Ochiq dars

Ruhiy jarohat belgilarini aniqlash

Ruhiy jarohatlar har bir oʻquvchida turlicha boʻlishi mumkin. Shuning uchun har doim travmaga nisbatan mos turli yondashuvlarni qoʻllash maqsadga muvofiq.

Koʻpchilik oʻqituvchilar soʻrashadi: “Oʻquvchilarda travma bor yoki yoʻqligini qayerdan bilaman, travmali bolalar sinfda oʻzini qanday tutadi?”. Shuni yodda tutish kerakki, travma har bir odamda turlicha namoyon boʻladi. Travmaga sabab boʻlgan voqealardan tortib uning hissiy taʼsirlarigacha, qanday shaklda boʻlishi-yu, qanday davolashgacha boʻlgan hamma narsa turli xil boʻladi.

Oʻqituvchilar oʻquvchining travma olgani yoki yoʻqligi boʻyicha aniq javobga, uning hissiy holati yoki ehtiyojlari toʻgʻrisida toʻliq tasavvurga hech qachon ega boʻlmasligi mumkin. Mana shu cheklovlarni hisobga olib, oʻquvchilarning barchasini toʻgʻri qoʻllab-quvvatlayotganimizga ishonch hosil qilishimiz kerak. Buning uchun ular bilan doimo ehtimoliy psixologik jarohatlarni inobatga olib, munosabatda boʻlishimiz lozim.

Ruhiy jarohat miyaga qanday taʼsir qiladi?

AQSh Milliy bolalar travmatik stress tarmogʻi travmaga sabab boʻlgan voqeani bolaning hayoti yoki tanasiga tahdid soladigan qoʻrqinchli, xavfli yoki zoʻravonlik bilan bogʻliq hodisa sifatida taʼriflaydi. Bu bolaning yaqinlariga taʼsir koʻrsatadigan hodisalarni ham oʻz ichiga oladi. Masalan, yaqin kishisining vafot etishi yoki boshqa biror insonga zarar yetayotganiga guvoh boʻlish kabi holatlar.

Inson miyasi va tanasining asosiy maqsadi yashab qolishdir. Shu sababdan oʻquvchi oʻz hayotiga tahdid solayotgan travmatik hodisani boshdan kechirayotganda uning miyasi va tanasi keskin hamda tajovuzkorlik bilan javob qaytaradi. Yaʼni oʻz energiyasini tirik qolishga yoʻnaltiradi. Bu esa bolada xavotir va stress keltirib chiqaradi. Miya xavf-xatarga haddan tashqari eʼtibor qaratadi va u oʻtib ketmaguncha boshqa hech narsa haqida yetarli oʻylay olmaydi.

Hatto bu vaziyat oʻtib ketganidan soʻng ham miya va tana yana boshqa xavf paydo boʻlishi ehtimoli bilan sergak turadi. Tez-tez ruhiy jarohat olayotgan yoki ilgari boshidan kechirgan bolalar oʻzini erkin tutolmaydi. Ular qayerda ekanidan yoki atrofida nimalar sodir boʻlayotganidan qatʼi nazar oʻzini xavfsiz his qilishi tobora qiyinlashib boradi.

Bu qanday his boʻlishi mumkin? Stressni boshingizdan oʻtkazayotganingizda tanangizda sodir boʻladigan oʻzgarishlarni, fikrlaringiz oqimini oʻylab koʻring. Endi esa tasavvur qiling, xuddi shu holatni sinfda boshdan oʻtkazyapsiz. Atrofingizdagi barcha odamlarni koʻrib, eshitib, oʻquv dasturini tushunishga harakat qilib, shu bilan birga, sinf qoidalari va talablariga rioya qilishga urinyapsiz. Bunday holatda darsga eʼtiboringizni jamlay olarmidingiz? Agar kutilmagan hodisa roʻy bersa yoki sinfdoshlaringizdan biri kutilmagan gap aytsa-chi? Qanday munosabat bildirgan boʻlardingiz?

Hammamiz ham baʼzi paytlarda bu kabi stressli holatlarni boshdan kechiramiz. Travma olgan yoki hozirda shu jarayonni boshidan oʻtkazayotgan oʻquvchilar doimiy ravishda miyaning kuchaytirilgan, omon qolish rejimida boʻladi. Ayniqsa, miya rivojlanayotgan paytda doimiy tarzda travma olish miyaning oʻrganish jarayoniga eʼtibor qaratishi va uni oʻzlashtirishiga qarshilik qiladi. Shuningdek, u miyaning atrofdagi noxush va kutilmagan, shu jumladan, boshqalar uchun juda oson boʻlgan hodisalarni ham samarali boshqarishga yordam beruvchi koʻnikmalarini shakllantirishga toʻsqinlik qiladi.

Bunday oʻquvchilarda kuchli his-tuygʻularni toʻgʻri boshqarishni oʻrganish uchun na imkoniyat va na aqliy layoqat mavjud. Shuning uchun ham ularda samarasiz yechim yoʻllari shakllanishi mumkin.

Bu holat sinfda qanday roʻy beradi?

Oʻquvchingiz travma holatini boshdan kechirayotgani belgilarini sinfdagi jarayonlarda koʻrsangiz boʻladi. Ammo sizda “ha” yoki “yoʻq” kabi aniq javob boʻlmasligi mumkin. Shuningdek, uni aniqlash yoki bolaga maslahat berish sizning vazifangiz emas. Bunday vaziyatda oʻqituvchilar xabarchi sifatida travma haqidagi har qanday isbot yoki shubhasini bildirishi shart. Lekin oʻquvchidan koʻproq maʼlumot olishga urinmasligi kerak.

Kasbiy tayyorgarlik va maxsus sertifikatlarsiz oʻquvchini soʻroqqa tutishimiz yaxshi niyatda boʻlishimizga qaramay, oʻquvchiga koʻproq zarar va ruhiy jarohat yetkazishi mumkin. Buning oʻrniga oʻqituvchi sifatida travma belgilari va alomatlarini bilishimiz pedagoglik qobiliyatimizga ruhiy jarohatga nisbatan sezgirlikni singdirib, fikrlash tarzimizni oʻzgartirishimizga yordam beradi.

Oʻquvchilarda ruhiy jarohatning belgilarini sezganimizda ularning xatti-harakatini shaxsiyatidagi oʻzgarmas qism, xarakter deb hisoblamasligimiz kerak. Aksincha, tashqi taʼsir tufayli hosil boʻlgan stress payti oʻzini xavfsiz his qilishi uchun yuzaga kelgan kurash mexanizmlari deb qabul qilishimiz zarur. Travmaning taʼsir va belgilarini aniqlaganimizda yuqoridagi kurashish usullariga jazo berishdan cheklanishimiz lozim. Oʻquvchilarga maqsadlariga erishishda yordam bermaydigan va ularning xavfsizligini taʼminlamaydigan munosabatlarni oʻzgartirishda koʻmaklashishimiz mumkin. Tajribamizdan foydalanib, oʻquvchilar va sinfga koʻproq foyda keltiradigan yangi yondashuvlarni oʻrganishimiz va amaliyotda qoʻllashimiz kerak.

Ruhiy jarohatning sinfda namoyon boʻladigan baʼzi belgilari

• Haddan tashqari uyatchanlik va boshqalar bilan muloqotga kirishishdagi qiyinchilik;

• Muvaffaqiyatsizliklar va kutilmagan oʻzgarishlarga nisbatan nooʻrin munosabat;

• Kuchli his-tuygʻularni boshqara olmaslik (haddan tashqari gʻazab, koʻp yigʻlash va hokazo);

• Kimgadir qattiq bogʻlanib qolish;

• Bir faoliyatdan boshqasiga oʻtishda qiyinchilikka uchrash;

• Parishonxotirlik;

• Oʻzini yomon his qilayotganidan tez-tez shikoyat qilish;

• Diqqatni jamlashdagi qiyinchilik;

• Xavfli holatlarda oʻzini yoʻqotib qoʻyish;

• Belgilangan muddatga ulgurmaslik;

• Oʻquv natijalarning pastligi;

• Loqaydlik va harakatsizlik;

• Mukammallikka intilish;

• Jismoniy yoki ogʻzaki tajovuzkorlik.

Oʻquvchilaringizda yuqoridagi belgilardan birortasi namoyon boʻlgandagi holat haqida bir lahza toʻxtab, oʻylab koʻring.

• Ilgari siz (yoki hamkasblaringiz, maktab maʼmuriyati, hudud xavfsizlik siyosati) oʻquvchilardagi bu kabi xatti-harakatlarni nimaga bogʻlagan edingiz?

• Bu kabi xatti-harakatlarga qanday munosabatda boʻlishni bilish uchun tayyorgarlik koʻrganmidingiz? Oʻsha vaziyatga qanday munosabat bildirgansiz?

• Sizning munosabatingiz oʻquvchiga qanday taʼsir koʻrsatgan? (Vaziyatni yumshatib, oʻquvchiga kelajakda foydalanishi uchun yanada samarali strategiyalar taqdim etganmi? Bu oʻquvchining oʻziga va sinfdagi oʻrniga nisbatan qarashlariga qanday taʼsir koʻrsatgan?)

Endi ruhiy jarohat miya va xulq-atvorga qanday taʼsir qilishi mumkinligi boʻyicha olgan bor bilimlaringiz asosida ushbu vaziyatlar haqida oʻylang. Agar oʻsha oʻquvchida travma boʻlgan boʻlsa, quyidagi savollar haqida oʻylab koʻring.

• Siz tutgan yoʻl qanchalik samarali boʻlgan edi? (Vaziyatni yumshatib, oʻquvchiga kelajakda foydalanishi uchun yanada samarali strategiyalar taqdim etganmi? Bu oʻquvchining oʻziga va sinfdagi oʻrniga nisbatan qarashlariga qanday taʼsir koʻrsatgan?)

• Yana xuddi shunday qilgan boʻlarmidingiz?

Agar oxirgi savolga javobingiz yoʻq boʻlsa, keyingi safar – kontekst yoki vaziyatdan qatʼi nazar – sinfingizdagi har bir bola oʻzini eʼtiborda, kuchliroq va xavfsiz his qilishini taʼminlash uchun nimani boshqacharoq qilishga vaʼda bera olasiz?

Manba


Maqola haqidagi fikrlaringizni oʻzimizga yoki muhokama guruhiga yozishingiz mumkin.

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
https://assets.mohirdev.uz/article-authors/66d8259b3b14da1d77f583c7/702b5fe9-21ba-495f-a793-8f33dd4eb234.original.png

Edutopia