Operativ xotira: ishlash tamoyili, tanlanishi
Operativ xotira (RAM ― Random Access Memory) kompyuterdagi asosiy xotira turlaridan biridir. Operativ xotira dasturlarning ishlashi uchun zarur boʻlgan maʼlumot va koʻrsatmalarga tezkor ulanishni taʼminlaydi.
Operativ xotira kompyuter ayni paytda faol tarzda qayta ishlayotgan maʼlumotlarni vaqtincha saqlash uchun ishlatiladi. Doimiy xotiradan farqli holda operativ xotira kompyuter oʻchirilganda maʼlumotlarni yoʻqotadi.
Operativ xotira hajmi, chastotasi va kechikishi kabi kompyuterning ishlashiga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan oʻziga xos xususiyatlarga ega.
Operativ xotira maʼlum bir tizimning talablari asosida tanlanishi kerak. Bunda uning ona plata (materinka) va kompyuterning qolgan uskunalari bilan muvofiqligini hisobga olish muhimdir.
Operativ xotira maʼlumot va dasturlarga tezkor ulanishni taʼminlaydi, kompyuterning foydalanuvchi harakatlariga tezda javob berishi va bir vaqtning oʻzida koʻplab vazifalarni bajarishiga imkon yaratadi. Kompyuterning ishlashida operativ xotiraning ahamiyati shundan iborat. Shuningdek, katta hajmdagi operativ xotira kompyuterning yanada samarali va tez ishlashini taʼminlaydi va ish unumdorligini oshiradi.
Yetarlicha RAM boʻlmagan taqdirda kompyuter sekinlashishi, hozirjavobligi kamayishi mumkin va bu uning ish unumdorligini sezilarli darajada pasaytiradi.
Operativ xotiraning ishlash tamoyili
Operativ xotira protsessor tomonidan qayta ishlanadigan maʼlumot va koʻrsatmalarni vaqtincha saqlash uchun ishlatiladigan registr va buferlardan iborat. Registrlar — operativ xotiraning bevosita protsessorning oʻzida joylashgan eng kichik va tezkor shakli. Buferlar — protsessor yanada samarali ulanishi uchun xotiraning maʼlumotlar joylashtiradigan maxsus joylari.
Operativ xotira kompyuterga maʼlumotlarni keyinchalik qayta ishlash va ularga tezkor kirish uchun saqlash imkonini beradi.
Maʼlumotlarni operativ xotiraga yozish jarayoni axborotni protsessordan xotiraning tegishli katakchasiga oʻtkazish orqali amalga oshiriladi. Maʼlumotlarni oʻqish esa kerakli xotira katakchasi manzilini keyinchalik qayta ishlash uchun maʼlumotlarni chiqarib oladigan protsessorga oʻtkazish orqali sodir boʻladi.
Operativ xotiraga kirish kompyuterning ona platasida joylashgan xotira kontrolleri tomonidan boshqariladi. Xotira kontrolleri maʼlumotlarni oʻqish va yozishni muvofiqlashtirish, shuningdek, xotira chastotasi va kirishni kechiktirish (CAS Latency) kabi parametrlarni boshqarish uchun masʼul. U xotiradagi maʼlumotlarning yangilanishini kuzatib boradi va boshqaradi. Shuningdek, kompyuter kirish huquqiga ega boʻlgan xotira katakchalarining manzillarini nazorat qiladi.
Operativ xotira dasturlar va protsessorning ishlashi uchun zarur boʻlgan maʼlumot va koʻrsatmalarga tezkor kirishni taʼminlab, kompyuterning ishlashida muhim rol oʻynaydi.
Operativ xotira turlari
DDR xotira (Double Data Rate) — maʼlumotlarning yuqori tezlikda uzatilishini taʼminlaydigan operativ xotiraning eng keng tarqalgan turlaridan biri. DDR5 xotira operativ xotiraning oldingi DDR standartlariga nisbatan tezroq maʼlumot uzatish tezligi va energiyadan samarali foydalanishni taʼminlaydigan eng yangi versiyasidir.
DDR5 sezilarli darajada yuqori oʻtkazish imkoniyati va yaxshilangan energiya samaradorligini taqdim etib, zamonaviy kompyuter tizimlari, ayniqsa, oʻyin va professional ilovalar uchun jozibali tanlovga aylandi.
DDR5 va DDR4 oʻrtasida tanlov boʻlganda hisobga olinishi kerak boʻlgan bir nechta muhim omillar mavjud. DDR5 DDR4ʼga nisbatan yuqori maʼlumot uzatish tezligi va kam energiya sarfini taklif etadi. Ammo DDR5 unchalik keng tarqalmagan va biroz qimmatroq boʻlishi mumkin.
Agar yuqori ish unumdorligini xohlasangiz va sarmoya kiritishga tayyor boʻlsangiz, u holda DDR5 yaxshi tanlov boʻlishi mumkin. Ammo siz narx hamyonbopligi uchun ish unumdorligining bir qismini qurbon qilishga tayyor boʻlsangiz, unda DDR4 siz uchu maqbul variantdir.
Operativ xotira qanday tanlanadi?
Kompyuter yoki boshqa qurilma uchun operativ xotirani tanlashda uning turi, hajmi, chastotasi, kechikish vaqti va ona plataga mosligi kabi bir nechta asosiy mezonlarni hisobga olish muhim. Keling, qaror qabul qilishga yordam beradigan ahamiyatli jihatlarni koʻrib chiqaylik.
Operativ xotira turi
— DDR5. Tezkorligi bilan ajralib turadigan, ammo juda qimmat boʻlgan eng yangi xotira turi.
— DDR4. Ajoyib ish unumdorligi va energiya samaradorligini taʼminlagani uchun DDR4 hozirgi paytda aksariyat yangi qurilmalar uchun standart operativ xotira hisoblanadi.
— DDR3. Agar qurilmangiz eski boʻlsa, tizimingizga mos kelishiga koʻra DDR3 va DDR4 oʻrtasida tanlov qilishingizga toʻgʻri kelishi mumkin.
Operativ xotira hajmi
Odatda operativ xotira hajmi qanchalik katta boʻlsa, bir vaqtning oʻzida koʻp vazifalarni bajarish va koʻproq resurs talab qiladigan dasturlar uchun shuncha yaxshi boʻladi. Bugungi kunda zamonaviy tizimlar uchun kamida 8 GB operativ xotira tavsiya etiladi, ammo jiddiyroq vazifalar uchun (oʻyinlar, multimedia ilovalari, dasturlash va boshqalar) 16 GB yoki undan koʻproq boʻlgan variantlarni koʻrib chiqish kerak.
Chastota va kechikish vaqti
Operativ xotiraning chastotasi maʼlumotlarni uzatish tezligini koʻrsatadi. Odatda 2400 MHz, 3200 MHz kabi qiymatlarni koʻramiz.
Kechikish vaqti (yoki tayming) xotira moduli soʻrovlarga qanchalik tez javob berishini bildiradi. Masalan, CL15 yoki CL18.
Brend va sifat
Sifat va ishonchlilikni taʼminlash maqsadida Corsair, G.Skill, Kingston, Crucial kabi ishonchli ishlab chiqaruvchilarni tanlang.
... uchun 60% dan boshlangan chegirma sovgʻa qilamiz
Operativ xotirani tanlashda tizimingizning maʼlum bir ehtiyojlari va koʻzda tutilgan mablagʻga mos tushishini hisobga olish muhimdir. Toʻgʻri tanlangan operativ xotira qurilmangizning barqaror va tez ishlashini taʼminlab beradi.
Operativ xotiraning kompyuterga muvofiqligi
Operativ xotiraning kompyuterga mosligi bir necha omillarga, jumladan, ona plata turi va modeli, qoʻllab-quvvatlanadigan operativ xotira turi (masalan, DDR3, DDR4), xotiraning maksimal hajmi, qoʻllab-quvvatlanadigan chastota va hokazolarga bogʻliq. Kompyuter uchun yangi operativ xotira sotib olishdan oldin ona plataning texnik xususiyatlari bilan tanishib chiqish va unga mos kelishini tekshirish tavsiya etiladi. Shuningdek, mos kelmaydigan operativ xotirani oʻrnatish oqibatida kompyuter notoʻgʻri ishlashi yoki nosozliklar yuzaga kelishi mumkinligini hisobga olish kerak.
Asosiy operativ xotira ishlab chiqaruvchilar
Bozorda koʻplab operativ xotira ishlab chiqaruvchilari mavjud. Eng mashhur brendlardan ayrimlari keltirib oʻtilgan:
Corsair:
Corsair — eng mashhur operativ xotira ishlab chiqaruvchilardan biri. Ular turli xil sigʻim va chastotali modullar, bozorning turli segmentlari uchun moʻljallangan seriyalardan iborat mahsulotlarning keng tanlovini taklif etadi.
Kingston:
Kingston — oʻzining ishonchli va yuqori sifatli mahsulotlari bilan mashhur boʻlgan yana bir taniqli operativ xotira ishlab chiqaruvchisi. Ular turli xil ehtiyojlarni qondirish maqsadida turlicha konfiguratsiyalardagi modullarni taklif etadi.
Crucial:
Crucial — Micron kompaniyasining operativ xotira ishlab chiqarishga ixtisoslashgan boʻlinmasi. Ular yuqori ish unumdorligi va ishonchli modullarni oʻz ichiga olgan keng turdagi mahsulotlarni taklif qiladi.
G.Skill:
G.Skill — geymer va ishqibozlar uchun yuqori ish unumdorligiga ega modullar yaratishga ixtisoslashgan operativ xotira ishlab chiqaruvchisi.
Ularning modullari maksimal ish unumdorligini taʼminlash uchun yuqori chastota va past xotira kechikishiga ega.
ADATA:
ADATA — keng turdagi xotiralarni, shu jumladan, operativ xotirani taklif etadigan kompaniya. Ular umumiy foydalanish uchun arzon va ishonchli modullarni taqdim etgani sababli narx va sifati bilan mashhur.
Team Group:
Team Group — turli ehtiyojlar uchun turlicha modullarni taklif qiladigan operativ xotira ishlab chiqaruvchisi. Mahsulotlari orasida ham standart foydalanuvchilar, ham geymer va mutaxassislarga moʻljallangan modellar mavjud.
Operativ xotira ishlab chiqaruvchilari va brendlar mintaqaga koʻra farq qilishi mumkin. Shu sababli kompyuteringiz uchun operativ xotira tanlash borasida qaror qabul qilishdan oldin qoʻshimcha oʻrganishlar olib borib, foydalanuvchilarning sharhlari bilan tanishib chiqish foydali boʻladi.
Xulosa: operativ xotirani qanday tanlash kerak?
Tizimingiz uchun operativ xotirani tanlashda bir nechta asosiy omillarga eʼtibor qaratishingiz lozim.
Mosligi
Dastlab, tanlangan operativ xotira kompyuteringiz ona platasi va tizimning boshqa qismlariga mos kelishiga ishonch hosil qiling. Bunga turi (masalan, DDR4 yoki DDR5), chastotasi va xotira hajmini tekshirish kiradi.
Xotira hajmi
Tizimdan foydalaniladigan maqsadlarga koʻra sizga qancha operativ xotira kerakligini aniqlab oling.
Standart vazifa va oʻyinlar uchun kamida 8 GB tavsiya etiladi, koʻproq resurs talab qiladigan ilovalar esa 16 GB yoki undan yuqori hajm talab qilishi mumkin.
Chastota va tayming
Shuni yodda tutingki, yuqori xotira chastotalari va past tayming tizimning ish unumdorligini yaxshilashi mumkin, ammo bu qoʻshimcha xarajatlarni har doim ham oqlamaydi.
Brend va ishonchlilik
Ishonchlilik va sifatni taʼminlash uchun ishonchli ishlab chiqaruvchi yoki brendlarning operativ xotirasini tanlang. Masalan, Corsair, G.Skill, Kingston, Crucial.
Byudjet
Operativ xotiraga boʻlgan ehtiyojlaringiz va bu maqsad uchun ajratishga tayyor boʻlgan byudjetingizni muvozanatlashtiring. Agar sizga yuqori xususiyatli operativ xotira zarur boʻlmasa, ortiqcha xarajat qilishning keragi yoʻq.
Bu jihatlarga amal qilish tizimingiz ehtiyojlari, shuningdek, foydalanish maqsadlaringizga mos keladigan operativ xotirani tanlashga yordam beradi. Qoʻshimcha savollar tugʻilganda eng maqbul tanlov qilish uchun har doim mutaxassis bilan maslahatlashish yoki hamjamiyatdan yordam soʻrash mumkin.
Manba: Что такое оперативная память: принцип работы, как выбрать

