Soft skills

Messenjer odobi: yaxshi muloqot va hamkorlikning 25 ta qoidasi

Tajribadan maʼlumki, qisqa xabarlar orqali muloqot qilish baʼzan chalkashlikka olib keladi. Vositalarni toʻgʻri qoʻllash muvaffaqiyatning yagona omili emas. Shuning uchun biz sizga messenjer odobi amalda qanday boʻlishini aytib beramiz.

Taʼrif: netiket nima? Atama qayerdan kelib chiqqan?

Netiket internetda muloqot qilishda yaxshi, hurmatli va to‘g‘ri ohangni saqlash qoidalarini tushuntiradi. U asosan onlayn muloqotga tegishli. Netiketni, ayniqsa, ish jarayonida hamkorlik qilganda e’tiborga olish tavsiya etiladi. Bu qoidalar majburiy emas, lekin odob-axloq me’yorlari sifatida unga amal qilgan yaxshi. Shu bois netiket “internet odobi” deb ham ataladi.

Messenjerlarda odob nega muhim?

Tashkilotingizda xodimlarga muhim bo‘lgan barcha sohalarda aloqa, muvofiqlashtirish va hamkorlik jarayonlarini eng yaxshi tarzda qo‘llab-quvvatlashi uchun odatda ba’zi muloqot qoidalariga rioya qilish foydali bo‘ladi. Bu netiket qoidalaridir. Shunga o‘xshash qoidalar kundalik ichki muloqotning boshqa usullari — elektron pochta, telefon, shaxsiy suhbatlar va boshqalarda ham mavjud. Ayniqsa, biznes messenjerlarida netiket qoidalari samarali, tezkor va muvaffaqiyatli hamkorlik qilishga yordam beradi.

Qanday qilib to‘g‘ri muloqot qilish mumkin? Messenjer odobining 25 ta oltin qoidasi.

Xabarlarni shakllantirish

1. Xabarlarni qisqa va lo‘nda tuzing

Qisqa jumlalar messenjer odobining asosiy qoidasidir. Agar ma’lumotni bir necha jumlada yetkazib bo‘lmasa, ovozli xabar yoki videoqo‘ng‘iroqdan foydalanish tavsiya etiladi. Katta hajmdagi ma’lumotlar uchun boshqa muloqot vositalarini ko‘rib chiqish kerak. Chunki uzun matnli xabarlar nafaqat qabul qiluvchini charchatadi, balki qisqa muloqot maqsadiga ham zid keladi.

2. To‘liq javob bering

Ba’zi odamlar har bir so‘zni yoki yarim gapni alohida xabar qilib yuborishga odatlangan. Bunday holatda qabul qiluvchi ketma-ket ko‘p signal eshitishga majbur bo‘ladi va bu, tabiiyki, uni bezovta qiladi. Yaxshisi, gaplarni toʻliq qilib yuborish va ma’lumotni paragraflarga bo‘lib, tartibli yetkazish kerak.

3. Professional munosabatda bo‘ling

Bu yerda messenjer professional muloqot uchun ishlatilayotgani sabab yuborilgan har bir xabar insonning o‘z kasbiy darajasini aks ettirishini yodda tutish kerak. Shuning uchun birinchi marta yozayotganda o‘zingizni bir jumla bilan qisqacha tanishtirish tavsiya etiladi. Bosh harflar yoki qalin yozuvlardan foydalanish noo‘rin. Shuningdek, “???!”, “!!!” kabi ortiqcha tinish belgilaridan ham qochish lozim. Chunki bu narsalar xabarni baqirib aytilayotgandek yoki unga haddan tashqari ahamiyat berilayotgandek taassurot qoldirishi mumkin.

4. Emojilardan foydalaning 😀

Emotikonlar va emojilar messenjerlarda mustahkam o‘rin egallagan — barchamiz ularni bilamiz va ishlatamiz. Emotikonlar messenjerlardan professional foydalanishda ham o‘z o‘rniga ega bo‘lib, muloqot va hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Ba’zi holatlarda ular muloqotni yengillashtiradi va ijobiy muhit yaratishga yordam beradi. Biroq messenjer odobi emotikonlardan me’yorida va matnga faqat qo‘shimcha tarzida foydalanishni tavsiya qiladi. Chunki har bir inson emotikonlarni turlicha talqin qilishi yoki ularning barchasini bilmasligi mumkin. Bu esa tushunmovchiliklarga olib kelishi ehtimoli bor.

5. O‘zingizni ifoda qilish uslubingizga e’tibor bering

Matnli xabar faqat o‘qiladi, unga imo-ishora yoki yuz ifodasi yordam bera olmaydi. Shuning uchun ifoda qanchalik aniq bo‘lsa, muloqot shunchalik tushunarli bo‘ladi. Masalan, kinoya yoki qattiq ohangdagi so‘zlar ko‘pincha noto‘g‘ri tushuniladi va tushunmovchilikka sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois xabar yuborishda neytral va aniq iboralardan foydalanish tavsiya etiladi.

6. Albatta, tekshirib chiqing

Matnli xabarlar tez javob berishning qulay usuli bo‘lishi mumkin, lekin har doim imlo va grammatikani tekshirish kerak. Shuningdek, avtomatik tuzatish (autocorrect) funksiyasini ham muntazam nazorat qilib turgan maʼqul.

7. Ko‘p sonli xabarlar yuborishdan saqlaning

Fikrlar oqimini bir nechta xabar bilan uzishdan ko‘ra bezovta qiladigan narsa yo‘q. Iltimos, fikrlaringizni bitta xabarda jamlab yuboring. Bu suhbatdoshingiz doimiy bildirishnomalardan chalg‘imasligi va mavzuni yaxshiroq tushunib borishi uchun muhim.

8. Suhbatni xushmuomalalik bilan aniq yakunlang

Mavzu yakunlangach, suhbatni minnatdorchilik bildirgan holda yoki tez orada javob berishni va’da qilib yakunlash maqsadga muvofiqdir.

Vaqt va tezlik

9. Tezkor javob bering

Ko‘pincha ongimizda hamkasblarimizning ma’lum bir aloqa vositasiga qanchalik tez javob berishi haqida beixtiyor “reytinglar” shakllangan bo‘ladi. Messenjer orqali xabar olganingizda tezda javob qaytarishingiz maqsadga muvofiq. Chunki tanlangan aloqa vositasi jo‘natuvchining tezkor javob va bevosita muloqot istayotganini anglatadi. Agar darhol javob berish imkoniyati bo‘lmasa, xabaringizda buning uchun qisqacha uzr so‘rashingiz o‘rinlidir.

10. Ma’qul vaqtlarda yozing

Moslashuvchan ish vaqti mavjud bo‘lsa-da, messenjer odobiga koʻra xabarlarni rasmiy ish soatlari davomida yuborish tavsiya etiladi. Chunki ayrim odamlar uchun kechasi yoki erta tongda xabar olish noqulay boʻlishi mumkin. Ba’zida “shoshilinch emas, ammo muhim” kabi prioritet haqidagi izohlar ortiqcha tashvishning oldini olishga yordam beradi.

11. Sabr-toqatli bo‘ling

Ba’zan shunday holatlar bo‘ladiki, xabar o‘qilgan bo‘lsa ham, suhbatdosh darhol javob bera olmaydi. Albatta, bunda takroran soʻrash mumkin, lekin vaziyatning shoshilinchligiga qarab kamida ikki-uch soat kutish tavsiya etiladi.

12. Bildirishnomalar va tinchlik vaqti

Hamkasblaringizning tinchlik vaqtiga hurmat bilan munosabatda bo‘ling, ayniqsa, ular boshqa vaqt mintaqalarida ishlasa. Biror vazifaga diqqatingizni jamlash kerak bo‘lganda xalaqit bermasliklari uchun bildirishnoma sozlamalaridan foydalaning.

Guruh chatlari va qo‘shimcha vositalardan foydalanish

13. Guruh chatlaridan oqilona foydalaning

Guruh chatlari xodimlar har qanday joydan to‘g‘ridan to‘g‘ri ma’lumot almashishi uchun markaziy muloqot maydonchasi vazifasini bajaradi. Ba’zan butun bo‘lim yoki jamoa a’zolari bitta chatda bo‘ladi. Shuning uchun har safar xabar yuborayotganda bu xabar guruhdagi barcha ishtirokchilar uchun dolzarbmi yoki kichikroq guruhda aytilgani ma’qulmi, deb o‘zingizga savol berishingiz kerak. Ish bilan bog‘liq va bo‘sh vaqtga oid muloqotlarni ham alohida ajratish muhim. Zanjirli xabarlar, tadbir uchun ovoz berishlar, kulgili videolar kabilarni alohida guruh chatida ulashish tavsiya etiladi.

14. Fayl ilovalari va havolalardan foydalanish

Ilovalar va havolalar har doim tushunarli tarzda izohlanishi hamda aniq nomlanishi kerak. Shunda qabul qiluvchi ularning nima ekanini bilib oladi. Katta hajmdagi fayllarni oldindan ogohlantirmasdan yuborishdan saqlaning.

15. Hamjamiyatga hissa qo‘shish

Guruh chatlarida savollar berish va fikr almashish uchun qulay muhit yaratish orqali barcha a’zolarni faollashtirish kerak. Passiv foydalanuvchilarni faol ishtirok etishga rag‘batlantirish mumkin.

Xavfsizlik va maxfiylik

16. Maxfiylikni saqlash

Maxfiy ma’lumotlarni tegishli shaxslar bilan ulashishda ehtiyotkor bo‘ling va xavfsiz aloqa kanallaridan foydalaning. Muhim, maxfiy ma’lumotlar hech qachon ommaviy yoki katta guruh chatlarida ulashilmasligi kerak.

17. Ustuvorlik va dolzarblikni belgilash

Qabul qiluvchilarga xabarning ahamiyatini yaxshiroq tushunishiga ko‘maklashish uchun uning ustuvorligi va dolzarbligini ko‘rsatish foydali bo‘lishi mumkin.

18. Mos profil rasmini tanlang

Profil rasmi tashkilot va shaxsiyatga mos bo‘lishi kerak. Bu yerda jiddiy surat yoki oddiygina xodimning bosh harflari yaxshi tanlovdir. Biroq korporativ madaniyatga qarab ba’zan ijtimoiy tarmoqlardagi (Facebook, X (avvalgi Twitter), Instagram va boshqalar) kabi profil rasmlari ham mos kelishi mumkin.

19. Dasturiy ta’minot va ilovalarni yangilab turing

Xavfsizlik muammolaridan saqlanish va yangi funksiyalardan foydalanish uchun messenjer dasturining eng so‘nggi versiyasidan foydalanayotganingizga ishonch hosil qiling.

20. Maxfiylik sozlamalarini qo‘llang

Messenjerning maxfiylik sozlamalaridan optimal foydalaning. Shaxsiy ma’lumotlar faqat ularga ehtiyoji borlar uchun ochiq bo‘lishini ta’minlang.

21. Fishing va firibgarlik urinishlaridan xabardor bo‘ling

Shubhali xabarlar va havolalarga e’tiborli bo‘ling. Tekshirmasdan turib shaxsiy yoki maxfiy ma’lumotlaringizni so‘rovga binoan hech qachon oshkor qilmang.

Hurmatli munosabat va fikr-mulohaza

22. Hurmat ohangi

Bahs-munozaralar va kelishmovchiliklar yuzaga kelganda ham ohang doimo hurmatli, iltifotli bo‘lib qolishi kerak. Ayniqsa, yozma muloqotda his-tuyg‘ularni noto‘g‘ri tushunish oson bo‘ladi.

23. Ko‘p vazifalilikdan qoching

Messenjer orqali muloqot davomida bir vaqtning o‘zida bir nechta ish qilish (multitasking) tushunmovchiliklarga va muhim tafsilotlarni o‘tkazib yuborishga olib kelishi mumkin. Imkon qadar suhbatga to‘liq e’tibor qaratish tavsiya etiladi.

24. Muntazam fikr-mulohaza davralari

Jamoa ichida messenjerdagi muloqotni baholash va uni yaxshilash bo‘yicha takliflarni muhokama qiling. Buning uchun muntazam fikr almashish uchrashuvlarini tashkillang.

Maslahatlar va tekshiruv ro‘yxatlari

25. Muloqot tekshiruv ro‘yxati

Xabar yuborishdan oldin tekshirish uchun eng muhim jihatlar ro‘yxatini tuzing (masalan, imlo, mazmunning aniqligi, maqsadli auditoriya).

Xulosa

Messenjer odobining kengaytirilgan talqini va 25 ta asosiy qoidasini ichki muloqotda ongli ravishda qo‘llasangiz, biznes messenjeridan maksimal darajada samarali foydalanishingiz mumkin. Toza va professional muloqot esa nafaqat tushunmovchiliklarning oldini oladi, balki jamoada ish unumdorligi hamda samaradorlikni ham sezilarli oshiradi.

Ham texnik, ham yumshoq ko‘nikmalar

Mohirdev'ning eng mashhur kurslaridan biri – “Full Stack Python”da o‘qing. 4 ta xalqaro ekspert va yordamchi ustozlar xizmatidan foydalaning. Qo‘shimchasiga, ishga kirishga oid muhim darslarni ham qo‘lga kiriting.

Kurs rasmi

Manba: Messenger Netiquette: 25 Rules for Good Communication and Collaboration

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
https://assets.mohirdev.uz/article-authors/685412c1b8cabae614257401/20250619133803738.original.webp

Teamwire

O'xshash maqolalar