Asosiy kontentga o'tish
Soft skills

Qanday qilib “oʻrganish”ni oʻrganish mumkin

Texnologiyalar har deyarli har kuni oʻzgaradi. Bugungi trend ertaga eskirishi mumkin. Orqada qolmaslik uchun esa qanday oʻrganishni bilish yordam beradi

Dasturchi boʻlib ishlayotganimga toʻrt yildan oshdi. Agar bu kasbda oʻzgarmaydigan bitta jihat bor boʻlsa, u ham – hamma narsaning doimiy oʻzgarib turishidir. Har doim oʻrganish kerak boʻlgan yangi narsalar chiqib turadi va menga bu jarayon yoqadi. Oʻrganishning oʻzi – bu asosiy maqsad.

Shuning uchun Coursera’da “Qanday qilib oʻrganishni oʻrganish” (Learning How to Learn) degan kursni ko‘rib qolganimda akademik ekspertlar: San Diegodagi Kaliforniya universiteti professorlari Barbara Oukli va Terrens Sejnovskidan o‘rganish imkoniyatini qoʻldan boy bermadim.

Quyida mana shu kursdan olgan, menga yaxshiroq dasturchi va, umuman, yaxshiroq o‘rganuvchi bo‘lishga yordam berayotgan asosiy xulosalarimni keltirib o‘taman.

“Diqqatni jamlash” va “tarqoq” rejimlari

O‘rganish jarayonida ham diqqatni to‘liq jamlaydigan, ham fikrlaringizni erkin qo‘yib yuboradigan holatlar mavjud bo‘ladi. Tarqoq rejim holati ham miyangizga biror narsani O‘RGANISH imkonini berishda diqqatni jamlash kabi qadrlidir. Shuning uchun tanaffus qiling, meditatsiya bilan shug‘ullaning, boshqa narsalar haqida o‘ylang va o‘zingizga har ikkala rejimda ham yetarli vaqt ajrating.

Muntazam tanaffus qilishni taʼminlashning usullaridan biri — Pomodoro texnikasiga amal qilishdir. Bunda siz 25 daqiqa davomida dasturlash bilan shug‘ullanasiz, keyin 5 daqiqa tanaffus qilasiz. Ish va tanaffus vaqti davomiyligi sizga nima eng yaxshi natija berishiga qarab o‘zgarishi mumkin. Eng muhimi, tanaffuslarning muntazam bo‘lishidir. Pomodoro taymerini sozlashga yordam beradigan bir qancha ilovalar bor. Men Pomodoro Time ilovasidan foydalanaman.

Bo‘laklarga bo‘lish

Bu — siz o‘rganmoqchi bo‘lgan narsani alohida-alohida tushunchalarga ajratish g‘oyasi. Maqsad: har bir tushunchani shunday oʻrganingki, ularni keyin xuddi pazl boʻlaklariday bir-biriga bogʻlay oladigan boʻling. Biror tushunchani mukammal egallash uchun uning oʻzini bilishgina yetarli emas. Balki u umumiy manzaraga, umumiy holatga qanday mos tushishini ham tushunishingiz kerak.

Egallangan bo‘laklar butun pazlni hosil qiladi (chapda), o‘rganilgan, ammo toʻliq egallanmagan bo‘laklar esa kattaroq pazlga sig‘maydi (o‘ngda).

Doktor Oukli biror bir narsani oʻrganish uchun bosqichma-bosqich jarayon taklif qiladi:
1. Koʻzdan kechirish va tayyorgarlik. Bu, masalan, umumiy manzara haqida tasavvurga ega bo‘lish uchun kitobni yoki kurs o‘quv rejasini bir qur qarab chiqishni o‘z ichiga oladi.
2. Misolni kuzatish.
3. Keyin uni mustaqil bajarib ko‘rish.
4. Va nihoyat, buni turli vaziyatlarda qayta-qayta bajarish.

Aytaylik, men Reactʼni o‘rganmoqchiman. Baxtimga Tayler Makginnisning “React.js dasturi” kursini topib oldim. Yuqorida aytilgan jarayonni qo‘llash uchun men birinchi kursdagi barcha bo‘limlarni ko‘zdan kechirib chiqaman. Bu menga mavzularning umumiy mazmunini tushunib olishga yordam beradi. Keyin Tayler misol tariqasida ilova yaratayotganini diqqat bilan kuzatib boraman. Shundan soʻng o‘z ilovamni yarataman. Oxirida esa bu o‘rganganlarimni ishimda, Reactʼda ishlab chiqilayotgan yangi funksiyalarga qoʻllayman.

Mohirdev kurslari ham ushbu metod asosida ishlab chiqilgan va darslar o'rtacha 3–15 daqiqani tashkil qiladi.

Bilimdonlik illyuziyasidan ehtiyot boʻling

O‘zimizda biror tushunchani “o‘rgandim” deb his qilishga undaydigan koʻplab usullar bor. Masalan, tayyor yechimga qarab, unga qanday yetib kelishni bilaman, deb o‘ylash — o‘rganishdagi eng keng tarqalgan bilimdonlik illyuziyalaridan biridir. Matndagi baʼzi joylarni marker bilan bo‘yash yoki tagiga chizish ham ko‘pincha shunday oʻrganish illyuziyasiga olib keladi. Undan koʻra asosiy tushunchalarni umumlashtiruvchi qisqa eslatmalar yozish koʻproq foyda beradi.

Bilimning eng katta dushmani bilimsizlik emas, bilimdonlik illyuziyasidir.

Stiven Hoking

Yaqinda men Highly degan ilovani topib oldim (siz ham foydalanib koʻring). Ular Chrome kengaytmasi yordamida internetda o‘qiyotgan maqolalarimning kerakli qismlarini belgilab olishni ancha osonlashtirishdi. Maqolani o‘qib bo‘lib, kerakli joylarini belgilaganimdan keyin ilova menga barcha belgilangan qismlardan iborat chiroyli xulosani beradi. Bu men uchun juda foydali.

Imkon qadar kamroq qismlarni belgilashga harakat qilaman. Xulosalar qancha kam boʻlsa, ularni haqiqatda oʻzlashtirib olish ehtimolim yuqori boʻladi. Bu esa keyingi fikrga yaxshi bogʻlanadi.

Yodga olish

Doktor Oukli o‘rganmoqchi bo‘lgan materialingizni umumlashtirish yoki yodga olish uchun bir necha daqiqa vaqt ajratish kerakligini aytadi. Buning ilmiy asosini ko‘rsatish uchun doktor Jef Karpikening qayta eslash amaliyoti bo‘yicha tadqiqotiga tayanadi. Bu narsa ma’lumotni qisqa muddatli xotiradan uzoq muddatli xotiraga o‘tkazishda katta yordam beradi. Hatto oʻrganilgan materialni turli xil jismoniy muhitlarda eslashga harakat qilishda miyangiz maʼlumotni tashqi muhit belgilariga bogʻlanmagan holda mustaqil oʻzlashtiradi.

Shunday qilib, bu maqolani (yoki istalgan boshqa maqolani) oʻqib boʻlgach, bir daqiqa toʻxtang va undan nimalarni eslab qolganingizni aytib berishga harakat qiling. Bu ancha foyda beradi.

Kichikroq sinovlar

Bilimdonlik illyuziyasidan qochish yoki uni yengib o‘tish uchun yangi material bilan tanishayotganingizda o‘zingizni doimiy ravishda sinab ko‘rishingiz kerak. Yuqorida aytilgan eslay olish usuli – bunday sinovlarga oddiy bir misol.

Bu sinovlardan xatosiz oʻtish shart emas. Xatolar (va ularni tuzatish) oʻrganganlaringizni mustahkamlash yoʻlidagi muhim qadamdir.

Mohirdevʼda har bir darsni test va amaliy topshiriqlar yordamida mustahkamlaysiz.

Haddan tashqari ko‘p o‘rganish

Bir oʻtirishda bitta materialni qayta-qayta takrorlashga haddan tashqari koʻp vaqt sarflamang. Bu yerda samaradorlikning kamayib borish qonuni ishlaydi. O‘rganish jarayonini ko‘plab seanslarga bo‘lib yuboring va turli xil o‘rganish usullaridan foydalaning.

Men o‘rganayotgan yoki chuqurroq o‘zlashtirmoqchi bo‘lgan har bir yangi narsaga har kuni 30–60 daqiqadan vaqt ajratishga harakat qilyapman. Bu, birinchidan, bilimlarimning mustahkam bo‘lishiga yordam beradi. Ikkinchidan, “X mavzu ustida 30 daqiqa ishlayman” deyish ancha real va bajarilishi osonroq boʻladi.

Aralashtirib oʻrganish

O‘rganayotgan narsangiz haqida boshlang‘ich tushunchaga ega bo‘lganingizdan keyin tushunchalarni puxta egallash uchun aralashtirish usulidan foydalanish mumkin. Turli yondashuvlarni talab qiladigan vazifalar o‘rtasida almashinib ishlashni mashq qilasiz. Bu orqali tushunchalarni turli vaziyatlarda qanday qoʻllashni oʻrganasiz va shu bilan bilimingizni mustahkamlaysiz. Muayyan tushunchani qachon qo‘llashni bilish uni qanday qo‘llashni bilish kabi muhim.

Men hali bu usulni qo‘llab ko‘rmadim. Lekin yuqoridagi Reactʼni o‘rganish misoliga qaytsak, men React va Flux arxitekturasini ishlatayotgan ikkita turli loyiha ustida navbatma-navbat ishlash orqali aralashtirib oʻrganish usulidan foydalanishim mumkin.

Natija emas, jarayon muhim

Ishni ortga surish (prokrastinatsiya) muammosiga duch kelganingizda yakuniy natijanimas, jarayonni o‘ylang. Men ko‘pincha “X ishni oxiriga yetkazishim kerak” degan xayoldan bosim his qilganimda ishlarni ortga surishni boshlayman. Buning o‘rniga “Xo‘sh, men X ishi uchun bir soat vaqt sarflayman”, deb o‘ylash ancha foydaliroq boʻlishi mumkin. Bu yondashuv odamni cho‘chitmaydi, vazifalarni uzoq vaqt maydalab o‘tirishni talab qilmaydi va ishni boshlab olishga yordam beradi (ishni boshlash esa g‘alabaning 90 foizidir).

Metaforalar va oʻxshatishlar

Metaforalar va o‘xshatishlar ko‘pincha samarali oʻrganish usullari sifatida tilga olinadi. Shaxsan men ulardan ilgari unchalik ko‘p foydalanmasdim. Ammo ko‘proq odamlar, o‘qituvchilar va mentorlar bilan muloqotda bo‘lganim sayin shuni angladimki, ularning eng yaxshilari tushuntirish jarayonida har doim metaforalardan foydalanar ekan. O‘rgangan narsangizni boshqalarga yetkazib bera olish qobiliyati — bu (mening subyektiv fikrim) yaxshi dasturchini aʼlo darajadagi dasturchidan ajratib turadigan asosiy ko‘nikmalardan biridir.

Shunday ekan, o‘rganganlaringizni boshqalarga o‘rgatishga harakat qiling. Bu jarayonda tushunchalarni hayotiy metafora va o‘xshatishlar orqali izohlashga majbur bo‘lasiz.

Dasturlar ishlab chiqishning kundalik amaliyotida boshqalarga o‘rgatish va ulardan o‘rganish uchun ko‘plab imkoniyatlar bor. Siz hamkorlikda dasturlashingiz, pull requestʼlarga izoh qoldirishingiz, ma’lum bir mavzuda ma’ruza qilishga yozilishingiz yoki blog yuritishingiz mumkin. Bularning barchasini bajarib koʻring. Men ham shunga harakat qilyapman.

Oʻquv guruhlari, jamoaviy ishlar

Bu usul men uchun yangilik emas va u doimiy rivojlanishni ta’minlash hamda bir-birimizning oldimizdagi mas’uliyatni his qilish uchun eng samarali ekani isbotlangan. Shunga qaramay, uni ushbu ro‘yxatga kiritish va aynan mos keladigan, toʻgʻri guruhni topish muhimligini taʼkidlab oʻtish joiz.

Ish joyimda turli ichki guruhlar borligidan xursandman: texnik kitobxonlar klubi (hozirda “Pragmatic Programmer” asarini o‘qiyapmiz), ochiq kodli loyihalar klubi, madaniyat klubi, Elixir guruhi va boshqalar. Shuningdek, Nyu Yorkda va onlayn tarzda uchrashib, birgalikda bilim oladigan ko‘plab ajoyib hamjamiyatlar ham bor!

Nima o‘rganishingizdan yoki qayerda bo‘lishingizdan qat’i nazar yolg‘iz o‘rganishingiz shart emas. Aslida siz birga o‘rganayotgan odamlarning o‘ziga xosligi va o‘rtadagi muhokamalar olingan bilimlarning unutilmas boʻlishini taʼminlaydi.

AyTiʼga endi kirayotgan, lekin yoʻnalish tanlay olmayotgan boʻlsangiz, “AyTi kasb tanlash: amaliy 30 kun” loyihasini sinab koʻring. Loyiha sizga 30 kun davomida 8 xil sohani tajribada sinab, sizga qaysi mosligini aniqlashga yordam beradi.

Manba: What I learned from Coursera’s “Learning How to Learn”

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
medium.com

medium.com

O'xshash maqolalar