Ochiq dars

Darsda soʻzsiz multfilmlardan foydalanish

Akademik natijalarni oshiruvchi, darsni qiziqarli qiluvchi, oʻquvchilar tasavvurini kengaytiruvchi metod haqida.

Tarmoqlarda mana bunga oʻxshash – soʻz qatnashmagan animatsion filmlarga koʻzingiz tushgan boʻlsa kerak. Bunday filmlar til va adabiyot oʻqituvchilari uchun darsni yanada qiziqarli va interaktiv oʻtkazishga yordam beradi. Oʻquvchilarda ijodkorlikni rivojlantirish, muloqot ko‘nikmalarini oshirish va ularni dars jarayoniga jalb qilishda juda ham samarali vosita boʻla oladi. Qanday qilib deysizmi? Maqolada aynan shu haqida soʻz yuritamiz.

Soʻzsiz animatsion filmlarning qanday qulayliklari bor?

Bunday turdagi filmlarni istalgan til oʻqituvchisi – xoh oʻzbek, xoh qoraqalpoq, xoh ingliz tili boʻlsin, bemalol qoʻllay oladi. Negaki ularda umuman soʻz qatnashmaydi. Barcha narsa qahramonlar harakatlari orqali ifodalanadi. Bundan tashqari, bunday filmlarning deyarli hammasi qisqa boʻladi. Davomiyligi 1–2 daqiqadan 20–25 daqiqagacha boradi. Ayni shu jihat ularni dars davomida qoʻllashni yanada qulaylashtiradi.

Nega darslarda soʻzsiz animatsion filmlardan foydalanish kerak?

Til darslarida so‘zsiz animatsion filmlardan foydalanishning bir qancha afzalliklari bor. Bunday filmlar o‘quvchilarning tasavvuri va ijodiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirishda samarali vosita hisoblanadi. Ular o‘quvchilarga hikoya qilinayotgan voqealarni o‘z nuqtayi nazaridan talqin qilish imkonini beradi. Shu orqali til ko‘nikmalarini mustahkamlashga yordamlashadi.

Ijodkorlikni oʻstirish. Dialog-u monologlarsiz filmlar oʻquvchilarga voqeani tasvir orqali tushunish, matnni oʻzicha tasavvur etish imkonini beradi. Bu ulardagi ijodkorlikka keng yoʻl ochadi.

Ogʻzaki va yozma nutqni rivojlantirish. Oʻquvchilar filmni ovozlashtirishi, voqea asosida matn, ssenariy yaratishi, syujetni qayta soʻzlab berishi yoki muqobil yakunlarni oʻylab topishi mumkin. Bunday topshiriqlarni ogʻzaki yoki yozma tarzda bajarish oʻquvchilarda bu koʻnikmalarning yaxshi rivojlanishiga yordam beradi.

Tanqidiy fikrlashni rivojlantirish. Asardagi har bir belgi, qahramonlar yuz ifodasi va xatti-harakatini tahlilga tortish, ularning qanday mazmun tashiyotganini aniqlash, personajlarning his-tuygʻularini tushunish oʻquvchilarda tanqidiy fikrlash koʻnikmalarini oʻstiradi.

Barcha oʻquv uslublarini qamrab olish. Bunday topshiriqlar sinfdagi har qanday oʻrganuvchiga mos metod qoʻllash imkonini beradi. Yaʼni birgina kichik animatsion film atrofida koʻplab topshiriqlarni bajarish mumkin. Til va adabiyot darslarida rivojlantirilishi kerak boʻlgan nutqiy koʻnikmalarning barchasini qamrab olish imkoniyati mavjud.

Qanday topshiriqlar tuzish mumkin?

Yuqorida aytganimizdek, bunday animatsion filmlardan til va adabiyot darslarida rivojlantirilishi kerak boʻlgan har qanday koʻnikma ustida ishlashda foydalanish mumkin. Quyida ayrim topshiriqlar bilan tanishamiz.

Syujet elementlarini oʻrgatish. Aytaylik, siz dars davomida oʻquvchilarga prolog, ekspozitsiya, tugun, voqealar rivoji, kulminatsiya, yechim, epilog kabi syujet elementlarini tushuntirmoqchisiz. Bunda “Toshkesarlar” (Wire Cutters) videosi qoʻl kelishi mumkin. Dastlab, syujet elementlari haqida qisqacha maʼlumot berasiz. Shundan soʻng videoni qoʻyib, syujet elementlari qanday aks etganini soʻrasangiz boʻladi. Videoda syujet elementlarining barchasi qoʻllangani, ularni topish birmuncha osonligi hamda tartibi buzilmagani oʻquvchilar tushunib olishi uchun qoʻshimcha qulaylik yaratadi. Topshiriqni ogʻzaki yoki yozma tarzda amalga oshirish mumkin. Yozma tarzda oʻtkazishni istasangiz, ushbu tarqatmadan foydalaning.

Ogʻzaki nutqni oʻstirish. Aytaylik, dublyaj usulidan foydalanib, oʻquvchilarning ogʻzaki va yozma nutqini rivojlantirmoqchisiz. Buning uchun biror filmni olib, ovozlarini oʻchirib tashlashga hojat yoʻq. Sizga bu ishda soʻzsiz animatsion filmlar juda qoʻl keladi. Toʻgʻri, bu filmlarda qahramonlarning ogʻzi qimirlamaydi, ammo ularning harakatlari ortida, albatta, soʻz bor. Oʻquvchilar avval filmni yaxshilab koʻrib chiqishi, har bir hissiyot yoki mimika ortida nima turganini taxmin qilishi va mustaqil ssenariy yaratishi lozim boʻladi. Ana shundan keyin dublyaj jarayoniga oʻtish mumkin. Bu topshiriqni guruh boʻlib bajarish lozim. Tartibi quyidagicha:

  1. Sinfni 3–4 kishilik guruhlarga boʻling. Bunda guruhning kamida bitta aʼzosida telefon yoki noutbuk boʻlishi shart. Aks holda filmni tomosha qila olishmaydi.

  2. “YouTube” platformasidagi soʻzsiz multfilmlarni taqsimlab bering (har bir guruh uchun alohida film boʻlgani maʼqul, ammo barcha guruhga bitta filmni berish ham mumkin).

  3. Har bir guruh oʻziga berilgan film asosida ssenariy yozishi uchun vaqt belgilang.

  4. Jamoalarga dublyaj jarayoniga tayyorlanib olishi uchun vaqt bering.

  5. Taqdimot. Guruhlar navbati bilan oʻz dublyajini jonli namoyish qilishi kerak. Proyektor yoki monitor orqali videoni qoʻyasiz, guruh aʼzolari uni ovozlashtirishi lozim boʻladi.

  6. Baholash bosqichi (guruh ishlarini baholash haqida bu yerda yozganmiz).

Tahlil uchun topshiriq. Soʻzsiz animatsion filmlarni tomosha qilgach, ular asosida suhbat tashkillash, oʻquvchilarning tushunganini tekshirish orqali tahlil qilish, yozma nutq (yoki ogʻzaki nutq) koʻnikmalarini rivojlantirish mumkin. Masalan, quyidagi uch videodan foydalanib, oʻquvchilar bilan qiziqarli suhbat oʻtkazsa, tahlil yuzasidan yozma javoblarni olsa boʻladi.

  1. Oʻquvchilarga ushbu tarqatmani berasiz.

  2. Har bir topshiriq uchun alohida video qoʻyib berishingizni, vazifani videoni koʻrib boʻlgach bajarish kerakligini tushuntirasiz.

  3. Ushbu 3 videoni ketma-ket qoʻyib berasiz.

            1-video: “Toshkesarlar”

            2-video: “Odam oʻz uyiga chiqindi tashlamaydi”

            3-video: “Dengiz yaratuvchi”

            Unutmang, yozma topshiriqni hamma video yakunlangach emas, har bir video orasida tegishli qismini bajartirish lozim.

  1. Ishlarni yigʻib olasiz, baholaysiz (oʻquvchilar oʻz ishini almashtirib, bir-birini baholashi ham mumkin).

  2. Dars oxirida toʻgʻri (yoki namunaviy) javoblarni eʼlon qilasiz.

Feʼllar roʻyxatini tuzish. Oʻquvchilarga istalgan soʻzsiz animatsion filmni qoʻyib berib, undagi harakatlarni soʻzda ifodalash kerak boʻlsa, qanday feʼllardan foydalanish mumkinligini soʻraysiz. Masalan, yuvmoq, qochmoq, yugurmoq. Bundan tashqari, vaziyatga mos iboralarni izlab topish topshiriqlarini ham berish mumkin.

Shaxsni tavsiflash. Soʻzsiz multfilmlardan istalgan birini tomosha qilgach, qahramonlarning tashqi koʻrinishini tasvirlash (semiz, oriq, nimjon, pakana, qari, mallasoch, qirraburun) yoki xarakter-xususiyatini tavsiflash (masalan, halol, dangasa, mehribon) topshiriqlarini berish mumkin. Bunda ushbu tarqatmadan foydalansangiz boʻladi.

Soʻzsiz animatsion filmlarni boshqa fan oʻqituvchilari ham samarali qoʻllashi mumkin. Ulardagi turli voqealardan oʻz faningizni oʻqitish maqsadida foydalansangiz boʻladi. Masalan, qaysidir filmda kimdir nimadir ixtiro qiladi, siz oʻsha narsaning chizmasini chizishni, foydali ish koeffitsiyentini hisoblashni topshiriq qilib berishingiz mumkin. Aytaylik, biologiya yoki tabiiy fanlardan dars berasiz, “Payper” (Piper) filmida qushlarning ov qilish usullari, ularning instinktlari va tabiatga moslashishi koʻrsatilgan. Undan hayvonlarning xulq-atvori va yashash muhitiga moslashishi haqida suhbatlashish, ozuqa zanjiri, ekologik muvozanat kabi mavzularda misollar keltirish maqsadida foydalanish mumkin. Yoki “Qalampir” (Ice Pepper) filmidagi voqealar asosida qalampir qanday qilib muzni eritayotgani haqida savollar bersangiz boʻladi.

Oʻylaymizki, soʻzsiz animatsion filmlar bilan darsingizni yanada boyitasiz, qiziqarli va samarali oʻtkazasiz.

Tavsiya qilinadigan filmlar roʻyxati

  1. Parvoz

  2. Bahor

  3. Oy

  4. Shirinlik uchun kurash

  5. Vaqtni quvlab

  6. Dangasalik urugʻi

  7. Doʻst

  8. Kabutar: uddalab boʻlmas topshiriq

  9. Soyabonlar 

  10. Qanot

Maqola haqidagi fikrlaringizni oʻzimizga yoki muhokama guruhiga yozishingiz mumkin.

#ochiq dars
Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
https://assets.mohirdev.uz/others/1e790de6-3323-4fe0-8f06-5c9f6b1256a6.original.jpeg

Shokir Tursun | Ochiq dars