Boshqalar

Qanday qilib yarim soat ichida veb-sayt yaratish mumkin? WordPress oʻzi nima?

Dasturchi yordamisiz noldan boshlab

Mundarija:

1. CMS va veb-sayt konstruktori oʻrtasidagi farq

2. WordPress nima?

3. WordPressʼdan qanday foydalaniladi?

4. WordPressʼning ijobiy va salbiy tomonlari

5. WordPressʼda veb-sayt yaratish

6. Nima uchun WordPressʼdan foydalanish kerak?

7. WordPress bilan ishlash uchun foydali materiallar

Veb-sayt yaratish uchun har doim ham dasturlashni bilish talab etilmaydi. Veb-saytni shunchaki konstruktor kabi yigʻish imkoniyati mavjud. Buning uchun tayyor CMS – veb-sayt tarkibini boshqarish tizimidan foydalanish kerak. Maqolada eng mashhur CMS – WordPressʼning qanday ishlashi va ijobiy hamda salbiy tomonlarini koʻrib chiqamiz.

CMS va veb-sayt konstruktori oʻrtasidagi farq

Internetda yangi veb-saytni quyidagicha yaratish mumkin:

  •  noldan kod yordamida yozish;

  •  veb-sayt konstruktorlaridan (Tilda, Craftum, uKit va boshqalar) foydalanish;

  •  CMSʼdan foydalanish.

Konstruktor bu — veb-saytni tayyor bloklardan tom maʼnoda yigʻish mumkin boʻlgan onlayn xizmat. Shunchaki tayyor vidjetlarni vizual muharrirga joylashtirish kerak.

CMSʼdan dasturlash tilini bilmasdan turib ham foydalanish mumkin. Ammo bu konstruktor emas, dastur hisoblanadi. U shaxsiy veb-saytni yaratish uchun tayyor vositalarni taqdim etadi.

Bu ikki xizmatning asosiy farqi shundaki, konstruktor oʻz shablon (andoza) va funksiyalarini “ijaraga beradi”. Bu esa toʻsatdan uning faoliyati toʻxtasa, sizning veb-saytingiz ham yoʻqolishini anglatadi. CMS bilan bu holat roʻy bermaydi, shuning uchun bu variant ancha ishonchli hisoblanadi.

WordPress nima?

WordPress 2003-yilda paydo boʻlgan boʻlib, dastlab platforma bloglar yaratish uchun moʻljallangan. Uning yordamida yangiliklarni boʻlishish va yangi oʻquvchilarni jalb qilish uchun kichik veb-sayt yaratish mumkin edi.

Xizmat tezda mashhur boʻlib ketdi. Bugungi kunda u deyarli har qanday veb-saytni yaratish mumkin boʻlgan toʻliq CMS tizim hisoblanadi:

  • onlayn doʻkon;

  • tanituvchi veb-sayt (vizitka);

  • promo sahifa;

  • korporativ veb-sayt;

  • kompaniya blogi;

  • katalog;

  • ensiklopediya;

  • jurnal;

  • yangiliklar portali.

WordPress bilan ishlash uchun dasturlash tillari va kodlashni bilish shart emas. Platforma sodda, intuitiv interfeysga ega. Oʻrnatilgan vositalar yordamida yangi sahifa, video va rasmlarni osongina qoʻshish, matnlarni tahrirlash mumkin.

Bugungi kunda WordPress Joomla, Drupal va 1C-Bitrix bilan bir qatordagi eng mashhur CMSʼlardan biri sanaladi. Platformadan The New York Times, Forbes, Vogue, Kaspersky, “Layfxaker” va boshqa koʻplab kompaniyalar foydalanadi.

WordPressʼdan qanday foydalaniladi?

WordPressʼda veb-sayt yaratish uchun maxsus vositalardan foydalaniladi:

  • Mavzular. Veb-sayt tashqi koʻrinishini tezda oʻzgartirish imkonini beradi. Tayyor shablonni tanlash yoki noyob dizayn yaratib, detallarni individual tarzda moslashtirish mumkin.

  • Administratorlik. Yangi kontent, sahifa, boʻlimlar qoʻshish, sharhlar bilan ishlash, oldin nashr etilgan materiallarni tahrirlash imkonini beradi.

  • SEO. Metateg, kalit soʻzlarni qoʻyib chiqish va veb-saytning umumiy semantikasini boshqarishda yordam beradi. Sahifangiz qidiruv natijalarida yuqoriga koʻtarilishi va yangi tashrif buyuruvchilarni jalb qilishini istasangiz, sizga kerak boʻladi.

  • Plaginlar. Platformaning imkoniyatlarini kengaytirishga imkon beradigan qoʻshimcha dasturlar. Ular yordamida foydalanuvchilarning spam-sharhlarini bloklash, yuklanish tezligini oshirish, aloqa shakllarini qoʻshish, diagrammalar tuzish va hokazolarni amalga oshirish mumkin.

Plaginlar bilan ishlashda tez-tez nosozliklar ham boʻlib turadi. Shuning uchun yangilanishlar va plaginlar sonini kuzatib borish kerak. Ularning soni 10 dan ortiq boʻlganda, ertami-kechmi ayrimlarining qoʻshnisi bilan ziddiyatga kirishi ehtimoli ortadi. Shu sababdan tizimni yangilashdan oldin veb-saytning zaxira nusxasini yaratish maqsadga muvofiq.

Tatyana Borovikova,
PR Partner kommunikatsiya agentligi yetakchi dizayneri

WordPressʼning ijobiy va salbiy tomonlari

W3Techs maʼlumotlariga koʻra, internetdagi barcha veb-saytlarning 41 foizi va CMSʼdagi veb-saytlarning 64 foizi WordPress platformasi yordamida yaratilgan. Bunday mashhurlikni izohlash oson, chunki WordPress bir qator afzalliklarga ega:

  • Bepul foydalanish. Dasturiy taʼminotni ham koʻpgina plaginlar singari bepul olish mumkin. Faqat domen va veb-sayt maʼlumotlarini saqlash maqsadida hosting uchun toʻlov qilish kerak boʻladi.

  • Oddiy boshqaruv. Dasturni kompyuterga oʻrnatish oson va, koʻp taʼkidlaganimizdek, foydalanish uchun dasturlash tillarini bilish shart emas. Interfeysning oʻzi biror muammoni hal qilish yechimlarini aytib turadi.

  • Keng tanlov. Koʻplab tayyor andozalar mavjud. Korporativ blogdan tortib yangiliklar veb-saytigacha boʻlgan har qanday vazifaga mos dizaynni tanlash mumkin.

  • Moslashuvchanlik. Tayyor veb-sayt har qanday qurilmada: kompyuterda ham, telefonda ham bir xil darajada yoqimli aks etadi.

  • SEO. Oʻrnatilgan vositalar qidiruv natijalarida yuqoriga koʻtarilish va yangi foydalanuvchilarni jalb qilish borasida ishlar olib borish imkonini beradi.

  • Universallik. WordPress barcha yirik hosting provayderlar bilan ishlaydi, shuning uchun veb-saytni sozlashda qiyinchiliklar yuzaga kelmaydi.

  • Hamjamiyat. WordPress foydalanuvchilari soni doimiy ravishda oʻsib bormoqda. Dasturning ishlashi haqida savol tugʻilganda katta ehtimol bilan internetda osongina javob topish mumkin.

WordPress bilan ishlashning asosiy afzalligi erkin foydalanish imkoniyatidir. Tizim butunlay bepul, faqat hosting va domen nomi uchun toʻlov qilish kerak. Aytish joizki, platformani oʻrganish uchun dizayn boʻyicha mutaxassis boʻlish shart emas. U qulay administratorlik paneli, tushunarli interfeys va koʻplab shablonlarga ega. Bu WordPressʼning bir vaqtning oʻzidagi ham ijobiy, ham salbiy jihati — koʻz oʻynab ketadi.

Tatyana Borovikova,
PR Partner kommunikatsiya agentligi yetakchi dizayneri

WordPressʼning kamchiliklari ham bor:

  • Notoʻgʻri ishlaydigan plaginlar. Koʻpgina kengaytmalar rasmiy ishlab chiqaruvchi emas, foydalanuvchilar tomonidan yaratilgani sababli ham ularning hammasi toʻgʻri ishlamaydi. Jarayonda, ayniqsa, dastur yangilanganidan keyin xatolar yuzaga kelishi mumkin.

  • Veb-saytning uzoq vaqt yuklanishi. Bu muammo juda koʻp plaginlarni oʻrnatganingizda paydo boʻlishi mumkin. Uni hal qilishga ham maʼlumotlarni keshlaydigan plagin yordam beradi.

  • Texnik koʻmakning yoʻqligi. Platformaning rasmiy koʻmak xizmati yoʻq. Biron savol tugʻilganda javoblarni internetdan qidirish yoki tajribali foydalanuvchilardan maslahat soʻrash kerak boʻladi.

  • Yaxshi himoyalanmagan. Ochiq manba kodi WordPressʼda yaratilgan veb-saytlarni xakerlar uchun oson oʻlja qiladi.

  • 1C bilan sinxronizatsiyasi yoʻqligi. WordPress yagona axborot tizimi bilan ishlamaydi. Xizmatlar integratsiyasi qoʻlda sozlanishi mumkin, ammo buning uchun tajribali dasturchilarga murojaat qilish kerak boʻladi.

 Andrey Sokolov

HTDevʼning full-stack dasturchisi

WordPress bilan ilk bor 2018-yilda tanishganman, shundan beri CMSʼda oddiy lendinglarni ham, korporativ veb-sayt va onlayn-doʻkonlar kabi murakkab loyihalarni ham yigʻishimga toʻgʻri keldi. WordPressʼning kamchilik va munozarali jihatlari orasida birinchi oʻrinda avtomatik yangilanishlarni tilga olish mumkin. Bu xavfsizlik uchun yaxshi, lekin kengaytma yoki mavzular har doim ham yangilanmaydi. Bu esa saytning ishlamay qolishiga, hatto Xato 404 chiqishigacha olib kelishi mumkin. Unchalik ahamiyatli boʻlmagan kamchilik — sahifaning tashqi koʻrinishiga katta zarar yetkazadigan juda oddiy kontent muharriri. Bundan tashqari, WordPressʼning koʻplab tayyor, ammo tor ixtisosli kengaytmalari mavjud. Shu tufayli u tez va oson dastur boʻlishdan koʻra katta va noqulay platformaga aylanyapti.

WordPressʼda veb-sayt yaratish

WordPress bilan ishlashni boshlash uchun toʻrtta oddiy amalni bajarish kerak:

1-amal. Domen va hosting sotib olish

WordPress platformasidan mutlaqo bepul foydalanish mumkin, ammo domen va hosting uchun toʻlov qilish kerak boʻladi.

Domen bu — kerakli veb-saytga kirish uchun manzil satriga kiritiladigan nom. Masalan, domenni reg.ru, 2domains yoki timewebʼda sotib olish mumkin.

Hosting — veb-sayt maʼlumotlarini serverda saqlash xizmati. WordPress oʻz hostingini taqdim etishi mumkin, ammo veb-saytning barqaror va uzluksiz ishlashini istasangiz, pulli hostingdan foydalangan maʼqul.

2-amal. CMSʼni oʻrnatish

WordPressʼni yuklab oling va kompyuteringizga oʻrnating. Dasturni rasmiy veb-saytda olish mumkin. Ishni boshlash uchun login va parol oʻylab topish hamda avtorizatsiyadan oʻtish kerak boʻladi.

3-amal. Mavzuni tanlash

Veb-saytning tashqi koʻrinishini tanlang. WordPressʼdagi barcha veb-saytlar avval boshdan bazaviy mavzuga ega boʻladi. Siz uni sozlamalarda oʻzgartirishingiz mumkin. Buning uchun boshqaruv panelidagi “Tashqi koʻrinish” → “Mavzular”ni tanlang va “Yangisini qoʻshish” tugmasini bosing.

Keyin katalogda oʻzingizga mos mavzuni toping. Kerakli nom, masalan, “internet-doʻkon”ni kiriting yoki tanlash uchun filtrdan foydalaning. Dizaynni oldindan koʻrish rejimida oching. Agar natija sizga yoqsa, mavzuni oʻrnating.

4-amal. Kontent qoʻshish

Kontent qoʻshish uchun “Sahifalar” yoki “Qaydlar” boʻlimiga oʻting, soʻngra “Yangisini qoʻshish” tugmasini bosing.

Qaydlarni blog yuritishda qoʻshish mumkin, ular teskari xronologik tartibda boʻladi, yaʼni eng avval yangisi koʻrsatiladi.

Bu “Biz haqimizda” yoki “Bogʻlanish” sahifasi kabi yangi boʻlim yaratish imkonini beradi. Tahrirlovchi yordamida matn, video, rasm qoʻshish mumkin. Natijani saqlash uchun “Nashr qilish” tugmasini bosing.

5-amal. Plaginlarni oʻrnatish

Veb-sayt yaratish jarayonida oʻrnatilgan funksiyalar yetarli emasligini tushunsangiz, qoʻshimcha plaginlarni yuklab olishingiz mumkin. Yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarning oldini olish uchun qoʻshimcha plaginni oʻrnatishdan avval boshqa foydalanuvchilarning fikrlarini oʻqib chiqing.

WordPress uchun foydali plaginlar:

Nima uchun WordPressʼdan foydalanish kerak?

WordPress — tez va qiyinchiliksiz veb-sayt yaratishga yordam beradigan qulay vosita. Platforma AyTini yangi boshlayotganlar uchun moʻljallangan, shuning uchun uni nafaqat dasturchilar, balki istalgan har kim, hatto kodlashni bilmaydiganlar ham tushunib olishi mumkin.

Klassik konstruktorlardan farqli holda WordPress “veb-saytni ijaraga berish” oʻrniga ishlash uchun tayyor vositalarni taqdim etadi. Qoʻshimcha plaginlar dasturning ishlashini yaxshilashga yordam beradi. Shuningdek, SEO-optimallashtirishdan tortib spamni oʻchirishgacha boʻlgan turli foydali funksiyalarni qoʻshadi.

WordPressʼda ishlash uchun veb-sayt yaratish tajribasiga ega boʻlish shart emas. Internetda koʻplab qadamma-qadam koʻrsatmalarni topish mumkin. Platforma oddiy va tushunarli interfeysga ega. Ammo CMS yordamida noyob va noodatiy mahsulotni yaratish uchun anchagina vaqt sarflash kerak boʻladi.

WordPress bilan ishlashda foydali boʻladigan materiallar

WordPressʼni yaxshiroq tushunish uchun oʻquv qoʻllanmalari yordam beradi. Ularni internetda bemalol topish mumkin:

  • “Bilmasvoylar uchun WordPress”kursi WordPressʼda noldan boshlab veb-sayt yaratishni oʻrgatadi. Bu sizga asoslarni tushunishga, kerakli plaginlarni sozlashga va turli xil veb-saytlarni yaratishga yordam beradi: vizitka, portfolio, korporativ veb-sayt, onlayn doʻkon va boshqalar.

  • Ishlab chiquvchilardan rasmiy darslar: WordPress veb-saytida dastur asoslari va SEO bilan ishlashdan tortib sunʼiy intellektni joriy etishgacha boʻlgan turli mavzularda foydali darslarni topish mumkin.

  • YouTubeʼdagi foydali videolar dastur qanday ishlashini yaqqol namoyish etadi va tayyor koʻrsatmalarga rioya qilgan holda birinchi veb-saytni yaratishda yordam beradi.

Manba: Что такое WordPress или как создать сайт за полчаса

Undan tashqari, Mohirdev platformasining No-Code kursida ham WordPress boʻyicha videodarslar mavjud. Kurs yordamida WordPressʼni oʻrganasiz va bu haqida sertifikat ham qoʻlga kiritasiz.

Shunday qilib, WordPressʼni oʻrganish uchun resurslar koʻp. Istalganini tanlab, mustaqil loyihalar qurishni boshlashingiz mumkin.

#no-code
#wordpress
Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
Skillfacory Media

Skillfacory Media

O'xshash maqolalar

Bosim ostida testdan oʻtkazish (testing): biz avtonom sinov tizimini qanday yaratdik?
testing
machine learning

9-aprel, 2024

Bosim ostida testdan oʻtkazish (testing): biz avtonom sinov tizimini qanday yaratdik?

Birmuncha vaqt avval dasturni ishchi nusxa (production instance)ga yuklashdan soʻng avtomatik  testdan oʻtkazish (testing) kerak boʻladigan loyihada ishlagandim. Avtomatlashtirilgan testdan oʻtkazish (testing) bu – toʻliq sinovdan oʻtkazilmasdan oldin dasturiy taʼminotga yaqinda qoʻshilgan yoki oʻzgartirilgan funksiyalar oʻz oʻrnida ishlayotganini tezkor tekshirish usuli. Bu usul batafsil testdan oʻtkazishdan avval asosiy funksiyalar ishlayotganiga amin boʻlishga yordam beradi va oʻz-oʻzidan sifatni taʼminlashdagi tezkor bosqich sanaladi. Testdan oʻtkazish sozlamalari reliz turiga qarab dinamik ravishda oʻzgarib turishi kerak, chunki frontend va bekend relizlar turli vaqtlarda chiqarilgan hamda turlicha testdan oʻtkazish sozlamalarini talab etgan boʻladi.

Maqolani o'qish
Dasturlash tili vaqt boʻylab sayohatni taʼminlay oladimi?

1-may, 2024

Dasturlash tili vaqt boʻylab sayohatni taʼminlay oladimi?

Kompyuter ilmi (informatika) parallelizm (konkurentlik) bilan ishlaydi, lekin bir vaqtdagi harakat borasida nima deya olamiz?

Maqolani o'qish
PHP bugungi kunda dolzarb dasturlash tilimi?
php

8-iyul, 2024

PHP bugungi kunda dolzarb dasturlash tilimi?

Maqolani o'qish
Frontend yoki bekend: dasturlashning qaysi yoʻlidan borgan maʼqul?
backend
frontend

4-may, 2024

Frontend yoki bekend: dasturlashning qaysi yoʻlidan borgan maʼqul?

Boʻsh ish oʻrinlari haqidagi eʼlonlarda aynan frontend yoki bekend dasturchi kerakligi koʻp koʻrsatiladi, chunki bu qatlamlar turli tamoyillarga muvofiq va koʻpincha turli dasturlash tillarida yozadi. Keling, frontend va backend dasturlash oʻrtasidagi farqni va ular bir-biri bilan qanday munosabatda boʻlishini aniqlashtirishga harakat qilamiz.

Maqolani o'qish
Ilk React loyihamni boshlashda yoʻl qoʻygan 5 xatoyim
javascript
react

1-may, 2024

Ilk React loyihamni boshlashda yoʻl qoʻygan 5 xatoyim

Maqolani o'qish