Qanday qilib ish va o‘qishni birga olib borish mumkin?
Dasturlashni oʻrganishga vaqt ajratolmayman deydiganlar uchun maxsus: maqolamizda qanday qilib ish va oʻqishni birgalikda olib ketishga batafsil yechim berdik. Tavsiyalarni bunday rivojlanish yoʻlini oʻz boshidan oʻtkazgan inson beradi.
Ushbu maqolamiz kasb yoki faoliyat turini o‘zgartirishni rejalashtirgan va dastlabki qadamni qo‘yayotganlar uchun foydali bo‘ladi. Oʻz hayotim misolida ba’zi savollaringizga javob topishingiz mumkinligini tushuntirib beraman. Hozir kim ekaningiz yoki kelajakda kim bo‘lishni xohlayotganingiz muhim emas, chunki bugun texnologiyalarga bog‘liq bo‘lgan jihatlarni ko‘rib chiqmaymiz. Mening misolim media-sotib olish bo‘limi boshligʻining dasturchi bo‘lishga qaror qilganiga asoslangan.
Bu “muvaffaqiyatli muvaffaqiyat” yoki unchalik ham muvaffaqiyatli boʻlmagan turkumdagi birinchi maqola. Bunda qanday qilib dasturchi boʻlganim va bu yoʻlda qanday muammolarga duch kelganim haqida soʻz boradi.
Boshidan boshlayman
Birinchi tajriba
2021-yil, ofisda ishdan bezigan paytlarim. Atrofimda AyTi yoʻnalishida ishlaydigan kishilar bor edi, lekin bu soha qanday ekanidan bexabar edim.
Birinchi qilinadigan ish — shunchaki boshlash!
Taym menejment haqida bazaviy tushunchalarim bor edi, lekin boshida bu unchalik yordam bermadi. Praktikumda ma’lumotlar analitikasi kursining bepul qismini o‘qish orqali Python’ni o‘rganishni boshladim. Keyin menga Coursera va YouTubeʼdagi videolar haqida aytishdi.
Maqola yo‘nalishni tanlash, o‘qish rejasi, manbalarga bag‘ishlangan holda tayyorlandi.
Ilk qadamlar
Oʻqish bilan kechqurunlari ishdan qaytgach shugʻullana boshladim. Dastlab mohiyatini unchalik tushunmay, vaqtga e’tibor bermay, YouTubeʼdagi videolar ortidan takrorlab, kurslardagi vazifalarni bajarishga harakat qildim. Kechqurunlari menda yangi bilimlar olish istagi va qiziqish boʻlardi. Dam olish kunlari mashg‘ulotlarim tartibsiz bo‘lardi: bir-ikki soat shugʻullanishim yoki ikki kun hech bir narsa qilmasdan o‘tirishim mumkin edi. Konsol o‘yini va Telegram bot kabi dastlabki natijalar esa motivatsiya berardi.
AyTi sohasiga chuqurroq kirish
AyTi sohasida qanday til va yoʻnalishlar borligini oʻrgana boshladim. Buning uchun YouTubeʼda video koʻrishga koʻp vaqt sarflardim. Sekin-asta ishdagi boʻsh vaqtlarimda ham oʻqishni boshladim.
Bu menga atamalarni tushunish va kengroq nazar tashlashga yordam berganini sezdim. Qanday kasblar borligi, umuman, sanoat qanday tuzilgani, unda qanday kompaniyalar va yondashuvlar mavjudligi haqida tasavvur paydo bo‘la boshladi. Bundan tashqari, bu menga motivatsiya olishga yordam berdi. Chunki men muvaffaqiyatli dasturchilarning ishidan misollar ko‘rdim va qanday ilovalar yaratish mumkinligini tushundim.
Nimani tanlashingizdan qatʼi nazar o‘zingizni kontekst bilan qurshab olishni tavsiya qilaman. Maqolalar, videolar, podkastlar va hokazo.
Bir necha oy o‘tgach, endi trafik bilan shug‘ullanishni va bo‘limni boshqarishni istamayotganimni aniq tushundim. Ammo AyTi sohasiga chuqurroq kirib borganim sari bilishim kerak bo‘lgan ma’lumotlar miqdori tobora cheksiz bo‘lib ko‘rina boshladi hamda tobora toliqib borardim. Kechqurunlari o‘qish ancha qiyinlashdi: ish joyimda bo‘sh vaqtim kamayib, vazifalar ko‘payib borardi.
Optimal grafikni qidirish
Shunda AyTi blogerlarning ta’lim bo‘yicha dasturchi bo‘lish uchun kuni/haftasiga qancha vaqt sarflash kerakligi haqida tavsiyalarini biroz o‘rganishga qaror qildim. Koʻpchilik o‘rtacha hisobda haftasiga kamida 20 soat shugʻullanishni tavsiya qilgan. Men bu vaqtni 7 kunga bo‘ldim va kuniga 3 soatdan taqsimladim. Kechqurunlari o‘qishni boshladim, lekin bu 4–6 haftada o‘z ta’sirini ko‘rsata boshladi. Yaʼni menda doimiy charchoq paydo bo‘ldi, yaqinlarim bilan birga boʻlishga vaqtim ham kam qolardi, bu esa gʻashga tegardi.
Ertalabki mashg‘ulotlar
Oʻylay boshladim, kunduzi ishlayman, kechasi kuchim qolmaydi, lekin oʻrganishga ishtiyoqim kuchli. Shunda menda bitta variant qoldi – ertalab ishdan oldin shugʻullanishim kerak edi. Bu paytga kelib faoliyatimni oʻzgartirishga qatʼiy qaror qilgandim, oʻqish ishdan ustuvor boʻlib ulgurgandi.
Chamalab koʻrdim, soat 11 da ishda boʻlishim keak. Demak, soat 10 da yoʻlga otlanishim mumkin. 3 soatlik shugʻullanish uchun esa budilnikni ertalabki soat 7 ga qoʻydim. Bu vaqtga qadar betartib yashardim. Kechasi soat 1 bilan 4 oraligʻida yotib, ishga ketishdan 5 daqiqa oldin turardim. Birinchi tong ogʻir kechdi, lekin irodam va koʻp sonli budilniklarni ishga solib, bu ishni yoʻlga qoʻydim. Bir oy oʻtgach, bunga odatlandim, bunday yoʻl samarasini ham bera boshladi. Barvaqt turishga, ertalab hech kim halal bermaganida shugʻullanishga odatlandim.
Bu ishimga ta’sir qilmadi, resursim samaradorligimga yetarli edi. Shaxsiy hayotim ham iziga tushdi: kechqurunlari vaqtimni qiziqishlarimga va juftimga ajrata olardim.
Odat va muntazamlik
Bu odat fundamental tus oldi. Muhimi — haftada kamida 5 kun rejimga rioya qilish. Spoyler: qariyb 2 yil shu tarzda yashadim. Shu narsa uzoq kelajakda o‘z samarasini berdi va bermoqda.
Vaqtni optimallashtirish
Diqqatim tarqoqligi va vaqtdan samarasiz foydalanayotganimni payqab, optimallashtirish haqida o‘ylay boshladim. Taym menejmentdagi “Pomodoro” tizimini esladim: 25 daqiqa ish, keyin 5 minut dam. O‘qishda mana shu usulni qo‘llab, 25 daqiqa ichida nima ishlar qilganimni yozib borishni boshladim (Python’ni o‘rgandim, Djangoʼdagi baglarni aniqladim va hokazo). Bu zaif tomonlarimni aniqlashimga va ko‘proq vaqtimni nimaga sarflayotganimni tushunishimga yordam berdi. Shuningdek, menga mos 2–3 soatlik o‘qish samara berayotganini his qildim. Aytgancha, agar vaqtni qayd eta boshlasangiz, dam olish kerak boʻlgan daqiqalarda ham chalg‘imasdan 2 soatlik o‘qish real vaqtda aslida 3 soatga cho‘zilishi mumkinligini aniqlab hayron qolasiz.
O‘sha davrning skrinlarini topa olmadim, ammo biroz keyinroq davrga misol, 2023-yilning 6 oyi statistikasi.
Dam olish kunlari va hordiq
Deyarli bir yil dam olmasdan o‘qidim. Taym trekerdan foydalanib, haftasiga qancha o‘qiyotganimni kuzatardim. Ko‘pincha ish kunlarida kerakli soatlarga erisha olmasdim. Shuning uchun dam olish kunlari 5–6 soat o‘qirdim. Yarim yildan so‘ng surunkali charchoq paydo bo‘ldi va haftada bir marta dam olishga qaror qildim. Avvaliga bu menga gʻalati tuyuldi, ammo vaqt o‘tishi bilan koʻnikdim. Bu dam olishim va o‘qishga yangi ishtiyoq bilan kirishishim uchun kerak ekanini payqadim.
Oson bo‘lmaydi. Og‘riqli boʻladi
Doim “Balki dam olarmiz? Balki YouTube tomosha qilarmiz?” kabi fikrlar boʻladi. Tan olaman, dastlab bunday fikrlarni haydash va maqsadlarga diqqatni jamlash uchun ko‘p kuch sarflash kerak bo‘ladi. Shuningdek, har doim ham va atrofdagilarning hammasi ham buni qabul qila olmaydi. Ammo men ochiqchasiga harakat qildim va yaqinlarimga maqsadim borligini aytdim. Unga erishishim uchun o‘qishim, shu sababli menga koʻproq vaqt kerakligi va ular uchun kam vaqt ajratishimni tushuntirdim. Ajablanarlisi, bunday ochiqligim yaqinlarim bilan munosabatlarimizni yaxshilashga yordam berdi.
O‘rganing va sinab ko‘ring
O‘rganing, sinab ko‘ring, qulay formatlar va variantlarda o‘zingizni test qiling. Avvaliga men qanday qilib o‘rganish, his-tuyg‘ularga quloq solish va bu sprint emas, balki marafon ekanini yodda tutish borasida oʻrnak va maslahatlar olishni xohlardim. Menga yordam bergan layfhaklardan biri: o‘qishni umuman xohlamaganingizda o‘zingizni hech bo‘lmaganda 5 daqiqaga ko‘ndirishingiz kerak. Ko‘pincha bu 1–2 soatlik mahsuldor mashg‘ulotga aylanib ketardi.
Qisqacha mazmuni:
Googleʼda o‘qishga haftasiga qancha vaqt ajratishni maslahat berishlarini qidirib koʻring;
kunning qaysi vaqtida qulay tarzda va xotirjamlikda oʻqishingiz mumkinligini tahlil qiling;
yodingizda tuting, o‘qish sprint emas, marafon;
o‘zingizga tanish yoki yangi bo‘lgan taym menejment texnikasi va vositalarini sinab ko‘ring;
dam olishni unutmang;
o‘zingiz va holatingizga quloq tuting;
o‘zingizni ta’lim konteksti bilan qurshab oling (bloglar o‘qing, videolar ko‘ring, soha yangiliklarini kuzating).
Mening nashr qilishdagi birinchi tajribam.
Esingizda bo‘lsin: yo bajarasiz yoki yo‘q!
Manba: Как совмещать работу и учебу

