Boshqalar

Oliy maʼlumotsiz ham dasturchi boʻlish mumkinmi? Mutaxassislar javob beradi

Dasturchi boʻlib ishga kirish uchun oliy maʼlumot yoki pulli kurslardagi taʼlim kerakmi? Kompaniya rahbarlari, lid va oddiy AyTi mutaxassislar bilan ushbu mavzuni muhokama qilamiz.

Yangi boshlayotgan va tajribali AyTi mutaxassislarga moʻljallangan dasturlash kurslari tobora koʻpayib bormoqda. Koʻpgina kompaniyalarda nomzodlardan oliy maʼlumot talab qilinadi. Shu bilan birga, internetda maʼlumotsiz, mustaqil oʻrgangan dasturchilar zoʻr ish topgani haqida koʻplab hikoyalar bor.

Mustaqil bilim olish yaxshi kompaniyadagi ishni taʼminlay oladimi yoki u faqat asosiy taʼlimga qoʻshimcha boʻlishi mumkinmi? Koʻrib chiqamiz.

Rahbar va lidlar maʼlumotsiz dasturchilar masalasida nima deydi?

Aleksandr Bochkin
Infomaksimum bosh direktori

AyTi kompaniyasining bosh direktori va shunchaki bu sohada uzoq vaqtdan beri boʻlgan kishi sifatida quyidagilarni ayta olaman: 

Yaxshi xabar — ixtisoslashgan maʼlumotsiz va mustaqil ravishda olingan bilimlar bilan AyTiga kirish mumkin. Masalan, dasturchilarimiz orasida fizik, biolog, uchastka noziri boʻlib ishlaganlar ham bor. Qiziqarli keyslardan biri — yengil atletika boʻyicha oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlari medali sovrindori boʻlgan dasturchi bor edi. 

Yomon yangilik bu —  qiyin. Ammo nomzod yetarli koʻnikmalarga ega boʻlsa, u dasturlash yoki testdan oʻtkazishda junior pozitsiyalariga talabgor boʻlishi mumkin...

"Diplomsiz nomzod dastlabki suhbatda oʻzini yaxshi tomondan koʻrsatsa, boshqalar bilan bir xil imkoniyatga ega boʻladi — u test topshirigʻi oladi va uning asosida ishga joylashish boʻyicha qaror qabul qilinadi. Bizdagi bir keysda kishi zavoddagi metodist kasbini oʻzgartirishga qaror qilib, Python boʻyicha ixtisoslashtirilgan kursga qatnay boshlagan, jarayon davomida YouTubeʼdagi JavaScript video kursiga oʻtgan va keyin bizga kelgan. Lekin offerni u ikkinchi urinishda oldi, hozir esa timlid. 

Onlayn kurslarga qatnashmagan nomzod boʻsh ish oʻrniga talabgor boʻlishga qaror qilsa, uning ishga joylashish imkoniyatlari boshqa nomzodlarniki bilan mutlaqo bir xil boʻladi... 

 

Aleksandr Shapovalov
Dasturiy taʼminot muhandisi, Siroca timlidi, axborot tizimlari arxitektori


...Nomzodlarni tanlash tajribamga koʻra bilamanki, AyTi sohasida diplom muhim emas, balki bilim va ish tajribasi, texnik topshiriqning yaxshi bajarilishi har qanday qizil diplomga qaraganda ancha ahamiyatli. 

Men ishlash baxtiga muyassar boʻlgan kompaniyalarda mustaqil bilim olganlar soni oʻrtacha 40—60 foizni tashkil etib, ular orasida bozorning oʻrtacha koʻrsatkichidan yuqori maosh oladigan yetakchi mutaxassislar bor edi.

Har bir zamonaviy talaba yoki hatto oʻrta maktab oʻquvchisi bir yildan keyin tanlangan texnologiya boʻyicha stajyor va kichik mutaxassis boʻlish uchun 6—12 oy davomida, kuniga 4—8 soat vaqt topishi mumkin. Koʻplab frilans birjalar esa ish tajribasiga ega boʻlish imkonini beradi. Hozirgi kunda oʻzingizga doim kodingizni tuzatishga yordam beradigan, nima va nega ishlamayotganini tushuntirib beradigan shaxsiy oʻqituvchi — ChatGPT koʻrinishidagi sunʼiy intellekt yordamchini topib, mustaqil oʻrganish jarayonini tezlashtirish mumkin.

Shuning uchun AyTi sohasiga qiziqqan har bir kishiga hozir qayerda oʻqishi yoki ishlashidan qatʼi nazar, birinchi navbatda mustaqil oʻrganishni, oʻz loyihalarini yozishni, frilansda buyurtmalar olishni maslahat beraman, ixtisoslashgan maʼlumotingiz mavjudligidan qatʼi nazar, faqatgina AyTidagi amaliyot orqali talabgir mutaxassis boʻlishingiz mumkin.

 

Aleksandra Balod 
ex-COO AyTi mahsulot kompaniyasi, kouch, trener

...Ha, mustaqil oʻrgangan kishi ish topishi mumkin, ammo bu anchagina saʼy-harakat talab etiladi. Bunday nomzodlar ishni koʻpincha kichik dasturchi, tahlilchi, biznes tahlilchi, loyiha menejeri, marketolog, foydalanuvchilarni qoʻllab-quvvatlovchi, dizayner pozitsiyalaridan boshlaydi.

Bu yerda deyarli hech bir cheklov yoʻq, chunki AyTi sohasi faqatgina dasturiy taʼminotni ishlab chiqish bilan bogʻliq ishgina emas. Men xodimlar menejeri boʻlgan, keyinchalik esa loyiha menejeriga aylangan va hozirgi paytda texnik jamoalarga yordam beradigan kishini bilaman. Baʼzan suhbatda ofis menejerlari keyinchalik testdan oʻtkazish boʻlimiga oʻtish istagini bildiradi va buning imkoniyati bor. Koʻplab kompaniyalar ichki taʼlimni ragʻbatlantiradi va kadrlar zaxirasini bajonidil rivojlantiradi. Asosiysi, moʻjizani kutmay, rivojlanish uchun tashabbus koʻrsatish lozim.

...Ixtisoslashgan taʼlim yoki kurslar baʼzan ancha strukturalangan yondashuvni, mavzu boʻyicha keng va chuqurroq bilimlarni beradi. Ammo u oʻquvchilarning muvaffaqiyatiga kafolat bermaydi, chunki fikrlash qobiliyati va mustaqillik faqat insonning oʻziga bogʻliq.

Mustaqil oʻrganish va amaliy mashgʻulotlarga koʻp vaqt sarflab, topshiriq hamda ustuvorliklarni mustaqil ravishda tushunishga qodir boʻlsangiz, oʻrganayotgan narsangiz sizga chindan ham qiziq boʻlsa, bu suhbat paytida foydali boʻladi.

...Ish beruvchini birinchi navbatda haqiqiy koʻnikma va bilimlar qiziqtiradi, agar portfoliongiz boʻlsa, bu katta ustunlik beradi. Bajarilgan ishlar toʻplamini yaratish uchun frilansda loyihalar olishga harakat qilishingiz mumkin, bu professional sohaga boʻlgan qiziqishingiz va ozroq boʻlsa ham ish tajribangizni koʻrsatadi. Test topshiriqlarini bajaring, ular bilan portfoliongizni toʻldirishingiz mumkin. Rezyume tayyorlang, u boʻsh boʻlmasligi kerak, unda stajirovka yoki mustaqil oʻrganish paytida orttirgan koʻnikmalaringizni koʻrsating...


AyTi mutaxassislarning oʻzi nima deydi?

Andrey Makarov
Lead developer Islamic Coin

Mazkur sohada yurganimga 10 yildan oshdi (12-yil edi chogʻi, hatto hisobdan ham adashib ketdim) va bunga hozir hamma joyni bosib ketgan onlayn maktablar boʻlmagan paytda kelganman. Oliy maʼlumotim bor, lekin oʻqishga mutaxassisligim boʻyicha 2 yillik ish tajribasini orttirgandan soʻng, u ham boʻlsa hamkasblarimning diplomsiz barcha yoʻllar yopiqligi haqidagi nolishlarini tinglashdan charchaganimdan keyin borganman.

Sohaga mustaqil oʻrganib kelganman. Birinchi ish joyimga baxtli tasodif tufayli kirganman, men oʻsha kompaniyada boshqa lavozimda ishlardim va oʻzimni yaxshi tomondan namoyon etganim uchun imkoniyat berildi. Keyingi joylarning hammasiga faqat bilimim bilan oʻtdim. Hamma ish joylarimda hech qachon diplom soʻrashmagan, faqat aynan tajribam yoki topshiriqlarni hal qilish qobiliyatim bilan qiziqishgan.

Diplomingiz boʻlmasa yoki sizni bir hafta ichida seniorga aylantiradigan kurslarda oʻqimagan boʻlsangiz-da, agar faollik koʻrsatsangiz, sizni ishga olishlari mumkin. Agar tinglashlariga shubha qilsangiz, har doim suhbat boshlanishidan oldin potensial ish beruvchiga bunga qiziqishingiz borligi va koʻnikmalaringizni muloqot boshlanishidan oldin namoyish etishga tayyor ekaningizni koʻrsatish maqsadida kichik test sinovini oʻtkazishni soʻrashingiz mumkin. Bundan tashqari, portfolio kengayadi. Shu bilan birga, Githubʼdagi akkauntingizga joylashtirilgan bir nechta demo loyihangiz (faqat iltimos, kurslarda berilganlar emas, fikrimcha, potensial ish beruvchiga bir xil repozitoriylarni koʻrishning umuman qizigʻi yoʻq, olomondan ajralib turing) ham yaxshi ish beradi. Shuningdek, biror katta kompaniyada stajirovka oʻtashga urinib koʻrish mumkin, rezyumeda u yerda (albatta, agar oʻsha kompaniya keyinchalik offer bermasa) amaliyot oʻtaganingiz haqidagi satr birinchi yaxshi maosh toʻlanadigan joyni topishda katta yordam berishi mumkin.

Biroz Reddit foydalanuvchilaridan oliy maʼlumotga ega boʻlmagan dasturchilar haqida

dapper_Dev 

Mening darajam yoʻq va ish topishda ham hech qanday muammo mavjud emas. Lekin bu asosan uzoq vaqt mashq qilganim va qilayotgan ishim haqida juda chuqur bilimlarni oʻzlashtirganim bilan bogʻliq. 

Men suhbatlashgan mustaqil oʻrganganlarning aksariyati faqat yuzaki bilimga ega edi, shuning uchun kompaniyalar bunday kishilarga ishonmay qoʻydi. 

Siz hali ham tajribasiz va diplomsiz holda ish topishingiz mumkin, ammo haqiqatan ham ajralib turishingiz kerak. Kamdan kam uchraydigan yoki biron ancha muhim narsa bilan shugʻullaning, konferensiyalarda muloqot qilishga harakat qiling. Har qanday pet loyihadan koʻra shaxsiy aloqalarning koʻproq foydasi tegadi.

mikolv2 

Bugungi kunga qadar men birga ishlagan eng yaxshi dasturchi kollej yoki universitetga bormagan, dasturlashga mukkasidan ketgan, daho, oʻz fikrlarini juda yaxshi tushuntira oladigan, boshqalarga yordam beradigan va hammasini mustaqil oʻrgangan yigit edi. 

U kabi odamlar uchun har doim joy topiladi. Ammo TikTok va YouTubeʼda odamlar dasturiy taʼminot ishlab chiqaruvchisi boʻlish uchun bitta qisqa bepul kurs yetarli boʻlishini aytadigan koʻplab videolar mavjud. Natijada biz jon-jahdi bilan kod yozishga urinayotgan bir toʻda “maʼlumoti yoʻq dasturchilar”ga ega boʻlamiz. 

Feev00 

Agar mustaqil oʻrgangan boʻlsangiz, haddan tashqari zoʻr boʻlishingiz kerak. Rezyumeda qancha texnologiyani bilishingizni koʻrsatganingiz muhim emas. Sizga jiddiy portfolio va koʻp narsalar asosidagi chuqur nazariy bilimlar kerak boʻladi. 

Nomzodlarni saralash vaqti kelganda, eʼtibor maʼlumoti borlarga qaratiladi. Siz ish beruvchi sifatida ular nazariy bazaga, jamoada ishlash tajribasiga, qandaydir portfolioga ega ekanini bilasiz. 

Bundan tashqari, yaxshi oʻquv dasturi... kompaniyadagi ishga taqlid, murakkab loyihalarni tayyorlash, mehnat bozoriga shoʻngʻishdir. Odamlarni yollayotganda, ehtimol, yomon boʻlmaganlarni emas, balki hech boʻlmaganda asoslarni biladigan, amaliyot oʻtagani aniq va oʻzi haqida fikr-mulohaza olganlarni tanlashni xohlaysiz.

Velascu 

Shubhali kurslardan koʻra kitoblar oʻqing. Odatda kitoblarda hamma narsa chuqurroq, ehtimol, magistrlik dasturi darajasida koʻrib chiqiladi. 

...Agar bir necha yil davomida mustaqil oʻrganib va dasturlashtirib, professional boʻlishingiz mumkin. ...Balki, universitet bitiruvchilaridan ham ancha yaxshi boʻlishingiz mumkin. 

Loaqal, universitetda oʻqigan mavzularim haqida juda kam maʼlumotga egaman, lekin oʻzim oʻrgangan narsalarni juda yaxshi bilaman. Aynan ikkinchisidan eng qiziqarli va jozibali loyihalar paydo boʻladi.

Manba: Реально ли стать программистом без образования — отвечают эксперты

#oliy ta'lim
Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
Tproger

Tproger