Netvorking bo‘yicha boshlang‘ich qo‘llanma
Tanish-bilish haqida eskicha fikrlarni yo‘qotib, professional netvorkingni o‘rganing
Men doim netvorkingga nisbatan ikki xil munosabatda bo‘lganman. Kollejda o‘qiyotgan paytimda netvorking menga faqat manfaat uchun qilinadigan narsadek tuyulardi. Shaxsiy foyda uchun aloqalar o‘rnatish g‘oyasi menga yoqmasdi va notanish odamlar bilan mayda gap-soʻzlar ijtimoiy xavotirimni oshirardi. Biroq kasbiy faoliyatim davomida tushundimki, netvorking faqat manfaat ko‘zlab qilinadigan narsa emas ekan.
Toʻgʻri, netvorking ish topishingizga va yangi imkoniyatlarga ega boʻlishingizga yordam beradi. Ammo faqat shugina emas, u samimiy munosabatlar oʻrnatish, bilim almashish va boshqalarga yordam berishni ham oʻz ichiga oladi. Bu faqat sizning maqsadingiz va unga qanday yondashishingizga bogʻliq.
Agar netvorking nima ekani, nega muhimligi va uni qanday boshlash boʻyicha xavotirlanayotgan yoki chalkashayotgan boʻlsangiz, mana mualliflarimizning ayrim maslahatlari. Ular sizga o‘zingizga qulay yo‘lni topishda yordam beradi.
Netvorking nega muhim?
Professional netvorking sizga ko‘plab imkoniyatlar taqdim etishi mumkin. Lekin eng ko‘p tilga olinadigani bu — karyerada o‘sish. Tadqiqotlar kuchli netvorkingga ega bo‘lgan odamlar ko‘proq maosh olishi va tezroq lavozim ko‘tarilishiga erishishini koʻrsatadi. Bu mantiqan ham to‘g‘ri: siz turli darajadagi odamlarga, nafaqat o‘z tashkilotingizda, balki tashqarida ham bog‘langan bo‘lsangiz, yangi imkoniyatlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘lish ehtimolingiz oshadi. Agar kompaniyangizdagi yuqori lavozimdagi xodimlar siz qilayotgan yaxshi ishdan xabardor bo‘lsa, lavozimga tavsiya etilish imkoniyatingiz ortadi. Tashqi aloqalar uchun ham xuddi shu narsa amal qiladi. Agar biror ish beruvchi sizga mos bo‘lgan bo‘sh ish o‘rni uchun xodim izlayotgan boʻlsa va o‘sha kompaniyadagi to‘g‘ri odam bilan aloqangiz bo‘lsa, rezyumengizni bevosita rekruterga yetkazish ancha osonlashadi.
Bundan tashqari, turli odamlar bilan muloqot qilganingizda doimiy ravishda maʼlumot toʻplaysiz. Aloqalaringizga qarab, netvorkingdan turli maqsadlarda foydalanishingiz mumkin. Muhim loyiha bo‘yicha fikr olish uchun tengdoshlaringiz bilan suhbatlashsangiz yoki sohangiz haqida yangi ma’lumotlar o‘rganishga LinkedIn’dagi mutaxassislar bilan muloqot qilsangiz boʻladi. Tashkilotingiz madaniyatida muvaffaqiyatga erishish bo‘yicha maslahatlar olish uchun jamoangiz rahbari bilan gaplashish ham yaxshi variant. Bunday o‘zaro munosabatlar natijasida yangi bilimlar egallashingiz, rivojlanishingiz va ish faoliyatingizni yanada yuqori darajaga ko‘tarishingiz mumkin.
Netvorking qurishning oson yoʻli qanday?
Netvorking so‘zi sizga notanish odamlar bilan to‘lgan katta, shovqinli xonalarni eslatadimi? Unda yana bir bor o‘ylab ko‘ring. Amanta Imber “Netvorkingni yoqtirmaydiganlar uchun oson netvorking usullari” maqolasida notanish odamlar bilan muloqot qilishni yoqtirmaydigan kishilarga foydali maslahatlar beradi. Yel menejment maktabining tashkiliy xulq-atvor professori Marissa Kingning ta’kidlashicha, netvorkingni ushlab turishning eng samarali usuli – uzoq vaqtdan beri aloqada bo‘lmagan tanishlaringiz bilan qayta bog‘lanishdir. Uzoq vaqtdan beri aloqada bo‘lmagan tanishlar bu – siz oldin tanigan, ammo bir necha yildan buyon ko‘rishmagan yoki muloqot qilmagan odamlardir.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, uzoq vaqtdan beri aloqada bo‘lmagan tanishlaringiz sizga yangi tanishuvlarga qaraganda foydaliroq boʻlishi mumkin. Agar siz ular bilan ilgari ishonch munosabatlarini o‘rnatgan bo‘lsangiz, bu ehtimollik yanada yuqori bo‘ladi. Har hafta uzoq vaqtdan beri aloqada bo‘lmagan ikki-uchta tanishingizni eslang. Buni o‘tmishda o‘zingizni eng yaqin his qilgan odamlardan boshlang va ularga “Salom, siz haqingizda o‘ylab yurgandim. Ishlar qalay?” kabi qisqa xabar yuboring. Keyin suhbatni davom ettiring.
Sizning u kishiga beradigan aniqroq savolingiz bo‘lishi mumkin. Lekin birinchi qadam — shunchaki yana bog‘lanish. Avvalo aloqani tiklang, qolganini keyin davom ettirasiz.
Netvorking faqat ish topish uchunmi?
Bu savolga qisqa javob: “Yo‘q”. Odatda netvorking faqat tadbirlarga borib, tanish-bilish bilan suhbatlashib, yangi ish topish deb tasavvur qilinadi. Ha, ba’zi odamlar netvorkingni aynan shunday maqsad bilan ishlatadi, lekin boshqalar bu imkoniyatdan ancha ijodiy foydalanyapti. Raqamli davrda netvorking butun dunyo bo‘ylab odamlar bilan aloqa o‘rnatish, bilim almashish va chuqurroq tanishishning yangi yo‘liga aylandi. Quyida netvorkingga bo‘lgan qarashingizni o‘zgartirishga yordam beradigan bir nechta yondashuvlarni ko‘rishingiz mumkin.
1. Netvorking boshqalarga yordam berish vositasi bo‘lishi mumkinligini unutmang.
Agar sizga netvorking haddan tashqari manfaatparastlik boʻlib tuyulsa, uni boshqacha yondashuvda sinab koʻring. Undan o‘z bilim, ko‘nikma, maslahat yoki tajribangizni boshqalarga taklif qilish uchun foydalaning – hatto sizga hech nima kerak boʻlmasa yoki xohlamasangiz ham. Professor Debora Greyson Rigel ta’kidlaganidek, bu sizga odamlar bilan chuqurroq aloqalar o‘rnatishga yordam beradi. Rigel o‘zining “Siz netvorkingizdan to‘liq foydalanyapsizmi?” maqolasida “yordam berish mahorati”ngizni, ya’ni boshqalarga yordam berishning turli usullarini qanday rivojlantirish haqida gapiradi.
O‘zingizga savol bering: men nimada yaxshiman? Nima qilishni yoqtiraman? Odamlar mendan ko‘pincha nima boʻyicha yordam soʻraydi? Masalan, agar yaxshi muharrir boʻlsangiz, tanishingizga rezyume va motivatsion xatini tekshirib berishni taklif qilishingiz mumkin. Yoki yaxshi tinglovchi bo‘lsangiz, hayotida qiyin davrni boshdan kechirayotgan tanishingizni emotsional qo‘llab-quvvatlasangiz boʻladi.
2. Netvorkingda “yuzaki suhbat”dan koʻra koʻproq narsa bor.
Agar mayda gaplardan charchagan bo‘lsangiz, sizga yaxshi xabar bor. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, odamlarning aksariyati birinchi marta uchrashayotgan boʻlsa ham, samimiy va mazmunli suhbatni afzal ko‘radi. Aslida chuqur suhbatlar yuqori darajadagi baxt bilan bog‘liq va odamlarni bir-biriga ko‘proq yaqinlashtiradi.
“Netvorkingga yaxshiroq yondashuv” maqolasida muallif Kristi Hanter Arskott zerikarli mayda gaplardan qochish uchun foydalanishingiz mumkin bo‘lgan bir nechta suhbat boshlash usullarini beradi.
“Nima ish qilasiz?” savolining oʻrniga:
Quyidagilarni sinab koʻring: sizningcha, ishingizning o‘zingiz va boshqalar uchun eng qimmatli jihati nimada? Boshqalarga qanday muammolarni yechishda yordam berishni xohlaysiz? Ishingizning qaysi tomonlari sizga ko‘proq yoqadi va nima sababdan? Yoki qaysi jihatlari sizga yoqmaydi va buning sababi nimada?
“Hozirgi vazifangiz nima?” deyishning o‘rniga:
Shunday soʻrang: qaysi lavozim va vazifalar sizni bugungi mavqeyingizga olib keldi? Ularning qaysi biri sizga eng ko‘p narsa o‘rgatdi?
“Qayerdansiz?” savolining oʻrniga
Faoliyatingiz yoki o‘qishingiz davomida qanday joylarda yashagansiz hamda sayohat qilgansiz? Qaysilari sizga ko‘proq ta’sir qilgan? Qaysi biri sizga yoqdi va nima uchun?
Soft skillar + texnik bilimlar
“Frontend – ReactJS” kursida dasturchi uchun kerakli ko‘nikmalarga ega bo‘ling. Eng mashhur freymvorklardan biri – ReactJS’ni o‘zlashtirib, ish intervyusiga tayyorlanishgacha o‘rganing.

Netvorkingni qanday rivojlantirish mumkin?
Netvorking nima uchun muhimligini va uni amalga oshirishning bir necha usullarini bilib oldingiz. Endi sizga odamlar bilan muloqotga kirishishingizda yordam beradigan ayrim maslahatlarni taqdim etamiz.
1. Nimani oʻrganmoqchi ekaningizni aniqlang.
Yangi tanishlar orttirmoqchi bo‘lsangiz-u, qayerdan boshlashni bilmasangiz, o‘rganishingiz mumkin bo‘lgan odamlarni topishga e’tibor qarating. Avval o‘zingiz ishlayotgan tashkilot ichida “parallel aloqalar”ni izlang. Ya’ni siz bilan bir xil darajadagi lavozimda ishlaydigan odamlar. Ular jamoadagi hamkasblaringiz yoki boshqa bo‘limlarda sizni qiziqtirgan loyiha ustida ishlayotganlar boʻlishi mumkin.
Holli Rayder “Ish faoliyatingizni endigina boshlaganingizda aloqalaringizni qanday mustahkamlash mumkin” maqolasida shuni ta’kidlaydiki, parallel aloqalar nafaqat sizga yangi ko‘nikmalarni o‘rgatadi, balki tashkilot haqidagi tasavvuringizni ham kengaytiradi. Faoliyatingizni takomillashtirishga yordam beradi va kompaniyaning turli sohalaridagi imkoniyatlardan foydalanish yo‘llarini ochib beradi.
Masalan, aytaylik, sotuv bo‘yicha mutaxassissiz va ko‘nikmalaringizni oshirmoqchisiz. Unda mahsulot ishlab chiqish guruhidagi koordinator bilan aloqa o‘rnatib ko‘ring. Bu orqali siz jamoa ishlayotgan yangiliklar haqida ko‘proq bilib olasiz va shu mahsulotlar ortidagi real hikoyalarni tushunishga imkon topasiz. Olingan ma’lumot esa sizning savdo nutqingizni yanada ta’sirli qilishga yordam beradi. Shuningdek, koordinator ham sizdan mijozlar aslida nimalarni xohlashini bilib olib, shunga moslab mahsulotni yaxshilashi mumkin.
2. Barcha darajadagi munosabatlarni rivojlantiring.
Tengdoshlaringiz bilan aloqa o‘rnatish — yaxshi boshlanish. Lekin agar chindanam o‘sishni istasangiz, o‘zingizdan yuqori lavozimdagi insonlar bilan ham munosabat qurishingiz kerak. Men faqatgina rahbaringizni nazarda tutayotganim yoʻq. Albatta, boshlig‘ingiz bilan yaxshi munosabatda bo‘lish hayotingizni osonlashtiradi. Lekin mutaxassislar ta’kidlaganidek, turli darajadagi insonlar bilan tanishib borish karyerangizni tezroq oldinga siljitadi. Jenni Vud “Nega faqat rahbar bilan yaxshi bo‘lish yetarli emas” nomli maqolasida shunday deydi: “Agar sizni ta’sir kuchiga ega odamlar tanisa, ular sizga yordam berishi, loyihalarga jalb qilishi va karyera yo‘lingizda qo‘llab-quvvatlashi mumkin”.
Quyida buni amalda qo‘llashning bir nechta usullari keltirilgan:
Boshligʻingizning boshligʻi bilan ham aloqa o‘rnating. Yaqinda qilgan loyihalaringiz haqida qisqacha gapirib bering, ularning ustuvor yo‘nalishlarini bilib oling va mijozlardan kelayotgan fikr-mulohazalarni ulashing. Bu ularga vaziyatga yangi nigoh bilan qarash imkonini beradi. Yangi loyiha yoki imkoniyat paydo bo‘lsa, ular aynan sizni eslashi ehtimoli oshadi.
Rahbaringizning hamkasblariga murojaat qiling. Boshqa bo‘limlarda siz hamkorlik qilishingiz mumkin bo‘lgan menejerlar yoki rahbarlar bormi? Yangi menejer bilan ishlash va uning fikr-mulohazalarini olish mahoratingizni, iste’dodingizni ko‘rsatishning samarali usuli bo‘lishi mumkin. Shuningdek, lavozim ko‘tarilishi va baholash paytida yana bir qo‘llab-quvvatlovchini topishingizga yordam beradi.
Tashqi rahbarlar bilan ham aloqa o‘rnating. Jamoangiz va kompaniyangizdan tashqaridagi tanishlar doirasini kengaytirishga harakat qiling. Ular, ayniqsa, keyingi qadamga o‘tmoqchi bo‘lganingizda sizga juda asqotadi.
3. O‘z qiymatingizga e’tibor qarating.
O‘zingizdan yuqori lavozimdagi odam bilan qanday tanishsangiz bo‘ladi? Ularga nimada foydali bo‘lishingiz mumkinligini ko‘rsating. Dunkan Uordl “Masofaviy ish davrida qanday qilib netvorking qilish kerak?” maqolasida shunday deydi: “Z avlodi ko‘pincha o‘zining yangi texnologiyalar va trendlar haqidagi bilimini arzimas narsa deb o‘ylaydi. Aslida esa siz aynan shu mavzularda yaxshi tushunadigan inson sifatida hurmatga sazovor bo‘lishingiz mumkin. Hurmat qozonishning ajoyib usuli - o‘zingizni dolzarb mavzu bo‘yicha mutaxassis sifatida namoyon etishdir”.
Masalan, texnologiyalarga qiziqsangiz va kompaniyangiz yangi ishlanmadan foyda olishi mumkinligiga ishonsangiz, yuqori lavozimli rahbarga o‘z g‘oyangizni taklif qiling. Oylik uchrashuv belgilang va bu vaqtdan yangi texnologiya haqida ma’lumot berish hamda uning biznesga qanday foyda keltirishini tushuntirish uchun foydalaning.
Bundan tashqari, Slack’da o‘zingizga qiziq bo‘lgan mavzuga oid alohida kanal ochib, u yerda muntazam ravishda postlar, maqolalar yoki foydali materiallar ulashishingiz mumkin. Agar o‘zingizni ma’lum bir soha bo‘yicha bilimdon sifatida ko‘rsata olsangiz, kompaniyangizdagi rahbarlar buni payqay boshlaydi va hatto sizdan maslahat so‘rashi ham mumkin.
4. Tashqi shaxsga murojaat qilganda so‘rovingizni aniq ifodalang.
Agar tashkilotingizdan tashqaridagi odamlar bilan aloqa o‘rnatmoqchi bo‘lsangiz, LinkedIn buni boshlash uchun ajoyib imkoniyatdir. Siz yangi odamlar bilan onlayn tanishishingiz va netvorking tadbirida shaxsan qatnashish bilan bog‘liq xavotirlardan xalos bo‘lishingiz mumkin.
Agar karyerangiz bo‘yicha maslahat izlayotgan yoki mentor topmoqchi bo‘lsangiz yo rezyumengizni kimdandir ko‘rib chiqishni so‘rashni xohlasangiz, xabaringizni qanday ifodalashingiz javob olishingizni belgilab beradi. “LinkedIn’da kim bilandir bog‘lanayotganda nima deyish kerak?” nomli maqolasida muallif Kristi DePaul shunday maslahat beradi: noaniq savollardan, masalan, “Sizdan biroz maslahat olsam bo‘ladimi?” degan iboralardan qoching. Buning o‘rniga toʻgʻridan toʻgʻri maqsadingizni ayting — kimligingizni, bu odamni qayerdan topganingizni va aynan nima istayotganingizni qisqacha yozing.
Quyidagicha yozib ko‘ring:
[Ism],
Sizning professional yo‘lingiz meni juda qiziqtirdi. Men ham o‘zimning karyeramni [lavozim] yo‘nalishida rivojlantirishni istayman. Sizda bu sohada katta tajriba borligini ko‘rib, shu yo‘nalishda qanday harakat qilish kerakligi bo‘yicha qisqacha maslahat bera olasizmi, deb so‘ramoqchi edim. Qanday qilib hozirgi bosqichga yetganingiz menga juda qiziq. Agar imkoningiz bo‘lsa, qisqagina qo‘ng‘iroq qilish imkoniyati uchun juda minnatdor bo‘lardim.
Agar qisqacha suhbatlashishga vaqt topa olsangiz, xabar bering.
5. Netvorking ba’zida barcha uchun teng imkoniyat yaratmaydi. Siz esa buni o‘zgartira olasiz.
Ko‘pincha jamiyatdan chetlatilgan guruhlar a’zolariga “yaxshi imkoniyatlar uchun netvorking qiling” degan maslahat beriladi. Afsuski, haqiqat shuki, ish o‘rinlari va karyera imkoniyatlarining katta qismi hanuzgacha oq tanli, nisbatan imtiyozli guruhlar nazoratida qolmoqda.
AiLun Ku va Rey Reyes “Netvorking qurish birinchi avlod talabalari uchun qiyin bo‘lishi mumkin. Qanday boshlash kerak?” nomli maqolasida har bir jamiyatda ustun madaniyat bo‘lishini tushuntiradi. Agar siz shu ustun madaniyat vakili bo‘lmasangiz, sizni boshqalardan ajratib turadigan jihatlar — teringiz rangi, iqtisodiy holatingiz, oilaviy tarixingiz, merosingiz yoki madaniyatingiz sizga kamchilikdek tuyulishi mumkin. Ammo ular aslida kamchilik emas.
Masalan, siz immigrantsiz va ota-onangiz o‘z biznesini yuritadi, ehtimol bir nechta tilni bilasiz, turli madaniyatlar orasida bemalol harakatlana olasiz, oilangizda kundalik ishlarda yordam bergansiz. Bu orqali siz hayotingiz davomida madaniy moslashuvchanlik va biznes yuritish bo‘yicha muhim ko‘nikmalarni egallagansiz. Aynan shu fazilatlar sizni boshqalardan ajratib turadi.
Netvorkingdan oldin o‘zingizga savol bering: Qanday kuchli tomonlarim bor? Hayotdagi tajribalarimdan qanday ko‘nikmalar olganman va ularni amaliyotda qanday qo‘llashim mumkin? Bu ko‘nikmalarni qanday qilib hikoya shaklida taqdim qilib, aynan men bu kompaniya, lavozim yoki lavozim oshirish uchun eng to‘g‘ri nomzod ekanimni ko‘rsata olaman?
Ku va Reyes shunday xulosaga keldi: “Rasmiy ta’limdan tashqaridagi kuchli jihatlaringizni anglab yetishingiz o‘zingizga bo‘lgan ishonchni oshiradi va ish beruvchining jamoasida yetishmayotgan bo‘g‘in aynan siz ekaningizni ko‘rsatishga yordam beradi”.
Netvorking avvaliga qiyindek tuyulishi mumkin. Lekin bilingki, bu vaqt o‘tishi bilan o‘rganiladigan va takomillashtiriladigan ko‘nikma. Buning uchun faqat ozgina mashq kerak. Netvorking qurishni o‘zingizni anglash, boshqalarga yordam berish va dunyoqarashingizni kengaytiradigan samimiy aloqalarni qurish uchun imkoniyat deb qabul qiling. Endi esa harakatni boshlang!

