Boshqalar

Rezyumeni yaxshilash uchun GitHubʼdan qanday foydalanish mumkin?

100 milliondan ortiq foydalanuvchiga ega GitHub eng ilgʻor onlayn dasturlash muhitlaridan biri hisoblanadi. Dasturchilar har kuni loyihalar ustida hamda boshqalar bilan hamkorlik qilish maqsadida GitHubʼdan foydalanadi. Agar zamonaviy raqobatbardosh dasturchilar mehnat bozorida texnologiyaga oid ish izlayotgan boʻlsangiz, GitHub bilan ishlash koʻnikmalari bu musobaqada sizga ustunlik berishi mumkin.

GitHub nima?

GitHub — kodga kiritilgan oʻzgarishlarni kuzatish uchun qoʻllanadigan dasturiy taʼminot — Gitʼdan foydalanadigan dasturchilar uchun internet xostingni taqdim qiladi. Git yordamida dasturchilar manba kodini loyihalash va yaxshilash ustida birgalikda ishlashi mumkin.

Dasturchilar GitHubʼni loyihalarning turli versiyalarini boshqarish va saqlash maqsadida ishlatadi. Masalan, agar biror veb-ilova ustida ishlayotgan boʻlsangiz, kodingizni GitHubʼga yuklab, boshqalardan kod ustida ishlashda yordam soʻrashingiz yoki keyinroq ishni davom ettirish uchun oʻsha yerda saqlashingiz mumkin.

Bundan tashqari, ilovangizning yangi versiyalarini yaratish jarayonida GitHubʼni avval yaratgan narsalarga oson kirish uchun ishlatishingiz mumkin, bu esa yechimlarni solishtirish, yaxshilash va muammolarni yechishning oson usulini taqdim qiladi.

GitHubʼni rezyumega qanday qoʻshish mumkin?

Rezyumeda koʻnikma va tajribalaringizni tasvirlashingiz mumkin boʻlsa-da, GitHub profilingizni ham qoʻshish yana bir koʻrsatkich sanaladi. Koʻpchilik GitHub profiliga havolani rezyumening aloqa maʼlumotlari bilan bir qatorda, sarlavha ostida berib ketadi. Agar sizda qogʻoz shakldagi rezyume mavjud boʻlsa, unga GitHub profilingizning roʻliq URL manzilini kiritishingiz mumkin.

Koʻp hollarda GitHub profilingiz ijtimoiy tarmoqdagi dasturchi profiliga oʻxshaydi. Kuchli GitHub profili oʻz ichiga har biri oʻziga xos konsepsiyaga ega, turli-tuman loyihalar va sizning ishingizni hamkasb dasturchilarga aniq kod hujjatlari orqali yetkazib beradigan, yaxshi oʻylab chiqilgan Readme hujjatlarni qamrab oladi.

Agar ishingizni birinchi marta koʻrib turgan ish beruvchilar va kadrlar boʻyicha menejerlarda ilk taassurotni yaxshi qoldirmoqchi boʻlsangiz, GitHub profilingiz benuqson va batafsil koʻrinishi uchun vaqt sarflash arziydi.

Rezyumega GitHubʼdagi ishlarni kiritishning afzalliklari

Quyida rezyumengizga GitHubʼdagi loyiha va hissalaringiz aks etgan profilingizni kiritishning bir necha afzalliklarini keltirib oʻtamiz.

Bu kod yoza olishingizni koʻrsatadi

Dasturchilikka daʼvo qilish oson, ammo buni amalda koʻrsatish boshqa narsa. GitHubʼdagi ishlaringizni rezyumeda koʻrsatish potensial ish beruvchiga koʻnikmalaringizning isboti sifatida koʻrinadi (ayniqsa, hali dasturlash sohasida professional ish tajribasiga ega boʻlmasangiz). Eng yaxshi ishlaringizdan bir nechtasini taqdim qilish siz bilan suhbat oʻtkazayotgan kishiga qaror qabul qiluvchi tomonga yoki qolgan dasturchilar jamoasiga koʻrsatishi uchun material boʻlib xizmat qiladi.

Agar loyihangiz ustida ishlash kerak deb hisoblasangiz, uni taqdim qilishdan choʻchishingiz mumkin. Bu holat sizni toʻxtatmasin, chunki aynan nimalarni yanada yaxshilamoqchi ekaningizni tahlil qilish suhbat davomida yaxshi mavzuga aylanishi ham mumkin. Bu ishingizga eʼtibor bilan yondashishingiz va unga tanqidiy nigoh tashlay olishingizni bildiradi.

Bu kodni oʻqiy olishingizni koʻrsatadi

GitHubʼda qoʻshgan loyihalarni koʻrsatish bilan ish beruvchilarga kodni oʻqiy olishingizni bildirasiz. Koʻplab dasturchilar uchun boshqa kishi yozgan kodni tushunish ancha qiyin ish. Ish beruvchilar ham buni biladi, ular hatto yangi mutaxassisning kodni oʻqish koʻnikmalarini yaxshilash uchun vaqt sarflashga tayyor boʻlsa ham, tajribasi bor kishini ustun koʻradi.

Kodni oʻqish koʻnikmasini yaxshilash uchun quyidagilarni qilishingiz mumkin:

  • Turli loyihalarda hamkorlik qilish;
  • Bir nechta dasturchilar bilan ishlash;
  • Dunyoqarashni oshirish uchun qulaylik zonangizdan tashqaridagi loyihalarga hissa qoʻshish.

Bular siz oʻqiy va ishlay oladigan kod turlarini koʻpaytiradi, ish beruvchiga esa olgʻa yurish uchun zarur ishonchni beradi.

Bu hamkorlik koʻnikmalaringizni koʻrsatadi

GitHubʼda boshqalar bilan hamkorlikda ishlash qobiliyati boshqa dasturchilar bilan qanday qilib sifatli ish olib borishni bilishingizni koʻrsatadi. Koʻplab dasturchilar yolgʻiz ishlab ham ajoyib mahsulotlar yaratsa-da, jamoa muhitida ishlash zamonaviy DevOps jamoalar uchun muhim jihat hisoblanadi.

GitHubʼda boshqalar bilan aloqada boʻlib, rezyumega ishlaringiz havolasini biriktirish bilan ish beruvchiga:

  • Ishingiz haqida fikr-mulohazalar olishni;
  • Yakuniy natijani yaxshilaydigan konstruktiv fikr-mulohazani taqdim qilishni;
  • Loyihaning kichik qismlari ustida ishlashda diqqatni yuqori darajada ushlay olishni;
  • Kod borasidagi gʻoyalarni boshqalarga tushuntirishda aniq izohlar berishni bilishingizni koʻrsatasiz.

Bu ish beruvchiga Gitʼdan foydalana olishingizni bildiradi

Albatta, har bir ish beruvchi oʻz ishlab chiqarish jarayonida Gitʼdan foydalanmaydi, ammo baʼzilari shunday qiladi. Gitʼdan foydalanishni biladigan mutaxassis bu kompaniyalar uchun ish oldi oʻquv jarayonini kamroq talab qiladi.

Bundan tashqari, Helix Core va AWS CodeCommit kabi boshqa dasturlash platformalari Git bilan baʼzi oʻxshashliklarga ega. Ish beruvchingiz Gitʼdan foydalanmasa ham u bilan ishlash tajribangiz raqobatchilar ichida sizga ustunlik berishi mumkin."

Bu sizning dasturlashga boʻlgan ishtiyoqingizni bildiradi

GitHubʼdan ochiq manba kodli dasturlar ishlab chiqish uchun foydalanadigan dasturchilarda ajoyib ishtiyoq boʻladi. Ochiq manba kodga sarflanadigan vaqt, energiya va harakat (odatda hech qanday kompensatsiyasiz) sizda oʻz ishingizga nisbatan sadoqat borligini koʻrsatadi, bu esa sizni shu lavozimga talabgorlar orasidan ajratib koʻrsatishi mumkin.

Rezyumeda GitHubʼni koʻrsatishning potensial zararlari

GitHubʼdagi ishlaringizni koʻrsatishning foydali tomonlari zararli jihatlaridan ustun boʻlsa ham, bunga qoʻl urishdan avval ishingizni koʻrsatish va buni qanday qilish kerakligi haqida baʼzi narsalarni yodda tutishingiz zarur.

Eski loyihalar oʻtmishdagi kamchiliklaringizni aks ettirishi mumkin

Eski ishlarni taqdim qilish ayni oʻsha dasturlash sohasidagi koʻnikmalaringiz yaxshilangani yoki qanchalik oʻsganingizni koʻrsatish imkoni mavjudligida yaxshi.

Yaqqol kamchiliklar mavjud ishlaringizni taqdim qilayotganda ehtiyotkor boʻling. Bu yoʻl qoʻygan xatolaringizdan koʻra tahlil qilish va rivojlanganingizni koʻrsatadi.

Boshqalarga qaramligingizga ortiqcha eʼtibor qaratishingiz mumkin

Agar GitHubʼdan asosan yoʻl topolmagan vaziyatlarda yordam olish uchun foydalansangiz, bu muammoni yechishda mustaqil emas, boshqalarga tayanib harakat qilayotgandek koʻrinishi mumkin. “Yechim topolmaganim uchun GitHubʼga yordam soʻrab murojaat qildim. Yana yoʻl topolmaganimda GitHub menga yordam berdi. Bir safar ham xatolikni topolmaganimda GitHubʼga kirdim...” kabi izohlarni ishlatishdan qoching.

Agar GitHubʼdan faqat yordam soʻrash maqsadida foydalanayotgan boʻlsangiz, har bir tajribadan nimani bilib olganingizni qayd eting. Jumladan:

  • Boshqa dasturchining fikrlash tarzi sizning shaxsiy fikrlaringizni qanday yaxshilaganini;
  • Boshqalar bilan ishlashda oʻrgangan koʻnikmalaringizni;
  • Boshqalar kodingizni yaxshilashda yordam berishini kuzatib, oʻz xatolaringizni qanday yoʻqotishni oʻrganganingizni qayd etib keting.

Uzoq vaqt harakatsizlik afzal jihatlarni yoʻqqa chiqarishi mumkin

Agar GitHubʼdagi ishlarni rezyumeda koʻrsatishga qaror qilsangiz, ishga olishda GitHubʼdagi ishlaringizga rezyumengizning boshqa qismlaridan koʻra koʻproq ahamiyat berishlari ehtimoli bor. Shunday vaziyatda GitHubʼdagi faoliyatsizligingiz sizning doim ham ish faoliyatini olib bormasligingiz, ishtiyoq va mehnat axloqi darajasi pastroqligini bildirishi mumkin.

Bundan qochish uchun nega GitHubʼdan tanaffus olganingizni, ehtimol, yaxshi haq toʻlanadigan boshqa ish bilan mashgʻul boʻlganingiz sababli muhimroq loyihalarga eʼtibor qaratganingizni aytishingiz mumkin.

Turli xildagi GitHub foydalanuvchilariga maslahatlar

GitHubʼdagi ishingizni qanday koʻrsatishingiz boshlangʻich, oʻrta darajadagi lavozimga hujjat topshirayotganingiz yoki professional dasturchi ekaningizga bogʻliq. Karyerangizdagi har bir bosqich uchun maslahatlar:

Boshlangʻich darajadagi nomzodlar

Boshlangʻich darajadagi nomzod sifatida GitHub sizga koʻp yillik tajriba bilan egallashingiz mumkin boʻlgan koʻnikmalarni koʻrsatish imkonini beradi. GitHubʼda ishlash orqali ish beruvchilarga:

  • Boshqalarning fikr-mulohazalarini qabul qila olish;
  • Tajribali dasturchilar ishini yaxshilash;
  • Asosiy talablarga javob bermaguncha ishni tizimli tahrirlash qobiliyatiga egaligingizni koʻrsatasiz.

Siz GitHub va odatiy dasturchilar jamoasida rivojlantira oladigan koʻnikmalar mavjudligini istalgan karyera yoʻnalishida roʻyxatdan oʻtib bilib olishingiz mumkin. Yangi dasturchilar uchun eng yaxshi tanlovlar quyidagilardan iborat boʻladi:

  • Frontend muhandis
  • Fullstak muhandis
  • Bekend muhandis

Oʻrta darajadagi nomzodlar

Faoliyatining oʻrtasidagi professional mutaxassis uchun GitHub murakkab muammolarni qanday yechishingizni va yangi dasturlash turlari, shuningdek, yangi dasturlash tillarini oʻrganishga qanday moslasha olishingizni koʻrsatish imkonini beradi. Yangi bilimlarni oʻrganish va amalda qoʻllay olish oʻrta darajadagi mutaxassis koʻnikmalari toʻplamida hal qiluvchi oʻrinni egallaydi.

Agar oʻzingizga ishlash qulay boʻlgan dasturlash tillarida hamon muvaffaqiyatli natijalarga erishmagan boʻlsangiz, yangi koʻnikmalar bilan qanday muvaffaqiyatlarga erishishingiz mumkinligini koʻrsatish, ish beruvchini sizda oʻzgaruvchan muhitda ishlashga mos keladigan moslashuvchanlik borligiga ishontirishi mumkin.

Tajribali professional mutaxassislar

GitHub tajribali mutaxassislarga oʻz bilimlarini boshqa loyihalarga yordam berish bilan amalda qoʻllash imkonini taklif qiladi. Ish beruvchi jamoaga GitHubʼdagi istiqbolli dasturchilarga qanday yordam berishingizni koʻrsatish rezyume uchun yaxshi qoʻshimcha boʻla oladi.

Bundan tashqari, agar GitHubʼdagi biror loyiha ustida ishlagan boʻlsangiz, ish beruvchiga bu loyihani koʻrsatish ham foydadan xoli boʻlmaydi. Kichik loyiha ham ularga siz ishtiyoqqa toʻla ekaningizni, ijodkorligingiz va qiyinchiliklarga tayyorligingizni koʻrsatishi mumkin.

 

Manba: How to Use GitHub to Strengthen Your Resume

#github
#resume
Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
Codecademy

Codecademy