Boshqalar

Python dasturlash tilining xususiyatlari va imkoniyatlari

Pythonʼning afzalligi nimada? Ushbu dasturlash tili bugungi kunda eng mashhur va talabgir tillardan hisoblanadi. Uni oʻrganish oson va koʻplab sohalarda qoʻllanadi.

Nimaga eʼtibor berish kerak? Pythonʼning bir qator kamchiliklari ham bor va ularning asosiysi — dasturlarning sust ishlashidir. Umuman olganda, bu dasturlash tili yangi boshlayotganlar uchun ajoyib variant hisoblanadi.

Maqolada quyidagilar haqida soʻz boradi:

  • Python tili tarixi

  • Python dasturlash tili qoʻllanadigan sohalar

  • Pythonʼning oʻziga xos xususiyatlari

  • Python dasturlash tilining afzalliklari va kamchiliklari

  • Pythonʼni boshqa DT (dasturlash tillari) bilan qiyoslash

  • Python kutubxonalari

  • Python dasturlash tili sintaksisi

  • Python kodiga misollar

  • Pythonʼni oʻrganish uchun foydali boʻladigan adabiyotlar

Python tili tarixi

Python dasturlash tili 1990-yillarning boshlarida Gvido van Rossum tomonidan yaratilgan. Oʻsha davrlarda foydalanish uchun qulay va keng imkoniyatlarga ega boʻlgan dastur yaratish kerak edi. Bu gʻoya sodda va tushunarli dasturlash tili – Pythonʼning ishlab chiqilishiga sabab boʻldi.

Pythonʼning birinchi versiyasi 1991-yilda Python 0.9.0 nomi bilan ishlab chiqarilgan. Unga roʻyxat va satrlar bilan ishlash, shartli ibora va sikllar kabi asosiy funksiyalar qoʻshilgan.

Python dasturlash tilini gollandiyalik dasturchi Gvido van Rossumning bir oʻzi yaratgan.

Pythonʼning muhim xususiyatlaridan biri tilning soddaligi va kod oʻqishning osonligidir. Dasturchilar Pythonʼdan oson foydalanishi uchun tilning sintaksisi – kod qisqa va tushunarli qilib tuzilgan.

Shuningdek, Python katta hajmdagi kutubxona va modullarga ega. Bu esa dasturchilarga turli vazifalarga tez va oson yechim topish imkonini beradi. Python kutubxonalari ilmiy hisob-kitoblar, veb-dasturlash, maʼlumotlarni tahlil qilish va boshqa koʻplab turli sohalarni qamrab oladi.

Vaqtlar oʻtib Python dasturchilar hamjamiyatida katta shuhrat qozondi va eng koʻp ishlatiladigan dasturlash tillaridan biriga aylandi. 2019-yilgi TIOBE veb-sayti tomonidan tuzilgan dasturlash tillari reytingida birinchi oʻrinni Python egalladi.

Bugungi kunda Python asosiy dasturlash tillaridan biri hisoblanadi. Uning yordamida turli xil ilovalar, veb-sayt hamda ilmiy hisob-kitoblar, sunʼiy intellekt va boshqalar ishlab chiqiladi.

Python qoʻllanadigan sohalar

Python dasturlash tili koʻplab soha va jabhalarda keng qoʻllanadi. Quyida ulardan baʼzilari keltirilgan:

  1. Veb-dasturlash: Python Django, Flask va Pyramid kabi freymvorklardan foydalangan holda veb ilovalar, saytlar, API va boshqa veb-xizmatlarni yaratishda ishlatiladi.

  2. Ilmiy hisoblash: Python dasturlash tili NumPy, SciPy va Pandas kabi kutubxonalarning boy ekotizimiga ega. Shu sababdan Python ilmiy tadqiqotlar, maʼlumotlarni qayta ishlash va tahlil qilish, mashinalarni oʻqitish va sunʼiy intellekt uchun ommabop tanlovga aylandi.

  3. Vazifalarni avtomatlashtirish: Pythonʼda kuchli avtomatlashtirish va skripting imkoniyatlari mavjud. Undan kundalik vazifalarni avtomatlashtirish, fayllarni qayta ishlash uchun skriptlar yaratish, maʼlumotlarning zaxira nusxasini olish va tizim administratorligining boshqa vazifalarini bajarishda foydalanish mumkin.

  4. Buyumlar interneti (IoT) — (internetga ulangan va oʻzaro maʼlumot almashadigan koʻplab jismoniy obyektlar): Python dasturlash tili IoT-qurilmalar uchun Raspberry Pi va Arduino kabi dasturiy taʼminotlarni ishlab chiqishda foydalaniladigan oson va qulay freymvorkka ega. Bu esa aqlli uy, uy vazifalari va boshqa IoT-qurilmalarni avtomatlashtirish uchun turli xil loyihalarni yaratish imkonini beradi.

  5. Oʻyin dasturlari: Pygame kutubxonasi va boshqa freymvorklar tufayli Python 2D va 3D grafikalarga ega oddiy va murakkab kompyuter oʻyinlarini yaratishda ishlatilishi mumkin.

  6. Veb-skripting: Python HTML sahifalarni tahlil qilish, XML fayllar, veb-saytlar va boshqa axborot manbalaridan maʼlumotlar olishning sodda va samarali usulini taklif etadi.

  7. Bekend ilovalarini dasturlash: Python server ilovalari, API va boshqalarni yaratish imkonini beradi. Flask va Django freymvorklari bu ilovalarni dasturlashni osonlashtiradi.

  8. Oʻyin kontent tizimi boshqaruvini dasturlash: Python oʻyinlar kontent tizimi boshqaruvi hamda Blender Game Engine va Pygame kabi dasturlash vositalarini yaratishda ishlatiladi.

Kutubxonalarning soddaligi, moslashuvchanligi va keng ekotizimi tufayli Python turli sohalarda dasturiy taʼminotlar ishlab chiqishda keng tarqalgan.

Pythonʼning oʻziga xos xususiyatlari

Pythonʼni ommabop va noyob dasturlash tiliga aylantiradigan bir nechta oʻziga xos xususiyatlar mavjud:

  • Soddalik va aniqlik: Python kodni oʻqish va tushunishni osonlashtiradigan sodda va loʻnda sintaksisi bilan mashhur. Bu, ayniqsa, yangi boshlayotganlarga dastur kodini ishlab chiqish va xizmat koʻrsatishni osonlashtiradi.

  • Kutubxona va modullarning keng tanlovi: Python turli xil sohalarni, shu jumladan, ilmiy hisob-kitoblar, veb-dasturlash, maʼlumotlarni qayta ishlash, mashinani oʻqitish va boshqa yoʻnalishlarni qamrab oladigan katta hajmdagi modullar kutubxonasiga ega. Bu dasturchilarga velosipedni qayta yigʻmasdan vazifalarni tez va oson hal qilish imkonini beradi.

  • Koʻchirish imkoniyati: Python — koʻchma til, yaʼni Pythonʼda yozilgan dasturlar Windows, macOS va Linux kabi turli xil platforma va operatsion tizimlarda ishlashi mumkin. Bu dasturchilarga turli xil qurilma va tizimlarda ishga tushirilishi mumkin boʻlgan dasturiy taʼminotni yaratish imkonini beradi.

  • Dinamik tipiklashtirish: Python dinamik tipiklashtirishga ega til, yaʼni kod bajarilayotganda oʻzgaruvchilar turi avtomatik ravishda aniqlanadi. Oʻzgaruvchilar turini oldindan belgilash shart emasligi tufayli Python tezkor dasturlash uchun juda mos va qulaydir.

  • Koʻmak beradigan katta hamjamiyat: Python yangi boshlayotganlar va tajribali dasturchilar uchun yordam, oʻqish va resurslarni taklif qiladigan faol dasturchi va foydalanuvchilar hamjamiyatiga ega. Python boʻyicha internetda koʻplab hujjat va qoʻllanmalar mavjud boʻlib, yuzaga keladigan savollarga javob topish oson.

Bu xususiyatlarning barchasi Pythonʼni dasturchilar uchun ommabop tanlovga va oʻrganish uchun qulay tilga aylantiradi.

Python dasturlash tilining afzalliklari va kamchiliklari

Python juda koʻp afzalliklari bilan birga bir qancha kamchiliklarga ham egadir. Quyida ulardan baʼzilari keltirib oʻtiladi:

Pythonʼning afzalliklari:

  • Sodda va oʻqilishi oson: Python loʻnda va tushunarli sintaksisga ega boʻlgani uchun kodni oʻqish va tushunishni osonlashtiradi. Bu esa kodni dasturlash va xizmat koʻrsatishni soddalashtiradi.

  • Katta miqyosdagi kutubxona va ekotizim: Python ilmiy hisoblashdan tortib veb-dasturlash va mashinani oʻqitishgacha boʻlgan koʻplab sohalarni qamrab oladigan ulkan modullar kutubxonasiga ega. Bu dasturlashni osonlashtiradi va tezlashtiradi, chunki koʻplab takrorlanadigan vazifalarga allaqachon yechim topilgan va kutubxonalarga oʻrnatilgan.

  • Koʻchirish imkoniyati: Python dasturlash tili Windows, macOS va Linux kabi turli xil platforma va operatsion tizimlarda ishlashi mumkin. Bu Pythonʼdagi kodni koʻchirish, uni turli xil qurilma va tizimlarda ishga tushirish imkoniyatini beradi.

  • Dinamik tipiklashtirish: Pythonʼda dinamik tipiklashtirish qoʻllangani uchun oʻzgaruvchilar turini oldindan belgilamaslik imkoniyati mavjud. Bu esa dasturlash jarayonini soddalashtiradi va tezlashtiradi hamda zarurat boʻlganda oʻzgaruvchilar turini tezda oʻzgartirishga imkon beradi.

  • Koʻmak beradigan katta hamjamiyat: Python yangi boshlayotgan va tajribali dasturchilar uchun yordam, oʻqish va resurslarni taklif qiluvchi faol dasturchi va foydalanuvchilar hamjamiyatiga ega. Muammolar yuzaga kelganda tezda maʼlumot topish mumkin. Shuningdek, yordam soʻrab murojaat qilish imkoniyati ham mavjud.

Pythonʼning kamchiliklari:

  • Nisbatan sustkashligi: Python interpretatsiya qilinadigan dasturlash tili boʻlgani uchun kompilyatsiya qilinadigan boshqa tillarga nisbatan ish unumdorligi biroz sekin. Yuqori tezlikni talab qiladigan baʼzi vazifalarda Python unchalik ham samarali foyda bermasligi mumkin.

  • Interpretatorning global bloklanishi: Interpretatorning global bloklanishi tufayli Python boshqa tillarda parallellashtirilishi mumkin boʻlgan ayrim turdagi vazifalarni koʻp tarmoqli bajarishga mos emas.

  • Baʼzi sohalarda cheklangan koʻmak: oʻyinlarni dasturlash yoki past darajali dasturlash kabi baʼzi ixtisoslashgan sohalarda Python cheklangan imkoniyatlarga ega boʻlishi yoki eng samarali tanlov boʻlmasligi mumkin.

Python keng doiralardagi turli soha va loyihalarda muvaffaqiyatli qoʻllanadigan juda moslashuvchan va kuchli til.

Pythonʼni boshqa tillar bilan qiyoslash

Python va Java

Python va Java dasturlarni ishga tushirish va bajarish tezligi jihatidan mutlaqo bir-biriga qarama-qarshi tillardir. Python — dinamik tipiklashtirish xos boʻlgan interpretatsiya qilinadigan til. Java esa statik tipiklashtirishga ega boʻlgan kompilyatsiya qilinadigan til. Pythonʼda yaratilgan dastur tezroq ishga tushadi, ammo uzoqroq vaqt bajariladi. Javaʼdagi dasturlar esa, aksincha, sekinroq ochiladi va tezroq ishlaydi.

Maʼlumki, Java yordamida platformalararo (kross-platformali) ilovalar uchun kod yozish mumkin. Ammo Python ham asosiy operatsion tizimlarga mos keladi. Bundan tashqari, bu ikkala dasturlash tili ham tizim dasturlarini ishlab chiqishda ishlatiladi.

Python Javaʼga qaraganda ancha sodda. Uni noldan oʻrganish uchun odatda bir necha hafta yetarli boʻladi. Javaʼni oʻzlashtirish uchun esa bir necha oy sarflash kerak.

Python va C/C++

Javaʼning (C ga oʻxshash til) yuqorida sanab oʻtilgan barcha xususiyatlari C/C++ ga ham tegishli. Pythonʼning asosiy farqi dasturiy taʼminotni dasturlashning narxi va sifatidadir. Dastur kodini C/C++ da yaratish mutaxassisdan koʻproq malakani talab qiladi. Shuning uchun ushbu tillarda yaratilgan dasturiy taʼminot yuqori sifatga ega va shunga mos ravishda qimmatroq boʻladi.

Python va C/C++ kodning uzunligi va uni idrok etish qulayligi boʻyicha ham farq qiladi. Python dasturlash tilida yaratilgan dasturiy mahsulotlar baʼzan C/C++ dagiga qaraganda 10 baravar qisqa boʻladi. Bu dasturlash tezligiga sezilarli taʼsir koʻrsatadi.

Python va JavaScript

Python va JavaScript TIOBE reytingida dastlabki ikki oʻrinni egallaydi. Bu tillar obyektga yoʻnaltirilgan. Pythonʼning sintaksisi JavaScriptʼnikiga qaraganda soddaroq. Shu bilan birga, Pythonʼda yozilgan dasturlar sekinroq bajariladi. JavaScript yuqori unumdorlikka ega boʻlgani sababli onlayn rejimda ishlaydigan ilovalarni dasturlash mumkin. Shuning uchun Pythonʼda dasturlash Data Science va mashinani oʻqitish sohasida ommabop boʻlib, JavaScriptʼdan veb-dasturlashda foydalaniladi.

Python va PHP

Bu ikkala til ham oʻrganish jarayonida unchalik qiyinchilik keltirib chiqarmaydi. Ammo Python tushunarliroq va yaxshi oʻqiladigan sintaksisga ega. PHP tor ixtisoslikka ega boʻlib, veb-saytlarni yaratish uchun moʻljallangan. Python esa, aksincha, keng doiradagi vazifalar uchun kod yozish imkonini beradigan universal dasturlash tilidir. Shunga qaramay, Pythonʼda yaratilgan dasturlar sekinroq ishlaydi.

Python kutubxonalari

Kutubxona tez-tez uchraydigan operatsiyalar uchun har safar noldan kod yozmaslik imkonini beradigan Python dasturlash tilidagi maʼlum bir toʻplamni anglatadi. Har bir dasturchi juda koʻp ommabop funksiyalarni oʻz ichiga olgan standart kutubxonaga kirish huquqiga ega. Bundan tashqari, ixtisoslashgan vazifalarni (shu jumladan, veb-dasturlash, Data Science va mashinani oʻqitish) bajarishga moʻljallangan 137 000 dan ortiq qoʻshimcha kutubxonalar mavjud.

Eng koʻp ishlatiladigan kutubxonalar quyida toʻplangan.

  • Matplotlib

U turli ilmiy vazifalarga yechim topishda yordam beradi va maʼlumotlarni 2D va 3D oʻlchamda vizualizatsiya qilishda ishlatiladi. Matplotlib maʼlumotlarni ustunli va chiziqli diagrammalar sifatida koʻrsatish imkonini beradi. Bu funksiyalar toʻplamidan foydalanib, bir vaqtda bir nechta diagrammalar tuzish, shuningdek, grafikani istalgan platformaga oʻtkazish mumkin.

  • Pandas

Kutubxona vaqt qatorlari maʼlumoti va strukturalangan maʼlumotlarni (jadval va massivlar) boshqarish uchun zarur optimallashtirilgan va moslashuvchan strukturalardan iborat. Pandas maʼlumotlarni oʻqish, yozish, birlashtirish, filtrlash va guruhlashda yordam beradi. Bu kutubxona Data Science, maʼlumotlar tahlili va mashinani oʻqitish sohalarida ishlaydigan dasturchilar ishini yengillashtiradi.

  • NumPy

Bu kutubxonada toʻplangan funksiyalar massivlarni yaratish va ular bilan ishlash jarayonini osonlashtiradi. Bundan tashqari, NumPy mantiqiy shakllarni boshqarish va chiziqli algebra amallarini bajarish imkonini beradi. NumPy boshqa dasturlash tillariga (masalan, C/C++) ham integratsiya qilinishi mumkin.

  • Requests

Veb-dasturlash uchun zarur foydali funksiyalardan iborat. Ular HTTP soʻrovlarni yuborish, sarlavhalar qoʻshish, URL parametrlarini oʻrnatish, maʼlumotlarni toʻldirish, shuningdek, internet-ilovalarini yaratish bilan bogʻliq boshqa koʻplab vazifalarni bajarishda yordam beradi.

  • Open CV-Python

Bu kutubxona mashina nigohi bilan ishlashda tasvirlarni qayta ishlash imkonini beradi. Uning yordamida bir vaqtning oʻzida tasvirlarni oʻqish va yozib olish, “rasmlarni” 2D dan 3D ga oʻzgartirish, shuningdek, videodagi kadrlarni “ushlab olish” va tahlil qilish mumkin.

  • Keras

Bu Pythonʼning chuqur neyron tarmogʻi kutubxonasi boʻlib, unda maʼlumotlarni qayta ishlash, vizualizatsiya qilish va boshqa vazifalar uchun moʻljallangan funksiyalar mavjud. Keras koʻplab neyron tarmoqlar tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi. Ushbu kutubxona innovatsion dasturlarni yaratish jarayonida moslashuvchanlikni kafolatlaydigan modul strukturasiga ega.

Python tilining soddaligi uni juda ham mashhur qildi: deyarli har oy til uchun yangi kutubxona va freymvorklar paydo boʻladi.

Python dasturlash tili sintaksisi

Python dasturlash tili sintaksisiga xos boʻlgan xususiyatlar – tushunarlilik, izchillik, puxta oʻylangan modullik va masshtablashtirish imkoniyati. Mana shu xususiyatlar tufayli Pythonʼda yaratilgan dastur kodini oʻqish oson.

Operatorlar

Quyida eng keng tarqalgan buyruqlar keltirilgan.

  • If (agar) shartli operatori. Muqobil blok — else (aks holda). Bir nechta alternativ boʻlganda, elif (else if) buyrugʻidan foydalanish mumkin.

  • Davriy operator while (-da).

  • Davriy operator — for (uchun). Sikl ichida break (siklni toʻxtatish uchun) va continueʼdan (darhol keyingi iteratsiyaga oʻtish uchun) foydalanish mumkin.

  • Sinfni taʼriflash operatori — class.

  • Funksiya, metod yoki generatorni taʼriflash operatori — def. Ichkarida return (qaytish) yoki generator bilan ishlaganda yield (berish) buyrugʻidan foydalanish mumkin.

  • Istisnolarni qayta ishlash operatori try – except – else yoki try – finally (2.5 versiyasidan boshlab finally, except va else buyruqlaridan bitta blokda foydalanish mumkin).

  • Pass iborasi boʻsh kod bloklari uchun ishlatiladi.

Pythonʼda kod bloklari chekinish (boʻshliq va tabulyatsiya) yordamida ajratiladi. Shunga koʻra, Pythonʼda dasturlashda begin/end operator qavslari (Paskalʼdagi kabi) va shaklli qavslar (C/C++dagi kabi) ishlatilmaydi. Shu tufayli koddagi satr va belgilar soni kamayadi.

Dasturning toʻgʻri bajarilishi dastlabki boʻshliqlarga bogʻliq ekanini ham yodda tutish kerak.

Ifodalar

Ifoda Python dasturlash tilidagi toʻliq operator hisoblanadi. Tarkibi, sintaksis xususiyatlari, assotsiativligi va operatsiyalarning ustuvorligi tufayli qavslar sonini imkon qadar kamaytirish mumkin.

Satrlarni formatlash operatsiyasi alohida eʼtiborga loyiqdir (u boʻlinishdan qolgan qoldiqni olish uchun ham ayni belgidan foydalanadigan C/C++ dagi printf() ga oʻxshaydi).

>>> print («Salom, %s!» % «Olam»)

Salom, Olam!

Bundan tashqari, Pythonʼda qulay zanjir taqqoslashlardan foydalanish mumkin. Masalan:

1 <= a < 10 and 1 <= b < 20

Python dasturlash tilidagi mantiqiy operatsiyalar (or yoki and) “dangasa” hisoblanadi. Bu esa agar haqiqiy qiymatni hisoblash uchun birinchi operand yetarli boʻlsa, natija ham shuning oʻzi chiqishini anglatadi. Boshqa hollarda ikkinchi operandni hisoblash kerak. Pythonʼning bu xususiyati shartli konstruksiya oʻrnida 2.5 versiyaga qadar faol ishlatilgan:

(a < b) and «kam» or «koʻp»

Oʻrnatilgan maʼlumotlar turlari uchun konstantalarning manba kodida yozilgan oʻz literallari maxsus sintaksisiga ega:

«satr» + ‘satr’ «»»bu ham satr»»» u»Unicode-satr»

True or False # buleva literallari

3.14 # suzuvchi vergulga ega son

012 + 0xA # sakkizlik va oʻn oltilik sanoq tizimidagi sonlar

1 + 2j # butun son va mavhum son

[1, 2, «a»] # roʻyxat

(1, 2, «a») # kortej

{‘a’: 1, ‘b’: ‘B’} # lugʻat

lambda x: x**2 # nomlanmagan funksiya

Pythonʼda roʻyxatlar va boshqa ketma-ketliklar bilan ishlash uchun qirqimlar boʻyicha operatsiyalarning butun boshli toʻplami mavjud. Indeksatsiya tilning oʻziga xos xususiyatidir. Pythonʼni oʻrganishni endigina boshlagan dasturchilar uchun bu holat koʻpincha gʻalati tuyuladi.

Bu operatsiyaning muvofiqligi ishlatilgan sari oydinlashib boradi. Roʻyxatning har bir elementiga xos boʻlgan indekslar noldan boshlanadi. s[N:M] qirqimi qaydi unga N dan M gacha boʻlgan barcha elementlar, shu jumladan, ular ham tushishini anglatadi.

Nomlar

Nom (identifikator) lotin alifbosining istalgan harfi bilan boshlanishi mumkin (bunda katta va kichik registrlardan, shuningdek, satr ostiga chizilgan chiziqlardan foydalanishga ruxsat beriladi). Satr ostiga chizilgan chiziq bilan boshlanadigan nomlar maxsus qiymatga ega. Kalit soʻzlardan identifikator sifatida foydalanish mumkin emasligini unutmaslik kerak (ularning roʻyxatini important keyword va print keyword.kwlist yordamida aniqlashtirish mumkin). Bundan tashqari, oʻrnatilgan nomlarni qayta belgilamagan maʼqul.

Python dasturlash tili dasturning har bir nuqtasida interpretator uchun uchta — lokal, global va oʻrnatilgan nom maydoni (nomlarning obyektlarda koʻrsatilishi) mavjud ekanini anglatadi.

Nomlarning koʻrinish sohasi bir-biriga joylashtirilishi mumkin: aniqlanadigan funksiya ichida atrofdagi kod blokidagi nomlar ham koʻrinadi. Tajribali dasturchilar koʻrinish sohalari va nomlarning bogʻlanishi bilan ishlashning nozik jihatlariga eʼtibor berishni maslahat beradi. Bu boradagi amaliy jihatlar Python tili dasturlash qoʻllanmalarida batafsil bayon etilgan.

Pythonʼni oʻrganishda foydali boʻladigan adabiyotlar

Pythonʼning afzalligi shundaki, har doim yordam olish, butun boshli modul boʻyicha gipermatnli hujjatlarni generatsiya qilish, shuningdek, doctest yordamida modulni avtomatik ravishda testdan oʻtkazish mumkin.

Direktivlar

2.3 versiyadan boshlab dasturni yozish jarayonida matnda ASCII tarkibiga kirmaydigan belgilarni ishlatish uchun modul boshida manba kodini kodlashni kiritish kerak. Masalan:

# -*- coding: utf-8 -*-

Keyinchalik Unicode literallarida kirill alifbosidan foydalanish mumkin.

Python kodiga misollar

Quyida Python dasturlash tilida yozilgan kodga bir nechta misollar keltirilgan.

Funksiya yoki dasturni bajarish uchun zarur boʻlgan vaqtni hisoblash:

import time

start_time= time.time()

def fun():
a=2
b=3
c=a+b
end_time= time.time()
fun()
timetaken = end_time — start_time
print(«Your program takes: «, timetaken) # 0.0345

Roʻyxatdagi takrorlanadigan qiymatlarni tekshirish:

def check_duplicate(lst):

return len(lst) != len(set(lst))
check_duplicate([1,2,3,4,5,4,6]) # True
check_duplicate([1,2,3]) # False
check_duplicate([1,2,3,4,9]) # False

Roʻyxatni saralash:

my_list = [«leaf», «cherry», «fish»]
my_list1 = [«D»,»C»,»B»,»A»]
my_list2 = [1,2,3,4,5]
my_list.sort() # [‘cherry’, ‘fish’, ‘leaf’]
my_list1.sort() # [‘A’, ‘B’, ‘C’, ‘D’]
print(sorted(my_list2, reverse=True)) # [5, 4, 3, 2, 1]

Python dasturlash tilidagi oʻzgaruvchiga kerakli boʻlgan xotira hajmini hisoblash:

import sys

var1=»Python»
var2=100
var3=True
print(sys.getsizeof(var1)) #55
print(sys.getsizeof(var2)) #28
print(sys.getsizeof(var3)) #28

Pythonʼni oʻrganishda foydali boʻladigan adabiyotlar

Tajribali dasturchilar Pythonʼda dasturlashni boshlashdan oldin mavzuga oid ixtisoslashgan adabiyotlar bilan tanishib chiqishni maslahat beradi.

Bu koʻp vaqt oladi va anchagina sabr-toqat talab qiladi. Biroq natija bunga arziydi: aynan kitoblar yordamida yangi boshlayotganlar dasturlash konsepsiyasining umumiy manzarasini tushunish imkoniyatiga ega boʻladi.

Buning uchun quyidagi kitoblarga eʼtibor qaratish lozim:

  • “Pythonʼni oʻrganamiz” (Mark Luts)

Darslik uch marta qayta nashr etilgan boʻlib, juda sodda va tushunarli tilda yozilgan, shuningdek, qulay surʼatda shugʻullanish imkonini beradi. Darslikda Python dasturlash tilida ishlatiladigan obyektlarning asosiy turlari, shuningdek, ularning yaratilish tartibi va foydalanishning nozik jihatlari haqida maʼlumotlar mavjud. Bundan tashqari, funksiyalar Python dasturlash tilining asosiy jarayon elementi sifatida koʻrib chiqilgan.

Pythonʼning afzalligi shundaki, har doim yordam olish, butun boshli modul boʻyicha gipermatnli hujjatlarni generatsiya qilish, doctest yordamida modulni avtomatik ravishda testdan oʻtkazish mumkin.

  • “Python 3 da dasturlash” (Mark Summerfild)

Muallif Pythonʼning asosiy elementlarini batafsil koʻrib chiqqani tufayli bazaviy tushunchalar haqida tasavvurga ega boʻlish mumkin. Soʻngra mavzular asta-sekin murakkablashadi. Masalan, hisoblash yuklamasini bir nechta jarayon va tarmoqlar oʻrtasida taqsimlash, murakkab turdagi maʼlumotlar, boshqaruv strukturalari va funksiyalaridan foydalanish, SQL maʼlumotlar bazalari va DBM fayllari bilan ishlash uchun ilovalar yaratish haqida maʼlumotlar qamrab olingan.

  • “Python va maʼlumotlarni tahlil qilish” (Ues Makkinni)

Koʻpchilik dasturchilarning fikriga koʻra, darslik Python dasturlash tilida maʼlumotlarni qayta ishlashga moʻljallangan ilmiy ilovalarni yaratish boʻyicha dolzarb amaliy koʻnikmalarga ega boʻlish imkonini beradi. Nashrda tilning ixtisoslashgan sintaksisi, shuningdek, ommabop tahliliy vazifalarga samarali yechim topish imkonini beradigan kutubxonalar tavsiflangan. Xususan, IPython interaktiv qobigʻi, Numpy va Pandas kutubxonalari, maʼlumotlarni vizualizatsiya qilish vositasi boʻlgan Matplotlib va boshqalar koʻrib chiqilgan.

  • “Bolalar va ota-onalar uchun Python” (Brayson Peyn)

Yosh dasturchilarga eng sodda va mashhur tillardan biri boʻlgan Pythonʼni oʻzlashtirishga yordam beradigan ajoyib darslik. Kitobda kod yaratishning nozik tomonlarini tushunishga yordam beradigan koʻplab foydali mashqlar toʻplangan. Bu darslikning afzalligi shundaki, imkon qadar tushunarli va sodda tarzda, ammo ayni paytda juda qiziqarli qilib yozilgan. Uni oʻqiganingizda faqat ijobiy his-tuygʻular yuzaga chiqadi.

Xulosa qilib Python haqli ravishda ajoyib dasturlash tili ekanini yana bir bor taʼkidlash lozim. U intuitiv tushunarli sintaksisga ega. Bundan tashqari, satrlarning minimal soni tufayli kodni yozish jarayoni unchalik qiyinchilik tugʻdirmaydi. Dasturchilikni endigina oʻrganayotganlar uchun Python ishonchli ittifoqchidir. Bu til asoslarini oʻrganib chiqib, qisqa vaqt ichida juda koʻp vazifalar yechimini topishni oʻrganish mumkin.

Manba: Язык программирования Python: особенности и перспективы

#python
Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
GeekBrains

GeekBrains