Ochiq dars

Oʻquvchilarim mavzuni tushunyapti(mi?)

Har bir dars oldingisining mantiqiy davomidir. Demak, oʻquvchilar oʻtilgan mavzuni tushunishi keyingi dars ham samarali boʻlishini qisman kafolatlaydi.

Oʻquvchilarning mavzuni qanchalik tushunganini aniqlash oʻqituvchi uchun juda muhim jarayon hisoblanadi. Chunki darsda oʻtilgan tushunchalar qanchalik oʻzlashtirilganini bilmasdan turib keyingi mavzularga oʻtib ketish taʼlim jarayoni samarasini pasaytirib yuborishi mumkin. Shakllantiruvchi baholashning asosiy maqsadi ana shu tushunganlik darajasini aniqlashdan iborat. Shuning uchun ham u “shakllantiruvchi” deb nomlanadi.

Odatda oʻqituvchi darsni oʻtib boʻlgandan soʻng sinfdan qanday savollar borligini soʻraydi. Oʻquvchilar savollari yoʻqligini bildirishi hamma birday tushunganini anglatmaydi. Oʻquvchilar boshqalar oldida uyalganidan ham tushunmaganini tan olmayotgan boʻlishi mumkin. Undan ham yomon narsa esa oʻquvchi nimani tushunmaganini anglay olmayotgan boʻlishi ehtimolidir. Dars davomida vaqti-vaqti bilan shakllantiruvchi baholash ishlarini oʻtkazish muammolarni tez, oʻz oʻrnida va samarali aniqlash imkonini beradi.

Koʻp mutaxassislar oʻqituvchi beradigan bir necha savolning oʻzi yetarli boʻladi deb oʻylaydi. Toʻgʻri, oʻquvchining tushunganlik darajasini savol-javob orqali aniqlash eng sodda, koʻp qoʻllanadigan va samarali deb qaraladigan usul. Ammo yuqorida aytganimizdek, bu usul orqali aniq xulosaga kelishimiz biroz qiyin boʻladi, ayniqsa, savol berishning oʻzi ham bir sanʼat ekanini hisobga olsak.

Maqolamizda oʻquvchining tushunganini aniqlashga qaratilgan kreativ usullardan bir nechtasiga toʻxtalamiz.

Qoʻshilaman – Qoʻshilmayman

Bu usulda oʻqituvchi mavzuga oid biror maʼlumotni oʻrtaga tashlaydi. Oʻquvchilardan shu maʼlumotga qoʻshilishi yoki yoʻqligini aytishini soʻraydi va oʻz fikrini asoslashni talab qiladi. Bu usul orqali oʻquvchilarning mavzuni oʻzlashtirganini aniqlasa boʻladi. Bundan tashqari, ulardagi tanqidiy fikrlashni oʻstirish, oʻzlashtirishni yanada chuqurlashtirish mumkin. Bu turdagi topshiriqda oʻrtaga tashlangan maʼlumot yoki fikr muhim emas. Balki jarayonni muhokamaga aylantirish imkonini beradigan shaklda boʻlishiga diqqat qilish lozim. Masalan:

Matematikada: kvadrat ildiz faqat musbat sonlardan olinishi mumkin.

Kimyoda: uglerod barcha organik birikmalarning asosiy tarkibiy qismi.

Adabiyotda: bosh qahramonning harakatlarini oqlash mumkin.

Tarixda: Temuriylar saltanati kuchli davlatchilik asoslariga ega edi.

Bu savollarni oʻquvchilarga ogʻzaki/yozma tarzda, individual/guruh shaklida ishlash uchun berish mumkin. Oʻquvchilarning javoblari va dalillarini tinglash davomida ularga izoh berish, isbot keltirishiga koʻmaklashish ham kerak. Oxirida fikrlarni umumlashtirib, yakuniy xulosani aytish lozim.

Savol qoldir

Mavzu yoki uning biror qismi tushuntirilgandan soʻng oʻquvchilarga kichik qogʻoz parchasi beriladi. Oʻquvchilar unga oʻz savollarini yozadi. Oʻqituvchi ularni yigʻib olib, oʻsha paytning oʻzidayoq bu savollarga javob berishi kerak. Bu orqali oʻquvchilarning muammolarini aniqlashi va hal etishi mumkin. Bu usul uyatchan, tushunmaydigan boʻlib koʻrinishdan qoʻrqadigan oʻquvchilar uchun foydali boʻladi. Chunki bunda savolni kim bergani aniq boʻlmaydi. Topshiriq anonim tarzda oʻtkaziladi, oʻquvchilar hech qayerga ismini yozib oʻtirmaydi. Hammaga bir xil qogʻoz tarqatiladi va yigʻib olinadi. Qogʻozlar aralashtiriladi va keyin javob berish boshlanadi.

Chiqish chiptasi

Oʻyin tarzida tashkil qilinadigan usul. Baʼzi joylarga odatda chipta bilan kiramiz, masalan, muzey, aeroport yoki stadionga. Chiqish chiptasi usuli ham shu mantiq asosida ishlab chiqiladi. Yaʼni oʻquvchilar sinfdan chiqishdan oldin oʻz chiptasini olishi zarur.


Bu usul faktik, chuqur mulohaza talab qilmaydigan bilimlarni tekshirish uchun qulay. Oʻquvchilar dars tugashiga yaqin oʻqituvchi partasida turgan chiptalardan birini oladi va undagi savolga javob beradi. Agar yaxshi javob bersa, oʻqituvchi uning chiptasini tasdiqlab beradi (chiptaning bir uchini kesib olib qoladi, xuddi poyezdga chiqishga qilinganidek). Agar yaxshi javob bera olmasa, unga tushuntirish kerak boʻladi. Buning uchun istagan chiptangizdan foydalanishingiz mumkin. Yoki oʻzingizning dars chiptangizni yaratsangiz ham boʻladi. Asosiy urgʻu oʻquvchi chiptadagi savolga javob berishi va chiqish uchun “ruxsatnoma” olishiga qaratiladi.

Savollarni tuzishda faktni qaytarishni emas, biror qoidani qoʻllashni talab qilish kerakligiga diqqat qilish lozim. Aytaylik, siz oʻquvchining fizikadagi biror qonuniyatni tushunganini aniqlamoqchisiz. Buning uchun oʻsha qonuniyatning taʼrifini emas, biror amaliy misol keltirishini soʻraganingiz maʼqul. Masalan:

Fizikadan: Nyutonning birinchi qonunini ifodalovchi vaziyat keltiring.

Tarixdan: Ikkinchi jahon urushining kelib chiqish sabablaridan 3 tasini ayting.

Adabiyotdan: salbiy qahramon xarakterini ifodalaydigan 3 ta soʻz ayting.

Matematikadan: 2x+5=15 tenglamasini yeching.

Xatoni top

Bunda oʻqituvchi materialda atay xatolar qoldiradi. Oʻquvchilar shu xatolarni aniqlashi va toʻgʻrilashi lozim boʻladi. Bu usul bilan oʻquvchilarning mavzuni qanchalik yaxshi tushungani, amalda qanday koʻrinishini his qila olayotganini aniqlash mumkin. Masalan, ona tili darsida ariza yozish mavzusi oʻtildi. Quyidagi topshiriq orqali oʻquvchilarning mavzuni qanchalik yaxshi tushunganini aniqlab olish mumkin:


Galereyaga sayohat

Bu usulda oʻquvchilar mavzuda oʻrganilgan bilimlar asosida biror rasm, taqdimot, diagramma, formula va hokazolarni vizual tarzda ifodalaydi. Ular oddiy qogʻozga chizilgan yoki plakat tarzida tayyorlangan boʻlishi mumkin. Tayyor boʻlgach, bajarilgan ishlar xona boʻylab joylashtiriladi (bu usulni qoʻllashda vaqt masalasi muhim, shuning uchun bunga alohida vaqt ajratish yoki nazorat ishlari vaqtida foydalanish toʻgʻri boʻladi). Oʻqituvchi va oʻquvchilar xuddi rasmlar galereyasi yoki muzeyda yurgani kabi xona boʻylab sayr qiladi. Har bir “eksponat” egasi uni boshqalarga izohlab beradi. Masalan:

Tarixdan: tarixiy voqealar yoki shaxslar haqida poster yaratish.

Matematikadan: biror tenglamani yechish usullari tushuntirilgan algoritmik xarita.

Biologiyadan: hujayra tuzilmalarini aks ettiruvchi rasm.

Adabiyotdan: biror asarning tahlilini vizual tarzda ifodalash.


Bu orqali oʻquvchilarning qanchalik yaxshi oʻzlashtirganini aniqlashdan tashqari, ularda boshqalarga oʻrgatish koʻnikmasini ham rivojlantirish mumkin. Bu usulga koʻproq vaqt talab qilingani sabab plakat tayyorlab kelishni uyga vazifa sifatida berib yuborish yaxshi samara beradi. Usulni ham individual, ham guruhli tarzda tashkil etish mumkin.

Yuqoridagi usullar darsga boʻlgan qiziqishni, faollikni oshirishi, oʻzlashtirish darajasini aniqroq koʻrish imkonini berishi, oʻquvchilarda turli boshqa koʻnikmalarning rivojlanishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Ariza va chiptani fayl shaklida olish 

Maqola haqidagi fikrlaringizni oʻzimizga yoki muhokama guruhiga yozishingiz mumkin.

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
https://assets.mohirdev.uz/others/1e790de6-3323-4fe0-8f06-5c9f6b1256a6.original.jpeg

Shokir Tursun | Ochiq dars