Karyera
Nega sizni ishga olishimiz kerak? Bu savolga qanday javob berish mumkin?
HR mutaxassislar, timlidlar va texnik direktorlarning fikrlari
“Nega sizni ishga olishimiz kerak?” — intervyularda anʼana boʻlgan hamda ijtimoiy tarmoqlarda bir necha yillardan beri masxara qilinayotgan, biroq haligacha berilayotgan savol. Rekruterlar savolga javoban nimani eshitishni xohlaydi? Buni ekspertlar bilan birgalikda tushuntiramiz, maslahatlar beramiz va misollar keltiramiz.
Yekaterina Mitroshkina
Outlines Techʼda AyTi rekruter
Ish beruvchilar bu savolni sizni mushkul ahvolga solish uchun emas, balki boʻsh ish oʻrniga nega aynan mos kelishingizni tushunish uchun beradi. Olingan javoblar motivatsiya va maqsadlarni bilishga yordam beradi.
Dastlab savolga qanday javob bermaslik kerakligi haqida aytaman. Asosiysi, tafsilotlarsiz qisqa javob bermang. Masalan:
“Chunki ishlashni xohlayman”. Javobda aniq maʼlumot yoʻq. Ish beruvchi siz uchun qayerda ishlash muhim emas deb oʻylashi mumkin.
“Men zoʻr mutaxassisman”. Bunday javob nimada zoʻr ekaningizni isbotlashni talab qiladi.
Xoʻsh, “Nega sizni ishga olishimiz kerak?” savoliga qanday qilib toʻgʻri javob berish va ishga joylashish imkoniyatini oshirish mumkin? Maqsadni yodda tuting: boʻsh ish oʻrni mezonlariga mos kelishingiz va kompaniyaga foyda keltirishingizni koʻrsatishingiz kerak.
Layfhaklar bilan boʻlishaman:
Suhbatga oldindan tayyorgarlik koʻring. Kompaniyani, nomzodga qoʻyiladigan talablarni oʻrganing. Savolga javobni shu maʼlumotlarga asoslanib tayyorlang. Masalan, talablar orasida “Biznes jarayonlarini modellashtirish vositalariga ega boʻlish” deb yozilgan. Aynan shu boradagi tajribangiz haqida soʻzlab bering: qanday notatsiyalardan qaysi loyihalarda foydalanasiz.
Miqdoriy va sifatli natijalarni taqdim eting. Bu tajribangizni aks ettirib, boʻlajak ish beruvchiga qanday foyda keltirishingizni koʻrsatadi. Masalan: “Taom yetkazib berish xizmati uchun ishlab chiqqan ilovamni asosiy yutugʻim deb bilaman. Ilova 600 000+ marta yuklab olingan. Ishonchim komilki, professional koʻnikmalarimni qoʻllab, kompaniyangiz loyihalariga hissa qoʻsha olaman”.
Agar kasbga yangi kelgan boʻlsangiz, oʻquv va pet loyihalaringiz, qoʻshimcha ishlaringiz va amaliyotingiz haqida gapiring. Bu yerda oʻzingizga ishonishingizni va hech boʻlmaganda minimal tajribangizni koʻrsatishingiz muhim. Masalan: “Mustaqil ravishda UX dizaynni oʻrganganman va Coursera kursida oʻqiganman. Hozir mentor bilan ʻUX tadqiqotlarni oʻtkazish usullari: JTBD, CJM, shaxslar, sifat, miqdoriy, biznes tahlilʼ mavzusida shugʻullanyapman. Bu sizdagi ishga qabul qilinishimga yordam beradi. Barcha bilim hamda koʻnikmalarimni amalda qoʻllay olaman deb hisoblayman”.
Andrey Lukin
ITʼs done AyTi kompaniyasida CTO
Men bunday dangal savolga ancha oldin, karyeramning boshida duch kelganman. Oʻshanda ish beruvchiga nima kerakligini tushunish uchun yetarli tajribaga ega emas edim. Natijada bunday savollar paydo boʻlmasligi uchun oʻzimni ogʻzaki va yozma ravishda toʻgʻri taqdim eta olmadim.
Aslida bu savolga javob rezyumeda boʻlishi va shaxsiy (andoza shaklida boʻlmagan) ilova xati (Cover Letter) bilan toʻldirilishi kerak. Rezyume ishlagan joylar, erishilgan yutuq va koʻnikmalarning qisqacha roʻyxati, Cover Letter esa ish beruvchiga targetlangan maʼlumotlardan iborat boʻladi.
Xatda muayyan kompaniyaga tegishli boʻlgan tajribangiz haqida soʻz yuritilishi kerak. Unda biznesga foydangiz tegishi mumkin boʻlgan narsa haqida maʼlumot qoʻshishingiz mumkin. Masalan, “Men X qildim va bu Y natijaga olib keldi” yoki “X ni shu tarzda amalga oshiraman, chunki bu samaraliroq” formatida. Ularni misol va raqamlar bilan toʻldiring. Mening tajribamga ko‘ra, shaxsiy maqsadli takliflar darhol emas, balki vaqt o‘tishi bilan bitim tuzishni kafolatlaydi.
Agar bunday savol vakansiya eʼlon matnida bor boʻlsa, unga eʼtibor bermay, shunchaki yaxshi ilova xat yozgan boʻlar edim. Agar suhbat haqida gapiradigan boʻlsak, men bu masalani ikki sababga koʻra oʻrinli deb hisoblamayman. Nomzod sifatida menga nega rezyume va ilova xat tayyorlaganim hamda intervyu oʻtkazayotganimiz tushunarsiz boʻlardi. Suhbatdosh nuqtayi nazaridan esa bu savolga javob menga nima berishini tushunmayman. Shuning uchun boʻsh ish oʻrni haqidagi eʼlon matnida va intervyu paytida bunday savollarga ehtiyot boʻlib yondashish kerak deb hisoblayman.
Viktoriya Doljenko
Itez kompaniyasi timlidi
Odatda bunday savollar nomzodlarga suhbat oxirida beriladi. Bu vaqtga kelib potensial ish beruvchidan kompaniya va loyihaning ogʻriqli nuqtalari borligini oʻrganishga harakat qilib koʻrish — ish oʻrniga xodim izlanayotganining sababini topishga urinib koʻrish kerak. Qisqacha reja quyidagicha:
Intervyu oluvchiga oʻsmoqchilab savollar berish kerak. Masalan, “Ishlaringizdagi eng yomon/qiyin narsa nima?”, “Kompaniyangizda nimani oʻzgartirgan boʻlardingiz?”, “Xodim izlayotgan loyihangizning mohiyati haqida nima deya olasiz? Kompaniyaning maqsadlari nima va men ularga qay darajada mos kelaman?”, “Ayni paytda bu loyihaning eng katta hal qilinmagan muammolari bormi?”
Barcha javoblarni diqqat bilan tinglang.
Kompaniyaning sizga taʼriflangan “muammolari” (kerakli pozitsiyani yopish, vaqt tanqisligi)ga yechim topilmagan taqdirda yuzaga keladigan xavflar borasida oʻz fikringizni bildiring.
Agar sizni ishga olishsa, yuzaga keladigan ajoyib kelajak manzarasini tasvirlab bering.
Ana shu! Endi ular nazarida siz kompaniya muammolarini hal qilishda yordam beradigan hamkorsiz.
Agar oʻzingizni muammoning yechimi sifatida taqdim etolmasangiz va ularga kerakli narsa haqida maʼlumotga ega boʻlmasangiz, yana bir nechta yondashuv bor. “Nega sizni ishga olishimiz kerak?” savoliga javoban qanchalik foyda keltirishingizni aytishingiz mumkin. Oʻrganishga va yanada qimmatli xodimga aylanishga tayyor ekaningizni taʼkidlab oʻtsangiz ham boʻladi.
Kseniya Dubovaya
“Intellektual menejment” MCHJning
biznes-konsalting sohasi eksperti
va yetakchi HR mutaxassisi
Misollar yordamida javobning mumkin boʻlgan tarkibiy qismlarini tahlil qilaylik.
Tavsiya: kasbiy koʻnikmalaringiz kompaniyaning muayyan muammolarini qay tarzda hal qilishi mumkinligini koʻrsating.
Misol: “Avvalgi kompaniyamda yangi xodimlar uchun mentorlik dasturini joriy etish orqali kadrlar qo‘nimsizligini yiliga 20% ga kamaytirish bo‘yicha muvaffaqiyatli loyihani amalga oshirdim”.
Tavsiya: oʻqishga, rivojlanishga va yangi vazifalarga moslashishga tayyor ekaningizni namoyish eting.
Misol: “Har doim kasbiy rivojlanishga intilaman va umumiy maqsadlarga erishish uchun bor kuchimni sarflashga tayyorman. Masalan, tajribamda loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun zarur boʻlgan yangi koʻnikmalarni mustaqil oʻzlashtirgan holatlarim mavjud”.
Tavsiya: rahbarligingiz yoki boshqaruv koʻnikmalaringiz siz va jamoangizning muvaffaqiyatga erishishida yordam bergan vaziyatlarga misollar keltiring.
Misol: “Timlid sifatidagi tajribam jamoani rivojlantirishim va ajoyib natijalarga erishishim imkonini berdi. Hamkasblarimni ilhomlantirish va yagona jamoani shakllantirish qobiliyatim kompaniyangizdagi ish muhiti va loyiha samaradorligini sezilarli darajada oshirishi mumkinligiga ishonaman”.
Anastasiya Orlova
Yetakchi rekruter, “Alfa Xanter” HR agentligi
“Nega sizni ishga olishimiz kerak?” savoli sizga koʻnikmalaringiz, tajribangizni namoyish etish, ish beruvchini lavozimga eng yaxshi nomzod ekaningizga ishontirish imkoniyatini beradi.
Bu savolga qanday qilib ishonchli va qatʼiy tarzda javob berish mumkin?
Tayyorlaning. Suhbatdan oldin boʻsh ish oʻrnini tahlil qilish uchun vaqt ajrating. Tajribangizdan kelib chiqqan holda ish beruvchining talablariga javob beradigan aniq misollar tayyorlang.
Tajribangiz va malakangizni taʼkidlang. Javobingizni shundan boshlang. Masalan: “Juda yaxshi tahliliy qobiliyatga egaman, maʼlumotlarni samarali analiz qilish va asosli qarorlar qabul qilish imkonini beradigan Excel va Google Analytics dasturlarida ishlay olaman”.
Oldingi ish joylaringizda qoʻshgan hissangiz haqida toʻxtalib oʻting. Masalan: “Avvalgi ish joyimda jamoaning ish faoliyatini 20% ga yaxshilab, 15% byudjetni tejash imkonini bergan loyihalarni boshqarishning yangi tizimini joriy qilganman”.
Nega aynan shu kompaniyada ishlashni xohlayotganingizni ayting. Qaysi qadriyatlar yoki loyihalar talablaringizga mos kelishi va sizni ilhomlantirishini koʻrsatib oʻting.
Fikrlaringizni qisqa va ravshan bayon eting. “Men mehnatkashman” kabi umumiy iboralardan foydalanmang, misol va natijalar shaklidagi dalillarni taqdim eting.
Mashq qiling. Suhbatdan oldin doʻstlaringiz yoki oilangiz oldida javoblaringizni takrorlab koʻring. Bu aniq va ishonchli gapirayotganingizga ishonch hosil qilishga yordam beradi.
Alla Krupnova
C.NET kompaniya CEOʼsi
Bunday savolni bergan rekruter yaxlit javob eshitishni, odamning qanday fikrlashini bilishni xohlaydi. Shuning uchun yod boʻlib qolgan jumlalarni ishlatmagan maʼqul. Rekruter buni darhol biladi yoki sizni hayajonga soladigan nostandart savol beradi.
Aslida bu savolni berish bilan nimani eshitishni xohlashadi:
kerakli bilimlar mavjudligi: sizda bu lavozim uchun zarur boʻlgan koʻnikma va bilimlar borligi;
vazifalarni amalga oshirishga boʻlgan yondashuvingiz: mustaqil va kreativligingiz yoki qoidalarga muvofiq aniq ishlashingiz;
nimaga koʻra mos kelishingiz: oʻxshash qadriyat va maqsadlar, kelajakka boʻlgan rejalar;
fikrlashingiz: qaror qabul qilish mantigʻingiz, harakatlar ketma-ketligi, masʼuliyatingiz;
motivatsiyangiz: kompaniyada ishlashdan kutilmalaringiz va evaziga nima berishga tayyorligingiz.
Javob siz koʻzlagan pozitsiya va kompaniyaning oʻziga bogʻliq. Boʻsh ish oʻrni uchun qoʻyilgan talablarni tahlil qiling, ularga mos keladigan koʻnikma, kuchli tomonlaringiz va tajribangizni taʼkidlang. Avvalo, asosiy koʻnikmalaringizni, eng kuchli tomonlaringizni misollar bilan sanab oʻtish muhim.
Masalan, agar fullstack dasturchi ish oʻrni uchun suhbatda boʻlsangiz, javobingiz quyidagicha boʻlishi mumkin:
Chunki men ham bekend, ham frontend arxitekturasini qurishni yoqtiraman. Hozircha faqat bekend boʻyicha koʻproq tajribaga egaman. Java, JavaScript, SQL, PostgreSQL, Bootstrap, Socket.ioʼlardan bemalol foydalanaman. Ishda dedlaynga rioya qilgan holda strukturani mustaqil ravishda loyihalashtirishim va soʻrovlarni optimallashtirishim mumkin. Ham jamoada, ham mustaqil ravishda qiyinchiliksiz ishlay olaman. Docker-konteynerlarning xususiyatlarini oʻrganish istagim bor. Kelajakda buni boshqalarga ham oʻrgatishga tayyorman.
Manba: Почему мы должны взять вас на работу? Как отвечать на этот вопрос