Mobil

Qanday qilib mobil ilova yaratish mumkin? Spoyler: buning uchun kod yozish shart emas

Biz dasturlash bosqichlari nimadan iboratligi, ilovalar yaratish uchun kerak boʻladigan uskuna, dastur va ilovalar bilan tanishtiramiz.

  • Mobil ilovalar yaratish bosqichlari

  • Qanday qilib konstruktorda mobil ilova yaratish mumkin?

  • Qanday qilib mobil ilovani noldan yaratish mumkin?

  • Mobil ilovalar yaratish uchun servis hamda dasturlarni koʻzdan kechiramiz

  • Ekspert maslahati


Mobil ilovalar yaratish bosqichlari

Ilova yaratishdan avval usiz ham ishni bitirsa boʻladimi degan savolga javob berish kerak. Hozirda koʻplab ishlar veb sahifa, ijtimoiy tarmoq va Telegram botlar yordamida amalga oshirilmoqda. Masalan, tuman poliklinikasi uchun saytning qulay va tushunarli mobil versiyasini yaratish yetarli boʻlsa, taksi buyurtma qilish xizmati toʻlaqonli mobil ilovasiz qoniqarli faoliyat koʻrsata olmaydi.

Ish orttirmaslik va kompaniyani inqirozga uchratmaslik uchun tartib bilan harakat qilish kerak

Mobil ilovalar yaratish bosqichlarini batafsil koʻrib chiqamiz:

1. Gʻoya. Agar dasturchi fitnes ilova qilishni rejalashtirayotgan boʻlsa, avval auditoriyani oʻrganish va uning ehtiyojlarini bilib olishi zarur. Auditoriya 25—35 yoshlardagi, trenajyor zaliga qatnaydigan va vaznini nazorat qiladigan yosh insonlardan iborat boʻlishi mumkin. Bunda ilovada shaxsiy kabinet boʻlishi, foydalanuvchi tugmalarni qanday almashtirishi va qalqib chiquvchi oynalarni qanday yopishini oʻylash kerak boʻladi. Ilova muammoni yechishga yordam berishi – unda kaloriya hisoblagichi boʻlishi, trenerning videodarslari qoʻshilishi, foydali retseptlar joy olishini ham oʻylash kerak. Bular dasturlash uchun yechimlar tanlashga yordam beradi.
Baʼzida prototip – ilovaning “qoralamasi” bilan ham ish bitishi mumkin.

2. Prototip ishlab chiqish. Muayyan muhit uchun noldan ilova yaratish – qimmat va murakkab ish. Mobil ilovaning dastlabki versiyasini yaratish uchun tashqi uskuna va kross platformalar imkoniyatlari yetarli. Ular bir marta kod yozish bilan iOS, Android va veb versiyalar — Mac OS, Windows va Linux operatsion tizimlarida ham ishlaydigan ilova olish imkonini beradi. Prototip yordamida talab qilinayotgan mahsulot tahlilini oʻtkazish bilan dasturlashni tekshirishga ketadigan vaqt va pulni tejash mumkin. Agar gʻoya ish bersa, keyingi qadamga oʻtsa boʻladi.

Prototip ishlab chiqish uchun Figma juda mos keladi

3. Kod yozish. Ilova yaratish uchun quyidagi dasturlash tillarini bilish kerak boʻladi:

  • iOS uchun mobil dasturlashga — Swift yoki Objective-C;

  • Android uchun – Java yoki Kotlin;

  • Istalgan muhitda ishlaydigan kross platforma ilovalari uchun aniq freymvorklar va boshqa dasturlash tillarini, masalan, React Native uchun JavaScript, HTML va CSS, Flutter uchun Dart kabilarni bilish talab qilinadi.

Dasturchining mutaxassisligi va auditoriyani bilishi texnologiyani tanlashga taʼsir koʻrsatadi. Agar oziq-ovqatlar yetkazish uchun ilova ishlab chiqish kerak boʻlsa, bunda raqobatchilardan ortda qolmaslik va foydalanuvchilar uchun qulay tajriba yaratishga urinish muhim. Foydalanuvchilar operatsion tizimning oxirgi yangilanishini olishi, ilova esa telefon xotirasida koʻp joy egallamasligi uchun nativ dasturlash tillaridan foydalanib kod yozishga toʻgʻri kelishi mumkin. Bular har bir operatsion tizim uchun tabiiy tillarning nomi.

Bank ilovasida esa foydalanuvchi tajribasi bilan hisoblashish u qadar zarur emas. Bunday ilovalarda foydalanuvchini ilovada olib qolishga undaydigan skrolling va triggerlar boʻlmaydi — foydalanuvchi ilovaga faqat ish yuzasidan kiradi. Bank ilovasidagi harakatlar ijtimoiy tarmoqlardagi lenta skrollingidan farqli ravishda zavq berishga yoʻnaltirilmagani uchun kichik kamchiliklar koʻzga tashlanmasligi mumkin. Shu sababli koʻpincha kross platformali dasturlashdan foydalanib, prototipni oʻzgartirishsiz qoldirish ham mumkin.

Grab taksi chaqirish xizmati ilovasi ham kross platformali texnologiyalar yordamida yozilgan. Ammo foydalanuvchilar qoʻlida nativ boʻlmagan ilova borligini payqamaydi ham — u qotib qolmaydi va turli qurilmalarda ham birdek yaxshi ishlaydi.

4. Testdan oʻtkazish va debugging. Konsepsiya, dizayn va texnologiya jamlansa taqdim qilish uchun deyarli tayyor versiya yuzaga keladi. Ammo ilova relizidan avval bir qator testlarni oʻtkazish, hammasi rejadagidek ishlayotganini tekshirish zarur. Dasturlash jamoasi ilova versiyasini turli telefon va operatsion tizimlarda testdan oʻtkazadi. Shuningdek, beta testerlar — dasturlash davomida eʼtiborga olinmagan jihatlarni koʻrishi mumkin boʻlgan foydalanuvchilar ham bunga jalb qilinadi.

Testdan oʻtkazilgan ilova taqdim qilinishga tayyor boʻladi. Uni iOS uchun App Store, Android uchun esa Google Play, Appland, Samsung Apps, Huawei App Store, RuStore kabilarga joylash mumkin boʻladi.

Mobil dasturlash kurslarida talabalar ilovaning biznes mantigʻini amalga oshirishni oʻrganadi, asosiy andoza va patternlar yordamida arxitekturani loyihalashtiradi, yozilgan kod va foydalanuvchi ssenariylarini sinab koʻradi. Har bosqichda ularni revyuyer, kurator va murabbiylar jamoasi qoʻllab-quvvatlaydi. Bu materialni yaxshiroq oʻzlashtirish va yangi mutaxassislik boʻyicha ishlashga tayyorgarlik koʻrishda yordam beradi.

Konstruktorda mobil ilovani qanday yaratish mumkin?

Ilova yaratish uchun baʼzan Zero-code — veb-sayt va ilovalarni kodsiz yaratish usulidan foydalanish kifoya. Bunday formatdagi ishlab chiqish yangi boshlayotganlar uchun mos keladi — unda raqamli mahsulotlarning ishlashi toʻgʻrisida chuqur bilim kerak emas, ilovaning kelajakdagi funksionalligini konstruktordagi tayyor bloklardan foydalanib toʻplash mumkin. Bir nechta ommabop vositalarni koʻrib chiqamiz.


Appy Pie

Konstruktor mobil ilova, chatbot va veb-saytlarni yaratishda yordam beradi. Zoom, Discord, Slack, Trello bilan integratsiyalar mavjud. Ilovani uch bosqichda — sarlavhani kiritish, kerakli funksiyalarni qoʻshish va relizni doʻkonlarga chiqarish orqali yaratish mumkin.

Afzalliklari: reklamalarni joylashtirish va messenjerlarni integratsiya qilish mumkin, ilovada toʻlov sozlamalari mavjud. Qoʻshimcha bonuslar — 24/7 qoʻllab-quvvatlash chati va Zero-code dasturlash kurslari.

Narxi: Android uchun bazaviy tarif oyiga 16 dollar, bepul sinov muddati mavjud.

iBuildApp

Mobil ilova konstruktori turli toifadagi andoza va vidjetlarni taklif etadi. Kichik biznes, restoran va oʻquv muassasalari ilovalari uchun shablonlar, katalog, ijtimoiy tarmoqlar va utilitalar uchun vidjetlar mavjud. Ilova strukturasini tanlash, sahifalar qoʻshish va olib tashlash, rang va matnlarni, fon rasmlari hamda logotipni oʻzgartirish mumkin. Vidjetlar: fikr-mulohazalar shakllari, xaritalar, ijtimoiy tarmoqlarga havolalar, qoʻllab-quvvatlash chati va kalkulyator. Foydalanuvchilarga push xabarnomalarni bevosita shaxsiy kabinetdan yuborish mumkin. Yigʻilgan konstruktorni Google Play va Apple Storeʼga joylashtirish yoki havola, QR-kod orqali ochish imkonini berish mumkin.

Afzalliklari: konstruktor toʻliq rus tilida. Turli xil biznes turi — chakana savdo, bank, tibbiyot muassasalari uchun tayyor yechimlar mavjud.

Narxi: har bir foydalanuvchi uchun oyiga 5 dollardan boshlab, bepul sinov muddati mavjud.

AppSheet

Konstruktor yangi boshlayotgan dasturchilarga to do varaqlar yoki taqvimlar kabi oddiylardan tortib murakkab lid va ERP tizimlarni kuzatish ilovalari kabi har qanday dasturlarni yaratishda yordam beradi. Har qanday andozani oʻz loyihangizga moslab tahrirlash mumkin.

Appsheetʼda kodsiz ilovalar yaratishning toʻrtta usuli mavjud:

  • Excel, Google Sheets, SQL kabi maʼlumotlar manbalarini ulash;

  • ilova andozasini nusxalash;

  • Google Tabs, Google Forms yoki Excel uchun sozlamalardan foydalanish;

  • SPEC nativ tilidagi deklarativ dasturlash vositasidan foydalanish.

Asosiy afzalliklari: murakkab dasturlarni ishlab chiqish imkoniyati mavjud — kastomizatsiya, har qanday murakkablikdagi maʼlumotlar modellari bilan ishlash va avtomatlashtirish mumkin.

Narxi: 10 nafargacha foydalanuvchiga moʻljallangan bepul versiyasi mavjud. Obuna narxi oyiga har bir foydalanuvchi uchun 5 dollardan boshlanadi.

Mobil ilovani noldan qanday yaratish mumkin?

Ilovalarni nativ dasturlashda tayyor bloklar bilan kifoyalanib boʻlmaydi, mustaqil ravishda kod yozishingiz va modullarni bir-biriga bogʻlashingiz kerak boʻladi. Bu ancha qiyin yoʻl, ammo bu yangi boshlayotgan mutaxassis uchun koʻnikmalarni rivojlantirish va mobil ilovalarni dasturlash orqali mashq qilish imkoniyatidir.

Ilovani noldan yaratish uchun dasturchi ikkita muhim harakatni qilishi kerak:

1. Maqsadni aniqlab olish →

Texnologiyani tanlash har doim maqsadli auditoriya va mahsulotni testdan oʻtkazish natijasi bilan bogʻliq. Agar vazifa iPhone, iPad, “aqlli” televizor va soatlar foydalanuvchilarini maksimal darajada jalb qilish boʻlsa, u holda dasturchiga eng yangi texnologiyalar kerak boʻladi. Android uchun bu Kotlin dasturlash tili, iOS uchun — Swift. Agar maqsad operatsion tizimlarning eski versiyalarini qoʻllab-quvvatlash boʻlsa, Android uchun — Java, Apple mahsulotlari uchun Objective-Cʼni tanlash kerak.

2. Tilni tanlash →

Android dasturchilar Kotlin yoki Javaʼdan foydalanadi. Kotlin — uchinchi tomon taqdim etgan til boʻlib, baʼzida dastur hajmiga qoʻyilgan yuqori talablar tufayli hamma loyihalarga ham mos kelmaydi. Ammo Kotlin tilida yozilgan dasturlar zamonaviy, tezkor va xavfsizdir.

Java — keng tarqalgan taniqli til, shuning uchun dasturchilar Androidʼga asoslangan vazifalar uchun koʻpincha uni tanlaydi. Garchi u unchalik qulay boʻlmagan sintaksis va yuqori kirish chegarasiga ega boʻlsa ham.

iOS dasturlari uchun odatda Swiftʼdan foydalaniladi, u dasturlash muhitiga integratsiya qilingan, arzonroq va qaramlik tomoni yoʻq. Ammo Objective-C dasturlashda hali ham qoʻllanadi. Xususan, tizim tarkibiy qismlarining standart xatti-harakatlarini oʻzgartirishning oson usuli boʻlmagan hollarda. Masalan, dastur ishlayotganda iOS operatsion tizimi koddagi qaysi funksiyalarni chaqirishini bilish kerak boʻlganda.

Mobil ilovalarni yaratishga moʻljallangan xizmat va ilovalar sharhi

Katta ehtimol bilan, Android dasturchi Android Studio dastur muhitidan foydalanadi, Apple uchun ilova ishlab chiqadigan mutaxassislar esa Xcodeʼni tanlaydi. Muqobil muharrirlar ham mavjud, ammo ular faqat katta loyihalarda qoʻllanadi, yangi boshlayotgan mutaxassis uchun standart funksiyalar ham yetarli boʻladi.

Mobil ilovalarni ishlab chiqishda tez-tez ishlatiladigan vositalarni koʻrib chiqamiz:

  • iOS uchun. Apple kompaniyasi dasturchilarga integratsiyalashgan Xcode muhitini taklif etadi. U ilovalar yaratish, ular uchun dizaynlar hamda iOS, iPadOS, tvOS, watchOS va macOS platformalarida nashr etish uchun vositalarni taqdim etadi. Xcode Swift va Objective-C dasturlash tillarining manba kodini qoʻllab-quvvatlaydi. Dastur muhiti foydalanuvchi interfeysini loyihalash, ilova uchun kod yozish, uni kompilyatsiya qilish, testdan oʻtkazish va xatolarni tekshirish imkonini beradi.

Apple tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan App Storeʼda dasturlarni bevosita nashr etish mumkin

 

  • Android uchun. Android uchun mobil ilovalar Android Studioʼda yaratiladi. U ushbu operatsion tizimda ishlaydigan smartfon, planshet, soat, televizor va boshqa qurilmalar uchun ilovalarni ishlab chiqish imkonini beradi. Loyiha joylashuvini, tilni — Java yoki Kotlin, minimal qoʻllab-quvvatlanadigan SDK — Android operatsion tizimining bu ilova ishlay oladigan eng qadimgi versiyasini tanlash mumkin. Android Studio uzluksiz integratsiya konsepti asosida qurilgani uchun dastur doimiy ravishda kodni tekshirib, mavjud muammolarni aniqlaydi. Bu vaqtni tejaydi va mobil ilova versiyasini Google Play va App Storeʼda ertaroq nashr etish imkonini beradi.

Studiyada kod yozishga yordam beradigan, xatolarni tuzatadigan va Android uchun ilovalarni ishlab chiqish haqidagi savollarga javob beradigan oʻrnatilgan yordamchi — Studio Bot ishlaydi

  • Nativ boʻlmagan (kross platforma usuli). Ilovalarni yaratishda yana bir yondashuv — kross platforma (platformalararo) freymvorklardan foydalanish mavjud. Umuman olganda, kross platforma ilovalarni ishlab chiqish nativ ilovalarni yaratishdan unchalik farq qilmaydi, xuddi shu Android Studio nafaqat Android, balki plagin tizimidan foydalangan holda kross platformalar uchun ham nativ ilovalar yaratish imkonini beradi. Asosiy farq keyinchalik boshqa dasturlash tillaridan qanday foydalanilishiga bogʻliq. Koʻpincha yigʻish natijasiga koʻra bitta emas, balki bir vaqtning oʻzida bir nechta platformalarda ishlaydigan ilova hosil boʻladi.

Nativ boʻlmagan ilovalarning ish unumdorligi odatda nativlarnikiga qaraganda pastroq, ammo aksariyat vazifalar uchun yetarli. Bunday texnologiyalar yordamida ilovani tezda yozish va ortiqcha xarajatlarsiz bir platformadan boshqasiga koʻchirish mumkin.

Ekspert maslahati

Ivan Afanasyev
Mobil ilovalarni ishlab chiqishda bitta platformaga bogʻlanib qolmaslik muhim. Iloji boʻlsa, turli xil yechimlarni sinab, ularning ijobiy va salbiy tomonlarini koʻrish kerak. Agar dasturchi har doim nativ ishlab chiqish bilan shugʻullangan boʻlsa, kross platformalarni sinab koʻrishi kerak va aksincha. Hozirgi paytda dasturlash bozori jadal oʻsib bormoqda va bir narsa bilan cheklanish uzoqni koʻra olmaslikdir.

 

Manba: Как создать мобильное приложение. Спойлер: писать код не обязательно

#Mobil dastyrlash
Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
Yandex Praktikum

Yandex Praktikum