Asosiy kontentga o'tish
Ochiq dars

O‘qituvchilar uchun vaqt boshqaruvi

Ortiqcha charchoq va shoshilishlarni oldini olish uchun

Darsga tayyorlanish, oʻquvchilar topshirgan ishlarni baholash, ota-onalar bilan muloqot qilish, tadbirga tayyorgarlik koʻrish, hali roʻzgʻor ishlari ham kutib turibdi. Bir oʻqituvchining kun tartibi ana shunday ishlardan iborat. Chorak oxirlagani sari ish ham qaynab boraveradi – yangi chorakka tayyorlanish, nazorat ishlari oʻtkazish, baholash, “eMaktab”ni yangi chorak materiallari bilan toʻldirish va hokazo. Bunday kun tartibi vaqtni toʻgʻri taqsimlamaslik oqibatida sizni charchatishi, motivatsiyangizni soʻndirishi va samaradorligingizni tushirib yuborishi mumkin. Ushbu maqolada vaqtni toʻgʻri boshqarish haqida soʻz yuritmoqchiman. Maqolani oʻqish davomida vaqtni boshqarish muhimligi, uni qanday amalga oshirish kerakligi, bunda yordam beruvchi strategiyalar haqida bilib olasiz. Bundan tashqari, shaxsiy tajribalarimni ham oʻrtoqlashaman.

Vaqtni boshqarishdan oldin uni hisoblab oling

Vaqtni boshqarish uchun oʻzingizda qancha vaqt borligini bilishingiz juda muhimdir. Toʻgʻri, oʻqituvchilarning aksar vaqti avvaldan tuzilgan dars jadvali asosida oʻtadi. Shaxsiy tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, aslida unday emas. Vaqtingiz qanday oʻtayotganini nazoratga ola boshlashingiz bilan oʻzingiz tushunasiz. Vaqtingiz nimalarga sarflanayotganini aniqlash uchun 3–5 kun davomida kun tartibingizni yozib yuring. Ertalab nechada uygʻondingiz, nima ishlar qildingiz, ularga qancha vaqt ketdi. Undan keyin maktabga yetib borish uchun yoʻlda qancha vaqt sarfladingiz, ishda nimalar bilan band boʻldingiz. Uyga qaytgach nimalar boʻldi, qachon uxlashga yotdingiz. Ijtimoiy tarmoqlar, filmlar uchun sarflagan vaqtingizni ham belgilash yoddan chiqmasin. Buni qogʻozga, SMS shaklida yozib yurishingiz yoki Telegram, diktofon orqali ovozli xabar tarzida saqlab yurishingiz ham mumkin. Bir necha kun kuzatgach, tahlil qiling:

  • Nimalarga vaqt sarflayapsiz?

  • Oʻzi kun tartibingiz qanday?

  • Qayerlarda boʻshliqlar bor?

  • Qaysi ishlar foydali boʻlyapti-yu, qaysilari samara bermayapti?

  • Ishlarni qanday tartiblash yaxshi boʻlishi mumkin?

  • Boʻsh vaqtda qaysi ishlarni amalga oshirib olsa boʻladi?

Oʻzim shunday taftish oʻtkazganimda kunimning 2,5 soatini aslida kerakmas ishlarga sarflab yuborayotganim ayon boʻldi. Shuning uchun sizga bu qadamni, albatta, bajarishni tavsiya qilaman.

Yuqoridagi savollarga javob topganingizdan keyin ikkinchi bosqich – kunni rejalashtirish orqali vaqtni boshqarishga oʻtsangiz boʻladi.

Shu oʻrinda ayrim tadqiqotlar xulosasini taqdim etaman:

2012-yilda Scholastic va Bill & Melinda Gates jamg‘armasi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, o‘qituvchilar haftasiga o‘rtacha 53 soat ishlaydi. 2023-yilgi tadqiqotlarda bu 54 soatni tashkil etgan.

Boshqa bir tadqiqotda esa haftasiga 40 soatdan koʻp (45 soat) ishlaydiganlarning 46 foizida qayta tiklanish bilan bogʻliq muammolar borligi, 32 foizida esa horgʻinlik, hissiy charchoq kuzatilishi aniqlangan.

Demak, siz ham haftasiga necha soat ishlab, necha soat dam olayotganingizni hisoblashga harakat qilishingiz lozim.

“Yoʻq” deyishni ham oʻrganing

Kunimni tahlil qilganimda ancha-muncha vaqtim koʻngilchanlik oqibatida “ha” deb yuborgan mayda ishlar uchun sarf boʻlayotganini aniqladim – qaysidir tadbirda qatnashish, turli maʼruzalar oʻqish (garchi bularga haq olsam ham), ijtimoiy tarmoq orqali kelgan savollarga javob berish. Keyin sekin-asta meni yaxshi oʻqituvchi qilmaydigan ishlarga “yoʻq” deyishni boshladim. Toʻgʻri, daromadim biroz kamaygan boʻlishi mumkin, ammo kayfiyatim yaxshilandi, stresslarim kamaydi, ishimga sifat kirdi. Siz ham reja tuzishdan oldin “ha” yoki “yoʻq” deyish mezonlaringizni aniqlab oling. Bu mezonlar hammada har xil boʻladi.

Masalan, ishxonangizda bitta oʻqituvchi kelmadi, sizning orada boʻsh vaqtingiz bor, ammo oʻsha vaqtga oʻquvchilar daftarini tekshirishni yoki biror nima oʻqib-oʻrganishni reja qilgansiz. Oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari kelmagan oʻqituvchining sinfiga qarab turishni aytdi. Shunday vaziyatda har doim ham “ha” deyaverish yaramaydi. Ishlaringiz borligini, kuningizni reja qilib qoʻyganingizni yotigʻi bilan tushuntirib “yoʻq” deyishingiz mumkin. Yoki biror keraksiz tadbirga tomoshabin sifatida yuborishmoqchi. Bunday vaziyatda ham oʻz sabablaringizni keltirib, boshqa safar oldinroqdan aytib qoʻyishsa, albatta, borishingizni bildirib “yoʻq” desangiz boʻladi.

Kunni rejalashtirish

Shuni alohida aytishim kerakki, men ham har bir kunimni rejalab, qilinadigan ishlar roʻyxatini tuzib oʻtirmayman. Tigʻiz kunlardagina shunday qilaman, masalan, chorak oxirida, ortga surilgan ishlar koʻpayib qolganida.

Ana endi bemalol kunni rejalashtirish mumkin. Har kuni uxlashdan oldin 10 daqiqa vaqtingizni ertangi kun rejalari uchun sarflang. Hech qachon qiladigan ishlarim aniq-ku, nima qilaman reja tuzib, demang. Men ham ana shunday qilardim, yakunda bildimki, reja tuzmagan kunlarim hech narsani samarali qilmagan ekanman. Ana shu 10 daqiqa sizning samaradorligingizni ancha oshirishi mumkin. Kunni rejalashtirishda quyidagilarni yozib chiqing:

  • Soat nechada uygʻonishni belgilash (har ehtimolga qarshi bu borada B reja ham tuzish)

  • Maktabga ketguncha nimalar qilish

  • Maktabda nimalar bilan shugʻullanish

  • Tanaffuslarda nima qilish

  • Maktabdan nechada chiqib ketish

  • Uyga kelgach nimalar qilish

  • Qanday dam olish

  • Nechada uxlashga yotish

Toʻgʻri, bir qarashda bularning barchasi aniqdek, ammo aynan mana shunday ishlarni yozib chiqish sizni ortiqcha ishlarga vaqt sarflashdan himoya qiladi. Endigi navbat – ustuvorlik boʻyicha saralash. Qilishingiz kerak boʻlgan ishlar aniq. Endi ularni muhimligi boʻyicha saralash kerak. Men Eyzenhauer matritsasidan foydalanaman. Unga koʻra, barcha ishlar odatda 4 guruhga boʻlinadi:

Muhim va shoshilinch: zudlik bilan bajarilishi kerak boʻlgan ishlar. Masalan, oʻquvchilarning imtihon varaqalarini tekshirish.

Muhim, lekin shoshilinch emas: kelajak uchun muhim, lekin hozir zudlik bilan bajarish zarur boʻlmagan ishlar. Masalan, yangi metodlar oʻrganish, darsni qiziqarli qiladigan qoʻshimcha materiallar tayyorlash.

Shoshilinch, lekin muhim emas: boshqalar tomonidan yuklatilgan yoki yordam soʻralgan va hozir bajarish kerak boʻlgan ishlar. Masalan, hamkasbingiz oʻzining oʻquvchilari imtihon varaqasini tekshirishda yordam soʻrashi, qandaydir keraksiz tadbir yoki majlisga borishingizga toʻgʻri kelishi.

Muhim ham, shoshilinch ham emas: odatda vaqtni bekor ketishiga olib keladigan ishlar. Masalan, ijtimoiy tarmoqlarda vaqt sarflash, hamkasblar bilan ishga aloqasi boʻlmagan gʻiybatlar.

Men ishlarimni mana shu 4 guruhga saralab olgach (odatda buni xayolimda qilaman, kimdir yozib bajarishi ham mumkin) kun tartibimga joylashtirib chiqaman. Muhim va shoshilinch ishlarni, albatta, bugun amalga oshirishni reja qilaman. Muhim, lekin shoshilinch emaslarini sal keyinroqqa, boʻsh vaqtlarimga yoki boshqa kunga qoldiraman. Shoshilinch, lekin muhim emas guruhidagi ishlarni sheriklikda bajarishga, imkon boʻlsa, boshqa odamga topshirishga yoki umuman bajarmaslikka, rad etishga harakat qilaman. Muhim ham, shoshilinch ham boʻlmaganlariga kun davomida juda qisqa vaqt ajrataman. Qolgan guruhdagi ishlarim koʻp boʻlsa, 4-guruhdagi ishlarni yigʻishtirib qoʻyaman.

Men kun tartibimni Microsoft To Do ilovasiga yozaman. Bu ilovani telefonga ham, noutbukimga ham oʻrnatib olganman. Qaysi qurilmadan oʻzgartirish kiritsam ham, ikkisida aks etadi. Sinxron ishlaydi, ham tekin. Siz ham oʻzingiz uchun qulay boʻlgan shunday ilovalar toping. Ilovalardan foydalanishning yaxshi tomoni – ularda hisobot bor. Yaʼni nazorat qilish imkoni, ilova sizga qilinmagan ishlarni eslatib, bajarishga chorlab turadi.

Bunday ilovalardan yana biri Google Calendar boʻlib, kunni rejalashtirishda eng mashhurlaridan. Qulay tomoni siz kun tartibingiz kiritilgan taqvim havolasini bersangiz, boshqalar sizning boʻsh vaqtlaringizga qarab ish koʻrishi mumkin. Google Calendar ham bajarilishi lozim boʻlgan vazifalarni eslatadi. Har ikkala ilovani ham bepul ishlatish mumkin.

Biror vazifani bajarish jarayoni

Men biror ishni qilarkanman, eng birinchi oʻrinda telefonimning ovozini oʻchirib qoʻyaman. Agar shunday qilmasam, kelgan xabar yoki bildirishnomaga chalgʻishim mumkin. Bir marta chalgʻish ish samarasini ham tushirib yuboradi. Odatda ishlayotgan paytim pomodoro texnikasidan foydalanaman. Yaʼni 25 daqiqa hech narsaga qaramay ishlayman, keyin 5 daqiqa dam olaman. Shunday qilib, 3–4 marta 25 daqiqadan ishlasam, samara oʻta yuqori boʻlganini sezaman. Bu, ayniqsa, imtihon varaqalarini baholashda qoʻl keladi. 25 daqiqa tekshirib chiqqach, 5 daqiqa tanaffus qilaman. Bu vaqtda telefonga chalgʻimayman, oʻrnimdan turib yuraman, toza havoga chiqish imkoni boʻlsa, chiqib kelaman.

Agar maktabda ishlayotgan boʻlsam, garchi hech narsa eshitmasam-da, quloqchinimni taqib olaman. Boshqalar meni muhim narsa bilan band deb oʻylaydi va ayni vaqtda menga keraksiz boʻlgan suhbatlarga tortishmaydi. Siz ham sinab koʻring, bu har doim ish bergan.

Chorak oxirida tigʻizlashib qolmaslik

Oʻqituvchilar uchun eng qiyin payt – chorak oxiri. Chorak uchun olingan nazorat ishlarini baholash, onlayn jurnallarni toʻldirish, keyingi chorak uchun mavzularni joylash. Bularning hammasi odatiy kun tartibiga qoʻshimcha ish boʻladi.

Men ishlaydigan maktabda har oy reyting imtihoni oʻtkaziladi. Men uchun har oy chorak yakunlanadi, desak ham boʻladi. 8 ta sinfning imtihon varaqalarini tekshirishim, izohlar yozishim, baholarni hisoblab jurnalga kiritishim, imtihon natijalari asosida keyingi oy oʻtilishi rejalashtirilgan mavzularimga oʻzgartirishlar kiritishim kerak. Shunday vaziyatda qiynalmaslik uchun eng birinchi navbatda har bir sinf imtihon varaqasi uchun aniq baholash mezonlari ishlab chiqaman. Buni oy davomida, boʻsh boʻlgan vaqtlarimda qilib boraman. Shunday qilganim uchun endi imtihon varaqalarini tezroq tekshiraman. Masalan, oʻquvchilarim esse yozishgan boʻlsa, men ularning ishi ostiga alohida mulohazalar (taqriz) yozib oʻtirmayman, rubrikadagi kodlarni qoʻyib chiqaman xolos. Oʻquvchim ishiga izohni ana shu rubrika orqali tushunib olaveradi.

Misol uchun:

Rubrikadan parcha

Men qoʻygan baholar:

Bunday rubrikalar ishlab chiqish baholash jarayonini ancha tezlatadi.

Agar qoʻyiladigan baho qiymati juda yuqori boʻlmasa yoki sinfda muhit yaxshi boʻlsa, yopiq test koʻrinishidagi (javobni berilgan variantlar ichidan tanlash) imtihonlarni oʻquvchilarning oʻziga tekshirtirib ham turaman (almashtirib tarqatish orqali). Koʻpchilik buni yoqlamasligi mumkin, ammo oʻquvchilarda baholash koʻnikmasi ham, vaziyatni tahlil qilish koʻnikmasi ham shakllanib boradi. Yana qaytaraman, bunday usulni qoʻllash uchun sinfda muhit yaxshi boʻlishi, bir-biriga qasdlashganlar yoki oʻzaro yordam beradiganlar boʻlmasligi lozim. Men har safar bu usulni qoʻllaganda varaqa ustiga tekshirgan oʻquvchining ism-familiyasini yozdiraman, bu ularga masʼuliyat yuklaydi.

Baholashdan tashqari boʻladigan ishlar – yangi chorakka tayyorlanish yoki onlayn jurnallarni toʻldirishni esa oy davomida qilib boring. Yangi chorak qachondir kelishi aniq. Shunda bu Eyzenhauer matritsasidagi muhim, lekin shoshilinch boʻlmagan ishlar guruhiga kiradi. Yuqorida aytganimizday, bunday ishlarni qachon boʻsh vaqt boʻlsa, oʻsha paytda amalga oshirish kerak.

Chegaralarni belgilang

Bu ish va oila masalasini aralashtirmaslik haqida. Men uyga maktab ishini koʻtarib bormaslik uchun rejali kun tartibiga oʻtdim. Ayni mana shu oilamizdagi sogʻlom munosabatlarni ham tikladi. Endi uyda oilaviy dam olamiz, birga kino koʻramiz, biror mavzuda suhbatlashamiz, bir dasturxon atrofida oʻtirib ovqatlanamiz yoki pista chaqamiz. Bu bir qarashda oddiy koʻringani bilan kayfiyatim yaxshi boʻlishiga katta hissa qoʻshadi. Yaxshi kayfiyat esa yuqori samaradorlik garovi. Oʻqituvchi uchun yaxshi kayfiyat eng muhimi. Shuning uchun maktab ishini uyga olib ketmaslikka harakat qiling. Mayli, uyga odatdagidan sal kechroq boring, ammo borgach, ishlamang.

Bir paytda faqat bitta vazifa

Koʻpchilik biror ishni qilarkan, orada boshqa vazifalarni ham bajarib oladi – daftar tekshirayotib ota-ona qoʻngʻirogʻiga javob beradi yoki ijtimoiy tarmoqqa kirib biror nima oʻqiydi. Men bunday qilishni tavsiya bermayman. Bir vaqtda vazifalararo sakrash samaradorlikni pasaytiradi. Chunki miyangiz bir faoliyatdan boshqasiga o‘tganda har safar qayta ishga tushishi kerak bo‘ladi. Shuning uchun bitta vazifani tanlang, uni bajaring, so‘ngra keyingisiga o‘ting. Pomodoro texnikasi haqida gapirganimda diqqat qilgan boʻlsangiz kerak, oradagi 5 daqiqalik tanaffusda biror boshqa ish – hatto ijtimoiy tarmoqqa kirishni emas, toza havoda sayr yoki xonada yurishni tavsiya berdim. Aksincha boʻlsa, bir vaqtda bir necha vazifa bajarish hisoblanadi. 

Maqola haqidagi fikrlaringizni oʻzimizga yoki muhokama guruhiga yozishingiz mumkin.

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
Shokir Tursun | Ochiq dars

Shokir Tursun | Ochiq dars

O'xshash maqolalar