Bu nima?

Open Source: yangi boshlayotganlar uchun

Open Source yoki turli xil AyTi yechimlarni yaratish uchun qo‘llanadigan ochiq kodli texnologiyalar. U yuqori texnologiyalar va axborot ta’minoti sohasidagi eng istiqbolli yo‘nalishlardan biridir. Maqolada batafsil shu haqida soʻz yuritamiz.

Ochiq dasturiy ta’minotning keng tarqalishiga 1988-yili Nyu-Yorkda Richard Stallman asos soldi. U Erkin dasturiy ta’minot harakati va Dasturlash erkinligi ligasining asoschisidir. Stallman erkin dasturiy ta’minot ishlab chiqishning asosiy tamoyillari: dasturlardan erkin foydalanish, ularni o‘rganish, tarqatish va takomillashtirish huquqini e’lon qildi.

O‘sha paytda Stallman 1991-yilgacha yaratilgan birinchi ochiq operatsion tizim – GNUʼni ishlab chiqishni boshladi. Xuddi shu yili dasturchi Linus Torvalds mustaqil ishlaydigan va haligacha keng qo‘llanadigan GNU/Linux operatsion tizimining paydo boʻlishini taʼminlagan ochiq kodli Linux yadrosini yaratdi.

1990-yillarda ochiq kod asosida yaratilgan dastlabki mashhur dasturlardan biri Navigator brauzeri edi. Keyinchalik uning boshlang‘ich kodi Mozilla Firefox uchun asos bo‘ldi.

Millionlab odamlar har kuni foydalanadigan dasturlar: Google Chrome, Opera, Blender 3D xizmati, Telegram, Android smartfon va planshetlari uchun operatsion tizimlar Open Source tamoyillari asosida ishlab chiqilgan.

Open Sourceʼning oʻzgachaligi nimada va nimalarga yechim beradi?

Ochiq kodning asosiy g‘oyasi — barcha foydalanuvchilarning dasturiy ta’minotdan cheklovlarsiz foydalanish erkinligi. Harakat yetakchisi, Open Source Initiative asoschilaridan biri Bryus Perensning fikriga ko‘ra, bu dasturiy ta’minot bilan o‘zaro munosabatda boʻlishning byurokratiya va ortiqcha murakkabliklarni istisno qiladigan usulidir.

Open Source’dan moliyaviy xizmatlar, sog‘liqni saqlash, ishlab chiqarish, davlat sektori kabi keng ko‘lamli sohalarda muammolarni yechish uchun faol foydalanilmoqda.

Ochiq manba kodi mutaxassislarga dasturiy ta’minotni boshidan yaratishda paydo bo‘ladigan kundalik vazifalarni hal qilish o‘rniga yangi, qiziqarli va ijodiy loyihalar ustida ishlash imkonini beradi. Open Source dasturchilari dunyoning istalgan burchagidagi hamjamiyatning barcha a’zolari uchun dolzarb bo‘lgan mahsulotlar yaratayotganini tushunib yetadi. Birgalikda amalga oshirilayotgan bunday ishlar va har qaysi insonning soha rivojiga qo‘shayotgan hissasini baholash qiyin.

Open Source’ning jahon AyTi sohasida tutgan o‘rni

Open Source AyTi texnologiyalarining global rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi. OpenLogic hisobotiga ko‘ra, 2023-yilda AyTi kompaniyalarning 95% i ochiq kodli dasturiy taʼminotdan foydalanishni ko‘paytirgani, saqlab qolganini ma’lum qilgan.

Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, ochiq kodli yechimlarning global bozori hajmi 2022-yilda 25 mlrddan 28 mlrd dollargacha yetgan. Mutaxassislar 2027-yilga kelib, bu raqam ikki baravarga ortishini taxmin qilmoqda.

Open Source millatlararo hamjamiyati millionlab dasturchilarni birlashtiradi. Eng yirik dasturiy taʼminot platformasi bo‘lgan GitHub’ning oʻzidan 100 mlndan ortiq dasturchi foydalanadi.

Yo‘nalishning dolzarbligini HeadHunter va LinkedIn kabi Rossiya hamda xalqaro rekruting platformalaridagi bo‘sh ish o‘rinlari soni ham tasdiqlaydi. Bugungi kunda WildFly yoki Oracle serverlarida ishlaydigan mutaxassislarga boʻlgan talab tobora kamayib boryapti. Buning oʻrniga Kubernetes, React, Postgres va ochiq kodda ishlaydigan boshqa DTga ixtisoslashgan dasturchilarga talab ortyapti.

Shu bilan birga, Open Source birinchi navbatda dasturchilar uchun ajoyib yechim. Iste’molchilar uchun esa unday emasligini ta’kidlovchi fikr ham mavjud.

Biznes uchun eng samarali dasturiy ta’minot modeli ochiq va xususiy manba kodlarining uyg‘unligidan iborat. Shuni ta’kidlash lozimki, tijorat dasturlari texnologik jihatdan ochiq dasturlardan tobora ortda qolmoqda. Biroq ular yaqin kelajakda butunlay o‘tmishga aylanmaydi.

Ochiq manba kodiga asoslangan texnologiyalarning kompaniyalar uchun qanchalik jozibador ekanini Microsoft misolida ko‘rishimiz mumkin. Kompaniya 2008-yili korporatsiya mahsulotlarini Linux asosidagi dasturlar bilan integratsiyalash uchun 10 mln dollar mablag‘ sarfladi. Keyinchalik AyTi gigant .NET va Visual Studio Code kabi loyihalarining kodlarini oshkor etdi. 2018-yilda esa 7,5 mlrd dollarga GitHub’ni sotib oldi.

Open Sourceʼning AyTi sohasi rivojlanishiga ta’siri

Ochiq kodli yechimlarning keng tarqalishi sohaning rivojlanishini sezilarli darajada tezlashtirdi. Dasturchilar cheksiz miqdordagi kod variantlarini yaratish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bundan tashqari, bunday yechimlar dasturiy mahsulotlarni muayyan bir ta’minotchiga bog‘liq boʻlmagan holda muvofiqlashtirish va masshtablashni ta’minladi.

Xususiy DTlar raqobatni bo‘g‘ib, AyTi sohaning rivojlanishiga to‘siq bo‘la boshladi. Open Source esa, aksincha, yechimlarni takomillashtirishga salmoqli hissa qo‘shyapti. GitHub yoki Nginx kabi Open Source asosida mahsulotlar yaratgan startaplarda paydo boʻlgan ko‘plab innovatsiyalarni bunga yaqqol dalil sifatida keltirish mumkin.

Ochiq kod tayyor yechimlarni erkin tarqatish va dasturiy ta’minotni modifikatsiyalash imkonini beradi. Xatolarni tuzatish va yaxshilash tijoriy DTga qaraganda tezroq, kamroq xarajat bilan amalga oshiriladi. Ochiqlik tamoyillari innovatsiyalar va texnologik taraqqiyot uchun harakatlantiruvchi kuch bo‘lib xizmat qiladi.

Open Source’ning global miqyosda tarqalishi natijasida AyTining ommabopligi, demokratiklik darajasi, jadal rivojlanishi oshdi. Shuningdek, xususiy DT yetkazib beruvchilarga qaramlikning kamayishi kuzatilmoqda. Dasturiy ta’minot egasi istalgan vaqtda hamkorlik qilishdan bosh tortishi va undan foydalanishni to‘xtatishi mumkinligi sababli bu muammo hammaga tegishli.

Aytish mumkinki, Open Source davlatlar, korporatsiyalar, kichik va o‘rta biznes, tijoriy, ochiq ma’lumotlar o‘rtasidagi chegaralarni bartaraf etadi.

Open Source’ning afzalliklari

Ochiq kodning asosiy ustunliklari haqida GoOpenSource hamjamiyati eksperti, T1 AyTi holdingi DevOps bosh muhandisi va muallifning adashi Ruslan Gaynanov quyidagilarni aytdi:

  • Ochiq kod standartlashtirish va muvofiqlashtirishga imkon beradi

  • U muayyan vazifalar uchun dasturiy komponent, protokol va standartlarning umumiy to‘plami bilan ta’minlaydi. Muvofiq dasturiy va apparat ta’minotini ishlab chiqish hamda joriy etishni osonlashtiradi.

  • Ommaboplik va innovatsiyalar koʻlamini kengaytiradi

  • Dasturchilar mavjud koddan bemalol foydalanishi va uni o‘zgartirishi mumkin boʻlgani uchun Open Source dasturiy ta’minotni yanada qulayroq qilish hamda takomillashtirish imkoniyatlarini kengaytiradi.

  • Yetkazib beruvchilarga qaramlikni kamaytiradi

  • Ochiq kod biznesga dasturlarni mustaqil ravishda ishlab chiqish imkonini berib, muayyan yetkazib beruvchilarga qaramlikdan cheklaydi.

  • Open Source dasturiy ta’minotni birgalikda ishlab chiqish va uni ommalashtirishga yordam beradi

  • Dasturchilar bir-biri bilan hamkorlik qiladi va global hamjamiyatga hissa qo‘shadi.

  • Open Source SI yordamida ma’lumotlarni tahlil qilish, avtomatlashtirish va innovatsion yechimlarga asoslangan yangi biznes modellarni yaratish imkonini beradi

  • Ochiq kod modeli SI texnologiyalarini foydalanuvchilarning keng doirasi, jumladan, kichik kompaniya va tashabbuskorlar uchun yanada qulaylashtiradi.

Open Sourceʼning kamchiliklari

Xavfsiz emaslik

G‘arazli dasturchi kodga har qanday virusni joylashi va o‘rnatilgandan soʻng DT o‘z vazifalarini bajarmasligi mumkin. Ammo bu jarayonni nazorat qilish oson. Chunki kodni oldindan xavfsizlik va viruslarga tekshirish imkoni bor. Open Sourceʼning ommalashuvi statistikasiga eʼtibor beradigan boʻlsak, bu muammo muvaffaqiyatli hal etilmoqda.

Feyk vendorlar

Bu ochiq kodli DTga biroz o‘zgartirishlar kiritib, uni o‘zining mahsuloti sifatida sotadiganlardir. Bozorda taqdim etilgan mahsulotlarning ro‘yxatini tuzish bu holatning yechimlaridan biri bo‘lishi mumkin.

Umumiy resurslar fojiasi

Umumiy manfaatlarga xizmat qiladigan yoki muhim tizimlar asosida ishlaydigan loyihalar faoliyatini taʼminlaydigan odamlarning aksariyati kamtarona daromad topadi. Kamtaronalik shu ma’nodaki, bu odamlar zimmasida ko‘pincha ularning o‘zi so‘ramagan jiddiy loyihalar uchun mas’uliyat yotadi. Kimdir ko‘p yillar davomida g‘oya yoki qiziqishi tufayli ishlaydi. Yoxud kod yozishni toʻxtatib, loyihani boshqaradi va hamjamiyat bilan muloqot qiladi. Bu muammoning oson yechimi yo‘q. Shubhasiz, bu masala AyTi sohasining rivojlanib borgani sari yechimini topib boradi.

Ochiq kodli loyihalarda ishtirok etayotgan yangi boshlayotgan dasturchilarga mutaxassislar maslahati

GoOpenSource hamjamiyati ekspertlari, xususan, IT-Enduroʼning EdTech startapi asoschisi va software arxitektor Aleksey Romanov shunday tavsiya beradi:

Siz yaratayotgan narsaga talab bo‘lishi kerak

Biroq har qanday ijodiy va istalgan ishda bo‘lgani kabi taklif qilgan yechimingiz boshqa analoglari singari foydali hamda ommabop bo‘lishini oldindan aytish qiyin.

Variantlardan biri — mavjud talablarni qondirish va oldinroq qo‘yilgan vazifalarni bajarish. Masalan, agar yechimda qo‘shimcha funksiya yoki boshqa xizmatlarga moslashish yetishmayotganini sezsangiz, uni mustaqil ravishda yaratishga harakat qiling.

Masalan, Hashicorp Terraform dasturiy vositasining bepul versiyasida DTni (environments) joriy etishda bir nechta muhitlar bilan ishlash qiyin edi. Ochiq kodli Terragrunt loyihasi bu muammoni hal qilishda yordam berdi.

Xorijiy yechimlarning analogini yarating

Import o‘rnini bosadigan mahsulotlar trendga aylandi. Shu sabab Yevropa yechimlarining variantini Open Source formatida ishlab chiqishga harakat qilib koʻrish mumkin.

Ishtirokchi sifatida yirik loyihalarga qo‘shiling

Ammo xususiy ishlab chiquvchilar uchun bu muammo emas, chunki Open Source tashqi va doimiy bo‘lmagan ishtirokchi sifatida dunyoning istalgan nuqtasidagi katta loyihaga ulanish imkonini beradi. Yaʼni kompaniyadagi ma’lum repozitoriylarga kirish huquqiga ega bo‘lgan hissa qo‘shuvchi sifatida yoki asosiy ishlab chiquvchi sifatida ulanish mumkin.

O‘z qaroringiz bilan yonib yashashingiz kerak

Loyihaga koʻp vaqt va mablag‘ sarflashga ham tayyor bo‘lishingiz lozim.

Open Source loyihalaridan qanday daromad olish mumkin?

Open Source doim sohani rivojlantirish va o‘z professionalligini namoyon qilish g‘oyasiga asoslangan. Ochiq kodli dasturlar ustidagi ishlarga umumiy ishga hissa qo‘shish, ijodiy g‘oyalarni ro‘yobga chiqarish, yangi ish tajribasini orttirish va kasbdoshlar orasidagi aloqalarni mustahkamlash imkoniyati sifatida qaralgan.

Biroq 2010-yillarning o‘rtalarida Open Source yirik kompaniyalar e’tiborini tortdi va biznes monetizatsiyasi boshlandi. Yuqorida aytib o‘tilganidek Microsoft tomonidan GitHub xizmati sotib olindi. Shu bilan bir qatorda, IBM korporatsiyasi Red Hat ishlab chiqaruvchisini 34 mlrd dollarga sotib olishi sohadagi navbatdagi muhim kelishuv bo‘ldi. 2019-yilda F5 Networks AyTi kompaniyasi Rossiyaning ochiq kodli Nginx loyihasini 670 mln dollarga sotib oldi. Open Source asosida ishlaydigan Pivotal Software kompaniyasi IPOʼga chiqqan birinchi kunning o‘zidayoq 3,9 mlrd dollar kapitallashuvga erishdi. Salesforce esa ochiq kod asosidagi MuseSoft startapini 6,5 mlrd dollarga sotib oldi.

Microsoft yoki boshqa AyTi gigant ochiq kod asosidagi har bir loyihani sotib oladi deb umid qilib bo‘lmaydi. Ammo bunday yechimlarga ixtisoslashgan dasturchilar uchun o‘z mehnatini monetizatsiya qilishning boshqa usullari ham mavjud.

Qo‘shimcha funksiyalarni sotish

Bu Open Source sohasidagi eng keng tarqalgan monetizatsiya modellaridan biri hisoblanadi. Dasturchi manba kodining barcha yoki ko‘p qismidan bepul foydalanishni taqdim etadi. Lekin qo‘llab-quvvatlash, xavfsizlik funksiyalari, qo‘shimcha fichalarni ishlab chiqish kabi qo‘shimcha funksiyalarni pulli qiladi.

Mahsulotning bazaviy versiyasini bepul taqdim etib, kengaytirilgan versiyalari yoki xizmatlar to‘plamlarini sotish mumkin.

Kodni GPL litsenziyasi bilan taqdim etish

General Public License yoki erkin dasturiy ta’minot litsenziyasi — dasturchi o‘zining mualliflik huquqini saqlab qolgan holda DTdan erkin foydalanish huquqini beradigan ruxsatnoma.

Ham ochiq kod ishlab chiquvchi kompaniyalar, ham mustaqil dasturchilar uchun ommabop usul. Chunki yechim uchun tijoriy litsenziya sotish mumkin.

Kompaniya ma’lum bir komyuniti loyihadan foydalanib, o‘z serverlarida yopiq versiyani yaratadi va mahsulotni o‘z maqsadlarida ishlatishda davom etadi. Shu bilan birga, u ishlab chiquvchilarga boshqaruv formati yoki mahsulot ustidan menejer nazorati uchun pul to‘laydi.

Servis xizmatlarini taqdim etish

Testdan o‘tkazish, sozlash, hosting litsenziyalashni talab qilmaydi va bu qulay. Pullik ko‘mak — eng ommabop yechimlardan biri.

Foydalanuvchilar bepul ochiq kodni oladi, lekin koʻmak va o‘qitish pulli boʻladi. Yoki o‘rnatish va mijoz tizimlariga integratsiya qilish uchun buyurtmalar uchun to‘lov bo‘lishi mumkin.

Bunday yondashuvdan ham yirik kompaniyalar, ham mustaqil dasturchilar foydalanishi mumkin.

Bug Bounty dasturida ishtirok etish

Koddagi kamchiliklarni aniqlaganlik uchun beriladigan mukofot qo‘shimcha daromad manbai bo‘lishi mumkin. Bu, ayniqsa, xavfsizlik masalalari bo‘yicha dasturchilar uchun dolzarbdir.

Bunday yondashuvdan yirik kompaniyalar ham, kichik startaplar ham foydalanadi.

Loyiha uchun mablag‘ yig‘ish

Monetizatsiyaning boshqa usullaridan farqli ravishda homiylik asosiy daromad o‘rnini bosa olmaydi. Aniqrog‘i, bu qo‘shimcha bonus boʻladi.

Kraudfanding kampaniyalari muayyan maqsadlar va muddatlar ichida o‘tkaziladi. Buning uchun turli platformalar mavjud:

Investitsiyalarni jalb qilish

Yirik korporatsiyalar ko‘pincha kelajakda mahsulotlaridan foydalanish yoki yangi yo‘nalishni rivojlantirish maqsadida ochiq kodli yechimlarni yaratadigan dasturchilarga sarmoya kiritadi.

O‘z xizmatlarini frilanser yoki konsalting shaklida taklif etish

Bunday daromad topish usuli har qanday sohadagi mutaxassislarga taalluqli. Open Source dasturchilari ham bundan mustasno emas.

Ochiq manba kodlari bilan ishlash ko‘nikmalari kasbiy mavqeni mustahkamlaydi va yangi mijozlarni jalb qiladi. Open Source loyihalaridagi muvaffaqiyatli ishtirok dasturchi portfoliosiga ajoyib qo‘shimcha bo‘lishi mumkin.

Loyiha uchun shaxsiy g‘oya o‘ylab topish

Vaqt o‘tib, g‘oya ommalashishi va kontribyutor boʻlib, loyihani birgalikda rivojlantirish istagida boʻlgan boshqa odamlar paydo bo‘lishi mumkin.

Nima boʻlganda ham kontribyutor hamkasblar bilan yangilik va tajriba almashish, loyihalar ustida birgalikda ishlash, portfolio va daromad uchun vazifalarni topish maqsadida professional hamjamiyatga qo‘shilishi kerak. Masalan, OS dasturchilarning kontribyutorlar uchun foydali infratuzilmalar tashkil etadigan GoOpenSource AyTi hamjamiyatiga a’zo bo‘lish mumkin.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, yangi boshlayotgan dasturchilar yirik kompaniyalarda mavjud bo‘lgan talabalarga koʻmak berish dasturlaridan foydalanishi mumkin. Biroq Open Source’ga olib boradigan barcha yo‘llar kontribyutor boʻlish yoki shaxsiy loyihani yaratishga borib taqaladi.



Manba: Open Source: что стоит знать начинающим разработчикам

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
https://assets.mohirdev.uz/article-authors/673744159018fb7694aa2eac/20241115125230806.original.png

Медиа Нетологии