Sun'iy Intellekt

Neyrotarmoqlar uchun promptlar: ChatGPT va boshqa neyron tarmoqlarga soʻrovlarni qanday yozish kerak?

Neyrotarmoqlarni biz uchun va bizning oʻrnimizga ishlashga majbur qilamiz.

Neyrotarmoqlar chiroqdagi jin kabi biz soʻragan hamma narsani bajaradi: atigi bir necha soniya ichida ijtimoiy tarmoqlar uchun matnlar yozadi, maqolalarni tarjima qiladi, rasmlar chizadi va hokazo. Ammo bir chatoq tarafi bor — aynan oʻzimiz xohlagan narsani olish uchun soʻrovni toʻgʻri ifodalash kerak. Buni qanday amalga oshirish haqida hikoya qilamiz.

  • Prompt nima? 
  • Promptni qanday tuzish kerak? 
  • Midjourney uchun soʻrovda — aniq va loʻnda 
  • Stable Diffusion uchun soʻrovlarda ham Midjourneyʼga tegishli qoidalar amal qiladi 
  • Shedevrum uchun soʻrovlarda koʻproq tafsilotlar qoʻshing 
  • Kandinsky uchun soʻrovlarda rus madaniyatiga havolalar qilamiz 
  • ChatGPT uchun soʻrovlarda kontekstni, albatta, tavsiflaymiz 
  • GigaChat uchun soʻrovlarda kreativroq boʻlishni soʻraymiz 
  • Ilhomni qayerda izlash kerak?
  • Promptlarni yaratish uchun yordamchilar

Prompt nima? 

Prompt bu — neyrotarmoq uchun tabiiy tilda tuzilgan vazifa. Haqiqiy, jonli yordamchiga vazifa berayotganingizni tasavvur qiling: buning uchun dasturlash tili va murakkab algoritmlarni bilishingiz shart emas. Yordamchidan nimani xohlayotganingizni batafsil bayon qilish va unga kerakli maʼlumotlarni berish kifoya.

Masalan, agar ushbu maqolani neyrotarmoq yordamida yaratmoqchi boʻlganimizda, u uchun prompt quyidagicha koʻrinishda boʻlar edi: “Neyrotarmoq eksperti sifatida harakat qilish kerak. Blog uchun quyidagi mavzu boʻyicha post yaratish lozim: neyrotarmoqlar uchun promptlar yozish. Kichik mavzular: midjourney, chatgpt. Foydalaniladigan uslub: tavsif. Matn ohangi norasmiy boʻlishi kerak”.

Neyrotarmoq vazifani bajardi, lekin Midjourney va ChatGPT turli xil vositalar ekanini tushunmadi. Bundan tashqari, mazmunan boy boʻlmagan maqola hosil boʻldi. Yaxshiyamki, sifatliroq natijaga erishish imkonini beradigan bir nechta layfxaklar mavjud.

Promptni qanday tuzish kerak?

Yaxshi soʻrovning asosiy qoidalaridan boshlaylik. Mashina oʻrganuvidan oʻtgan har qanday generativ modellar bilan ishlashda ularga rioya qilish kerak.

Topshiriqni batafsil tavsiflang

Neyrotarmoqqa qanday natija olmoqchi ekaningizni ayting. Modelga rasmlar generatsiyasi uchun murojaat qilayotgan boʻlsangiz, sizga komiks yoki fotorealistik render kerakligini koʻrsating. Til modellarida esa matn formati va janrini belgilang: ijtimoiy tarmoqlar uchun post, maqola, bosqichma-bosqich qoʻllanma, badiiy hikoya va hokazo.

Mavzu yoki obyekt qoʻshing

Promptda matn mavzusini belgilang va til modeli kontentni siz bergan topshiriqqa moslashtirishi uchun auditoriyani tavsiflang. Yangi boshlayotganlar uchun maqola yozayotgan boʻlsangiz, buni ham koʻrsating, aks holda neyrotarmoq juda murakkab matn yaratadi. Agar rasm generatsiya qilayotgan boʻlsangiz, asosiy obyektni batafsil tasvirlab bering.

Masalan, “Texnologiya kompaniyasi blogi uchun neyrotarmoqlar haqida maqola yozib ber” soʻroviga ChatGPT mana shunday matn generatsiya qildi. Bir qarashda, maqola “professional qalamiga mansub” kabi koʻrinadi, aslida esa bu professional atamalar bilan toʻldirilgan, sayoz matn:

Boshqa bir misol uchun “Yarimkechagacha ishlaydigan dasturchi mushuk rasmini yarat” kabi promptdan foydalanib, Kandinsky neyrotarmogʻida rasm yaratishga harakat qilamiz:

Gʻalati rasm boʻldi, ammo rasmiy jihatdan neyrotarmoq soʻrovning barcha tafsilotlarini aks ettirdi. Aniqroq natijaga erishish uchun uslub bilan koʻproq ishlash kerak.

Koʻproq tafsilotlar qoʻshing

Soʻrovda tafsilotlar qanchalik koʻp boʻlsa, yaratiladigan matn yoki rasm sizning taʼbingizga shunchalik mos keladi. Matn generatsiyasida nafaqat format va mavzuni belgilash, balki muhim tezislarni sanab oʻtish yoki maqola strukturasini belgilash mumkin. Til modellari boshqa xususiyatlar haqidagi koʻrsatmalarni ham tushunadi:

  • Kayfiyat: neytral, mistik, dramatik.
  • Uslub: ilmiy, publitsistik, norasmiy.
  • Maqsadli auditoriya: maktab oʻquvchilari, yoshi kattalar, dasturchilar.
  • Matn hajmi: 100 ta soʻz, 1000 ta belgi.

Ayni mavzudagi, ammo turli darajadagi tayyorgarlikka ega oʻquvchilarga moʻljallangan matnlar uchun ikkita prompt shunday koʻrinishda boʻlishi mumkin:

  •  “Texnologiya kompaniyasining blogi uchun neyron tarmoqlar haqida maqola yoz. Nega neyron tarmoqlar odamlarning ishini olib qoʻymasligini, balki uni yaratishini tushuntir. Hajmi — 1000 ta belgi. Maqsadli auditoriya — yangi boshlayotgan dasturchilar”.
  • “Neyron tarmoqlar haqida ilmiy maqola yoz. Nega neyron tarmoqlar odamlarning ishni olib qoʻymasligini, balki uni yaratishini tushuntir. Hajmi — 1000 ta belgi. Maqsadli auditoriya — olimlar”.

Rasmlar bilan ishlayotgan boʻlsangiz, promptda obyektlarning oʻlchamlari, ranglari, shakllari va joylashuvini koʻrsatishga harakat qiling. Masalan, mushuk tasvirini yaratish uchun shunchaki “mushuk” deb yozmang. Qanaqa mushuk (semiz, malla, yoʻl-yoʻl), qayerda ekani va yonida qanday obyektlar borligini tushuntiring. Yaxshiroq natijaga erishish uchun rasm uslubini belgilash mumkin.

 “Yarimkechagacha saksoninchi yillar kompyuteri qarshisida ishlaydigan ulkan, semiz, yoʻl-yoʻl, malla dasturchi mushuk rasmini yarat. Uslub — moyboʻyoqli rasm” soʻrovini Kandinsky mana shunday qayta ishladi:

Agar natijani ishchan mushuk tasvirini yaratishdagi birinchi urinish bilan taqqoslasak, rasm sifati sezilarli darajada yaxshilangani seziladi. Biz ayni neyrotarmoqdan foydalandik, ammo promptga koʻproq tafsilotlar qoʻshdik.

Aytgancha, turli neyrotarmoqlarga berilgan bir xil soʻrovlar mutlaqo har xil natijalar berishi mumkin. Stable Diffusion bizga mana shunday mushukni chizib berdi:

Neyrotarmoqdan taniqli rassom uslubini imitatsiya qilishni soʻrash mumkin. “Van Gogning ʻYulduzli tunʼ uslubida yaratilgan kompyuter qarshisida oʻtirgan mushuk” soʻroviga Stable Diffusion mana shunday tasvirni generatsiya qildi:

Qoʻshimcha tavsiyalar

  • Neyrotarmoqlar bilan ishlashni osonlashtiradigan yana bir nechta tavsiyalar:
  • Telegram botlardan foydalaning. Hozirgi vaqtda Rossiyada yirik xorijiy neyrotarmoqlarga kirib boʻlmaydi, ammo ularga asoslangan chatbotlar hali ham ishlamoqda.
  • Koʻpchilik ishqibozlarning soʻzlariga koʻra, ingliz tilidagi soʻrovlardan foydalanish kerak, neyrotarmoqlar uni yaxshiroq tushunadi.
  • Promptda qisqartma, soʻzlashuv tili yoki slengdan foydalanmang — til modellari ularni yaxshi tushunmaydi.
  • Taqiqlangan narsalarni yaratishga urinmang. Neyrotarmoqlarga buni amalga oshirish imkonini bermaydigan filtrlar oʻrnatilgan.
  • Soʻrov tafsilotlari bir-biriga zid kelmasligiga ishonch hosil qiling.

Midjourney uchun soʻrovda — aniq va loʻnda

Midjourney — yuqori sifatli tasvirlarni yaratadigan neyrotarmoq. Model foydalanuvchida tanlash imkoniyati boʻlishi uchun toʻrtta rasm yaratadi. Midjourneyʼga kirish huquqini ishlab chiquvchilarning rasmiy Discord serveridagi bot orqali olish mumkin. Sinov davri yoʻq, obuna narxi oyiga 8 dollardan boshlanadi. Toʻlovni faqat xorijiy bank kartasi bilan amalga oshirish mumkin. 

Telegramʼda Midjourney asosida ishlaydigan botlarni topish mumkin. Ularning baʼzilari neyrotarmoq bilan tanishish uchun yetarli boʻlgan sinov davriga ega. Shundan soʻng baribir tokenlarni sotib olish kerak boʻladi.

Soʻrovni qanday tuzish kerak?

Midjourney uchun promptlarda tartib juda muhim: tafsilot qancha oldinroq tilga olingan boʻlsa, u shunchalik ustuvor boʻladi. Shuning uchun avvalo asosiy obyektni, soʻngra atrof-muhit va fonni, uslub hamda rangni tavsiflang, eng oxirida esa tasvirning nisbati va hajmini koʻrsating. Midjourney uchun soʻrovlarni yaxshisi ingliz tilida yozing.

Tasvir generatsiyasi uchun prompt shunday koʻrinishda boʻlishi mumkin: Paint a mural of a silvery spacecraft traveling through pink, purple and blue nebulas and galaxies. The spaceship is in the middle, there are smaller spaceships collapsing in the background. Genre ― 80s sci-fi.

Dastlab chizilishi kerak boʻlgan narsani tavsiflaymiz: kosmik kema murali. Soʻngra kerakli fonni belgilaymiz ― tumanlik va galaktikalar. Nihoyat uslub — saksoninchi yillar ilmiy fantastikasi. Qoʻshimcha ravishda obyektlarning ranglarini koʻrsatamiz va elementlarning joylashuviga aniqlik kiritamiz.

Midjourney asosidagi Telegram botda mana bu tasvirlar generatsiya qilindi:

Yoqqan rasmni tanlash uchun Un tugmalaridan birini bosish kerak, bunda n — rasm raqami. V prefiksli tugmalar tanlangan rasm asosida yangi tasvir generatsiya qiladi.

Tasvirni bot taklif qiladigan vositalar yordamida yaxshilash mumkin:

  • Upscale. Rasm tiniqligini oshiradi. Subtle va Creative parametrlari upscale paytidagi kreativlik uchun javobgar. Birinchi holatda rasm asl nusxasi bilan bir xil boʻladi, ikkinchisida esa neyrotarmoq yangi tafsilotlar qoʻshadi.
  • Vary. Muayyan tasvirning variatsiyalarini generatsiya qiladi. Subtle parametrli buyruq tanlansa, rasm asl variantga koʻproq, Strong tanlanganda esa kamroq oʻxshaydi.
  • Zoom Out. Tasvirning koʻrinadigan maydonini bir yarim yoki ikki baravar oshiradi.

Texnik tafsilotlar

Qurilmaning texnik xususiyatlarini koʻrsatish mumkin. Masalan, obyektiv, kamera, yorugʻlik va boshqa parametrlar. Bularning barchasi tasvir ranglari va estetikasiga taʼsir qiladi. Plyonkali fotokamera tanlanganda rasmlar biroz donador boʻladi.

Fotosuratlar bilan ishlashda yetarli bilimga ega kishilar Midjourney uchun promptda qurilmani sozlash uchun aniq maʼlumotlarni koʻrsatishi mumkin. Neyrotarmoq ISO, diafragma, obyektivning ochiq turish vaqti va oq rang balansi bilan ishlashni biladi. Bularning barchasi fotorealistik tasvirlarni yaratish imkonini beradi.

Foydali buyruqlar

Midjourney batafsil soʻrovlar tayyorlash uchun koʻplab buyruqlarni taklif etadi. Ular yordamida yuqori sifatli tasvirlarni generatsiya qilish mumkin. Bir nechta eng mashhur va foydali buyruqlar:

  • --no. Yakuniy natijadan obyekt, uslub yoki ranglarni istisno qiladi. Masalan, neyrotarmoqdan yozgi oshxonadagi bodring va pomidor rasmini yaratishni, ammo buning uchun sariq rangdan foydalanmaslikni soʻrash mumkin:

  • --aspect yoki --ar. Tomonlar nisbatini belgilash imkonini beradi. Dastlabki holatda neyrotarmoq rasmlarni 1:1 nisbatda yaratadi, ammo boshqa ommabop formatlardan ham foydalanish mumkin:

--chaos yoki --c. Bu buyruq yordamida yaratilgan toʻrtta variant bir-biridan qanchalik farq qilishini boshqarish mumkin. Dastlabki holatda qiymat nolga teng. Uning oshishi bilan tasvirlar orasidagi farqlar kattalashadi:

--quality yoki --q. Bu parametr rasmni qayta ishlash va uning detalizatsiyasi uchun javobgar. Mumkin boʻlgan toʻrtta qiymat mavjud: 0.25, 0.5, 1, 2. Detalizatsiya qanchalik yuqori boʻlsa, generatsiya uchun shunchalik koʻproq vaqt kerak boʻladi. Dastlabki holatda oʻrnatilgan qiymat — 1.

--tile. Bu parametr modelga rasmlarni choksiz pattern shaklida yaratish kerakligini belgilab beradi.

Midjourney soʻrovlar bilan qanday ishlashi haqida batafsil maʼlumotni rasmiy hujjatlarda oʻqish mumkin.

Stable Diffusion uchun soʻrovlarga ham Midjourneyʼga tegishli qoidalar amal qiladi

 Stable Diffusion — Stability AI kompaniyasining ochiq modeli. Uchinchi tomon ishlab chiquvchilari uning asosida neyrotarmoq bilan ishlash uchun veb-sayt va ilovalar yaratadi. Tajribalar uchun Stable Diffusion Online xizmatidan foydalanish mumkin. Unda oʻnta rasmni bepul yaratish imkonini beradigan sinov tarifi mavjud.

Neyrotarmoq Midjourneyʼda boʻlgani kabi mukammal sozlash buyruqlarini qoʻllab-quvvatlamaydi, ammo promptlarni tuzish borasidagi qolgan tamoyillar ayni shaklda. Stable Diffusion quyidagi soʻrov — Very beautiful retro comic book style of a girl writing an article with background summer park, daylight, colorful boʻyicha mana buni generatsiya qildi:

Stable Diffusion Online xizmatidagi maxsus maydonda generatsiya qilinadigan tasvirda boʻlmasligi kerak boʻlgan tafsilotlarni koʻrsatish mumkin. Masalan, Angelic red apple on a cloud soʻrovi uchun neyrotarmoq farishtalarni chizmasligini koʻrsatish mumkin. Yonida uslubni tanlash menyusu mavjud. “Fantaziya”ni tanlaymiz va natijaga qaraymiz:

Shedevrum uchun soʻrovlarga koʻproq tafsilotlar qoʻshing 

Shedevrum — Yandeksning tasvir va davriy animatsiyalarni generatsiya qilish uchun moʻljallangan bepul neyrotarmogʻi. Undan foydalanish uchun Google Play yoki App Storeʼdan ilovani yuklab, avtorizatsiyadan oʻtish kerak.

Umuman olganda, soʻrovlar tuzishning yuqorida sanab oʻtilgan barcha tamoyillari Shedevrum bilan ishlashda ham qoʻllanadi. Ilovada eng oxirgi va yaxshi ishlar aks etadigan tasma mavjud — undan gʻoyalar topishda foydalanish mumkin. Shedevrumʼning muhim xususiyati shundaki, u rus tilidagi promptlarni yaxshi tushunadi.

Kandinsky uchun soʻrovlarda rus madaniyatiga havolalar qilamiz 

Kandinsky (ruDALL-E) — Sber AIʼning rasm va qisqa videolarni generatsiya qiladigan neyrotarmogʻi. Kompaniya uni 2021-yilda taqdim etgan. Soʻnggi versiya kontekstni avvalgilaridan yaxshiroq tushunadi va rus madaniyati haqida koʻp narsani biladi. Shuning uchun Cheburashka kabi rus yoki sovet multfilmi personajini generatsiya qilmoqchi boʻlsangiz, u holda buning uchun aynan Kandinsky koʻproq mos keladi.

Modeldan foydalanish huquqini ruDALL-E, Fusion Brain portalida, Telegram bot yoki Android uchun moʻljallangan “Salyut” ilovasida olish mumkin.

ruDALL-E veb-saytidan roʻyxatdan oʻtmasdan foydalanish mumkin. Sahifada soʻrovni kiritish uchun maydon hamda tomonlar nisbati, oʻlchami va uslubini tanlash menyusi mavjud.

Fusion Brain veb-ilovasidan foydalanish uchun roʻyxatdan oʻtishingiz kerak boʻladi, ammo u generatsiya uchun koʻproq imkoniyatlarga ega. Masalan, bitta xolstga bir nechta variantni joylashtirish va eng munosibini tanlash mumkin. Bundan tashqari, Fusion Brain video va animatsiyalar yaratish imkonini beradi.

Videoni qanday generatsiya qilish mumkin?

Kandinsky hozircha faqat qisqa videolarni yarata oladi. Animatsiyaning maksimal davomiyligi 7 soniya, videoniki esa — 4 soniya. Generatsiya uchun:

  • Muharrirda “Video” qoʻshimcha sahifasi tanlanadi.

  •  “Model” punktida kontent turi — animatsiya yoki video tanlanadi. “Oʻlcham” menyusida tomonlar nisbatini koʻrsatish mumkin.

  • Animatsiya generatsiyasi uchun har bir kadrda nima sodir boʻlishini tavsiflash, shuningdek, kamera yoʻnalishini tanlash kerak.
  • Video yaratishda shunchaki promptni belgilash mumkin.

Kandinsky yordamida yaratilgan videolarga misollar:

 

ChatGPT uchun soʻrovlarda kontekstni, albatta, tavsiflaymiz


ChatGPT — OpenAI ishlab chiqaruvchisining GPT katta til modeliga asoslangan chatboti. U maqolalar yozishi, gʻoyalar yaratishi, kontent rejalar tuzishi va ijtimoiy tarmoqlar uchun postlar tayyorlashi mumkin.

Chatbotning rasmiy veb-sayti Rossiyada ochilmaydi, ammo kompaniyaning ommaviy APIʼsi mavjud. Uchinchi tomon ishlab chiquvchilari undan ChatGPT qoʻllab-quvvatlaydigan Telegram botlarni yaratishda foydalanadi.

Neyrotarmoq koʻplab tillarni, jumladan, rus tilini tushunadi. Har doim kutilgan natijaga erishish uchun soʻrovlarni tuzishda aniq strukturaga rioya qilish muhimdir:

  • Rol. Promptni chatbotning rolini tavsiflash bilan boshlang. Masalan, u katta tajribaga ega marketolog yoki psixolog boʻlishi mumkin.
  • Topshiriq. Keyin ChatGPTʼga nima istayotganingizni ayting. Buning uchun harakatlar tavsifidan foydalaning: “yoz”, “oʻylab top” yoki “tahlil qil”.
  • Kontekst. Soʻrov maqsadi va kirish maʼlumotlarini berib, ChatGPTʼni voqif qiling. Agar kontent rejani generatsiya qilmoqchi boʻlsangiz, yakuniy maqsad haqida yozing.
  • Format. Javob qaysi formatda boʻlishi kerakligini koʻrsating: jadval, elektron xabar, ssenariy yoki maqolalar.
  • Ohang. Chatbotdan hamkasblarga xabar yaratish uchun foydalansangiz, u holda ishbilarmonlik muloqot uslubidan foydalanish kerakligini koʻrsating.

ChatGPT uchun batafsil prompt quyidagicha koʻrinishda boʻlishi mumkin: “Tasavvur qil, sen oʻn yillik tajribaga ega marketologsan. Men uch oy ichida taʼlim sohasidagi blogim obunachilari sonini 1000 dan 5000 nafargacha oshirmoqchiman. Menga bu maqsadga erishishga yordam beradigan oylik kontent rejasini taklif qil. Reja jadval shaklida boʻlishi kerak”. Bu soʻrovga neyrotarmoq quyidagini generatsiya qiladi:

GigaChat uchun soʻrovlarda kreativroq boʻlishni soʻraymiz 

GigaChat — Sber AI dasturchilari ishlab chiqqan katta til modeli. U ChatGPTʼga oʻxshaydi, lekin u rus tilidagi datasetda oʻqitilgan. GigaChatdan foydalanish huquqini veb-sayt yoki Telegram bot orqali olish mumkin.

Neyrotarmoq savollarga javob berishi, maqolalar yozishi va gʻoyalar generatsiya qilishi mumkin. Uning asosiy afzalligi — rus tilini yaxshi biladi. ChatGPT ingliz tilini yaxshiroq tushunadi, javoblarini esa shunchaki rus tiliga tarjima qiladi va bu baʼzan natija sifatiga taʼsir qiladi.

GigaChatʼdan rus tilidagi matnlar bilan ishlashda yoki kreativlar generatsiya qilishda foydalanish mumkin. Chatbot soʻz oʻyini asosida hazil, shior va qoʻshiqlar oʻylab topishi mumkin. Shuningdek, GigaChat Telegram botida yaqinlar uchun tabriknoma yaratish mumkin:

  • Dastlab “Tabriknoma yaratish” buyrugʻini yuborish va bir nechta oydinlashtiruvchi savollarga javob berish kerak.

  • Neyrotarmoq bu maʼlumotlardan kichik bir sheʼr yozishda foydalanadi:

Ilhomni qayerda izlash kerak?

Promptlar tuzish koʻnikmalarini maxsus veb-saytlar yordamida oshirish mumkin. Ularda ishqibozlar eng yaxshi soʻrovlarni natijalar bilan chop qiladi va ularni oʻz maqsadlaringizga koʻra moslashtirishingiz mumkin:

  • Lexica. Bir marta bosish bilan nusxa koʻchirish mumkin boʻlgan promptlarga ega, katta neyroart kutubxona. 

  • OpenArt. Foydalanuvchilar tomonidan generatsiya qilingan, soʻrovlar va parametrlarning batafsil tavsifi keltirilgan tasvirlar galereyasi.

  • Shedevrum. Ilova tasmasida foydalanuvchilar ishi koʻrsatiladi. Ulardan yangi gʻoyalar uchun foydalanish mumkin.

  • GigaChat. Sber AI ishlab chiqish jamoasi bilimlar bazasida eng yaxshi promptlarni toʻplaydi. Soʻrovlar bilan birga javoblar namunasi ham nashr etiladi.

Promptlarni yaratish uchun yordamchilar

Generativ modellardan tashqari, soʻrovlarni tayyorlaydigan maxsus xizmatlar mavjud:

  • Promptomania — Midjourney uchun promptlar konstruktori. Uning yordamida uslublar, kamera sozlamalarini tushunib olish va murakkab soʻrovlarni tezda yaratish mumkin.

  • ChatGPT Prompt Generator — chatbotning rolini batafsil tavsiflovchi soʻrovlar tuzishga yordam beradigan xizmat. Bunday soʻrovni qayta ishlagandan soʻng bot muntazam iboralar boʻyicha mutaxassis, yozuvchi yoki dasturiy taʼminot arxitektori sifatida javob beradi.

  • Neural Writer — 27 ta tilni qoʻllab-quvvatlaydigan prompt generatori. Xizmat soʻrovni olib, uni ChatGPT uchun moslashtiradi.

  • GPTprompt — soʻrovlarni rus tilida tuzishda yordam beradi.

 

Manba: Промпты для нейросетей: как правильно писать запросы к ChatGPT и другим нейронным сетям

#Sunʼiy intellekt
Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
skillbox.ru

skillbox.ru