻlishing, yaxshi tomonlarini aytib turing. Darslaringizdagi qiziqarli mashgʻulotlardan videolavha yoki rasmlar ulashsangiz ham boʻladi. Vaqti-vaqti bilan oilaviy bajariladigan topshiriqlar ham berib turing.
Oʻquvchilaringizni eshiting
Darsdan soʻng koʻchada, yoʻlakda sizga nimadir aytmoqchi boʻlgan oʻquvchingizni diqqat bilan eshiting. Sirlarini saqlang, imkon qadar maslahat bering.
Darsga kirganingizda butun sinf charchagan yoki kayfiyatsiz boʻlsa, mavzu oʻrniga toza havoda oʻynashni, biroz mazmunli film yoki video koʻrishni taklif qiling. Kayfiyatsiz darsning natijasi yaxshi boʻlmaydi (buni doimiy takrorlash kerak emas. Oʻquvchilarda surunkali charchoq va kayfiyatsizlik kuzatilsa, maktab psixologini yordamga chaqiring).
Uyalmang
Biror masalada qiynalsangiz, tajribali ustozlardan yordam soʻrashga uyalmang. Hech kim oʻqituvchi boʻlib tugʻilmaydi. Hech kim xatolardan holi emas. Tajribali ustozlarning darslarini tez-tez kuzatib turing. Muammoli vaziyatlarda kim qanday yoʻl tutishini oʻzingiz uchun aniqlab yuring.
Boshqa oʻqituvchilarni darslaringizga taklif qiling va ulardan kamchilik hamda yutuqlaringizni aytib berishini soʻrang.
Doimiy oʻrganishda boʻling
Oʻqituvchilik doimo oʻrganishni talab qiladi. Maktabga borar ekansiz, bugungi kunda muhokama qilinayotgan mavzularni oʻrganib, oʻz munosabatingizni shakllantirib oling.
Kahoot, Baamboozle, Quizlet kabi oʻyin dasturlarini oʻrganib qoʻying.
Xorijiy tillardagi manbalarni oʻqib yuring. Ularni tarjimon dasturlar orqali oʻqisa ham boʻladi.
P.S. Yozganda xato qilmaslikka urining. Toʻgʻri yozish faqatgina ona tili va adabiyot ustozlariga xos degan xato fikrni miyangizdan chiqarib tashlang. Imloviy xatolaringiz oʻquvchilarning koʻngli sovishiga, mahorat va bilimingizga shubha uygʻonishiga sabab boʻladi.
Maqola haqidagi fikrlaringizni yozishingiz uchun: