Ochiq dars
Oʻqituvchi hayotini “yengillashtirgan” qaror va buyruqlar haqida
O‘qituvchilar faoliyatiga salbiy ta’sir qilgan qaror va buyruqlar haqida
Har qanday davlatning rivojlanishida taʼlim poydevor hisoblanadi. Ana shu poydevorning mustahkamligi oʻqituvchilarga bogʻliq. Shuning uchun ham har qanday jamiyat va tuzum oʻqituvchilarga sharoit yaratishga, ularning poydevor yaratishida koʻmaklashishga harakat qiladi. Hukumat darajasida turli qaror va buyruqlar qabul qilinadi. Biroq ayrim qaror va buyruqlar borki, ular oʻqituvchi hayotini yaxshilash oʻrniga qoʻshimcha yuklama hamda muammolar keltirib chiqaradi. Ular oʻqituvchilarni charchatishi bilan birga uning asosiy vazifasi – taʼlim berish jarayoniga salbiy taʼsir qiladi. Ushbu maqolada ana shunday qarorlar haqida soʻz yuritmoqchimiz. Ularning oʻqituvchilar hayotiga qanday taʼsir qilayotganini tahlil qilishga, aslida qanday boʻlishi kerakligi boʻyicha tavsiyalarimizni berishga harakat qilamiz.
Mashhur 273-sonli buyruq
Yangi oʻquv yili boshlanishidan biroz avval Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining “Maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish toʻgʻrisida”gi 273-sonli buyrugʻi eʼlon qilindi. Bu buyruq quyidagi jumla bilan boshlanadi:
“Maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar hamda sinf rahbarlari faoliyati samaradorligini yanada oshirish va ish faoliyatini tizimli tashkil etish maqsadida buyuraman”.
Buyruq nazariy jihatdan maktablardagi maʼnaviy-maʼrifiy hamda ijtimoiy-psixologik holatni yaxshilashi kerak boʻlsa-da, amalda taʼlim sifati, oʻqituvchi va oʻquvchi motivatsiyasiga katta salbiy taʼsiri qilishi mumkin.
Birinchidan, buyruqda belgilangan 132 ta tadbir (81 ta maʼnaviy-maʼrifiy va 51 ta ijtimoiy-psixologik) haftasiga kamida 3 ta tadbirni tashkillash kerakligini anglatadi. Bu esa oʻqituvchilar uchun qoʻshimcha ish yuklamasi hisoblanadi.
Tasavvur qiling, haftasiga 20 soat dars oʻtadigan, 5-sinf oʻquvchilariga rahbarlik qiladigan oʻqituvchi haftasiga kamida 2 ta tadbir tashkillashi uchun qoʻshimcha qancha vaqt sarflashi kerak? Kuniga 4 soat dars oʻtish lozim. Bundan tashqari, sinf rahbari sifatida oʻquvchilar va ularning ota-onalari bilan ishlash kerak. Bitta tadbirni sifatli tayyorlash uchun kamida 2 kun 4 akademik soatdan sarflanishi mumkin. Ayniqsa, kichik sinflarda tayyorgarlik koʻp vaqt va energiya oladi. 2 ta tadbir 16 akademik, 12 astronomik soatni talab qilyapti. Kuniga 7 soat ishlash norma boʻlsa, tadbirlarning oʻzi deyarli 2 kunlik ish vaqtini egallamoqda. Endi oʻqituvchi sinf rahbarlik ishlari, haftalik malaka oshirishlar va darslarini qolgan 4 kunda bajarib olishi kerak. Bundan tashqari, oʻqituvchi yillik 868, haftalik 25 soatni o‘quv-tarbiya jarayonining metodik ta’minoti va tashkiliy-pedagogik jarayon uchun (darsga tayyorlanish, hujjatlarni yuritish, toʻgaraklar tashkillash, ortda qolayotgan oʻquvchilar bilan ishlash uchun sarflanishi kerak boʻlgan vaqt) ham vaqt sarflashi kerakligi belgilangan. Bularning bari jadval koʻrinishida quyidagicha boʻladi:
Jami haftasiga 61 akademik soat yoki 46 astronomik soat boʻlmoqda. Mehnat kodeksi boʻyicha esa xodimlar haftasiga 40 soatdan koʻp ishlamasligi lozim. Oʻqituvchi esa 1-toifali boʻlsa, mana shu 8 soatli mehnati uchun 4 295 000 soʻm ish haqi oladi (soliqlarni ayirganda 3 736 000 soʻm qoladi).
Raqamlardan koʻrish mumkinki, yo tadbirning, yo darsning sifatidan voz kechishga toʻgʻri keladi. Chunki inson bir haftada 52 soat ishlashi qonunga ham, fiziologiyaga ham toʻgʻri emas.
Sinf rahbari sifatida ham faoliyat yuritadigan oʻqituvchilar allaqachon oʻzlarining asosiy vazifalari – dars berish va baholash bilan band, tadbirlar esa qoʻshimcha masʼuliyatni bajarishga majbur qiladi. Bu ularning ish samaradorligini pasaytiradi va charchoqni keltirib chiqaradi.
Ikkinchidan, tadbirlarning koʻpligi oʻquvchilarda ham qoʻshimcha bosimni hosil qiladi. Haftasiga 2–3 tadbirda qatnashish oʻquvchilarning diqqatini taʼlimdan chalgʻitishi, maktabdan bezdirishi mumkin. Agar raqamlarga murojaat qiladigan boʻlsak, 6-sinf oʻquvchisining bir haftalik dars soatlari 30 ga teng (bu 1350 daqiqa degani). Bundan tashqari, bu soatlarning uy vazifasini ham bajarishi lozim. Har bir uy vazifasi uchun 30 daqiqa sarflanganda ham 900 daqiqa boʻlmoqda. Jami 2250 daqiqa degani. Endi oʻylab koʻring, 6-sinf oʻquvchisi shuncha oʻquv yuklamasidan ortib tadbirlarda ham qatnashishi kerak.
Uchinchidan, buyruqning amalga oshirilishini nazorat qilish vazifasi vazirlikning boshqarma boshligʻiga yuklatilgan. Bu esa oʻqituvchilarni qoʻshimcha hisobotlarga koʻmib qoʻyadi.
Toʻrtinchidan, tadbirlarning koʻpligi, tigʻizligi darslar sifatidan tashqari tadbirlarning sifatiga ham taʼsir qiladi. Ularning amaliy samarasini yoʻqqa chiqaradi. Maktablar tadbirni hisobot uchungina oʻtkaza boshlaydi.
Aslida nima qilish kerak?
Aslida bunday ishlar bilan fan oʻqituvchilari emas, maxsus odamlar shugʻullanishi lozim. Masalan, tadbir tashkillovchi yoki sinf rahbar lavozimlarini tashkil etish orqali oʻqituvchidan yukni olib tashlash mumkin. Yoki har bir tadbir uchun tashqaridan odam yollash kerak. Ammo bularning barchasi qoʻshimcha mablagʻ talab qiladi.
Yaxshiroq yechimlar ham bor. Masalan, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni dars jarayoniga integratsiyalash. Adabiyot, tarix, huquq, iqtisod darslarida maʼnaviy, axloqiy va ijtimoiy mavzularni muhokama qilish mumkin. Bu yondashuv orqali alohida tadbirlar oʻtkazish zarurati kamayadi va oʻquvchilar bilimlarni amaliy hayotda qoʻllash imkoniyatiga ega boʻladi.
Rivojlangan davlatlarda ham shunday qilinadi. Koʻplab davlatlarda Social and Emotional Learning – ijtimoiy va hissiy rivojlanish dasturlari ishlab chiqilgan. Ular darslar yoki qoʻshimcha loyihalar hisobidan amalga oshiriladi.
Norasmiy reytinglar balosi
Raqamlashtirish bugunning eng muhim masalasi. Raqamlashmagan soha rivojlanishdan ham toʻxtab qolaveradi. Ana shu sabablarga koʻra taʼlim tizimi ham jurnal hamda kundaliklarni raqamlashtirdi. Barchaga “kundalik kom” nomi bilan mashhur sayt ishga tushdi. Keyinchalik mahalliylashtirilib, eMaktab.uz deya atala boshlandi. Maktabning ayrim koʻrsatkichlari (oʻquvchilar davomati, darslarning vaqtida oʻtilishi, oʻquvchilarning baholanib borilishi) mana shu platforma orqali kuzatib turiladigan boʻldi. Bu esa norasmiy reyting paydo boʻlishiga olib keldi. Yaʼni eMaktab.uzʼda bajariladigan amallarning vaqtida qilinishiga qarab, maktablar samarasi oʻlchana boshlandi. Mahalliy boshqaruv organlari (hokimiyat va hududiy maktabgacha hamda maktab taʼlimi boshqarmalari) uchun bu ayni muddao boʻldi. Oʻqituvchi bugun olgan nazorat ishi bahosini shu kunning oʻzida yoki uzogʻi bilan ertaga qoʻymaganmi, maktabni qizartirishadi (qizartirish bu yerda ikki xil maʼnoda, biri maktab rahbarlarini majlislarda uyaltir, ikkinchisi, maktabni qizil – samarador boʻlmagan maktablar qatoriga qoʻsh). Eng gʻalatisi shuki, maktabning bevosita ishi boʻlmagan amallar uchun ham qizartirish holatlari kuzatiladi. Masalan, ota-ona eMaktab.uzʼning pulli boʻlgan tariflarini sotib olmagani yoki har kuni platformaga kirib, farzandining baholarini koʻrib chiqmagani uchun ham maktab, sinf rahbari balogardon boʻladi. Natijada sinf rahbarlari uyga kelgach yoki kunning ikkinchi qismida har bir ota-onaning login parolini terib, platformaga kirib chiqadigan odat chiqardi. Qulogʻi tinchisa, boʻldi-da. Hududiy rahbarlarni ham shu qiziqtiradi. Darsliklar bor-yoʻqligi, qoʻshimcha (proyektor, monitor, ovozkuchaytirgich) vositalar yetishmasligi ularning roʻyxatida yoʻq.
Bu jarayonda hududiy boshqarmalar ikki xatoga yoʻl qoʻymoqda. Birinchisi, ota-onaga har kuni platformaga kirish talabi qoʻyilishi boʻlsa, ikkinchisi, davomat maktabning reyting koʻrsatkichlariga taʼsir qilishidir. Mana shu ikki omil birlashib, yana bechora oʻqituvchiga qoʻshimcha ish yuklayapti. Tasavvur qiling, sinfda 35 ta oʻquvchi bor. Ularning ota-onasi login-paroli bilan platformaga kirib chiqishi uchun bitta oʻqituvchiga qancha vaqt kerak? Taxminan 90–120 daqiqa. Oʻqituvchi mana shu vaqt ichida
– oʻz ustida ishlashi,
– yangi-yangi loyihalar oʻylab topishi,
– ortda qolayotgan oʻquvchilari bilan alohida ishlashi yoki
– uyga borib, farzandlari, oilasi bilan vaqt oʻtkazish orqali oʻz hayotidan qoniqish his qilishi mumkin. Yuqoridagi ikki xato holat esa oʻqituvchini bulardan mahrum qilmoqda. Shuningdek, quyidagi bosimni keltirib chiqarmoqda:
Doimiy stress. Oʻqituvchi doim ota-onalarning platformaga kirgan-kirmaganidan xavotirda yuradi. Ular kirmagan boʻlsa, oʻrniga shu ishni oʻzi qilishi kerakligini oʻylab kun oʻtkazadi. Doimiy stress oʻqituvchilarning ish qobiliyatini pasaytiradi, charchatadi va sogʻligʻiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Ishdan toʻyish, motivatsiyaning yoʻqolishi. Oʻqituvchilar asosiy ishi – taʼlim berishdan tashqari platformani toʻldirish va raqamli koʻrsatkichlarga erishishi kerak. Bu holat oʻqituvchilarning ishga boʻlgan qiziqishini yoʻqotadi, ularni ruhiy jihatdan charchatadi va kasbiy motivatsiyasi yoʻqolishiga olib keladi.
Yechim juda ham oddiy. Hududiy boʻlinmalar yoki umuman taʼlim vazirligi ota-onalarning platformaga tez-tez kirishini talab qilmasligi lozim. Aslini olganda ota-onalarni har kuni bolangning baholarini koʻr deb qistash ham toʻgʻri emas. Platformaning imkoniyatlaridan boxabar qilgach, nazoratni ota-onaning ixtiyoriga qoldirgan maʼqul. Ana shunda oʻqituvchilar ham har kuni 35 talab profil login-parolini terib qiynalib oʻtirmaydi.
CHSB va BSB tizimi
Taʼlim uch ustunga tayanadi – oʻquv dasturi (nimani oʻqitish), metodika (qanday oʻqitish), baholash (nima oʻzlashtirilganini aniqlash). Uzoq yillar davomida oʻqituvchilar qoʻyadigan baholarda subyektivlik yuqori edi. Yaʼni Toshkent shahridagi bir maktabda “5” bahoga oʻqigan bola boshqasida ham shu bahoni olishi ehtimoli past edi. Mana shu masalani yechish va baholarni obyektivlashtirish maqsadida yangi baholash tizimi ishlab chiqildi. Mezonga asoslangan bu baholash tizimi xalq orasida BSB, CHSB deya nom oldi. Sababi ushbu tizimda ikki xil nazorat ishi bor – bobning summativ bahosi (BSB), chorakning summativ bahosi (CHSB). Mana shu nazorat ishlaridagi bahosiga koʻra oʻquvchining materialni qanchalik oʻzlashtirgani haqida xulosa qilinadi. Bu nazorat ishlari Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi tomonidan tayyorlanadi. Bir qarashda yangi baholash tizimi yaxshi, xulosalar obyektiv boʻlishiga koʻmaklashadi. Ammo tashkiliy masalalarning yaxshi yoʻlga qoʻyilmagani oʻqituvchiga ham maʼnaviy, ham moddiy zarar keltira boshladi.
Maʼnaviy zarar. Oʻquvchi toʻplashi kerak boʻlgan bahoning 10 foizi kundalik olingan baholardan, qolgan 90 foizi BSB va CHSBdan shakllanadi. Bu koʻplab oʻquvchilarning nazorat ishlari kelguncha oʻqimay, darslarga qiziqmay qoʻyishiga olib keldi. Chunki ular ikki-uch marta boʻladigan nazorat ishidan oʻtib olsa boʻldi. Shu sabab oʻquvchilar kunlik darslarda qatnashishni istamay qoʻydi, oʻqituvchining topshiriqlariga eʼtiborsizlik avj oldi. Bu esa oʻqituvchilarga qoʻshimcha bosim keltirib chiqardi. Bundan tashqari, turli yoʻllar bilan BSB va CHSB materiallari tarmoqlarda tarqala boshladi. Oʻquvchilar savollarni yodlab kirishdi va yaxshi natijalar koʻrsatishdi. Aylanib-oʻrgilib baholar yolgʻonligicha qoldi.
Ayrim oʻquvchilar nazorat ishlari juda koʻpligidan nolib, oʻqituvchilarga xarxasha qila boshladi. Bular ham oʻqituvchi uchun qoʻshimcha asabbuzarlik boʻldi.
Endi oʻqituvchi yuborilgan nazorat ishlarini tekshirishni, turli jadvallarni toʻldirishni va hisobotlar tayyorlashni ham boshladi. Bu shundoq ham ortiqcha yuklamada ishlayotgan oʻqituvchi uchun yuk boʻldi.
Moddiy zarar. Garchi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi BSB, CHSBlarni oʻtkazish uchun kerakli buyumlar – qogʻoz, printer kabi xizmatlar vazirlik tomonidan moliyalashtirilishini aytgan boʻlsa ham, amalda bu ishlamadi. Natijada oʻqituvchilar oʻz yonidan sarflashga yoki oʻquvchilardan pul yigʻishga majbur boʻldi. Oddiy hisob-kitob qilamiz. Har bir nazorat ishi oʻrtacha 1 ta qogʻozni talab qiladi (ayrim fanlarda bundan koʻproq). Bir yilda oʻrtacha 10 ta nazorat ishi bor deb faraz qilaylik (ayrim fanlarda bundan koʻp boʻlishi ham mumkin). Demak, bir oʻquvchi uchun 10 ta qogʻoz. Bir oʻqituvchi 4 ta sinfga dars kirsa, har bir sinfda 30 tadan oʻquvchi oʻqisa, bitta qogʻozni chop etish 1000 soʻmni tashkil etsa (qogʻoz olib berilsa, arzonroq boʻlishi mumkin) quyidagicha qoʻshimcha xarajat kelib chiqadi:
10 * 30 * 4 * 1000 = 1 200 000.
Vazirlik bir yilda 2–3 marta kelib, biror fandan nazorat ishini oʻzi oʻtkazadi. Maktab xodimlari bunga aralashmaydi, ana shu nazorat ishlaridagina oʻqituvchilar chop etish xarajatlaridan qutulib qoladi.
Yuqoridagi xatolar sabab ota-onalar ham, oʻquvchilar ham, oʻqituvchilar ham yangi baholash tizimidan bezib qoldi.
Yechim oddiy. Yangi baholash tizimini joriy qilish masalalarini qayta koʻrib chiqish lozim. Bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan ishlarni qayta rejalashtirish, oʻquvchilarni nazorat ishlariga koʻmib qoʻyishdan qochish kerak. Buning uchun uzoqqa borish shart emas, qoʻshni Qozogʻiston tajribalaridan foydalanish mumkin. Ular bu tizimni 2020-yildayoq toʻliq joriy qilib boʻlgan. Ammo ularda bizdagi kabi shoshmashosharlik kuzatilmagan. Bir necha kun oldin Qozogʻistondagi bu baholash tizimi xalqaro MSLA tomonidan tan olingani haqidagi sertifikat qoʻlga kiritildi.
Oʻzimizda joriy qilinayotgan loyihaning moliyaviy tomoni chuqur tahlil qilinishi, kerakli barcha jihoz va mablagʻ avvaldan maktablarga yetkazilishi nazoratga olinishi shart. Aks holda shundoq ham maoshi mamlakatdagi oʻrtacha ish haqidan ancha kam boʻlgan oʻqituvchi butunlay qashshoqlashib qoladi. Bundan tashqari, oʻqituvchilar uchun yoʻriqnomalar, qoʻllanmalar ham yetishmaydi. Qozogʻiston tajribasida bu tomon ham yaxshi yoʻlga qoʻyilgan (Nazarboyev maktablari tomonidan boʻlsa ham), yoʻriqnomalar, qoʻllanmalar, formativ baholash uchun nazorat ishi toʻplamlari yetarlicha taqdim etilgan.
Milliylik targʻiboti(mi?)
2025-yil 21-yanvar sanasi bilan Toshkent shahri hokimining “Toshkent shahrida milliylikni targʻib qilishga doir qoʻshimcha chora tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori tasdiqlandi. Bu qaror bir qarashda yaxshi maqsadni koʻzlagan, odamlar milliy kiyimlarni kiysa, yoshlarga urf-odatlarimiz oʻrgatilsa, nimasi yomon deyishga shoshilmang. Masalaning boshqa tomoni ham bor. Qarorda aytiladiki, Toshkent shahrida korxona va tashkilotlar (maktab ham tashkilot deya qabul qilinishi mumkin) xodimlari har juma kuni milliy liboslarda ishga kelishi tavsiya etiladi. Tajribadan maʼlumki, bizda tavsiya etiladi degani buyruqqa teng. Yaʼni maktab oʻqituvchilaridan ham juma kuni milliy libos kiyib kelishi soʻralmoqda. Bu esa yuqorida qayta-qayta aytganimiz – oʻqituvchiga qoʻshimcha bosim yuzaga keltirmoqda. Hamma ham uyida milliy libos saqlamasligi, uni sotib olishga qurbi yetmasligi, shu turdagi kiyimlarni kiya olmasligi, ob-havoga toʻgʻri kelmasligi mumkin. Ammo baribir talab bor. Oʻqituvchilarning fikrini mana shu talab band qiladi. Ular ishga kelishdan oldinoq asabiylashib boʻladi. Bu esa kun davomidagi sifat va samaraga salbiy taʼsir qilishi ayon.
Toshkent hokimi qarorida yana bir gʻalati band bor – Toshkent shahrida mavjud umumtaʼlim maktablarining har birida “Milliy oʻzbek sinfi” tashkil etish. Bu band shuni anglatadiki, har bir maktabdan bir sinf tanlab olinadi. Keyin shu sinf butun oʻquv yilini milliy liboslarda, milliy urf-odatlarga koʻra oʻtkazadi. Eng qizigʻi, milliy oʻzbek sinfi boshqa sinflardan aynan qaysi jihatlari bilan ajralib turishi ochiq aytilmagan. Bu yerda ikki nuqtaga diqqat qilishimiz kerak – shahar hokimining taʼlim jarayoniga bevosita aralashuvi hamda oʻquvchilarga qoʻshimcha stress yuklashiga.
Shahar hokiming taʼlim jarayoniga bunday aralashuvi mumkinmi, yoʻqmi? Bunga eng toʻgʻri huquqiy bahoni prokuratura, adliya va vazirlik yuristlari bergani maʼqul. Ammo nazarimizda hokimning maktablar faoliyatiga bunday keskin aralashuvi taʼlimning mazmuni va sifatiga salbiy taʼsir qiladi. Boshqa amaldorlar uchun ham signal boʻladi – maktab faoliyatiga bemalol aralashishim mumkin degan fikr shakllanadi.
Milliy sinf – milliy libosda maktabga keladigan sinf hisoblanadi. Bu sinf oʻquvchilari milliy kiyimni ixtiyoriy emas, majburiy kiyayotgan boʻladi. Bu esa yagona majburiy forma kiritish deya baholanishi kerak. Qaror boʻyicha esa forma majburiy emas, ixtiyoriydir. Shundan kelib chiqsak, Toshkent shahar hokimi “Milliy oʻzbek sinfi” yaratish orqali Vazirlar Mahkamasining qarorini buzmoqda.
Oʻquvchilarni maʼlum kiyimga majburlash ulardagi stressni oshiradi. Baʼzi oilalarning bunday kiyimni sotib olishga qurbi yetmasligi mumkin. Bunday oilalar yana qoʻshimcha bosim ostida qoladi. Bundan tashqari, kimdir oʻsha milliy libosni kiyib kela olmasa, boshqalar oldida uyalishni boshlaydi. Sinf rahbarining ham xayoli barcha oʻquvchilari bugun milliy libosda kelishida boʻlib qoladi.
Yuqoridagilarni hisobga olib, Toshkent shahar hokimining ushbu qarorini oʻzgartirish lozim. Hokim tushunishi kerakki, bu qaror maktab muhitini buzadi, asabiylik qoʻshadi. Milliylik targʻiboti maktabning ishlariga aralashmasdan joriy etilaversin. Maktablarda oʻtkazish lozim boʻlsa, yilda bir marta madaniy tadbir sifatida tashkil etish ham mumkin.
Maqola soʻngida hukumat aʼzolariga aytar soʻzimiz shu, xalqimizning ajoyib maqoli bor – yetti oʻlchab bir kes. Sizning qarorlaringiz taʼlim mazmuni, sifati va muhitiga bevosita taʼsir qilar ekan, iltimos, yetti emas, yetmish marta oʻlchang.
Maqola haqidagi fikrlaringizni oʻzimizga yoki muhokama guruhiga yozishingiz mumkin.