Mitaplarda savol berish sanʼati: yoshlar uchun qoʻllanma
Kirish
Mitaplarga borish – bilim doirangizni kengaytirish, yangi insonlar bilan tanishish va oʻzingizni qiziqtirgan mavzularga chuqurroq kirishning ajoyib usuli. Ammo koʻplab yoshlar, ayniqsa 17-24 yoshlilar uchun savol berish uchun mos vaqtni tanlash hamda savolni barcha uchun foydali va qiziqarli tarzda shakllantirish qiyinlik qiladi. Bu maqolada biz mitaplarda savol berish sanʼatining turli jihatlarini koʻrib chiqamiz.
Nima uchun savol berish muhim?
Faol ishtirok. Savol berish muhokama qilinayotgan mavzuga nisbatan qiziqish va ishtirok etish niyatingizni koʻrsatadi.
Bilimlarni oydinlashtirish va chuqurlashtirish. Yaxshi shakllantirilgan savol materialni chuqurroq tushunishingiz va hatto avval rejalashtirilganidan koʻra koʻproq narsa bilib olishingizga yordam beradi.
Netvorking. Savol berish orqali spiker (maʼruzachi)lar va boshqa ishtirokchilarning eʼtiborini jalb qilasiz, bu esa yangi tanishuvlar va imkoniyatlarga olib borishi mumkin.
Qanday qilib yaxshi savollar berish mumkin?
Tayyorgarlik
Mavzuni oʻrganing. Savollaringiz yanada mazmunli va mavzuga muvofiq boʻlishi uchun mitapdan avval mavzuning asosiy jihatlarini oʻrganib chiqing.
Savollaringizni oldindan yozib qoʻying. Agar sizda aniq savol mavjud boʻlsa, uni yozib qoʻying. Bu savol berish imkoni tugʻilganda uni unutib qoʻymaslikka yordam beradi
Mitap davomida
Diqqat bilan tinglang. Mavzu doirasidagi savolni berish uchun kontekst va muhokama mazmunini tushunish juda muhim.
Sabrli boʻling. Savol berish uchun munosib vaqtni kuting. Odatda bu vaqt taqdimotdan keyin yoki savol-javoblar uchun maxsus ajratilgan sessiya paytida yuzaga keladi.
Qisqa va aniq ifodalang. Savollaringizni tushunarli va izohlash uchun koʻp vaqt olmaydigan tarzda shakllantiring.
Yaxshi savollarga misollar
Aniqlashtirish uchun: “X haqida aytib oʻtdingiz, u qanday ishlashi haqida batafsilroq maʼlumot bera olasizmi?”
Amalda qoʻllash uchun: “Nima deb oʻylaysiz, Y ga boʻlgan yondashuvingizni mening holatimda ham qoʻllash mumkinmi?”
Ekspert fikrini olish uchun: “Z ning kelajakdagi rivojlanishi haqida qanday fikrdasiz?”
Ushbu xatolarga yoʻl qoʻymaslikka harakat qiling:
Ketma-ket bir nechta savol berish. Boshqa ishtirokchilar ham savollarini bera olishlari uchun bir martada bitta savol berishga harakat qiling.
Oʻta umumiy savollar: “Texnologiya haqida qanday fikrdasiz?” Bunday vaqtda aynan qanday texnologiya sizni qiziqtirishi va negaligini aniqroq ifodalash kerak.
Mavzudan tashqari savollar. Savolingiz mitap mavzusiga mos kelishiga ishonch hosil qiling.
Oʻta murakkab va uzun savollar. Auditoriya va spikerga ortiqcha detallar bilan bosim berishdan qoching.
Elementar yoki “ahmoqona” savollar. Savol berishdan avval bu savolga mustaqil javob topa olmasligingizga amin boʻling. Savollar puxta oʻylangan boʻlishi va muhokamaga qiymat qoʻshishi kerak.
Xulosa
Mitaplarda savol berish sanʼati muayyan amaliyot va tayyorgarlikni talab qiladi. Bu koʻnikmalarga ega boʻlish sizga koʻplab ustunliklarni berishi mumkin. Faol boʻlib, savollar bersangiz muhokama qilinayotgan mavzularni naqadar chuqur tushunishingiz mumkinligi va tanishlaringiz doirasi qanchalik tez kengayishidan hayratga tushasiz. Yodda tuting, har bir savol yangi bilimlar va imkoniyatlar sari tashlangan qadamga teng. Hatto kompaniyamiz tomonidan taklif ham olishingiz mumkin)

