Frontend

Psixologiya va UX (user experience): foydalanuvchi harakatlari ortidagi ilmni ochiqlash

Ushbu maqolada biz psixologiya va UX dizayn, shu jumladan, foydalanuvchi xususiyatlarini shakllantirishda psixologik prinsiplarning chuqur taʼsiri oʻrtasidagi murakkab aloqalarni kashf qilamiz. Ajoyib va samarali dizaynlar yaratishda foydalanuvchi psixologiyasini tushunish qanchalik muhim ekanligini kognitiv jarayonlardan tortib hissiy taʼsirlargacha yoritib beramiz.

UX dizayn va psixologiya 

UX dizayn foydalanish qulayligi, imkoniyati va mahsulot bilan isteʼmolchi oʻrtasidagi oʻzaro aloqani yaxshilash orqali isteʼmolchining qoniqishini va faolligini oshirish imkonini bera oladi. Shularni hisobga olgan holda boshqalar ichida ajralib turishga intilayotgan kompaniyalar uchun muhim farqlovchi boʻlib xizmat qiladi. UX dizaynerlari nafaqat funksional, balki oʻta jozibador taʼsirga ega mahsulotlar yaratishda psixologiya tamoyillarini qoʻllash orqali isteʼmolchilarni kuchliroq darajada jalb qila oladigan dizaynlar yarata oladi.

Psixologiya va UX dizaynining kesishishi turli xil dizayn aspektlariga, shu jumladan, isteʼmolchini oʻrganish, axborot arxitekturasi, dizaynlarning oʻzaro aloqasi va foydalanish qulayligini tekshirish kabi bir qator omillarga taʼsir qiladi.

Isteʼmolchi psixologiyasini tushunish

Insonlar koʻpincha ehtimoliy psixologik tamoyillarga asoslanib qaror qabul qiladi va bu raqamli dunyoga ham tegishlidir. Eng yaxshi isteʼmolchi tajribalarini loyihalashning muhim qirralaridan biri oʻz foydalanuvchilaringizni yaxshi tushuna olishingizdir. Nima boʻlganda ham siz ular uchun mahsulotlar va kechinmalar dizaynlashtiryapsiz.

Isteʼmolchi ongiga rostdan kirib bora olmasangiz-da, ular mahsulotingiz bilan qanday qilib aloqaga kirishishi va qanday qabul qilishini tushunish uchun psixologiyani samarali tarzda qoʻllashingiz mumkin.

Isteʼmolchi qaror qabul qilishidagi kognitiv jarayonlar

Kognitiv jarayonlarning muhim jihatlarini anglash isteʼmolchilarni tanlov qilishga samarali tarzda yoʻnaltiradigan interfeyslar, marketing strategiyalari va foydalanuvchi kechinmalarini ishlab chiqishga imkon beradi. Marhamat, kognitiv jarayon nimalarni qamrab olishi bilan tanishing:

  • Anglash bu — isteʼmolchilarning atrof-muhitdagi sezgi aʼzolari bilan his qilinadigan maʼlumotlarni qanday tartibga solishi va sharhlashi.

    UX kontekstida veb-saytni yuklash paytida foydalanuvchilar koʻzga koʻrinarli qilib joylangan yuqori sifatli tasvirlar va harakatga chorlovchi aniq soʻzlarni boshqalariga qaraganda muhimroq yoki ishonchliroq deb hisoblashi mumkin.

  • Diqqat bu — aqliy resurslarimizning maʼlum stimullarga yoʻnaltirilishi.

    Mobil ilovada muhim tugmalar uchun har xil ranglardan foydalanish va muhim fichalarni sahifaning yuqori qismiga (darhol koʻzga tashlanadi) joylashtirish orqali isteʼmolchi eʼtiborini kerakli harakatga qaratish mumkin.

  • Xotira — maʼlumotlarni saqlab qoʻyish, qaytarib olish va foydalanishni oʻz ichiga oladi. Foydalanuvchi oʻxshash platformada aniq va intuitiv joylashtirish malakasiga ega, deylik. Ishlab chiquvchilar foydalanuvchiga avvalgi tajribasi yordamida yengillik yaratish uchun oʻxshashlik tamoyili asosida bir xil dizayn asoslarini qabul qilgan interfeysni maʼqul koʻrishlari mumkin.

Isteʼmolchi xulq-atvorida emotsional taʼsirlar

UX dizaynida isteʼmolchi psixologiyasining yana bir muhim jihati foydalanuvchi xatti-harakatlariga oʻtkazilgan emotsional taʼsirlardir. Ular foydalanuvchining dizaynga emotsional taraflama qanday munosabat bildirishini va hislarning tanlov jarayoniga qanday taʼsir qilishini belgilaydi. UXʼning choʻqintirgan otasi, Don Norman oʻzining “Emotsional dizayn: Nima uchun biz har kungi narsalarni yaxshi koʻramiz (yoki nafratlanamiz)” nomli kitobida funksionallik muhim boʻlsa-da, munosabatlarni haqiqatdan ham tuygʻular belgilashini taʼkidlaydi.

Shuningdek, funksionallikdan tashqari pozitiv his-tuygʻular, masalan, xursandchilik, hayajon yoki mamnuniyat hissini uygʻotuvchi loyihalar yaxshi natija olib keladi. Bu orqali isteʼmolchilarni jalb qilish va ular bilan uzoq muddatli ijobiy munosabatlar oʻrnatishda koʻproq muvaffaqiyat qozonishini aytib oʻtgan.

Deylik, sayohatni bron qilish bilan shugʻullanuvchi veb-saytingiz isteʼmolchilarga maʼlumotlarni izlash jarayonida maftunkor manzillarning fotosuratlarini tomosha qilish imkoniyatini beradi. Yoʻl-yoʻlakay kirib oʻtish uchun mukammal joylarni topishda intuitiv filtrlardan foydalanish qulayligini va moslashtirilgan yoʻnalish bilan tasdiqlovchi elektron pochta xabarini olishdan mamnuniyat hissini tuyishni taklif qildingiz. His-tuygʻular taʼsirini hisobga olib yaratilgan ushbu xizmat isteʼmolchilarni nazorat, ishonch va hayajon tuygʻulari bilan taʼminlaydi. Oxir-oqibatda ana shu hissiyotlar foydalanuvchining sayohatni rejalashtirish uchun sizning platformangizni tanlashiga taʼsir qiladi.

Aksincha, veb-sayt navigatsiyasi chalkash boʻlib, yashirin toʻlovlar (asosan amallarning oxirida maʼlum boʻladi) mavjud boʻlsa, jarayon uzoq davom etsa, holat mijozlarda hafsalasizlik va shubha tuygʻularini uygʻotadi. Soʻngida esa sotib olishni bekor qilishiga olib keladi.

UX/UI dizayn mutaxassisi boʻling

Turli veb-sayt va ilovalar uchun oʻz dizayningizni yaratishni boshlang. 5 yillik tajribaga ega art direktordan UX/UI qoidalarini oʻzlashtirasiz va amaliyotlar bilan mustahkamlaysiz. Kurs davomida Figma va Adobe XD dasturlarida dizayn bilan ishlash oʻrgatiladi.

Kurs rasmi

Emotsional dizayn tamoyillari 

Mijozlaringizga imkon qadar kuchli taʼsir koʻrsatish uchun maxsus emotsiyalar uygʻotuvchi interfeyslar yaratishda iloji boricha hissiy dizayn tamoyillaridan koʻproq foydalaning. Bu hissiyotlar isteʼmolchi xulq-atvoriga taʼsir qiladi, loyiha va mijoz oʻrtasida ijobiy munosabatlar bogʻlaydi, mamnunlik tuygʻusini keltirib chiqaradi.

Bunga ramziy belgi sifatida gekkon (yirik kaltakesak)ni tanlagan GEICO INSURANCEʼni misol qilib keltirishimiz mumkin. Bu quvnoq qahramon har bir foydalanuvchining diqqatini darhol oʻziga qaratadi, zerikarli holatni zavq-shavqqa almashtiradi va oʻzi uygʻotayotgan pozitiv emotsiyalar sababli isteʼmolchi bilan kelishish ehtimolini oshiradi.


Bu yerda emotsional dizaynni qanday qoʻllash va mijozlarda taʼsirli kechinmalar hosil qilish haqida bilib olishingiz mumkin:

  • Koʻrgazmali detallardan foydalaning. Kerakli kayfiyatni uygʻotish uchun iloji boricha ranglar, rasmlar va chizmalardan foydalaning. Masalan, bankka aloqador ilovalarda mijozlarda xavfsizlik va ishonch hissini uygʻotish uchun sokin tasvirlar ishlating.

  • Mikro-aloqalar yarating. Quvonch yoki qoniqish hissini paydo qilish uchun nozik animatsiyalar va ovozli fidbeklardan foydalaning. Masalan, topshiriqning tugallanganini bildirish uchun yutuqlarni koʻrsatuvchi diagrammalar yarating yoki bayramona tovushlarni qoʻllang.

  • Storytelling (hikoya qilish) uslubidan foydalaning. Mijozlarni hissiy tomonlama jalb etish uchun storytelling usullarini oʻrganing. Masalan, mahsulotingiz yoki xizmatingiz boshqa mijozlarga qanday yordam berganini hikoya qilish odamlarda birgalikda his qilish va ishonch hissini hosil qiladi.

  • Hazilomuz xabarlardan foydalaning. Ayniqsa xatolik xabarnomalarida kayfiyatni koʻtarish va asabiylashishni kamaytirish maqsadida mijoz kechinmalariga quvnoq hamda qiziq xabarlarni qoʻshing.

  • Ijtimoiy izohlardan foydalaning. Ishonchni oshirish va brendingiz bilan hissiy aloqani kuchaytirish uchun mijozlar qoldirgan ijobiy izohlar va sharhlarni namoyish qiling.

Foydalanuvchiga yoʻnaltirilgan dizayn asoslari

Foydalanuvchiga yoʻnaltirilgan dizayn (UCD) tamoyillari dizayn jarayoni isteʼmolchilarning afzalliklari va xatti-harakatlarini birinchi oʻringa qoʻyadigan mahsulotlar yaratish va kechinmalar hosil qilishga qaratilganini kafolatlaydi. Butun dizayn jarayonida foydalanuvchini muhim oʻringa qoʻyib, dizaynning intuitiv, tushunarli va maqsadli auditoriyaga qiziq boʻlishini taʼminlashga yordam beradi.

Isteʼmolchining mahsulotga nisbatan daxldorligi, doimiyligi va oddiyligi foydalanuvchiga yoʻnaltirilgan dizayn tamoyillarining markazida boʻlishini hisobga oldik. Bu yerda muvaffaqiyatli isteʼmolchi kechinmasini yaratishingizda asqotadigan maʼlumotlarni taqdim etamiz.

Ishlatishga qulay va tushunarli boʻlishi

Mahsulotlaringizdan foydalanish qulay va tushunish oson boʻlsa, undan eng katta auditoriya, shu jumladan, nogironlar va cheklanganlar ham foydalanishi mumkin boʻladi. Butun dunyo boʻylab 1,3 milliard odam nogironlikning qandaydir turini boshdan kechirayotganini hisobga olsak, qulaylik va tushunarlilikni oshirish katta potensialdagi foydalanuvchilarni oʻz mijozingizga aylantirish ehtimolini oshiradi.

Bu foydalanuvchining tajribasi yoki qobiliyatidan qatʼi nazar yuklash, tushunish va u bilan ishlash oson boʻlgan interfeyslarni ishlab chiqishni oʻz ichiga oladi.

Intuitiv navigatsiyaning ahamiyati

Intuitiv navigatsiya foydalanuvchilar loyihangizdan oʻzlariga kerakli maʼlumotlarni osonlik bilan topishi va ishlatishini taʼminlaydi. U menyularni, havolalarni va navigatsiyaga oid boshqa elementlarni mantiqiy va tushunarli usulda dizaynlashtirishni anglatadi.

Intuitiv navigatsiya bir qator vazifalarda UX dizayningizni yanada yaxshilashga yordam beradi:

  • Toʻsiqlarni kamaytiring. Aniq va intuitiv navigatsiya foydalanuvchilar kerakli informatsiyalarni topishi uchun kerak boʻlgan aqliy harakatlarni kamaytiradi, hafsalasi pir boʻlishining oldini oladi va qiziqishini saqlab qoladi.

  • Konversiya surʼatini oshiring. Intuitiv navigatsiya foydalanuvchilar kerakli harakatlarni tugallashining, masalan, biror mahsulotni sotib olish yoki qandaydir xizmatga obuna boʻlishining ehtimolini koʻpaytiradi.

  • Xizmat narxlarini qisqartiring. Intuitiv navigatsiya foydalanuvchilarga javoblarni mustaqil ravishda topa olish imkonini berish orqali xizmat koʻrsatishga boʻlgan ehtiyojni bekor qiladi, bu esa oʻz navbatida operatsional narxlarni arzonlashtiradi.

Inklyuziv dizayn amaliyotlari

Inklyuziv dizayn amaliyotlari turli xil qobiliyati yoki nogironligi boʻlgan odamlar tomonidan qoʻllanishi mumkin boʻlgan mahsulotlar va kechinmalarni loyihalashni oʻz ichiga oladi. Oʻtkazilgan tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, noyob ehtiyojlarni qondirish orqali mijozlar doirasini toʻrt barobarga kengaytirish imkoniyatiga ega boʻlasiz.

Marhamat, tushunishga oson va ishlatishga qulayroq boʻlgan mahsulotlarni yaratish uchun inklyuziv dizayn amaliyotlarini ishlab chiqish jarayoniga tatbiq qilish haqidagi maʼlumotlar bilan tanishing.

  • Klaviatura navigatsiyasi. Barcha topshiriqlarni bajarish bitta klaviatura tugmasini bosish orqali amalga oshirilishini taʼminlang. Bu harakatlanishda cheklovi borlar va koʻrishda screen reader (koʻzida nuqsoni borlarga ekranni oʻqishga yordam beradigan dasturiy taʼminot)dan foydalanadigan odamlarga yordam beradi.

  • Ranglar farqlanishi. Matn va orqa fon ranglari oʻrtasidagi aniq kontrastni taʼminlang. Bu koʻzida nuqsoni borlarga, ayniqsa, ranglarni farqlashga qiynaladiganlarga yordam beradi.

  • Tavsiflovchi matnning muqobillari. Rasmlar va matn boʻlmagan kontentlar uchun tavsiflovchi matnlarning muqobillarini taqdim eting. Bu screen readerʼdan foydalanadiganlarga yoki vizual tasvirlarni idrok etishga qiynaladiganlarga koʻmak beradi.

  • Oʻzgaruvchan oʻlchamga ega matn. Bu koʻrish bilan bogʻliq nuqsoni bor yoki oʻqishga qiynaladigan isteʼmolchilarga qoʻl keladi.

  • Subtitl va izohlar. Video va audio materiallarga subtitl va izohlarni qoʻshing. Bu yangi til oʻrganayotganlar bilan bir qatorda “qulogʻi ogʻir” yoki eshitish qobiliyatini butkul yoʻqotgan odamlarga xizmat qiladi.

  • Koʻp taraflama kirish usullari. Sichqoncha yoki sensorli ekrandan tashqari turli xil kiritish variantlarini taklif qilishni oʻylang. Bunga ovozli buyruqlar yoki tezkor harakatlanishdan cheklanganlar uchun imo-ishoralar bilan boshqarish kiradi.

  • Turli xil guruhlar bilan foydalanuvchi testlarini oʻtkazish. Har xil ishtirokchilar guruhlari, shu jumladan, nogironligi borlar bilan beta test sinovlari oʻtkazing. Bu ishlab chiqish jarayonining oʻzidayoq foydalanishda uchrashi mumkin boʻlgan muammolarni aniqlash va hal qilish imkonini beradi.

Vizual iyerarxiya va axborot arxitekturasi

Vizual iyerarxiya va axborot arxitekturasi kutubxonadagi tartiblangan boʻlimlar va yorliq yopishtirilgan javonlarga oʻxshaydi. Ular foydalanuvchilarni kerakli narsalarni kutubxonada aniq tartib bilan yigʻish qanchalik yordam bersa, shunday oson topishga yoʻnaltiradi. Ushbu prinsiplar quyidagilarni bajarish uchun birgalikda ishlaydi:

  • Maʼlumotlarga aniq tartib bering. Ishtahaochar birinchi taomlar, asosiy ovqatlar va shirinliklar kabi aniq boʻlimlardan tashkil topgan retseptlar kitobini xayolingizga keltiring. Har bir retsept foydalanishingizni qulaylashtirish uchun tarkibiy qismlar roʻyxati va qadam-baqadam koʻrsatmalar bilan rejalashtiriladi. UX dizaynida maʼlumotlarni tartiblash foydalanuvchilarga kontentni samaraliroq navigatsiya qilish va yaxshiroq tushunishga yordam beradi. Buni quyidagilardan foydalanib amalga oshirish mumkin:

    — isteʼmolchilarni aniq maʼlumotlar boʻlimlariga yoʻnaltiruvchi bosh sarlavha va kichik sarlavhalar;

    —  maʼlumotlarni koʻrib chiqish va tushunishni osonlashtiruvchi bullet pointʼlar (•) va raqamlangan roʻyxatlar;

    — oʻqish darajasini yaxshilash uchun vizual tartibsizlikni oldini olish maqsadida boʻsh joy qoldirish.

  • Axborotni samarali tarzda yetkazishda muhim boʻlgan elementlarni birinchi oʻringa qoʻying. Siz buni yaxshi loyihalashtirilgan magazinga kirib, eng muhim tovarlar koʻzga koʻrinadigan qilib joylashtirilganini koʻrganingizda payqagan boʻlishingiz mumkin. Bu kabi ahamiyatli detallar eʼtiborni tortish va taʼsirni yetkazib berish uchun strategik jihatdan joylashtirilgan.

    Xuddi shunga oʻxshab UX dizaynida ham muhim jihatlarni yuqori oʻringa qoʻyish foydalanuvchining eʼtiborini asosiy axborotga, jumladan, muhim xabarlar, harakatga chorlovchi soʻzlar yoki kerakli xususiyatlarga yoʻnaltirishga yordam beradi. Bundan tashqari, ularni oson payqashlarini va tushunishlarini taʼminlaydi. Quyidagilar yordamida buni amalga oshirishingiz mumkin:

    — muhim axborotga eʼtiborni tortish uchun matnda qoraytirilgan harflar va katta shriftlardan foydalaning;

    — har xil turdagi kontentlar oʻrtasidagi farqni vizual jihatdan koʻrsatish uchun ranglar kontrastidan foydalaning;

    — “Obuna boʻling” yoki “Koʻproq maʼlumot oling” kabi foydalanuvchilarni maʼlum harakatlarga yoʻnaltiruvchi maxsus tugmalar qoʻllang.

Xatti-harakatga oid loyihalash metodlari

Tatbiq etishingiz mumkin boʻlgan yana bir strategiya xatti-harakatlarga oid dizaynlash namunalaridir. Ularni foydalanuvchi harakatlariga taʼsir oʻtkazish va maxsus harakatlar yoki oʻzaro aloqaga kirishishga undashda qoʻllash mumkin. Bunday metodlar individual shaxslar turli xil vaziyatlarda oʻzini qanday tutishi yoki qanday qaror qabul qilishini oʻrganuvchi xulq-atvor psixologiyasi yoki iqtisodiyotidagi tamoyillarga asoslanadi.

Masalan, shopping veb-sayti shoshilish hissini uygʻotish va mijozlarni tezroq sotib olishga undash uchun nima qilishi kerak? Buning uchun mahsulotlar soni cheklanganini bildiradigan xabarlar (atigi 2 dona qoldi)ni namoyish qilish orqali kamyoblik tamoyilini qoʻllash mumkin.

Undash va koʻndirish

Undash va ishontirish foydalanuvchini kerakli harakatlarni bajartiradigan xulq-atvorni dizaynlash asoslarining muhim koʻrinishidir. Ushbu usullar isteʼmolchining tanlash erkinligini cheklamagan holda aniq qaror qabul qilish yoki muayyan harakatlarni amalga oshirishga yoʻnaltirishni maqsad qilgan.

Stenforddagi (Kaliforniya, AQSh) “Behavior Design Lab” tadqiqot markazi direktori BJ Foggning soʻzlariga koʻra, uchta oʻzgaruvchi: motivatsiya, qobiliyat va qoʻzgʻalish bir nuqtada kesishganda xulq-atvor paydo boʻladi. Agar u yuzaga kelmasa, ushbu 3 ta elementdan biri yetishmayotgan boʻlishi mumkin.

Ushbu model dizaynerlarga foydalanuvchi harakatlariga xalaqit beruvchi toʻsiqlarni aniqlashga yordam beradi. Shuningdek, asosiy motivatorlar, oddiylik darajalari hamda undovchi jumla yoki triggerlar bilan bogʻliq muammolarni aniqlashga zamin yaratadi.

Foydalanuvchini kerakli harakatlarni bajarishga undash 

Agar foydalanuvchilaringiz soʻrovnoma toʻldirishi kerak boʻlsa, siz progress bar koʻrsating, bu ularda muvaffaqiyat hissini uygʻotadi va uni tugallashga undaydi.

Bundan tashqari, yana Foggning modeliga qaytib, soʻrovnoma toʻldirishning afzalliklari, masalan, kelgusida mahsulotlar va xizmatlar sifatini yaxshilash kabilarga urgʻu berish orqali foydalanuvchilarga motivatsiya berishingiz mumkin. Imkoniyatlarni oshirish soʻrovnoma jarayonini soddalashtirish, uni foydalanishga qulay va tushunishga oson qilishni oʻz ichiga oladi. Triggerlardan esa vaqtga qoʻyiladigan eslatmalar yoki foydalanuvchilarni soʻrovnomaga jalb etadigan bildirishnomalar orqali foydalanish mumkin.

UX dizaynerlari ushbu elementlarni samarali tarzda birlashtirib, soʻrovnomaning toʻldirilish ehtimolini oshirishlari mumkin.

Xulq-atvor iqtisodiyoti prinsiplaridan foydalanish

Foydalanuvchilarni harakatga undash maqsadida xulq-atvor iqtisodiyoti tamoyillarini, masalan, zararni yoqtirmaslik, ijtimoiy dalil (izoh va sharhlar) va kamyoblilik effektini qoʻllasangiz boʻladi.

Masalan, onlayn tijorat veb-sayti isteʼmolchilarni mahsulot yoki xizmatni sotib olishga koʻndirishda xaridorlar qoldirgan izohlar va baholashlar kabi ijtimoiy dalillarni ishlatishi mumkin. Xuddi shunga oʻxshab mahsulotlar soni cheklangani haqidagi xabarlarni koʻrsatish mijozlarni shoshilishga va mahsulotni tezroq sotib olishga undaydi. 

UXʼda qiziqtirish maqsadida turli xil oʻyin elementlaridan foydalanish yoki gamifikatsiya

Oʻyin elementlarini qoʻllash foydalanuvchini qiziqtirishda yana bir kuchli usul hisoblanadi. Bu sehrli kukun sepish yordamida taʼsir qilib, foydalanuvchilar uchun odatiy vazifalarni qiziqarli va foydali qilib qoʻyishga oʻxshaydi. U foydalanuvchilarni ragʻbatlantirish, faollikni oshirish va kerakli xatti-harakatlarni amalga oshirishi uchun oʻyin mexanikasidan foydalanadi.

  • Faollikni kuchaytirishda oʻyin elementlarini qoʻllang. Progress bar, muvaffaqiyat nishonlari va virtual mukofot kabi elementlarni qoʻshish foydalanuvchilarning veb-saytdagi faolligini oshirishi mumkin.

    Masalan, mashhur til oʻrganish ilovasi — Duolingo foydalanuvchilar erishgan yutuqlarni belgilab borish va oʻrganishda davom etishlari uchun ularga motivatsiya berish maqsadida darajalash tizimidan foydalanadi. Oʻyinga asoslangan oʻrganish jarayoni oʻquvchilarni til oʻrganishdagi maqsadlariga yetishishda faol va motivatsiyaga toʻlib harakatlanishini taʼminlaydi.

  • Foydalanuvchining mahsulot bilan oʻzaro munosabatlarini ragʻbat yordamida qoʻllab-quvvatlang. Ragʻbatlar gamifikatsiyada kuchli motivator vazifasini bajaradi. Topshiriqlarni bajarganligi yoki maʼlum bosqichga yetib borganligi uchun ragʻbatlar taklif qilish foydalanuvchilar faolligini sezilarli darajada oshiradi.

    Masalan, “Starbucks Rewards” programmasi xaridorlarga savdo qilgani uchun yulduzchalar hadya qiladigan tizimdan foydalanadi. Yulduzchalar soni maʼlum miqdorga, masalan, 150 taga yetgach, ularni yegulik yoki ichimlik almashtirish mumkin boʻladi. Bu strategiya odamlarni nafaqat koʻproq xarid qilishga undaydi, balki ularda brendga nisbatan sadoqat tuygʻusini ham hosil qiladi.

Mahsulot yoki xizmatni maxsus bir shaxs yoki guruhlarga moslashtirish va isteʼmolchining imkoniyatlarini kengaytirish

Personalizatsiya va isteʼmolchi vakolatlarini oshirish kechinmalarni moslashtirish, nazorat qilish imkoniyatlarini taqdim etish, foydalanuvchi ishtiroki hamda ishonchini oshirishni oʻz ichiga oladi. Masalan, Netflix oʻz brendini personalizatsiya asosida qurishi hammaga maʼlum. Uning 260,8 million foydalanuvchisining har biri shaxsiy afzalliklariga mos keladigan oʻziga xos bosh sahifasiga ega. Netflixʼni ishlab chiquvchilar shaxsiy tavsiyalardan foydalanishni shunchalik yaxshi biladiki, mana shu omil asosida tomoshabin faolligini atigi 2 foizdan hayratlanarli darajaga, yaʼni 80 foizga oshira olgan.

Faoliyat holatini har bir foydalanuvchiga moslashtirish orqali mahsulotingiz va isteʼmolchi oʻrtasida ahamiyatli va faol munosabat hosil qila olasiz. Keling, buning bir necha usullarini koʻrib chiqamiz.

Ishlash holatini isteʼmolchi afzalliklariga asoslanib moslashtirish.

Sharoitni foydalanuvchilarga moslashtirish orqali mahsulotingiz yoki xizmatingizdan qoniqishni va faollikni sezilarli darajada yaxshilashingiz mumkin. Bu nafaqat foydalanuvchilarning tajribasini oshiradi, balki brendingiz bilan bogʻliqlik hamda unga nisbatan sadoqat hislarini ragʻbatlantiradi.

Foydalanuvchi maʼlumotlari va xulq-atvoridan foydalangan holda quyidagilarni amalga oshirishingiz mumkin:

  • Mos kontent va xususiyatlarni tavsiya qiling. Foydalanuvchilarga ularni qiziqtirishi mumkin boʻlgan mahsulotlarni koʻrsating. Mijozlarning avval oʻqigan kontentlariga asoslanib maqolalar taklif qiling yoki qidiruv natijalarini oldingilariga koʻra personallashtiring.

  • Interfeysni moslashtiring. Loyihaning tuzilish rejasini, tilini, hattoki ranglar sxemasini ham foydalanuvchilarning afzalliklariga koʻra tartibga solib, ular uchun qulayroq va tanishroq muhit yarating.

  • Isteʼmolchilarni personallashgan kommunikatsiya bilan taʼminlang. Ular bilan oʻrtangizda tanishlik hissini paydo qilish uchun mahsulot yoki xizmatingiz haqida maʼlumot yetkazuvchi elektron pochta xatlari, marketing xabarlari yoki ilova ichidagi bildirishnomalarni moslashtiring.

Boshqaruv va moslashtirish variantlarini taqdim eting

Imkoniyatlarni oshirish shunchaki muhitni moslashtirishdan boshlanadi. Bu foydalanuvchilarga oʻz harakatlarini boshqarish huquqini berishni anglatadi. Bunga quyidagilar kiradi:

  • Moslashtirish tanlovi. Foydalanuvchilarga asosiy bosh sahifasini personallashtirishiga, oʻzi afzal koʻrganidek sozlashiga yoki mahsulot bilan xohlaganidek muloqot qilishiga ruxsat bering. 

  • Shaffoflik va maʼlumotlar ustidan nazorat. Foydalanuvchi maʼlumotlari qanday toʻplanishi va qanday ishlatilishini tushuntirib oʻting. Xavfsizlik sozlamalarini boshqarishda variantlar bilan taʼminlang.

  • Topshiriqlarni bajarish uchun bir necha xil usullar. Turli xil foydalanuvchi afzalliklari va oʻrganish uslublarini hisobga olgan holda bir xil maqsadga erishishning muqobil usullarini taqdim eting.

Ochiq personallashtirish orqali ishonch paydo qiling

Ishonch paydo boʻlishi muvaffaqiyatli personalizatsiya uchun muhimdir. Foydalanuvchilar oʻz maʼlumotlari qanday ishlatilishi va afzalliklari qanchalik hurmat qilinishi borasida koʻngli toʻq boʻlishi kerak. Bunga qanday erishish mumkinligi quyida bayon etilgan:

  • Maʼlumotlar yigʻilishi va undan foydalanish boʻyicha ochiq boʻling. Qanday maʼlumotlar toʻplangani, qanday foydalanilishi va kimlar ishlatishi mumkinligini aniq tushuntiring.

  • Voz kechish tanlovini ham taqdim eting. Foydalanuvchilar personalizatsiya uchun maʼlumotlari ishlatilishini xohlash-xohlamasligini tanlashiga ruxsat bering.

  • Foydali tomonlarga eʼtiborni torting. Personallashtirish qanday qilib foydalanuvchi qulayligini oshirishi va unga qanday qiymat taqdim etishini samarali tarzda yetkazing.

Oʻrganib chiqilgan real vaziyatlar: samarador UX strategiyalari 

Muvaffaqiyatli UX dizayn usuli deb foydalanuvchining ehtiyoj va kutilmalari biznes yoki tashkilotning maqsadlari bilan uygʻunlashgan holda samarali ravishda kesishishiga aytiladi. Quyida foydalanuvchi qulayligini oshirishda psixologiyaning “kuchi”dan foydalangan holda UX dizayni strategiyalarini muvaffaqiyatli ravishda joriy etgan kompaniyalarga misollar keltirilgan.

Amazonʼning “Bir marta bosing, buyurtma bering” strategiyasi

Amazon “Bir marta bosing, buyurtma bering” tizimida xulq-atvor iqtisodiyotidagi “yoʻqotishni yoqtirmaslik (Loss Aversion)” tamoyilidan foydalangan. Ushbu tizim foydalanuvchilar tezkorlik bilan harakat qilmasa, mahsulotdan “quruq qolish”i mumkinligini sezgan paytidagi holatdan kelib chiqqan. Yaʼni bunday vaziyatda xaridni yakunlash ehtimoli koʻproq boʻladi, psixologik jihatdan mijoz sotib olishga moyil boʻladi, shuning uchun baʼzi harakatlar kamaytiriladi.

LinkedInʼning profil kuchaytirish boʻyicha oʻlchovi

LinkedIn profilni kuchaytirish bosqichlarini ishlab chiqishda Klark Hullning “Maqsadni darajalash effekti (Goal Gradient Effect)”idan foydalangan. Bunda odamlar oʻzlarini maqsadga yetishiga yaqin qolganini bilgani uchun keyingi harakatlarni ham tezroq bajarishiga ruhlantiriladi. UX dizaynerlari ushbu effektni foydalanuvchi ishtirokini va topshiriqlarni tugallash tezligini oshirishda qoʻllaydi.

Appleʼning minimalistik dizayni

Appleʼning mahsulotlarida qoʻllagan minimalistik dizayni Jon Svellerning kognitiv yuklama nazariyasi (Cognitive Load Theory)ga ishora qiladi, u odamlarning axborotlarni ishlab chiqish imkoniyati cheklanganiga ishora qiladi.

Tartibsiz va keraksiz elementlarni kamaytirish orqali Apple kognitiv yuklamani qisqartirib, foydalanuvchilar eʼtiborini faqat muhim narsalarga qaratishni osonlashtiradi. Bundan tashqari ularning eʼtiborini mahsulotlarning funksionalligi va asosiy fichalariga qaratadi.

UX/UI dizayn mutaxassisi boʻling

Turli veb-sayt va ilovalar uchun oʻz dizayningizni yaratishni boshlang. 5 yillik tajribaga ega art direktordan UX/UI qoidalarini oʻzlashtirasiz va amaliyotlar bilan mustahkamlaysiz. Kurs davomida Figma va Adobe XD dasturlarida dizayn bilan ishlash oʻrgatiladi.

Kurs rasmi

Oʻrganib chiqilgan real vaziyatlar: samarasiz UX strategiyalari

Bu yerda baʼzi kompaniyalar foydalanuvchilariga qoʻllaganda ish bermagan dizayn starategiyalariga qiziqarli misollar va ulardan yigʻilgan insaytlar havola etilgan.

Snapchat programmasining qayta dizaynlashtirilishi

2018-yilda Snapchat foydalanuvchilar faolligini oshirish maqsadida doʻstlar yuklagan kontentni ilova boshqaruvchilari yuklagan kontentlardan ajratish uchun ilovani qayta dizaynlashtirdi. Biroq foydalanuvchilar yangi dizaynni chalkash va tushunarsiz deb hisobladi, natijada sezilarli darajada noroziliklar kelib chiqdi. Bu esa foydalanuvchilarning kamayishiga va faollikning pasayishiga olib keldi.

Xulosa: qayta loyihalashda keskinlikdan tiyiling. Veber Fehnerning ikki qoʻzgʻatuvchi oʻrtasidagi sezilarli farq stimullarning muhimligiga proporsional ekanligini koʻrsatuvchi qonuniga amal qiling. UX dizaynida bu shuni anglatadiki, qayta loyihalashda asta-sekin, bosqichma-bosqich olib borilgan harakatlar, keskin oʻzgarishlarga qaraganda samaraliroq va foydalanuvchilar tomonidan yaxshiroq qabul qilinadi.

Google+ʼning avtomatik obuna prinsipi

2011-yilda Google+ foydalanuvchilarini Gmailʼdagi kontraktlarining Google+ profiliga avtomatik ravishda obuna qildi. Bu oʻta tajovuzkor va foydalanuvchining maxfiyligiga daxl qiladigan strategiya edi. Shaffoflikning yetishmasligi, shuningdek, foydalanuvchi maxfiyligini buzadigan xavfsizlik bilan bogʻliq baglarni bartaraf etmaslik oqibatida matbuotning salbiy xabarlari va foydalanuvchilarning shikoyatlari keng yoyildi. Bu esa 2019-yilda platforma ishlashdan toʻxtashiga va yopilishiga hissa qoʻshdi.

Xulosa: foydalanuvchi erkinligi va xavfsizligini ularning maʼlumotlari bilan bogʻliq amaliyotlarni oshkora yoritib berish orqali tasdiqlang. Mijozlarning sodiqligini oshirish va noroziliklarni kamaytirish uchun foydalanuvchilarga oʻz maʼlumotlari va afzalliklarini boshqarish imkoniyatini bering.

Airbnb (Air Bed and Breakfast) kompaniyasining “Sayohatlar” xizmati

2016-yilda Airbnb kompaniyasi “Sayohatlar” funksiyasini ishga tushirdi. Bundan koʻzlangan maqsad turar joy xizmatlari bilan bir qatorda turli sayohat sarguzashtlarini bron qilish kabi bir qancha amaliyotlarni oʻzida jamlagan tashkilot boʻlish edi. Biroq foydalanuvchilar interfeysni tartibsiz va chalkash deb topdi, natijada ushbu funksiya muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Xulosa: har doim foydalanuvchi testi (user testing) oʻtkazing va yangi ficha mavjud foydalanuvchilar tajribasiga munosibmi yoki yoʻqmi tekshiring. Yangi fichalarni tanishtirishdan avval foydalanuvchi ehtiyojlari va tajribasini yaxshilab bilib oling. Shuningdek, Jorj Miller qonuniyatiga asoslanib, axborotni qismlarga boʻlib taqdim eting. Bu qonuniyat foydalanuvchilarga koʻrib turgan maʼlumotlarini osongina boshqarish va qayta ishlashga yordam berish maqsadida maʼlumotlarni boshqariladigan boʻlaklarga (taxminan 7+ yoki 2-) boʻlib taqdim etishni ilgari suradi. Bu qonunga misol sifatida telefon raqamlarni ham keltirishimiz mumkin: +998990000000 shaklidan koʻra +998 00 000 00 00 ni eslab qolish osonroq.

Test oʻtkazish va qayta takomillashtiruv (test, fidbeklar va baholashlardan keyin)

Test va takrorlash UX dizayn jarayonining muhim tarkibiy qismlari boʻlib, loyihalash elementlari foydalanuvchiga yoʻnaltirilganini va uning samaradorligini kafolatlaydi. Foydalanuvchilarni test jarayoniga qanchalik ertaroq va tez-tez jalb etsangiz, ular siz yaratayotgan mahsulotlarni qanday qabul qilishi borasida qimmatli insaytlar olasiz. Uarning ehtiyojlari va ogʻriqli nuqtalarini tushunasiz, shuningdek, rivojlantirishingiz kerak boʻlgan taraflardan xabardor boʻlasiz.

Masalan, Spotify doimiy ravishda yangi fichani amalga tatbiq etishdan avval foydalanuvchilarining kichik bir guruhi oʻrtasida test jarayonini oʻtkazadi. Bu takroriy yondashuv Spotifyʼga fidbeklar yigʻish, fichalarga qaytadan ishlov berish va foydalanuvchilarga loyiha borasida yaxshiroq natija taqdim etadi.

Dizayndagi tanlovlarni tasdiqlashda user testingʼning ahamiyati 

User testing dizayndagi qarashlaringiz jiddiy xatoliklarga aylanmasidan avval tasdiqlashda muhim ahamiyatga ega. Tasavvur qiling, siz bir necha oylar davomida yangi bir ficha ishlab chiqdingiz, keyinroq esa foydalanuvchilar uni chalkash va foydasiz deb topdi. User testing esa sizni bunday xavfdan himoyalaydi:

  • Foydalanish bilan bogʻliq muammolarni aniqlashtiring. Foydalanuvchilar bilan mahsulot oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni kuzatish noaniq yorliqlar, chalkash navigatsiya yoki tizimning ogʻir ishlashi kabi muammolarni ochiqlaydi. Misol uchun, user testing oʻtkazish jarayoni qidiruv elementlarining notogʻri joylashtirilishi yoki vizual jihatdan eʼtiborni tortmasligi sababli maʼlumotlarni topishda qiynalishi maʼlum boʻladi.

  • Foydalanuvchilarning tushunish darajasini baholang. Test oʻtkazish foydalanuvchi mavjud dizaynning maqsadi va funksionalligini tushungan-tushunmaganini aniqlashtiradi. Masalan, isteʼmolchilar foyda haqida aniq boʻlmagan bayonotlar yoki tushib qolgan maʼlumotlar sababli mahsulotning asosiy fichalarini tushunmaganligini koʻrsatishi mumkin.

  • Foydalanuvchining qoniqish darajasini baholang. Testlash fidbeklar yigʻish orqali foydalanuvchining mahsulotdan qanchalik mamnun ekanini oʻlchash imkonini beradi. Misol uchun, foydalanuvchilar mobil ilovani sinovdan oʻtkazishda uning sekin yuklashidan norozi boʻlishi mumkin.

Foydalanuvchilar fidbekini keyingi qayta takomillashtirish tarkibiga kirgizing.

Fidbeklar toʻplash orqali takomillashtirish kerak boʻlgan joylarni osonlikcha bilib olasiz va foydalanuvchilar qulayligini oshirish uchun qayta oʻzgartirishlar kiritishingiz mumkin boʻladi. Fidbeklarni isteʼmolchilar qulayligini oshirish dasturiy taʼminoti vositalari taqdim etadigan soʻrovnomalar, intervyular oʻtkazish yoki foydalanish testi oʻtkazish (usability testing) yordamida olsangiz boʻladi. 

Quyida qayta takomillashtiruvda qoʻl keluvchi fidbeklarni olish usullari berilgan:

  • Ogʻriqli nuqtalarini toping. Intervyular, soʻrovnomalar va foydalanish boʻyicha oʻtkaziladigan testlar orqali mijozlaringizning ogʻriqli nuqtalarini va ularga xalaqit beruvchi unsurlarni bilib olishingiz mumkin. Misol uchun, bir e-commerce veb-saytining sotuvni amalga oshirish jarayoni (aynan toʻlov bilan bogʻliq yakuniy qismi) foydalanuvchilarga uzoq va murakkab tuyulishi faqatgina fidbeklar orqali oydinlashishi mumkin xolos.

  • Takomillashtiruvni muhim deb biling. Olingan fidbeklarga asoslanib, dizaynning qaysi qismi koʻproq eʼtiborga muhtoj boʻlsa, oʻshaning ustida qattiqroq ishlang. Bu orqali harakatlaringizni foydalanuvchilarga ahamiyatli boʻlgan muammolarni bartaraf etishga qaratgan boʻlasiz. Masalan, fidbeklarga koʻra, yuqorida tilga olingan e-commerce veb-sayti ishchi guruhi toʻlov qilish tizimidagi ortiqcha “qadam”larni kamaytiradi. Shuningdek, mijozga toʻlov boʻyicha tanlash imkoniyatini taqdim etib, butun eʼtiborini muammoli qismga qaratishi mumkin.

  • Dizaynni qayta tuzating. Bunda sizga fidbeklar yordamga keladi va dizaynni ishlatishga qulay va intuitiv qilishga yoʻnaltiradi. Ushbu qayta takomillashtirish jarayoni dizaynni foydalanuvchilar bilan haqiqatan ham hamohang boʻlishiga va ularning ehtiyojlarini samarali tarzda qondirishga tayyorlaydi.

Optimallashtirish uchun A/B testlari

A/B testlash bitta dizayn elementining ikki xil versiyasini qiyoslash va foydalanuvchilar tabiatidan kelib chiqqan holda qaysi biri yaxshiroq “ish berishi”ni aniqlashni oʻz ichiga oladi. Shuningdek, u sizga qoʻshimcha optimizatsiya uchun maʼlumotlarga asoslangan qaror qabul qilish imkonini beradi.

Masalan, yangiliklar veb-sayti oʻzining asosiy sahifa rejasi uchun 2 xil variantni test qilishi mumkin. Birinchisi tezkor xabarlarga urgʻu beradi, ikkinchisi esa kontentning tarkibiy qismini namoyish qiladi. Bularni test qilishdan maqsad qaysi versiya foydalanuvchilarni saytda uzoqroq olib qolishi va koʻrishlar sonini oshirishini aniqlashdir.

Nima uchun dizaynlash tizimidagi optimizatsiya uchun A/B testlashni tanlashingiz kerak?

  • Dizaynning maxsus variantlarini sinovdan oʻtkazing. A/B testlash tizimi gipotezalarni sinab koʻrish va qaysi biri samaraliroq ekanligini aniqlash uchun tugmalar, harakatga undovchi qismlar, joylashuv tartibi yoki butun boshli sahifalar kabi elementlarning har xil versiyalarini taqqoslaydi. Masalan, “Hoziroq sotib olish” tugmasi uchun ikki xil rang oʻzgarishini sinab koʻrish, qaysi biri koʻproq foyda keltirishini koʻrsatib beradi.

  • Hisoblash mumkin boʻlgan natijalarni oling. A/B testi sizga foydalanuvchi tabiatiga asoslanib miqdoriy maʼlumotlarni, masalan, kontentga necha marta kirilgani, konvertatsiya darajasi va oʻsha sahifada sarflangan vaqt kabilarni taqdim etadi. Bu esa eng yaxshi dizaynni maqsadli ravishda tanlashingizga yordam beradi. Masalan, agar qizil rangdagi “Hoziroq sotib olish” tugmasi koʻkka nisbatan koʻproq bosilsa, ushbu dizayn vizual jihatdan eʼtibor tortadigan va isteʼmolchilarni harakatga chorlaydigan variant sifatida tavsiya etiladi.

  • Davomiy optimizatsiya. A/B testlash sizga dizaynni uzluksiz ravishda qayta yaxshilashga va maʼlumotlardan kelib chiqqan insaytlar asosida optimizatsiya qilishga imkon beradi. Endi qizil rangdagi “Hoziroq sotib olish” tugmasini joriy qilganingizdan keyin veb-saytning boshqa elementlarini, masalan, mahsulot tavsifi yoki reklama bannerlarini yaxshilash uchun qoʻshimcha A/B testi oʻtkazishingiz mumkin.

Foydalanuvchiga yoʻnaltirilgan UX dizaynida etika masalalari

UX dizaynida foydalanuvchi diqqat markazda turadi, unga axloqiy mulohazalar bilan yondashish esa juda ham muhim. Dizayn borasidagi qarorlarimiz foydalanuvchi holati hamda farovonligiga taʼsir qiladi. Bunda etika tamoyillariga amal qilmaslik yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Quyida hisobga olinishi kerak boʻlgan muhim jihatlar keltirilgan:

  • Koʻndirishni foydalanuvchi erkinligi bilan muvozanatlang. UX dizayner sifatida isteʼmolchilarni maʼlum harakatlarni bajarishga, masalan, sotib olish yoki biror xizmatga roʻyxatdan oʻtishga koʻndirishni maqsad qilgansiz. Biroq foydalanuvchi erkinligini hurmat qilish va oʻzlari uchun qulay boʻlmagan harakatlarga majburlovchi manipulyatsiyadan tiyilishingiz muhimdir. Aniq maʼlumotlar va tanlovlar taqdim etib, foydalanuvchilarga oʻz afzalliklaridan kelib chiqqan holda qaror qabul qilish imkoniyatini bering.

  • UX dizaynida xabar qilingan kelishuvni kafolatlang. Maʼlum qilingan kelishuvni saqlash muhimdir, ayniqsa, shaxsiy maʼlumotlarni toʻplash yoki foydalanuvchining xavfsizligiga taʼsir qiluvchi yangi fichalarni tatbiq etishda bu ahamiyatlidir. Maʼlumot toʻplashdan maqsad nima ekani, undan qanday foydalanishni aniq tushuntirishingiz va ular bunga rozimi yoki qarshi ekanini ochiqlovchi tanlovni taqdim etishingiz kerak.

  • Qonunchilik terminlardan foydalanmang. Huquqshunoslikdagi murakkab soʻzlar oʻrniga xavfsizlik qoidalarini aniq va loʻnda tilda taqdim eting. Foydalanuvchilar nimaga rozilik bildirayotganini qonunchilik ekspertidan yordam olmasdan ham tushuna olishi kerak.

  • Maxfiylik va maʼlumotlar xavfsizligi bilan bogʻliq muammolarga eʼtibor qarating. Maʼlumotlarni xavfsiz saqlash, shifrlash va maxfiylik qoidalariga rioya qilishni birinchi oʻringa qoʻyishingiz kerak. Shuningdek, uni foydalanuvchilarga oshkora xabar qilsangiz, etika amaliyotlarini taʼminlagan holda mijozlaringiz orasida oʻzaro ishonchni mustahkamlagan boʻlasiz.

UX dizaynida kelgusi qadamlar

UX dizaynining uzluksiz rivojlanib borayotgan manzarasi imkoniyatlar bilan toʻla. Yuksalib borayotgan texnologiyalarni oʻzlashtirib, inson xatti-harakatlarining murakkabliklarini chuqurroq oʻzlashtirish orqali dizaynerlar nafaqat foydalanuvchi ehtiyojlarini qondiradigan, balki ular bilan hissiy taraflama uygʻunlashadigan tajribalarni yaratishi mumkin.

Markazga insonlarni qoʻygan ushbu yondashuv texnologiya bilan oʻrtamizdagi munosabatimizda tub burilish yasash va foydalanuvchi tajribasining kelajagini shakllantirish imkoniyatiga ega.

UX dizaynida texnologiyalarning keng qoʻllanishi

UX dizayni kelajagini shakllantiradigan vositalar:

Kengaytirilgan voqelik (AR) va virtual voqelik (VR). Ushbu immersiv texnologiyalar virtual muhitda foydalanuvchi idrokini, atrofdan xabardorlikni va hissiy javoblarni tushunishni talab qiladi. AR/VR uchun dizaynlash foydalanuvchining qulayligi va faolligini taʼminlash hamda tashqi kognitiv yukdan ularni himoya qilish uchun psixologik tamoyillarni moslashtirishni talab qiladi. 

Sunʼiy intellekt (AI) va mashinani oʻqitish (ML). Sunʼiy intellektga asoslangan personallashtirish foydalanuvchining notoʻgʻri qarashlari, axloqiy taʼsirlari va diskriminatsiya ehtimolini jiddiy koʻrib chiqishni talab qiladi. Foydalanuvchi psixologiyasini tushunish SI tajribalarni masʼuliyat bilan yetarlicha ifodalashini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Foydalanuvchi ovozli interfeysi (VUI). Amazon Alexa va Google Assistant kabilarga ovozli interfeys ishlab chiqish nutqni aniqlash, tabiiy tilni qayta ishlash va foydalanuvchi maqsadini tushunishni talab qiladi. Foydalanuvchilar ovozli interfeys bilan qanday qilib birga munosabatga kirishishi va intuitiv tajribalar hosil qilishda ovozli kommunikatsiyadan umid qilingan kutilmalarni tushunish muhimdir.

Psixologiyaga asoslangan UX strategiyalarining evolyutsiyasi

Yillar davomida UX dizaynida ajoyib oʻzgarishlar sodir boʻldi. Dastlabki davrlarda eʼtibor estetika va qulaylikka qaratilgan boʻlsa, keyinchalik bu yondashuv oʻzgardi. Natijada foydalanuvchilar uchun qulay muhit yaratishda psixologiya birinchi oʻringa chiqdi. Ushbu oʻzgarish UX dizayn kelajagini shakllantiruvchi bir qancha muhim tendensiyalarni keltirib chiqardi:

  • Hissiy dizaynga eʼtibor qaratish. Foydalanuvchilar bilan oʻzaro ishonch paydo qilish va ijobiy hislarni uygʻotish uchun loyihalashda ularning emotsional holatiga asoslaniladigan boʻldi.

  • Nevrologiya va biometrik (biologik oʻlchovlar) tadqiqot. Ushbu sohalardagi yutuqlar foydalanuvchining kognitiv holatiga moslashadigan intuitiv interfeyslarga yoʻnaltiradigan chuqurroq insaytlarni taqdim etadi.

  • Giper personallashgan tajribalar. Psixologiya va yangi texnologiyalardan foydalangan holda UX dizayni shaxsiy ehtiyojlar va afzalliklarga moslashtirilgan tajribalarni yaratadi, bu esa foydalanuvchining qoniqish darajasini oshiradi.  

  • Inson va kompyuter oʻrtasidagi oʻzaro taʼsirning kuchayishi. Texnologiya yanada intuitivlashib borgani sari oʻzaro munosabatlar ham tabiiyroq va doimiy boʻlib boradi. Natijada materialistik va raqamli dunyo oʻrtasidagi chegara xiralashadi.

Xulosa

Psixologiya va UX dizaynining oʻzaro kesishuvi foydalanuvchi tajribasiga boʻlgan yondashuvimizni oʻzgartirdi. Psixologik prinsiplarni tushunish va qoʻllash orqali dizaynerlar foydalanuvchilarga yanada qiziqarli, intuitiv va taʼsirli muhitni yaratishi mumkin. Psixologiya foydalanuvchi xulq-atvorini shakllantirishda va dizaynga asoslangan qarorlar qabul qilishda kognitiv jarayonlardan tortib emotsional taʼsirlargacha muhim rol oʻynaydi.

Kelajakka nazar soladigan boʻlsak, AR/VR, AI/ML va VUI (foydalanuvchi ovozli interfeysi) kabi texnologiyalar paydo boʻlishi natijasida UX dizayni shakllanishda davom etadi. Bu esa innovatsion va personallashgan tajribalarni yaratishda yangidan-yangi imkoniyatlar taqdim etadi. Ushbu tendensiyalarni qabul qilish va psixologiyaga asoslangan strategiyalarga eʼtibor qaratishda davom etish kerak. Bu orqali dizaynerlar foydalanuvchilarning nafaqat ehtiyojlarini taʼminlaydigan, balki ular bilan chuqurroq darajada uygʻunlasha oladigan va foydalanuvchi tajribasining kelajagini shakllantiradigan tajribalar yaratishi mumkin.


Manba: Psychology and UX: Decoding the Science Behind User Clicks

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
https://mohirdevbucket.s3.eu-central-1.amazonaws.com/practicum/images/157dc928-757a-445c-8c4e-3e56d2252dcb.original.png

sitepoint