Nakrutka - sun'iy mashxurlik
Biznes targ‘ibotining “kulrang” usuli haqidagi barcha muhim faktlarni bitta maqolaga jamladik.
Ba’zilar obunachilar sonini sun’iy ravishda oshirishni ijtimoiy tarmoqlar algoritmlarini aldash va auditoriyani tezda ko‘paytirishning samarali usuli deb hisoblaydi. Ayrim SMM va marketing mutaxassislari bu fikrga qo‘shilsa, boshqalari qat’iyan qarshilik qiladi.
Biz obunachilar sonini sun’iy ravishda oshirish haqidagi muhim ma’lumotlarni bitta maqolada jamladik. Maqolani o‘qishga 2–3 daqiqa vaqtingizni sarflab, quyidagilarni bilib olasiz:
obunachilar sonini sun’iy ravishda oshirish (nakrutka) nima;
undan nima maqsadda foydalaniladi;
bu haqiqatdan ham akkauntni tanitishga yordam beradimi?
Obunachilar sonini sun’iy ravishda oshirish oʻzi nima? U qanday ishlaydi?
Ijtimoiy tarmoqlardagi ko‘rsatkichlarni sun’iy ravishda oshirish usuli “nakrutka” deb ataladi. Bu usul orqali deyarli barcha ko‘rsatkichlar — obunachilar, layk, izoh, repost, videoning ko‘rilishi, audioni tinglashlar soni ko‘paytirilishi mumkin. Koʻrsatkichlarni bunday sun’iy ravishda oshirish deyarli barcha platformalar: Instagram, YouTube, VKontakte, Dzen, TikTok, Telegramda mavjud.
Bu usul qanday ishlaydi? Unga maxsus xizmatlarda buyurtma beriladi. Bozorda bunday xizmatlar ko‘p.
“Nakrutka” qiluvchilardan birining xizmatlar ro‘yxati
Xizmatlar ikki xil obunachilar: botlar va turli mamlakatlardagi haqiqiy odamlarni taklif qiladi. Botlar bu — maxsus kompyuter dasturlari yordamida ommaviy tarzda yaratilgan akkauntlar. Odatda botlar profilida avatar, shaxsiy ma’lumot va postlar bo‘lmaydi. Haqiqiy obunachilar esa kichik mukofot evaziga xizmatning topshiriqlarini bajaradigan kishilardir.
Koʻrsatkichlarni sunʼiy oshirish narxi qancha? Bitta obuna, layk yoki ko‘rishning narxi 5–10 tiyindan bir necha rublgacha boʻlishi mumkin. Bu koʻrsatkichlar hajmi va sifati, ya’ni tanlangan tarifga bog‘liq. Masalan, botlar yordamida sunʼiy oshirilgan koʻrsatkichlar haqiqiy foydalanuvchilar xizmatiga qaraganda arzonroq bo‘ladi.
Xizmatlar narxni buyurtmachi tarif va kerakli harakatlar sonini tanlaganida hisoblaydi.
Nima uchun foydalanuvchilar koʻrsatkichlarni sunʼiy oshirishga intiladi?
Koʻrsatkichlarni sunʼiy oshirish auditoriyaning o‘sishini tezlashtiradi, akkauntga media vazn beradi, bloger yoki biznesning mashhurligini oshiradi deb hisoblanadi. Amalda koʻrsatkichlarni sunʼiy oshirishdan odatda ikki xil maqsadda foydalaniladi.
Konversiyani obunaga aylantirishni oshirish maqsadida. Foydalanuvchilar avvaldan boshqa obunachilar bor kanal va akkauntlarga ko‘proq obuna bo‘ladi degan fikr bor. Ijtimoiy dalil shu tarzda ishlaydi. Shu sabab reklama orqali kelgan foydalanuvchilar ko‘proq obuna bo‘lishi uchun “nakrutka”dan foydalaniladi. Koʻrsatkichlarni sunʼiy oshirish usuli yangi kanal va akkauntlar reklamasi boshlanishidan oldin qoʻllanadi.
Reklamani qimmatroq sotish uchun. Akkauntda obunachilar soni qancha koʻp boʻlsa, egasi undagi reklamani shuncha qimmat narxda sota oladi. Biroq ko‘pchilik reklama beruvchilar reklama sotib olishdan oldin hisoblarni tekshiradi. Agar ular sun’iy ko‘paytirish belgilarini ko‘rsa, hamkorlikdan voz kechishi mumkin.
Koʻrsatkichlarni sun’iy ravishda oshirish akkauntni tanitishga yordam beradimi?
Bu masalada yagona bir fikr yo‘q. SMM va marketing mutaxassislarining ko‘pchiligi usul foyda keltirmasligini, balki zararli boʻlishi mumkinligini aytadi. Biroq akkauntning tabiiy o‘sishini tezlashtirish maqsadida koʻrsatkichlarni sun’iy oshirishdan me’yorida foydalanishni maslahat beradiganlar ham bor.
Bu usulga qarshi bo‘lganlar quyidagi argumentlarni keltiradi.
Koʻrsatkichlarni sun’iy ravishda oshirish haqiqiy auditoriyani jalb qilishga yordam bermaydi. Qolaversa, u auditoriya faolligini ham kamaytiradi. “T—J darsligi” SMM lidi Vitaliy Veberning soʻzlariga koʻra, bunday usul berk tizimni hosil qiladi. “Obunachilar ko‘p bo‘lsa-yu, ijtimoiy reaksiyalar kam bo‘lsa, foydalanuvchilar faolligi ham past bo‘ladi. Natijada kontentni tarqatadigan, ulashadiganlar boʻlmasligi ham tayin. Algoritm kontentni faqat motivatsiyalangan foydalanuvchilar yoki haqiqiy akkauntlar kabi ko‘rinadigan botlarga namoyish etadi”, deydi Vitaliy.
Koʻrsatkichlarni sunʼiy oshirish lid olib kelmaydi. Hatto haqiqiy foydalanuvchilar ham kontentdan foydalanmaydi va nimadir sotib olmaydi. Botlar haqida umuman gapirmasa ham boʻladi. Axir haqiqiy foydalanuvchilar akkaunt ular uchun qiziqarli va undagi postlarni o‘qishni xohlagani uchun emas, balki mukofot olish maqsadida obuna bo‘lgan boʻladi.
Obunachilar sonini sun’iy ravishda orttirish taqiqlangan. Ko‘plab ijtimoiy tarmoqlar bu usulni ma’qullamaydi. Platformalar botlarning profillarini o‘chirib tashlashi mumkin. Shunda koʻrsatkichlarni sunʼiy oshirishdan foydalanganlarning obunachilari safida faqat bo‘sh akkauntlar qoladi. Ba’zi ijtimoiy tarmoqlar esa sun’iy obunachi orttirish usulidan foydalangan akkauntlarni butunlay bloklaydi.
Demis Groupʼning raqamli strategiya mutaxassisi Yelena Korolyova organik auditoriya bilan ishlashga ko‘proq e’tibor qaratish maqsadga muvofiq deb hisoblaydi. “Auditoriya ancha bilimli bo‘lib qolgan va uzoq vaqtdan beri nafaqat obunachilar soniga, balki ularning faolligiga ham e’tibor berib kelmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda obunachilarning miqdorigagina emas, sifatiga ham e’tibor qaratish muhimdir”, deya ta’kidlaydi Yelena.
Manba: Как устроена накрутка в соцсетях: главное за 3 минуты

